Bir shaharda aka-ukalar yashar edi: kattasining ismi Mikael, undan uch-to‘rt yosh kichigini esa Stefan deb atashardi. Ularning otasidan qolgan temirchilik ustaxonasi bor edi. Ota qattiqqo‘l va talabchan edi. Ustaxona shahar chekkasida, to‘ppa-to‘g‘ri qishloqqa eltadigan yo‘l ustida joylashgandi. Ustaxonaning oqlangan devorlarini qurum bosgan, kichik tuynuklarini esa o‘rgimchak to‘rlari qoplagan edi. Ichkari juda tor va qorong‘i ko‘rinar, sandon atrofida temirchilik anjomlari sochilib yotar, o‘choqdagi ko‘mir doimo yashnab turar, ko‘n bosqon esa goh shishib, goh bo‘shashib, tinimsiz shovqin solib, pishillab ishlar edi. Temirchilik ustaxonasi eskirgan, uning atrofidagi yerlar qurum va moydan qorayib, kelib-ketishni kanda qilmaydigan mijozlar oyog‘i ostida toptalib, qotib ketgan edi. Aka-ukalar shundoq ustaxonaning ro‘parasida, yo‘lning narigi tomonidagi eski kulbada qari onasi bilan birga yashashardi. Ona uy yonidagi ko‘chadan shaharga qatnayotgan dehqonlardan go‘sht, oziq-ovqat sotib olar, bolalarining tomog‘ini vaqtida to‘ydirish uchun oshxonada kuymalanar, jomakorlar va choyshablarni oppoq qilib yuvar, yotoqxonaga toza-ozoda joy solib qo‘yar edi.
Qorong‘i ustaxonada ishlayotgan aka-uka bir-biriga bir tomchi suvday o‘xshagani bilan, aslida ikkisining fe’lida ham, tashqi ko‘rinishida ham farq bor edi. Kun yorug‘iga chiqishi bilanoq ularning bir-biridan farqi ochiq-oydin sezilardi. Ikkisi ham soqol qo‘ygan, lekin siyrak soqol aka-uka yuzidagi farqni yashira olmasdi. Aka jiddiy, yuz bichimi to‘g‘ri va tekis, tishini-tishiga mahkam bosib, lablari kulmay turadigan, nigohlari tikandek o‘tkir edi. Ukasining yuzi ta’sirchan, lablari nozik, miyiqlari jilmayishga moyil, ikki betidagi kulgichlari yarashgan, to‘q ko‘zlari qandaydir ma’yus boqardi.
Otasi hayotligida aka-ukalarning yuzi va fa’l-atvoridagi farq unchalik ko‘zga tashlanmasdi. U butun oilani o‘z irodasiga bo‘ysundirgan, aytgani-aytgan, degani-degan edi. U sog‘lom va baquvvat odam edi. Biroq kunlardan bir kun u… ustaxonada o‘choqda lovullab yonayotgan ko‘mirning alvon-qirmizi shu’lasi derazaga tushib turgan, sandon yonida g‘ayrat bilan ishlayotgan payt kutilmaganda kesilgan terakdek quladi, hatto havoga ko‘targan bolg‘asini sandonga qayta urishga ulgurmay qoldi. O‘g‘illari uni butun umri o‘tgan past va qorong‘i ustaxonadan yo‘lning narigi tomonidagi uyiga ko‘tarib olib o‘tishdi. Jomakorlarini yechib, qurum va is bosgan tanasini yuvib, tozalashdi. Jasadini oppoq kafanga o‘rab, yerga ko‘mishdi.
