Mario Vargas Losa. Shumtakalar (qissa)

I

Kuelyar Shampanya maktabiga kelgan yili biz – o‘jar, o‘ta sho‘x, serg‘ayrat, mo‘ylabi sabza urmagan, hamma narsaga qiziquvchan bolalar edik. Unda hali chekmas va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida urf bo‘lgan kalta ishtonda yurar hamda endigina to‘lqinlar ostiga sho‘ng‘ib kirish va “Terras”da endi-endi ikkinchi darajali balandlikdagi tramplindan sakray boshlagan kezlar edi. Biz, tabiiyki, undan tashqari, futbolni ham behad yaxshi ko‘rar edik.
Senor Leonsio, yangi bola kelayotganmish, shu rostmi? Uchinchi “A”gami, Senor Leonsio manglayiga tushgan sochini qo‘li bilan yuqoriga tarab – rost, rost, endi jim!
Kuelyarni otasi qo‘lidan ushlab, to‘g‘ri ertalabki yig‘in chog‘ida yetak­lab keldi, senor Leonsio esa uni birinchi qatorda turgan o‘quvchilar orasiga qo‘shib qo‘ydi, chunki uning bo‘y-basti o‘zimizning ushoqday Roxasdan ham kichkina edi. Sinfga kirganda senor Leonsio uni orqaga, biz bilan birga o‘tqazdi. – Mana shu yerda o‘tirasiz, o‘g‘lim, bu parta sizniki endi. Hoy, bola, isming nima? Kuelyar, o‘zingniki-chi? Kallaxum, seniki-chi? Chillak, seniki-chi? Man’uko, seniki-chi? Lolo. Sen Mirafloresdanmisan? Ha, o‘tgan oy ko‘chib kelishdi Kolin teatrining yonidagi Marshal Kastilya ko‘chasiga. Ilgari Avliyo Antoniy ko‘chasida turishardi.
U tirishqoq (lekin qiroatxon emas) bola edi, bir haftadan keyinoq beshinchi o‘ringa ko‘tarildi, ikkinchi haftada esa uchinchi o‘rinni egalladi, so‘ngra, o‘sha falokat yuz bermasdan ilgariroq, peshqadam o‘quvchi bo‘lib oldi. Keyinchalik esa, tabiiyki, o‘qishi orqaga ketib, yomon baholar ola boshladi.
Qani, Kuelyar, o‘n to‘rtta ink imperatorlarini nom-banom aytib ber-chi, deydi senor Leonsio, u esa, yoddan bidirlab aytib beradi; endi o‘nta muqaddas kalomni, davlatimiz madhiyasining uchta bandini, Lopes Albuxarning “Mening bayrog‘im” she’rini ayt. Kuelyar bularni ham labi-labiga tegmay yodlab beradi. Qoyil-ey san’atingga, ota o‘g‘il, deydi unga Lalo. Senor Leonsio esa – tasanno xotirangga bo‘tam, bizga esa – o‘rnak oling undan, galvarslar! Kuelyar bo‘lsa xuddi ko‘z-ko‘z qilgandek kamzulining qaytarma yoqasini barmoqlari bilan silab qo‘yadi, gerdayib bolalarga nazar tashlaydi, aslida u hech qachon o‘zini ko‘z-ko‘z qilmasdi, xayoliga ham keltirmasdi, shunchaki jinnilik qilardi, qip-qizil artist… Lekin, ochig‘i, o‘rtoqmisan o‘rtoq edi: imtihonlar paytida hamisha shipshitib aytib turar, katta tanaffusda, bolalarga krem surtilgan vafli olib berardi. Juda baxtlisan-da, derdi unga Kallaxum, pul behisob, og‘zingdan chiqqanini muhayyo qiladigan ota-onang bor, to‘rtalamizga berishganini qo‘shsa, senikiga yetmaydi, jin ursin. U – bular baholarim uchun, biz esa – loaqal, shunaqa kallang bori – yaxshi-ku, umuman, qandingni ur, shu uni ko‘p narsalardan saqlardi.
Quyi sinflarda darslar roppa-rosa soat to‘rtda tugardi, to‘rtdan besh daqiqa o‘tganda senor Leonsio bolalarga javob berib yuborardi, to‘rtdan o‘n besh daqiqa o‘tganda esa ular futbol maydonida hozir bo‘lishardi. Osma sumkalar, kamzullar, galstuklar – hammasi chimga otilardi; bo‘laqol, Chillak, bo‘l tez, hech kim yo‘g‘ida darvozaga turib ol, qafasga qamab qo‘yilgan Iuda esa quturgudek – vvov-v – dumini tikraytirib olgancha – vov-v, vov-v – so‘yloq tishlarini irjaytirib – vov-v – vov-v – vov-v – shiftga qadar o‘zini otadi – vvov-v, vvov-v, vvov-v, vvov-v – qafas simlariga o‘zini uradi. Qara ablahni, birdan chiqib ketsa bormi, yaramas, dedi Chillak, Manuko esa, agar chiqib ketsa, qochmaslik kerak; itlar qo‘rqqanlarni tishlaydi faqat. Sen qayerdan bilasan? Dadam shunday degandi. Kallaxum esa, men o‘sha zahoti darvoza tepasiga chiqib olardim, endi kechirasan, sakraysanmi-sakramaysanmi, farqi yo‘q: yetolmaysan, Kuelyar esa qalamtaroshni chiqardi – fitch, fitch – aylantiradi havoda va bir necha marta ochib yopadi; aa-yau-u-aaa-yaa-u-u! yana bir marta, qattiqroq – yaa-a – uu-u-ooo-uuu! – boshini baland ko‘tarib – uu-yaa-ooo-vaa-uuu-aaa! kaftini karnay qilib – vaa-uuu-voo-aaa-uu-yaa! Xuddi Tarzanning o‘zi!
Biz uzoq o‘ynolmadik: soat beshda ikkinchi bosqichda o‘qiydigan bolalar kelib, bizni futbol maydonidan haydab chiqarishdi.
Terga botgan, sochlari hurpaygancha biz bir zumda kitoblarimiz, kamzullarimiz va galstuklarni yig‘ishtirib oldik-da, xohlasang-xohlamasang boradigan joying – uy-uyiga, to‘ppa-to‘g‘riga! Diagonal ko‘chasidan tushib, parkka yetgach, biz portfellarimizni bamisli basketbol to‘piday otib o‘ynay boshlardik, ma, ushla, onaginam, ushla! – parkni kesib o‘tib, “Ermak” qahvaxonasi yonidan chiqa turib – xo‘sh, bopladimmi, otaginam? –“D’Onofrio” qandolat do‘konidan vaflili muzqaymoq sotib olishadi – vanillimi? Qatlamalimi? Ko‘zingni och, cholo, g‘irrom qilmasdan ko‘proq sol, qizg‘anma, limon bilan qulupnaydan sol yana! So‘ngra, yana yo‘lga tushamiz, to “Lo‘lilar skripkasi” restoranigacha indamay boramiz, Porto ko‘chasi bo‘ylab yana churq etmaymiz: muhimi, muzqaymoq isrof bo‘lmasin, fupb, fuupb, oqib ketyapti, nomard… Shu alfozda svetoforgacha, keyin hakkalab Avliyo Nikola ibodatxonasigacha, ana o‘sha yerda Kuelyar biz bilan xayrlashardi.
Borasan-da og‘ayni, hali vaqtli-ku judayam, uyga borgandan ko‘ra yur biz bilan, “Terras”ning sport zaliga boramiz, ular xitoylikning do‘konchasidan koptok sotib olishadi. Nega u, sinf terma jamoasida o‘ynamayapti, ochig‘i. Axir taklif qilishlarini kutib o‘tirmay, ozgina mashq qilib tursa bo‘lmaydimi? He, yursang-chi, oltigacha o‘ynaymiz, bo‘ldi, undan kech qolish yo‘q. Kuelyar hech qanaqasiga ko‘nmaydi: otam yo‘l qo‘ymaydi, darsim ham ko‘p bu yoqda. Bolalar uni uyigacha kuzatib qo‘yishardi. To‘g‘ri-da, bizning terma komandamizda birga mashq qilmasdan turib qanaqasiga o‘ynaydi? Oxiri usiz, o‘zimiz klubga qarab chopamiz.
O‘zi yaxshi bola, lekin o‘qishga berilib ketdi, futboldan ko‘ra dars muhimroq unga, dedi Kallaxum, Lalo – uning aybi yo‘q, menimcha, otasi palid odam, yo‘l qo‘ymaydi, Chillak esa – to‘g‘ri, lekin o‘ziyam latta, ko‘rinib turibdi, bizga qo‘shilib sekin, bildirmasdan boraversa bo‘lardi, Manuko – bizning komandada o‘ynashiga ertaroq hali: ko‘p yugurolmaydi, zarb bilan tepolmaydi, salga charchab qoladi. Lekin kalla qo‘yishga zo‘r, dedi Kallaxum, biz uchun doim jon kuydiradi, qisqasi, uni komandamizga olsak, yomon bulmaydi, Chillak – to‘g‘ri, doim biz bilan birga, Manuko esa – bo‘pti, gap bo‘lishi mumkin emas! Nima bo‘lgan taqdirda ham olish kerakmi – olamiz!
Aslida Kuelyarning o‘zi terma jamoa tarkibida o‘ynashni shunaqayam xohlar ediki, asti qo‘yavering, u o‘ta tirishqoq edi, yozda shuncha mashq qilganidan otasiga rahmat, keyingi yili chap yarim himoyachi o‘rnini egalladi. Mane sana in corpora sano? dedi murabbiy Agustin, ko‘rdinglarmi, zo‘r sportchi bo‘lgan holda yaxshi o‘qish mumkin ekan-ku! Undan o‘rnak oling! Qayerdan o‘rgandi birpasda, dedi Lalo, to‘p oshirishini qarang, burchakdan tepishini aytmaysizmi, tan berdim, birodar. Kuelyar lablarini yig‘ishtirolmaydi, bo‘ldi qilinglar, odamni uyaltirmanglar! Nima qilibdi, amakisi bilan mashq qildi, otasi uni doim stadionga olib bordi, o‘sha yerda haqiqiy o‘yinni ko‘rdi, ba’zi narsalarni o‘rgandi, tushunarlimi? Umuman, uch oy hech qayerga bormadi – na kinoga, na cho‘milishga! Faqat ertadan-kechgacha futbol – o‘ynadim, o‘rgandim, ishonmasangiz boldirimni ushlab ko‘ring, toshdek qattiq!
Uni mutlaqo tanib bo‘lmay qopti! – dedi Kallaxum murabbiylari senor Leonsioga. – Qoyilman! Lalo esa – hujumchi degani mana shunaqa bo‘lsa-da, yugurishda otni orqada qoldiradi, Chillak esa – kechagi hujumini ko‘rdilaring-ku, yuksak mahorat, qoyil qolish kerak, u ham mayli, yana qoidani buzmasdan, shunda Manuko – to‘p bilan to‘ppa-to‘g‘ri darvozaga o‘q bo‘lib uchgani-chi, raqiblarimiz rosa siqib kelayotganda yana, esingizdami, senor Leonsio? Bo‘pti, uni jamoamizga olamiz! Kuelyar quvonganidan qiyqirib yubordi, so‘ng, astagina tirnoqlariga kuhlab, maykasini siypalab chiqdi (to‘rtincha “A”ning maykasi zo‘r edi – yengi oq, oldi ko‘m-ko‘k). Bo‘ldi, Kuelyar, hammasi joyida, seni o‘zimizga oldik, faqat burning ko‘tarilib ketmasin.
Iyul oyida barcha sinflar maktab birinchiligiga tayyorlanishni boshlab yuborishdi va murabbiy Agustin haftada ikki kun – seshanba va juma kunlari rasm bilan musiqa darsi o‘rniga to‘rtinchi “A”ga futbol maydonida shug‘ullanish uchun ruxsat berdi, ikkinchi tanaffusdan so‘ng sevalab o‘tgan yomg‘irda ho‘l bo‘lgan hovli bo‘m-bo‘sh va yangi koptok singari yaltirab yotganida to‘rtinchi “A” sinfining o‘n bitta o‘yinchisi futbol maydoniga qarab yugurishdi. O‘sha yerdagi xonachada sport kiyimlari bilan qora butsilarini kiyib olishdi va yo‘lka bo‘ylab saf tortib turishdi, so‘ng shaxdam odimlar bilan – kapitan Lalo oldinda – maydon markaziga chiqishdi. Barcha derazalardan o‘yinimizga havas bilan qaraydigan o‘quvchilar – basseyn sathi yengil shabadada mavjlanardi, (balki cho‘milarmiz, voy-bo‘, suv sovuq-ku juda, yaxshisi, o‘yindan keyin cho‘milamiz!) – ularning burchakdan to‘p tepishlarini – maktabning sarg‘ish devori ortida saf tortgan evkaliptlarning eng yuqorisidagi yaproqlar shitirlardi, – to‘pni maydonga qanday uloqtirishlarini tomosha qilib turishardi.
Tong ko‘z ochib-yumguncha birpasda o‘tib ketdi. Yaxshigina terladik, dedi Kuelyar, biznikilar g‘alaba qiladi – mana ko‘rasizlar! Bir soatdan so‘ng senor Lusio qo‘ng‘iroq chaldi va to hamma sinf chiqib hovlida saflanguncha, to‘rtinchi “A” terma jamoasi a’zolari ilgariroq uyga ketish uchun kiyinishga shoshilishardi. Kuelyar esa, doimgidek bizni kutib turishga majbur qildi (sen o‘sha kreklarning qilig‘ini o‘rganib olgansan, shekilli), u mashqlardan keyin boshidan suv quyib cho‘milishni yaxshi ko‘rardi. Ba’zida esa ular dushga baravariga yopirilishardi. O‘sha mash’um kuni – vvav-v, vvav-v – yechinish xonasining ostonasida Iuda paydo bo‘lgan paytda – vvaav, vvaav, vvaav – faqat Lalo bilan Kuelyar o‘sha yerda edi – vva-av, vva-av, vva-av, vva-av – Kallaxum, Chillak va Manuko – o‘sha zahoti derazadan oshib tushib qochib qolishdi. Lalo chinqirib yubordi – qoch, Kuelyar! – va eshikka otildi-da, xonaning eshigini naq itning tumshug‘iga urgudek qarsillatib yopdi.
O‘sha yerda, cho‘milish xonachasida jon saqlagan (oq koshin, naqshinkor plita, tizillab otilayotgan suv) va qo‘rqqanidan g‘ujanak bo‘lib olgan Lalo hammasini eshitdi: Iudaning vovillagani, yig‘i, vahshiyona o‘kirish… Keyin qandaydir to‘s-to‘polon boshlandi, nimadir gursillab polga tushdi, shaloplagan ovoz keldi… So‘ng bir marta uvillagan tovush eshitildi, qanchadir vaqt o‘tgach esa senor Leonsioning quloqni teshib yuborgudek baqirgani yangradi, (orada qancha o‘tdi, Lalo, ikki daqiqami? Yo ko‘proqmi?.. Besh daqiqami? Ko‘p, ancha ko‘p), ortidan senor Lusio baqirdi, u og‘ziga kelganini qaytarmay so‘kaverdi, (ispan tilidami? Ha. Frantsuz tilida ham. Sen tushunasanmi, Lalo? Nimasini tushunish kerak, tentak, g‘azabdan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa), ular birov pichoq tortib yuborgandek dod-voy solishgan bo‘lsa, – jin ursin, uni nari haydang, ket, ey Xudoyim-ey, o‘zing rahm qil, naqadar dahshat! – men bo‘lsam o‘takam yorilganidan o‘lib qolayozdim.
U Kuelyarni ko‘tarib ketishayotganda eshikchani ochdi. Uni ruhoniylarning qora libosi orasida arang ko‘rib qoldim. Hushsizmidi? Ha, shunaqaydi. Yalang‘ochmidi? Ha, dedim-ku! Xudo haqqi, qon vodoprovoddan oqayaptimi, deysan, hammayoq qon – ko‘rib, tilim aylanmay qoldi! Biroq Laloning bilgisi kelardi, u kiyinayotganida nima bo‘ldi… Shunda Chillak – senor Agustin bilan senor Lusio Kuelyarni direktorga qarashli pikapda olib ketishdi, biz zinapoyadan qarab turardik, Kallaxum esa – g‘izillatib, saksonga qo‘ygancha, (Manuko: yuz deyaver!) o‘t o‘chiruvchilar yoki “Tez yordam” deysan, signalni varanglatib bosgancha olib ketishdi. Senor Leonsio Iudani tutib olish uchun quvib ketdi, it esa hovlida u yoqdan-bu yoqqa yuguradi, sapchiydi, tutqich bermaydi. Oxiri ushlab oldi, baribir, gazandani, qafasga haydab kirishi bilanoq simlar orasidan kaltak bilan ura ketsa deng (u Iudani o‘ldirgudek edi, dedi Kallaxum, nima bo‘lganini ko‘rganingda edi, o‘takang yorilardi), uning yuzi qip-qizarib, sochlari hurpayib ketgandi – dahshat! O‘sha hafta yakshanba kungi ibodat ibtidosida ham, oxirida ham Kuelyarning sog‘ayib ketishini duo qilib Xudodan so‘rash bilan o‘tdi, lekin boshqa payt o‘quvchilar orasida nima voqea bo‘lgani haqida gap ochilsa, senorlar o‘sha zahoti og‘zilariga urishardi: jim bo‘linglar, bu nima aljirash, barmoqlarining bo‘g‘ini bilan stolni taqillatishadi: soat oltigacha shu yerda qolasizlar. Biz esa – barcha tanaffusda, dars chog‘ida ham faqat shu haqda gaplashardik, kelgusi haftaning dushanbasida “Amerika kasalxonasi”ga Kuelyarni ko‘rgani bordik, ko‘rib, to‘g‘risi, chin yurakdan quvondik: qo‘l-oyog‘i butun, hech narsa qilmagandi go‘yo, u shinamgina palatada yotardi, – salom, Kuelyar, – devorlari oppoq, qaymoq rang darpardalar, – xo‘sh, qalay, yaxshi bo‘lib qoldingmi, og‘ayni? – deraza ortida gulzor, yalanglik va baland-baland daraxtlar, – biz uning ta’zirini beramiz hali, meni aytdi dersan, har tanaffusda tosh bilan urib jonini olyapmiz, sog‘ yeri qolmadi. Rangi devordek oppoq, ozib-to‘zigan Kuelyar esa – boplabsizlar! Kasalxonadan chiqsin, kechasi, tomdan oshib tushib bo‘lsa ham o‘sha yerning o‘zida… g‘arch, g‘arch, yashasin burgutko‘z, paq, paq! O‘sha ablah Iudani undan ko‘ra battarroq jazosini bermasak, otimizni boshqa qo‘yamiz!
