Safar uzoq va sermashaqqat bo‘ldi. Tun qo‘ynida yelib borayotgan avtofurgon chang bosgan, o‘nqir-cho‘nqir qishloq yo‘lida qanday silkinsa, qop-qora asfalt yo‘lda ham undan besh battar silkinib, sakrashda davom etardi.
Qiz pishgan bananning bir chekkasini archidi.
– Banan yeysizmi?
– Nima? Eshitmayapman!
– Banan yeysizmi, deyapman?
– Yeganda qandoq. Faqat archib tozalab berasiz-da, maylimi?
Mana yo‘l bo‘yi ular o‘sha-o‘sha bir xil gapni uch marotabadan chaynab takrorlab kelishardi.
Haydovchi moyga botgan, hamma yeridan benzin hidi anqib turgan oq ko‘ngil odam edi. Yo‘lovchi bo‘lmish o‘z hamrohini haydovchi Sidneyning uzoq chekka o‘lkasidan topgandi. Qiz yo‘lning chetida behudaga qo‘l ko‘tarib bir soatdan ortiq vaqt turib qoldi – mashinalar esa uning yonidan g‘izillagancha o‘tib ketaverdi. Ko‘pg‘ildirakli ulkan maxluq nafasi bo‘g‘ilib pishilladi va qattiq tovush chiqarib havoni yutgancha qizning yoniga kelib to‘xtadi – bundan qiz juda suyunib ketdi. Kabina oynasidan haydovchining unga samimiy boqib turgan yuzi ko‘rindi.
– Qayerga borasiz? Melburngami?
– O‘zingiz-chi? – sergak surishtira ketdi qiz.
– Melburnga.
– Juda soz. Siz bilan keta qolay.
Qiz bug‘doydan bo‘shagan qopga tartib bilan joylashtirilgan lash-lushlarini ko‘tardi. Haydovchi engashdi-da, uning qo‘lidan qopni oldi.
–Ehtiyot bo‘ling, u yerda plastinka bor!
– Xavotir olmang, qizgina, hammasi joyida bo‘ladi.
Haydovchi qopni tangu tor kabinaga joyladi.
Qiz zinapoya balandligini chamalab ko‘rdi-da, irg‘ib unga chiqib oldi va o‘zini o‘rindiqqa tappa tashlab, haydovchining yoniga o‘tirdi. Mana furgon ham bosaymi-bosmaymi deb imillagancha, toshbaqa yurish bilan diqqatni oshiradigan bu yo‘lni zabt etish payida joyidan qo‘zg‘aldi… Qiz ko‘ziga tushgan yorqin nurdan uyg‘onib ketdi va tez-tez ko‘zini pirpirata boshladi.
– Ko‘zlagan manzilingizga deyarli yetib keldingiz, – dedi miyig‘ida kulib haydovchi.
– Soat necha bo‘ldi o‘zi?
– Bir yarim. Qayerda tunamoqchisiz?
– Do‘stlarimnikida. Menda qayerdadir ularning manzili yozilgandi.
U qopini kavlay ketdi.
– Bu o‘zi qanaqa plastinka?
– Do‘stimga sovg‘a.
– Sovg‘a qilaman deb shuni naq Kvinslenddan ko‘tarib kelyapsizmi?
– Ha.
– Bunday matohni Melburndan ham topsa bo‘lardi, agar bilsangiz.. O‘zingizga ortiqcha dahmaza orttiribsiz-da.
– Yo‘q, unday emas, – qat’iy e’tiroz bildirdi qiz. – Men sovg‘ani do‘stimni ko‘rgan zahotim qo‘liga topshirishim kerak.Haydovchi tushundim degandek bosh irg‘adi. Ro‘paradan kelayotgan mashinaning chiroqlari bir lahza qizning yonboshini yoritib yubordi.
* * *
Karlton ko‘chalari zulmat va sukunatga cho‘kkandi, bahaybat avtofurgonning mungli ingrashi tor ko‘chada aks sado qaytardi, uylarning parti ketib, sharti qolgan tunuka mo‘rilarini zirillatib o‘tdi va atrofdagi barcha jonivorlarni uyg‘otib yubordi.
Qiz asabiylasha boshladi.
– Mumkin bo‘lsa, mana shu muyulishda to‘xtatib yuborsangiz, uyni o‘zim topib olaman.
