Mo Yan. Qissago‘y (Nobel ma’ruzasi)

Muhtaram Shvetsiya akademiyasi a’zolari, xonimlar va janoblar!

Televideniye yoki internet orqali barcha hozir bo‘lganlar u yoki bu darajada, ehtimol, Xitoyning shimoli-sharqida joylashgan mening olis vatanim Gaomi haqida tasavvur hosil qilgan bo‘lsangiz kerak. Ehtimol, sizlar mening to‘qson yashar otamni, akalarim va opalarimni, xotinim, qizimni va bir yilu to‘rt oyga to‘lgan qiz nabiramni ko‘rgandirsizlar. Ammo ayni damda hammadan ko‘p o‘ylayotganim inson – onajonimni endi ko‘rmaysizlar. Menga mana shu mukofot berilgandan beri onamdan boshqa juda ko‘p kishilar shuhratimni baham ko‘rdilar.

Onam 1922 yilda tug‘ilib, 1994 yilda vafot etdi. Biz uni qishlog‘imizning kunchiqar tomonidagi shaftolizorga dafn etdik. O‘tgan yili qabrni qishloqdan yana ham nariroqqa ko‘chirishimizga to‘g‘ri keldi, chunki ayni o‘sha joydan temir yo‘l o‘tishi kerak edi. Qabrni kavlab qarasak, tobut chirib bitibdi va onajonimning suyaklari tuproq bilan qorishib ketibdi. Qabr tuprog‘ining bir qismini yangi joyga olib, ramziy qabr tiklashdan boshqa ilojimiz qolmadi. Xuddi o‘shanda onajonim tuproq bilan bitta bo‘lib ketganini ko‘rib, mening momo yerga murojaatim onamga murojaatim ekanini his qildim.

Men onamning “supra qoqdisi” edim.

Bolalik yillarimdan esimda qolgan eng birinchi narsa shu ediki, men yagona termosimizni ko‘tarib, qaynoq suv olgani jamoat oshxonasiga borar edim. Ochlikdan zaiflashib ketgandim, bir kuni yo‘lda ketayotib termosni qo‘limdan tushirib yubordim va u chil-chil bo‘ldi. Men qattiq qo‘rqib ketdim va kun bo‘yi pichan g‘aramiga ko‘milib yotdim. Kechqurun onamning meni chaqirgan ovozi qulog‘imga chalindi va men “nasibam ” ni olgani g‘aram ichidan chiqdim. Biroq onajonim urmadi,   urishib ham qo‘ymadi. U boshimni silab, og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi, xolos.

Eng og‘ir xotiralarimdan biri bu onajonim bilan jamoa bug‘doyzoriga boshoq (mashoq) tergani borganimiz edi. Uzoqdan qorovul ko‘rinishi bilan hamma tum-turaqay qocha boshladi. Oyoqlari kichkina onajonim tez chopa olmasdi, devqomat qorovul uning ustiga bostirib bordi-da, yuziga shunaqangi musht tushirdiki, sho‘rlik yerga yuztuban yiqildi. So‘ng qorovul tergan boshog‘imizni oldi-da, hushtak chalgancha u yerdan uzoqlashdi. Onajonim yerda cho‘nqayib o‘tirar, yorilgan labidan qon sizardi, uning yuzidagi bu iztirobni umrbod esimdan chiqarmayman. Ko‘p yillar o‘tib, men o‘sha qorovulni bozorda ko‘rib qoldim, u soch-soqoli oppoq chol bo‘lib qolgandi, o‘ch olgani u tomon intilgan edim, biroq onajonim meni tutib qoldi: “Bolajonim, bu meni urgan chol emas, boshqa odam,” – dedi u xotirjam.

Yana bir voqea xotiramga mahkam o‘rnashib qolgan. Oy bayrami[1] edi va biz har kimga bir likopchadan chuchvara tugdik.  Tush vaqti edi, hamma dasturxonga kelib o‘tirdi. Shu payt uyimiz darvozasi oldida bir tilanchi paydo bo‘ldi. Uni tezroq daf qilish niyatida men unga yarimta quritilgan batat (shirin kartoshka) tutqazdim. “O‘zlaring chuchvara tushirayapsanlar, – xafa bo‘lib dedi tilanchi, – menday bir qariyani esa batat bilan aldab qo‘yayapsizlar, shuyam odamgarchilikdanmi?” Shunda meniki tutib ketdi: “Bizlar ham chuchvarani yilda bir yo ikki marta yeymiz, o‘shanda ham yarim likopchadan, koshki to‘yib yeyolsak! Batatli bo‘lganingga shukur qilsang-chi, agar to‘g‘ri kelmasa – bor, yo‘lingdan qolma!” Biroq onajonim meni koyib berdi va o‘zining likopchasidagi chuchvaraning teng yarmini tilanchining likopchasiga soldi.

Karam sotishda onajonimga yordam berish chog‘idagi esdan chiqmas voqea uchun hamon o‘zimni koyiyman – ataylab qildimmi yo bilmay qildimmi, bir yoshi o‘tinqiragan xaridorning bir kuay – tiyinini urib qolibman. Tushgan pullarni qaytadan sanab, maktabga jo‘nadim. Uyga kelib nimani ko‘rdim deng – onajonim yig‘layverib ko‘zlari shishib ketibdi, u kamdan-kam hollarda yig‘lardi. U meni qarg‘ab o‘tirmadi, faqat eshitilar-eshitilmas qilib: “Sen meni sharmanda qilding, bolam”, – dedi, xolos.

