Agar chindan bo‘lib o‘tgan voqeaga asoslanmaganida ushbu hikoya ortiqcha bir taqliddan o‘zga narsa bo‘lmas edi. Bunday mavzular unchalik ko‘p emas, ammo ular qayta-qayta jonlanaveradi, har gal boshqacha qiyofada namoyon bo‘laveradi. Shunda yozuvchi beixtiyor ularni insho etishga kirishadi.
Zeldviladan uncha uzoq bo‘lmagan, piyoda yurganda yarim soatlik masofadagi daryo ortida obdon ishlov berilgan hosildor adir bor. Uning chekkasida bir necha dehqon hovlilaridan iborat qishloq joylashgan, qiya yonbag‘irlik bo‘ylab esa uzoq yillardan buyon bamisoli uchta ulkan tasma kabi, bir-biriga tutashgan uchta haydalgan dala yastanib yotibdi.
Quyosh charaqlab turgan sentyabr tonglarining birida ikki dehqon yonma-yon dalada yer haydar edi. O‘rtadagi dala, aftidan, ko‘p yillardan buyon tashlab qo‘yilgandi, zero, uni tosh va sershox butalar qoplab olgan, havoda esa had-hisobsiz qanotli hasharotlar g‘ujg‘on o‘ynaydi. Har ikki tomondan omochlari ortidan odimlayotgan dehqonlar – yoshlari qirqlarga borgan, barvasta, chorpahildan kelgan kishilar bo‘lib, bir qarashdan ularning o‘ziga to‘q, badavlatgina ekanliklarini bilib olish qiyin emasdi. Ular pishiq matodan tikilgan kalta shim kiyib olishgandi. Yerning qattiq joyiga duch kelganlarida gavdalari bilan omoch ustiga yotib olar edilar, shunda ko‘ylaklarining yenglari salgina silkinib ketardi, obdon qirtishlangan yuzlari esa o‘sha-o‘sha xotirjamligi va qat’iyatini yo‘qotmasdi. Ikkalasi ham oftobdan ko‘zlarini qisgancha oldinga tikilar, shudgor uzunligini chamalar yoki shunchaki atrofga qarab qo‘yar edilar. Ular churq etmay, baravar qadam tashlar, ora-sira otlarni yetaklagan qarolga ko‘rsatmalar berishardi, xolos. Uzoqdan ularning ikkalasi ham bir-biriga juda ham o‘xshab ketardi, zero, bu yerdagi dehqonning asl qiyofasi shunaqa edi, ularni faqat birgina belgidan ajratish mumkin edi – biri o‘tkir uchli qalpog‘ini peshonasiga bostirib kiyib olgan bo‘lsa, ikkinchisi uni boshining orqasiga surib qo‘ygandi. Biroq bu belgi ham o‘zgarib turardi: ular qarama-qarshi yo‘nalishda yer haydar edilar, adir tepasida uchrashgan chog‘larida bir-birining yonidan o‘tar ekan, yoqimli mashriq shamoliga qarshi kelayotgan dehqonning qalpog‘i orqaga surib qo‘yilar, shamol orqasidan urayotganiniki esa manglayiga qo‘ndirilardi. Goho shundoq ham bo‘lardiki, oftobda yarqiragan qalpoqlar boshlarda to‘g‘ri turib qolardi. Shu tariqa dehqonlar bamaylixotir yer haydar edilar. Jimjit dalada, sentyabrning zarrin quyoshi ostida, ularning tepalikda bir-biri bilan uchrashishi, so‘ng so‘zsiz ajralishi va asta-sekin bir-biridan uzoqlashishi, botayotgan bir juft quyoshdek tepalik ortida ko‘zdan yo‘qolishi, birmuncha vaqtdan keyin yana paydo bo‘lishini kuzatish g‘oyat maroqli edi. Dehqonlarning omochlari tagidan tosh chiqib qolgudek bo‘lsa, ular toshni olardilar-da, kuchlarining boricha egasiz dala o‘rtasiga itqitar edilar, bunday hol kam uchrardi, chunki ikki chetdagi qo‘shni daladan chiqqan toshlar allaqachon o‘rtadagi yerda qalashib yotardi.
Uzoq tongning bir qismi o‘tib bo‘lganda, qishloq tomondan kelayotgan chiroylikkina aravacha endigina qir yonbag‘ridan ko‘tarila boshlagandi. Yashilga bo‘yalgan bu aravachada ikkala qo‘shnining bolalari – bir bolakay va bir qizaloq – otalariga nonushta olib kelardi. Nonushtalikda dehqonlarning har biri uchun sochiqqa o‘ralgan xushta’m non, stakanlari bilan bir xumchada musallas va yana g‘amxo‘r beka mehnatkash eri uchun berib yuborgan qandaydir shirin luqma bo‘lardi. Bundan tashqari, aravachada bolalar yo‘lda terib olib, chala yeb tashlangan olma, olmurutlar uyulib yotar, nonlarning o‘rtasida esa xuddi o‘zini olib ketishayotganidan minnatdor oyimqizdek faqat bir oyog‘i qolgan va yuzini kir bosgan qip-yalang‘och qo‘g‘irchoq qiz gerdayib o‘tirardi. Bir qancha turtinish va to‘xtashlardan keyin aravacha, nihoyat, tepalik o‘rtasiga yetib keldi va shudgor chekkasidagi yosh jo‘ka daraxti tagiga qo‘ndi. Endi aravachaning har ikkala sohibini bemalol ajratsa bo‘lardi – bolakay yetti yoshlarda, qizaloq esa besh yoshlarda, ikkalasi ham tetik, sho‘x, jozibador edi, qizaloqning yuzi bug‘doyrang, sochlari jingalak bo‘lib, chehrasida jo‘shqin va samimiy ifoda baxsh etib turardi.
Qo‘shchilar yana tepalik o‘rtasiga yetib kelishdi-da, otlarga beda tashlashdi, omochni yarim yo‘lda, oxiriga yetmagan egatda qoldirishdi, o‘zlari esa inoq qo‘shnilardek nonushtaga o‘tirishdi va shundagina salom-alik qilishdi, chunki bu kuni ular hali bir-birlari bilan bir og‘iz ham gaplashishgani yo‘q edi. Ular bolalarga sho‘x-sho‘x gap otgancha, mamnuniyat bilan nonushta qilishdi, bolalar esa otalari yeb-ichib olguncha bir joyda qimir etmay, tevarak-atrofni miriqib tomosha qilar edilar. Ularning nigohi tog‘lar orasidagi ustini tutun qoplagan va kumushday yarqirab turgan shaharchaga qadalgandi. Zeldvilaliklar har kuni kuydirib-pishirishdan boshlari chiqmas, shu boisdan uylari mo‘risidan mudom tutun bo‘ralab turar va tog‘lar uzra pag‘a-pag‘a bo‘lib suzib yurardi.
– Bu ishyoqmas zeldvilaliklar tag‘in qozon osishga tushib ketibdi-ku! – dedi dehqonlardan Mants degan biri, unga javoban Marti degan ikkinchisi:
– Kecha ulardan bittasi oldimga kirib, daladan gap ochayotuvdi, – dedi.
– Okrug kengashidanmi? U mening oldimga ham kelgandi.
– Shunaqami? U ham, hoynahoy, senga yerdan foydalanaver deb taklif qilgan chiqar? Ijara pulini shu janoblarga to‘laymizmi?
– Ha, bu yer kimniki va uni nima qilish mumkinligi bir yoqlik bo‘lmaguncha. Lekin men allaqanday bir odam uchun bu dashtni yer qilishga ko‘nmadim, to egasi topilguncha sotib, foydasini cho‘ntakka uraver, deb maslahat berdim. Ikki dunyoda ham bunaqa bo‘lmaydi, chunki Zeldvila devonxonasiga tushgan narsa tuya go‘shti yeydi. Bundan tashqari, bu anov-manovning qo‘lidan keladigan ish bo‘lsa ham koshki. Bu ishyoqmaslar bo‘lsa, shuni kutib o‘tiribdi – olma pish, og‘zimga tush, deb. Savdodan tushgan cho‘tal ham mo‘maygina pul bo‘lishini bilishadi-da, galvarslar. Lekin biz besh qo‘lni baravar og‘izga tiqadiganlardan emasmiz, bordi-yu, sotib olganimizda ham rosa u yoq-bu yog‘ini o‘ylaymiz: nimani oldigu, bu yer kimga qarashli – avval shuning tagiga yetamiz.
– Rost, men ham haligi oliftaga xuddi shuni aytdim.
Ular birmuncha muddat jim qolishdi, so‘ng Mants yana tilga kirdi:
– Lekin shundoq yer xor bo‘lib yotganiga iching achiydi, kishi. Ko‘zing bilan ko‘rmasang – bu boshqa gap. Oz emas-ko‘p emas, naq yigirma yildan buyon bir tirik jon unga qaray demasa-ya. Bu yerda, qishloqda bo‘lsa, bu yerning egasiman deb birovdan sado chiqmaydi. O‘lib ketgan trubachining zuryodlari qay go‘rga ketganini ham hech kim bilmaydi.
– Hm, – dedi Marti, – hamma gap shunda-da! Anovi lo‘lilarga ilashib, qishloq daydilariga g‘ijjak chalishdan boshqani bilmaydigan qora g‘ijjakchiga har ko‘zim tushganida, trubachining nevarasi bo‘lasan deb oyog‘iga yiqilgudek bo‘laman. To‘g‘ri, yer uniki ekanini sho‘rlik qayoqdan ham bilsin. Lekin uning qo‘lidan nima ham kelardi? Bir oy ichib-netib yuradi-da, yana eski hammom, eski tos! Modomiki, hech narsa ma’lum bo‘lmagach, kim ham og‘iz ochib bir nima deyolsin.
– Ha, hamma ish xurjun, – qo‘shildi Mants. – Bu g‘ijjakchini jamoamizda muqim yashab qolishdan mahrum etishguncha, sen bilan mening ham qo‘limizdan hech narsa kelmaydi, – bu sayoqni bo‘ynimizga osib qo‘yishmoqchi, xolos. Uning ota-onasi o‘zi boshpanasiz edi, endi bu ham uysiz-joysiz, lo‘lilarga g‘ijjak chalib yuraversin, vassalom. O‘zing insof bilan ayt-chi, u rostdanam trubachining nevarasimi yo yo‘qmi ekanini biz qayoqdan bilib o‘tiribmiz? Menga kelsak, agar mo‘jiza ro‘y berib, bu juldurvoqining cholga nevara bo‘lishini bilolganimda ham, baribir, men senga aytsam, bandasi xato qilishi mumkin, bunga o‘xshash o‘nta gunohkorga o‘xshagandan ko‘ra, bir parcha qog‘oz – cho‘qinganlik haqidagi guvohnoma vijdonimni ko‘proq tinchlantirgan bo‘lardi.
– Ha, bo‘lmasa-chi, – javob qildi Mants. – To‘g‘ri, g‘ijjakchi, agar meni cho‘qintirishgan bo‘lmasa, menda nima ayb, deyapti. Nima, endi ko‘chma jom yasab, uni o‘rmonma-o‘rmon ko‘tarib yuraylikmi? Yo‘q, bu jom cherkovdagi o‘z joyida mahkam turibdi, faqat cherkov devoridan tashqarida osig‘liq tobutnigina bir joydan boshqa joyga olib borish mumkin. Busiz ham qishlog‘imiz to‘lib-toshib ketgan, erta-indin hali ikkinchi muallim ham kerak bo‘ladi.
Shu bilan dehqonlarning nonushtasiyu suhbati adog‘iga yetdi, ular bugun ertalabga mo‘ljallangan ishni nihoyasiga yetkazgani o‘rinlaridan turishdi. Bolalar esa uyga otalari bilan birga ketishga o‘zaro ahd qilib, aravachani jo‘ka tagiga qo‘yib qo‘yishdi va aylangani ketishdi; xas-xashak, buta va tosh qoplagan tashlandiq dala ularga g‘ayrioddiy, hayratomuz chakalak bo‘lib ko‘rinmoqda edi. Bir-birining qo‘lidan tutgancha, ular ana shu ko‘m-ko‘k chakalakzordan yurib ketishdi, bir-biriga chalkashgan qo‘llarini qushqo‘nmasning baland shoxlari ustidan yurgizish olam-olam zavq bag‘ishlardi; so‘ng butalardan biri soyasiga o‘tirib olishdi va qizaloq zubturumning yirik barglaridan kungurador jiyakli chiroyli yashil ko‘ylak yasab, qo‘g‘irchog‘ini yasantira boshladi; yolg‘iz lolaqizg‘aldoqning hali to‘kilmagan gulini qo‘g‘irchoqning boshiga qalpoqcha qilib kiyintirib, maysa poyasi bilan bog‘lagan edi, qo‘g‘irchoq farishtaning o‘zi bo‘ldi-qo‘ydi, ayniqsa, qizil meva donalaridan marjon va kamar qilib taqqach, qo‘g‘irchoq yana ham ochilib ketdi. Keyin uni tepaga, qushqo‘nmas poyasiga o‘tkazib qo‘ydi va bir necha lahza ikkalasi undan ko‘z uzmay qarab qolishdi. Shu payt bolakay, tomosha qilib to‘ygandan keyin, tosh bilan bir urib, qo‘g‘irchoqni buta ustidan tushirib yubordi. Qizaloq qo‘g‘irchoqni qayta yasantirmoqchi bo‘lib, shosha-pisha tozalay ketdi; biroq shum bola qizaloqning qo‘lidan uni yulqib oldi-da, osmonga otdi. Qizaloq yig‘lagancha qo‘g‘irchoqqa talpindi, lekin bola chaqqonlik qilib, qo‘g‘irchoqni ilib oldi va yana uloqtirdi. Shu tariqa qo‘g‘irchoqni tutishga behuda urinayotgan qizaloqni rosa ovora qildi. Qo‘g‘irchoq bola qo‘lidan omon chiqmadi; uning yagona oyog‘i tizzasida tirqish hosil bo‘lib, undan qipiq to‘kila boshladi. Buni sezib qolgan bola o‘zini tiydi va og‘zini katta ochib, bu qipiq qayerdan kelayotganini ko‘rish niyatida tirnog‘i bilan tirqishni zo‘r berib kavlay boshladi. Bu jimlik sho‘rlik qizaloqqa o‘ta vahimali tuyulib ketdi, u yugurib keldi-da, bolaning yovuzlarcha qilig‘ini ko‘rib, dahshatga tushdi.