Ota hayotdan ko‘z yumganidan so‘ng aka-uka orasidagi farqu nifoq yana-da keskinroq tus oldi: Mikael eski ustaxonani buzib, uning o‘rniga keng va zamonaviy temirchilik korxonasini qurishni istardi. Axir, yangi zamonda temirchilik ustaxonasida faqat otlarga taqa qo‘yish va aravalarning buzilgan g‘ildiraklarini tuzatish bilan cheklanib qolish kifoya emasdi-da. Temirchilik kasbida ham yangiliklarga moslashish talab etilar, shahar kundan-kunga rivojlanib borar, vaziyatdan imkoni boricha tezroq foydalanib qolish, zamonaviy ustaxona qurib, yana bir necha yangi ishchilarni yollash zarur edi. Ammo Stefan ham, onasi ham uning bu niyatiga keskin qarshi bo‘lishdi. Azal-azaldan ota-bobolaridan qolgan, umr bo‘yi temirchilik qilib, otasining joni uzilgan bu ustaxonani buzish haqidagi so‘zning o‘ziyoq ularni qattiq g‘azablantirardi: agar ustaxonani buzishsa, u bilan birga ajdodlarning xotirasi ham yo‘qolib ketadigandek tuyulardi. Qari onaning ko‘zlari yoshga to‘ldi, Stefan esa, ustaxona ajdodlarimiz uchun qulay va yaxshi bo‘lgan, u yerda bobolarimizning ruhi yashaydi, endi uni pastak va tor, deb buzib tashlash gunoh, der edi. Mikael ikkimiz ham uylanib, bola-chaqali bo‘lganimizda bu ustaxona ikkita katta oilani boqishi kerak bo‘ladi, deb e’tiroz bildirdi ukasiga. Nima qipti, ustaxona ikkita oilani ham boqaveradi, deb yana gap qaytardi Stefan. Ammo Mikael o‘z so‘zida turib oldi: ustaxona azaldan qanday bo‘lsa, uni avlodlardan-avlodlarga shunday eski tarzda meros qoldirish yaramaydi. Boshqa ustaxona qurish zarur – u katta, keng, yorug‘ bo‘lsin.
Stefan bo‘zrayib qoldi: ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash lozim bo‘lgan muqaddas meros haqida bepisand gapirgani uning yuragini yaraladi. Akasi uni sira bilmaydigan, tushunmaydigan begona ekanini angladi. Shunday qilib Stefan akasidan yanada uzoqlashdi, o‘zi bilan o‘zi bo‘lib yolg‘iz qoldi.
Ertalablari shudring tushgan maysalar ustidan yurib, ustaxonaga kirar ekan, bu joyga avvalgidan ham kuchliroq mehr qo‘ya boshladi, bu eski bino naqadar go‘zal, uning ichida o‘zingni naqadar erkin va qulay sezasan, degan tuyg‘u kechar edi Stefanning ko‘nglidan. Uning ichidagi hamma taqur-tuqurlarni har qachongidan ko‘ra kuchliroq qadrladi: boshiga bolg‘a tushaverganidan yeyilib ketgan sandon qorong‘ida bosqonning bo‘g‘iq shovqini aro naqadar sirli yaltiraydi. Qosh qoraya boshlagan kechgi paytlarda u ustaxona oldidagi toptalib metindek qotgan qora yer ustida kuymalanar, otlarga taqa qo‘yardi: avvalo tuyoqning qurigan uchlarini kesib, tekislaydi, keyin taqaga mix qoqa boshlaydi, tizzalab olib, ot tuyog‘ini qattiqroq ko‘kragiga bosadi, egilgan ot boshining yelkasiga suykalishi, ot tumshug‘i, burunlaridan chiqqan issiq hovur bo‘yinlarini kuydirishi unga naqadar xush yoqadi. Qaniydi o‘la-o‘lguningcha ustaxonangda ana shunday huzur qilib ishlasang.