Kuelyarning bosh tomonida ikkita senora o‘tirardi: ular bolalarni shokolad bilan mehmon qilishdi, so‘ngra boqqa chiqib ketishdi. Oppog‘im, o‘rtoqlaring bilan gaplashib o‘tirgin, chekib olaylik, hozir kelamiz. Kuelyar og‘zi qulog‘ida, uning kayfiyati yaxshi edi. Anovi oq kiyimdagisi onam, narigisi esa – xolam. Qani, azamat, gapir, nima bo‘ldi o‘zi? Rosa og‘ridimi? Tavba! Qayeringni tishladi gazanda? Qayeringni? – Nima desam ekan… u yog‘ini aytolmay chaynaldi. Bulbulingnimi? Ha. Shunday dedi-yu qizarib ketdi va hiringlab kuldi, unga qo‘shilib biz ham hiring-hiring kuldik, shunda ikkala senora derazadan – xayr, do‘mboqqinam. Bizga esa – oldida uzoq o‘tirmanglar, charchatib qo‘yasizlar, xo‘pmi?! Kuelyar esa ko‘zini qisdi – faqat jim-m, bu haqda hech kimga og‘iz ochmanglar, chol-kampir hech kimning bilishini istamayapti. Menga qara, do‘mboqqinam, sen ham hech kimga gapirib yurma, shunchaki oyog‘imni tishlab oldi, degin, xo‘pmi, cholito? Operatsiya ikki soatcha davom etib, o‘n kundan keyin esa javob berisharkan – doktorning gapiga qaraganda omadi bor ekan: ko‘rdingmi, yana o‘n kun dam olib yotasan.
Biz ketdik, sinfga borganimizda, tabiiyki, Kuelyarga nima bo‘lganini hamma so‘rab bilgisi kelardi. Uning qornini tikib qo‘yishibdimi? Nima bilan? Ip-igna bilanmi? Chillak esa – balki bu haqda gapirish kerakmasdir, axir u so‘raganimizda jim bo‘lib qoldiyu, uyaldi, shekilli. O‘zing o‘ylab ko‘r, dedi Lalo unga, har kuni kechqurun uyda miyasiga quyishsa: o‘g‘lim, tishingni yuvish esingdan chiqmadimi, hojatga kirishni unutmadingmi? Manuko – bechora Kuelyar, chidashga-ku chidayapti, lekin o‘sha yeringga koptok tegib ketsa dodlab yuboradi odam, it tishlab olsa-chi, yana qanaqa, qoziqdek-qoziqdek tishlari bilan – ketdik, tosh terib, maydonga boramiz. Bir, ikki, uch! – rrrr, vvav, vvav – ha, maraz, yoqmayaptimi? Mana senga! Mana!
Sho‘rlik Kuelyar, dedi Kallaxum, ertaga musobaqa boshlanganda o‘zini ko‘z-ko‘z qilib yurolmaydi, Manuko bo‘lsa – shuncha mashq qilgani zoye ketsa-ya, shunda Lalo – esizgina, jamoamizning kuchi qirqildi endi, kuchli o‘yinchi edi, bu yog‘iga zo‘r berish kerak, aks holda – sharmanda bo‘lamiz. Sharmanda bo‘lmaymiz, Lalo, mana ko‘rasan!

II

Kuelyar bayramdan keyingina maktabga keldi, tavba: futbolni tashlab, uni yomon ko‘rish o‘rniga (qay darajadadir futbol, deb yuz berdi-yu hammasi) sportga mukkasidan ketdi. O‘qishga bo‘lgan qiziqishi esa tobora susaya boshladi. U juda tez anglab yetdiki, (xayriyat aql-hushi joyida) dars tayyorlayman deb o‘lib-tirilishi shart emas ekan: imtihonlarga shundoq ham, qarzi bo‘lgan taqdirda ham, olgan ikki baholariga qaramay kirgizishsa! Hech qachon imtihondan yiqitishmasa. Noto‘g‘ri javob berdimi – ahamiyati yo‘q. Amal-taqal qilib bir balolarni yozib berdimi, inshoda – besh baho naqd!
Endi sening ko‘nglingga qarashadi, derdik biz, kasr sonlarga oid hech narsa bilmaysan, lekin qo‘yaver – bu yog‘i o‘z qo‘limizda. Ibodat chog‘ida asosiy xizmatni unga topshirishardi – Kuelyar, katexizisni ovoz chiqarib o‘qi; marosim paytida tabarruk nishonni ko‘tarib boradi – Kuelyar, taxtadagini o‘chir, do‘stim; xorda ashula aytardi – daftarlarni tarqat, azizim; birinchi juma marosimida qatnashmagan bo‘lsa ham bemalol nonushtaga kelar edi. Men senga aytsam, deb gap boshladi Kallaxum, bu yog‘iga maza qilib yurasan, afsuski, Iuda senga qo‘shib bizni ham tishlamabdi-da, u bo‘lsa – bularning hammasi bo‘lmag‘ur gaplar, izzat-ikromda yuribdi otasi tufayli, senorlar undan o‘lgudek qo‘rqishadi. Ablahlar, o‘g‘limni nima qilib qo‘ydilaring, maktablaringga o‘t qo‘yaman, bittangni ayamay qamoqqa tiqaman, kim bilan o‘ynashayotganingni bilmas ekansanlar! U o‘sha yaramas Iuda qolib, direktorni o‘ldirishiga sal qoldi. Hamma unga – tinchlaning, senor, o‘zingizni qo‘lga oling, u bo‘lsa – shartta direktorning yoqasidan olsa bo‘ladimi. Rostdan ham shunaqa bo‘lgan, Xudo ursin, dedi Kuelyar, hali klinikada otam bilan onam o‘zaro shivirlab gaplashayotganida eshitganman. Shuning uchun maktabda ko‘ngliga qarashadi, faqat shuning uchun.
Lalo – nahotki yoqasidan olgan bo‘lsa, qoyil-e! Chillak esa – balki chindan ham shundaydir, bo‘lmasa bu yaramas it qayoqqa yo‘qoldi… Ehtimol, uni sotib yuborishgandir yoki qochib ketgandir, balki bitta-yarimtasiga sovg‘a qilib berib yuborishdimi? Kuelyar esa – yo‘q-yo‘q, unaqa emas: Iudani otam otib o‘ldirgan bo‘lsa kerak, u bekorga gapirmaydi. Kunlarning birida, qafas bo‘shab qolganining sababi bu yoqda ekan-da, Iudaning o‘rnida to‘rtta oppoqqina quyoncha paydo bo‘ldi. Ularga ko‘katlarni eltib ber, Kuelyar, ol ko‘proq, ol yana, do‘stim, o‘nta sabzi nima bo‘ladi, – uning atrofida shunday girdikapalak bo‘lardik, – suvini yangilab qo‘y, – uning esa bundan boshi osmonga yetardi.
Endi nafaqat muallimlar, hatto ota-onalar ham uning atrofida parvona bo‘lishar edi. Kuelyar har kuni biz bilan birga futbol o‘ynagani “Terras”ga borardi. Otangning boshqa jahli chiqmayaptimi? Yo‘q, aksincha, qaytaga kim yutdi, deb qiziqib qo‘yadi. Mening jamoam, sen nechta gol urding? Uchta, – barakalla, o‘g‘lim! Yaqinda qimmatbaho ko‘ylagimni yirtib keluvdim, darrov onamga berib, – jahlingiz chiqmasin, tasodifan shunday bo‘ldi, u esa – bosh-ko‘zingdan sadaqa, bitta ko‘ylak ekan-u, tashvish chekma, do‘mbog‘im, xizmatkorga aytaman, tikib qo‘yadi, uy ichida kiyib yurarsan, undan ko‘ra onangni bir o‘pib qo‘ygin, keyin biz “Ekselsior” yoki “Rikardo Palma”ga yoinki “Leuro” kinoteatrlariga bironta kovboylar haqidagi yoki qandaydir “Faqat kattalar uchun” degan filmga yoki Kantinflas Tin Tan o‘ynagan komediyani ko‘rish uchun boradigan bo‘ldik.
Kuelyarga har kungi mayda-chuyda xarajatlar uchun bir dunyo pul berishardi, – ular mendan hech narsani ayashmaydi, og‘zimdan chiqqanini olib berishadi, to‘g‘risini aytsam, men uchun ularning karmoni o‘zimning cho‘ntagimdek gap, ular meni duo qilishgani-qilishgan, ko‘nglimni olaman, deb jonlari halak bo‘ladi. Ichimizda birinchi bo‘lib unga konki, velosiped, motoroller olib berishdi. Kuelyar, otangga ayt, musobaqa g‘oliblari uchun kubok olib bersin, suv sporti saroyiga o‘yinlarni tomosha qilgani olib borsin, kinodan keyin bizni olib ketgani kelsin, otasi esa – bemalol, – ularning iltimosini bajo keltirib, o‘g‘lim xursand bo‘ladi, deya kap-katta odam mashinasida ularni u yoqdan-bu yoqqa tashir edi.
Ana o‘shanda (kasalxonadan chiqqach bir oy ham o‘tmay) uni Zumrasha deb atay boshlashdi. Bu laqab sinfda dunyoga keldi, uni shumtaka Gumusio o‘ylab topdi, shekilli? To‘ppa-to‘g‘ri, yana kimning xayoliga kelishi mumkin? Kuelyar boshida diydiyo qildi – senor Agustino, ular meni mayna qilishyapti, qaysi bittasi, nima deyapti? Ko‘ngilga tegadigan gap, aytishga ham uyaladi odam – duduqlanadi, “hiq-hiq” yig‘lashga tushadi, ko‘z yoshlari ham tayyor turgandek shashqator oqadi, tanaffusda esa boshqa sinfdagi bolalar – qalay ishlar, Zumrasha? Nima yangiliklar, Zumrasha? U esa ko‘z yoshini oqizib senor Agustino va senor Leonsio, muallim Kanon Peresning yoniga yuguradi: manavi, manavi, mana buyam jig‘imga tegyapti.
Kuelyar shikoyat qilgani bilan haddan tashqari g‘azablanar ham edi – sen nima deding? qani qaytar! Rangi oppoq, jahldan bo‘zarib ketgan, qo‘llari qaltirab, ovozi xirillaydi… Qani, yana bir marta qaytar! Qo‘rqadi deb o‘ylayapsanmi, qaytaraman ham – Zumrasha! Boyoqish ko‘zlari qisilib ketadi va otasining gaplarini eslaydi: muhimi, sarosimaga tushma, tumshug‘iga bir tushir – dilozorga musht ko‘tarib tashlanadi, oyog‘idan chalib yiqit, tamom bo‘ladi – do‘qillatib uradi, tasira-tusur do‘pposlaydi, paqillatib tumshug‘iga, qorniga, quloq-chakkasiga, duch kelgan yeriga urib-tepadi – uni yerga yiqitib ol, bo‘ldi – hamma yerda ishkal chiqaradi: futbol maydonidayam, dars paytida ham, hatto cherkovda ham – boshqa masxara qilib bo‘pti!
U achchiqlangan sari battarroq bezor qilishardi, oqibat, kunlardan-bir kun bu katta janjalga aylandi: otasi maktabga kelib direktor xonasida qildi to‘polonni – o‘g‘limning ustidan kulishayotganmishmi, bunga yo‘l qo‘ymayman, onamiz bizni erkak qilib tuqqan, bilib qo‘yishsin, bu mishiqilarning ta’zirini berib qo‘yinglar, aks holda o‘zim jazolayman, mana ko‘rasiz, sullohlik ham evi bilan-da! – “taraq” etib stolga uradi – qanday bema’nigarchilik! – yana “taq” etib stolga uradi!
Shunga qaramay, bu gap og‘izdan-og‘izga o‘tib tarqalib ketdi. Ko‘cha-ko‘yga chiqdi, ko‘p o‘tmay muallimlarning urinishlariga qaramasdan – odam bolasisiz-ku, ozgina vijdonlaring bormi, direktorning pand-nasihatlari, jazolashlari, po‘pisa qilishlariga qaramay – insof bilan-da endi, Kuelyarning ko‘z yoshlari, mushtini do‘laytirishlari, po‘pisalariga qaramay ko‘p o‘tmay butun Mirafloresga tarqaldi. Shu-shu daraxt bargi nam yerga yopishgani kabi bu laqab unga bir umrga yopishdi-qoldi.
Oshir, Zumrasha, menga, nega qizg‘anchiqlik qilasan, Zumrasha, algebradan nechchi olding? Alishtirasanmi, Zumrasha: mendan gilamcha, sendan somsacha! Esingdan chiqarma, Zumrasha, ertaga Chosikoga boramiz, cho‘milishga! Muallimlar qo‘lqop olishadi, ana o‘sha yerda ringda Gumusiodan alamingni olishing mumkin, etiging bormi, Zumrasha? Toqqa chiqamiz-ku, axir, qaytishda qahvaxonaga kirgani ulguramiz… Xo‘sh, qalay, bo‘ladimi, Zumrasha?
Boshida ular insofga kelgandek ehtiyot bo‘lib yurishdi, biroq til besuyak, Xudoning o‘zi asrasin, yo‘q, bir marta ham tillari tufayli pand yeyishmadi, lekin afsuski, bir kuni kimningdir og‘zidan chiqib ketdi-yu, boshqalarga yuqdimi, nima balo, yana boshlandi. Biz unga – qo‘ysang-chi, Kuelyar, jo‘rttaga emas-ku, og‘ayni, bo‘ldi qil endi, afandi, bexosdan og‘zimizdan chiqib ketdi, paq etib – yana o‘sha laqab… Uning rangi-quti o‘chadi, – nima, nima deding? Yoki aksincha, qip-qizil lavlagisi chiqib – sen hammi, Chillak, axir do‘st bo‘laturib-a! Ko‘zlarini ola-kula qiladi, o‘qrayadi. – Kuelyar, kechirasan, men shunchaki, ko‘nglimda senga nisbatan yomonlik yo‘q, o‘rtoq, u esa – bundan chiqdi, do‘st bo‘laturib boshqalar ham shunaqa qilar ekan-da, o‘zlaringdan ko‘rlaring! Qo‘ysang-chi endi, og‘ayni, jahling chiqmasin, har kuni eshitaverib, indamas eding, yana o‘sha eski qilig‘ingni boshlayapsanmi… Sen hammi, Kallaxum? U esa – to‘g‘risi, bilmay qoldim, og‘zimdan chiqib ketganini. Sen-chi, Manuko, sen hammi? Bundan chiqdi, hammangiz orqamdan shunday deb gapirarkansiz-da, to‘g‘rimi? Oldilaringdan ketdi, deguncha boshlanarkan-da, Zumrasha. Zumrasha, shunaqami?
Nima bo‘ldi senga? Qayerdan olding bunaqa gaplarni? – biz uni quchoqlab, tasalli beramiz – Xudo ursin, bo‘ldi, yana aytgan – xotin, sen ham bekorga jahl qilaverma, bor-yo‘g‘i bitta laqab bo‘lsa, vaqti kelsa o‘zing ham hech tortinmay duduqlanadigan Riverani “Notiq”, bir oyog‘i nogiron Rodriges Viroloni “Maymoq”, gapirayotganda og‘zi bir tomonga qiyshayib ketadigan o‘zimizning Peresni “Esnobod” deb mayna qilasan-u! Uni Kallaxum deysan yoki yo‘qmi, buni esa Chillak, uni Manuko, buni Lalo deb chaqirasan-u, hammaning oldida, bekorga jahling chiqayapti, yaxshisi, o‘yiningni o‘yna, og‘ayni, sening navbating.
U sekin-sekin o‘zining laqabiga ko‘nikdi va oltinchi sinfga o‘tganimizda butunlay arillamaydigan bo‘ldi, hattoki shunaqa paytda sir boy bermas, ba’zan esa yana hazillashib ham qo‘yardi: yo‘q, men sizga aytsam, Zumrasha emas, Tirrancha deyavering, xo-xo-xo-xo! Keyin esa, bir-ikki yildan so‘ng, u Zumrasha deyishlariga shunchalik o‘rganib ketdiki, bitta-yarimta Kuelyar, deb chaqirib qolsa, sergak tortar, o‘sha odamga tushunolmay, hayron bo‘lib qarar, xuddi tanish-bilishlaridan birontasi pand berish uchun shunday deyayotganday olazarak bo‘lardi… Hatto yangi tanishgan bolalarga u o‘zini bag‘oyat xursandman, Zumrasha Kuelyar, deb tanishtirardi.