– Mana, qara! – dedi u qizning burni tagida qo‘g‘irchoqning oyog‘ini silkigancha, qipiq to‘g‘ri qizning basharasiga sochildi. Qizaloq yig‘lab, yalinib-yolvorgancha, qo‘g‘irchoq tomon qo‘lini cho‘zdi, bola tag‘in qochib qoldi va qo‘g‘irchoqning bo‘m-bo‘sh cho‘poyog‘i osilib qolgandan keyingina tinchidi. So‘ngra u dabdalasi chiqqan o‘yinchoqni otib yubordi va judayam surbetlik va sovuqqonlik bilan bezrayib turaverdi, qizaloq esa yig‘lagan ko‘yi qo‘g‘irchoqqa tashlandi va uni peshbandiga o‘rab oldi. Biroq u yana peshbandini ochdi-da, bechora qo‘g‘irchoqqa achinib qaray boshladi; oyoqchani ko‘rib, qizaloq ho‘ngrab yig‘lab yubordi, zero, oyoqcha kaltakesak dumiday tanadan osilib turardi. Qizaloq shunaqangi o‘ksib yig‘lar ediki, nihoyat, jinoyatchiga ham ta’sir qilib ketdi, qo‘rquv va pushaymon ichida qizning yoniga kelib turib oldi; buni ko‘rib qizaloq taqqa yig‘idan to‘xtadi va qo‘g‘irchoq bilan uni ikki-uch tushirib qoldi, bola esa qo‘g‘irchoq yomon tekkanday rostakamiga “voy!” deb yubordi. Shundan keyin qiz tinchlandi va endi ikkalasi baravar qo‘g‘irchoqni maydalab, bo‘laklarga ajrata ketishdi. Ular sho‘rlik jabrdiyda badanidagi teshiklarni bittama-bitta ocha boshlashdi, ulardan nuqul qipiq to‘kilar, qipiqni yapaloq tosh ustiga to‘plashar, obdon qorib, diqqat bilan ko‘zdan kechirishar edi. Qo‘g‘irchoqning faqat boshigina omon qolgandi va bolalar butun diqqatlarini shunga jamlashgandi; avval uni titig‘i chiqib ketgan badandan avaylabgina ajratib olishdi va bo‘m-bo‘sh ichiga qiziqib qaray boshlashdi. Bu qo‘rqinchli bo‘shliqni ko‘rgach, ular darhol qipiqqa qarashdi, ikkalasining miyasiga bir xil fikr kelgandi – boshni qipiq bilan to‘ldirish kerak. Shu zahoti bolalarning qo‘li shiddat bilan harakat qila ketdi, xullas, umrida birinchi bor qo‘g‘irchoqning boshi nima bilandir band bo‘lgandi. Biroq bolakay, aftidan, bosh ichidagi narsada hayot yetishmayotganini anglab qoldi; u darhol bir ko‘kishtob pashshani tutib oldi va g‘ing‘illab turgan hasharotni kaftlari orasida saqlagancha qizga boshdagi qipiqni to‘kib tashlashni aytdi. Keyin unga pashshani solishdi-da, maysa bilan teshikni berkitib qo‘yishdi. Ular navbatma-navbat qo‘g‘irchoq boshini quloqlariga qo‘yib tinglashdi va nihoyat, tantanali suratda uni tosh ustiga qo‘yib qo‘yishdi. Lolaqizg‘aldoq hali ham boshga zeb berib turganidan va qanaqadir tovush chiqarayotganidan u karomatli boshga o‘xshab tuyulmoqda edi, bolalar jimgina bir-birining pinjiga siqilgancha sirli latifalarni tinglay boshladilar. Biroq har bir karomat vahimador va xosiyatsiz bo‘ladi, qo‘g‘irchoqning bu ayanchli vujudidagi bir tomchi hayot bolalarni shafqatsiz qilib qo‘ygandi. Ular qabr qazishdi-da, tutib olingan pashshadan bir og‘iz ham so‘rab-netib o‘tirmay, boshni chuqurga joylashdi va dala toshlaridan qabr ustiga salobatli yodgorlik tiklashdi. Shunda jonli mavjudotni dafn etganliklaridan birdan dillarini qo‘rquv egalladi va bu mudhish joydan iloji boricha uzoqroq ketishga qaror qilishdi. Azbaroyi charchaganidan qizaloq sero‘t bir joyni topdi-da, yerga chalqancha tushib yotib oldi va qandaydir bir xildagi so‘zlarni ming‘illab xirgoyi qila boshladi, bola esa unga jo‘r bo‘lishga harakat qilgancha uning yonginasida cho‘k tushib o‘tirib oldi, charchoq va erinchoqlik zo‘ridan uning ham qizaloq bilan yonma-yon cho‘zilgisi bor edi-yu, lekin nimagadir bunga jur’at qilmadi. Quyosh nurlari kuylayotgan qizaloqning ochiq og‘zi, marvaridday tishlari, cho‘g‘day lablari uzra jilva qilardi. Beixtiyor qizaloqning tishlari bolaning diqqatini tortdi, u qiziqish bilan ularni ko‘zdan kechirgan bo‘ldi-da, qizaloqning boshidan tutib qichqirdi:
– Top-chi, og‘izda nechta tish bo‘ladi?
Qizaloq tishlarni xayolan sanagandek bir lahza o‘ylanib qoldi va keyin to‘g‘ri topganiga shubha qilmay:
– Yuzta! – dedi.
– Ana, topolmading! O‘ttiz ikkita! – dedi bola. – Shoshmay tur, men sanayman. – U qizaloqning tishlarini sanay boshladi, lekin har gal yanglishib, boshqatdan boshlar edi. Qizaloq anchagacha chidab turdi, biroq tirishqoq hisobchining ishi hech tugamayotganini ko‘rib, sapchib turib o‘tirdi va qichqirib:
– Endi esa, men sening tishlaringni sanayman! – dedi.
Bola o‘t ustiga cho‘zildi, qizcha engashib, uning boshini changalladi, bola og‘zini ochdi va sanoq boshlanib ketdi: bir, ikki, yetti, besh, ikki, bir… zero, mitti sohibjamol hali sanashni bilmasdi. Bola unga sonlarni qay tartibda aytish kerakligini uqtirib borardi, shu tariqa qiz yana hammasini boshidan boshlashga majbur bo‘lardi, bugun ular qilgan barcha ishlardan ham mana bu o‘yin ularga juda ma’qul kelib qolgandi. Oxiri, qizaloq jajji hisob muallimi ustiga tappa o‘zini tashladiyu charaqlagan tushki quyosh ostida ikkalasi ham dong qotib uxlab qoldi.
Bu orada otalar o‘z yerlarini haydab bo‘lishdi, to‘q jigarrang shudgorning namchil tuprog‘idan yoqimli hovur ko‘tarilardi. Ulardan birining qaroli oxirgi marta yurib o‘tib, to‘xtagan edi, xo‘jayin unga qarab qichqirdi:
– Nega to‘xtading? Yana bir yo‘l o‘t!
– Bo‘ldi qilib qo‘ya qolaylik-da, – dedi qarol.
– Ovozingni o‘chir-da, odamning aytganini qil, – takrorladi xo‘jayin.
Ular burilishdi-da, o‘rtadagi egasiz daladan o‘q chiziq torta ketishdi, tosh va xashaklar atrofga ayovsiz ucha boshladi. Biroq dehqon ularni to‘plab o‘tirmadi. “Hali buning ham vaqt-soati kelar”, – ko‘nglidan kechirdi u va aftidan, buguncha bu parchadan xomaki o‘q chiziq tortib olganidan mamnun edi. Shu tariqa u tezgina yonbag‘irlikdan tepalikka o‘rlab ketdi va mayin shabada qalpog‘ini tag‘in orqaga surgan joyda paydo bo‘lgach, narigi tomondan qalpog‘i oldinga surilgan qo‘shnisi o‘tib qoldi, o‘z navbatida u ham o‘rtadagi yerda xuddi shunday enlikda joyni ajratib, o‘q chiziq tortmoqda, kesaklar havoga uchmoqda edi. Ularning har biri, to‘g‘risini aytganda, narigisi nima qilayotganini ko‘rib-bilib turardi, biroq ikkovi ham o‘zini ko‘rmaganga solmoqda edi. Bir-birining yonidan ohista yurib o‘tdilar-da, so‘ng bir-biridan uzoqlasha ketdilar.
Taqdir mokisi ana shu tariqa borib-kelaveradi, ammo “to‘quvchi nima qilayotganini bilmaydi”.
O‘rim ketidan o‘rim o‘taverdi va yil sayin bolalar ulg‘ayib, balog‘atga yetib boraverdilar, tashlandiq yer esa tobora enga tortib ketayotgan qo‘shni dalalar o‘rtasida ingichkalashib borardi. Har gal shudgorlash chog‘ida u narigi tomondan ham, berigi tomondan ham bir omoch yo‘qotar, ammo hech kim bu to‘g‘rida churq etib og‘iz ochmas va hech bir ko‘z bu bedodlikni ko‘rmas edi. Toshlar butun dala bo‘ylab xirmon hosil qilgancha tobora siqilib kelardi, yovvoyi butalar tupi esa shunchalik balandlashib ketdiki, garchi ancha voyaga yetib qolgan bo‘lsa-da, agar bola shudgorning narigi tomonida, qiz bu tomonida turgudek bo‘lsa, endi bir-birini ko‘rolmas ham edi. Ular endi dalada birga yurmay qo‘yishgandi, chunki o‘n yashar Solomon yoki Sali (endi uni shunday deb chaqirishardi) o‘zini yoshi kattaroq bolalar va bo‘z yigitlarga yaqin tuta boshlagandi, bug‘doyrang va jo‘shqin Frenxen esa uning jinsiga tegishli qonun-qoidalarga bo‘ysunishiga to‘g‘ri kelmoqda edi, aks holda o‘g‘il bolalarga ilakishadigan qiz deb ustidan kulishlari hech gap emasdi. Baribir, har yili o‘rim kunlarida hamma dalaga ketganida, ikkovi ham fursatdan foydalanib, ularni ajratib turgan tosh marza ustiga chiqib, bir-biri bilan yuz ko‘rishib turar edilar. Boshqa paytlari ular uchrashmas, ammo mana bu odatni jon-dillari bilan kanda qilmay kelishardi, chunki otalarining dalasi hech bir joyda bir-biriga tutashmas edi-da.
Bu orada o‘sha yerni sotishga va tushgan pulni hozircha mahalliy hokimiyat g‘aznasida saqlashga qaror qilindi. Savdo o‘sha joyning o‘zida pishidi, lekin Mants va Martidan tashqari bir necha bekorchi xo‘jagina tashrif buyurdi, zero, bu tashlandiq yerni sotib olishga va ikki qo‘shni o‘rtasida haydab, yer qilishga kimning ham ko‘zi uchib turuvdi, deysiz. Garchi ikkala dehqon ham qishloqdagi manaman degan odamlardan hisoblanmasa-da, bunday hollarda qolgan uchdan ikki qism odamlar qanday yo‘l tutishi lozim bo‘lsa, shunday yo‘l tutishdi, – endi ularni jimgina malomat qila boshlashgan edi, biroq yulib-yulqingan tashlandiq yerni deb dehqonlar o‘rtasiga suqilib kirishni hech kim istamadi. Agar joyi topilgudek bo‘lsa, ko‘pchilik odamlar har qanday iblislik qilishga qodir yoki tayyor edi-yu, lekin buni boshqa birov qilib ko‘rsin-chi! Yaxshiyamki, shu ishga bosh suqmaganimiz, bo‘lmasa bekorga yomonotliq bo‘lganimiz qolardi, xudo o‘zi bir asradi-da, deb xursand bo‘lishardi. Birovning haqidan qo‘rqmaydigan baloxo‘rlardan o‘zing saqla, deya haligi iblisdan hazar qilgan bo‘lishardi-yu, lekin yetti yot begonaga nasib qilgan tekin foyda ko‘zlariga olovday ko‘rinib, og‘izlaridan so‘lak oqardi. Shu boisdan ham Mants bilan Marti yagona jiddiy xaridor bo‘lib chiqishdi, uzoq davom etgan bor-barakadan keyin yer Mantsga nasib etdi va rasman unga xatlab berildi. Amaldorlar bilan bekorchi xo‘jalar ketishdi, hali ham dalada o‘ralashib yurgan ikkala dehqon ketishdan oldin yuzma-yuz bo‘ldi va Marti dedi:
– Balki, yangi bilan eski dalani bitta qilib qo‘shasan-da, uni qoq ikkiga bo‘lib, ikkita yer qilarsan? Agar yer mening qo‘limga tushganida, har qalay shunday qilgan bo‘lardim.
