Nguyen Txi Ngok Tu. Sholizorlar oralab (hikoya)

Yil oxirida tog‘ etagida joylashgan X. shaharchasiga borishimga to‘g‘ri keldi. Bungacha katta shaharda ko‘p vaqtimni bekorchi ishlarga sovurdim, xolos. Tabiat qo‘ynida orom olish qiziqarli tuyuldi menga. Bundan kayfiyatim ko‘tarildi. Qulay joylashib olish ilinjida vokzalga barvaqt bordim. Ammo odamlar yuk xaltasini ko‘tarib, perronga kelib bo‘lishgan ekan. Poyezd kutayotgan yo‘lovchilar orasidan ustma-ust qo‘yilgan jun qoplar yonidagi yigit va qizga ko‘zim tushdi. Ular savdogarga ham, uzoq qishloqdan ul-bul xarid qilishga kelgan qishloqlikka ham o‘xshamasdi. Og‘zi mahkam bog‘langan qopdan bir siqim guruch “shirr” etib yerga to‘kildi. Qiz tezlik bilan guruch donalarini bitta qo‘ymay terib oldi, yigit esa qog‘ozga o‘rab, cho‘ntagiga yashirdi. Keyin don to‘kilmasin uchun qopni bir qur ko‘zdan kechirib chiqdi. Poyezd keldi-yu, hamma o‘zini vagonga urdi. Men haligi juftlikka qoplarini joylashda yordamlashib yubordim.
– Oxirigacha borasizlarmi? – deb so‘radim ulardan.
– Ha, hozir men ketaman. U esa ortimdan boradi, – javob berdi yigit qizga ma’noli nazar tashlab.
– Men ham bugun ketmoqchiydim, ish ko‘pligi uchun ulgurolmadim, – qo‘shimcha qildi qiz. – Mana, Bin, sizga yo‘ldosh.
– Xiong, – dedi yigit mayin ovozda, – yo‘lga chiqayotganingizda meni boxabar qiling, xo‘pmi? – Qiz boshini qimirlatdi-da, vagon tashqarisida qoldi. Poyezd joyidan jilguncha ular bir-biriga qo‘l silkib, qiz uzoqdan nuqtaday ko‘rinmay qolgunicha vagon oynasidan termilib, keyin xotirjam o‘rindiqqa cho‘kdi.
– Xiong kiming bo‘ladi? – so‘radim undan birinchi bekatdan o‘tgach.
– Qarindoshim emas, deyarli, – javob berdi u. Chehrasi o‘ychan tus olib, to‘g‘ri va uzun qoshlari chimirildi.
– Senday barno yigit sevib qolsa, qaysi ahmoq yo‘q deydi. Ochig‘ini aytsam, sen undan ko‘rkamroqsan. Rost!
– Aslida chiroy asosiysi emas. Birga yashaganingda husnning keragi bo‘lmay qoladi.
– Balki shundaydir…
Shunday deya, derazadan huvillab kirayotgan shamoldan o‘zimni panalab, qoplar orasiga joylashdim. Poyezd keng tekislikni kesib o‘tdi. Ko‘z oldimizda qishloq manzaralari namoyon bo‘lardi: yam-yashil sholipoyalar; hovur ko‘tarilayotgan dalalar; oftob qoraytirgan yer. Meni uyqu bosib kelardi; sherigimga esa suhbatdosh kerak edi. Endi ko‘zim ilinganda yigit bezovtalanib meni uyg‘otdi. U mo‘ltayib qaragancha dedi:
– Bilasanmi, oshna, bu qoplarda institutimda yetishtirilgan guruch urug‘i bor… Yangi navni topishdi… Menga urug‘ni manziliga eltish topshirilgan. U yerda ma’lum vaqt odamlarga yordam beraman, so‘ng Xanoyga qaytaman. Qayerga bo‘lsa ham borishga tayyorman, faqat u bilan birga ishlamasam, bas. Bu haqda yaxshilab o‘yladim: aks holda menga tinchlik yo‘q. Institutda qolsam, bu baxtsiz muhabbatga barham berilmaydi. Xiong meni hech qachon sevmaydi. Tushun, chiday olmayman bunga, kuchim yetmaydi.
Unga hamdardlik bildirganday, bosh irg‘ab qo‘ydim. U bir chetdan hikoyasini so‘zlay boshladi.
– …Oilada besh farzand edik, men – yakkayu yolg‘iz o‘g‘ilman. Ketma-ket to‘rt qizning tug‘ilishi ota-onamni esankiratib qo‘ygan. Dunyoga kelishimni taqdirning ulkan mehribonchiligi deb bilishadi. Har qanday injiqligim oila a’zolarim uchun qonun edi. Besh yoshimga dovur yerga oyoq bosmadim, opalarim meni qo‘ldan tushirmasdilar. Meni ko‘rib, ko‘z tegmasin deganday, yaqinlarim “tuf-tuf” qilardi. Unga sari yuragim g‘ururga to‘lib, kekkayardim. To‘g‘ri, qo‘shni churvaqalarga jo‘raboshi bo‘lib, o‘zimga ancha-muncha momataloq hamda g‘urralarni orttirib oldim. Ammo ota-onam bag‘rida bearmon yashardim, garchi boy bo‘lmasak-da, hech kim ra’yimni qaytarmasdi. Ota-onam qarib qolgandi, uchta opamni turmushga berish kerak (to‘ng‘ich opam chaqqonlik qilib erga tegib ketgandi). Butun oila tayoqcha tayyorlash bilan shug‘ullanardi – burama chiyrilgan va boshqalarnikidan farqli bo‘lgan xushbo‘y tayoqchalar. Shu bilan tirikchilik qilardik. Vaqt esa chopqillab o‘tdi-ketdi, o‘n oltiga kirdim. To‘qqizinchi sinfda o‘qiyman, orzularim kamalakday tovlanardi. Kunlardan-bir kun nonushtadan so‘ng, dan chertib, xirgoyi qilib o‘tirgandim. Kutilmaganda bir kampirsho paydo bo‘ldi. Uning ortidan o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlar chamasidagi qiz ham ergashib kelardi. Kampirsho ota-onamga zorlana ketdi:
– Qizni o‘zingizga shogird qilib oling.
Qiz uning jiyani ekan.
– Bunaqa ishga jiyaningiz hali yoshlik qiladi-yov, – dedi otam. – To‘g‘ri, tayoqcha tayyorlaydiganlar yomg‘iru jaziramada mashaqqat chekmas, biroq sabr-toqat, mahorat bo‘lmasa qiyin. Bolalar o‘yin-kulgidan ortmaydi, xayolga beriladi, qarabsizki, ishimiz puchga chiqib turibdi…
– Yo‘q, yo‘q, muhtaram zot, bekangiz bilan xotirjam bo‘lavering, u juda odobli va tirishqoq qiz. Qarindosh-urug‘lari shahar tashqarisida yashaydi, shu bois murg‘akligidan mehnatda pishgan. Oilasi nochor, uyi to‘la bola, ota-onasi qizchani sizlarnikiga joylashtirishimni iltimos qildi. Biroz ishlab, maktabga ham kirib oladi. Muruvvat ko‘rsatsangiz, bas, u barcha aytganlaringizni eplaydi.