Onajonimning og‘ir sil kasaliga yo‘liqqani ma’lum bo‘lganda, o‘n ikki-o‘n uch yoshda edim. Ochlik, kasalliklar va og‘ir ishlar tufayli oilamiz boshiga zulmatli, nursiz kunlar tushdi, yorug‘ kunlar kelishiga aslo umid yo‘q edi. Ko‘nglimga nuqul yomon o‘ylar kelardi, har lahzada onajonim o‘zini bir nima qilib qo‘yadigandek his etar edim. Ishdan qaytib kelib, eng avval baland ovozda onajonimni chaqirardim va uning ovozini eshitgach, ko‘nglim joyiga tushar edi. Bordi-yu, ovoz eshitilmasa, men yuragim yorilgudek bo‘lib, uni avval tashqi, keyin ichki uylardan qidira boshlardim – ichkari hovlida biz don yanchardik. Bir gal hamma yoqni qarab chiqib, onajonimni topolmay, hovliga o‘tirib olib, ho‘ng-ho‘ng yig‘lagandim. Shu top bir bog‘ o‘tinni orqalab, onajonim kelib qoldi-ku! Mening behuda ko‘z yoshi qilganimni ko‘rib, qattiq xafa bo‘ldi. Men nimadan cho‘chiyotganimni oshkora tan ololmasdim, albatta, ammo onajonim ichimdan ne o‘tayotganini alayna ko‘rib turardi. “Ko‘pam kuyinaverma, bolajonim, –  dedi u. – Garchi bunaqa yashash jonimizdan to‘ydirib yuborgan bo‘lsa-da, ammo jahannam egasi o‘zi chaqirib olmaguncha hech qayoqqa ketmayman”.

Aft-andomim ko‘rimsizgina bo‘lib dunyoga kelganman. Basharamning xunukligidan qishloqdagilar ko‘pincha ustimdan kulishardi, maktabda esa gajir sinfdoshlarim kaltaklardi, uyga yig‘lab kelganlarimda onajonim menga tasalli berardi: “Sen hecham xunuk emassan, bolajonim. Burning yo‘qmi yo ko‘zlaring yo‘qmi? Qo‘l-oyoqlaring joy-joyida, qayering mayib-mayriq ekan? Kimning yuragi toza bo‘lsa, kim yaxshi ishlar qilsa, agar mayib-mayriq bo‘lsa ham ko‘zga yaxshi, chiroyli bo‘lib ko‘rinadi”. Keyinchalik, shaharga ko‘chib o‘tganimda ham  ba’zi o‘qimishli odamlar mening aft-basharamni orqavarotdan, hatto, yuz-ko‘zimcha ham mazaxlar edilar. Biroq men onajonimning so‘zlarini eslardim-da, o‘zimni bosib, ularni kechirar edim.

Onajonim savodsiz edi va o‘qishni biladiganlarni juda hurmat qilardi. Biz qashshoq holda yashar edik va ko‘pincha ertaga nima yeyishimizni  ham bilmas edik, biroq bitta-yarimta kitobmi yo o‘quv qurollaridan biror narsa sotib olaylik desam, sira yo‘q demasdi. O‘zi mehnatkash bo‘lganidan bolalarining dangasalik qilganiga chidayolmasdi, ammo mutolaaga berilib ketib buyurilgan ishni qilish esimdan chiqib qolsa, meni zinhor urishmasdi.

Bir kuni bozorga qissago‘y – shoshudi kelib qoldi, men zimmamdagi yumushni unutib, uning dostonini eshitgani jo‘navordim, bundan onajonim xafa bo‘ldi. O‘sha kuni kechqurun u jinchiroq yorug‘ida bizga kiyim tikayotganda sabrim chidamadi va qissago‘ydan eshitganlarimni aytib bera boshladim. Avvaliga u tishini tishiga qo‘yib tingladi, chunki qissago‘ylarni odam o‘rnida ko‘rmas va o‘zlariga munosib bo‘lmagan ishni qiluvchilar deb bilardi: bunday odamlardan jo‘yali gap chiqarmidi? Biroq asta-sekin gaplarim unga ma’qul kela boshladi va shundan keyin u bozor kuni menga hech qanaqa topshiriq bermaydigan bo‘ldi – sukut alomati rizo deganlaridek, onajonimning sukuti bozorga borib, qissago‘ydan biron yaxshi narsa eshitib kelishga ruxsati edi. Himmatiga javob tariqasida, shuningdek, xotiram kuchliligini ko‘rsatib qo‘yish maqsadida kunduzi eshitganlarimni onajonimga jonli, ramzli qilib so‘zlab berar edim.

Sal nariga borib, qissago‘yning hikoyalarini qanday so‘zlagan bo‘lsa shundayicha takrorlash me’damga tegdi va men ularni bejab, o‘zimdan oz-moz qo‘shib hikoya qiladigan bo‘ldim. Onajonimga yoqadigan qilib syujetni qayta tuzar, goho oxirini boshqacha qilib tugatar edim. Bularni bir onajonim emas, balki opalarim, xolalarim, hatto buvim ham jon quloqlari bilan tinglar edilar. Shunday paytlar bo‘lardiki, navbatdagi hikoyani tinglab bo‘lgach, onajonim menga murojaat qilibmi, yo o‘zichami, ich-ichidan to‘liqib va tashvish ila bunday derdi: “Katta bo‘lganingda kim bo‘larkansan-a, bolam? Bunaqa havoyi gaplar bilan qanday qorin to‘yg‘azasan?”

Onajonimning nimadan tash­vish­lanayotganini tushunib turardim, chunki qishlog‘imizda mahmadona bolalarni ayab o‘tirishmasdi, ular bir kunmas-bir kun qishloq boshiga ham, o‘z oilalari boshiga ham musibat olib kelishadi, deb bilar edilar. “Ho‘kizlar” hikoyamdagi qishloqdagilar o‘lguday yomon ko‘radigan yosh bijildoq bola qisman mening bolaligimga o‘xshab ketadi. Onajonim ko‘pincha tilingni bu qadar burro qilaverma deb tanbeh berar edi, u mening kamgap, risoladagidek bola bo‘lishimni, mendan kelajakda sipo odam chiqishini xohlardi. Biroq eshitganlarimni bir necha hissa jozibador qilib takrorlash uquvidan tashqari ko‘nglimda nimadir aytishga kuchli xohish paydo bo‘lgandi, bu endi, tan olish kerakki, xatardan xoli emasdi. To‘tidek sayrab hikoya qilishlarimdan onajonim bir tomondan terisiga sig‘may quvonsa, boshqa tomondan yuragining tub-tubida nish ura boshlagan shubhalardan iztirob chekar edi.