– Men ham shunday qilaman, – javob berdi Mants. – Bitta yer qilgani dala judayam kattalik qiladi. Darvoqe, men senga bir gapni aytmoqchi edim: sezishimcha, yaqinda sen zimdan hozir menga qarashli bo‘lgan yerning pastki qismiga kirgansan va talaygina bo‘ltakni o‘zingga qo‘shib olgansan. Ehtimol, butun yerni sotib olsam, bu bo‘ltak ham menga qoladi, degan xayolda shunday qilgan bo‘lsang kerak. Lekin endi yer meniki, o‘ylaymanki, mana bu toshlarni men boshimga urmayman, bunaqa yotishiga ham yo‘l qo‘ymayman, endi uni tekislab, yerimga qo‘shib olsam, qarshilik qilmassan, to‘g‘rimi, og‘ayni? Shugina narsa deb sen-menga borib o‘tirmasmiz, axir?
Marti ham o‘shanday sovuqqonlik bilan javob berdi:
– Men ham sen-menga borishga arziydigan narsani ko‘rmayapman. Sen yerni qanday bo‘lsa, shundayicha sotib olding, hozirgina hammamiz sinchiklab ko‘rib chiqdik, axir, bor-yo‘g‘i bir yarim soat ichida u o‘zgarib qolmas?
– Qo‘ysang-chi! – dedi Mants. – O‘tgan ishga salavot. Lekin ortiqcha narsa ortiqcha-da, har narsada ham, axir, tartib bo‘lgani yaxshi. Uchala dala ham allazamondan buyon xuddi qalam bilan chizilgandek to‘g‘ri yotgan edi. Sendan bunaqa g‘alati hazil chiqishi aqlga to‘g‘ri kelmaydi va dalalar o‘rtasida qandaydir nayrang ishlatish yarashmaydi, albatta. Odamlarga kulgi bo‘lganimiz qoladi, xolos! Qanday qilib bo‘lmasin, bu xatoni to‘g‘rilab qo‘ymasa bo‘lmaydi. Marti kulib qo‘ydi-da, dedi:
– Birdaniga odamlarning gap-so‘zidan qo‘rqib ketganing nimasi? Shu ham ish bo‘libdimi, bu qiytiq mening parvoyimga ham kelmaydi, bordi-yu shundan jahling chiqayotgan bo‘lsa, marhamat, tekislab olaver, faqat men tomonimdan emas. Boshim ketsa ham men bunga yo‘l qo‘ymayman.
– Hazilingni qo‘ysang-chi, – dedi Mants, – yerni to‘g‘rilashga to‘g‘rilayman, lekin, albatta, sen tomondan to‘g‘rilayman, nima desang deyaver.
– Qani, ko‘ramiz, – dedi Marti va bir-biriga qaramasdan ikkalasi ajrashdi; endi ularning nigohi boshqa-boshqa tomonga tikilgandi. Uzoqlarga qadalgan nigohlar jonu iymonini qurbon qilib bo‘lsa-da, qo‘lga kiritishi kerak bo‘lgan go‘zal ertani ko‘rmoqda edi.
Ertasigayoq Mants qarolni, bitta mardikorni va o‘g‘li Salini dalaga yuborib, begona o‘t va butalarni yulishni, tashib chiqarish qulay bo‘lsin uchun toshlarni bir joyga to‘plashni buyurdi.
Onasining qarshiligiga qaramay, hali hech joyda ishlamagan o‘g‘lini – u endigina o‘n bir yoshga qadam qo‘ygandi – boshqalarga qo‘shib dalaga jo‘natishi Mantsda qandaydir o‘zgarish bo‘layotganidan darak berardi. Boz ustiga, u aytgan achchiq-quruq va nasihat so‘zlarini eshitar ekan, o‘z pushtikamaridan bo‘lgan zurriyotga ko‘rsatayotgan qattiqqo‘llik bilan mevasi endi-endi yetilib kelayotgan haqsizlik tuyg‘usini bo‘g‘ishga intilayapti, deb o‘ylash mumkin edi. Bu orada dalaga yuborilgan yoshlar beg‘am va quvnoq holda bu yerda necha yillardan buyon barq urib o‘sgan turfa butayu o‘tlarni ildiz-pildizi bilan qo‘porib tashlamoqda edilar. Chunki bu g‘ayrioddiy, aytish mumkinki, hech qanday malaka, hech qanday sinchkovlik talab etmaydigan erkin ish bo‘lib, shunchaki ermakday bo‘lib ko‘rinayotgandi. Quyoshda qovjiragan sershox butalar bir joyga to‘planib, yoqib yuborildi, barchalari zavqdan chuvvos solib qichqirishardi, gulxandan ko‘tarilgan tutun uzoq-uzoqlarga taralardi, yoshlar tutun orasida telbalarcha irg‘ishlashardi. Bu la’nati daladagi so‘nggi quvonchli bayram edi. Martining qizi jajji Frenxen ham bu yerga kelib, qo‘shnilarga zo‘r berib yordam qilmoqda edi. Bu voqeaning g‘ayrioddiyligi va quvnoq shovqin-suron bolalikdagi do‘stlar bilan uchrashish uchun qulay bahona edi, chunonchi, bolalar gulxan yonida shodon va beg‘am o‘yin bilan ovora edilar. Bu yerga boshqa bolalar ham kelib, qiy-chuv rosa avjiga chiqdi. Biroq do‘stlar tarqashi bilan Sali yana Frenxen tomon intilar, qiz ham nuqul u bilan yuzma-yuz bo‘lish uchun payt poylar edi. Ikkalasining ham chehrasidan kulgi arimas va bu ajoyib kunning oxiri yo‘q va bo‘lishi mumkin emasday tuyulmoqda edi ularga. Ularning qancha ish qilganini ko‘rgani kechqurun keksa Mants keldi. Garchi hamma ish qilib bo‘lingan esa-da, yoshlarning o‘yin-kulgini avj oldirib yuborishganini ko‘rib, hammasini haydab yubordi. Shu top o‘zining yerida Marti ko‘rindi va qiziga ko‘zi tushib, barmoqlarini og‘ziga tiqqancha, shunaqangi qattiq hushtak chaldiki, qizginaning esxonasi chiqib, otasi tomon chopdi, ota esa negaligini o‘zi ham bilmagan holda qiziga shapaloq tortib, xullas, qiz ham, bola ham chuqur qayg‘uga botgancha, uyga yig‘lab qaytishdi, biroz oldin nega bu qadar shodon edilar-u, hozir nega bunchalik g‘amgin bo‘lib qolishganini ikkovi ham anglayolmayotgandi. Bu beg‘ubor xilqatlar otalarining odatdan tashqari qattiqqo‘lliklarini tushunmas va ularni u qadar qattiq tashvishga solmas edi.
So‘nggi kunlarda Mants daladan toshlarni chiqarib tashlashni buyurganida ish judayam og‘irlashib ketdi, endi erkak kuchi talab etilardi. Xuddi butun dunyodan keltirib tashlangandek, toshlarning oxiri ko‘rinay demasdi. Biroq Mants ularni daladan tashib chiqarmay, Marti allaqachon hafsala bilan haydab qo‘ygan haligi mojaroli uchburchak qiytiq yerga olib borib tashlashni buyurdi. Mants oldindan dalalar o‘rtasidan uzun marza tortib qo‘ygandi, ular ikkalasi uzoq vaqtlardan buyon bo‘sh yerga otaverib, g‘aram qilib tashlagan va Mantsning o‘ylashicha, raqib chiqarib tashlamaydigan toshlarni endi shu bo‘ltak yerga olib kelib to‘kdi. Marti bunday bo‘lishini kutmagandi. U qo‘shnim avvalgidek omoch bilan ish ko‘radi deb o‘ylagandi, shu bois uning yer haydagani dalaga chiqib kelishini sabr bilan kutmoqda edi. Mants tiklagan ajoyib yodgorlik haqida u ish deyarli qilib bo‘lingandan keyin eshitdi, g‘azab ichida dalaga otildi, unga tayyorlab qo‘yilgan sovg‘ani ko‘rdi, orqaga chopdi va yeriga to‘kilgan tosh g‘aramiga qarshi norozilik bildirish va mana shu bo‘ltak yerga kirishni sud orqali man etib qo‘yishdan oldin o‘zi bilan jamoa oqsoqolini boshlab keldi. O‘sha kundan ikkala dehqonning sudlashuvdan boshi chiqmay qoldi va butunlay xonavayron bo‘lishmaguncha olishuvdan to‘xtashmadi.
Odatda aqlli-hushli yurgan odamlar endi yog‘och qipig‘iday mayda fikrlar tutquni bo‘lib qolishgandi: ulardan har biri o‘zining huquqi haqida eng tumanli tasavvurlar bilan to‘lib-toshgan bo‘lib, qanday qilib begona odam baxtli bir parcha yerni qonunsiz o‘zlashtirib olishga bu qadar ochiq-oydin intilayotganini tushunmas va tushunishga qodir ham emas edi. Mantsni, bundan tashqari, miyasidan tovonigacha o‘lik tuyg‘usi qamrab olgan ediki, bu jirkanch, ahmoqona hiylani amalga oshirishdagi Martining aql bovar qilmas qaysarligidan o‘zini qattiq tahqirlangandek his etmoqda edi. Lekin ikkalasi ham bir narsaga amin edi: modomiki, biri raqibiga shunchalik surbetlarcha firib berayotgan ekan, demak, u buni bir chaqaga qimmat odam deb o‘ylayapti, chunki qat’iy, aqlli, zarbaga zarba bilan javob beradigan odam bilan emas, allaqanday zaif, nochor kas bilan shunday muomala qilinadi; shunisi ajablanarliki, ulardan har biri mening izzat-nafsimni yerga urayapti deb o‘ylardi, aslida yuzaga kelgan mojaroga qasdma-qasd yo‘l tutgan sayin ular muqarrar halokat jari tomon yaqinlashib borar edilar.