– Bilasizmi, men sizni eshigingizning tagigacha olib borib qo‘yishim mumkin, – javob berdi haydovchi.
Bunday qaraganda bari silliqqina poyoniga yetgandek va qandaydir kamsitilgandek ham edi. O‘z manziliga uni qog‘ozga o‘ralgan qanddek qilib eltib qo‘ygan furgondan or qilayotganini qiz birdan fahmlab qoldi.
– Ovoz chiqarib xabar beraymi, – suyukli yori kelganini u axir bilsin-da, a?
Haydovchi shunday dedi-da, ayyorona miyig‘ida kulib qo‘ydi.
– Hojati yo‘q, – gapni shartta bo‘ldi qiz va tosh yo‘lga sakrab tushdi. So‘ng boshini ko‘tardi-da, xavotir ila unga boshdan-oyoq razm soldi. Haydovchi kulib qo‘ydi-da, motorni yurgizdi va eshikni qarsillatib yopdi.
– Hali yana ko‘rishib qolarmiz, do‘ndiqcha.
So‘ng metall alvasti beo‘xshov sudralgancha o‘rmalab ketdi.
Qiz bir o‘zi so‘ppayib qolaverdi.
Endi nima bo‘ladi? Hayajondan qizning kaftlari nam tortdi, ichiga xuddi ho‘l loy to‘lgandek me’dasi zilday bo‘ldi. Qovoqlari kerkib, bo‘shashdi va oyog‘i ostidagi qop-qora asfalt yo‘l biroz siljigandek tuyuldi.
Qizning qo‘lidagi parcha qog‘ozga raqami yozilgan uydan bir maromda plastinkadan zamonaviy kuy yangrardi va xushchaqchaq odamlarning qattiq-qattiq kulgani quloqqa chalinardi. Azaldan mavjud eski, bo‘yoqlarining rangi o‘chib, derazalari sinib tamom bo‘lgan, ikki qavatli bu uy bir-biriga yondosh uylar qatoridan joy olgandi. Boloxona ayvonining qora panjarasidan bir necha odam engashib qaradi va ular orasida bo‘yniga olma urug‘idan marjon osib, qo‘lida bir stakan pivo tutgan, nari borsa, yigirma yoshdagi yigitcha ham bor edi.
– Qopda nima bor? – xursand so‘radi yigitcha.
Qiz ko‘zini lo‘q qildi-da:
– Mening badjahl o‘gay onam, – to‘nggina javob berdi qiz.
Yigitcha miyig‘ida kuldi.
– Yuqoriga olib chiq.
– Men bir odamni izlayapman… – gap boshladi qiz, biroq gapini tugatolmadi: yigitlardan birining ko‘ngli behuzur bo‘lib, boloxona ayvonchasi tagidagi buta g‘ovga qayt qilib yubordi.
– Sen yaxshisi uyga kir, – baqirdi unga kimdir. – Bo‘lmasa suvga tushgan mushukdek ivib ketasan.
Boloxona ayvonchasida qattiq kulgi ko‘tarildi. Qiz taklifni minnatdorchilik bilan qabul qildi, biroq uni kutib olishga hech kim tushmadi va nim qorong‘i xonada paydo bo‘lib qolganida, bu yerga go‘yo beruxsat kirib kelgandek tuyuldi o‘ziga.
Devor yoqalab ko‘m-ko‘k sharob shishasida shamlar yonib turardi, yo‘lakning narigi boshidagi xonada olov rangidagi yorug‘likda musiqa ohangiga tushayotgan yarqiragan ro‘dapo kiyimlar, eski jinsilar, sarpoychang oyoqlar lip-lip o‘tib turardi, raqsga tushayotganlarning bilaklari va to‘piqlariga taqilgan qo‘ng‘iroqchalarning tiniq shiqirlashlari eshitilardi. Musiqa shovqin-suron ovozini bosib turardi, ana kimdir plastinka ustiga yiqilib tushdi. G‘azabli qiyqiriq yangradi, so‘ng unga javoban xuddi shunaqa boshqa g‘azabli qichqiriq yangradi. Bir erkak bilan ayol o‘zaro jig‘illasha ketdi va to bir-birining avra-astarlarini ag‘darib bo‘lguncha xonadagi shovqin-suron biroz bosilgandek bo‘ldi.