Mikael esa ustaxonaning torligidan asabiylashar, faqat mayda-chuyda ishlarni ermak qilib yurishdan xunob bo‘lardi. Ustaxona faoliyatini kengaytirish, ish uslubini yangilash rejalari haqidagi qarori kun sayin mustahkamlandi. Yangi, zamonaviy mashinalar sotib olish kerak. Yangi quriladigan ustaxona temirchilikning har qanday murakkab ishlarini ham amalga oshirish imkoniga ega bo‘lsin. Tasavvurida devorlari oqlangan, baland, ichi keng, yorug‘, toza, ozoda, derazalari katta, tunuka tomli muhtasham bino paydo bo‘ldi. O‘zini esa temir parmalovchi, metall yo‘nuvchi, turli xomutlar va gaykalar yasovchi kuchli stanoklarni boshqarayotgan ishchilar yonida tasavvur qilardi. Bu ezgu orzu-niyatlari haqida onasi va ukasiga gap ochishi bilanoq, ular Mikaelning boshiga nadomat do‘lini yog‘dirishardi. Shunday qilib ularning uyida ahillik yo‘qoldi.
Oradan ikki yil o‘tdi, o‘zaro adovat yanada keskinlashdi. Mikael uylandi. Uydan alohida ko‘chib chiqib, eski ustaxonadan ko‘p olis bo‘lmagan joyda yangi qurilish boshladi. Qip-qizil pishiq g‘ishtdan havas qilsa arziydigan yangi imorat qurildi. Devorlari qalin suvalib, qorday oppoq rangga bo‘yaldi. Keng ustaxona ichiga temirlari yaltirab turgan ulkan mashinalar o‘rnatildi. Yap-yangi po‘lat va temir uskunalar jilosidan kishining ko‘zi qamashar, haybatidan ot hurkardi.
Yangi ustaxonada juda ko‘p ish topildi. Mikael tez orada qurilish uchun olgan qarzlarini uza boshladi. Vaqti kelib u badavlat odam bo‘ldi.
Endi odamlar eski temirchilik ustaxonasiga bormay qo‘yishdi. Bu paytga kelib uylanib, bola-chaqali bo‘lgan Stefan esa amal-taqal qilib kun kechiradigan qashshoq temirchiga aylandi. Uning yuragiga yeb turgan nonini tortib olgan, kasbu koridan kelayotgan rizqu nasibasini qiygan akasiga nisbatan qora hasad uya qurdi. U avvalgidek tabiatan kamtar va mo‘min odam bo‘lsa-da, o‘z akasini mudom ayblar edi.
Mikael boy-badavlat bo‘lib, chetdan qaraganda baxtli ko‘rinsa ham, aslida yuragini tug‘ishganlarining sog‘inchi va armon o‘rtardi. Qari ona uning ostonasiga ham qadam bosmas, bolalarini tizzasiga o‘tirg‘izib, ajin bosgan qo‘llari bilan erkalamas edi. Mikael uchun hayot ma’nosini yo‘qotganday, shajarasining ildizi uzilib, oila daraxti qulaganday tuyuldi. Shunday qilib aka-uka o‘rtasidagi kelishmovchilik va nizo ularning har birining ko‘ngliga achchiq alam va qayg‘u soldi. Endi ular yuzko‘rmas bo‘lib ketishgan, sira uchrashishmas, tasodifan duch kelganda ham lom-mim deya so‘zlashmas edi.
Shu orada urush boshlangan paytda hayotda ikki qiyofa, ikki xil fe’l-atvorga ega aka-uka taxminan qirq yoshlarda edi. Ularning ikkalasini ham harbiy xizmatga chaqirishdi.
U paytlarda odamlarning bir-biri bilan yaqinlashuvi tez va oson edi. El boshiga tushgan kulfat, hamdardlik qayg‘uli yuraklarni hamroz qilar edi.