Ularning hayoti shu damdan boshlab ikki sho‘rlik uchun do‘zax azobiga aylangandi, ular bamisoli toshqin daryoda oqib borayotgan ikki taxtada o‘tirgancha bir-biriga tashlanar, biroq mo‘ljaldan adashib, o‘zlarini o‘zlari urib, abgor bo‘lmoqda edi. Ishlari nohaq bo‘lgani vajidan ular uchar muttahamlarning qurboniga aylanishgandi, muttahamlar esa ularni tinmay gij-gijlar, tobora jaholat botqog‘iga botirar edilar. Ayniqsa, bu mojaro Zeldvila shahrining chayqovchilariga juda qo‘l kelmoqda edi. Ko‘p o‘tmay, har ikkala da’vogarning atrofini bir to‘da dallollar, chaqimchilar, maslahatchilar qurshab olib, ming xil nayranglar bilan cho‘ntaklaridan oxirgi chaqani ham shilib olmoqda edilar. O‘rtasida yana qichitqi va qushqo‘nmas kabi yovvoyi butalar g‘ovlab ketgan tosh g‘aramli bir parcha yer ikki mo‘ysafid dehqonning hayotini ostin-ustun qilib yuborgan chigal voqeaning ilk sababchisi yoki urug‘i edi, xolos. Binobarin, ularning ikkisida ham ilgari yetti uxlab tushiga kirmagan yangi odat va rasm-rusmlar, yangi qoida va umidlar paydo bo‘lgandi. Ular pulni sovurganlari sayin muttahamlarning nafsi battar hakalak otar, qashshoqlashgani sayin boyib ketish haqida bir-biridan ko‘proq ko‘knori xayollarga berilardi. Ularni har qanaqangi muttahamlik usuli bilan laqillatsa bo‘lardi: ular, masalan, har yili Zeldvilani pattalarga ko‘mib yuborgan barcha chet el lotoreya o‘yinlarida ishtirok etar edilar, biroq jilla bo‘lsa-da, yutuq degan narsani ko‘zlari bilan ko‘rishmagan, faqat mudom o‘zgalarning yutganlari to‘g‘risida eshitar, o‘zlarining esa yutishlariga bir baxyagina qolgan bo‘lardi. Bu yoqda esa azbaroyi ishtiyoqning zo‘rligidan bisotlaridagi pullarini yelga sovurganlari-sovurgan edi. Gohida zeldvilaliklar ikkala dehqonni ko‘ra-bila turib, bitta pattaning ulushini sotib olishga da’vat etib, ermak qilishardi, natijada har ikkovi ham raqibining oyog‘ini osmondan keltirish niyatida o‘sha yagona pattaga pul tikar edi. Vaqtlarining teng yarmini ular har birining qaysidir qovoqxonasida qarorgohi bo‘lgan shaharda o‘tkazar edilar, unisini ham, bunisini ham osongina g‘azab otiga mingazar edilar-da, bema’ni chiqimlarga tushirib, o‘zlari kunlarini aysh-ishratda o‘tkazar edilar, lekin har ikkovining ham yuragi zimdan qonga to‘lib borardi, oxirida ahmoq bo‘lib qolmaslik uchun ikkovi ham boshi bilan olishuvga sho‘ng‘ib ketardi; aslida esa uchchiga chiqqan ahmoq ekanliklari oshkor bo‘lib, buning uchun boplab ta’zirini yer edilar. Qolgan vaqtlarda ular salanglab yurar yoki jazava ichida va turtkilar ostida ayblarini yuvishga harakat qilib, alamlarini ishdan olar edilar, bu bilan halol va mehnatkash qarollarning yuragiga g‘ulg‘ula solmoqda edilar. Xullas, ikkalasi qulog‘idan qarzga botib, bamisoli laylakdek, o‘z yerlari labida bitta oyoqda qimir etmay turib qoldilar, qilt etgan shabadadan ag‘darilib tushishlari hech gap emasdi. Biroq nima bo‘lganda ham ular o‘rtasidagi adovat tobora avj olib bormoqda edi, har biri o‘zining bunday ayanchli holga tushib qolganiga ikkinchisini ayblar, uning timsolida o‘zining qon dushmanini ko‘rib turar, bu dunyoga mening jonimni olgani kelgan azroil shu bo‘ladi, deb ko‘zi tushdi demaguncha, bir-biriga qarab tuflay boshlardi, oila a’zolaridan birontasi ayovsiz kaltak ostida qolishidan qo‘rqib, raqibining xotini, bolasi yoki qaroliga bir og‘iz gap qotmas edilar.
Bu xonavayronlik va qashshoqlashuv ularning xotinlariga boshqacha ta’sir qilmoqda edi. Tabiatan yuvosh bo‘lgan Martining xotini bu ko‘rgulikka chidolmadi, kasalga chalinib, yotib qoldi va qizi o‘n to‘rt yoshga ham kirmasdan g‘am-hasratda bandalikni bajo keltirdi. Mantsning xotini esa, aksincha, boshga tushgan savdolarga tez ko‘nikdi va yomon xotin bo‘lish uchun o‘zidagi ayollarga xos ayrim kamchiliklarga erk berishi kifoya qildi, chunonchi, undagi badnafslik vahshiyona baloxo‘rlikka, mahmadonalik esa g‘irt soxta so‘zamolligu riyokorlikka aylandi, u o‘ylaganlarining nuqul teskarisini to‘xtovsiz vaysar, hammani bir-biriga qarshi qayrar va bu bilan o‘z erining ham ko‘ziga cho‘p suqqani-suqqan edi. Undagi avvalgi ochiq-sochiqlik, uncha-muncha beg‘araz vaysaqilikka bo‘lgan moyillik uchchiga chiqqan behayolik tusini oldi, u hech bir tap tortmay yolg‘onni qalashtirib tashlar, shu tariqa eriga bo‘ysunish o‘rniga uning burnidan ip o‘tkazib, istagan ko‘yga soladigan bo‘lib qolgandi. Bordi-yu, eri sal ovozini ko‘targudek bo‘lsa, u hecham ayab o‘tirmasdi, uyat-puyatni yig‘ishtirib qo‘yib, shallaqilik bilan xonavayron bo‘lgan ro‘zg‘orni battar yetti qat yer tagiga ko‘mib tashlardi.
Sho‘rlik bolalarning ham holiga maymunlar yig‘lamoqda edi. Ularda na kelajakka umid, na dillarida beg‘am yoshlikning quvonchidan asar bor. Chor-atrofdan ularni g‘am-tashvish-u, urush-janjallar qurshab olgandi. Qiyin bo‘lgandan, ayniqsa, Frenxenga qiyin edi, chunki onasi o‘lib ketib, boyoqish qiz huvillagan uyda yolg‘iz yashardi, quturgan otasining zug‘umlariga chidashdan boshqa iloji yo‘q edi. O‘n olti yoshda u sarvqomat, dilbar qizga aylangandi, jingalak qo‘ng‘ir sochlari charosdek qop-qora ko‘zlari ustiga tushib turardi, bug‘doyrang yuzidan bamisoli qon tomadi, la’li lablari yoqutdek tovlanib, boshqa qizlar orasida to‘linoydek darhol ko‘zga tashlanardi. Yuragidagi yoshlik hislari jo‘sh urgan damlarda gul-gul yashnab, xandon tashlab kular, har qanday g‘am-tashvishni ham unutib, qaldirg‘ochdek charx urar, dugonalari bilan hazil-mutoyibalar qilar edi. Lekin uning shodon kunlari kamroq, anduhli kunlari ko‘proq bo‘lardi: u nafaqat otasining g‘amiga va kundan-kun avj olayotgan muhtojlikka sherik bo‘lishga, balki o‘zi haqida ham o‘ylashga majbur edi-da. U tuzukroq kiyingisi, yasan-tusan qilgisi kelardi-yu, biroq otasining puli yo‘q. Qirib-qirtishlab, Frenxen o‘ziga odmigina bayrambop ko‘ylagu deyarli hech narsaga arzimaydigan bir nechta durracha sotib olgandi. Guldek ochilgan sohibjamol qiz o‘zini g‘oyat haqir va mumsik his etarkan, tabiiyki, takabburlik degan gaplar unga mutlaqo yot edi. Bundan tashqari, balog‘atga yetgan chog‘ida onasi o‘lib, iztirobga duch keldi, bu narsa uning yuragidagi bor jo‘shqinlikni ham yo‘qqa chiqarib, g‘amgin qilib qo‘ygandi; shuning uchun bu mas’um, g‘unchadek qizning quyoshning ilk nurlarini ko‘rganda hech narsani pisand etmay xandon tashlab kulganini ko‘rish o‘zi bir mo‘jiza, o‘zi bir go‘zallik edi.
Sali, bundoq qaraganda, yomon yashamayotgandek ko‘rinardi, u xushro‘y va azamat yigit bo‘lgandi, o‘zini bosiq-vazmin tutar, undagi bu sipolik esa har qanday kishini unga xushmuomalalik bilan murojaat etishga majbur qilardi. U ota-onasining ro‘zg‘ori qanday xonavayronlikka yuz tutayotganini ko‘rib-bilib turardi, har doim ham shunday bo‘lib kelmaganini ma’yuslik bilan eslardi; boz ustiga, otasining oldingi, sog‘lom, aqlli, vazmin dehqonlik qiyofasi xotirasida yaxshi saqlanib qolgandi, o‘shanday ota endi ahmoq, janjalkash va tanbal bir odamga aylanib, urushdan boshi chiqmas, bo‘lar-bo‘lmasga maqtanar, qildan qiyiq axtarib so‘kinar va qisqichbaqadek, tobora orqaga qarab ketgani-ketgan edi. Bu narsalar Salining nafratini qo‘zitar, uyat va nomusdan yerga kirib ketgudek bo‘lardi, garchi g‘o‘rligi tufayli u bu savdolarning tagiga yetolmasa-da, onasining zo‘r berib qilgan xushomadlaridan ko‘ngli biroz taskin topgandek bo‘lardi. O‘zining bema’ni qiliqlariga ko‘niktirish va o‘g‘lini o‘zi tomonga og‘dirib olish uchun, bir cheti maqtanchoqlik vajidan, ona uning har bir istagini bajo keltirardi, bashang kiyintirib qo‘yar, ko‘ngling xohlaganday yur, xohlaganday tur deb pishang solar edi. Yigit ortiqcha minnatdorchilik ham bildirib o‘tirmay, hammasiga xo‘p deb qo‘ya qolardi, chunki onasi haddan tashqari ko‘p gapirar va aldar edi, sevinish o‘rniga Sali o‘z bilganidan qolmasa-da, lekin unga hech qanday yomonlik qilmasdi, chunki qariyalarning xulqi uni buzib ulgurmagandi; chinakam yoshlarga xos oddiy, tinch va botartib hayot kechirishga bo‘lgan ehtiyoj unda kuchli edi. U deyarli otasining yoshlik chog‘idagidek edi, shu bois dili nopok va o‘tmishi alamnok bu odam o‘z yoshligini unda ko‘rib, beixtiyor o‘g‘liga nisbatan mehri qandaydir jo‘sh urib ketardi. Unga berilgan erkinlikka qaramay, Sali o‘zini baxtli his etolmasdi, oldinda uni xayrli ishlar kutmayotganini anglab turardi, xayrli ishlar bo‘lishiga ko‘zi yetmasdi ham, chunki Mantsning xonadonida allaqachondan beri durustroq va bama’niroq ish to‘g‘risida hech kim lom-mim demay qo‘ygandi. Shuning uchun o‘zining erkinligiyu hozirda g‘ubor qo‘nmagan e’tibori bilan g‘ururlanishdan o‘zga chorasi yo‘q edi uning. Yuragi faxr hissiga to‘la-yu, ammo kelajakka zarracha umidsiz holda umr otini yeldirib borardi.
Uning miyasiga faqat bir narsani quyishgani-quyishgan edi – u ham bo‘lsa, Marti ismi bilan bog‘liq bo‘lgan hamma narsaga otasining adovati bilan qarash. Lekin u faqat Martining otasiga qandaydir zarar yetkazgani va Martining xonadoni ham ularga nisbatan adovatda ekanini bilardi, xolos. Shuning uchun u Marti va qizi bilan ko‘rishish, garchi g‘arazdan xoli bo‘lsa-da, o‘zini ularning g‘animi bo‘lib ko‘rsatish unga qiyin tuyulmasdi. Salidan ko‘ra ko‘proq azoblarni chekayotgan Frenxen esa dilida adovatdan ko‘ra ko‘proq dilgirlikni his etardi, lekin xiyol dimog‘dor va baxtli Sali jo‘rttaga o‘zini yomon ko‘rgandek qilib ko‘rsatayapti, deb o‘ylardi, shuning uchun ko‘pda unga ko‘rinish beravermas, bordi-yu, Sali nogahon yaqinida paydo bo‘lib qolsa, darrov qochib qolardi, yigitcha bo‘lsa, unga loaqal qayrilib qarab ham qo‘ymasdi. Buni qarangki, Salining qizni yaqindan ko‘rmaganiga bir necha yil bo‘libdi va balog‘at yoshida uning qanaqa ko‘rinishini ham tasavvur etolmasdi. Vaqt-vaqti bilan u qizni qattiq o‘ylab qolar, Marti xonadoni haqida gap ochilgudek bo‘lsa, endigina elas-elas xotirasida qolgan Frenxenning chehrasini beixtiyor do‘stona tarzda ko‘z oldiga keltirishga harakat qilardi.
Mants birinchi bo‘lib butunlay qashshoqlashib, boshpanasiz qoldi. Uning xonavayron bo‘lishiga eng avvalo xotini ko‘maklashib yuborgandi. Marti esa o‘z saltanatidagi yagona isrofgar edi, qizi uy hayvonidek ishlashdan boshqa narsani bilmasa-da, o‘zi uchun sarf-xarajat qilishning uddasidan chiqolmasdi. Zeldvilalik oshnalarining maslahati bilan Mants shartta shaharga ko‘chib o‘tdi-da, u yerda qovoqxona ochib oldi. Suyagi dalada qotgan sobiq dehqonning qandaydir qovoqxona ochgani, qolgan-qutgan qaqir-ququri bilan shaharga ko‘chib o‘tganini ko‘rishning o‘zi bir dahshat edi. Bir vaqtlar hamma bilan apoq-chapoq va kuydi-pishdi bo‘lib yuradigan ajabtovur xo‘jayinning endi doim dili xufton, ichiga chiroq yoqsa yorimasdi. Mantsning oilasi hovlidan ko‘chaga chiqqandagina odamlar uning nechog‘lik qashshoqlashib qolganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi: aravaga faqat parti ketib, sharti qolgan ashqol-dashqollargina ortilgan bo‘lib, ular ro‘zg‘orda uzoq yillardan beri hech narsa yangilanmagani va olinmaganidan guvohlik berib turardi, xolos. Shunday bo‘lsa-da, xotini o‘zining eng yaxshi kiyimlarini kiyib olgan bo‘lib, haligi ashqol-dashqollar ustida kibor bilan gerdayib o‘tirardi, shu turishda u ko‘pda yaxshilikdan darak bermaydigan bu ko‘chishni chetan ortidan achinganicha kuzatib turgan hamqishloqlariga nazar solayotgan shaharlik xonimga o‘xshab ketmoqdaydi. U o‘zining uddaburonligi va farosati bilan butun shaharning og‘zini ochirib va eri eplolmagan narsani bu do‘ndirib qo‘yadigan kattakon qovoqxona bekasiday tasavvur qila boshlagandi.