Elda shunday bir naql bor: “Odamdagi odatni o‘zgartirishdan tog‘ni joyidan qo‘zg‘atish yoki daryo o‘zanini buzish osonroq”, ya’ni tarki odat – amri mahol. Ota-onamning shuncha qilgan nasihatlariga qaramay, mening ko‘p gapirishga bo‘lgan tabiiy maylim o‘zgarmadi, xuddi ustimdan kulganidek ismim Mo Yan[2]  bo‘lgani ham aslida shundan.

Baribir boshlang‘ich maktabni tugatolmadim, og‘ir ishlarga hali kuchim yetmasdi, kichkinalik qilardim, shu bois daryoning sero‘t qirg‘og‘ida meni molboqarlikka qo‘yishdi. Maktab darvozasi oldidan sigir va echkilarni haydab o‘tarkanman, hovlida o‘ynab yurgan sobiq sinfdoshlarimga ko‘zim tushar va har gal yuragim g‘amga to‘lardi. Bu esa odam uchun, hatto bola uchun jamoadan ajrash nechog‘li og‘ir ekanini yanada chuqurroq his etishga majbur qilardi.

Men jonivorlarni o‘tlagani qirg‘oqqa qo‘yib yuborardim, tepada tubsiz va bepoyon moviy osmon, pastda oxir-adog‘i ko‘z ilg‘amas o‘tloqzor-yaylov, atrofda zog‘ uchmaydi, inson sasi eshitilmaydi, faqat qushlarning chug‘ur-chug‘urigina quloqqa chalinadi. Men yolg‘izlikdan naq yorilib ketay deyman. Goho o‘tloqqa yotib olib, tepada oppoq bulutlar erinibgina suzib o‘tishini tomosha qilardim va miyamda bir-biridan g‘aroyib xayollar paydo bo‘lardi. Biz tomonlarda parilarga aylanib qolgan tulkilar haqida ko‘plab rivoyatlar yurardi. O‘zimcha ana shu parilardan biri halizamon kelib qoladi-da, men bilan birga mol boqadi, deb tasavvur qilar edim, biroq u pari sira kelmadi. Ammo bir kuni o‘t-o‘lanlar orasidan naq iyagim tagidan olovdek bir tulki sakrab chiqdi. Shunchalik qo‘rqdimki, ortim bilan yerga o‘tirib qoldim. Tulki-ku allaqachon g‘oyib bo‘lgandi, men esa hamon qalt-qalt titragancha joyimdan qo‘zg‘almas edim. Goho sigirning yonginasida cho‘kkalab o‘tirib olardim-da, uning chuqur moviy ko‘zlari ichidagi o‘zimning oyog‘i osmondan aksimni tomosha qilardim, osmonda uchib yurgan qushlarning sayrog‘iga taqlidan ular bilan suhbat qurardim, ba’zida esa o‘z ruhiy kechinmalarimni daraxtlarga “doston” qilardim. Ammo na qushlar, na daraxtlar menga e’tibor berar edilar. Ko‘p yillar o‘tib, yozuvchi bo‘lib yetishgach, o‘sha yillardagi ozmuncha xayolot mevalarini kitoblarimga jam qilmadim. Ko‘plar meni ramziylikda benazirsan deb ko‘klarga ko‘taradi, ba’zi adabiyot ixlosmandlari esa bu qobiliyatni o‘zimda qanday tarbiyalaganim sirini ochib solishimni kutadilar. Bunga men zaharxandalik bilan jilmayib qo‘yaman, xolos.

Qadimgi Xitoyning buyuk donishmandi Lao-tszi aytganidek, “muvaffaqiyatsizlik zamirida muvaffaqiyat yotadi, baxtsizlik baxtga aylanishi hech gap emas”. Bolaligimda maktabda to‘liq o‘qiyolmadim, ochlik va yolg‘izlik nimaligini esa ortig‘i bilan boshdan o‘tkazdim, kitob taqchilligidan jon chekdim, biroq buning evaziga, bamisoli oldingi avlod yozuvchisi Shen Kongven[3]ga  o‘xshab, hayotning buyuk kitobi bilan erta oshnolashdim. Qissago‘yning rivoyatlarini tinglagani bozorga borishlarim mana shu buyuk kitob sahifalaridan biri bo‘lib qoldi.

Maktabda to‘la ta’lim olish menga nasib etmadi. Men kattalar olamiga kirib ketdim va tinglab o‘qish orqali hayotni anglashning uzoq yo‘lini bosib o‘ta boshladim. Ikki asr oldin mashhur o‘lkamda buyuk iste’dod sohibi, qissago‘y Pu Sunlin[4]  yashagan. Qishloqdan chiqqan ko‘plarimiz, shu jumladan men ham u asos solib ketgan an’analarning davomchilarimiz. Qayerda bo‘lmayin, boshqalar qatorida daladami, og‘ildami yoki otxonadami ishlagan, bobom va buvim bilan issiqqina kang[5]da yotgan, hatto ho‘kizlar qo‘shilgan aravada chayqalib maza qilgan damlarda haddan tashqari ko‘p ajoyibu g‘aroyib hikoyalar qulog‘im ostida jaranglayverardi: bular ruhlar va alvastilar haqidagi hikoyatlar, eshitganni butunlay rom qilib oladigan bir-biridan qiziq dostonlardir. O‘lkamiz tabiati, xonadonlar va nasablar  tarixi bilan chambarchas bog‘liq bu rivoyatlar menga voqelikning asl mohiyati, qudratini tanitar edi.