Qizlarga o‘zini laqabi bilan tanishtirmasdi, albatta, faqat bolalarga. Nafsilamrini aytganda, o‘sha kezlari bizning qizlarga ishqibozchiligimiz boshlangandi, sinfimizda har xil gaplar, hazillar ko‘payib ketdi: nima emish, kecha o‘zimizning Lalikani bir jonon bilan ko‘rib qoldim – tanaffus payti edi – ular qo‘ltiqlashib anhor bo‘yida sayr qilib yurishardi, birdan u qizni “cho‘lp” etib lablaridan o‘pib olsa bo‘ladimi, qo‘ng‘iroqdan keyin esa – to‘g‘ri labidanmi? Albatta, ular Xudo biladi, qachondan beri o‘pishib yurishganini!
Ko‘p o‘tmay bunday gaplar suhbatlarning asosiy mavzusi bo‘lib qoldi: Kika – Roxasning yurgan qizi o‘zidan katta ekan, mallasoch, ko‘zlari yashil ekan, Manuko ularni qoq tush paytida “Rikardo Palma” kinoteatriga ketayotganlarida ko‘rib qolibdi, kinodan keyin esa o‘sha qiz odamlarga boshini ko‘tarib qaray olmas emish, ularning qorong‘i zalda nimalar bilan shug‘ullanishgani ravshan, xotirjam bo‘l: vaqtni bekor o‘tkazishmagan, ishqilib. Boshqa kuni Kallaxum beshinchi sinfdagi venesuelalik bolani, anovi lablari do‘rdaygan bola bor-ku (uni Sumalak deb atashardi) allaqayerda emas, mashinada qandaydir bo‘yangan, pardoz-andoz qilib olgan tannoz xonim bilan ko‘rib qolibdi, o‘z-o‘zidan ayon, ular bir-birini yaxshi ko‘rib qolgan, sen-chi, Lalik, yaxshi ko‘rganing bormi? Sening-chi, Zumrasha, xo-xo-xo! Bizning Manuokoga esa Parikos Sayensaning singlisi bo‘lsa, bas, Kallaxum esa yaqindan beri muzqaymoqqa pul to‘playdigan bo‘lib qoldilar, sababi nima, top-chi – portfeli tap etib tushib ketdi-yu, bunday qarasak, bayramda qizil shapkacha rolini o‘ynagan qiz bor-u, o‘shaning surati otilib ketdi, xo-xo, Lalo, o‘zingni jinnilikka solma, juda yaxshi bilamiz, shu Roxasni aylantirib yurganingni. Sen-chi, Zumrasha, yaxshi ko‘rganing bormi? U qizarib-bo‘zarib – yo‘q, hozircha chetroqdamiz bunaqa gaplardan yoki rangi oqarib – nima deyishga ham hayronsan, xo-xo; sen-chi, sen-chi…
Basharti maktabdan roppa-rosa beshda chiqib, Prado ko‘chasi bo‘ylab joning boricha yugursang, “La Reparason”da darslarning tugashiga yetib borasan. Biz muyulishda to‘xtar edik-da, qaranglar, hov, ana avtobus, orqada uchinchi “A”ning qizlari o‘tiribdi, ana u oynaning yonida, hatto, qarang, muallima Kanepi o‘tiribdi, qo‘lingni ko‘tarib salomlashib qo‘y, “chao” deb qo‘ysang-chi, u esa kulib qo‘ydi, kulib qo‘ydi-yu, anovi do‘mboq qizcha bunga javoban xayrlashyapti – ko‘rishguncha xayr, voy, tentag-ey, senga hech kim qo‘lini silkitmayapti, anovinga, anovinga…
Ba’zan biz cho‘ntagimizga bir parchagina xat solib olardik va uni xuddi qog‘oz qushga o‘xshab uchirardik: “Sen go‘zalsan bunchalar, sanam, sochlaringning asiriman, jon, kiyimlaring buncha yarashgan, sevginoma – Lalo do‘stingdan”. Hazir bo‘l, og‘ayni, rohiba bizni sezib qolib, qimmatga tushib yurmasin ularga, tushundingmi? Isming nima? Mening ismim Manuko, yakshanba kuni kinoga boramizmi, ertaga mana shunaqa qisqa qilib javob yozib bersin yoki hozir, avtobusdan tushmasayam boshi bilan ishora qilib qo‘ysin, bo‘ptimi, kutaman. Senga-chi, Kuelyar, birontasi yoqdimi? Ha, anavi orqada o‘tirgan bor-ku! Ko‘zoynaklimi? Yo‘q, yo‘q, yonidagisi. Nega unda yozmayapsan? U – nima deb yozaman? Nima bo‘lsayam. Mayli, yozsam yozay – “men bilan o‘rtoq bo‘lasanmi?” E, yo‘g‘-e, yaxshisi, boshqacha yozganim ma’qul – “sen bilan yaqin do‘st bo‘lishni istayman, g‘oyibona o‘pib…” Mana bu boshqa gap, og‘ayni, faqat qisqaroq bo‘ldi, biron-bir ko‘nglini oladigan gap aytish kerak edi. Marhamat, mana, xo-xo-xo, seni erkalab o‘paman va butun umidlarimni oyoqlaring ostiga poyandoz qilaman, xo-xo-xo! Zo‘r! Endi ism-familiyangni yozgin-da, biron nimaning rasmini chizib qo‘y. Nimaning rasmini? Xohlagan narsangni, loaqal, buzoqning rasmini yoki gul chizib qo‘ysang ham bo‘ladi, xohla… gul taqilgan jo‘mrak rasmini.
Xullas, La Reparasonga boradigan avtobuslarni ko‘zdan kechirib, ketidan yugurar, darsdan keyingi vaqtimizni o‘tkazar, ba’zan esa “Vilya Mariya”da o‘qiydigan oq libos kiygan qizlarni ko‘rgani Arekipa shohko‘chasiga kelardik – Sizlar nima, prichasheniye tugagandan keyin kelyapsizmi? Ba’zan esa tezyurarga o‘tirib, Avliyo Isidora yoki Avliyo Ursula yoinki Masiho maktabining qizlarini tomosha qilgani borardik. Futbol ularning yuragida ilgaridek qiziqish uyg‘otolmasdi.
Tug‘ilgan kunlarga qiz bolalarni taklif etish odati boshlangan kezlar biz bog‘da ivirsib yursak ham, o‘zimizni “bekinmachoq” yoki “bog‘bon-bog‘bon”, “ariqbo‘yi”, “Bir, ikki, uch, uchdan qolgan – puch” o‘ynayotgandek tutsak ham aslida mehmonxonada nimalar bo‘layotganini bilish, qizlar katta yoshdagi bolalar bilan nima qilayotganini birrovgina ko‘rish ilinjida edik. Raqsga tushishayaptimi? Qaniydi, bizga ham shunaqasi nasib qilsa!
Ajoyib kunlarning birida biz ham raqs tushishni o‘rganishga qaror qildik va o‘sha kundan e’tiboran har shanba va yakshanba kunlari bir-birimiz bilan raqs tushardik. Lalonikiga yig‘ilamizmi? Biznikiga kela qolinglar – uyimiz kenggina, Kallaxum esa – biznikida zo‘r plastinkalar bor, yangilaridan, Manuko – mening esa raqs to‘garagiga qatnashayotgan singlim bor, u bizga jon-jon deb o‘rgatadi, lekin Kuelyar – yo‘q, biznikiga, ota-onamning xabari bor, yaqinda uyga kelsam, stol ustida magnitofon turibdi, bu senga, do‘mbog‘im, onangdan esdalik, bir o‘zimgami? ha, azizim, xonangga qo‘yib, xohlagan paytda o‘rtoqlaring bilan eshitib yurarsizlar?! Bu yog‘i raqs tushishni o‘rgansangiz yomon bo‘lmasdi, o‘g‘lim, “Asr qo‘shiqlari”ga borib har xil plastinkalar sotib ol. Biz, turgan gap, qanot chiqarib, butun og‘aynilar bilan do‘konga qarab chopardik, u yerdan talay plastinkalar sotib olardik, har xil – mambo, valslar, uarachi, bolerolar tanlab, hisobini esa, o‘zining gapi bo‘yicha otasiga yuborardik – Marshal Kastilya ko‘chasi, 285, senor Kuelyarga va nuqta.
Vals bilan bolero juda oddiygina ekan: sanashni esdan chiqarmasang bo‘lgani – sen bu yoqqa, sheriging u yoqqa, musiqa esa – o‘z yo‘liga. Uarachini olsang, u ancha qiyinroq, bir necha oyoq harakatlarini o‘rganish kerak, jinni qilib qo‘yadi, dedi Kuelyar. Ha, mambo ham g‘ayritabiiy harakatlari tufayli murakkab – goh aylanishing kerak, goh sherigingni qo‘yvorasan, goh yana ushlab olasan, orada o‘zingni ham namoyish etishni unutmasliging kerak. Ular deyarli bir paytning o‘zida ham raqs tushishni, ham sigaret chekishni o‘rganib olishdi, bir-birlarining oyoqlarini bosib olishar, “Lacky” bilan “Viceroy” tamakilari tutunlaridan bo‘g‘ilib, gir aylanishardi – uff, bo‘ldi qil, og‘ayni – yo‘talishardi, dam-badam tupurishardi – qimirla tezroq – boshlari cho‘yandek og‘irlashib, gir-gir aylanardi – aldoqchilar, tili ostida tutun yig‘ib olgan, Zumrasha esa – nima qipti, hechqisi yo‘q, yolg‘on bo‘lsayam ko‘rdilaring-ku? Sakkiz, to‘qqiz, o‘n – endi esa halqa qilib, ha, ana shunday, endi burundan chiqar, endi, mana bunday qilib aylanasan, yana bir marta, endi turasan, ko‘rding, ohangdan ham adashib ketmading.
Ilgari ular sport bilan kino desa o‘zlarini tomdan tashlashardi. Bitta futbol o‘yinini, deb mingta narsadan voz kechishga tayyor edilar.
Endi bo‘lsa butun fikru zikrlari qizlar bilan raqslarda edi, endi Peres Pradoning qo‘shiqlarini eshitib o‘tirish mumkin bo‘lgan ziyofat uchun, buning ustiga yana chekishga ruxsat beradigan uyda oqshomni o‘tkazish uchun dunyodagi bor narsalardan voz kechish mumkin edi. Umuman olganda, bunaqa yig‘ilishlar har shanba kuni o‘tkazilar va bizni taklif qilishgan bo‘lsa-bo‘lmasa ham boraverardik. Agar taklif etishmasa, borib, uy egasini lol qoldirishdan avval ular, albatta, xitoylikning yerto‘lasiga kirib o‘tishardi va u yerda o‘sha zahoti – peshtaxtaga “taraq” etib urishardi: besh stakan “Kapitan”! To‘g‘ri tomirga yetib borsin, derdi Zumrasha, mana bunday – qult-qult-qult qilmasa hisobmas, erkaklar ichadiganidan bo‘lsin faqat.
Limaga Peres Prado o‘zining orkestri bilan tashrif buyurganida, ular, tabiiyki, xonandani Korpasda kutib olish uchun chiqishdi, shunda Zumrasha – qani, kim oxiri? – olomon orasidan o‘tib borib, Peres Pradoning yoniga yaqinlashdi-da, uning kamzuli yengidan ushlab jon-jahdi bilan qichqirdi: “Yashasin mambo qiroli!”
Peres Prado menga jilmayib qo‘ydi, chin so‘zim, qo‘limni qattiq qisdi va albomimga dastxat yozib berdi, ishonmasanglar, mana, qaranglar!
Ular, ixlosmandlar izdihomiga qo‘shilib Peres Prado ortidan yurishdi, Bobi Losano ularni mashinada San Martin maydoniga eltib qo‘ydi, ana undan keyin bir amallab, harqalay, Quyosh tribunasiga chiqib olishdi, ma’lum bo‘lishicha, mambo festivali ochilish marosimi ekan, hatto arxiyepiskop bilan senor Leonsio hamda senor Lusiolarning taqiqlari-yu, tahdidlari eslariga ham kelmadi.
Har kuni kechqurun Kuelyarlarnikida radio orqali “El Sol” das­turini topib, es-hushimizni yo‘qotgudek, jazavaga tushib, eshitardik – mana buni truba desa bo‘ladi, ohangini qara, do‘stim, kimsan Peres Pradoning kontserti-ya, ana ovozu mana ovoz!
Bu davrga kelib ular er yetib qolishdi, shim kiyib, hurpaygan sochlarini temir taroq bilan taraydigan bo‘lishdi, qisqasi, ulg‘ayib, ayniqsa, oralarida Kuelyar ko‘zga tashlanib qoldi. Ilgari besh kishining orasida eng qiltirig‘i, eng ko‘rimsizi bo‘lsa, hozir eng baquvvati va eng darozi edi. Menga qara, Zumrasha, ko‘z tegmasin, lekin tomosha qilish uchun ko‘rgazmaga qo‘yishli bo‘psan, quyib qo‘ygandek haqiqiy Tarzanning o‘zisan!

III

Birinchi bo‘lib ko‘ngliga muhabbat qushi uya qurgan bola – unda biz ikkinchi bosqichning uchinchi sinfida o‘qirdik – Lalo edi. Kunlardan-bir kun, kechki payt mana shu Lalo “Gream Rica”ga shunaqayam gul-gul yonib, pildirab kirdiki, biz o‘sha zahoti – namuncha og‘zing qulog‘ingda? U tovusdek tovlanib, olifta qiliqlar bilan: bolalar, men Chabuko Molinaga oshiqu beqaror bo‘lib qoldim, u – rozi! Bir to‘da bolalar shunday voqeani yuvish uchun “Chaski”ga yo‘l oldik, ikki stakan pivodan keyin Kuelyarning qulfi-dili ochildi – Lalo, u qizga sevishingni qanaqa qilib aytding? Chabuka nima dedi? Uning qo‘lidan ushladingmi? Chabuka qarshilik qilmadimi? Chippa yopishdi-qo‘ydi – uni hech o‘pdingmi? Lalo bamisli mis samovardek yaltiraydi, bamisli qiyomi ichidagi shaftoli, har qanday savollarga jon-jon deb javob berishga tayyor. Endi o‘zlaringdan qoladigan gap yo‘q, erga navbat – sherga navbat, gal sizlarniki, nima ko‘p – qiz ko‘p. Kuelyar esa stakanni stolga taq etib qo‘yadi-da, kar eshitganini qo‘ymagandek – boshidan aytib ber, sen nima qildingu u nima dedi, bunga javoban u nima qildi-yu sen nima deding?
Menga qara, Zumrasha, xuddi bizning ruhoniyga o‘xshaysan-a, deb kuldi Lalo, Kuelyar esa – gapir, gapiraver, cho‘zma rezinka qilib. Ular uchta “Xrustal”ni tinchitishdi va yarim kechaga borib Zumrasha uchib qoldi. U shahar kasalxonasining yonidagi simyog‘ochga suyangancha qayt qila boshladi. Eh, miyasi aynigan bola, der edik biz, tanimagan odamlaringga ham pivo olib beraverasan, pulingni ko‘kka sovurasan – mana oqibati! Ammo Kuelyar o‘sha paytda hazilni tushunadimi – sen bizga xiyonat qilding! Nima deyayotganini bilmaydi – Lalo, sen xoinsan! Og‘zi ko‘pirib ketgan – pismiqlarcha bizga bildirmay, o‘sha qiz bilan yuribsanmi! Ko‘kragiga uradi – bu to‘g‘risida gapirmaysan, so‘rasa, javob berging ham kelmaydi.
Hey, Zumrasha, bo‘ldi qil endi, undan ko‘ra engash ko‘proq, hammayog‘ingni rasvo qilyapsan, u esa o‘zinikidan qolmaydi – xoin, o‘rtoq degani bunaqa bo‘lmaydi, qo‘yaver, rasvo qilsam qilibman, senga nima? Uning hammayog‘ini artib, kiyimlarini tozalab, binoyidek qilib qo‘yishganida o‘ziga keldi, u birdan g‘amgin bo‘lib qoldi, nima desang, xo‘p deydi – endi Laloni ko‘rib bo‘pmiz, endi u yakshanba kuni chopadi Chabukaning oldiga, bizni mutlaqo esdan chiqarib yuboradi, nomard! Lalo bo‘lsa – qo‘ysang-chi, Zumrasha, bekorga aralashtirib yuboryapsan, qiz bola o‘z yo‘liga, biz o‘rtoqligimizcha qolaveramiz, hayronman, nega jahling chiqayapti? Bolalar esa – bo‘ldi qilinglar, yetar, yarashinglar, qo‘lingni ber unga; Kuelyar esa gapga kiray demaydi – yo‘qolsin o‘sha Chabukasining oldiga! Biz Kuelyarni darvozasi oldigacha eltib qo‘ydik, o‘ziyam kela-kelguncha quloq-miyamizni yedi, – og‘ayni, chakagingni o‘chirsang-chi, – bir narsalar, deb g‘o‘ldiraydi, – o‘pkangni bos, shovqin ko‘tarma, uyinggayam sekingina kir, oyog‘ingning uchida zinadan chiq, aks holda, ota-onang uyg‘onib ketishadi, qo‘lga tushasan xuddi! Ammo Kuelyar jo‘rttaga qilgandek baqira boshlaydi, eshikni qo‘li bilan gursillatib uradi, oyog‘i bilan tepadi – e-e-e, uyg‘onsa uyg‘onishibdi-da, sezib qolishsa nima, hammasiga tupuraman, men ota-onasidan qo‘rqadigan so‘tak emasman, sizlar esa – to‘rtaloving – qo‘rqoqsanlar, qochgandan ko‘ra shu yerda turib, bir tomosha qilsalaring-chi!