Aslida esa, qandaydir tangu tor jinko‘chada joylashgan bu yemakxona deganlari allaqachon singan bir keksa ijaradorning qovoqxonasi edi va zeldvilaliklar uni arzon-garov, atigi bir necha yuz galerga berib yuborishgandi. Bundan tashqari ikki bochka aralash vino va qovoqxonaning bor bisoti – o‘n-o‘n beshta oddiy oq grafin, shuncha stakan, bir vaqtlar qip-qizil qilib bo‘yalgan, endilikda bo‘yoqlari ko‘chib tusha boshlagan bir qancha archa stol va stullarni ham unga pullashgandi. Deraza oldidagi ilmoqda temir tegarchik charaqlab turardi, tegarchikning ichida esa tunukadan qilingan ho‘l bochkalardan stakanlarga vino quyilardi, eshikning tepasidan qurib qolgan ninabargli buta shoxchasi osilib turardi; bular barchasini Mants birvarakay ijaraga olgandi. U xotinidek o‘zini mag‘rur tutmayotgandi, hovlisining yangi egasi unga qarzga bergan ozg‘in qirchang‘ini niqtar ekan, ko‘nglida g‘arazli o‘ylar va sirli adovat hissi jo‘sh urardi. Qo‘l ostida qolgan so‘nggi qarol ham bir necha hafta burun unikidan juftakni rostlab qolgandi. Shu tariqa hovlidan chiqib kelar ekan, yo‘ldan sal narida kinoyali va g‘azabnok qiyofasida u yoqdan-bu yoqqa yurib turgan Martiga ko‘zi tushdi. Baxtsizligining yagona aybdori shu deb bilgan Mants uni bolaxonador qilib so‘ka ketdi. Sali esa arava qo‘zg‘alishi bilan qadamlarini jadallatdi-da, otlardan o‘zib, aylanma yo‘l bilan shaharga yolg‘iz o‘zi yo‘l oldi.
— Mana, yetib keldik! — dedi Mants arava qovoqxona eshigi tagiga kelib to‘xtagach. Xotinining kayfi uchib, qichqirib yubordi: oshxona qani, xarob bir qovoqxona ekan-ku! Odamlar yangi qishloqi qovoqxona sohibini ko‘rgani deraza va ko‘chaga otilishdi va zeldovilaliklarga xos viqor bilan, ham achingannamo, ham masxaraomuz tomosha qila boshlashdi. Azbaroyi g‘azabdan ko‘zlariga yosh olganicha Mantsposhsha aravadan sirg‘alib tushdi-da, yugurib uyga kirib ketdi, garchi tili qichib tursa-da, oriyat zo‘ridan bugun ko‘chada ko‘rinmaslikka qaror qildi, shalog‘i chiqqan karavotlardan iborat ko‘ch-ko‘ronidan u yerga kirib ketguday bo‘lmoqda edi. Sali ham zo‘rg‘a turardi, lekin u otasiga qarashmasa bo‘lmasdi. Hayal o‘tmay gala-gala bo‘lib bolalar yetib kelishdi va qashshoq odamning holini tomosha qilmoqchidek, xonavayron bo‘lgan oldingi sohibning do‘konini qurshab olishdi. Undagi manzara bundan ham xarob edi, uy emas, qaroqchilar yashirinadigan g‘or deysiz. Chala-chulpa oqlangan devor zax tortib ketgandi. Qip-qizil stollari bo‘lgan qorong‘i, g‘arib xonadan tashqari yana ko‘rar ko‘z uchun ikkita tanggina xonacha ham bor edi, oldingi xo‘jayin esa barcha burchaklarda g‘aram-g‘aram axlatlarni qoldirgandi.
Ularning hayoti shu tariqa boshlandi va shu alpozda davom etaverdi. Dastlabki bir-ikki haftada, xususan, kechki paytlarda uncha-muncha mijozlar yagona stolni to‘ldirishib turdi — hech bo‘lmasa uning hisobiga qishloqi xo‘jayinlarni tomosha qilishadi-ku. Qovoqxonaning o‘zida hech qanaqangi qiziq narsa yo‘q edi. Mants qo‘pol, beso‘naqay, tund va g‘amgin edi, umuman, u o‘zini qanday tutishini bilmasdi. Krujkalarni sekin va to‘kib-sochib to‘ldirar, ularni mehmonlar oldiga qovog‘ini uyib keltirib qo‘yar, bir og‘iz jo‘yali so‘z aytishga chiranardi-yu, biroq buning uddasidan chiqolmasdi. Xotini ham ochilib gaplashgani eridan kam harakat qilmasdi, darhaqiqat, u avvaliga bir necha kun mijozlarini tutib turdi, biroq u o‘zi o‘ylaganday emas, butunlay boshqa sabab bilan. Homilador xotin o‘zini jozibador qilib ko‘rsatish uchun uy libosiga burkanib olgandi. U rangsiz bo‘zdan egniga yubka, eski yashil shoyi nimcha kiygan, chit peshband taqqan va boshiga arzon oq ro‘mol o‘rab olgandi. Oq oralagan sochini dam-badam chakkalariga gajak qilib o‘rar, boshi orqasiga tashlab olgan sochiga esa baland taroq to‘g‘nab qo‘yardi. Shu tariqa u mehmonlar atrofida girdikapalak bo‘lar, xushqomat ko‘rinish uchun lablarini noz bilan burar, chiroyli ko‘rinishga harakat qilar, stakan yo likobchada tuzli pishloq ulashish uchun hali u, hali bu stolga yugurar, bo‘lar-bo‘lmas so‘zlarni aljir edi. — Ana shunaqa! Ha, ha! Zo‘r, ajoyib, janoblar, — der edi u, lekin garchand tili burro bo‘lmasa-da, o‘zini aqlli qilib ko‘rsatish uchun o‘lib-tirilardi, chunki u bu yerda begona bo‘lib, mahalliy odamlarni bilmasdi. Qovoqxonada ivirsib yurgan zeldvilalik sayoqlar qo‘llari bilan og‘izlarini bekitgancha qotib-qotib kulishar, stol ostidan bir-birining oyog‘iga turtib, shunday derdi:
— Tuf-e, do‘zaxi! Sen ham odam bo‘lding-u!
— Qoyil! — derdi boshqasi. — Jonim qurbon bo‘lsin-a! Bo‘lganiga yarasha kiroyi shunaqasi bo‘lsin-da! Bunaqasini endi ko‘rib turibmiz!
Xotinini ma’yus kuzatib turgan er buni sezib qolardi-da, uning biqiniga turtib shivirlardi:
— Nima qilyapsan, hoy qari sigir?
— Xalaqit berma menga, — jahl bilan javob qaytarardi xotini. — Ko‘rmayapsanmi, to‘nka, odamlarni tortish uchun jonimni jabborga berayapman, axir, uddasidan chiqayapman ham. Lekin bu yuvindixo‘rlar bari sening dastingdan, shoshmay tur, hali zamon bu yerga zodagonlar ham tanda qo‘yib qoladi.
Butun bir qovoqxonani bor-yo‘g‘i bir yo ikkita ingichka sham yoritib turardi, xolos, o‘g‘illari Sali esa oshxonaning qorong‘i burchagiga kirib olar, orqasi bilan devorga suyangancha ota-onasining holiga achinib, yig‘lar edi.
Biroq mehribon frau Mantsning noz-karashmalari ko‘p o‘tmay mijozlarning me’dasiga tegdi va yana o‘zlari yaxshi joyga to‘plana boshladilar, u yerda g‘alati qovoqxona ustidan miriqib kula olar edilar. Faqat ahyon-ahyonda bu yerga birgina mijoz tashrif buyurardi, bir stakanni simirardi-da, esnab, devorlarga ko‘z yugurtira boshlardi. Goho to‘satdan bir gala bezorilar bostirib kirib qolardi va shovqin-suron bilan kambag‘al odamlar dilida aldoqchi umid uyg‘otar edi. Quyosh nuri bazo‘r tushadigan bu xilvat go‘shada o‘zlarini erkin seza olmasdilar. Ilgarilari shaharda salanglab yuradigan Mantsning o‘ziga ham endi bu to‘rt devor ichida yashash o‘limdan og‘ir tuyulib ketayotgandi. Keng dalalarni eslab, u goh ma’yus nigohini shiftga yo yerga qadab olar, goh tor eshikdan ko‘chaga otilib chiqib ketar va yana qaytib ichkariga kirardi, chunki qo‘shnilarning bu “qo‘rs oshxonachi”ga yeb qo‘ygudek qarashlariga u toqat qilolmasdi.
Ko‘p o‘tmay Mantsning oilasi butunlay qashshoqlashib qoldi. Ularning bisotida hech vaqo qolmagandi: u-bu tamaddi qilib olishlari uchun bironta mijozning kirib kelishini, qolgan vinodan biror stakan ichib, to‘rt-besh chaqa tashlab ketishini kutishga majbur bo‘lishardi. Bordi-yu, mijoz kolbasa yoki biron yegulik so‘rab qolsa, ko‘ring to‘polonni, so‘ralgan narsani topish uchun hammalari zir yugurib qolishardi. Hademay katta grafindagi vinodan boshqa ularda hech narsa qolmadi, kishi bilmas begona qovoqxonadan to‘ldirib kelgan grafinni ular mahkam berkitib qo‘yishardi; xullas, nonsiz, vinosiz mijozlar sho‘rlik xo‘jayinlarni ermak qilar edilar, xolos: Qaytanga hech kim kirmasa, endi suyunadigan bo‘lib qolishgandi va o‘z qovoqxonalarida o‘lik bo‘lib o‘likmas, tirik bo‘lib tirikmas, titrab-qaqshab o‘tiraverishardi.
Nihoyat, beka boshqa hech qanday chora qolmaganini anglab yetgach, egnidagi yashil nimchani yechib tashladi va butunlay boshqa ayol bo‘ldi-qo‘ydi: ilgari ko‘ngli nimani xohlasa shuni qilishga odatlangani kabi endi u o‘zidagi bor ayollik qobiliyatini ishga sola ketdi, shunday qilmasa bo‘lmasdi ham, chunki ro‘zg‘or butunlay cho‘kib qolgandi-da. U sabr-toqat bilan cholining qo‘ltig‘iga kirib, ko‘nglini ko‘tarishga, o‘g‘liga pand-nasihatlar berishga harakat qila boshladi. U jonini ayamay, yurak amri bilan ro‘zg‘orni to‘zib ketishdan saqlab qolgan paytlari ko‘p bo‘lgan, garchi ro‘zg‘orlari butunlay oyoqqa turib, ahvollari a’lo darajada yaxshilanib ketmagan bo‘lsa-da, harqalay, uncha-muncha foydasi sezilardi. Aks holda qolgan-qutganidan ham judo bo‘lish hech gap emasdi. U baholiqudrat, qiyin damlarda aqlli maslahatlar berishni o‘rgandi, bordi-yu, bu maslahatlardan hech ish chiqmasa yo biron jo‘yali natija bermasa, shartta g‘azabini o‘g‘li bilan eriga socha boshlardi, qisqasini aytganda, u hechdan ko‘ra kech qabilida ish tutmoqda edi — foydasi bo‘ladigan yillarda qilmagan narsani u endi bir oyog‘i go‘rga yetganda qila boshlagandi.
Bir chetda rizq topish, bir chetda vaqt o‘tkazish niyatida ota-bola baliqchilik bilan shug‘ullana boshladi, ya’ni daryoga tashlash barcha uchun barobar bo‘lgan qarmoqlar sotib olishdi. Xonavayron bo‘lgan zeldvilaliklarning asosiy mashg‘ulotlaridan biri ham shu edi. Baliqlar yaxshi ilinadigan havo tinch kunlarda zeldvilaliklarning guras-guras bo‘lib, qo‘llarida qarmoq va chelak bilan shahardan chiqib ketayotganini ko‘rish mumkin edi, zero qirg‘oqda sayr qilib yurganlariga har qadamda baliq ovlovchi duch kelardi, jigarrang syurtuk kiygan biri oyog‘ini suvga solgancha cho‘nqayib o‘tirgan, quyruqli ko‘k frak kiygan boshqasi esa ezilgan shlyapasini qiya qo‘ndirgancha keksa majnuntol ildizi ustida tik turgan bo‘lardi, undan sal naridagi baliqchi boshqa kiyimi yo‘qligidan olachalpoq gulli seryamoq xalatda bo‘lib, bir qo‘lida qarmoq, bir qo‘lida trubka ushlab olgan; daryo muyulishi ortida esa tepakal baqaloq chol ko‘zga tashlanardi, u qip-yalang‘och bo‘lib olib baliq tutar, suv yaqin bo‘lishiga qaramay, oyoqlari shunaqangi kirlab ketgan ediki, etigini yechmaydi deb o‘ylash mumkin edi. Hammasining oldida oldindan tayyorlab qo‘yilgan chuvalchangli tuvakcha yo banka bo‘lardi. Osmonni bulut qoplab, yomg‘ir yog‘ishdan darak bera boshlasa, baliqchilar qirg‘oqqa yopirilib kelar, xuddi suvratlar saroyidagi avliyo va payg‘ambarlarning tasvirlari kabi daryo oqimi bo‘ylab saf tortar edilar. Dehqonlar aravalarida, ho‘kizlarida ular yonidan beparvo o‘tib ketaverardilar, qayiqchilar esa qayrilib qaramasdilar ham, faqat baliqchilar asta ming‘irlab qo‘yishardi, chunki qayiqlar ularga xalaqit berardi-da.