Erta tongda poyezd vagonlarni askarlarga to‘ldirib, butun mamlakat bo‘ylab yo‘l yurish uchun shahardan chiqdi. Mamlakat esa katta va serunum edi. Parovozdan o‘rlagan qora tutun bulutlari yurtning dalalari va o‘tloqlarini qopladi. Qorong‘i vagonlarda igna tushguday joy yo‘q, askarlar g‘uj-g‘uj. Bir-birining pinjiga tiqilishib, hadik va xavotir ichra jimjit o‘tirishardi. Ularning ostida vagonlar g‘ildiraklari muttasil taraqlaydi, baquvvat relslar yalt-yalt etadi. Tizzalari o‘rtasida yog‘och qo‘ndoqli, temir do‘lli miltiqlar, bellaridagi tasmalarga o‘q-dorilar, uzun, ingichka tig‘li nayza osilgan. Askarlarning yuzi vagon qorong‘iligiga cho‘mgan. Saf-saf yigitlarning yuzi bir xil, ko‘p sonli bitta odam yonma-yonma o‘tirganidek. Bir odam vagon-vagon bo‘lib ko‘payib ketayotgandek.
Aslida askarlarning har biri boshqa-boshqa edi: kuchlilari ham, kuchsizlari ham bor edi. Ikki aka-uka ham yonma-yon, parovozning shovqini-yu, g‘ildiraklarning sharaq-shurug‘ini tinglab borishardi. Poyezd o‘txonasi olov purkab, ularni shiddat bilan manzilga yetkazishga oshiqardi. Ular ko‘zlarini yumib o‘tirgani bilan poyezd yelib borayotgan mana shu mamlakat nihoyatda bepoyon ekani, faqat qayerdadir uzoq-uzoqlarda o‘z xalqini boshqa xalqlardan ajratib turuvchi chegaralar mavjudligi, ana shu hududlarda urush borayotgani haqidagi quyqa fikrning o‘ziyoq halqumidan bo‘g‘ib turardi. Aka-uka ularni o‘limning quchog‘iga topshirish uchun mahkum qilib yo‘qlik tomonga olib borishayotganini chuqur his etardi. Ikkoviyam dardi ichida, yonma-yon o‘tirar, ammo hatto yonma-yon ketishayotganini ham sezmagandi.
Ikki kundan so‘ng poyezd ularni frontga yetkazib keldi. Askarlar vagonlardan chiqayotib to‘plarning gumburlagan sadolarini eshitardi. Ertasiga quloqlarni kar qilgudek gumburlashlar ularni to‘rt tomondan qurshab oldi.
U dunyo boshqacha, g‘alati, telba dunyo edi. Ularning boshi uzra katta-katta yorqin yulduzlardek bo‘lib snaryadlar yorilardi. O‘sha yorilgan yulduzlardan sachragan temir parchalari o‘z qurbonlariga tegib, ularni tilka-pora qilib tashlar edi. Askar izidan askar qizil qoniga botib, yer tishlaydi.
Aka-uka onda-sonda uchrashib qolar, yuzma-yuz kelganda xijolat bo‘lib bir-biriga bosh irg‘ab qo‘yardi.
Urushning yigirmanchi kuni edi. O‘sha kun dushman istehkomiga hujum qilish buyurilgandi. Ochiq dalada bir saf ortidan ikkinchi saf jangga tashlanadi, lekin dushman yog‘dirayotgan o‘qlarning do‘li, chaqmog‘i askarlarni tutday to‘kib tashlaydi. Askarlarning navbatdagi yangi safi hali qoni sovib ulgurmagan jasadlarning ustidan bosib o‘tib, jon taslim qilayotganlarning ohu faryodlari ichra o‘lim bilan uchrashishga oshiqadi. Ilgari bug‘doy va issiq non isi anqib turgan bepoyon dala mana endi hozirgina jangda halok bo‘lganlarning qoni bilan sug‘orilib, qizg‘aldoqzor bo‘lib yotardi. Dala ham urushda jarohatlanib, og‘riqning zo‘ridan larzaga tushib, titrayotgandek edi.
Nihoyat ikki kuchli harbiy guruh birin-ketin olg‘a yorib o‘tdi. Birinchi guruhga o‘zini qurbon qilib, orqadagilarni himoya qilish, izidan kelayogan ikkinchi guruhga g‘alabani qo‘lga kiritish vazifasi yuklatilgan edi. Mikael g‘alaba qozonuvchilar safida borayotib, kutilmaganda joni qurbonlikka mahkum qilinganlar orasida jangga kirayotgan ukasini ko‘rib qoldi.