Qarang-a, rosa alam o‘tibdi-da, dedi Manuko Diagonal ko‘chasini kesib o‘tayotganimizda, Chabuka haqida gap ochganing zahoti gezarib, birdan kayfiyati tushib ketdi. Kallaxum esa – ko‘rolmayapti, alamidan ichdi. Chillak bo‘lsa – otasidan rosa ta’zirini yeydigan bo‘ldi.
Biroq otasi ta’zirini bermadi. Kim eshikni ochdi? Oyim, nima qildi oying? Urishdimi? Yo‘q, yig‘lab yubordi, qo‘zichog‘im, nega unday qilding, sening yoshingda otang spirtli ichimlikni og‘ziga olish tugul qo‘lida ushlab ko‘rmagan. Keyin otasi chiqib yo‘liga urishib qo‘ydi: boshqa takrorlanmaydimi? Yo‘q, dada, nahotki shu ishni qilganingga o‘zing pushaymon bo‘lmasang? Pushaymonman, dada. Uni yuvintirib, karavotga yotqizib qo‘yishdi. Ertalab esa Kuelyar ota-onasidan kechirim so‘radi. Lalodan ham – xafa bo‘lma, o‘rtoq, pivodan mast bo‘lib qoldim, rostini aytsam, agar so‘kkan, qo‘l ko‘targan bo‘lsam, yuzimga aytaver. Yo‘g‘-e, mastlikda bo‘ladi-da, siqilma arzimagan narsaga, beshni tashla – mana yarashdik, biz o‘rtoqligimizcha qolaveramiz, Zumrasha, ilgari qanaqaydik, shundoq qolsin.
Lekin endi ilgarigidek emasdi: Kuelyar har xil qiliqlar chiqara boshladi, tentaklik qila boshladi: hammaning e’tiborini o‘ziga qaratmoqchi bo‘lardi. Ular esa uni gij-gijlashar, tezlashar, olovga yog‘ purkashardi – otamning mashinasini olib chiqsam, nima deysizlar? Qani, opchiq-chi. U garajdan otasining “Shevrole”sini haydab chiqardi va hammalari Kostaneraning aylanma yo‘llarida sayr qilishga jo‘nab ketishardi. Bobbi Lasanoning rekordini orqada qoldirib ketolmaymanmi? Qani, haydab ko‘r-chi, Zumrasha. Va u – g‘uv-v-v – sohil bo‘ylab, – g‘uv-v-v – Benavidesdan Kibradogacha, – g‘uv-v-v – ikki yarim daqiqa ichida, – xo‘sh, qalay, qoyilmisizlar? Manuko hatto cho‘qinib ham oldi – ha, zo‘rlikka zo‘rsan. Iching o‘tib ketdimi deyman, chumchuq. “Totli taomlar” qahvaxonasiga olib borolmaymanmi, puli mendan? Qani, olib bor, ko‘raylik-chi. Ular o‘sha qahvaxonaga borib Gamburg buterbrodlari yeb, sutli kokteyllar ichib, qorinlari to‘ygach, bitta-bitta chiqib ketishdi, Avliyo Mariya cherkovining oldiga borgachgina nafaslarini rostlab o‘sha yerda Kuelyarni kutib turishdi; u esa ofitsiant bilan nima haqdadir gaplashdi-gaplashdi-da, keyin, “bang” etib qorniga kalla qo‘yib, bizning oldimizga halloslagancha yugurib keldi.
Xo‘sh, qalay, bopladimmi? Dadamning miltig‘ini olib chiqib, mana shu uyning hamma derazalarini chil-chil qilolmaymanmi? Qani, ko‘raylik-chi, qo‘lingdan kelarmikan! Hamma oynalar chil-chil sinardi! U o‘rtoqlarini qoyil qoldirish, ulardan ajralib turish uchun har qanday ishga qo‘l urardi – xo‘sh, qoyil qoldingmi? Laloni ranjitib – sen qo‘rqasan, men esa hech qachon! Uni Chabuka uchun kechirolmas, yomon ko‘rib qolgandi.
To‘rtinchi sinfda o‘qiyotganda Kallaxum Fina Salasni aylantira boshladi va tez orada qiz uning “sevgilisi”ga aylandi. Manuko esa Pusi Lanyansni yoqtirib qoldi va u ham niyatiga erishdi, qiz uni rad qilmadi. Kuelyar bir oy uyda o‘tirdi, ko‘chaga chiqmadi, maktabda ham ular bilan o‘lganining kunidan salomlashib yurdi. – Menga qara, nima bo‘ldi senga? Hech narsa. Nega ko‘rinmaysan, nima, bizdan qochib yuribsanmi, biz bilan hech qayoqqa bormaydigan bo‘lib qolding? Kuelyar qandaydir odamovi, g‘alati, arazlagandek yurar, bu ham yetmagandek jizzaki bo‘lib qoldi, deb mulohaza qilardik. Ammo u yurdi-yurdi-da, oxir-oqibat baribir bolalardan butunlay uzilib ketolmadi. Yakshanba kunlari Chillak ikkovi ertalabki seansda namoyish etilayotgan filmni ko‘rgani kinoteatrga borishar, (sho‘rlik yakkamoxovlar), keyin esa vaqtni qanday o‘tkazishni bilmay ko‘cha-ko‘yda qo‘llarini cho‘ntaklariga suqib olgancha laqillab yurishardi – bu yoqqa boramizmi, balki bu yoqqadir? Kuelyarning uyida musiqa tinglashar, eski latifalarni eslashar, qarta o‘ynashar, kechqurun soat to‘qqizlarda esa bolalar yig‘iladigan parkka kelishar edi, yolg‘iz o‘zlari, hech qanaqa qizlarsiz. Xo‘sh, shunqorlar, qalay, joyidami hammasi? – Biz endi kamzullarimizni yechib, galstugimizni bo‘shatib, yenglarimizni shimarib, o‘yinni boshlaganimizda Kuelyar ishshaygancha bilyardxonaga kirib kelardi. Maza qilib keldinglarmi, azizlar? Ovozi hissiz, hasaddan yorilib ketay, degandek alam bilan, avzoyi yomon, kayfiyati yo‘q. Ular esa – ashulangni o‘zgartir, qo‘y hazilingni, u esa – lablaru qo‘lchalar va boshqalar! Xuddi ko‘ziga tutun kirgandek yoki chiroq nuridan qamashayotgandek ko‘zlarini pirpiratadi. Bizning esa zardamiz qaynaydi – nega jahl qilyapsan, Zumrasha? Valdirab yurgandan ko‘ra sen ham bitta-yarimta qiz topib olsang bo‘lardi, u bo‘lsa – lablaridan so‘rib, ko‘kartirib tashladilaringmi? O‘zi bo‘lsa yo‘taladi, mastga o‘xshab dam-badam tuflaydi – yubkasini qayirib qo‘ydilaringmi, maza qilgandirsanlar? O‘zi bo‘lsa poshnasi bilan polni do‘qillatib u yoqdan-bu yoqqa yuradi. Bolalar esa – Zumrasha hasaddan yorilib ketadi hozir, – mana qayerda qaymog‘i, mazaxo‘rak bo‘lib qoldilaring-a! – esi og‘ib qoldimi, tilini tiysa bo‘lardi undan ko‘ra. U esa xuddi murvati burab qo‘yib yuborilgan parrakdek to‘xtamaydi, lekin endi jiddiy qiyofada – xo‘sh, ularni nima qildik? Qizlar indamay turaverishdimi o‘payotganlaringda? Qayerlaridan o‘pdilaring? Qanaqa qilib? O‘chir ovozingni, jonga tegib ketding-ku! Bir safar Laloning rosmana jahli chiqdi – ey, itdan battar-a ablah, bir urib basharasini teskari qilib yuboraymi hozir? Bizning qizlarimiz haqida bunaqa gaplarni aytishga qanday tili boryapti? Nima, ular shunaqa buzuqi qizlarmi? Ularni arang ajratib qo‘yishdi, keyin yarashib olinglar, deb ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi, lekin Kuelyar alamidan sira o‘zini qo‘lga ololmas, eng yomoni har yakshanbada shu narsa takrorlanardi – xo‘sh, kim nimaga ulgurdi? Kimga omad kulib boqdi? Kim lapashanglik qilyapti?
Ikkinchi bosqichning beshinchi sinfida o‘qishayotganda Chillak Bebu Romeroga ko‘z tikdi, lekin qiz u bilan gaplashgandan so‘ng “toshini teradigan” bo‘ldi, keyin Tulu Romiresdan umidvor bo‘lib, o‘shanga ilakishdi – yana omadi chopmadi, oxiri “yaponka” Saldivarning etagiga yopishdi, bu gal harakati zoye ketmadi. Uchinchi yurishda mot qildim, dedi kula-kula Chillak, ishim o‘ngidan keldi.
Biz uning bu “o‘ngidan kelgan ishi”ni San-Martin ko‘chasida joylashgan “Sambochilar bari”da nishonladik.
Hamma yayrab o‘tirdi, Kuelyar esa bir chekkada, indamay, ruhsiz bir ahvolda pivo ichardi. Bo‘ldi, kuyinaverma, o‘rtoq, endigi navbat seniki. O‘zingga munosib bir qiz top, sekin qo‘yniga qo‘l solib ko‘r, biz, do‘stlaring ko‘z-quloq bo‘lib turamiz, qisqasi, hamma yordamga tayyor, qizlar ham. Bo‘pti, bo‘pti, shunday qiladi – “Kapitan” ketidan “Kapitan” buyuradi, so‘ng birdan hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘rnidan irg‘ib turadi – chao, men endi boray: bugun ertaroq yotib uxlamoqchi edim. Agar, Kuelyar yana bir lahza shu yerda qolsa, dodlab yuborardi, dedi Manuko, Kallaxum esa – arang o‘zini bosib o‘tirdi, Chillak – agar yig‘lamasa, o‘tgan galdagiga o‘xshab ishkalni boshlardi, Lalo – unga yordam bermasa bo‘lmaydi, jiddiy aytyapman, bir qiz topib berish kerak, xunukkina bo‘lsa ham – farqi yo‘q – ana shunda hammasi joyiga tushadi. To‘g‘ri aytyapti, ular qarab turishmaydi – u aslida yomon yigit emas, to‘g‘ri, ba’zan qip-qizil jinni bo‘ladi, uning o‘rnida har qanday odam… ko‘rinib turibdi-ku, kunday ravshan, Kuelyarga odam achinadi, uning aybi yo‘q, Kuelyarni hammamiz yaxshi ko‘ramiz, uning salomatligi uchun ko‘taraylik, qani, Zumrasha, sen uchun.
O‘shandan buyon Kuelyar yakshanbada va bayram kunlarida bitta o‘zi kinoteatrga boradigan bo‘ldi (uning oxirgi qatorda, ketma-ket sigaret chekib, qorong‘i zalda bir-biriga singib ketgudek bo‘lib, buning ustiga kinoni ham ko‘rayotgan oshiq-ma’shuqlardan ko‘z uzmay o‘tirganini ko‘rganlar ham bor edi), bolalar bilan esa faqat kechqurun bilyardxonada yoki “Brans” yoki “Cream Rica”da ko‘rishar edi. Ko‘rinishi g‘amgin – qalay, o‘tdimi bugungi yakshanbalaring? – ovozi istehzoli – shaxsan meniki zo‘r o‘tdi, sizlarniki, tushunishimcha, a’lo darajada bo‘lsa kerak.
Yozga borib Kuelyar o‘ziga kelib qoldi, bizni ko‘rganda jahl qilmaydigan bo‘ldi: biz unga otasi Iso tavalludi kuniga sovg‘a qilgan mashinasida plyajga – faqat Mirofloresga emas, Podkovaga borardik. U “Ford” kabrioletining shovqinni pasaytiruvchi moslamasini o‘chirib yo‘lovchilarni qo‘rqitgancha o‘qdek uchib borardi: hech qanaqa svetoforga qaramas, juda katta tezlikda haydar va kerak bo‘lsa-bo‘lmasa signal chalardi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham u bizning qizlarimiz bilan do‘stlashib, garchi hadesa unga qitmirlik qilib, savollarga tutishlariga qaramay, ular bilan eski qadrdonlardek bo‘lib ketdi – Kuelyar, namuncha nozlanmasang, bitta-yarimtasini topsang bo‘lardi, bir o‘zing yakkakift bo‘lib yurasanmi, hammamiz bir to‘kis bo‘lardik yo bironta dugonamizni chaqirib kelaylikmi, deb holi-joniga qo‘yishmasdi. Kuelyar esa hazil bilan javob qaytarardi ularga – mening mashinam rezinkadan emas, o‘n kishi sig‘maydi, bittamiz piyoda ketishimiz kerak bo‘ladi, o‘zi shundoq ham tiqilishib qoldik. Hazillashayotganimiz yo‘q, jiddiy aytyapmiz, dedi Pusi, sendan boshqa hammaning yonida jufti bor, joningga tegmadimi, cho‘zib yuraverasanmi, shartta qiltiriq Gramioga sevgi izhor qilsa bo‘lardi, bechora uni, deb kuyib ado bo‘ldi, yaqinda qizlar “bog‘bon-bog‘bon” o‘ynayotganda o‘z og‘zi bilan aytdi, bo‘shashma, Kuelyar. U esa – boshimga uramanmi bunaqa yaxshi ko‘rishni, tarallabedod yurganimga nima yetsin, – u qizlarga gerdaygandek qarab miyig‘ida kuladi – bitta o‘zim maza qilib yuribman! Hamma bilan ishkal qilib yurishing maza, gerdayishlar uchun yurasan bitta o‘zing, shumi maza, derdi Yaponka bilan Chabuka ikkovlashib – o‘sha buzuq uachalarga ilakishib yurishing-chi, shumi tarallabedod yurishing? Kuelyar esa allanechuk sirli, sullohona, to‘g‘rirog‘i, hayosizlarcha ishshayadi – ehtimol, ehtimol…
Nega bizga qo‘shilmayapsan, raqs tushgani borging ham kelmayaptimi? – deb so‘radi Fina – bir paytlar bironta oqshomni o‘tkazib yubormasding, doim xushchaqchaq yurarding, binoyidek raqs tusharding? Nima bo‘ldi senga, Kuelyar? Chabuka esa – bunaqa dilgir bo‘lib yurmay bemalol kelaversin, shunda bitta-yarimta qizni ko‘rib yaxshi ko‘rib qolar, oralarida yaqinlik paydo bo‘lar! Biroq Kuelyarga gapirding nima, gapirmading nima – qulog‘iga tambur chertgan bilan barobar, nima emish – sizlarning bayramingiz g‘irt zerikishdan iborat, boshqa narsa emas, – o‘zini allakim deb bilyaptimi-ey, – haqiqiy ma’noda qayerda vaqtichog‘lik qilishni o‘zi biladi. Hamma balo shundaki, dedi Fina, odobli qizlar unga kerakmas ekan, u esa – bo‘lmagan gap, yaxshi qizlar bilan, qani, do‘stlashsang, ular – vaqt o‘tkazishga esa faqat cholitalar yoki “Xudo kechirsin”lar bilan yurgan yaxshimi? O‘sha arzongarov qizlar bilan? Zumrasha esa – b-bo‘lmagan gap, o-odobli qizlar yo-yoqadi, lekin bu ch-chillakoyoq Gramiolaringni boshimga uramanmi. Ular esa – ana xolos, endi orqaga qaytasanmi, u esa – m-mening i-imtihonlarim b-bor, v-vaqtim yo‘q, b-bunaqa ish-shlarga. Shunda biz, bolalar uni himoya qilishga o‘tdik – bo‘ldi-ey, tinch qo‘yinglar uni, yopishib olganlaring nimasi; uning ham ishlari bor, bir nimalarni rejalashtirgandir, birontasi bilan yurar. Tezroq haydasang-chi, Zumrasha, qara, quyoshning kuydirishini, Podkovada bundan beshbattar bo‘lsa kerak, bos gazni: “Ford” samolyot bilan barobar, uchadi, bos gazni…
Ular “Chayki” qarshisida cho‘milishdi, to‘rtala juft qumda toblanib yotganlarida Kuelyar to‘lqinlar bag‘rida o‘ktam va chaqqonlik bilan suzib yurardi: qaranglar, bilarkanmanmi!
Hov, anovi bahaybatini ko‘rayapsanmi, o‘shandan o‘ta olasanmi, qo‘lingdan keladimi? – dedi Chabuka. Zumrasha toblanib yotgan yerida sak­rab o‘rnidan turdi – xuddi shuni undan so‘rashlarini kutib turgandek, chunki biladi bu bobda unga teng keladigani yo‘q – xo‘p, bir og‘iz so‘zing, qarab tur, Chabukita, hozir ko‘rasan! U yugurgancha o‘zini suvga otdi; boshi baland ko‘tarilgan, ko‘kragi oldinda – shalop! Keyin esa quloch otib, ro‘parasiga kelib qolgan to‘lqin tomon suza ketdi. Rosa zo‘r suzar ekan-a, dedi Pusi. Kuelyar esa to‘lqinga, to‘g‘rirog‘i, yopirilib kelayotgan ulkan suv tog‘iga yaqinlashdi va eng yuqori nuqtasiga ko‘tarila boshladi. Qaranglar, qaranglar, – qichqirardi Yaponka, hozir u eng yuqorisiga ko‘tariladi. Kuelyar bitta qo‘li bilan suzardi (ikkinchi qo‘li tanasiga yopishgan edi), o‘sha suvdan hosil bo‘lgan “tepalik”ning cho‘qqisiga chiqib oldi-da, unga qo‘shilib o‘sha lahzadayoq pastga sho‘ng‘idi va ko‘piklar girdobida ko‘rinmay ketdi. Qaranglar, qaranglar, qichqirdi Fina, hozir uni aylantirib, ag‘darib tashlaydi. Biroq bir zum o‘tib, yonboshdan kelayotgan bahaybat po‘rtana Kuelyarni old tomonga oqizib ketdi. Endi u yaqqol ko‘zga tashlandi – gavdasi yoydek egilgan, oyoqlari yuqorida chatishib ketgan, boshi suvdan biroz chiqib turardi.