Bir kun kelib bular barchasi asarlarim uchun manba bo‘lib qolishi mening yetti uxlab tushimga kirmagandi. O‘shanda men bunday rivoyatlarni jondan ortiq ko‘ruvchi yosh bolakay edim, nimani hikoya qilsalar yutoqib tinglardim. O‘shanda men xudojo‘y edim, bu rost, atrofdagi hamma narsaning joni borligiga ishonardim. Katta daraxtlar menda hurmat uyg‘otardi. Qush har lahzada odamga aylanib qoladigandek bo‘lar, begona odamga ko‘zim tushganda esa bu odamga aylanib qolgan jonivor emasmikan deya shubhalana boshlardim. Kechqurun ish kuni tugab, katta sanoat brigadasidan uyga qaytayotgan chog‘imda vujudimni kuchli bir qo‘rquv qamrab olar va qo‘rquvni yengish uchun yugurganimcha qo‘shiqlar xirgoyi qilardim. U paytlarda qo‘shiqqa ovozim yetmasdi, goh xirillab, goh chiyillab chiqardi, buni eshitgan hamqishloqlarimning toqatlari toq bo‘lib ketgan bo‘lsa, ajab emas.

Shu tariqa men qishlog‘imda yigirma bir yil yashadim, bu vaqt ichida Chingdao[6]dan  tashqari biron-bir joyga bormadim. Chingdaoga ham bir martagina poyezdda borganman va o‘shanda daraxt arralaydigan joydagi ulkan yog‘och jamlanmalari orasida adashib qolganman. Onam Chindaoda nimalarni ko‘rganimni so‘raganida, men taxta boylamlaridan boshqa hech nima ko‘rmaganimni g‘amgin aytib berganman. Ammo Chindaoga aynan mana shu sayohat menda kindik qoni to‘kilgan joylarni tashlab chiqib, dunyoni ko‘rishga otashin xohish uyg‘otgandi.

1976 yil fevralida meni armiyaga chaqirishdi va men ham yaxshi, ham yomon ko‘radigan qadrdon go‘sham – Dunbey[7]  Gaomisini tark etdim. Ichiga “Xitoyning qisqacha tarixi” to‘rt jildlik kitoblar solingan safarxaltamni yelkamga ortmoqlab oldim. Uni onajonim o‘zining to‘y taqinchoqlarini sotib olib bergandi. Hayotimning muhim davri boshlandi. Tan olishim kerakki, agar xitoy jamiyati o‘ttiz yildan ko‘proq taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tmaganida, agar islohotlar va oshkoralik siyosati amalga oshirilmaganda, menday yozuvchi bo‘lmas, bo‘lishi mumkin ham emasdi.

Bir maromdagi armiyacha hayotda yashay turib, men saksoninchi yillarning mafkuraviy hurriyatini va adabiy yuksalishini ko‘tarinki ruh bilan kutib oldim, hikoyalar tinglashni va boshqalarga so‘zlashni sevadigan bolakaydan endi ularni qog‘ozga tushira oladigan yozuvchiga aylandim. Bu yo‘lning avvali silliq kechmadi. Qishloqdagi hayotimning yigirma yillik tajribasi nechog‘li boy ashyoni jamlaganini o‘shanda anglagandim. O‘shanda adabiyot bilan shug‘ullanish yaxshi ishlar qiladigan yaxshi odamlar haqida, ya’ni namunali ishlariga taqlid qilish kerak bo‘lgan qahramonlar haqida yozishni ko‘zda tutadi deb bilardim. Shu bois garchi men bir nechta asar chop ettirgan bo‘lsam-da, ular adabiy qimmat kasb etmagandi.

1984 yilning kuzida meni Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi (XXOA) San’at akademiyasining adabiyot kulliyotiga qabul qilishdi. U yerda o‘zimning hurmatli  murabbiyim, taniqli yozuvchi Syuy Xuaychjun rahbarligi ostida bir nechta qissa va hikoyalar yozdim, jumladan: “Kuzgi toshqin”, “Qurib qolgan daryo”, “Sarxil sabzi” va “Qip-qizil tentak”. Aynan “Kuzgi toshqin”da birinchi marta “Dunbey Gaomisi” birikmasi uchraydi va shundan boshlab bir parcha yerga ega bo‘lgan sayoq batrak dehqonga o‘xshab, o‘shanday adabiy sayoq men ham, nihoyat, bir joyda qo‘nim topdim. Tan olishim kerakki, mening adabiy dunyom, Dunbey Gaomisini yaratish jarayonida amerikalik Uilyam Folkner va kolumbiyalik Gabriel Garsiya Markesning asarlaridan g‘oyat ta’sirlanganman. Unisini ham, bunisini ham juda ko‘p o‘qiganim vajidan emas, dadillik borasida ularning bemislligidan to‘lqinlanib ketdim, yozuvchining o‘ziga qarashli burchagi bo‘lishi kerakligini angladim. Bu kundalik hayotda kamtar va odobli bo‘lish, adabiy ijodda esa o‘zini mag‘rur tutmoq va o‘z inon-ixtiyori ila harakat qilmoqdir. Ikki yilcha bu ikki ustoz yo‘lidan bordim, shundan keyin ulardan iloji boricha tezroq qutulish zarurligini angladim. Bir essemda bu haqda bunday gaplarni yozgan edim: ular – ikki lang‘illab yonib turgan o‘choq, men esa – bir parcha muzman, agar ularga yaqinroq borsam, erib ketishim tayin. Mening tushunishimcha, bir yozuvchi boshqasining ta’sirini, agar qalblarining tub-tubida ular nimalari bilandir bir-biriga o‘xshasa, shunda his qilishi mumkin, bu narsa “birgalikda titragan qalblar[8]”  deb ataladi. Shu bois, garchi men ularning asarlari bilan chuqurroq tanishmagan bo‘lsam-da, bir necha sahifani o‘qib chiqishim bilanoq ular nima qiladilar va qanday qiladilar – shu narsani angladim.