Yaradorlarning qichqirig‘i quloqlarini kar qilib, o‘q yomg‘iri ostida hujumga tashlanishdi. Jangning eng qizigan paytida ham Mikael ukasini ko‘zdan qochirmay, ogoh bo‘lib borayotgan edi. Voh, tasodifan ukasining bir chayqalib ketib, yiqilganini ko‘rib qoldi.
Shu zahoti ko‘zlari qinidan chiqib ketdi. U kimnidir ushlab qolmoqchiday qo‘llarini cho‘zib, olg‘a yugurdi. Birdaniga uning oyog‘i ostida katta snaryad yorildi, chor-atrofga olov sachradi. Ko‘zlaridagi nur so‘ndi, hech narsani ko‘rmay qoldi. Zulmatli qorong‘ilikni paypaslab, biroz gandiraklab yurdi-da, yerga yuztuban yiqildi.
U og‘ir yaralanmagandi, faqat o‘ng qo‘li va yelkasidan qon oqardi. Ammo nigohlarini qop-qorong‘i zulmat yutib yuborgandi. Dahshatga tushib, tevarakka alangladi, erta tong quyoshining ilk shu’lalariga emaklab peshvoz chiqishni istagandek bir qatra bo‘lsa ham nur izladi. Biroq u qayoqqa qaramasin, hamma yoqni dahshatli zulmat qoplagandi. Yordamga muhtoj ojiz boladek chinqirib yig‘lab yubordi. Katta odamning norg‘ul gavdasi ayanchli darajada titrab-qaqshar edi. Yorug‘ dunyoni g‘am-alam qamradi.
Allaqancha vaqtdan so‘ng ulkan qo‘rquv xurujidan sal o‘ziga keldi, yerda cho‘zilib nafas rostladi, u yoq-bu yoqqa ag‘darildi. U judayam zaif va nochor edi.
Birdaniga ukasini esladi. Xayolida mash’um manzara jonlandi: ukasi qo‘qqisdan chayqalib yiqildi, hayhot! Mikael bu hayotda so‘nggi bor ochiq ko‘zi bilan ko‘rgani shu edi. U yaralangan Stefanning shu yaqin orada qoniga belanib yotganini ich-ichidan sezar edi. Yon-atrofiga quloq tutdi. Qorong‘ilikdan turli ovozlar kelardi: yaqindan quloqni teshgudek chinqiriqlar, olisroqdan bo‘g‘iq, uzuq-yuluq ohu nolalar eshitilardi. Ana shunday shovqin-suron ichidan ukasining tanish ovozini izlab topishga harakat qildi. Biroq barcha qichqiriqlar bir-biriga aralashib, kulfatning omuxta ovoziga aylanib ketar edi.
Yana o‘zining qay ahvolga tushganini o‘ylay boshladi: qonga bo‘kkan jang maydonida xor bo‘lib yotibdi, ko‘zlaridagi nur umrbod so‘ngan. Endi u hech qachon quyoshning ko‘zni quvontiradigan nurlarini ko‘rmaydi. O‘z hunari bilan yasayotgan narsalarni, hatto o‘z qo‘lini ham ko‘rmaydi. Yaxshi niyatlar bilan qurgan yangi imoratini ko‘rib quvonolmaydi. Katta-katta derazalari yorug‘ va keng ustaxonaga kirolmaydi. Butun hayoti davomida unga zulmat hamroh bo‘ladi.