Olma urug‘idan bo‘yniga marjon osib olgan haligi yigitcha boloxona ayvonidan yo‘lakka tushdi-da, qizning qopini oldi.
– Kirsang-chi, – dedi yigitcha.
– Men… To‘g‘risi, bilmayman… Haligi… Men bir odamni izlayotgandim…
Biroq yigitcha gapni oxirigacha eshitmayoq ortiga burildi va qiz istar-istamas unga ergashdi.
Eshikda paydo bo‘lgan qiyofalarga yig‘ilganlarning bari qaradi. Bu na e’tibor bilan tikilish edi va na qiziqish bilan, bir qarashda, qayerdadir uzoqda, qo‘ra ustiga joylashib olgan qushchaga yalqovlik ila kavshanayotgan sigirning boqishiga o‘xshash befarqlik bor edi.
Dahanaki jang bir lahzagagina to‘xtadi, so‘ng yana shiddat bilan avjiga chiqdi.
– Sen o‘zi qayerdansan, do‘ndiqcha? – qichqirdi kimdir.
– Kvinslenddan, – o‘ta jiddiy ohangda javob berdi qiz.
Bu so‘zlar go‘yo turtki bo‘ldi – kecha yana birdan avjiga mindi: birlari Kvinslend – politsiyachilar shtati desa, boshqalari cho‘chqaga o‘xshab xur-xur qilgancha lapanglab yugura ketdi, uchinchi birlari norozilik va isyon qo‘shiqlarini vadavangiga oldi.
Shu orada plastinkani tuzatib, uni yana yurgizib yuborishdi, bir-birini haqoratlarga ko‘mish shiddat bilan tag‘in avjiga chiqdi, kechaning g‘ala-g‘ovuri yangi kuch bilan tungi sukunatni buzmoqda edi. Kimningdir qo‘li klaret sharobli shishaga yopishdi va quyib qizga uzatdi.
– Sen bu yerda nima qilib yuribsan?
– Bir odamni izlayotgandim.
– Kim ekan o‘sha odam?
– Jon degan.
– Jon – u yog‘i-chi?
– Men… Bilmadim, uning ismi sharifi nima ekan? U talaba. Ijtimoiy fanlarni, huquqni o‘rganadi.
Kimdir qattiq xo‘rsinib qo‘ydi.
– Nima, bor-yo‘q bilganing shumi?
– O‘zini ko‘rsam darrov taniyman: u doim jinsi shimda va Amerika bayrog‘ining rasmi tushirilgan ko‘ylakda yuradi…
– Ikkita qulog‘i va ikkita ko‘zi ham bo‘lsa kerak? – kesatib dedi biri qizga sharob uzatib.
– Lekin u shu yerda yashaydi.
– Shu yerda deganingni qanday tushunsa bo‘ladi? Shu uyda turadi demoqchimisan?
– Ha, shunday demoqchiman. U… u hozir shu yerdami?
– Ehtimol, shundaydir. To‘xta-chi, men borib Marjdan bilib kelaman. U xotin shu yerda yashaydi.
Yigit ketgach, qiz tumshaygancha devorga yopishib turib oldi. Sharob iliq ekan. Mana yigitcha ham qaytib keldi va qizning qo‘lidan ushladi-da, uni kambar oshxonaga sudradi. Marj chanoq oldida turib olib ko‘kat to‘g‘rash bilan ovora edi. U qizni ko‘rib, jilmaydi.
– Endi esa, Marj, barini boshidan takrorla, – dedi yigit va chiqib ketdi.
– Demak, gap bunday, Jon deganing shu yerda yashagan, hozir esa u yo‘q, ko‘chib ketganiga bir necha oy bo‘ldi.
– Nima… Unda hozir… qayerda yashaydi?
– Shu yaqin atrofda, bu yerdan ikki mahalla narida.
– Manzilini bilmaysizmi?
Marj javonni ochdi va u yerdan narsa o‘raydigan qog‘oz parchasini oldi-da, qizga uzatdi.
– Jorjning aytishicha, siz Kvinslenddan emishsiz?
– Ha, to‘g‘ri.
–Jon, aftidan, olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritgan ko‘rinadi, a? Lekin ishonch bilan ayta olamanki, erkak qanday bo‘lishidan qat’i nazar, men uni izlab bunday uzoq yo‘lga chiqmagan bo‘lardim. – Shunday deya qizargan barmoqlari bilan yana narsa to‘g‘rashga tushib ketdi. – Siz o‘zi qaysi universitetda o‘qiysiz?