Nihoyat, u shashtidan qaytgan to‘lqinning kuchi bilan bemalol qirg‘oqqa suzib keldi.
Biram yaxshi suzadiki! – qoyil qolishardi qizlar, qo‘l silkitib, to‘lqinlarga ro‘para bo‘lish uchun yana ortiga burilgan Kuelyardan ko‘z uzmay.
Qara, shunaqa kelishgan, shunaqa dovyurak bo‘laturib yuradigan qizi bo‘lmasa! Negaykin-a? Bolalar bir-birlariga qarab olishdi. Lalo tomog‘ini qirib qo‘ydi, Fina esa – nega iljayasiz, undan ko‘ra sababini tushuntirib beringlar. Kallaxum qizarinqirab – nima deyapsan o‘zingdan-o‘zing, hech kim kulayotgani yo‘q, qayoqdan olding bunaqa gapni? U esa – boshimni aylantirma, bizni laqillatolmaysan, Kallaxum bo‘lsa – kim aylantiryapti, Xudo haqqi, rostini aytyapman, hammasini o‘zingiz to‘qib chiqaryapsizlar. Uning qizlar bilan yurishga yuragi betlamaydi, xolos, dedi Chillak. Pusi esa – yuragi betlamasmish, shuyam bahona bo‘ldi-yu, u bo‘sh-bayovlarning yaqiniga yo‘lamaydigan bola bo‘lsa. Chabuka – unaqada gap nimada? Shunda Lalo – Kuelyar ko‘ngliga yoqadigan qizni sirayam uchratolmayapti, vaqti keladi, ko‘rasan, topadi baribir. Yaponka esa – bekorlarni aytibsan, u hech qachon qidirmagan, qidirmaydiyam, raqs tushganiyam, boshqasigayam bormaydi. Chabuka esa yana – unaqada gap nimada?
Ular hammasini bilishadi, dedi Lalo, boshimni kundaga qo‘yaman, bilishadi. Bilib turib o‘zlarini ovsarlikka solishyapti, yo‘q degin? Negaykin? Bizdan ko‘proq gap olish uchunmi, hayronman. Ularning ko‘zidan, hiyla-nayranglaridan, ovozlaridan sezilib turibdi. Kallaxum esa – bo‘lmagan gap, qizlarimiz hech narsani bilishmaydi, hech qanaqa o‘yin qilishmayapti, shunchaki so‘rashyapti, bilgilari kelyapti-da, shu paytgacha bironta qiz bilan yaqin bo‘lmaganiga hayron bo‘lishyapti, xolos. Mana shu sababli unga achinishyapti, yordam bergilari kelyapti. Balki bilishmas ham, lekin bir kunmas-bir kun sezib qolishadi, dedi Chillak, ana unda o‘zidan ko‘rsin. Qiyinmi, gap-so‘zga qolgandan ko‘ra bironta qiz bilan shartta tanishib olish! Chabuka esa – to‘ppa-to‘g‘ri! Demak, bu yerda bir sir bor! Manuko esa – nima ishing bor sening, o‘ladimi-qoladimi, senga nima, bir kun kelar, Kuelyar ipakdek yumshab, bittasini yaxshi ko‘rib qolar, hozir esa damingizni chiqarmang: ana o‘zi kelyapti.
Kun sayin Kuelyar qizlarning oldida battar o‘shshayib, damduz bo‘lib borardi. Jinni-jinni ishlar qilardi, janjaldan boshi chiqmasdi: Pusining tug‘ilgan kuni hamma mushaklarni derazadan uloqtirib yuborgan edi, qiz bechora, turgan gapki, chinqirib yig‘ladi. Tutaqib ketgan Manuko musht do‘laytirib unga tashlandi, u esa Manukoning qulog‘i tagiga tarsaki tortib yubordi. Bir haftadan keyingina ularni arang yarashtirib qo‘ydik. Uzr, Manuko, bexosdan shunday bo‘lib qoldi, o‘zim ham bilmay qoldim. Hechqisi yo‘q, og‘ayni, o‘zi mendan chiqdi bu jinnilik, ana, Pusi ham shu yerda, esidan chiqib ketdi uniyam, uyiga chaqiryapti bizni. Kunlarning birida diniy marosim payti Kuelyar g‘irt mast holda keldi; Lalo bilan Kallaxum uni opichlab zo‘rg‘a boqqa olib chiqishdi. Qo‘yvoringlar, baqirardi u quloqni qomatga keltirib, tupurdim hammasiga – o‘chakishib – hozir qo‘limda to‘pponcha bo‘lganda bormi! Nima qilarding, og‘ayni? Bizni otarmiding? – oyoqlarini tipirlatadi. – Ha, ha! Anovi, biz tomonga sudralib kelayotganni ham, seni ham, birato‘la o‘zimni ham, paq, paq, otardim! Yakshanba kuni esa o‘zining “Ford”ida – g‘uv-v – to‘g‘ri otchopardagi o‘tloqqa yorib kirdi-da, odamlarni qo‘rqita boshladi – g‘uv-v – birov to‘siqdan sakrab o‘tgan, birov chinqirgan, qiyomat-qoyim bo‘lib ketdi! Karnaval kuni hamma qizlar o‘latdan qochgandek undan nari qochishardi, nimalarni otmadi ularga o‘ziyam: sassiq paqildoqlar, po‘choqlar, irigan olmalar, hatto peshob to‘la pufaklar deysizmi, xullas, zarari tegmagan odam qolmadi: ko‘ziga ko‘ringan kimsa borki, balchiq, mag‘zava, un, etik moyi bilan “siyladi”. Ular esa bunga javoban – cho‘chqa, miyasi aynigan, hayvon, zararkunanda… Bayram kunlari “Terras”da, bog‘dagi raqs maydonida, “Lawn Tennis” klubida sanqib yurardi – naq bezorining o‘zi, ust-boshi g‘ijim, kir-chir, sochlari hurpaygan, ikkala qo‘lida efir solingan shisha idish – paq-puq, tararaq-taq! Naq ko‘zini mo‘ljallab sepdim – ha-ha, shalop, shalop! – tamom, u hech narsani ko‘rmasligiga men kafil. Qoqilib yiqilishi uchun raqs tushayotganlar orasida uzun tayoqni oyoqlari orasiga qo‘yib turardi – yiqilgan odamning tepasiga borib: hech qayeringiz og‘rimadimi, yiqilganda! Qayerda janjal chiqsa, o‘sha yerda bo‘lardi, uni do‘pposlashardi, biz esa uning yonini olardik, kuchimiz yetgancha, albatta. Bizni aytdi, dersan, Kuelyar, bir kuni ta’ziringni yeysan, deb unga yozg‘irardik, bugun bo‘lmasa ertaga tavbangga tayanasan!
Kuelyar haqida yomon gaplar tarqaldi, Chillak – og‘ayni, hammaning joniga tegding, Kallaxum esa – senga qarab achinib ketyapman, Manuko – qizlar sening basharangni ham ko‘rishni istamaydi, seni qandaydir esipast, o‘lgudek qaysar, qisqasi, bir gazanda, deb o‘ylashyapti. Kuelyar esa goh g‘amgin, xuddi tushunib o‘kingandek – boshqa takrorlanmaydi, o‘zim ham uyalib yuribman, to‘g‘risi! Ba’zan esa g‘azab bilan, yonib – gazanda ekanmanmi-a? O‘sha chiyildoqlar, meni shunday deyishyaptimi, tupurdim o‘shalaringga, ko‘rmay ham, kuymay ham o‘shalaringni…
Bitiruvchilarning tantanali oqshomida – rahbariyat, ikkita orkestr, “Sountry Club” – Kuelyardan boshqa butun sinf yig‘ildi. Jinni bo‘lma, uni qaytarmoqchi bo‘ldik, sen biz bilan birga bo‘lishing kerak, senga atab bitta qushchani tanlab qo‘yganmiz. Pusi Margo bilan gaplashib qo‘ygan, Fina Ilsega shipshitgan, Yaponka Elena bilan, Chabuka Flora bilan, hammasi sening nomingni eshitsa, o‘lib qolishadi; xohlaganingni tanlab olasan, kelsang, bas. Kuelyar esa gojlik qilib turib oldi – bunaqa, masxarabozlarning shoyi yoqali kamzulini kiyishga majbur qilishadigan yerga boraman deb o‘lib turganim yo‘q, yaxshisi, keyinroq, o‘zimiz yig‘ilamiz, begonalar bo‘lmaydi. Ha, mayli, xohishing, o‘zingga o‘zing dushmanlik qilyapsan. Unaqada bizni soat ikkida “Chayki” yonida kutib tur. Qizlarni kuzatib qo‘ygach, boramiz. Maktabni bitirishimiz sharafiga bir stakandan otmasak uyat bo‘ladi. U esa bir g‘amgin, qayg‘uli ohangda – to‘g‘ri, albatta, kerak…

IV

Kelasi yili Chillak bilan Manuko muhandislik fakultetining birinchi kursida o‘qishayotganda, Lalo – tibbiyot universitetining tayyorgarlik fakultetida, Kallaxum esa “Wiese” firmasida ish boshlaganda Chabuka bilan Laloning o‘rniga Chillak, Yaponkaning atrofida Chillakning o‘rniga Lalo girdikapalak bo‘lib yurganida, Mirafloresga Teresita Arrarte keldi. Kuelyar uni ko‘rgach, o‘sha zahoti, ta’bir joiz bo‘lsa, bir sutkada butunlay boshqa odamga aylandi-qoldi. Bezorilikni tashladi, ko‘chaga chiqayotganda o‘ziga oro beradigan bo‘ldi: bashang kamzulini kiyib, galstugini dazmollab, sochlarini Elvis Presliga o‘xshatib tarab, poyabzalini yaltiratib chiqardi. Senga nima bo‘ldi, Zumrasha? Tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketibsan, yuvoshgina, muloyimgina bo‘lib qolibsan? U esa lab-lunjini yig‘ishtirib ololmasdi – hech narsa bo‘lgani yo‘q, kamzulining qaytarma yoqasini barmoqlari bilan silab qo‘yadi, xuddi bir paytlari ko‘z-ko‘z qilgandek – bo‘lar ekan-ku, odamga o‘xshab yursa! Obbo o‘rtog‘-ey, juda ochilib ketibsan, qoyilman, kuyovbolaga o‘xshab qolibsan! Tinchlikmi, biron nima bo‘ldimi, u esa og‘zi qulog‘ida – bo‘lsa bordir. Teresita sabab emasmi, ishqilib? U esa sariyog‘dek eriy boshlaydi – ehtimol. Uni yoqtirib qoldingmi? Balki…
Kuelyar – o‘sha quyi sinfda o‘qiyotganimizda hamma biladigan Kuelyarga aylangandi yana. Yakshanba kunlari cherkovdagi marosimga qatnar (biz bir necha marta vino bilan nonni tabarruk qilayotganini ko‘rgan edik), har doim marosimdan so‘ng bizning mavzeda istiqomat qiladigan qizlar bilan gaplashib turardi. – Qalay ishlar? Nima yangiliklar? Parkka boramizmi, Teresita! Kel, manavi o‘rindiqqa o‘tiramiz, salqingina ekan! Qosh qorayganda yaxmalakka borardi, u yerda dam yiqilib, dam turib xoxolagancha kular, tinmay hazillashardi – kel, bu yoqqa kel, Teresita, o‘zim o‘rgataman senga! Agar u yiqilib tushsa-chi? Yiqilmaydi, u qo‘lidan ushlab turadi. Qani, bo‘laqol, yana bir marta! Shunda Teresita – xo‘p yaxshi, yana bir marta! O‘zi esa qizarib ketadi, unga ko‘zlarini suzadi, qo‘g‘irchoq deysan, mallasoch, do‘mboqqina, mayda, sadafdek tishlarini ko‘rsatib jilmayadi. Bu paytda Kuelyar “Regatas” klubiga tez-tez borib yurardi – dada, meni shu klubga a’zo qilib qo‘ying, o‘rtoqlarimning hammasi o‘sha yerga boradi. Otasi – yaxshi, o‘g‘lim, aktsiya sotib olamiz, nima, u yerda poyga bo‘ladimi?
Yakshanba kunlari kechki payt Kuelyarning og‘zi qulog‘ida, mamnun qiyofada “Salasar” parkida sayr qilardi. Doimo bitta yangi latifani har ehtimolga qarshi xayolida asrab yurardi – Teresita, havoriy Iso bilan itoatkor fil o‘rtasida qanaqa umumiylik bor? – Teresita, mening ko‘zoynagimni taqib ol, quyoshda ko‘zlaring qamashib ketyapti – doim tinmay gapiradi – Teresita, uyda nima yangiliklar? – doim g‘amxo‘r – Teresita, muzqaymoq olaymi yoki hot-dog, balki buterbrod xohlarsan, balki milk shake?
Ana ko‘rdingizmi, dedi Fina, vaqti keldi chog‘i, Kuelyar – oshiq. Chabuko esa – nimasini aytasan: Teresitani ko‘rdi deguncha saryog‘dek erib ketadi. Kechki payt bilyard o‘ynayotgan bolalar – nahotki shu qizga ko‘ngil qo‘ysa! Kallaxum – nahotki jur’ati yetsa? Chillak – Teresita hamma gapdan xabardor bo‘lsa-chi? Lekin ochiqchasiga hech nima so‘rashmadi, agarda ishora qilishsa ham u o‘zicha hech narsani tushunmaganga oldi. Teresitani ko‘rdingmi? Ha. Kinoga tushdilaringmi? Ha. Kunduzi tushdik: Ava Gardner o‘ynagan filmga. Xo‘sh, qalay ekan? Zo‘r, sizlar ham albatta tushinglar. Kuelyar kamzulini yechdi, yengini shimardi-da, bilyard tayog‘ini qo‘liga oldi, so‘ng hammalariga pivo chaqirdi, o‘sha kuni ular yarim kechaga qadar o‘ynab zerikishmadi. Ittifoqo, bir kuni o‘yin paytida, ko‘zlarini yashirib, shivirlagudek bo‘lib – meni kasalxonaga yotqizishmoqchi, – bo‘r bilan yiqqan ochkosini yozib qo‘ydi, – operatsiya qilishar ekan. Ular esa – Zumrasha, demak, shifoxonaga yotqizisharkan-da? Qachon, qayerga, qiziq biz uchun. U esa loqayd bir qiyofada – xo‘p, aytaman, lekin nimasi qiziq buning? Operatsiya qilishadi, lekin bu yerda emas, Nyu-Yorkda, dadam ham birga boradilar. Biz bir ovozda – e, hayriyat, mana buni yangilik desa bo‘ladi! Yaqin orada ketasizlarmi? Kuelyar – yaqinda, bir oydan keyin, ular esa – omading kelgani shu-da! U esa – hali ertaroq, avval shifokorning javobini kutish kerak, kecha dadam unga xat yozib yubordilar. U oddiy shifokor emas, dong‘i ketgan shifokor! Faqat chet elda bo‘ladi bunaqasi. Kunlar ketidan kunlar o‘tdi, Kuelyar – dada, nima bo‘ldi, javob keldimi? Ertasiga – xat keldimi, oyi? Yo‘q, o‘g‘lim, tashvishlanma, bugun-erta albatta javob keladi. Nihoyat, u orziqib kutgan maktub keldi, dadasi ochib o‘qidi-da, Kuelyarning yelkasidan tutib – o‘g‘lim, ming afsuslar bo‘lsinki, iloji yo‘q ekan, bardoshli bo‘l. Naqadar alamli javob, Zumrasha, deyishdi ular, u esa – balki boshqa mamlakatlarda – Germaniyadami, Parijdami, Londondami iloji topilar, dadam so‘rab-surishtiraman, hamma yerga xat yuboraman, dedi. Otasi hech qanaqa xarajatlardan qochmaydi. So‘z berdimi, albatta bajaradi. Biz – to‘g‘ri, og‘ayni, bilamiz, gap bo‘lishi mumkin emas dadangga, Kuelyar ketgandan keyin esa – bechora, odam achinadi. Kallaxum esa – Teresitaning qadami xosiyatsiz keldi, Chillak esa – u ko‘nikib qolgandi, endi bo‘lsa, yarasi yangilanib, o‘zini qo‘yarga joy topolmayapti, Manuko – balki tibbiyot biron narsa o‘ylab topar? Shunda Lalo – yo‘q, mening shifokor amakimning aytishicha, foydasi yo‘q ekan, hech iloji yo‘q emish.
Kuelyar esa – nima bo‘ldi, dada? Hozircha jimjit, Parijdan xabar bormi, oyi? Rimdan-chi? Germaniyadan-chi?
U gap-so‘zlardan uzoqroq bo‘lish va tagli-tugli xonadon egalarining ishonchini oqlash uchun yana barcha oqshomlarga kela boshladi, u yerda nima bo‘lgan taqdirda ham, tug‘ilgan kunmi, sayilmi, farqi yo‘q, u o‘z vaqtida borar, ichkilikni og‘ziga olmas, sovg‘a-salom ko‘tarib borishni hech qachon unutmasdi – Chabukita, mana bu senga, tabriklayman, mana bu gullar onangga, Teresita kelganmi? Eski zamonlarda chollar raqsga tushgani kabi ulug‘vor bir qiyofada, sherigidan xiyol uzoqlashib raqsga tushar edi; zerikayotgan qizlarni taklif etardi – qani, do‘ndiqcha, raqs tushamizmi, onalarga ikki og‘iz shirin so‘z, otalarga ham tilak bildiraylik, amma-xolalarimiz xursand bo‘ladi, jilmayib qo‘yaylik – bir stakan ketadimi, jillaqursa, bir qultum. Xonadonning qarindosh-urug‘lariga tabassum bilan xushomad qilardi – marvaridingiz buncha chiroyli, baldog‘ingiz yaltirashini ayting, zarur bo‘lgan paytda voqeaga monand suhbatlar – oxirgi poygada bor edingizmi, senor, asosiy yutuq kimda ketdi? Manzur bo‘larli mulozamat – siz, senora, asl yevropaliklar avlodi ekansiz, husnda benazir, o‘z qadrini bilishda tengsiz, mana shu aylanishni menga o‘rgatsangiz yaxshi bo‘lardi, don Xoakin, sizga o‘xshab raqs tusha olganimda edi!