– Ismi nima ekan uning? – so‘radi onam.
– Ismi – Tiyem. Beshinchi oyning ayni yig‘im-terim paytida tug‘ilgan…
– Tiyem – chiroyli ism ekan-a, – dedi onam. – Bo‘pti, uni olganim bo‘lsin.
Buni eshitib, danni yerga qo‘ydim va hovliga qaradim. Qizcha ham boshini ko‘tarib, menga qaradi. Uning ko‘zlari qop-qora, katta-katta bo‘lgani ustiga qandaydir hayratomuz; yuzi dum-dumaloq, yoqimligina edi-yu, lekin qishloqiligi shundoq bilinib turardi. Sochlari to‘zg‘igan, kir-chir, kiyimlari yirtiq-yamoq. Uni kuzatayotganimni payqab, darrov boshini egib, boshmoqsiz oyoqlarining uchiga tikildi.
– Xushbo‘y tayoqchalar tayyorlamoqchimisan? – so‘radi otam, – Avval ishni o‘rganib, tajriba orttir, ana undan so‘nggina haq talab qil! Menga qara, xotin, qo‘lingdagi ishni qizchaga ber-da, damingni ol.
Otam tom tagida yotgan silliq yog‘och kurakchani olib, Tiyemga uzatdi.
Onam o‘rnidan turib, ish stoliga borib o‘tirdi, belkurakni olib, maydalangan, yopishqoq xushbo‘y uvoqqa botirdi, so‘ngra stol ustiga yoyib, bir hovuchini oldi-da, yaxshilab ezdi. Ikkinchi qo‘li bilan tayoqchani kaftidagi uvoqlar ustida aylantirdi. Uvoqlar unga chippa yopishib, xushbo‘y tayoqchalar tayyor bo‘ldi-qoldi. Qizcha onamning yonida turib, hammasini diqqat bilan kuzatdi.
– Boshingni qiyiqcha bilan o‘rab ol, sochingni chang bosib ketmasin yana, – dedi onam.
Kampir shosha-pisha boshidagi qora qiyiqni yechib berdi. Qiyiqchani o‘rab olgan qiz kichkina kapmirshoga o‘xshadi-qoldi. Qizaloq o‘rindiqqa o‘tirib, onamning har bir harakatini o‘ziday qilib takrorladi.
– Asosiysi, qo‘ling yengil harakat qilsin… – dedi onam. – Uni ravon qimirlat… Shunday!.. Shunday!.. To‘ppa-to‘g‘ri, barakalla! – deya maqtab ham qo‘ydi.
Qizning qo‘lidagi tayoqchani ko‘rib, hushtak chalib yubordim, pufakcha bo‘layotgan uvadalar titilib ketar; sham qing‘ir-qiyshiq hamda g‘adir-budir chiqardi.
– Yasha, mittivoy… Xojam, bu yoqqa keling, manavinga bir qarang-a! Qanday ziyrak qiz ekan, birinchi martadayoq eplaganini-chi! – maqtar edi onam. Qiz esa unga sayin g‘ayrati jo‘shib, berilib ishlardi. Bir vaqt u ishini to‘xtatdi-da, usti-ustiga aksa urib, ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi.
– Hali ko‘nikmaganingdan bu! – dedi onam. – Bu oddiy uvadalar, axir. Yangi yil hademay eshik qoqib keladi. Bayramga xushbo‘y tayoqchalar, shirin isli cham kerak, u dimoqni yoradigan bo‘lishi lozim. Bolajonim, hovliga o‘tib, yuzingni yuvib kel.
Lekin qiz o‘tirgan joyidan jilmay, qo‘li bilan ko‘zini artdi. Yonimdan o‘tishga iymandi, shekilli. Lekin uning bu tortinchoqligi menga moyday yoqib tushayotgandi.
– Hechqisi yo‘q, salda o‘rganib ketadi, – dedi kampir. – Hali bu unga dunyodagi eng shirin hid bo‘lib qoladi. Bu qiz ko‘chaga chiqqanida ust-boshi kir bo‘lsayam, undan taralayotgan xushbo‘y isdan libosi olamdagi eng tozasiga aylanadi, go‘yo. Qo‘shiq bor-ku, “Baliqxonadagi shinam yotoqdan ko‘ra, go‘zal qizli kapa afzal” degan, o‘shanga o‘xshab.
– Qizchangiz hali bola-yu, gapirayotgan gapingizni qarang, – dedi otam qovog‘ini uyib va qizga qaradi. – Ana, xalos! Yana yig‘layapsanmi? Tashqariga chiq, ko‘zingdagi sanchiq ketmaguncha kut, yuzingni yuvishni unutma!
Otamning so‘zini ikki qilmaslik uchun qiz borib, quduq devoriga suyanib o‘tirdi, lekin uning ko‘z yoshlari hamon tinmasdi.
Men esa xandon otib kulib yubordim.
Onam yonimga kelib sekin:
– Nega uning ustidan kulayapsan? – dedi.
Men esa battar xoxolab kulib, ko‘chaga chiqib ketdim.
O‘shanda meni katta bo‘lib qolgan deb bo‘lmasdi, ammo yosh bola ham emasdim, o‘zimni eplab yurardim. Oliftalanishni boshlab, chiroyli qizlarni ko‘zdan qochirmasdim. Sinfimizda Bit ismli xushro‘ygina qiz bor edi. Otasi katta shifoxonada ishlar, tez-tez chet elga safarga borib turardi. Xullas, Bit sinfimizning oldi qizi, urfga berilgan satang edi. U menga yoqardi. Dars mahali doim undan ko‘z uzmay o‘tirardim, ba’zan o‘qituvchimizga bildirmay unga xat otardim. Javob kelsa, o‘zimda yo‘q xursand bo‘lardim.
Bir kuni pochcham:
– Katta bo‘lsang, nima ish qilasan? – deb so‘rab qoldi.
Uning o‘zi harbiy xizmatdan chetlatilgan, endi zavodda ishlar va biznikiga tez-tez mehmonga kelardi. Nima deyishimni bilmay qoldim. Onam yonimga kirib, o‘zi javob berdi:
– Qaysi o‘qishni istasa, o‘shanga obkirib qo‘yamiz, unga har qanaqa kasb yarashaveradi, faqat hali o‘ziga yoqqanini tanlamadi.
Aslida men qaysi kasbni tanlashni, nima bilan shug‘ullanishni bilmasdim. Bu haqda tasavvurga ham ega emasdim, paytida qanaqa ishlar bilan shug‘ullanmadim-a. Danimning sadolari ostida sidqidildan kuylardim, oqshomlari nayimning nolalari qo‘shnilarimning qalbiga tug‘yon solardi. Yana tuzukkina rassom va to‘purar futbolchi ham edim.