Mening vazifam aslida uncha murakkab emasdi: o‘zimcha yozishim va o‘zimga tegishli bo‘lgan narsa haqida yozishim kerak. O‘zimcha deganda, bozor qissago‘ylarining menga yaxshi tanish bo‘lgan uslubi tushuniladi, xuddi menga bobom bilan buvim hamda qishloq qariyalari hikoya qilib berganlariday. Vijdonan aytganda, men o‘z rivoyatlarimni so‘zlayotganimda tinglovchilarim kimlar bo‘lishi mumkinligi haqida hech qachon bosh qotirmaganman: balki onamga o‘xshaganlar bo‘lar, balki mening o‘zimga o‘xshaganlar bo‘lar. Mening hikoyalarim avval-boshda mening o‘z tajribamga asoslangan bo‘lardi. Misol uchun “Qurib qolgan daryo”dagi ta’zirini yegan zumrashani yoki “Sarxil sabzi”dagi churq etib og‘iz ochmagan mishiqini olaylik. Men o‘zim bir ishkal ishim tufayli otamdan naq ko‘radiganimni ko‘rganman va aslida ko‘prik qurilishidagi temirchining meshini tortib turganman. Albatta, shaxsiy tajribangni haqiqatda qanday bo‘lsa, shundayligicha hikoyaga olib o‘ta olmaysan, bu yerda voqeaning g‘aroyibligi ham hisobga o‘tmay qoladi. Nasrda to‘qima ishtirok etishi shart, ramziylik bo‘lmog‘i kerak. Ko‘pgina do‘stlarim “Sarxil sabzi”ni mening eng yaxshi asarim ekanini aytishadi. Men rad etmayman va rozi ham bo‘lmayman, ammo “Sarxil sabzi” yozganlarim ichida eng timsoliy va ma’no jihatidan eng teran asar deb bilaman. Azob-uqubatlarga dosh berishda aql bovar qilmas qobiliyat va kuchli hissiyotga ega bu qorachadan kelgan bolakay mening butun adabiy ijodimning joni. Keyin men ozmuncha qahramonlar yaratmadim, ammo hech biri mana bunisi kabi yuragimga yaqin emas. Bordi-yu, boshqacha ifodalamoqchi bo‘lsam, yozuvchi yaratgan barcha qahramonlar orasida har doim bitta yetakchisi bo‘ladi. Men uchun mana shu  indamas bola ana shunday yetakchi qahramon. Bir og‘iz ham gapirmaydigan bola har turli odamlarni ortidan ergashtira oladi va Dunbey Gaomisi sahnasida  ehtirosli tomosha namoyish etadi.

Tajribang zaxirasi tagi ko‘rinib qolganda, o‘zing haqingda ko‘p narsa aytolmaysan, boshqalar haqida hikoya qilishga to‘g‘ri keladi. Xotiralarim tag-tagidan xuddi buyruq bilan harakatga kelgan askarlardek, qarindosh-urug‘larim haqidagi, qishloqdoshlarim haqidagi hikoyalar, shuningdek bir vaqtlar qariyalar og‘zidan eshitgan ajdodlar haqidagi hikoyalar bosh ko‘tarib chiqib kelaveradi. Ular bari men to‘g‘rimda qachon yozasan, degandek menga umid bilan qaraydilar. Bobom, buvim, otam, onam, akalarim va opalarim, ammalarim va tog‘alarim, xotinim va qizim – ular barchasi asarlarim sahifalarida paydo bo‘ladilar. Lavhalarda Dunbey Gaomisidan ko‘plab yurtdoshlar ishtirok etadilar. Albatta, adabiy ishlovdan va asarlarning qahramonlariga aylangandan keyin ularning qiyofalari hayotdagi prototiplaridan durustroq aks etadi.

Mening so‘nggi “Qurbaqalar” romanimda ammamning qiyofasi gavdalantiriladi. Menga Nobel mukofoti berilgandan keyin ko‘plab jurnalistlar intervyu bering, degan iltimos bilan uni qurshab ola boshladilar. Avvaliga ammam sabr-toqat bilan savollariga javob berib turdi, biroq sal nariga borib bu narsa uning toqatini toq qilib yubordi va o‘g‘linikiga yashirinish uchun qochib ketdi. Men haqiqatan ham ammam misolida roman yozgan edim, ammo u roman qahramonidan osmon bilan yercha farq qilardi. Romanda u o‘zbilarmon va mustabid, goho sal bo‘lmasa katta yo‘ldagi qaroqchilardek ish tutadi, hayotdagi ammam esa barchaga baravar, yaxshilik istovchi ayol, vafodor xotin va mehribon ona. Ammamning hayoti yoshi bir joyga yetganda baxtli va to‘kis hayot kechirgan edi; romandagi qahramon esa yil o‘tgan sayin chidab bo‘lmas ruhiy azoblardan uyqusini yo‘qotadi va qora libos kiyib, tun bo‘yi arvohdek kezinib yuradi. Samimiy, kamtarin munosabati uchun men ammamdan cheksiz minnatdorman, uni butunlay boshqacha qilib tasvirlaganim uchun u meni zarracha koyimadi. Unga mehru hurmatim cheksizligining yana bir sababi shulki, u adabiy qahramon va haqiqiy odam o‘rtasidagi tafovutni to‘g‘ri tushunadi.