Biz biron nima haqida (parkdami, “Gream Rica” yoki ko‘chadami, farqi yo‘q) gaplashib turganimizda birdan Teresita yonimizga kelib qolardiyu, do‘stimiz Kuelyar bir zumda o‘zgarardi-qo‘yardi. U o‘sha qizning e’tiborini o‘ziga qaratish uchun o‘lib-tirilar, bir nimasini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lar, oxiri, mana, ko‘rib qo‘yinglar, mening hamma narsaga aqlim yetadi, deb qoyil qoldirmoqchi bo‘lardi. So‘ng kutilmaganda, biz yaxshi tushunmaydigan murakkab narsalar: diniy tushunchalar haqida (abadiy mavjud bo‘luvchi qudrat sohibi – Tangri oxir-oqibat halok bo‘lishi mumkinmi?) siyosat haqida (Gitler, yozishlaricha, faqatgina telba bo‘lgan emas, balki qisqa vaqt ichida Germaniyaning o‘ta rivojlangan mamlakatga aylanishini ta’minlagan shaxs), spiritizm xususida (bu tuturiqsiz gap emas, ilmiy asoslangan fakt! Frantsiyadagi bir dorilfununda shunaqa folbinlar borki, ular nafaqat o‘lganlarning ruhini chaqirib oladi, balki ularni suratga tushirishga ham qodir. Buni kitobda o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Agar Teresita xohlasa shu kitobni unga keltirib beradi) gapiradi, o‘zining katolik universitetiga kirish rejalari bilan o‘rtoqlashadi. Teresita esa ishva bilan jilmayib – naqadar go‘zal! kim bo‘lib chiqadi u yerdan? – qo‘yib bersa oppoq qo‘li bilan uning iyagini silaydi, – advokatmi? – barmoqlari do‘mboq, tirnoqlari uzun-uzun, – uh, shuyam ishmi? – sirtiga badan rangidagi lak surtilgan – yuzini burishtiradi. Kuelyar esa – yo‘q, u lo‘ttiboz yoki safsata sotish uchun o‘qimaydi u yerda, bu narsa Torre Teglega kirish uchun zarur, diplomat bo‘lmoqchi. Teresita qoyil qoladi: oppoq qo‘llar, suzilgan ko‘zlar, qayrilma kipriklar… U esa – ha, shunaqa! Otasi ministr bilan yaqin, bu haqda gaplashib ham qo‘yishgan. Demak, diplomat – chiroyli lablar jilmayadi, – o-o, naqadar ajoyib! U entikkancha – albatta, axir diplomatga chiqargan dunyoni ko‘rish. Qiz esa – sekin aytasanmi, undan tashqari, deyarli har kuni yo tantanali ziyofat, yo qabul marosimi!
Sevgi mo‘jizakor, dedi Pusi, buncha qobilgina, itoatkorga aylanmasa! birdan! Yaponka esa – ularning sevgisiga sira tushunolmayman. Agar u Teresitani shunchalik yaxshi ko‘rib qolgan bo‘lsa – cho‘zib o‘tiradimi, allaqachon ko‘nglini ochishi kerak edi. Chabuka esa – hamma gap shunda, ikki oydan oshdi ortidan bir qadam qolmay yurganiga, haligacha yuribdi. Bolalar o‘zaro – bilishadimi yoki o‘zlarini bilmaganga solib yurishibdimi? Biroq qizlarning oldida iloji boricha uning yonini olishadi: birovdan oldin, birovdan keyin. G‘ururi yo‘l qo‘ymaydi, dedi Chillak, Teresitaning rozi bo‘lishiga ko‘zi yetmaguncha tavakkal qilmaydi. Qanaqa tavakkal, dedi Fina, qiz bechora o‘lay deb turibdi-ku! Teresita ko‘zlarini shunaqayam suzadiki, chidolmaysan! Yaponka – chunonam tikilib qaraydiki, jilmayishlari-chi: nima emish, sen konkida zo‘r uchar ekansan, issiqqina bo‘lsa kerak, sen bilan birga uchamiz, maylimi?
Hamma gap shunda-da, dedi Manuko, Teresitaga o‘xshagan oyimchalarga ishonib bo‘lmaydi: bugun xo‘p degani bilan ertaga aynib qolishi mumkin. Fina bilan Pusi esa – bo‘lmagan gap, o‘zimiz so‘radik undan, ko‘nglidagini aytdi, o‘z og‘zi bilan – ha, dedi. Chabuka esa – ochiq-oydin ko‘rinib turibdi-ku, Kuelyar qayerda bo‘lsa, Teresita o‘sha yerda! Faqat u bilan raqsga tushsa! Kinoda faqat u bilan yonma-yon o‘tirsa! Jinniyam biladi bechora qizning qattiq yaxshi ko‘rib qolganini! Yaponka – uning jur’at qilishini kutib yurish joniga tegsa-chi, unga tushuntirish kerak, cho‘zib o‘tirmay harakatini qilsin, shanba kuni biznikida yo Chabukanikida yo Finaning uyida raqs kechasi uyushtiramiz, yo‘lini topib ikkovlarini yolg‘iz qoldiramiz. Bilyardxonada esa bolalar, voy tentak qizlar-ey, hech narsani tushunishmaydi-ya, balki tushunib turib atay qilishyaptimikan…
Bu shunday davom etishi mumkin emas, dedi ittifoqo Lalo, Zumrasha jinni bo‘lib qolishi mumkin, muhabbat deb esidan og‘ib qolsa, nima qilamiz, tezroq nimadir qilish kerak. Bolalar – gaping to‘g‘ri, lekin nima qilish kerak? Manuko – kelinglar, tekshirib ko‘ramiz, Teresita chindan ham o‘rtog‘imizni yaxshi ko‘radimi yoki shunchaki laqillatib yuribdimi?
Ular qizning uyiga kelishdi, ko‘nglida nima gap, nima qilmoqchi, savolga tutishdi, u esa (anoyi emas ekan u!) o‘zini ovsarlikka solib, to‘rtovlarini dovdiratib qo‘ydi, chin so‘zim. Kuelyarmi? – balkondagi arg‘imchoqqa o‘tirib oldi, – axir ismi bilan chaqirmay, bema’nidan-bema’ni laqab qo‘yib olgansiz-ku, o‘sha bolani aytyapsizlarmi? – arg‘imchoqda sekin ucha boshlaydi, oyoqlarini ko‘tarib oldi, – o‘sha meni yaxshi ko‘rarmishmi? – oyoqlari chakki emas, – sizlar qayerdan bilasizlar? Kallaxum nima deyishini bilmay qoldi – o‘zingni jinnilikka sol­yapsanmi, hamma biladi-ku: sen ham, bizning qizlarimiz ham, butun Miraflores biladi. U bo‘lsa kipriklarini qoqib, yana hayron bo‘ladi, burnini jiyiradi – nahotki? – ularga qaraydi, xuddi bolalar oydan tushgandek, – yo‘g‘-e, birinchi eshitishim. Manuko – qo‘ysang-chi, Teresita, to‘g‘risini aytaver, ko‘rib turibsan-ku ahvolini? Teresita esa – bay-bay-bay! Ko‘zlarini pirillatadi, qo‘llarini ikki yonga yoyadi, tishlari yaraqlaydi, tuflilari bejirim. Xuddi mana men, qaranglar, ma’qulmi, lekin baribir hech qanaqasiga tutolmaysiz, degan qushga o‘xshab o‘tiradi.
Xo‘p, shunday bo‘la qolsin, lekin bu yaqinlik do‘stlikdan boshqa narsa emas, agarda gapning po‘stkallasini aytsam – kelishgangina, barmoqchalar, tirnoqchalar, ovozi-chi, – odamni ikkilantirib qo‘ydilaring-ku, Kuelyar menga bir narsa deyish tugul, hatto biron ishora ham qilmagan. Bolalar – e-e, cho‘pchagingni boshqa yerda aytasan, nimadir degan bo‘lsa kerak, jillaqursa, xushomad qilgandir. Qasam ichamanki, yo‘q, yo‘q, hech qanday ishora ham qilmagan, balki bog‘ida o‘ra qazib butun dardu hasratini o‘sha yerga ko‘mib qo‘ygandir – gajaklar, dudoqlar, solinchak, – xoh ishoning-xoh ishonmang, menga bir og‘iz gapirmagan. Chillak – Kuelyar ortingdan dum bo‘lib yurganini ham bilmaysanmi? Teresita – ehtimol shunaqadir, lekin do‘st sifatida, birga yurgisi kelganidandir, bay-bay-bay! Tuflisi bilan­ taqillatib qo‘ydi, qo‘lchalari mushtumcha bo‘lib tugilgan, ko‘kraklari dikkaygan, mo‘rchamiyon, makkor, ularni ahmoq qilyapti o‘zicha. Biz gapni aylantirib ko‘ramiz, o‘zimizcha biz ham qarmoq tashlaymiz – bilagingdan bir marta ham ushlamaganmi? Yo‘q. Tegmaganmi hatto? Yo‘q. (Hali shoshmay tur, shunday boplaymizki!) Yaxshi ko‘raman, deb ham aytmaganmi? Yo‘q. (Bo‘pti, yaxshi, aylanib o‘tamiz!) Kuelyar tortinchoq bola, dedi Lalo, lekin mana ko‘rasan, u shu kunlarda o‘zini tutib olsin, seni hozircha durustroq bilmaydi-da. Nimamni bilishi kerak? – peshonasi tirishadi, – meni tergov qilyapsizlarmi? – kulgichlari o‘ynaydi, mujgonlar, qayrilma qoshlar, – Kimni aytyapsizlar? Haliyam o‘sha Kuelyarnimi? Manuko – kimni bo‘lardi yana, axir har kuni o‘zing bilan birga yuradi-ku! Hozircha bir nima deyolmayman, menga hech narsa demagan.
Kallaxum shunda – aylantirma, u senga yoqadi, har xil ishorayu ishvalar bilan o‘zingga qaratib olgansan. Teresita esa – men hech qanaqa ishora qilmaganman, ishva qilishga balo bormi, bir sababu bahona ham bo‘lmagan, bo‘lishi ham dargumon. Ular esa – bo‘lgan, bo‘lgan, bir martadan ko‘p. Lalo – xo‘p, seningcha, u kelishgan yigitmi? U – kimni aytyapsan, Kuelyarnimi? – tirsaklar, dumaloq tizzalarining ko‘zi, – ha, shunaqa, shekilli. Biz shunda – ana ko‘rdingmi, u senga yoqadi! Teresita – men bunday demaganman, bekorga yo‘q yerdagi gaplarni menga to‘nkayapsiz, undan ko‘ra, yaxshisi, qarang, gulzorga qanaqa kapalak uchib kirdi, hov anavi, yorongul o‘sayotgan yerda, ehtimol, u kapalak emasdir! – dik etib o‘rnidan turdi, barmoqlarini nuqtadi, poshnasi oppoq, – laqabi nega bunaqa xunuk? Sizlar-chi, namuncha tarbiyasiz, qo‘polsizlar? Boshqa laqab qurib qoptimi, boshqa chiroyliroq bir so‘z topmaysizlarmi, aytaylik, “Supermen”, “Tarzan”, “Bobi” desangiz bo‘lmasmidi? Ana ko‘rding, sen unga befarq emassan. Bundan chiqdi, o‘sha laqabni ko‘nglingga og‘ir olyapsanmi, demak, unga befarq emassan! Teresita – unga achinadi odam, shunaqa laqab bilan yashab ko‘rgin-chi o‘zing? Demak, uni sevar ekansan-da? Sevaman? Sal-pal – suzilgan ko‘zlar, nim tabassum, – faqat do‘st sifatida!
Teresita yo‘q, deb aldayapti, aslini olganda ikki karra ikki to‘rtdek ravshan. Biz shunday qarorga keldik… Zumrasha, otni qamchilashing kerak, o‘sha otni qaysi yo‘ldan yo‘rttirib borgan ma’qul, mana gap qayerda!
Kuelyar esa hamon paysalga solardi – Teresita Arrarte ortidan yurgani yurgan, nima derkan, degandek unga mo‘lt-mo‘lt tikiladi, ko‘nglini nima bilan olishni o‘ylaydi, shekilli. Hali hech narsadan bexabar mirafloreslik bolalar uni oshkora askiya qila boshlashdi – turshak, latta, laycha, qizlar esa uni uyaltirish, jahlini chiqarish uchun ketidan ashula aytishadi – “Qachon axir, qachon axir”. Bir kuni kechki payt kelishganimiz bo‘yicha “Dara” kinoteatriga bordik, yo‘l-yo‘lakay esa – menga qara, Zumrasha, yaxshisi, “Ford”ingda Podkovaga suramiz, nima deysan? U esa – o’key! U yerda pivo ichishadi, futbol o‘ynashadi, uning “Ford”i kishnab turgan otning o‘zi, bir zumda eltib qo‘yadi. Biz o‘sha “ot”ga o‘tirdik, faqatgina muyulishda shinalarning g‘ijirlagani eshitiladi, xolos, sohilda esa turgan gapki, yo‘l harakatini nazorat qiluvchi to‘xtatdi – nahotki, yuzdan ko‘p bo‘lsa, senor, “Eh, jonginam, unutaylik butkul, hayotda sira qilmaylik zulm!” U haydovchilik guvohnomasini so‘radi, Kuelyar unga ikkita qog‘oz uzatdi. Senor, bizning salomatligimiz uchun yuzta olarsiz… “Eh, jonginam, unutaylik butkul, hayotda sira qilmaylik zulm!” Ular Podkovaga juda tez yetib kelishdi va to‘g‘ri “Nasional” res­toraniga yo‘l olishdi, bu yerda odam gavjum, deyarli hammasi cholo, mana bu uachita chakki emas, bu yerdagilar zo‘r raqs tushib qo‘yishadi-da, lekin! Kuelyar hazil, askiya qilishdan charchamaydi, xushchaqchaq, biz esa hatto ikki qadah “Xrustal”dan keyin ham tilimizga chipqon chiqqandek indamay o‘tiribmiz. To‘rt qadahdan keyin ham ahvol shu. Oltinchi qadahdan keyin Laloga jon kirdi – men sening do‘stingmanmi, Zumrasha? U esa kuladi – to‘ydingmi deyman, a? Manuko esa – biz hammamiz seni yaxshi ko‘ramiz, og‘ayni, Kuelyar esa – obbo, boshlandi-yu taltayish, namuncha tez, Manuko esa – biz sen bilan gaplashib olmoqchimiz, Zumrasha, senga bir nimalarni maslahat bermoqchimiz. Buni eshitib Kuelyarning rangi o‘zgarib, yuzi oqarib ketdi va bitta ko‘tarishda pivosini oxirigacha ichdi. Ikkalasining munosabati g‘alati-ya juda, to‘g‘rimi, bolalar? Birinchisi juda bo‘shang, ikkinchisi baharnav, ko‘hlikkina. Lalo – gapni aylantirishdan foyda yo‘q, og‘ayni! Sen Teresitani yaxshi ko‘rasan-ku, to‘g‘rimi? Kuelyar yo‘talib qo‘ydi, zum o‘tmay aksira boshladi. Manuko esa – Zumrasha, aylantirib o‘tirmay to‘g‘risini ayt: yo ha, yo yo‘q. Kuelyar avvaliga ishshaydi, lekin o‘sha zahoti o‘chdi, qaltirab, ruhi tushib ketdi va bazo‘r, deyarli eshitib bo‘lmaydigan tovushda shivirladi – h-ha, j-jjudayam ya-yaxshi k-k-ko‘rib q-qolganman. Yana ikkita “Xrustal”, Kuelyar yana – lekin n-nima q-qilishimni b-bilmayapman, Kallaxum esa – qanaqasiga bilmaysan? Kuelyar – nima qilay, Chillak, nima? Chillak esa – qo‘ysang-chi, nima qilay emish, hamma nima qiladi bunaqa paytda, dastlab undan so‘ra, yaxshi ko‘radimi seni, yo‘qmi, ishonching komil bo‘lsin, Teresita xo‘p deydi. Keyin nima bo‘ladi, Manuko? Aytaylik, u men bilan yurishga rozi, keyin nima bo‘ladi? Keyinni keyinga qoldirasan, dedi Lalo, hozir esa rezinka qilib cho‘zmay unga sevaman, deb ayt, balki operatsiya qilgandan keyin tuzalib ketarsan, Kuelyar esa shivirlagudek – Kallaxum, o‘rtoq, bordi-yu, Teresita bilib qolsa-chi, bitta-yarimta aytib qo‘ygan bo‘lsa-chi. Shunda birimiz olib-birimiz qo‘yib – hech narsani bilmaydi, u bilan astoydil gaplashdik, Tere ustingda o‘lib qoladi. Zumrashaning ovozi o‘ziga kelib qoldi – mening ustimda-ya? Bo‘lmasa kimning? Balki rostdan ham tuzalib ketarman-a? Albatta tuzalib ketasan, gap bo‘lishi mumkin emas. Faqat dadilroq bo‘l, o‘zingni qiynama, bo‘ldi endi, bo‘shashma, aks holda gazak olib ketadi. Lalo ham – Teresita “gah” desa qo‘lingga qo‘nadigan bo‘lib turibdi; nihoyat, o‘rtog‘imizning ham boshiga qiz bitarkan-da! Kuelyar esa – xo‘p, keyin-chi, keyin? Kallaxum – keyin hamma nima qilgan bo‘lsa, o‘shani qilasan. Manuko shartta – boshida qo‘lidan ushlaysan, Chillak davom ettiradi – bir-ikki o‘pasan, Lalo esa – u yer-bu yerini piypalab qo‘yasan. Kuelyar esa – keyin-chi? – deyarli eshitilmaydigan qilib – keyin-chi? Bolalar – keyinmi? Ha, keyin, ular ulg‘ayib, uylanadigan vaqt kelganda, nima deysanlar, Lalo, Chillak, sen-chi, Manuko? Lalo esa – obbo, topgan gapini qarang, shuyam muammomi? Vaqti kelib, biron bahona topib hammasiga barham berarsan, ajrashib ketasan-qo‘yasan, ota go‘ri qozixonami shungayam? Kuelyar esa istar-istamas, xijolat chekayotganini yashirib – nomardlik emasmi, axir u… Teresita judayam yaxshi qiz, uni jonimdan ham ortiq ko‘raman-ku! – ammo sal o‘tib (o‘nta “Xrustal”dan keyin!) – bolalar, gapingiz to‘g‘ri! Men unga yopishib olaman, xohlagancha yurib, keyin tashlab ketaman!