Bordi-yu, kimdir Mantsga o‘n ikki yil burun, qirg‘oq bo‘yidagi tepalikda, ajoyib ho‘kiz bilan omoch tortib, yer haydayotganda, bir kun kelib sen ham mana shu avliyolar safidan joy olasan-da, baliq ovlaysan deganda bormi, rosa jahli chiqqan bo‘lardi. Mana, u endi shular orasiga berkinib olgan, go‘yo mungli daryoda abadiyat jazosini o‘tash uchun qulayroq va xilvatroq joy qidirayotgan arvoh kabi oqimdan yuqori tomonga shoshilardi. Shu bilan birga qo‘lida qarmoq bilan soatlab kutishga na uning, na o‘g‘lining toqati chidaydi, ular qishloqdagi dehqonlar baliqni boshqacha usulda tutishlarini eslay boshlar edilar. Irmoqda o‘ynab yurgan baliqlarni ular shundoq qo‘lda tutib olaverardilar, shu bois ular nomigagina qarmoq ko‘tarib kelishardi-da, o‘zlari esa irmoqlar tomon yo‘l olishardi, u yerlarda noyob va xushxo‘r gulmohi baliqlari mo‘lligini yaxshi bilishardi.
Bu yoqda qishloqda qolgan Martining hayoti ham kundan-kunga yomonlashib borardi; zerikkanidan o‘zini qayerga qo‘yishni bilmasdi. O‘zining biyday dalasida ishlash o‘rniga u ham baliq oviga ruju qo‘ygandi va uzzu-kun suv shaloplatgani-shaloplatgan edi. Frenxen uyda qololmasdi, eng zarur ishini ham tashlab, ochiq kunda ham, yomg‘irli kunda ham nam maysazor bo‘ylab chelak va qarmoq ko‘targancha botqog‘u halqoblarda otasining ortidan ergashib yurishga majbur edi. Uyda undan boshqa hech kim bo‘lmasdi, unga qarolning ham keragi yo‘q edi, chunki Marti yerning katta qismidan mahrum bo‘lgandi, qolgan bir parchagina yerni qizining yordamida bir amallab haydab olar yoki butunlay haydovsiz tashlab qo‘yaverar edi.
Bir kuni kechqurun xiyla chuqur, tezoqar daryo yoqalab ketib borarkan, to‘satdan narigi qirg‘oqdan kelayotgan eski dushmani Mantsni ko‘rib qoldi. Osmonni qalin bulut qoplaganidan daryoda gulmohi baliqlar g‘ujg‘on o‘ynardi. Marti uni ko‘rishi hamon yuragida g‘azab va nafrat alanga oldi, so‘kish man etilgan sudlardagi kunlarni hisobga olmaganda ko‘p yillardan beri ular bir-birini bu qadar yaqindan sira ko‘rmagandi. Marti tutaqib, dedi:
— Ko‘ppak, nima qilib yuribsan bu yerda? Zeldvilaning gadoyi! Kulbangda pisib yotavermaysanmi?!
— Halizamon o‘zing ham kelib qolarsan, haromxo‘r! — javoban dedi Mants. — Mana, sen ham baliq ovlab qolibsan-ku, shoshmasa ham bo‘laveradi!
— O‘chir, qonxo‘r! — dedi qichqirib Marti, chunki daryo to‘lqinlari shovqini bu yerda xiyla kuchli edi. — Mening boshimga yetgan sen bo‘lding!
Ko‘tarilgan qattiq shamoldan, qirg‘oq bo‘yidagi tollar shovullashidan Mants yanada qattiqroq qichqirishga majbur bo‘ldi:
— O‘shanda joningni olib qo‘ya qolganimda xursand bo‘lardim, galvars!
— Ko‘ppak! — bo‘kirdi narigi qirg‘oqdan Marti.
— Miyasini yegan tentak, eshak! — javob qaytardi Mants bu yoqdan.
Daryodan o‘tolmay Marti sher kabi qirg‘oqda u yoqdan-bu yoqqa borib kelar edi. Mantsning o‘z qovoqxonasida qorni to‘yib yeb-ichayotgani va dorilamon yashayotganini, o‘zining esa hech bir gunohi bo‘lmasa ham xonavayron bo‘lgan ro‘zg‘orida it kunini ko‘rayotganini o‘ylab, battar tutaqib yonmoqda edi. Undan kam g‘azablanmayotgan Mants ham narigi qirg‘oqdan yurib kelardi. U bilan izma-iz kelayotgan o‘g‘li chollarning so‘kinishlariga quloq solmay, otasi ortidan Frenxenga hayrat va qiziqish bilan qarab turardi, qizgina uyatdan ko‘zini yerdan ololmas, tim qora jingalak sochlari yuziga tushib turardi. U bir qo‘lida baliqlar uchun yog‘och chelak, ikkinchi qo‘lida boshmog‘i bilan paypog‘ini ko‘tarib, ho‘l bo‘lmasin deb yubkasini lippasiga qistirib olgandi. Narigi qirg‘oqda Salini ko‘rgach, Frenxen xijolat ichida yubkasini tushirib qo‘ydi, u judayam noqulay ahvolda qolgandi: ham baliq ovi buyumlarini ko‘tarib olgan, ham yubkasini eplolmay ovora, ham chollarning mana bunaqa peshtaham so‘zlari. Bordi-yu, ko‘zlarini ko‘tarib Saliga qaraganida, yigitning xiyol takabburona va mag‘rur qiyofasidan asar ham qolmaganini, hozirgi gaplardan u ham o‘zini qayoqqa urishini bilmayotganini ko‘rgan bo‘lardi. Azbaroyi uyat va sharmandalikdan o‘zini yo‘qotgan Frenxen boshini quyi solib olgandi, Sali esa xijolat ichida mung‘ayib otasining izidan borayotgan qizdan ko‘zini olmayotgandi, kiyimining g‘aribligi va g‘amga qaramay u g‘oyatda xushqomat, go‘zal edi. Bu orada chollarning to‘satdan jimib qolishganini ular sezmay ham qolishdi. Biroq sal narida daryoga tashlangan ko‘prikka ko‘zlari tushishi hamon ikkala chol ham o‘sha yoqqa qarab yugurdi. Chaqmoq chaqib, daryoning kimsasiz mungli qirg‘oqlari yorishib ketdi, qora-kulrang bulutlar orasida momaqaldiroqning bo‘g‘iq gumburi eshitilib, yerga yirik-yirik tomchilar kelib tusha boshlagach, quturgan dehqonlar baravariga ensiz, og‘ir qadamlardan lopillab turgan ko‘prik ustida paydo bo‘lishdi va bir-biriga yopishib, g‘azabdan titrab-qaqshagancha, bir-birining yuz-ko‘zlari aralash musht tushira ketishdi. Kap-katta odamlarning to‘satdan bir-biriga duch kelib, g‘arazdanmi, g‘azabdanmi, o‘zaro mushtlashuvini ko‘rish og‘ir va alamli, albatta. Biroq u boshqa-yu, bir vaqtlar qilo‘tmas do‘st bo‘lgan ikki keksa odam namoyish etayotgan mana bu mudhish manzara boshqa. Yuragida chuqur adovat va intiqom bilan ular hech ayamasdan bir-birini do‘pposlar edi. So‘nggi marta ular olis bolalik paytlarida bir gal mana shunday mushtlashib qolishgandi, o‘shanga nari-berisi bilan ellik yilcha bo‘lgandir, shundan keyin ular bir-biriga qo‘lining uchini ham tekkizmagandi, aksincha, fe’llari og‘irligi va bosiq-vazminligi tufayli kam-kam bo‘lsa-da, doim bir-biri bilan qo‘l berib ko‘rishar, hol-ahvol so‘rashar edi. Ular bir-biriga musht tushirishdan to‘xtashdi va jimgina, g‘azabdan titrab, olisha ketishdi, goh-goh tishlarini g‘ijirlatgancha, xirillab qo‘yar, biri ikkinchisini liqillab turgan shaloq panjaradan suvga itqitishga harakat qilardi. Bir vaqt bolalar ham yugurib kelishdi va mudhish manzaraning guvohi bo‘lishdi. Otasini ushlab qolish va manfur dushmanini bir yoqlik qilishga yordam berish uchun Sali bir sakrab, olishayotganlar oldiga keldi, nazarida otasi ancha zaif bo‘lib, mag‘lub bo‘lish arafasida turgandek edi. Biroq Frenxen ham qo‘lidagi narsalarni tashladi-da, qichqirganicha, ular tomon otildi, himoya qilish niyatida otasini mahkam quchoqlab oldi, bu bilan u otasini harakat qilgani qo‘ymay, unga xalal berayotgan edi, xolos. Uning ko‘zlaridan yosh tirqirardi, qiz otasi tomon tashlanib, uni yerparchin qilishga chog‘lanayotgan Saliga yolvorgannamo qaradi. Sali ham beixtiyor qo‘lini o‘zining otasi yelkasiga qo‘ydi va uni tinchlan¬tirishga, baquvvat qo‘llari bilan raqibidan chetlatishga harakat qila boshladi. Olishuv bir lahza tindi yoki, to‘g‘rirog‘i, barchalari tarqab ketmasdan, hamon notinch holda u yoqdan-bu yoqqa taysallar edi. Shu sabab bo‘ldi-yu, ikki yosh nihol chollarning orasiga suqilib kirishga harakat qilgancha, yonma-yon turib qoldi. Shu top bulutlar orasidan quyosh charaqlab, qizning yuzini yoritdi va Salining ko‘z o‘ngida yaxshi tanish, shu bilan birga yangi, durkun chehra namoyon bo‘ldi. Xuddi shu lahzada Frenxenning ham ko‘zi yigitning hayrat to‘la nigohiga tushdi, qo‘rquv va ko‘zyoshiga qaramay unga jilmayib qo‘ydi. Otasi o‘zidan chetlatishga harakat qilayotgan Sali hushini to‘pladi va cholni mahkam ushlab, “bo‘ldi qiling-bo‘ldi qiling” deya yalinib-yolvorganicha, nihoyat, g‘animidan ajratib oldi. Chollar bir zum nafaslarini rostlab olishdi-da, yana qichqirib, bo‘ralab so‘kina ketishdi. Bolalar esa, aksincha, nafaslarini ichiga yutib, miq etmay turishardi, biroq tarqalishayotganda otalariga bildirmay bir-birining suv va balchiqdan ho‘l bo‘lgan muzday qo‘llarini siqib qo‘yishdi.
Chollar, nihoyat, g‘azabdan bo‘g‘ilgancha, uylariga yo‘l olishar ekan, yana osmonni qop-qora bulut qopladi, qorong‘ilik yana ham quyuqlashdi va yomg‘ir chelaklab quya ketdi. Yomg‘irdan g‘ujanak bo‘lib, qo‘llarini cho‘ntakka tiqib olgan Mants qop-qora loy yo‘ldan oldinda borardi. Uning yuzlari pir-pir qilar, tishlari taqirlardi va sir boy bermaslik uchun ataylab artmayotgan ko‘zyoshlari yuz va soqoli uzra oqib tushmoqda edi. Biroq go‘zal xayolotga berilgan o‘g‘li hech narsani ko‘rmayotgandi, u na yomg‘ir, na shamol, na zulmat, na qayg‘u — hech narsani payqamay ketib borardi, yuragidagi va tashqaridagi hamma narsa unga yengil, yorug‘ va iliq tuyulmoqda, o‘zini bamisoli shahzodalarday baxtli va badavlat his qilmoqda edi. Unga tomon yuzlangan gulday chehrada to‘satdan yarq etgan tabassum sira ko‘z oldidan ketmayotgandi, faqat endigina, oradan rosa yarim soat o‘tgach, qop-qora tun va yomg‘ir orasidan ko‘rinib turgan qizning ma’sum chehrasiga tikilgancha unga muhabbatli tabassum ila javob qaytardi, Frenxen ham, shubhasiz, uning tabassumini, albatta, ko‘radi va ma’nosini tushunadi.