U uyda qolgan tug‘ishganlarini: mittigina bolalari va xotinini o‘yladi. U endi hech qachon ularning qiyofasini ko‘rolmaydi, yaqinlarini muttasil ravishda qo‘li bilan paypaslab izlab yuradi. Agar farzanlarining peshonasidan o‘pish, bolalardan birortasining yuziga-yuzini qo‘yib suyish nasib etganida ham ularning yuzidagi mehrni hech qachon ko‘rmaydi. Peshonasiga bunday qo‘rqinchli bo‘shliq, bunday sho‘r taqdir nasib etganini, oxirgi nafasigacha shunday yashashini anglab, boshi aylanib ketdi.
O‘z chekiga tushgan mash’um nasibadan o‘rtanish o‘rnini yana ukasi haqidagi xavotir egalladi. Axir, u og‘ir yaralangan, shu yaqin orada mening yordamimga muhtoj bo‘lib, azoblanib yotibdi, degan o‘y kechdi xayolidan. Ukasining rangi ro‘yi murdadek oqarib, jasadi yer bilan yakson bo‘lib yotgani, chinqirib dodlayotganini tasavvur qildi. Ikkisini bu dunyoda bir-biriga bog‘lab turgan hamma narsani birma-bir xayolidan o‘tkazdi: bolalik va yoshlik vaqtlarini, yonma-yon o‘tqazilgan niholdek birga unib-o‘sganini esladi. Ularni nihollardek mehr bilan parvarishlagan, shamollarda tebranib toblanib o‘sishga o‘rgatgan, lekin nogahoniy kuchli bo‘ronlardan doimo himoya qilgan ona-otasini esladi. Bir uyda qanday yonma-yon yotib uxlashganini, tongda birga uyg‘onib, birgalikda har kungi ishga otlanishganini esladi. Eski va hamisha nimqorong‘i ustaxonada yelkama-elka turib mehnat qilishganini esladi. Otasidan, bobosidan qolgan bu eski ustaxona, endi tuganmas zulmat ichra zaif va kuchsiz, ojiz va notavon ingrab yotganida u qadar qorong‘i va g‘arib bo‘lib tuyulmayotgan edi. Ukasi bilan ikkisining yuragida bir-biriga nisbatan qahru g‘azab, shafqatsiz dov paydo bo‘lgunga qadar nimaiki aziz va qadrli bo‘lsa, hammasini esladi. Ikkisini ham qornida ko‘tarib, hayot bag‘ishlagan, azob bilan tuqqan, endi qarib-qartayibgina qolgan onasi o‘sha eski uyda omonatini topshirish arafasida qiltillabgina yashayotganini o‘ylaganida ko‘zlaridan dumalagan yoshlar yuzini kuydirib yubordi.
Tutday to‘kilib yotgan yaradorlarning qichqiriqlariga quloq osdi. Bir-biriga jo‘r nolalar ichida ukasining tovushi yo‘qmikin? Yuragining tubidan bir gap chiqdi: men uni baribir topishim kerak.
Zulmatda tusmollab olg‘a emaklaydi. Qon ko‘lmaklariga botib yotgan maysalar ustidan o‘tganida tizzalari, qo‘llari shilimshiq, yopishqoq bo‘lib qoladi. Jang suroni, to‘plar gumburlashi, portlayotgan snaryadlarning olovli zilzila solib yer o‘pirishlari tinmaydi, bu shovqin go‘yo uzoqlardan kelayotganday tuyuladi. Quyosh charaqlab turgan joyda jang qiziydi, u esa o‘layotgan yaradorlar va jonsiz murdalarga to‘lgan zulmat orasida emaklashga mahkum.
Tusmollab oldinga qarab emaklashda davom etadi. Mana, yerga qapishib qolgan bir odamga duch keldi. Biroq uning gavdasi ozg‘inroq, navnihol bo‘yiga qaraganda hali o‘spirin bolaga o‘xshaydi. Mikael uni tashlab, yana olinga emaklaydi.
O‘ziga-o‘zi alam bilan savol beradi: bu zulmatning ichidan ukamni qanday qilib topaman, axir? Uning ovozini eshitmasam, yuragim esa uni qayerdan izlashim kerakligini aytmayapti. Shu payt u yana bir odamga duch keldi – o‘lim uni allaqachon quchog‘iga olgan edi. Jasadning bosh tomoniga emaklab o‘tdi, qo‘llari bilan yuzini paypasladi: begona ekan. Zulmat orasidan emaklab olg‘a ketaverdi.