Biroq haftalar ketidan haftalar o‘tdi – hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Qachon endi, Zumrasha, u esa – ertaga. Ertaga ham shu ahvol davom etadimi? Ertaga dedim-ku, so‘zim – so‘z. Uni bu qadar xo‘rlangan, qayg‘uli ahvolda hech kim hech qachon ko‘rmagandi. Qizlar esa uning ortidan mashhur qo‘shiqni xirgoyi qilib qolishardi – “Balki, balki, balki!”
Ana o‘shandan keyin Kuelyarning jinniligi xuruj qilib qoladigan bo‘ldi. Hech narsadan hech narsa yo‘q bilyard tayoqchasini otib yuboradi (bo‘lmaysanmi, og‘ayni!), birdan butilkalarni sindira boshlaydi, sigaret qoldiqlarini otadi, hammaga tegajog‘lik qilishga tushadi. Yoki bo‘lmasa birdan o‘tirib yig‘laydi – mana ko‘rasiz, qasam ichib aytaman, ertaga ko‘nglimdagi bor gapning hammasini to‘kib solaman, agar aytmasam til tortmay o‘lay. Yoki bo‘lmasa kino ko‘rayotgan mahal kutilmaganda kinoteatrdan qochib chiqadi-da, (“kunlar o‘tmoqda axir, yurak-bag‘ring qon”) jazavaga tushgandek Larko prospekti bo‘ylab yugurib qoladi, biz esa uning ortidan qolmay chopamiz. Meni tinch qo‘yinglar, men bir o‘zim qolishni istayman. Bolalar – o‘zingni qo‘lga ol, Zumrasha, yopishib ol unga, qo‘rqma, qo‘rqma, bo‘la qol endi, harakatingni qil, “balki, balki, balki”.
Ba’zan esa “Chayki”da uchib qolguncha o‘tiradi. O‘zimdan hazar qiladigandek bo‘lib qoldim, Lalo, jonim azobda, Chillak, bitta-yarimtasining qonini ichaymi! Biz uni oyog‘ini yerga tekkizmay uyiga eltib qo‘yamiz – Zumrasha, o‘zingni qo‘lga ol, bo‘ldi-da endi! Qizlar esa unga tinchlik berishmasdi – “O‘sha hammadan qadrli qizga, qachon, ayt-chi, nima bo‘ldi?” Yaxshi emas, derdik biz, bu ketishda adoyi tamom – piyonista bo‘lib qolishi hech gapmas, bezoriga aylanadi…
Butun qish mana shu taxlit o‘tdi, yana yoz keldi, quyoshning nurafshon nurlari porlagan kunlarda Mirafloresga Kachito Arnilya keldi. U arxitektura fakultetida o‘qir, o‘zining shaxsiy “Pontiag”ida yurardi. Yaxshi suzuvchi ham edi. Mana shu Kachito kelganidan boshlab bizning guruhimizga qo‘shildi. Boshida biz unga ro‘yxush bermadik, qizlar ham bizni qo‘llab-quvvatlashdi – nima kerak senga bu yerda, kim taklif qildi seni? Ammo Teresita uni himoya qildi – bas qilinglar! Nega unga yopishib oldingiz? Uni men taklif qilganman, o‘zim bilan o‘tiraqolsin, – boshida matroscha shapka, blue jeans.
Bolalar esa – xo‘sh, og‘ayni, ko‘rmayapsanmi? Kuelyar – yo‘q, hammasini ko‘rib turibman. Ular esa – tentak, Kachito uni o‘ziga og‘dirib olyapti-ku, mana ko‘rasan, uni o‘ziga osongina rom qilib oladi, imillasang – tamomsan. Kuelyar esa – nima ekan depman, og‘dirib olsa olaversin! Qizg‘anmaysanmi sira? Kuelyar – nega q-q-qizg‘anar ekanman? Uni ortiq yaxshi ko‘rmayman, demoqchimisan? – Kuelyar esa – n-nimasini yayaxshi k-ko‘rishim k-kerak?
Yanvarning oxirlariga borib Kachito Tersitani “o‘ziniki” qilib oldi va endi qiz unikiga aylandi. Bechora Zumrasha, derdik biz, shuncha gapdan keyin bo‘lgan ishni qara! Ana shu qizni deb, o‘sha oyimtilla, vijdonsizni deb shu ko‘yga tushib yurganmidi. Bu pastkashlikdan boshqa narsa emas! Ammo qizlar uni himoya qilishardi – to‘g‘ri qildi, hammasiga o‘sha Zumrashalaringning o‘zi aybdor. Chabuka bo‘lsa – boyoqish qachongacha chidashi kerak! Yaponka – bu pastkashlik Zumrashangning ishi, Teresitada ayb yo‘q! Shuncha paytdan beri qiynalib ketdi, bechora! Kutib charchadi. Pusi – Kachito kelishgan yigit, Fina – judayam bama’ni, odobli, har jihatdan to‘kis yigit! Chabuka esa – o‘sha Kuelyaringiz latta ekan! Shunda Yaponka – erkak ham shunaqa lallaygan bo‘ladimi!

V

Shu-shu Zumrasha Kuelyar yana o‘sha eski hunarini boshladi. Ana xolos, dedi Lalo, demak, muqaddas hafta boshida u to‘lqinlarda suzibdi-da? Chillak – to‘lqinlar? Oddiy emas, besh, hatto o‘n metr keladigan bahaybat po‘rtanalar edi! Kallaxum – juda vahimali bo‘ldi, esing og‘ib qoladi, yechinish xonasi bor-ku, butunlay suv tagida qoldi. Chabuka – hatto sohildagi mashinalarning hammasini suv bosdi. Zumrashadan boshqa bironta odam cho‘milgani yo‘q o‘sha kuni.
U yana o‘sha Teresita Arrartening oldida o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir-da! Albatta! Atayin shunday qildi, uni bir kuyib-yonsin, degan. Albatta! Ko‘rib qo‘y, men qanaqaman! O‘sha sen topgan Kachitong mening oldimda bir so‘tak, yana suzuvchiman, deb maqtanishiga o‘laymi! Qilt etmay turibdi-yu, qiz bolaga o‘xshab! Qanaqa yigitdan quruq qolganini ko‘rib qo‘ysin!
Nega bunaqa, hayronman, muqaddas haftada dengiz bunaqa quturyapti, dedi Fina. Yaponka – dengiz Iso Masihni halok qilgan juhudlarga qarshi quturyapti. Kallaxum esa – uni, menimcha, rimliklar xochga tortgan, ­shekilli, tentak?
Biz dambada o‘tirardik, Fina – cho‘milish kiyimida, Kallaxum – oyog‘ini osiltirib, Manuko – bizga suv tomchilari sachrardi, Yaponka – qirg‘oqqa urilayotgan to‘lqinlardan, Chabuka – suv haddan tashqari sovuq, Pusi – qoramtir ham edi, bo‘tana bo‘lib qaynaganidan, Chillak – ko‘piklar ham qorayib ketgan edi, Teresita – o‘t-o‘lan, yo‘sinlar tufayli, har balolardan, – dedi Kachito Arnilya.
Va birdan, ji-im, jim-m, qaranglar, hov ana, Kuelyarning o‘zi kelyapti. Nima deysan, Teresita, yoningga keladimi yoki o‘zini ko‘rmaganga oladimi? Kuelyar mashinasini jaz-klub qarshisida qoldirdi-da, plyajga tushdi, “Qaldirg‘ochlar” kiyim almashtirish xonasiga kirib, u yerdan cho‘milish kiyimida chiqdi. Yangi, dedi Chillak, menimcha, Amerikadan keltirilgan, Kallaxum esa – hammaning e’tiborini o‘ziga qaratish uchun oldindan o‘ylab qo‘ygan. Sochiqqa o‘ranib, quyosh nuridan saqlanish uchun zamonaviy qora ko‘zoynak taqib olganini-chi. – Lalo! Kuelyar panjaraga suyanib olgan ko‘yi ikkilanayotgan cho‘miluvchilarga miyig‘ida kulib qaradi-da, qum to‘zonini uchirib yuborayotgan dahshatli to‘lqinlarga nazar soldi va bizga qo‘l silkib, shu tomonga kela boshladi. Salom, Kuelyar! Qalay, to‘s-to‘polon? Salom, salom – chehrasida esa garangsigan ifoda, – nimani nazarda tutyapsiz? Bundan ko‘ra basseynga borgan ma’qulmidi, nima deding, Kuelyar? Nega endi, farqi yo‘q. Uning savolomuz nigohida tushunmagani zuhur etardi. So‘ngra hayron bo‘lib turganida birdan tushunib qolgandek – to‘lqinlarni debmi? Qo‘ysangiz-chi, shuyam bahonami? O‘zi nima bo‘ldi sizga? (voy-voy-ey, o‘zini qahramon qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lyapti-yu, to‘lqinlarni ko‘rib yuragi tovoniga tushib ketdi, menimcha, deb kulib qo‘ydi Pusi.) Bugun dengiz zo‘r-u judayam. Teresita esa ko‘zini pirillatdi – jiddiy aytyapsanmi? Bo‘lmasa-chi, bunaqa to‘lqinda suzishga nima yetsin! Hazillashyapsanmi? – qo‘lchalar, g‘unchalab. Kachito esa – nahotki dengiz quturganda suzishga tavakkal qilmoqchisan? Albatta, chalqancha yotib, balki to‘shakcha olvolish kerakdir-a? Bekorga kulyapsiz! Yoki qo‘rqayapsizmi? Teresita bo‘lsa – o‘zing qo‘rqmayapsanmi? Yo‘q. Vo-oy-voy-y, baribir cho‘miladi. Ha, qaytmaydi, cho‘milishi aniq.
Uning bo‘yniga o‘ralgan sochiqni yechib olgani, (Teresita Arrartega qarab qo‘ygani ularning nazaridan chetda qolmadi. Qiz loaqal xijolat chekkandek ozgina qizardimi – so‘radi Lalo, Kallaxum esa – zarur keptimi? Kachito-chi? U o‘sha zahoti juftakni rostladi), qirg‘oqdagi zinalardan chopib chiqib, yuqoriga chiqqani va salto qilib suvga sakraganini hamma ko‘rdi. Bir lahzada u o‘n metrcha suzib bordi va ko‘piklar girdobida paydo bo‘ldi. Kuelyar bostirib kelayotgan to‘lqinlar yetib kelmasidan sho‘ng‘idi va to‘lqinlar tepasiga chiqib oldi, yana sho‘ng‘ib, yana oldinga suzdi. U nimaga o‘xshardi shu topda? Baliqqami, delfingami? Qani o‘zi u? Ana – qo‘llar, qiyqiriqlar, oh tortishlar, – u yoqda emas, anovi yerda! Zumrasha sohildan tobora uzoqlashib borardi, oxiri u arang ilg‘ash mumkin bo‘lgan oqish dog‘ga aylandi va nihoyat, tog‘dek ko‘tarilgan to‘lqinlarning ostiga yetib bordi.
Voy, Lalo, tasavvur qilolmaysan, to‘lqinlar vahima bilan osmonga sapchiydi, xuddi qaytib tushmaydigandek, jahannam deysan, (oh-vohlar, qo‘lchalar, ko‘zlar – hov anavi oqish dog‘mi?) Yuragiyam baquvvat ekan, qoyil-e! To‘lqinlar goh oldinga itqitadi, goh orqaga, goh ko‘piklar girdobiga g‘arq bo‘ladi, goh yana oldinga talpinadi. Nimaga o‘xshaydi? Qog‘oz kemachagami, balki dengiz qushigadir?
Uni yaxshiroq ko‘rish uchun avval Teresita, so‘ngra uning ortidan boshqalar ham – Chabuka, Chillak, hatto Kallaxum ham do‘nglik tepasiga chiqib olishdi. Nimani kutyapti u? Nega cho‘zyapti? Nihoyat, eng asosiysi boshlandi. U bizni ko‘rish uchun boshini sohil tomonga burdi va qo‘lini baland ko‘targancha silkitib qo‘ydi, bunga javoban biz ham, omon bo‘l, jigar, ko‘rishguncha.
Birinchi po‘rtana ko‘tarildi, ortidan ikkinchisi, ustma-ust uchinchi dolg‘a tepaga sapchidi, xiyol oldinroq uning qulay o‘rnashib olish uchun qo‘lini ko‘tarib olgani va bor kuch-quvvatini oyoqlariga berish uchun jon-jahdi bilan kuchanayotganini ular anglab qolishdi. Keyin esa Kuelyar to‘lqinning o‘rkachiga uchib chiqdi (Balandligi qancha keladi, sakkiz metr bormi – so‘radi Lalo. Ko‘p. Anovi tom bilan baravarmi? Undan baland. Niagara sharsharasidan ham balandmi, nima balo? Undan ham balandroq!) va bosh tomondan cho‘qqisi kesib tashlangandek tuyulgan to‘lqinga qo‘shilib bir lahzada tog‘dek ko‘tarilgan po‘rtana ostida g‘oyib bo‘ldi. (Qani u? Qani u?) Zum o‘tmay yana bahaybat to‘lqinning cho‘qqisida paydo bo‘ldi. Bu safar samolyot singari guvillab, laxta-laxta ko‘piklar sochayotgan (Ana u, ana u!) va sekin-asta shiddati susayayotgan to‘lqin ichra oldinga yelib ketdi. Shu bahona Kuelyarni hammalari ko‘rdi, o‘sha to‘lqin loshida, hammayog‘iga yo‘sin va suv o‘lanlari yopishib hech narsa bo‘lmagandek shu to‘lqin uzra chalqancha yotib olgancha suzardi. Shuncha vaqt suv ostida qolgan bo‘lsa, o‘pkasiyam kitning oyqulog‘iday ekan-da! U itdek charchagan bo‘lishiga qaramay hammani lol qoldirishga erishdi. Lalo, bunaqasi har kimning qo‘lidan kelmaydi! O‘sha kundan e’tiboran Kuelyar do‘stimiz, eski hunarini boshladi.
Yilning o‘rtalarida, Milliy bayramdan keyinoq, Kuelyar otasining zavodida ish boshladi, endi aqli kiradi, deyishdi ular, odam bo‘ladi. Hecham-da! Qaytanga beshbattar ko‘yga tushdi, Kuelyar ishdan oltida chiqar, yettida esa Mirafloresga kelsa, yetti yarimda tirsaklarini peshtaxtaga tiragancha (“bitta “Xrustal”, birodar, yana bitta “Kapitan”) qimor o‘ynash uchun bironta tanishim kelib qolar, deb “Chayki”da o‘tirgan bo‘lardi. U yerda sigaretlar ezilgan kuldonlar, kazzobu o‘g‘rilar, tirriq qartabozlar orasida yoxud sirti terlagan pivo butilkalariga termilib vaqtni o‘tkazar, tunning qolgan qismida esa yarimyalang‘och aktrisani tomosha qilib, yomon ot chiqargan, ikkinchi darajali kabarelarning birida o‘tirardi, pulsiz qolgan paytlarda esa, allaqanday ovloq joylarni topib olar va xurmachasini to‘ldirib ichardi-da, yo Parker ruchkasi, yo Omega soati, yo tilla tugmasini garovga qoldirib ketardi. Uch pulga qimmat, derdik biz, har xil yaramas, bezori, qalang‘i-qasang‘ilar, hezalaklar bilan yurar, topib olgan qizlarini ko‘rsang, achinib ketasan, ota-onalariga isnod keltirayapti-yu bular deb. Ammo-lekin Kuelyar shanba kuni faqat biz bilan birga bo‘lardi. U nonushtadan keyin kelar, agar otchoparga yoki deylik, stadionga borishdan bosh tortsak, u holda Chillaklarnikiga yoki Manukoning oldiga borib, u yerda tushlikka qadar poker o‘ynardik. Keyin esa tarqalar edik, hamma o‘zining uyida cho‘milib, o‘ziga oro berar va Kuelyar “Ford”ida emas, a’lo darajali “Neshe”sida (otam hech kutilmaganda tug‘ilgan kunimga shuni sovg‘a qilib qolsa deng!) bizni olib ketgani kelar edi.