– Umuman olganda, hech qaysisida. Men hali maktabda o‘qiyman.
Marjning qo‘llariga yopishib qolgan ziravor yuqi havoda qotib qoldi.
– Bu nimasi, qoqindiq, yoshing nechada o‘zi?
– O‘n oltidaman, hademay o‘n yettiga kiraman.
– Buni qara-ya, qizim, qayerda ekaningni ota-onang biladimi o‘zi?
– Yo‘q… Juda unchalik emas.
Marj chirog‘i yoniq sovutgichdagi parcha-parcha muzlarni qolipdan ko‘chirib olarkan, allaqanday ovoz qulog‘iga chalindi. So‘ng to‘ntarilgan qolipga issiq suv quyayotib Marj undan so‘radi:
– Hech bo‘lmasa tunaydigan yering bormi?
O‘quvchi qiz hali buning g‘amini yemagandi va endi, haqiqiy hayot bilan yuzma-yuz kelganda, o‘zini yo‘qotib, sarosimaga tushib qolgandi.
– Istasang, shu yerda tunashing mumkin, – taklif qildi Marj. – Bu shovqin-suronlar tong otguncha tinadigan ko‘rinmaydi, shuning uchun sen bemalol joylashaver, yana qayerdan ham joy toparding.
Ertasiga, dushanba kuni qizni quyosh uyg‘otdi – oftob uning qovoqlarini kuydirdi, uxlashga moslangan qop qizning taftidan nam tortib qolgandi. U ko‘zini ochdi va boloxona ayvonining qovurg‘ali qora to‘sig‘i orasidan befarqlik bilan turnaqator mashinalarga boqdi. Uning naq ro‘parasida dolchin rangidagi pivodan bo‘shagan shishaning og‘zi yaqqol ko‘zga tashlandi, so‘ng uning yonida kimdir uxlayotgani ko‘rindi. Jonning unga juda yaqin, bu yerdan bor-yo‘g‘i ikki mahalla narida ekanini o‘ylab, ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Uning ko‘z oldidan nimalar o‘tmadi deysiz: mana u, sarpoychan, sochlari shamolda to‘zigan, qadimdan qolgan go‘zal uylar yonidan o‘tib kelyapti… Qiz o‘tirdi-da, atrofda yana bir qancha uxlab yotgan odamlarni ko‘rdi. Boloxona ayvoni odamlar gavdasini ko‘tarolmay g‘ichirlardi, tokchada esa to‘ntarilgan stakanlar turardi. Kimningdir oyog‘i, qo‘li ustidan ehtiyotlik bilan sakrab o‘tib, qiz pastga tushdi. Endi plastinka tovushi pasaygandi, biroq shunday bo‘lsa-da, u hali ham uzilib-uzilib bir maromda yangrab turardi. Oshxonada nimanidir qovurishardi, bu is ochiqqan qizning ishtahasini qitiqlab yubordi. Qiz uydan sitilib chiqdi-da, quyosh ostida cho‘zilib yotgan tanaga so‘nggi bor ko‘z tashladi, shunda vujudini quvonch va hayajon qamrab oldi. U qora cho‘yan eshikchani ohista yopdi.
Jonning uyi kattagina ekan, oldida mohirlik bilan kuzalgan kambar maysazor yastangan va unda-bunda yakka gullar tikkayib turardi.
Puturi ketgan eshik to‘qmog‘i zarbi butun uyda aks sado berdi; ustiga-ustak tumshug‘ini eshik tagiga suqishga urinib kuchukcha akillay boshladi. Biroq bu shovqin-suronga hech kim chiqmadi. Yana bolg‘achaning eshikka ohista urilgan ovozi eshitildi va kuchukcha endi zo‘r berib gilamchani tirnay boshladi.
Bu gal yo‘lakdan oyoqning shapillagan tovushi eshitildi va eshik zarb bilan ochildi. Uzun qo‘ng‘ir sochli odam gavdasi ko‘rindi.
– Salom, – dedi qo‘ng‘ir soch.
– Salom. Jon shu yerda turadimi?
Boshqa og‘iz ochishga ham qo‘ymay, qo‘ng‘ir soch o‘girildi-da, yo‘lakdan yurib ketdi. Borib qandaydir eshikni usti-ustiga takillatdi.