Tiyemga nay chalishim rosa yoqardi. Nayning ilk ovozidanoq u ish stolida tinchib qolar, kurakchasi uvadalar orasida tin olardi. Noodatiy, sirli nigohi menga qadalgan, ko‘zlari nimadir demoqchi bo‘lardi. Ba’zan ko‘zida yosh tirqirardi. Bilmadim, bu yoshlar kuydanmidi yoki muattar hiddan? Kun sayin u menga maylini ochiq namoyon etib borardi. Ishda o‘tirsa, uyga qaytib kelganimni darrov bilib, xijolatini imo-ishoralar bilan bildirar, kech qolsam, eshik oldiga chiqib, yo‘limdan ko‘z uzmay kutardi.
Imtihon paytida ko‘p dars qilishimga to‘g‘ri keldi. Kiyimlarim tog‘orada qolib ketganida Tiyem ota-onamga bildirmasdan ularni yuvib, quritib qo‘yardi. Biroq buni onamdan yashirib bo‘lmasdi.
– Qizcha juda e’tiborli va tarbiyali, – derdi onam. – Kambag‘al oiladan chiqqan bo‘lsa ham har ishga uquvli, abjir. Uni bizga xudo yetkazdi, ha, ilohiy ne’mat bu, u…
– Oyi, qo‘ysangiz-chi, ilohiy ne’mat nima qiladi unda? Bir kami qishloqi qizga uylanishim qoluvdi.
O‘shanda onamdan rosa jahlim chiqqandi. Tiyemning ko‘rsatayotgan mehridan fig‘onim falakka o‘rlardi.
– Bechorani qo‘ymading-qo‘ymading-da. Axir, uzzukun tinmay ishlasa, kechasi o‘qisa, yana sinfidagi oldi qiz bo‘lsa, har yili maqtov yorlig‘i olsa. Ikki yil o‘tib, ko‘rasan, hali qanaqa karomatlar ko‘rsatadi u.
– Yaxshi bo‘lsa, o‘ziga, menga nima, – derdim battar g‘ijinib.
Endi, o‘zimcha uni mutlaqo pisand qilmasdim-da. Xudbinligim va naf­soniyatim sabab bo‘ldi bunga… Tiyemni ochiq-oshkor mensimasdim, meni deb qiynalishini, aziyat chekishini istardim. Uning oldida nay chalib huzurlanardim, goho uyga qizlarni taklif qilardim. Har safar Tiyemning xavotirlanib, rangi oqarishini ko‘rsam, xursand bo‘lib, ko‘nglim joyiga tushardi. Qizlar menga unchalik yoqmasa-da, Tiyemni xafa qilish uchun ham ularni maqtayverardim.
Tiyem boyoqish oilamizda tirishqoqlik bilan keyingi yozgacha ishladi. Uning bo‘yi yetib qolgandi, do‘mboq yuziga qizil yugurib, yana ham ochilib ketgandi, o‘sha yozda kiygan koftasi unga shunaqangi yarashgandiki, qo‘yavering. Meni chin dildan hurmat qilar, munosabati tobora samimiylashib borardi.
Uning shahardan ancha naridagi qishlog‘ida dehqonchilik ota kasb ekan. Shu boisdan Tiyemning qo‘li tekkan o‘simlik o‘z-o‘zidan ko‘karib, gullab ketaverardi. U xonadonimizda yashay boshlagandan keyin hovlimizdagi kichkina bog‘imiz butkul o‘zgarib ketdi. Har safar qishlog‘iga borib kelganida ota-onamga sovg‘a olib kelardi. Uning tuhfalari qandaydir ko‘chatlar, urug‘lar bo‘lardi. Ba’zan otamga olma bilan chirmoviqlarni payvandlashda yordamlashardi. Bu ota-onamni o‘zida yo‘q suyuntirar, mening esa g‘ashimga tegardi.
Kunlardan-bir kun biznikiga ofatijon Bit keldi. Ketayotib basharasi qiyshayib so‘radi:
– Manavi qishloqi nega senga buncha tikilmasa? Kim o‘zi u?
– Dadam bilan oyimga qarashib yuradi, – dedim, so‘ng darrov qo‘shimcha qildim: – Albatta, pulga.
Men bu gapni atayin baland ovozda aytdim: u esa pinagini ham buzmay, xushbo‘y qalamchalar yasashda davom etdi. So‘zlarim onamga yoqmadi, mehmonim ketgach:
– Boshqalarni bilmadimu, o‘g‘lim, lekin sen o‘sha ko‘klarga ko‘tarib maqtaydigan Biting uchiga chiqqan qo‘pol ekan, – dedi. – Mana, bizning Tiyemimiz – og‘zidan bol tomadi!
– Lekin, oyi, Bit – maktabimiz yulduzi!
– Bo‘lsa bordir, ammo yuzi barkashday!
Ota-onamning Tiyemni yoqtirishi aniq edi. Bunga chidab bo‘lmasdi, lekin qizning har kuni yashirincha bir-ikki xizmatimni qilishi ko‘nglimga yoqardi. Qiz emas, balo edi u. Unga nisbatan dilimda xayrixohlik uyg‘ona boshladi.
Bir kuni maktabdan erta qaytdim. Uyimizga yetganimda ichkarida kimningdir nay chalayotganini eshitdim. Jin ursin, hali nayimga ega ham chiqdimi! Velosipedimni itarib yuborib, o‘zimni uyga urdim, ne ko‘z bilan ko‘rayki, nay chalib o‘tirgan Tiyem ekan! Yoniga borib, nayimni tortib oldim-da, g‘azabdan tirishib qichqirdim:
– Nayimga tegishga kim ruxsat berdi senga?! Isqirt qo‘llaring bilan bulg‘absan uni!
Tiyem joyidan qimirlamay menga qarab turar, katta-katta ko‘zlari mo‘ltirab, lablari bilinar-bilinmas pir-pir qila boshladi, nimadir demoqchi bo‘lardi yu, jur’ati yetmasdi.
– Yana shunaqa qilib ko‘r, naq mendan ko‘radiganingni ko‘rasan! Tushundingmi? – deb uydan chiqib ketdim, lekin uning yuzidan dumalab tushayotgan ko‘z yoshini ko‘rishga ulgurdim.
Uyga qaytganimda Tiyem bosh ko‘tarmay xushbo‘y qalamchalar yasaydigan burchakdagi stolida yo‘q edi.
Onam menga g‘amgin boqib:
– Shunaqayam qo‘pol, dilozor bo‘lasanmi? Qiz ketdi, endi nima qilaman, bilmayman. Uni olib qolishga harakat qildim, lekin ko‘nmadi. Birgina chora qoldi, o‘zing uning yoniga borib uzr so‘raysan, – dedi.
Bir necha kundan so‘ng Tiyemning xolasi biznikiga hisob-kitob qilgani keldi.
– Jiyanim endi o‘zimizga ko‘maklashadi, – dedi.
Ammo opalarimdan biri yashirincha surishtirib bildiki, Tiyem qalamchalar yasaydigan qari doyanikida ishlayotgan emish. O‘shandan keyin uni boshqa ko‘rmadim.