Onajonim vafot etganda meni shunaqangi katta g‘am chulg‘ab oldiki, bir romanimni unga bag‘ishlashga qaror qildim. Bu roman “Bag‘ri keng, sabri tog‘day” deb ataladi. O‘ylaganlarim amalga osha boshlaganida ilhomdan shunaqangi g‘ayratim jo‘shib ketdiki, bor-yo‘g‘i sakson uch kun ichida yarim million iyeroglif hajmidagi romanning dastlabki variantini yozib tashladim. “Bag‘ri keng, sabri tog‘day” romanimda onamning o‘z hayoti bilan bog‘liq manbalardan tortinmay foydalandim, biroq kitobdagi ona tuyg‘usi va xarakteri yo butunlay to‘qima, yoki Dunbey Gaomisidagi ko‘plab onalardan ko‘chirib olingan. Garchand “Arshi a’lodagi onam ruhiga bag‘ishlayman” deb yozgan bo‘lsam-da, aslida roman arshi a’lodagi barcha onalarga bag‘ishlangan. Bu shunday ahmoqona da’voning zuhuri ediki, uni butun Xitoy va hatto butun dunyoni mittigina Dunbey Gaomisida mujassam etishga qilgan harakatimga o‘xshatish mumkin.

Har bir yozuvchining o‘z ijod jarayoni bo‘ladi, fikr va ilhom manbai ham mening hech bir asarim uchun butunlay bir xil emas. “Sarxil sabzi” singari ayrim asarlarim to‘qimalar dunyosi sharofati ila tug‘ilgan, “Sarimsoq balladasi” singari asarlarim esa muayyan voqealarga asoslangan. Biroq to‘qimaning bu olami insonning shaxsiy tajribasi bilan mushtarak bo‘lgachgina  haqqoniyat, ham pirovard-oqibatda yorqin ifoda etilgan, individuallik, ko‘plab ma’nodor tafsilotlarga ega  tipik qahramonlar, boy til va o‘ziga xos kompozitsiya bilan adabiy asarga aylanadi. Shuni ta’kidlash joizki, aynan “Sarimsoq balladasi”da men bosh qahramonlardan biri sifatida hayotda mavjud qissago‘y va qo‘shiqchini tanlaganman. Qattiq afsuslanadigan joyim shundaki, men bu qissago‘yning haqiqiy ismidan foydalanmaganman, holbuki, romanda u qilgan ishlarning barchasi to‘qimadan boshqa narsa emas. Bunday hodisalar menda tez-tez ro‘y berib turadi: boshlanishida men qahramonlarga nisbatan bir qadar yaqinlikka ega bo‘lish ilinjida haqiqiy ismlardan foydalanaman. Biroq kitob ustidagi ishim oxirida ular ismini o‘zgartirishga kirishganimda buning iloji yo‘qligini anglab qolaman. Shu bois qahramonlarim ismidagi odamlar o‘z noroziliklarini izhor etish uchun otamning huzuriga keladilar. Otam ulardan kechirim so‘raydi va ayni damda buni ko‘ngillariga olmasliklarini o‘tinadi. Mana masalan, “Qip-qizil tentak”dagi dastlabki jumlani oling: – “Mening otam – bu qaroqchi naslidan” – menga og‘ir botmaydimi? Sizlar xafa bo‘lmasangiz ham bo‘ladi”.

Eng ko‘p qiyinchilik tug‘dirgan asar “Sarimsoq balladasi” bo‘ldi. Bu hozirgi zamonda sodir bo‘lib turgan voqealar tasvirlangan asar. Bu menga oson emasdi, gap jamiyatdagi noxush hodisalarni tanqid ostiga ola bilishimda emas, gap shunda ediki, qattiq qahru g‘azab tufayli siyosat adabiyotdan ustun kelishi va shunda roman jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqidagi reportajga aylanishi mumkin edi. Jamiyat a’zosi sifatida yozuvchi albatta o‘z o‘rniga va o‘z nuqtai nazariga ega, ammo asar yaratish chog‘ida u gumanist sifatida maydonga chiqishi va asardagi qahramonlarga aylanib qolishi kerak. Shundagina adabiyot qandaydir voqeadan chetlashib qola oladigina emas, balki undan o‘tib ham keta oladi, siyosatga qiziqadigina emas, undan ustun ham kela oladi.

Uzoq vaqtgacha hayotim mahrumiyatlar bilan to‘lib-toshdi va, ehtimol, shuning sharofati bilan inson tabiati borasida ancha teran tushuncha ola bildim. Haqiqiy botirlik nima ekanini bilaman, chinakam hamdardlik nima ekanini tushunaman. Bilaman, har bir odamning qalbida qandaydir xira joy bor, bu yerda nima to‘g‘riyu nima noto‘g‘ri, nima yaxshiyu nima yomon ekanini aytish qiyin. Xuddi o‘sha yerda yozuvchi iste’dodi qanot yozadigan o‘rin ham bor. Bordi-yu, asarda ziddiyatlarga to‘la, shu o‘rin aniq va jonli tavsiflab berilsa, u shubhasiz, siyosat doirasidan chiqadi-da, adabiy mahoratning yuqori darajasini shart qilib qo‘yadi.

Ehtimol, faqat o‘zimning asarlarim haqida gapiraverib, sizlarni charchatib qo‘yayotgandirman, ammo mening hayotim shu asarlarim bilan bog‘liq va bordi-yu ular haqida gapirmasam, bilmadim, yana boshqa nima haqida gapirishim mumkin. Shu bois meni ma’zur tutasizlar degan umiddaman.