Ertasiga Salining otasi o‘zini butkul yomon his qilib, uydan chiqmadi. Mana bu mojarolar va uzoq yillik muhtojlik bugun birdaniga yangicha qiyofada, yanada yaqqolroq qayta gavdalanib, diqqinafas qovoqxonani zulmatga to‘ldirgandi. Er va xotin, ikkalasi ham dahshat va iztirob ichida qarshilarida paydo bo‘lgan o‘tmish arvohlaridan gangigan holda uy ichida ivirsir va yana bironta ham xo‘randa bo‘lmagan xonaga qaytib kelar edi. Pirovardida unisi ham, bunisi ham o‘zining burchagiga yo‘l olardi-da, uzzu-kun zerikarli adi-badi aytishlar va bir-biriga mag‘zava ag‘darishlar tinmasdi; goho ular uxlab qolishardi va nopok vijdonlari tubidan ko‘tarilgan kunduzgi vahimali tushlaridan cho‘chib uyg‘onib ketishardi. Birgina Sali hech narsani ko‘rmas va eshitmasdi — u Frenxen haqida o‘ylardi. U hamon o‘zini shunday his qilardiki, go‘yo u nafaqat haddan tashqari boy edi, balki qandaydir juda ham muhim va cheksiz go‘zal narsani anglab yetganday edi. U kecha ko‘rgan narsaning rostligiga hamon ishonmayotgandi. Ro‘yodek tuyulgan bu haqiqat unga osmondan tushgandek bo‘ldi va u o‘zini hayratomuz baxt qo‘ynida his qilmoqda edi va shu bilan birga hozir uning vujudini qamrab olgan g‘ayrioddiy shirin tuyg‘u unga uzoq vaqtdan buyon tanishdek tuyulayotgandi. Zero, hech narsani insonga cho‘qintirilayotgan vaqtda olamdagi barcha ismlardan ko‘ra jarangliroq ismni olgan xilqatning aniq va yorqin qiyofasida tashrif buyuruvchi baxt va boylik bilan taqqoslab bo‘lmaydi.
Shu kuni Sali o‘zini baxtli ham, baxtsiz ham his qilmayotgandi, o‘ziga o‘zi qashshoq yo nochor ham bo‘lib ko‘rinmayotgandi, aksincha, u uzluksiz, dam sayin Frenxenning chehrasi va qaddi-qomatini tasavvur etishga urinish bilan band edi, biroq qancha o‘ylagani sayin qizning qiyofasi xotirasida deyarli butunlay erib, chaplashib ketayotgandi. Pirovardida, Saliga shunday tuyula boshladi, aslida Frenxenning ko‘rinishi qanaqaligini u bilmas ekan. Garchi xotirasida qizning qiyofasi hech bo‘lmaganda umumiy tarzda saqlanib qolgan bo‘lsa-da, agar uni tasvirlab ber deganlarida ham u buning uddasidan chiqolmas ekan. Shu siymo Salining sira ko‘z oldidan ketmas, butun vujudi bilan uning latofatini his etib turardi, biroq bu gal ko‘z o‘ngida jilva qilgan va shuurini tug‘yonga solgan, ammo hamon notanishligicha qolib kelayotgan xilqatdan boshqa narsa emasdi. U kecha ko‘rgani emas, balki ilgarigi jajji qizaloq chehrasining eng mayda belgilarigacha bitta qo‘ymay surur bilan esga olmoqda edi. Bordi-yu, Frenxenni yana ko‘rish nasib qilmaganida ham u qanday qilib bo‘lmasin, hofiza kuchi bilan uning chehrasini qanday bo‘lsa, shundayligicha xotirasida qayta jonlantirgan bo‘lardi. Biroq endi xotirasi unga firib bermoqda edi, ko‘zlari esa o‘z huquqini ro‘kach qilib, qizni ko‘rishga mushtoqu intizor bo‘la boshladi, tushki quyosh charaqlab, borliqni iliq nurga to‘ldirgan pallasida Sali hech kimga bildirmay shahar darvozasidan chiqdi-da, endilikda unga jannat eshigiday tabarruk go‘shaga aylangan qadrdon qishloq tomonga yo‘l oldi; u qishloqqa yaqinlashganda yuragi dukillab ketdi.
Yo‘lda u Frenxenning otasini uchratdi, aftidan, u shaharga ketmoqda edi, cholning avzoyi nihoyatda buzuq edi, oq oralagan soqoliga necha haftadan beri ustara tegmagandi, shu turishda u o‘z yeridan ajrab, alamiga birov uchun go‘r qazishga qasd qilgan darg‘azab dehqonning o‘zi bo‘lgan-qo‘ygandi. Ular bir-biriga duch kelganda Sali cholga nafrat bilan emas, balki qandaydir xijolat va hadik bilan qarab qo‘ydi, go‘yo uning hayoti Martining qo‘lida-yu, chol bilan olishish o‘rniga hayotimni qaytib ber deb yolvorayotgandek. Marti esa g‘azabli nigohi bilan unga boshidan-oyoq ko‘z yugurtirib chiqdi-da, yo‘liga qarab ketaverdi. Bu, har qalay, Saliga qo‘l keldi, shundagina u cholning qishloqdan chiqib ketayotganini ko‘rgach, bu yerga nima uchun kelganini angladi. Sali oxiri Marti qo‘rg‘oni qarshisida paydo bo‘lgunga qadar o‘sha azaldan tanish eski so‘qmoqlar va qishloqning kimsasiz jinko‘chalari bo‘ylab sanqib yurdi. Bu yerlarni yaqindan ko‘rmaganiga ham ko‘p yillar bo‘lgandi, hatto ular bu yerda yashab turganlarida ham adovatli qo‘shnilar bir-birining ko‘ziga tushmaslikka harakat qilar edilar. Qadrdon uyidagi parokandalikdan ruhi qattiq singan Sali ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan xaroba manzaraga hayrat bilan qarab qoldi. Martining yeri bo‘lak-bo‘laklarga ajratilib, qarzga berib yuborilgandi. Uning bisotida uycha, uning oldidagi kaftdek yer, jajji bog‘ va daryo bo‘yidagi tepalik shudgordan boshqa hech vaqo qolmagandi, ana shu shudgorni qo‘ldan chiqarmaslik uchun u jon-jahdi bilan tarmashib olgandi.
Erning to‘g‘ri ishlanishi to‘g‘risida o‘ylamasa ham bo‘lardi, bir vaqtlar boshoqlar boshoqlarga urilib, ko‘zni yashnatuvchi paykallarga endi duch kelgan ekinlar ekib tashlangandi, yirtiq qoplarda chirib yotgan karam, kartoshka va turplarning urug‘idan o‘sib chiqqan novdalar g‘ovlab, chalkashib yotar, shu bois dala tashlandiq poliz ko‘rinishiga ega bo‘lgandi. Dalada erinmagan banda borki, ekinlarni payhon qilib aylanib yurar, buning natijasi o‘laroq, bir vaqtlar sabil qolgan yer hisoblangan dala borib turgan baloyi azimga aylangandi.
Uy oldida dehqon xo‘jaligining izi ham sezilmasdi. Og‘il bo‘m-bo‘sh edi, eshikning bir tabaqasi qolgan bo‘lib, u ham bitta oshiq-moshiqda osilib turardi, og‘ilga kiraverishda esa yoz bo‘yi o‘rgimchaklar to‘qigan to‘rlar quyoshda yiltirardi. Ilgari bo‘liq dalalardan olingan hosil saqlab qo‘yiladigan ombor eshigi lang ochiq bo‘lib, u yerga endi baliq ovi jihozlari pala-partish osib tashlangan, bu esa uy egasining baliq ovi kasbiga nechog‘lik no‘noqligini namoyish etib turardi. Hovlida na tovuq, na it, na kaptar, na mushukdan asar bor, faqat quduqqina bu yerda hayot hali butunlay tugamaganidan darak berib turardi, biroq suv undan quvur orqali sharillab emas, undagi tirqishdan sizib oqardi. Tushgan suv yerda halqob bo‘lib to‘planib qolmoqda edi. Binobarin, quduq beparvolikning eng yorqin timsoliga aylangandi. Agar qizning otasi ozgina mehnat sarf qilib, quvur tirqishini bekitib qo‘yganida, suv yana ajabtovur oqaverishi mumkin edi. Sho‘rlik Frenxen buzuq quduqdan ichgani ozgina toza suv olish uchun ozmuncha ovora bo‘lmasa kerak. Kir yuvish uchun esa yerdagi mayda halqobchalardan foydalanishi turgan gap, chunki tog‘ora ham teshilib, butunlay yaroqsiz holga kelgandi.
Uyning o‘zi ham hayratlanarli darajada xarob ahvolda edi: deraza ko‘zlarining ko‘p joyi sinib tushgan va qog‘oz yopishtirib tashlangandi. Lekin oynalari toza qilib artilgan, ular bamisoli Frenxenning ko‘zlariday jozibador charaqlab, boyoqish qizning barcha taqinchoqlari o‘rnini bosganday edi. Jingalak sochlar va sariq-qizil chit ro‘mol Frenxenning ko‘zlariga yarashib turgani kabi deraza atrofidan chirmalib o‘sgan chirmovuqgul va loviya poyalari ham o‘zgacha tarovat, o‘ziga xos husn bag‘ishlab turardi. Loviya poyasi duch kelgan narsaga chirmashib ketavergan: xaskash yoki yerga teskari suqib qo‘yilgan supurgi dastasi ham, zang yegan alebarda yoki eksponton ham chirmovuq orasida qolib ketgan. O‘sha paytlarda shunday nomlar bilan atalgan bu qurolni Frenxenning bo‘lajak vaxmistr bobosi taqar edi. Xuddi shu yerda loviya poyalari qachonlardan beri uyga suyanib turgan chirik narvonga ham o‘rlab chiqib, xuddi Frenxenning ko‘zlariga tushgan sochlariday tepadan charaqlagan oyna uzra osilib yotardi. Tartibdan ko‘ra o‘zining ajoyibligi bilan ajralib turgan bu hovli boshqalaridan xiyla narida joylashgandi. Ayni paytda bu yerda jon asari sezilmasdi, shu bois Sali hech bir hadiksiz o‘ttiz odimcha naridagi eski saroyga borib suyandi va sukunat hukm surib turgan bo‘m-bo‘sh hovlini tomosha qila boshladi. To Frenxen uydan chiqib, fikrini bir joyga jamlamoqchi bo‘lganday cheksiz bo‘shliq tomon tikilib qolmaguncha Sali o‘sha alpozda uzoq turib qoldi. Sali joyidan qilt etmas va qizdan ko‘zini uzmasdi. Tasodifan shu tomonga qarab, nihoyat, qiz uni ko‘rib qoldi. Birmuncha vaqtgacha ular xuddi tush ko‘rayotgandek bir-biriga qarab turishdi. Oxiri Sali qaddini rostladi va bitta-bitta odimlab, yo‘ldan o‘tdi-da, hovliga, Frenxenning oldiga qarab ketdi. U qizga yaqin kelgach, qiz unga ikkala qo‘lini uzatib:
— Sali! — dedi.
Yigit uning qo‘llaridan tutdi va unga tikilib qaray boshladi. Qizning ko‘zlarida yosh tomchilari qalqdi, yigitning qarashlari bardosh berolmay qip-qizarib ketdi.
— Nega kelding bu yerga? — so‘radi Frenxen.
— Seni ko‘rgani, xolos, — javob berdi Sali. – Biz yana do‘st bo‘lib qolamiz, shunday emasmi?
— Ota-onalarimiz-chi? — so‘radi qiz yosh dumalab tushayotgan yuzini bir chetga burgancha, chunki qo‘llari band bo‘lgani uchun u yuzini berkitolmayotgan edi.
— Ularning bunaqa bo‘lib qolganiga biz aybdormi? — dedi Sali. — Agar biz ahil bo‘lsak va bir-birimizni sevsak, biz ulardagi yomon odatlarni yo‘qotishga yordam bergan bo‘lardik.
— Ularning yaxshi bo‘lib ketishlariga ko‘zim yetmaydi, — chuqur xo‘rsinib dedi Frenxen, — xudo haqqi, yo‘lingdan qolma, Sali!
— Bir o‘zingmisan? — so‘radi yigit. — Uylaringga kirsam maylimi?
— Otam sening otangni tuzlagani shaharga ketdi, u shunday dedi, lekin uyga kirishing mumkin emas, chunki keyin chiqib ketayotganingni kimdir sezib qoladi. Hozir hammayoq jimligida, yo‘lda hech kim yo‘qligida, iltimos, keta qol!
— Yo‘q, ketmayman, kechadan beri faqat seni o‘ylaganim-o‘ylagan va haydaganing bilan ketmayman, bizlar loaqal bir soat bo‘lsa ham, yarim soat bo‘lsa ham gaplashib olishimiz kerak, ana shunda bizga yaxshi bo‘ladi.
Frenxen bir zum o‘ylandi-da, dedi:
— Kechqurun dalamizga chiqaman, bilasan-ku, bisotimizda faqat o‘sha parcha yer qolgan, biroz sabzavot olib kelishim kerak. U yerda hech kim bo‘lmaydi, hamma boshqa joyda yashaydi. Agar xohlasang, o‘sha yerga kel, hozir esa, ket, ehtiyot bo‘l, bitta-yarimta ko‘rib qolmasin. Hech kimning bu yerda biz bilan ishi bo‘lmasa ham, baribir, gap-so‘z ko‘payadi va otam hammasidan xabar topadi.