Oxirgi yozda maktabni tamomlashim bilanoq institutga kiraman, deb o‘ylagandim. Chuchvarani xom sanabman, imtihondan yiqildim. Keyingi yili ham o‘tolmadim. Shunday qilib, yigirma yoshni ham urib qo‘yib, o‘sha-o‘sha salanglab yuraverdim. Hech qayerda o‘qimadim, bir ishning boshini ham tutmadim. O‘rtoqlarimga qo‘shilib, turli bayramlarda, to‘ylarda otarchilik qildim, kuy chalib yurdim. Qayerga chaqirishsa, xo‘p deb boraverdim. Ishlab topgan pulimga zamonaviy kostyumlar, ko‘ylaklar xarid qildim, xushbo‘y choy va qahvalarga mukkadan ketdim, sekin-asta spirtli ichimliklarga o‘tdim. Qilayotgan ishimdan ko‘nglim to‘lar, o‘zimni baxtiyor sezardim. To‘ylarda sozu torni naridan-beri ting‘illatardim. Oshnalarim bilan lavhalar chizar, teatr sahnalariga naqsh solar edim. Hattoki sahnada rol ijro etishgacha bordim, olqishlarga ko‘milishdan juda huzurlandim! Azbaroyi ilhom kelganidan she’rlar ham bitdim va uni gazetalarga jo‘natdim, faqat qaysiligi esimda yo‘q. Ertadan kechgacha shahar kezaverib, velosipedim qoq o‘rtasidan bo‘linib ketdi. Ota-onam keksayib qolishgan, ular meni uylantirish taraddudida edi. Uylanib jinni bo‘libmanmi, axir, xotin, bola-chaqa degani oyog‘ingga solingan tushov-ku. Bir tarafdan ishqiy sarguzashtlarim me’damga tekkan, bir zamonlar ko‘ngil qo‘ygan qizlarimning to‘yi haqidagi xabarni eshitsam ham, yuragim jiz etmas, achinmasdim. O‘zim ham nimani xohlayapman, maqsadim ne – bilmasdim. Behuda narsalar ortidan yugurar, turli urflar, kiyim-kechak ketidan quvganim quvgan edi. Yangi olgan libosimni bir-ikki kiyaman-da, darrov boshqasiga almashtiraman. Surnaypocha shimlar urfdan chiqar-chiqmas, keng karnaylilari tarqaldi, yopishma mis tugmachali ko‘ylakdan so‘ng, burma yoqali ko‘ylaklar rasm bo‘ldi. So‘ngroq tizzasi yirtilgan amerikacha jinsilar kirib keldi. Shilqimlik hamda o‘ldim-kuydim bilan o‘tayotgan vaqtimga sira afsuslanmadim. Mulozamat qilayotgan “predmet”imga tirnoqcha ahamiyat bermasdim. Xullas, ma’nisiz yashardim, vaqt g‘ildiragi esa aylangandan aylanardi.
Yigirma to‘rt yoshni qarshilaganimda qishloq xo‘jaligi texnikumiga ariza topshirdim, uzoq ikkilanib turib, oxiri poyezdga chipta xarid qildim. Uch yil o‘tib, texnikumni tamomlagach, pochchamning yordami bilan ilmiy tekshirish institutiga yo‘llanma oldim. Umuman olganda, agronom yoki texnik bo‘lish niyatim yo‘q edi, ammo institutga kirgach, Xanoyda qoldim. Grafikni apil-tapil to‘ldirib olsam, u yog‘i hech nima emas. Qiyinchilik tug‘ilishi aniq, lekin uni yengsa bo‘larkan. Shunday qilib, men hammasini o‘ylab qo‘ydim va a’lo kayfiyatda birinchi marta o‘sha “yoqimli” kunda ishga bordim.
Ota-onam orzu qilgandek, bashang va jiddiy kiyinib, charm portfelimga zarur qog‘ozlarni joylab, velosipedimda yo‘lga chiqdim. Manzilga kelib, hayron qoldim – hammasi ham o‘ylaganimday emasdi. Uezd qishloq xo‘jaligi bo‘limidan boshqa pichoqqa ilingudek narsani ko‘rmadim. Maydonning o‘rtasida joylashgan uychalar aslida institut bo‘limi hisoblanarkan. Yonginasida bog‘ bor edi. Ishchilar yashil maydonning o‘zidan laboratoriyaga kelaverisharkan. Bu yerda qadrdon do‘stim Day ishlardi, uning laqabi Ayiq edi. Ismini laqabi bilan aytganda chiroyli eshitiladi: Katta Ayiq. Mana shu yoqda ishlashni menga aynan u tavsiya qilgandi. O‘zi esa agronom va tuproqshunoslik bo‘limida ishlardi. Meni selektsiya bo‘limiga yuborishdi. Katta Ayiq o‘ziga yetgancha mahmadona yigit, shu boisdan hali bu yerga kelmasdan oldin hamma narsani bilib olgandim.
– Qanday shamollar uchirdi? – deb so‘radi u mendan. – Esingdan chiqmadimi, rahbaring ayollar maydonida. Zoti oliyalarining saroy shtatiga kelganing bilan qutlayman.
– Erkakmi, ayolmi – farqi nima! Asosiysi, hamkasblarga qattiq bog‘lanib qolmaslik kerak. O‘zini imperator chog‘lagan zoti oliyalari qanaqa o‘zi?
– Umuman olganda, yangi, ikki yil oldin institutni tamomlab, shu yerga keldi. Lekin guruchning yangi navini ishlab chiqarish bo‘yicha qiziqarli ishi bor. Boshqa bo‘limda bo‘lganim uchun ko‘p narsa bilmayman; ammo, menimcha, tez chiqishib ketasan. Bitta narsaga ahamiyat berishingni istardim: zoti oliyalari turmushga chiqmagan, lekin oshig‘i olchi. Sen, axir, barno yigitsan, ehtiyot bo‘l, tag‘in ishq dardiga yo‘liqib yurma…
– Ko‘rinishi qanday?
– Mening shkalam bo‘yicha to‘rt plyus.
– Unda yomon emas.
– Jim, ana o‘zi kelyapti.
Day ko‘rsatgan tomonga qarab, ko‘k rangli ishchi kiyimi tizzasigacha qayrilgan ikki qizga ko‘zim tushdi. Ular endi boshoq tortgan sholi maydoniga quyilgan suvni shaloplatib kechib kelardi. Yuzlarini ko‘rolmadim, ammo qaddi-qomati joyidaligini payqadim. Birining qo‘lida daftarcha bo‘lib, unga nimalarnidir qayd etardi. Ikkinchisi taxtacha bilan sholi poyasining pastidan boshlab to g‘adir-budir tugunchalariyu bargigacha hisoblab chiqardi, keyin eng uchiga ham e’tibor qaratar, goh-gohida qo‘lini nam tuproqqa botirib olar, chamamda, ildizini ushlab ko‘rardi. Ba’zan o‘tlarni yulib, uvatga otardi.
– Anavi sholini tortayotgani sening zoti oliyalaring. Qalay, bo‘ladimi? – Ayiq og‘zi qulog‘iga yetguday ishshaydi. – Seni ko‘rgan qizlar befarq bo‘larkanmi-a?! Ehtiyot bo‘l!
– Yetar endi, generalim, – to‘nimni teskari kiyib dedim men. – Iltimos, gapingizni o‘ylab gapiring!..