– Bu yerdan qorangni o‘chir, – ichkaridan past ovoz eshitildi.
– Seni so‘rab kelishibdi, anqov.
– Kim?
– Men qayerdan bilaman?
– Bo‘pti, hozir.
Qo‘ng‘ir soch eshik tagida turgan qizga o‘girildi-da, bosh irg‘ab kirishga ishora qildi. Bu yerga kirish uchun hatto havoga ham maxsus ruxsatnoma kerakka o‘xshaydi – havo yetishmaganidan uy ichi dimiqib ketgandi. Xona eshigi ochildi… va sukunat ichida momaqaldiroq gumburlagandek bo‘ldi. Qizni chindan ham tanimagan Jonning basharasi bujmaydi, xijolatdan yigit peshonasiga tushgan sochlarini siltadi-da, bir tomonga surib qo‘ydi.
– Xo‘sh, mendan nima xizmat? – dedi u qizga qarab.
Qiz birdan junjikib ketdi. Ko‘zlarini yerga oldi. Qiya ochiq eshikka suyangancha Jon bir qo‘li bilan pijama shimini tutib turar, ustiga ikki o‘lcham kichik to‘qima kalta qora kamzulni tashlab olgandi.
– O‘zi sizga nima kerak, yaxshi qiz?
Qiz shu paytga dovur qo‘ltiqlab turgan plastinkani qo‘liga oldi-da, indamay yigitga uzatdi. Yigit jildga nazar soldi.
– Bu nima o‘zi?
– Bu senga.
– Brittenning “Motam kuyi?”
– Bu menda yo‘q deganding.
– Rostdan-a? – U ajablangancha qoshini ko‘tardi. – Buni qachon aytgandim?
– Kanberradagi san’at ko‘rigi bayramida, – javob berdi qiz asta.
– Jin ursin! Endi esimga tushdi. Nega shuni darrov ayta qolmading? – Yigit qo‘lini qizning yelkasiga qo‘ydi-da, uning ko‘ziga tikildi. – Bo‘lmasam-chi, seni yaxshi eslayman. – Uning qo‘llaridan hayotiy iliqlik ufurib turardi, biroq ovozi borasida bunday deb bo‘lmasdi. – Kir, kiraver.
Eshik ochilib, qiz yorug‘ bo‘lmagan xonaga kirib keldi. Devorlarga osib tashlangan mashhur siymolarning ulkan suratlari to‘g‘riga tikilib turardi; ularni yoritib turgan sham yonib tamom bo‘lgandi. Yigit ishora bilan unga qo‘lbola yostiqli pastak savat kursiga o‘tirishni taklif etdi-da, o‘zi yerga to‘shalgan to‘shakka o‘tirdi.
– Shu paytgacha nima ishlar qilding? – so‘radi yigit.
– Maktabda imtihonlarni topshirdim, o‘tgan yili meni sinfboshi etib tayinlashdi… – deya gap boshlagandi qiz, biroq qandaydir badjahl va bo‘g‘iq ayol ovozi qizning ustidan kula ketdi:
– … “Men barcha imtihonlarni topshirdim, Jonni, endi men maktabimizning erkatoyiman…”
– Ovozingni o‘chir, Enn! – shivirladi Jon.
Biroq ovozning o‘chishidan darak bo‘lmadi:
– Voy xudoyim-ey, ana sizga tortinchoqligu ana sizga andisha! – Shunday deya Enn, to‘shakdan birozgina ko‘tarildi-da, boshini egib tayanmakursida o‘tirgan qizga tikildi. Bir necha vaqt ular bir-birlaridan ko‘z uzmay o‘tirishdi.
– Erkatoyim Jonni, sening diding tobora o‘tmaslashib boryapti, – dedi Enn soxta yig‘lamsirab. Jon yuzini Enning yuziga yaqinlashtirdi-da, g‘azab bilan shivirladi:
– Men seni tanlagan ekanman, demak, u yog‘iga yo‘l yo‘q.
Enn qiqirlab kuldi-da, uni o‘pib qo‘ydi. Shundan so‘ng Jon o‘quvchi qizga qaradi va biroz xijolat tortdi. Qiz bezovta bo‘lib o‘rindiqda tipirchilay boshladi.