Ukajonimni qanday qilib topaman-a? – o‘z-o‘ziga shu savolni qayta-qayta beraverdi. Ukasining qon to‘kilayotgan yuragi qayerlarda zaif dukillab yotganini bilmagani, his etmagani uchun o‘z yuragiga o‘pka-gina bilan nadomat qilardi.
Oyog‘i yana bir askar gavdasiga tekkanini sezdi. Hali tirik ekan. Birovning qo‘li tekkanini bilib, u yordam so‘rab yolvorib chinqirdi. Biroq Mikael eshitgan bu tovush ukasiniki emasdi. Yarador askarni taqdir hukmiga havola etib, “Men ukamni izlayapman”, deb tashlab ketar ekan, uning ko‘zlari naqadar javdirab qaraganini, qo‘rquvdan butun vujudi bilan titrab ketganini tasavvur qildi.
Jang maydonida qalashib yotgan yaradorlarni birin-ketin paypaslay-paypaslay sargardon bo‘lib emaklab boraverdi.
Nihoyat siyrak soqolli bir yigitning yonida to‘xtab, tiz cho‘kib egildi. U ukasini chaqirdi, zulmatda ukasining otini aytib chaqirgan tovushi yangradi. Ammo bunga javoban yarador askarning lablaridan bir tovush ham chiqmadi. Ukasining yuzini barmoqlari bilan silab siypaladi, har bir tanish chizgini mehr bilan paypaslab chiqdi. Ukasining qiyofasini xotirasida jonlantirishga harakat qildi. Uning aziz qiyofasi shuuridan o‘cha boshlaganini sezdi. Shu damda ukasining yuziga bir bora ham mehr bilan boqmagan yillarini eslab o‘kindi, so‘qir ko‘zlaridan toshgan yosh yana yuzlarini yuvdi. O‘sha paytlarda Stefandan nafratlanib, darg‘azab bo‘lib yurgani uchun qattiq pushaymon bo‘ldi. Qaltiragan qo‘llari bilan ukasining yuzlarini paypasladi, o‘zi uchun nihoyatda aziz belgilarni barmoqlari sezgisi ila tanigisi keldi.
Soniya sayin, daqiqa sayin aynan ukasining boshi uzra tiz cho‘kib turganiga ishonchi mustahkamlandi. U yana bir bor ukasining otini aytib chaqirdi. Sukunat. Biroq ukasining tanasi hali sovimagan edi. Mikael ukasining yuragi sekin bo‘lsa ham urayotganini eshitdi. Ehtimol uning jarohati unchalik xavfli emasdir, ehtimol tezda shifokorlarga yetkizishga ulgursa, uni qutqarib qolish mumkindir.
Mikael ehtiyotkorlik bilan ukasini ko‘tardi. Shu payt xuddi uzoqlardan elas-elas kelgandek arang tushuniladigan so‘zlar shivirini eshitdi: “Bu senmisan, Mikael?” Bu pastgina tovushga haddan tashqari to‘lqinlanib, zulmat ichra yangragan mehr-muhabbat to‘la ovoz bilan javob berdi. Ho‘ngrab yarador ukasining ko‘ksiga o‘zini tashladi: “Bu menman, sening akangman! Ukajon, nihoyat men seni topdim!” Ukasining qo‘llari sochlarini silaganini sezdi. So‘ngra kuchsizgina xirillagan tovush eshitildi. Ukasining bemador qo‘li shilq etib osilib tushdi.
Ukasiga tinimsiz gapirdi. Biroq u qorong‘ilik ichidan javob qaytarmasdi. U bor ovozi bilan ukasini chaqirdi.
Shundan so‘ng ukasining baquvvat gavdasini qo‘llarida ko‘tarib, oyoqqa turdi.