– Mayli-mayli, kelishdik. Hazil o‘z yo‘liga! Marhamat qilib, yoqangizni to‘g‘rilab oling, o‘zingizni jiddiyroq ko‘rsating, ana shunday.
Qizlar biz tomonga yaqinlashib qoldi.
– Hoy, Xiong, bu yoqqa qarang! Mehmon keldi! – deb qichqirdi Ayiq.
Kutilmaganda menga Tiyemning tanish chehrasi boqdi. Qachonlardir uyimda xushbo‘y qalamchalarni yasagan o‘sha qiz. Biroz taraddudlanib turgandan so‘ng darrov yana o‘zini qo‘lga oldi. Men esa… Xuddi ichimni zaharli chumolilar galasi talaganday bo‘ldi. O‘zim bilmagan tarzda Dayning ortiga yashirinishga urindim. U esa meni oldinga surdi.
– Biz hali ishlarni yakunlamadik, – dedi Xiong (men ham endi uni o‘zim o‘rganmagan mana shu ism bilan chaqira boshladim). – Biroz kutib turinglar, do‘stlarim, xo‘pmi? Uyimizga kirib turishingiz ham mumkin. Bo‘shadim, deguncha yoningizga boraman.
U egilib, yana o‘z ishini davom ettirdi.
– Xari, bu yangi hamkasbingiz-ku! – Day menga ishora qilib, tirjaydi (jiddiyligidan darak yo‘q edi). – Balki shu yerning o‘zidanoq ishni boshlab yuborar?
– Agar xohishingiz bo‘lsa, marhamat! – degancha daftarcha ushlagan qiz kulib yubordi. – Xiong, yangi ishchi senga begona o‘tlarni tozalashda yordamlashsin. Lekin, – deb u menga qarab gapirdi, – mastakni o‘tayman deb, butun sholini yulib chiqmang tag‘in?
– Qarshingizda qishloq xo‘jaligi texnikumi bitiruvchisi turibdi, qandaydir devonxona kalamushi emas! Hazilingiz o‘rinsiz! – e’tiroz bildirdi Ayiq.
– Ma’zur tutasiz, biroq longvik o‘tini o‘tash joiz! Uni topish esa oson emas, – deb kulib yubordi qo‘lida daftarcha ushlagan qiz. U biz tomon bir bog‘ o‘tni otdi. O‘t sholi poyasiga juda o‘xshardi. Birgina farqi – yovvoyi o‘tning bargi yorqinroq va poyasi uzunroq edi.
– Qani, qaysi biringiz aytasiz, longvikni sholidan qanday ajratish mumkin? – so‘radi qiz jiddiy ohangda.
– Manavi o‘tlar uzun va rangi ko‘kimtirroq, – dedim o‘zimni qo‘lga olib.
– Gullashini kutib o‘tirsak, hamma narsani boy beramiz. U sholipoyani bosib ketadi, – deb sharaqlab kuldi qiz. – Siz qishlog‘imizdagi bir kampirni eslatyapsiz: ko‘chatini sovuq urib ketgach, bilmasdan maydonga longvikni ekib chiqqan.
– Agronomlar ham adashadimi? – so‘radim men dabdurustdan.
– E’tiborli odam hech qachon adashmaydi. Sholida “quloq” yo‘q, o‘tda esa bor. Barglarning bo‘shlig‘ida mittigina och-ko‘k “quloqchalar” bo‘ladi…
– Bizning quloqchalarga ham bir qarab qo‘ying-chi, ular ko‘kimtirmasmi? – degancha xandon otdi Day.
– Hamisha gapga burningni suqib turasan! – dedim qizishib.
Xiong cho‘ntagidan bir shoda kalitni olib, hamrohimga uzatdi.
– Mehmonni qabul qilib oling, xo‘pmi? Bo‘limimizda bugun hech kim yo‘q.
– Nega buncha dokaday oqarib ketding? – so‘radi Day tajriba maydonidan uzoqlashganimizdan keyin. – Ko‘zlarimga ishonmayman, axir, hamisha jononlar yonida muloyim supurgi bo‘lar eding.
– Tushunsang-chi, bu – Tiyem; bir vaqtlar u bizning uyimizda ishlagan, xushbo‘y tayoqchalarga aralashib yurardi. Oradan o‘n yil o‘tibdi, lekin ko‘z ko‘zga tushib, bir-birimizni tanidik, harqalay!
– Qoyil-e! Yer dumaloq deb to‘g‘ri aytisharkan.
– U mitti va kir bo‘lib, doim oyoqyalang yurardi. Esimda, bir kuni oqsoqlanib, qoqinib, rosa kulgili qadam bosib, yog‘och shippakda kelgandi.
– Endi esa – ilmiy xodim. Tabriklayman: ajoyib uchrashuv! Eski tanishing bilan til topishish oson! – Ayiq miyig‘ida kuldi, u men uchun xursand edi.
– Sen o‘ylaganchalik emas. O‘shanda u bilan o‘rtamizda yoqimsiz voqea sodir bo‘lgan.
Hammasini so‘zlab berdim. Day maroq bilan tinglagach, kulib yubordi:
– Eh, bolalarga xos qiliqlar bu. Endi kap-katta odamsizlar, o‘tgan gapni kovlashning nima nafi bor?
Biz yo‘l-yo‘lakay gap sotib ketdik. Uychaga yetib borganimizda, Xiong bizni anchadan beri kutib turgan ekan. Day g‘o‘ng‘illab uzr so‘radi-da, darrov eshikni ochdi. Nigohim yog‘och tokchalarga, qutilar, javonlar, sandiqchalarga tushdi. Shuningdek, ustma-ust qalashgan, qopqoqli va qopqoqsiz xaltachalar, likoplar, to‘qima savat, qog‘oz qutilar behisob edi. Chuqur xo‘rsindim.
Xiong bizni samimiy va xushmuomalalik bilan kutib oldi. O‘sha voqeani unutib yuborganday tuyuldi, shubhasiz, nur ustiga nur. Kunlar bir-birini quvib o‘taverdi, boshqalarga qanday muomala qilsa, menga ham shunday samimiy gapirdi. O‘zimga kelsak, men genetika hamda selektsiya bo‘limida bajarilayotgan ishlarga mutlaqo befarq edim. Eski navni saqlab qolib, yangi guruch navini ishlab chiqish men uchun mutlaqo ahamiyatsiz edi. Barcha – ilmiy va texnik xodimlar ertayu kech urug‘ning har bir donasini sanar, nazorat namunasini tarozida o‘lchab ko‘rardilar. Ularni joylab, ko‘paytirib, so‘ng hammasini yaxshilab hisoblardilar. Bir-biriga yopishgan, turfa guruchlarning navini anglatuvchi adoqsiz raqamlardan aqldan ozayozdim. Ular duragayga aylanib bo‘lgan va “F-1”, “F-2” navlarini yetishtirishda ishlatish uchun mo‘ljallangandi…
Ish qaynagandan qaynadi, ro‘yxat daftarlari, hisob-kitoblar, jadvallar bilan tanishmasimdanoq Xiong menga urug‘ni undirishni va ko‘chat tanlashni topshirib qo‘ydi. Xullas, bir necha kun bosh ko‘tarmay dalada ishlashimga to‘g‘ri keldi.