O‘zimning ilk asarlarimda adabiy uslub niqobi ostidagi zamonaviy qissago‘y kabi ijod qilar edim, ammo “Sandal daraxtining o‘limi” romanimdan boshlab nihoyat sahna ortidan sahna oldiga chiqib keldim. Agar mening ilk nasrimni o‘quvchi bilan emas, o‘zim bilan suhbatlar deb aytish mumkin bo‘lsa, bu romanda esa o‘zimni maydonda turib olib ko‘p sonli tinglovchilar oldida jonli va ramzli hikoya so‘zlayotgandek namoyon bo‘ldim. Bir muddat g‘arb modern adabiyotini qunt bilan o‘rgangan va bayonning turli-tuman shakllarini tajribadan o‘tkazgan edim, ammo oxir-oqibat an’analarga qaytgan edim. Albatta, bu qaytish yangilik kiritilmasdan sodir bo‘lmas edi. “Sandal daraxtining o‘limi” va keyingi romanlar uslubi xitoy mumtoz nasri an’analarini davom ettiradi va ayni vaqtda g‘arb adabiy usullari tajribasidan foydalanadi. Adabiyot sohasidagi yangilik asosan ana shunday qorishiqning natijasi hisoblanadi ham. Bu milliy adabiy an’analarning boshqa mamlakatlar adabiy usullari bilan qorishuvigina emasdi, balki san’atning boshqa turlarini jalb qilish ham edi. “Sandal qatli” romanida, masalan, Pekin operasi[9]ning ommabop mahalliy turi ishtirok etadi, mening ayrim dastlabki asarlarim uchun esa nafis san’at, musiqa va hatto akrobatika ozuqa vositasi bo‘lgan edi.

So‘zimning oxirida “Hayot – azob, o‘lim – xaloskor emas” romanim xususida ikki og‘iz gapirishimga ijozat bersangizlar. Kitobning xitoycha nomi buddaviylarning muqaddas kitoblaridan olingan va, menga ma’lum bo‘lishicha, turli mamlakatlarning tarjimonlari uni qanday talqin qilishda boshlari qotmoqda ekan. Men buddaviylik aqidalarini mukammal bilaman deb aytolmayman va mening buddaviylik haqidagi taassurotim nihoyatda yuzaki. Bu nomni tanlaganim boisi shundaki, buddaviylikning talay asosiy g‘oyalari o‘zida chinakamiga samoviy ongni namoyon etadi va buddaviyning nazarida odamlar olamidagi ko‘plab nidolar mutlaqo ma’niga ega emas. Mana shu oliy nuqtai nazardan qaraganda odamlar olami g‘am-g‘ussalar bilan limmo-limdir. Ammo mening romanim da’vatgo‘ylik emas; unda men inson taqdiri va inson tuyg‘ulari haqida, insoniy mahdudlik va kamtarlik haqida, shuningdek baxtni qidirish va o‘z iymonini himoya etishda odamlar qanaqangi o‘lib-tirilib harakat qilishlariyu qanaqangi qurbonlar bermasliklari haqida yozaman. Roman qahramonlaridan biri Lan Lyan bir o‘zi davr shamoliga qarshi turadi, mening nuqtai nazarimda – bu haqiqiy qahramon. Bu qahramonimga prototip qilib qo‘shni qishloqdagi bir dehqonni olganman. Kichkinaligimda men ko‘pincha uyimiz oldidan yog‘och g‘ildirakli aravasini g‘iytillatib o‘tganini ko‘rar edim. Aravaga cho‘loq ho‘kiz qo‘shilgan bo‘lardi, ho‘kizni esa ingichka oyoqlarini doka bilan o‘rab olgan o‘sha dehqonning xotini yetaklab borardi. O‘sha davrdagi jamoatchilik jamiyatida bu g‘ayrioddiy mehnat shirkati shu qadar g‘alati va qoloq hodisa hisoblanardiki, biz – bolalarga ular zamona zayliga qarshi boruvchi masxarabozlarga o‘xshab ketardi. Bu narsa bizning shunaqangi g‘azabimizni qo‘zitardiki, biz ularni toshbo‘ron qilardik. Ko‘p yillar o‘tib, asarlar yoza boshlaganimda o‘sha dehqon va o‘sha manzara miyamga qalqib chiqdi, bir kun kelib u haqda kitob yozishim kerakligini, ertami-kechmi u haqda olamga jar solishim lozimligini angladim. Ammo 2005 yildagina bu buddaviylik ehromi devorida Sansar[10]  charxi tasvirini ko‘rganimdagina mana shu kitobni qanday yozishim kerakligi menga kunday ravshan bo‘ldi.

Menga Nobel mukofoti berilishi biroz bahs keltirib chiqardi. Avvaliga bu bahsning sababchisi men degan qarorga keldim, ammo asta-sekin buning menga hech qanday aloqasi yo‘q ekanini tushunib yetdim. Men xuddi teatrdagi tomoshabin singari atrofimda o‘ynalayotgan tomoshani kuzatdim. Mukofot sovrindorini gullarga ko‘mishlarini, toshbo‘ron qilishlarini va ustidan mag‘zava ag‘darishlarini ko‘rdim. Uni tepkilab, yanchib tashlashlaridan qo‘rqdim, ammo u gul va toshlar ostidan kulimsirab chiqib keldi, engil-boshini qoqdi, xotirjam bir chetga o‘tdi-da, olomonga yuzlandi.

Yozuvchi uchun dilidagini aytishning eng yaxshi usuli – o‘z so‘zlarini qog‘ozga tushirish. Men aytmoqchi bo‘lgan hamma narsani siz kitoblarimdan topasiz. Aytilgan so‘zni shamol uchirib ketadi, qalam bilan yozilgan so‘zlar esa asrlar osha yashaydi. Umid qilamanki, kitoblarimni o‘qishga sabringiz dosh berajak,  holbuki, ularni sizga o‘qiysan deb majbur qilolmayman. Bordi-yu, o‘qib ko‘rganingizda ham men haqimda fikringizni o‘zgartirasiz deb o‘ylamayman. Asarlari barchaga birdek yoqqan yozuvchi hali dunyoga kelgan emas, boz ustiga bugungidek bir zamonda.

Men ortiq hech narsa demaslikni ma’qul ko‘rardim, ammo bugun mana shu voqea munosabati bilan gapirishimga to‘g‘ri keladi va yana ikki og‘izgina so‘zlamoqchiman.