– Plastinka senga yoqadi deb umid qilaman.
Uning gapi og‘zida qoldi va Enn yana qiqirlay ketdi.
– Aminman, menga juda yoqadi – qizning gapini quvvatladi Jon.
– Bu o‘zi qanaqa plastinka? – so‘radi bo‘g‘iq ovoz hech tagiga yetolmay.
– Iltimos Enn, birpas ovozingni o‘chirib tur.
– Rostdan ham, bu plastinkada nima bor o‘zi? – Endi savol o‘ta qat’iyat bilan qo‘yilgandi. – Bu plastinka axir bizda bor-ku? Ustiga-ustak sening buni eshitishga toqating yo‘q edi. Nima deb valdirayapsan-a? Voy Xudoyim-ey, Jonni, sen borgan sari tubanlashib boryapsan.
Jon irg‘ib o‘rnidan turdi-da, yugurib xonadan chiqib ketdi. Qiz va ayol sovuq nigoh bilan bir-birlariga yeb qo‘ygudek qarashdi. Oxiri qizning toqati toq bo‘ldi-da, shaxt bilan avval qopni, so‘ng plastinkani oldi.
Jon eshik oldida cho‘nqayib o‘tirardi, tong yorug‘ida yigitning cho‘qqi soqoli ko‘rindi. Yigit cheka boshladi va u simdan yasalgan, eshikka tarang tortib bog‘langan to‘r orasidan to‘g‘riga boqqancha xayolga cho‘mdi.
– Quloq sol, – dedi u yerdan ko‘zini ko‘tarmay yonida turgan qizga. – O‘shanda senga aytgan gaplarimning bari haqiqat. Sen meni anglayapsanmi? Biroq vaziyat va shunga o‘xshash boshqa allanimalar bizning so‘zlarimiz ma’nosini o‘zgartirib yuborishi mumkin ekan.
– Men tushundim.
Qizning ovozida donishmandlarga xos mayinlik bor edi. Qizning oyoqlari cho‘nqayib o‘tirib olgan jussaning yonidan o‘tib, uni ko‘chaga olib chiqdi va shosha-pisha beton yo‘ldan, maysazordan va shovqin-suronli ko‘chadan jadal odimlab keta boshladi. Shu tarzda u yo‘lida davom etarkan ajib bir yengillik hissi va qayta qo‘lga kiritilgan erkinlik nash’asi vujudini qamrab oldi.
Tor ko‘chadan o‘tib ketayotib, qiz ohista yangrayotgan musiqa ovozini eshitdi. To‘siq tirqishidan mo‘raladi va sakkiz yoshlardagi o‘g‘il bolaga ko‘zi tushdi. Bolakay baland o‘tlar ustida o‘tirib olib, butun vujudi bilan plastinkada yangrayotgan kuyga quloq solardi. Qiz eskib zo‘rg‘a turgan to‘siqni qayta-qayta taqillatdi va bola ko‘zini yerdan uzdi, kuy esa davom etardi. Bola o‘shqirib dedi:
– Kim u devorimni urayotgan? – So‘ng devor osha qaradi-da, chaqirilmagan mehmonga ko‘zi tushib, unga sinovchan tikildi.
– Salom! – dedi qiz. – Qanday yaxshi o‘ynab o‘tiribsan! Britten senga yoqadimi?
– Siz britti dedingizmi? Bu anovi Britaniyadagi brittinmi? – so‘radi bolakay.
– Esli bola ekansan, – kulib yubordi qiz. – Menga qara, agar istasang, shuni senga sovg‘a qilaman?
Shunday deya qiz unga plastinkani uzatdi.
– Muqovasi chiroyli ekan, – dedi bolakay, plastinkaning u yoq-bu yog‘iga diqqat bilan ko‘z yugurtirarkan.
– Sen hali notani ham bilasanmi?
– Bo‘lmasam-chi! – mag‘rur turib javob berdi bolakay. – Men umuman olganda bilimdon bolaman. Juma kuni imlodan a’lo baho oldim. Bugun esa betobman.
Qiz jilmayib qo‘ydi.
Tor ko‘chaning sukunati to‘satdan ko‘cha shovqini bilan o‘rin almashmaguncha “Harbiy motam kuyi”ning tebranuvchi ovozi qizning ketidan eshitilib turdi…
Rus tilidan Dildorxon Aliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 1-son