– Nega ishga ko‘mib tashladingiz meni? – deb so‘radim bir kuni undan. – Axir, texnik xodimman, buning ustiga, shaxsiy xizmatkoringiz emasman, hamma ishga hoziru nozir bo‘ladigan.
U ancha vaqt lom-mim demay o‘tirdi. Katta-katta ochilgan qora ko‘zlarini menga tikib (ammo o‘sha ko‘ngilsiz kundagi singari ular yoshga to‘lmagan, biroq sal xafa ko‘rinardi) dedi:
– Siz nohaqsiz, men sizga shuncha yumushni faqat bir sabab bilan topshiryapman: kelajakda yetuk mutaxissis bo‘lishingizni istayman. Yangi guruch navini yetishtirishni xohlayotgan texnik xodim ko‘p narsani bilishi ham, qilishi ham darkor. Chunki ko‘pincha barcha ish o‘z bo‘yningizda qolishi mumkin. Xullas, shu kasbni tanladingizmi, demak, unga mehr bering, biror narsaga erishishni istaysizmi, unda ish payti serg‘ayrat bo‘ling. “Xizmatkor” deganingiz nimasi, men ham siz bilan teng ishlamayapmanmi?
O‘rinsiz gapirganimni bilib, og‘zimga tolqon solganday jim bo‘ldim.
Xiongning barcha urinishi bahs-munozarali edi, u endi qobiliyatli rahbar. Uning qo‘l ostida o‘nlab odam mehnat qilar, har kuni esa yuzlab yumush kutib turar, barcha muammolarni xamirdan qil sug‘urganday do‘ndirardi. Faqat mendan tashqari hamma uni hurmat qilib, yaxshi ko‘rardi. Men ham bir kuni nohaqligimni angladim.
O‘n yil g‘ir etib o‘tib ketibdi, uning qanday yashaganini bilmadim, qay sababdan u hozirgiday bo‘lib qolganini ham. Ba’zan xotiramga ishonqiramasdim, balki bu Tiyem bo‘lmasa-chi deb. Uning xizmat daftarchasiga Nguyen Txi Tiyem Xiong deb yozilgan. Balki bolaligida Tiyem deb chaqirishgandir.
– Xo‘sh, qalay, eski tanishing bilan chiqishib oldingmi? – mendan hol so‘radi Day.
– Chidasa bo‘ladi.
– Demak, hammasi joyida. Aytishlaricha, u guruchning yangi navini sinovga tayyorlabdi va yaqinda bu haqda ilmiy konferentsiyada ma’ruza qilarkan.
– Barchasiga qanday ulgurarkan-a? Yangi guruch navini topishga yillar ketadi, bu oson ish emas.
– Institutdaligidayoq selektsiya bilan shug‘ullangan, shekilli. Agar yangi guruch navini davlat ro‘yxatiga kiritishsa, ishi besh deyaver! Bizga yo‘l bo‘lsin. To‘g‘risini aytsam, uning qarshisida bosh egaman!
Shu tobda erkaklik g‘ururim ozor topganday tuyulib, jismimni iztirobli afsus chulg‘ab oldi, go‘yo ortga qaytarib bo‘lmas vaqt singari. So‘ngra alamli rashk o‘ti meni kuydirdi. Xiong ilm jihatidan seni ortda qoldirdi, deysizmi? Hechqisi yo‘q, men uni kundalik hayotdagi yumushlarda dog‘da qoldiraman, o‘yin-kulgi va shod-xurramlik qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman hali. Ko‘ramiz, qay birimizga baxt kulib boqarkan!
Ishda ushlanib qolishni bas qilib, dam olish kunlari qiz o‘rtoqlarimni “tabiat qo‘yniga”, institutimga taklif qila boshladim. Bir kuni Lan ismli yoqimtoygina qiz bilan, u g‘arov darparda yasardi, puldorgina qiz hamisha yasan-tusan qilib, odamni aldab qo‘yardi, Xiongning uyiga kirdim. (Aytib qo‘yay, o‘sha paytda Landa ko‘nglim bor edi.) Xiong kichkina xonada yashardi. Bir kishilik karavotidan, yozuv stoli, kitob to‘la shkafdan tashqari, hamma joyni urug‘ navini tekshirishda kerak bo‘ladigan yana ming xil ashqol-dashqol bosib ketgandi. Eshik tashqarisida esa uning tajriba ishlari boshlanardi, nihollarning usti hali ochilmagan, yonida boshoqli don yotardi. Yana tokchada dalada o‘sadigan sariq gul solingan guldon ham ko‘zga tashlanadi. Uy guruch va yosh o‘tning hidiga to‘la edi.
Xiong bizni o‘zining doimiy xushmuomalaligi bilan qarshi oldi. Suhbat avjiga chiqdi. Zimdan ikkala qizga ham nazar soldim. Ularni bir-biriga qiyoslaganimda Xiong Landan chiroyliroqligiga amin bo‘ldim. Bu g‘ashimga tegdi, ilgari Langa o‘xshagan qizlarni boplab laqillatar edim-da. U bashang kiyingan, Xiongning egnida paxtadan tikilgan katak-katak ko‘k kofta, daladan endigina kelgani bois sochlari shamoldan to‘zg‘igan. Lan ikkimiz ortga qaytayotganimizda u yo‘l bo‘yi Xiongni ko‘kka ko‘tarib maqtab keldi, hafsalamni pir qildi.
Yig‘im-terim yaqinlashdi, ish ayni qizg‘in pallada. Xiong menga yanada samimiyroq hamda iliq munosabatda bo‘layotganday tuyuldi. Har kuni gapga tutar, qarabsizki, ishda men o‘z xohishim bilan gapiradigan bo‘ldim.
– Manavini bajarishda menga ko‘maklashvor, do‘stim! Bugun kun bo‘yi dalada ter to‘kishim zarur… – Gohida meni do‘stim, deb chaqirardi.
Qiz sho‘rlik ba’zan ekin maydonida kun chiqqandan qosh qorayguncha, sug‘orish paytlari yoki yomg‘ir yoqqanda sholi ustini yopish uchun tuni bilan ham qolib ketardi. U menga har kunlik qayd daftarchasini berdi. Ayrim navlarni ko‘rib, hayratdan yoqa tishladim, o‘nlab don yig‘imlari yozilgan, ularni mukammal kuzatish darkorligidan hayron bo‘ldim. Xiong olib borgan tekshiruv ko‘lamiga qoyil qolib, unga beixtiyor hurmating oshadi. Daftarchalarni u hamisha cho‘ntagida olib yuradi.
Oxiri ko‘rinmas ishga ko‘milib ketganimni payqadim. Bir kuni Katta Ayiq keldi.
– Ishlaring tuzukmi? – so‘radi menga g‘alatiroq qarab va xoxolab kulib yubordi.
– Har doimgiday, – deb javob qaytardim.