Men – qissago‘yman va quyidagi voqealarni hikoya qilmoqchiman.

1960 yillarda men uchinchi sinfda o‘qirdim, biz butun maktab bilan eski jamiyatdagi azob-uqubatlarga bag‘ishlangan ko‘rgazmaga keldik, u yerda o‘qituvchimizning ko‘rsatmasi bilan achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘kdik. Mening sadoqatli o‘quvchi ekanimni o‘qituvchim ko‘rsin deb yoshlarimni artmayotgandim. Birdan ko‘zim sinfdoshlarimdan biriga tushdi, ko‘z yoshi deb o‘ylasin deb u qo‘llariga tupurardi-da, tupukni yuz-ko‘ziga surtardi. Chinakamiga yig‘layotganlar va yig‘laganga o‘xshab ko‘ringanlar orasida yuz-ko‘zida yoshdan asar ham yo‘q bir bolani ko‘rdim, u “g‘iq” etib tovush chiqarmayotgandi va hatto yuzini qo‘llari bilan yopmagandi ham. U faqat ko‘zlarini katta-katta ochganicha bizlarga qarab turardi, uning ko‘zlarida na hayrat va na g‘am ifodasi bor edi. Ko‘rgazma tamom bo‘lgandan keyin men shu o‘quvchining qilig‘i haqida o‘qituvchimizga borib chaqdim va u yaxshigina ta’zirini yedi. Yillar o‘tib, o‘qituvchimga o‘sha chaqimchiligimdan hali-hali pushaymonligimni, bundan uyalayotganimni aytganimda, o‘qituvchim o‘sha kuni shunday chaquvlar bilan oldiga o‘ndan ortiq odam kelganini aytdi. O‘sha sinfdoshim bundan o‘n yil oldin o‘lib ketgandi va har gal uni eslaganimda vijdonim qiynalar edi. Ammo men bu voqeadan bir muhim haqiqatni bilib oldim: atrofdagilarning bari yig‘layotganda kimgadir yig‘lamaslikka izn berilishi mumkin. Ko‘z yoshi qalbaki bo‘lsa, inchinun.

Endi so‘nggi hikoyamni aytay, uni ko‘p yillar oldin menga bobom so‘zlab bergandi. Bir kuni ishlagani g‘isht teruvchi sakkiz mardikor jaladan qochib, eski ehromga yashirinishibdi. Tashqarida momoqaldiroq gum­bur­larkan, ehrom darvozasi ortida birin-ketin olov zo‘ldirlar dumalay ketibdi, havoda bamisoli ajdarho o‘kirigi yangrayotgandek bo‘laveribdi. Hammaning yuragi yorilib, ranglarida rang qolmabdi. “Hoynahoy, oramizdan birimiz qattiq gunoh qilib, Xudoning g‘azabini keltirdik. Gunoh qilgan odam ehromdan chiqsin-da, jazosini olib begunohlarni qutqarsin”, – debdi ustalardan biri. Tabiiyki, hech kim chiqishni istamabdi. Shunda yana biri debdi: “Modomiki, hech kim chiqishni istamas ekan, kelinglar, hammamiz qalpog‘imizni tashqariga otamiz. Kimning qalpog‘i darvozagacha yetib borsa, gunohga o‘sha odam yo‘l qo‘ygan bo‘ladi, o‘shani tashqariga chiqaraylik, jazosini olsin”. Barchalari qal­poqlarini itqita boshlashibdi. Yettita qalpoq shamol esishidan ehromga qayta kelib tushibdi, faqat bittasi darvozagacha yetib boribdi. Barchalari unga tash­la­nishibdi, tashqariga chiqib, jazongni ol, deyishibdi, u esa, tabiiyki, rad etibdi, shunda uni tutib, darvozadan haydab chiqarishibdi. Barchangiz, ehtimol, hangoma nima bilan tugaganini bilgandirsiz: haligi kishini haydab chiqarishlari hamon eski ehrom qulab tushibdi.

Men – qissago‘yman.

Hikoyalarim tufayli men adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini oldim.

Menga mukofot berilganidan keyin ozmuncha yorqin voqealar ro‘y bermadi va bu mening haqiqat va adolat borligiga bo‘lgan ishonch-e’tiqodimni yanada ko‘proq mustahkamladi.

Bundan keyin yana o‘z hikoyalarimni so‘zlashda davom etaman.

Barcha hozir bo‘lganlarga tashakkur bildiraman.

2012 yil 7 dekabr

Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son

__________________

[1]Oy bayrami – to‘lin oydan zavqlanish bayrami bo‘lib, Xitoy taqvimi bo‘yicha sakkizinchi oyning 15-kuni (to‘lin oy), bu taxminan sentyabrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi.

[2] Mo Yan – so‘zma-so‘z o‘girganda «gapirma» ma’nosini anglatadi.

[3]Shen Kongven (1902-1988) – Xitoy yozuvchisi, lirik nasr muallifi, mumtoz an’analarga katta e’tibor qaratgan, ijodda ma’naviy mustaqillik tarafdori.

[4] Pu Sunlin – (1640-1715) – Shandun viloyatida yashagan hikoyachi. «G‘ayrioddiy narsalar haqida qaydlar», xalq rivoyatlari va daos afsonalari asosidagi xayoliy hikoyalar to‘plamlari muallifi.

[5]Kang – an’anaviy xitoy uyidagi isitish katchasi.

[6]Chingdao – Shandun viloyatidagi bandargoh.

[7] Dunbey – Xitoyning shimoliy-sharqiy viloyatlarining yig‘ma nomi.

[8] Mashhur ibora tan shoiri Li Shan’inning (813-858) she’ridan olingan.

[9] Pekin operasi – Xitoy an’anaviy teatrida ko‘p tarqalgan opera turi.

[10] Sansar – Buddaviylikda qayta tug‘ilish jarayoni.