O‘g‘lim, yoshing yigirma birga chiqdi, Kallaxum bo‘lib qolding, sen endi saylovlarda ovoz berish huquqiga egasan, derdi, onasi esa – ko‘zimning nuri, bunaqa tez haydashga odatlanma, Xudo ko‘rsatmasin-u, biror falokat orttirib yurma tag‘in! Muyulishda, biz yerto‘la, deb ataydigan yerda, odatda, bir ryumkadan ichib, “immunitet” hosil qilib olardik-da, – “Xitoy restoran”igami? – qayerga borishni maslahat qilib, – yo‘q, yaxshisi, Kapon ko‘chasidan o‘taversin! – yangi latifalar topib, aytishga tushardik, – balki “Ko‘prik osti” qahvaxonasiga borarmiz; antikuchosni zo‘r tayyorlashadi-da – Zumrasha latifa aytishni qotirib qo‘yadi, – yo pitstseriyaga suramizmi? – eshitganmisiz, mana bunisini, qurbaqa bilan general? Mana bu-chi, kesish kerak bo‘lganni qirqmaslik kerak, deganini!
Vino va latifalar bilan qizg‘in o‘tgan tushlikdan so‘ng ular har xil joylarga borishar, ba’zan “Embassy“ yoki “Ambassader”da uzoq o‘tirib qolishar, shunda ham tomoshalarning faqat bir qismini ko‘rishardi. Va o‘z “sayohatlari”ni odatdagidek Grau shaharchasida joylashgan “Naneta” klubiga borish bilan yakunlashar edi.
Ol-a! Mirafloresliklar yo‘qlashibdi-yu bizni (bizni bu yerdagilar yaxshi tanirdi). Salom, yigitlar, salom, Zumrasha (ism tugul, laqablarimizni ham bilishardi), qalay? Ishlar yaxshimi? Keldik, qushlarning sayrashini eshitib qolaylik, deb! U esa – juda yaxshi-da, xush ko‘rdik, kelinglar. Ba’zida Kuelyarniki tutib qolardi-yu, janjal chiqarar, so‘ng “taraq” etib eshikni yopardi-da, bizni chaqirardi – ketdik, yelkamning chuquri ko‘rsin-a, ikkinchi qadam bosmayman bu yerga! Lekin ko‘pincha hazil-huzul bilan ularni askiya qilar, o‘ynab-kular, so‘ngra raqs tushar yoki musiqa apparati yonida Nanetaning suhbatini olib, muzdek pivo ichib o‘tirardi. Biz esa qizlarga tegajog‘lik qilib, raqsga tushib, to ketgunimizcha o‘ynab-kulardik. Mana shunday maishat davom etayotgan kunlarning birida, kutilmaganda Kuelyar yo‘q bo‘lib qoldi, Lalo – qani u, qayoqqa ketdi? – Naneta yelkasini qisadi – pivoning pulini to‘ladi-da, birdan turib chiqib ketdi, xayr-ma’zur ham nasiya bo‘ldi. Ko‘chaga chiqishsa, mashinada o‘tiribdi: rulga boshini qo‘yib olgan, a’zoyi badani titraydi. Nima bo‘ldi senga, og‘ayni? – U yum-yum yig‘layapti-yu! – Birontasi yomon gapirmadimi? Kim kayfiyatingni buzdi? Hoziroq qaytib kiramiz-da, kim bo‘lsayam urib dabdala qilamiz. Yo qizlar xafa qilishdimi? Manuko – bir tiyinga qimmat hammasi, shulardan ham xafa bo‘lasanmi, arzimaydi, ko‘z yoshlaringni artib ol. Kuelyar esa, boshini ko‘tarmaydi, ovozi so‘nik – hech kim xafa qilgani yo‘q! – ho‘ngrab yuboradi – yo‘q, meni xafa qiladigan hali onasidan tug‘ilmagan, ko‘rsatib qo‘yaman xuddi! – dastro‘moli bilan ko‘z yoshlarini artadi. Bo‘ldi endi, og‘ayni, o‘zingni qo‘lga ol! Biron nima bo‘ldimi, gapir! Yo ko‘payib ketdimi? Yo‘q. Biron yering og‘riyaptimi? Yo‘q, hech qayerim og‘rimayapti.
Ular uning yelkasiga qoqib qo‘yishadi – bo‘ldi endi, bas, tinchlan. Yupatish payida bo‘lishadi – qani, bo‘ldi qilaqol endi, Zumrasha, og‘ayni! O‘ynab kulsang-chi undan ko‘ra, “Neshe”da bizni aylantirib kel, ketdik, bu yerda bekor o‘tirgandan ko‘ra, “Turbilon”ga qaytib boramiz, tomoshaning ikkinchi qismiga ulguramiz hali, qani, Zumrasha, gazni bos!
Oxir-oqibat Kuelyar tinchlandi, “18 iyul” ko‘chasiga chiqqanimizda hech narsa bo‘lmagandek, hazil-huzullarga qo‘shilib, kulishga o‘tdi – eh, og‘ayni, nega boya birdan bunaqa ko‘yga tushding, hech bo‘lmasa bizga ayt, nima gap? U esa – hech gap bo‘lgani yo‘q, o‘zi shunchaki, yuragim siqilib ketdi birdan. Ular – nima sababdan, hayoting zo‘r, kamchiliging yo‘q, yog‘ning ichidagi buyrakdek yuribsan-ku! U esa – hayotda hamma narsa bo‘lar ekan, Manuko – nima bo‘lishi mumkin, nima, gapir, Kuelyar – aytaman-da, odamlar, masalan, Xudoni ham esdan chiqarib qo‘yishadi, Lalo – shunga siqilib o‘tiribsanmi? Kallaxum esa – odamlar gunohkor, harom-xarishdan hazar qilmaydi, demoqchimisan, u esa – ha, ha, umuman, hayot shu darajada ifloski, ming la’nat hammasiga! Chillak esa – qo‘shilmayman gapingga, hayot o‘z yo‘lida davom etmoqda, go‘zal, hammasi joyida. U esa – lof urma, mana, o‘zing o‘ylab ko‘r, odam bolasi ter to‘kib ishlaydi, oila quradi, pul topadi yoki yeydi-ichadi, savlat to‘kib yuradi-yu, birdan qarasa – qarib qolibdi, hali nimaligini tushunmay turib o‘lib ketadi. Shumi hayotning go‘zalligi, turgan-bitgani azob-ku! Nanetaning oldida ana shular haqida o‘ylab o‘tirgandim. Shu yerda kayf-safo qilishga o‘zim olib keldim, to‘g‘rimi? Ha. Shunga yig‘lab o‘tirganmiding? Ha, yana mushtipar, qashshoq, kasalmand, ko‘zi ojizlar, tilanchilar, mayib-majruhlar xayolimdan o‘tdi, ular Xudoga nima yozibdi? Mana shu chumolidek tinim bilmaydigan bolalarni qarang, gazeta ko‘tarib, har kuni tong otar-otmas chopishadi ko‘chaga, (to‘g‘ri, o‘zim ahmoqman!) hali ona suti og‘zidan ketmagan, poyabzal tozalab San-Martin maydonida o‘tiradigan chololar, (tentak, to‘g‘rimi?) och, yalang‘och, biz esa – albatta, tentaklik, ayb o‘zingda, shunaqa bema’ni xayollar surish shartmi senga? Demak, boyagi kayfiyating o‘tib ketdi, shunaqami? Nima haqda gapiryapsan? Qani bir jilmaygin-chi, bo‘lmasa ishonmaymiz. Ha-ha-ha! Bos gazni, Zumrasha, oxirigacha bos, ulgurolmay qolmaylik yana, ikkinchi qismi boshlanyapti. Kim biladi, bugun anavi qoramag‘iz qiz o‘ynarmikan? O‘ynaydi. Ismi nimaydi uning? Ana! Kuelyarning fikri qanaqa o‘zi u haqda? Olov-ku olov! Xo‘p, Zumrasha, rostdanam hammasi o‘tib ketgan bo‘lsa, bir kulib qo‘y-chi. U esa – ha-ha-ha!

VI

Lalo Chabukoga uylanib, Manuko bilan Chillak esa muhandislik diplomini olishganda Kuelyarning mashinasi ko‘p avariyaga uchraganidan dabdalasi chiqqan, deyarli hammayog‘i o‘ydim-chuqur, orqasidan ham, oldidan ham qarab bo‘lmaydigan holda ko‘chalarda ko‘rinib qolardi. Bolajonim, bunaqa haydamagin, deb ko‘p aytaman-a, biror falokat kelmasin boshingga, otasi esa – hamma narsaning chegarasi bor, yigitcha, esingizni yig‘ib oling; agarda yana bir marta takrorlansa, bir sentavoyam bermayman, jilla qursa, onangizga rahmingiz kelsin, siz haqingizda tashvish chekaverib ado bo‘ldi-ku… Biz esa – endi yosh emassan, Zumrasha, bu mishiqilarni boshingga urasanmi?
Sababi, u allaqanday bir pulga qimmat qalang‘i-qasang‘ilar bilan o‘rtoq bo‘lib qolgandi. Har kuni kechqurun “Chayki” yoki “D’Onofrio”da isqirt piyonistalar bilan qarta o‘ynashdan ortmas, “Gaiti”da turli-tuman razil odamlar davrasida beto‘xtov ichar, xullasi kalom urib ham, so‘kib ham qaytirib bo‘lmas edi. (Qachon ishga borasan? Yoki ishga kirdim, deb yolg‘on gaplar tarqatib yuribsanmi?) Kechqurun Jeyms Dinga o‘xshab – tor ko‘k jinsi, oq etakli, uchlari kindik ustida tugun qilib bog‘langan guldor ko‘ylak kiyib, sariq jun o‘sa boshlagan ko‘ksiga tushib turgan tilla zanjir osib olgancha Miraflores ko‘chasida daydib yurar, “kokakolalar”ga qo‘shilib oshiq, garajlarda yosh bolalar bilan sakrash o‘ynar, labda chalinadigan garmoshkalar sotib olardi…
Uning ulkan “Volvo”si doim o‘n to‘rt, o‘n besh, ba’zan o‘n uch yashar o‘smirlar bilan to‘la bo‘lardi. Yakshanba kunlari (dada, men o‘sha klubga a’zo bo‘lmoqchiman, u yerda Gavayya taxta sollari bor – zo‘r narsa, semirib ketmaslik uchun keksalar ham, havo yaxshi bo‘lib turganda, dengiz ustiga qurilgan o‘sha restoranda ovqatlanishga borishadi) mishiqi bolalar bilan, go‘yo men shular bilan birgaman, ko‘rib qo‘ying degandek “Vaykiki”ga kirib kelardi, voy, masxaraboz-ey, topgan o‘rtoqlaringdan o‘rgildim.
Kuelyar ularga “Volvo” haydashni o‘rgatardi, qirg‘oq bo‘ylab ketayotganda ikkita g‘ildirakda epchillik bilan qayiltirar, bolalar hang-mang bo‘lib qolishar edi. Tomosha qilish uchun ularni stadionga, buqalar jangiga, poyga, boks, suv to‘pi, samboga olib borardi. Hammasi ravshan, u hezalak bo‘lib qolgan, shekilli, derdik biz. Boshqa nimayam bo‘lishi mumkin, nimasiga havas qilasan, lekin, harqalay, odamlar orasida u bilan birga yurmasligimiz kerak endi! Kuelyarning ustidan hamma ochiqdan-ochiq kulardi, uni barmoqlarini nuqib ko‘rsatishar edi. Kallaxum – sizlarga har xil behuda gaplarni tarqatadigan g‘iybatchilarning gapiga quloq solish zarurmi? Manuko – uni sira tinch qo‘yishmaydi, Lalo esa – agar bizning birga yurganimizni ko‘rib qolishsa… Chillak shunda – seniyam o‘sha zahoti hezalakka chiqarib qo‘yishadimi?
Qanaqadir vaqt Kuelyar sport bilan shug‘ullana boshladi. Ular – xo‘jako‘rsinga shunday qilyapti; mana, Zumrasha Kuelyar haqiqiy poygachi, suzishdan ko‘ra shunda zo‘r, deyishlari uchun faqat. U Atakondada bo‘lib o‘tgan musobaqada uchinchi o‘rinni egalladi. Hatto “Xronika” bilan “Komersio”da birinchi o‘rinni olgan Arnoldo Alvaradoni tabrik­layotgan suratini e’lon qilishdi. Albatta, unga yetishimga ancha bor, degandi o‘sha gazetada.
Eh-he, Zumrashaning Kiko Ganoso bilan poyga o‘ynagani qanaqa shov-shuvga sabab bo‘ldi! Garovning shartiga ko‘ra, ular barvaqt, ertalab o‘zlarining mashinalarida San-Martin maydonidan Salosar parkigacha borib kelishlari kerak edi. Zumrasha qoidani buzgan holda yo‘l harakatiga qarshi tarafdan, Kika esa qoidani buzmay. Politsiya patruli Xaviyer Prado ko‘chasida Kuelyarning ortidan shunaqayam quvdiki, faqatgina Ikkinchi may ko‘chasida unga yetib oldi, qanaqa tezlikda yurgani shundan ham ma’lum. Kun bo‘yi uni politsiya idorasida ushlab turishdi. Tamom, endi o‘zini bosib oladi, aqli kiradi. Lekin ikki hafta o‘tmay, undan ham dahshatliroq hunar ko‘rsatdi: ko‘zini chorsi sharf bilan, qo‘llarini esa rul chambaragiga bog‘lab Anchamos shohko‘chasida mashinasini chunonam uchirib haydadiki, turgan gap, avtomobil halokatiga uchradi.
Ikkinchi gal, Laloning to‘yidan oldin, kuyov ziyofatini uyushtirganimizda falokatdan qochib qutulolmadi. Bas, yig‘ishtir bunaqa tentak­likni, dedi Chillak, to‘xtat mashinangni, yosh bolaga o‘xshaysan-a! Ular mashinadan tushib qolmoqchi bo‘lishgandi, u esa gaplarini inobatga olish tugul, mutlaqo ahamiyat ham bermadi. Nima bo‘ldi sizga, o‘rtog‘ingizga ishonmayapsizmi? Gavdangizni qarang, it hurkadi, evi bilan-da qo‘rqish! Qaniydi, asfalt ho‘l, buning ustiga muyulishda qayrilayotgan bo‘lsak! U esini yo‘qotib qo‘yganga o‘xshar, hech qanaqa gap-so‘z kor qilmasdi. Kuelyar, og‘ayni, bo‘ldi endi, bas qil, uyga eson-omon borib olaylik: ertaga Laloning to‘yi, biron korihol yuz bermasin yana, to‘yni aza qilib yurmaylik, esingni yig‘, trotuarga chiqib nima qilasan, qizil chiroqda o‘tishing nimasi, jinni bo‘lib qoldingmi, chorrahaga yetmasdan to‘xtat! Alkanfores ko‘chasida baribir taksini taraqlatib urdi. Laloga hech narsa qilmadi, hayriyat. Manuko bilan Kallaxum yuz-ko‘zlarining shishi qaytguncha salkam bir oy qiynalib yurishdi, Kuelyarning esa uchta qovurg‘asi lat yedi. Ular urishib qolishdi-yu, ikki haftadan so‘ng Kuelyar qo‘ng‘iroq qilib, ularni qahvaxonaga taklif etdi. Yarashishga yarashishdi, biroq shu-shu Kuelyardan ko‘ngillari sovib, ilgaridek yaqinlashib ketolmadilar.
U bilan biz kam ko‘rishardik, Manuko uylanayotganda, Kuelyarga xabar bergani bilan to‘yga aytmadi, u ham arazlagandek kuyov ziyofatiga kelmadi. Aksiga olib, Chillak chiroyli xotini va ispan tilida arang so‘zlashadigan ikkita bolasi bilan Qo‘shma Shtatlardan qaytib kelganida, u Tinga Mariya tog‘ida edi, o‘sha yerda, otasining qahva plantatsiyasida ishlayapti, degan ovozalar tarqaldi. Limaga kelgan chog‘ida, uni ko‘chada uchratib qoldik, u bilan ikki og‘izgina gaplashdik, xolos – salom Kallaxum, qalay ishlar, yomonmas, Zumrasha, bo‘pti, yaxshi bor, xayr, chao. Keyin esa, bir kuni to‘satdan Mirafloresga kelib qoldi va shunaqa bir ish qildiki, eslasang, kapalaging uchib ketadi. Shimolga ketgach esa, o‘sha yerda falokat yuz berib, o‘lib ketdi. Qanday qilib? Avariya bo‘lib. Qayerda? Pasamayodagi qo‘rqinchli burilish bor-ku, o‘sha yerda! Bechora, deya unga achinishdi dafn marosimida, bola bir umr qiynaldi-da o‘ziyam, hayotidan juda norozi edi, dami ichida yurardi, o‘ziga ajal ro‘para kelishini kutib yurardi, oxiri niyatiga erishdi, u dunyoga ravona bo‘ldi!
Biz esa allaqachon savlatli kishilarga aylangan edik: har birimizning xotinimiz, mashinamiz, Shampanyada yoki Pokiza Homila yo Avliyo Mariya maktablarida o‘qiyotgan bolalarimiz bor, Ankonedami Santa Rosadami yoki Janubiy plyajda dala hovli qurganmiz, sekin-asta semirib, xomsemiz odamlar singari qorin qo‘yib, nima qilsak, bilinmaydi, deya tashvish chekkanimiz yetmay, ovqat yoki vinodan ichimiz qotib, gazeta va kitob o‘qishga mos ko‘zoynakka o‘rganolmay yurar, sochimizda birinchi oqargan tolalar, terimizda dog‘-dug‘lar tugul, salgina ajinchalar, chuqur ajinlar paydo bo‘lib, ularga ko‘nikolmay yashardik.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 3-son