– Kuzatib tursam, esankirab qolganga o‘xshaysan. Yoningdagi odamni ko‘rmaysan ham, turdim, turdim, boqibeg‘amsan. Bolalarning boshi qotgan, barcha do‘stlarni tashlab ketish qanday qilib ko‘nglingga sig‘di-ya?
– Bekorchimanmi, haybarakallachilik qilishdan ne naf?
– Kutilmaganda sholikorlikka jon-jahding bilan kirishib ketding! Bu yog‘i nima bo‘ladi endi? – Day shubhali boqardi. So‘ng o‘girilib, nari ketdi.
Balki rostdan ham o‘zgargandirman. Nafaqat do‘stlarim, hattoki ota-onam shikoyat qilib, yozg‘ira boshladi. Uyga ikki hafta bormaganimdan keyin otam:
– Yangi dugonang paydo bo‘ldimi deyman, o‘g‘lim? – dedi.
– Qanaqa dugona, dada! Institutda yotib qoldim. Guruchning yangi duragay navi yetishtirildi, shu bilan band edim.
– Attang, avvalroq bilmabman-da, – dedi otam. – Ishga mehr qo‘yibsan, o‘g‘lim, bundan xursandman.
– Lan kelgandi, aytishicha, uni butunlay unutib yuboribsan, – dedi onam darrov dadamning gapini bo‘lib. – Bilib qo‘y, u qizning xaridori ko‘p, keyin attanglab qolma. Yaqinda o‘ttizga to‘lasan, sen tengilarning bolasi maktabga boryapti…
– Yaxshi qiz o‘zi, – dedim achchig‘im kelganini bildirmay. – Unga aytib qo‘ying, turmushga chiqaversin, endi men uni yoqtirmay qo‘ydim!..
Institutga qaytgach, Xiong konferentsiyaga ketganini bildim.
– U menga hech nima qoldirmadimi? – deb so‘radim bo‘limdagi qizlardan.
Ulardan biri cho‘ntagidan bir parcha qog‘oz chiqarib uzatdi. Bu Xiongdan qolgan xat edi. Unda: “Bin, ish tig‘izligidan ketishimga to‘g‘ri keldi. Iltimos, mening o‘rnimga hammasini bajarib qo‘ying”, deb yozilgandi.
Hech narsa tushunmaganday xatni bir necha marta o‘qib chiqdim. Avvaliga xursand, so‘ng xafa bo‘ldim, ilgari sira bunday g‘amga botmagandim. Ekin maydoniga borib, Xiong aytgan barcha ishni tartib bilan qilardim, ammo ish o‘z domiga torta olmadi, aksincha, holdan toydirdi. Fikrlarim esa uzoq-uzoqlarda, kim bilsin, qayerda edi. Birdan Xanoyga, Xiong ma’ruza qiladigan konferentsiyaga borgim kelib qoldi. Shuncha yillar nimaga erishganini bilishni istardim. Biroq konferentsiyaga qanday qilib kirishim mumkin, axir, u yerga ilmiy ishlari bor, yutuqlarga erishganlar kelsa, men bo‘lsam, ilm yo‘liga beo‘xshov qadam qo‘yayotgan odamman – yangiman!
Shu tobda onam keldi, men sholi qatorlari orasidan longvik qidirayotgandim. Ahvolimni kuzatib, yonimga yaqinlashdi:
– Nima bo‘ldi, o‘g‘lim? – Onamning ovozi xavotirli chiqdi. Uning ko‘ziga juda ma’yus ko‘ringanimga shubha yo‘q.
– U xizmat safariga ketdi, besh kundan keyin qaytadi, – dedim battar hayajonlanib.
– U… Kim haqida gapiryapsan, o‘g‘lim?
– Rahbarim haqida! Ketdi, men bo‘lsam, manavi yerda uni deb o‘lib-tirilib ter to‘kyapman.
– Bu menga yoqmayapti! Texnikumni bitirgan odam dalada loy kechib yurishi kerakmi? Ozib ham ketibsan, bolam. Otang jo‘natdi meni. Uyga kelsin, tanishimga aytdim, vazirlikka o‘tkazishadi, devonxonada ishlaydi, dedi. Hoziroq ketishing kerak.
– Hech qayerga o‘tmayman!.. Shu yerda qolaman! – dedim qat’iy, hatto jahl bilan.
– Nachora, o‘g‘lim, sen aytgancha bo‘la qolsin. Otang bilan senga to‘siq bo‘lishni istamaymiz, gapimga ko‘ndi onam, – ahdimdan qaytmasligimni payqab. – Necha oydan beri uyga tuzuk-quruq bormaysan, kelganingda esa qovoq uyib, jahl qilib yurasan; otang sendan xavotirlandi, lekin majburlash xayoliga ham kelgani yo‘q.
– Oyijon, mutlaqo boshqa sabab tufayli jahlim chiqdi. Yodingizdami, qachonlardir xushbo‘y isli tayoqchalar qilganmiz? Uyimizda bir qiz ishlagandi, esingizdami?
– Tiyemmidi?
– Tasavvur qilyapsizmi, oyijon, o‘sha Tiyem institutni tamomladi. U endi rahbarim.
– Rahbarim, deysanmi?.. Tiyem!.. Uning ko‘zlari doim nam bo‘lib yurardi!..
Gapim onamga yashin tekkanday ta’sir etdi. O‘ziga kelgach, yana gapira boshladi:
– Nima qilibdi, bo‘lishi mumkin… Qizning o‘ziga xos fe’li bor edi. Iste’dodi bilan barchani ortda qoldirishi tabiiy. O‘rni kelganda, bolam, aytib qo‘y, undan xursand bo‘ldim. Azaldan unga tan berganman…
Ota-onam ushbu suhbatdan keyin ham meni uylantirish maqsadida oyoq tirab turishdi. Lekin xayollarim umuman boshqa taraflarda. Vaziyat yanada chigallashdi: Xiong o‘stirgan guruchning yangi duragayidan ikkitasi davlat reestriga kiritildi, ko‘paytirib, urug‘ fondiga o‘tkazish tavsiya qilindi. Men endilikda undan faqat: “Bin, menga yordamlashvoring, iltimos…”, “Bin, manavi yumishni bajarvoring, aybga buyurmang tag‘in…” degan gaplarni eshitaman. Ishga ko‘mib tashladi, qator savollar yechimini topishga majburladiki, eski oshnalarimni, zavq-shavqni, ziyofatlarni o‘ylashga ham toqatim qolmadi. Kimdir meni Xiongni sevib qolgan, deb gap chiqardi. Albatta, bu mish-mishlarni yolg‘on dedim, lekin bir kuni sevishimga iqror bo‘ldim, xudo biladi, aslida uni qachondan beri sevaman. Bundan dahshatga tushayozdim. O‘sha kuni ertalab yig‘ilishimiz bor edi, kimdir Xiongga qo‘ng‘iroq qildi, birozdan so‘ng yoniga mototsiklda yosh yigit keldi. Uzoq vaqt birga o‘tirib, o‘zi bilan qayergadir olib ketdi. U qorong‘i tushganda qaytdi. Kun bo‘yi o‘zimga sig‘madim, ishtaham yo‘qoldi, ko‘nglim g‘ash bo‘ldi. O‘tayotgan mototsikllarni ko‘rib, titroq bosardi meni. Hatto Xiong qaytganida zarracha quvonmadim.