O‘zining gavdasi ham ukasinikidek kuchli va baquvvat edi. Shunga qaramay mushaklarining taranglashishi bilan chap yelkasidan tizillab otilib chiqqan qon qo‘llari, ko‘ksini bulg‘ab tashladi. Biroq u ukasini xavfsiz joyga eltishi zarur, u yoqda tezda yordam ko‘rsatishadi. Harbiy qism joylashgan manzilgacha bora olishiga ko‘zi yetadi. Faqat yuziga quyosh nuri tushayotgan tomonga qarab yursa, bas. Chor-atrofini qurshab olgan zulmat orasidan atigi bir qatim bo‘lsa ham nurni ilg‘ab topish uchun asta-sekin o‘girila boshladi. Nihoyat ko‘z o‘ngida g‘ira-shira bir nima sochilgandek tuyuldi. Ukasini quchoqlab ko‘tarib, nur kelayotgan tomonga yurdi.
U murdalarga qoqilib yiqilar, yana oyoqqa turib olg‘a intilardi. Borliqni qoplagan zulmat ichidan jon talashib yotgan askarlarning yurakni junjiktiruvchi dahshatli qichqiriqlari eshitilardi. Qo‘rquv va azob-uqubat ummoni orasida yurar, tusmollab quyosh nur sochayotgan tomonga intilar edi.
U ukasini opichlab faqat olg‘a yurardi. Qiynalsa ham qaysarlik bilan yana ilgariga, oldinga qadam bosardi. U manzilga intilarkan, ukasiga eng shirin, eng yoqimli so‘zlar aytib erkalar, uning javobini esa sabr-toqat bilan behuda kutardi.
Birdaniga to‘xtadi, qo‘rquvdan tarrakday qotib qoldi. Noxush sezimlari nahotki rost bo‘lsa: ukasining jasadi sovib qolmadimikin, yuragi tobora muzlamayaptimikin?
Qaltiroq qo‘llari bilan ukasining badanini ushlab ko‘rdi. Yuragi urayaptimikin? Yurak urishini eshita olmadi. Nahotki, birdaniga to‘xtab qolgan bo‘lsa?
Yo‘q, ukam o‘lmagan! O‘lishi mumkin emas! Mikael uning hayotini saqlab qoladi, jang maydonidan sog‘-omon olib chiqadi. U o‘lgani yo‘q! Ukam yashashi kerak, uyga, onamning qoshiga, mitti bolalarining yoniga qaytishi kerak! U o‘sha eski ustaxonasiga qaytishi kerak, yillar qaddini bukib, qarib chirigunicha ishlashi, so‘nggi damda xuddi otasidek sandon ustida bolg‘ani ko‘tarib joni chiqib ketishi kerak.
Yangidan kuch to‘plab Mikael ukasini qo‘llarida ko‘targanicha olg‘a yurdi. Quyosh nuri to‘g‘ri ko‘zlariga qadalardi. Jarohatidan qon oqib, ko‘tarib olgan og‘ir yuki zalvoridan qiynalsa ham yaralangan yovvoyi hayvondek oftobga qarab shahd bilan yurdi.
Ana shunda tirik jon izlab uchib yurgan “g‘amxo‘r” temir parchasi bir-biriga mahkam yopishib, quchoqlashib olgan aka-ukaning tanasini yorib tashladi. O‘q ularning ko‘kragini teshib o‘tdi. Aka-uka birgalikda yiqilib, yerda yotganida ularning tanasidan oqqan qon bir-biriga qorishib, qo‘shilib ketdi, yuraklari esa bir-biriga juda yaqin edi.
Aka-ukaning o‘lim uyqusidagi yuzlari xotirjam va mamnun edi. Ular bir-biriga naqadar o‘xshash edi. Xuddi bu dunyoda bitta odam yashagandek. Faqat qiyofasi ikki xil bitta odamdek.
Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 6-son