– Tobingiz qochdimi? – so‘radi Xiong ahvolimni ko‘rib.
– Yaxshiman… Biroz charchadim.
– Xonangizga kirib, dam olganingiz durustmidi?
– Qayerga bordingiz, Xiong? Kim bilan? – o‘zimni tutib turolmadim, ahmoqona savol o‘z-o‘zidan otilib chiqdi.
Tiyemning yuzi avval jinday oqardi, keyin anorday lovilladi; lablari pirpirab, menga nimadir demoqchiday bo‘ldi.
– Tiyem! – dedim men shartta uning qo‘llaridan tutib. – Tiyem, kechiring meni! Kechiring! Sizni sevaman… Ortiq ketib qolmang. Qo‘rqyapman. Kuni bilan arang nafas oldim.
Tiyem qo‘lini tortib oldi-da, xo‘rsinib, muloyim ovozda dedi:
– Bin, sizning hech qanday aybingiz yo‘q…
Uning yuzi qat’iy, jiddiylashgan bo‘lsa-da, baribir olamda eng maftunkor chehra edi.
– Yo‘q, men xato qildim! Qarshingizda juda aybdorman… Nay bilan yuz bergan o‘sha voqea… Iltimos, unuting… Men yosh bola edim, hech narsani tushunmasdim hali…
– Unutolmayman, lekin barchasini siz o‘ylaganchalik emas, boshqachasiga eslab qolganman.
– Qanaqasiga?! Axir, qo‘rslik qilganman!..
– Boshqachasiga – demak, yaxshi ma’noda! Mana shu voqeadan keyin matonatli hamda qat’iyatli bo‘ldim. Agar menga yaxshi munosabatda bo‘lganingizda, hozir umuman boshqacha odam bo‘lardim. Shuning uchun sizdan jahlim chiqmaydi, aksincha, minnatdorman.
U jilmaydi.
– Lekin men… Men sizni sevaman.
– Unday bo‘lsa, rahmat sizga, – deb suhbatimizga nuqta qo‘ydi.
Qattiq bezovtalik va umid bilan Xiongdan ko‘z uzmay, har bir harakati, imosini tushunishga intildim. U esa buni ko‘rmayotganday, ilgarigidek g‘ayrat va tirishqoqlik bilan boshqa ishlarga qo‘l uraverdi.
Kunlar ortidan oylar o‘tdi. Muhabbat qalbimda osmondagi qora bulutday kengayib bordi, uning yuki kundan-kun og‘irlashaverdi. Bir narsani aniq bilardim, baxtimga Xiongning sevgani yo‘q, ammo muhabbatiga erishmoqchi bo‘lganlar son-mingta edi. Ularning orasida muhandislar, fan nomzodlari, universitet o‘qituvchilari ham bor edi. Nomzodlarni dog‘da qoldirish, ulardan o‘zib ketish qo‘limdan kelmasligini anglab, institutdan ketishga ahd qildim. Xiongdan uzoqroq bo‘lsam, hayotim o‘z iziga tushib ketar, deb o‘yladim. Buni unga ma’lum qilganimda, menga uzoq tikilib qoldi.
– O‘ylab ko‘rishimga vaqt berasizmi? – dedi u. – Ungacha… Bir muhim ish bor, uni sizga ishondim, do‘stim. N. viloyatiga yangi navni olib borish zarur. Mahsulot uncha katta emas. O‘sha yerda ekishsin. Jonim bilan o‘zim borardim-u, ko‘rib turganingizdek, bu yerda ish qalashib yotibdi. Urug‘ni bergach, o‘zingiz bir muddat o‘sha yerda qoling, urug‘ni sepishda, ko‘kartirishda ko‘maklashasiz. Ishni tugatgach, qaytib keling, rozimisiz? Balki oy oxirida, do‘stim, yoningizga o‘tib qolarman.
Ko‘rib turganingizdek, qoplar bilan manzilga otlandim, Xiong kuzatib qo‘ydi. Do‘stlarim uni sevishimni biladi, shu boisdan hech kim vokzalga kelmadi: bizni yolg‘iz qoldirishni istadilar, hatto Katta Ayiq ham… Hamma gapdan xabar topgach, u menga “Xo‘sh, ko‘ngling erib ketdimi? Shartta hujum boshlamaysanmi, xomkalla!” dedi. Sevgimga yon bosishi mumkin bo‘lgan qo‘pol hiylalarni aytdi. Biroq bularning bari Xiongday qizning oldida puch yong‘oqligini bilardim.
Meni qanday kuzatganini o‘zingiz ko‘rdingiz, odatiy xayrlashuv, bamisoli do‘stiga oq yo‘l tilaganday, tamom…
Shu payt yo‘ldoshim, vagon oynasidan keng dalaga boqdi. O‘girilgan yuzidan qirra burni, o‘ram-o‘ram tim qora jingalak sochlari menga ajo­yib tuyuldi.
– Hikoyangni tinglab, xayolimga bir fikr keldi, – dedim.
– Nima ekan, ayt-chi? Menga o‘rinli maslahat kerak, – javob berdi yo‘ldoshim oynadan yuz o‘girmay.
– Sen bilan endigina tanishdim, lekin dilingdagini ochiq-oydin to‘kib soldingki, o‘zimni senga do‘stdek his etyapman. Chin so‘zim, hech qayerga, hech qanaqa ishga o‘tib o‘tirma. Vokzalda ahvolingni bilmagan bo‘lsam-da, lekin ikkingizni kuzatib, bir narsani angladim, o‘ylaymanki…
– Xo‘sh, xo‘sh… – betoqatlik bilan men tomonga o‘girilib qaradi – ko‘zlari olovday chaqnardi.
Keng peshonasiga boqib, o‘yga toldim: “Yo‘q, bu olov yigitni bulutsiz, g‘am-tashvishdan xoli hayot kutib turgani yo‘q, bunday yashashdan barcha yoshlar o‘zini tortadi. Hayotda adashishlar, izlanishlar bo‘lsin, shunda ko‘pgina yaxshi ishlar amalga oshadi, faqat… – xayolimga kelgan fikrdan jilmayib qo‘ydim. – Yerdan yashil novdalari unib chiqadigan urug‘ to‘la qoplar bilan bugungi yo‘lga chiqish, bu – bir bahona”. Yigitga esa shunday dedim:
– Menimcha, u seni yaxshi ko‘radi. Faqat undan tez oqqan soy kabi ota­shin muhabbat izhor qilishini kutma. Qiz sendan ishonch, tirishqoqlik va so‘nmas ruhni talab qiladi. Albatta, baxting kulib boqadi, meni aytdi dersan!..
Gapimni tamomlab, tilagim amalga oshishiga ishonch bildirdim: ikkisi bir-birini sevadi, nima bo‘lishidan qat’i nazar, ular baxtli bo‘lishadi.

Rus tilidan Zilola Jalolova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 10-son