Ular bir-birlaridan ajralishdi, biroq o‘sha zahoti yana qo‘llaridan ushlashib, baravariga so‘rashdi:
— Ahvollaring qalay?
Biroq javob berish o‘rniga ular yana o‘z savollarini takrorlashdi, javobni esa ularning ko‘zlaridan uqish mumkin edi. Barcha sevishganlar kabi ular gapirish qobiliyatlarini yo‘qotishgandi va ortiq hech narsa demay, biroz baxtli, biroz g‘amgin holda, nihoyat, bir-birlaridan uzoqlashdilar.
— Men tezda yetib boraman, to‘g‘ri o‘sha yerga boraver! — qichqirib qoldi orqadan Frenxen.
Sali o‘sha zahotiyoq ikki shudgor yastanib yotgan mo‘jiziy sokin tepalikka ko‘tarildi va ko‘p yillar so‘ngida birinchi marta ajoyib tinch iyul quyoshi, pishgan javdar to‘lqinlari uzra suzayotgan oppoq bulutlar, pastdan yaltirab ko‘rinib turgan moviy daryo endi qalbini mungga emas, baxt va osudalik tuyg‘usiga to‘ldirdi, Martining tashlandiq dalasiga taqalib borgan javdar poyalarining shaffof soyasida qaddini azot tutib, shukronalik bilan osmonga boqdi.
Garchi qizning kelishigacha endi chorak soatcha o‘tgan bo‘lsa-da, u bu vaqt ichida faqat baxti haqida va bu baxt qanday nom bilan atalishi haqida o‘y surdi. Kulib turgan Frenxen uning qarshisida to‘satdan paydo bo‘ldi va yigit yengil seskanib tushdi.
— Freli! — xitob qildi Sali. Qiz unga ikkala qo‘lini uzatdi va ular bir-birining qo‘lidan ushlagancha deyarli so‘zlashmay yurib ketishdi. Ular shovullagan javdarpoya yoqalab huv pastga, daryogacha borishdi va orqaga qaytishdi, shu tariqa uch karra borib kelishdi. Ikkalasi ham sukutda, xotirjam, baxtiyor edi. Shu turishda bu yosh juft tepalikning quyoshli gumbazida charaqlagan ikki yulduzga o‘xshardi, bir vaqtlar omoch ortidan bir zaylda odim tashlagan otalari kabi goh tepalik ustida paydo bo‘lib, goh tepalik ortiga o‘tib, ko‘zdan yashirinar edi.
Biroq ular nigohlari qadalgan ko‘m-ko‘k bo‘tako‘zdan nogahon ko‘zlarini uzgan ham edilarki, qarshilarida xo‘mraygan basharani ko‘rdilar, yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, ro‘paralarida zanjiga o‘xshagan bir yigit turardi. Aftidan, u javdarpoyaga avvalroq kelib yotib olgandi. Frenxen qaltirab ketdi, Sali esa qo‘rqib, dedi:
— Qora g‘ijjakchi!
Darhaqiqat, oldinda ketayotgan yigitning qo‘ltig‘ida g‘ijjak va kamoncha bor edi. Nafaqat boshidagi yung qalpog‘i va qurum dog‘lariga botgan kurtkasi, balki sochlari, olinmagan soqoli ham mumday qop-qora edi: hatto yuz va qo‘llari ham qurumday qorayib ketgandi, chunki u turli hunarlar bilan shug‘ullanardi — ko‘proq tunuka idishlarga qalayi surkab oqartirar va o‘rmonlarda ko‘mirchi va shira yig‘uvchilarga ko‘maklashardi, g‘ijjakni esa dehqonlarning bazmi jamshidlarida yoki bironta bayramni nishonlashganidagina chalardi. Uning daladan ketishiga va orqasiga qaramay ko‘zdan yo‘qolishiga umid qilgancha Sali bilan Frenxen indamay g‘ijjakchining izidan keta boshlashdi, shunday bo‘lishi muqarrardek edi, chunki u yigit bilan qizni ko‘rmaganga olmoqda edi o‘zini. Xuddi sehrlangan kabi ikkovlon tor so‘qmoqdan chiqishga jur’at etolmay, zimdan dahshatga solib turgan g‘ijjakchi ortidan ketaverishdi. Shu alpozda ular hanuz shudgorning mojaroli qozig‘ini bag‘rida yashirib yotgan la’nati tosh uyumigacha, dalaning eng oxirigacha borishdi. Mo‘jazgina do‘ngcha ustida bir tup yovvoyi lolaqizg‘aldoq o‘sib yotardi, gullari bamisoli olovdek yonardi. Birdan qora g‘ijjakchi bir sakrab, qip-qizil gulga burkangan tosh uyumi ustiga chiqdi-da, orqasiga o‘girilib, atrofga razm sola boshladi. Sali bilan Frenxen to‘xtadi va xijolat ichida qora g‘ijjakchiga qaradi: uning ro‘parasidan o‘tib keta olishmasdi, chunki yo‘l qishloqqa qarab ketardi, uning ko‘zi oldida orqaga qaytish ham noqulay edi. G‘ijjakchi ularga teshib yuborgudek qararkan, dedi:
— Men senlarni bilaman: senlar mana shu yerni mendan tortib olgan odamlarning bolalari bo‘lasanlar! Qoyil, shu darajaga yetibsizlar-a! Xudo ajalimga sabr bersa, senlarning u dunyoga jo‘nashlaringni ham ko‘raman hali. Basharamga bir qaranglar-chi, zumrashalar! Burnim sizlarga yoqadimi, a? — Uning burni rostakamiga qo‘rqinchli edi: kattakon ilmoqqa o‘xshab, ozg‘in qora yuzidan oldinga irg‘ib chiqqandi. Burnining tagida g‘alati qimtingan og‘zi tinimsiz vishillar, chiyillar va hushtak chalardi. Aylana bo‘lib aylana emas, burchakli bo‘lib burchakli emas — boshidagi yung qalpoq kishida noxush taassurot uyg‘otardi, garchi u egasining boshida qimirlamay tursa-da, xuddi hammavaqt shaklini o‘zgartirayotgandek bo‘laverardi. Bu yigitning ko‘zidan ham faqat oqi ko‘rinib turardi, chunki qorachig‘i tutqich bermay qochayotgan quyondek tinimsiz u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi.
— Menga qaranglar, — davom etdi u, — otalaringiz meni yaxshi bilishadi, qishloqda mening kimligimni bilmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Ko‘p yillar avval bu dala merosxo‘ri uchun qanchadir ham pul saqlanib kelayotgani e’lon qilingandi. Men yigirma marta o‘z huquqimni anglatdim, biroq mening tug‘ilganlik haqidagi va yashash joyim haqidagi guvohnomam yo‘q edi, lekin tug‘ilganimni ko‘rgan daydi-sanqi do‘stlarimning guvohliklari esa hisobga olinmadi. Mana, endi qonuniy muddat allaqachon o‘tib ketdi, men jigarimdan oqib chiqqan pullarimdan ayrildim, holbuki, o‘sha pul bilan biron boshqa hovli-joy sotib olarmidim. Meni vijdonan o‘zlarining qonuniy merosxo‘ri qilib olishlarini so‘rab otalaringizga rosa yalinib-yolvordim, lekin ular meni orqamga tepib, yerimdan haydab chiqarishdi, endi bo‘lsa, o‘zlari ham bir yo‘la gumdon bo‘lishdi! Mana! Hayot shunaqa! Menga nima? Bordi-yu, raqs tushishni xohlasanglar, g‘ijjak chalib berishim mumkin.
Shu so‘zlarni aytib, u tosh uyumi ustidan narigi tomonga sakrab tushdi-da, qishloq tomon ravona bo‘ldi. U g‘oyib bo‘lgach, o‘zlarini yo‘qotgan va qayg‘uga botgan ikki yosh tosh ustiga o‘ltirdi, ular qo‘llarini ajratib, xomush boshlarini solintirishdi. G‘ijjakchining paydo bo‘lishi yoshlarning go‘zal baxt va tuyg‘usini chilparchin qilib tashladi, hamma balolarning sababchisi bo‘lgan tosh uyumi ustida o‘ltirisharkan, o‘zlarini hayot chirog‘i o‘chgandek his eta boshladilar, yuraklari toshdek zil tortib ketmoqda edi.
G‘ijjakchining beso‘naqay gavdasi va katta burnini eslab, birdan Frenxen sharaqlab kulib yubordi:
— Bu sho‘rlikning aft-angori shunaqayam kulgiliki! Burnini aytmaysanmi, burnini!
Qizning chehrasi quyoshday yorishib ketdi, u g‘ijjakchining burni haqidagi o‘ydilidagi g‘uborni tarqatib yuborishini kutib turgandek edi go‘yo. Sali qizning quvnoq yuziga qaradi. Biroq qiz bu quvnoqlik sababini allaqachon unutgan bo‘lib, hech bir bahonasiz Saliga qarab kulishda davom etardi. Yigit esa mung va hayrat ichida kulimsirab, uning ko‘zlariga tikilib qararkan, xushta’m bug‘doy nonini ko‘rib qolgan och odamday nido soldi:
— Xudo haqqi, Freli, shunaqayam chiroylisanki!
Frenxen yana qah-qah urib kuldi, uning jarangdor kulgisi bechora Saliga bulbul sayrog‘iday tuyulib ketdi.
— Obbo jodugar-ey! Qayerdan o‘rgana qolding buni? Bu qanaqa sehr-jodu bo‘ldi o‘zi?
— Eh, xudoyim-ey, — erkalab dedi Frenxen va Salining qo‘lidan tutdi. — Bu hecham sehr-jodu emas. Qanchadan beri yurakdan kulishga intiq edim! Ilgari bir o‘zim qolganimda beixtiyor nimadandir kular edim, lekin bunisi butunlay boshqa; hozir esa senga qarab turib har doim, abadiy kulishga tayyorman. Senga esa umrbod shunday qarab turishga ham tayyorman. Oz bo‘lsa ham meni sevasanmi?
— Eh, Freli! — dedi yigit uning qo‘llariga mehr va ixlos bilan boqqancha. — Men hech qachon ilgari bironta ham qizga tikilib qaragan emasman. Men har doim qachon bo‘lmasin seni sevib qoladiganday bo‘laverardim. Yuragimga qanday kirib qolganingni o‘zim ham bilmayman.
— Mendan ko‘ra, — dedi Frenxen, — sen mening yuragimga chuqurroq kirib qolgansan. Axir, sen hech menga qaramasding-ku, mening qanday bo‘lganimni ham bilmas eding. Men bo‘lsam seni uzoqdan ko‘rardim, hatto gohida bildirmay yaqindan turib ham senga yaxshilab qarab olardim va sening qanaqaligingni har doim bilib turardim. Bolaligimizda bu yerlarga tez-tez kelib turganimiz esingdami? Aravacha esingdami? U paytlarda judayam kichkina edik va bunga juda ko‘p vaqtlar bo‘ldi! Biz endi butunlay qartayib qolganmiz desa ham bo‘laveradi!
— Hozir necha yoshdasan? — so‘radi mamnun va xushnud Sali, —yanglishmasam, o‘n yettidasan-a?
— O‘n yetti yarim, — javob berdi Frenxen. — Sen-chi? Aytgancha, men bilaman — yaqinda yigirmaga to‘lasan.
— Qayerdan bilasan? — so‘radi Sali.
— Aytdim-qo‘ydim-da. Balki unaqa emasdir!
— Aytmaysanmi?
— Yo‘q.
— Hech qanaqasigami?
— Yo‘q, yo‘q!
— Aytasan!
— Nima, majbur qilasanmi meni?
— Ko‘ramiz.
Qo‘llariga erk berish uchun Sali yana shunday jo‘n suhbat olib bordi va jazo tariqasida xushro‘y qizga tegajoqlik qila boshladi. Qiz ham o‘zini himoya qilgancha, sabr bilan suhbat oxirigacha chidab turdi. Savol-javoblar mutlaqo mazmunsiz bo‘lganiga qaramay, ikkala yoshga ham oqilona va shirin tuyulmoqda edi. Nihoyat, Sali qizishib ketdi-da, Frenxenning qo‘llaridan ushlab, uni lolaqizg‘aldoq ustiga ag‘dardi. Qiz quyoshdan qoshlarini chimirgancha, gullar ustida yotardi, uning yuzi yal-yal yonar, yarim ochiq og‘zidan sadafday tishlari yarqirab ko‘rinib turardi. Uning tim qora kamondek qoshlari kerildi, durkun siynasi bir ko‘tarilib-bir tusha boshladi, ikki juft qo‘l esa siynasi uzra bir-birini erkalab, silkinar edi. Shundoq oldida u o‘ziniki deb bilishi mumkin bo‘lgan bu sarvqomat, go‘zal zotni ko‘rib, sevinchdan nima qilishini bilmayotgandi: Sali butun bir saltanat sohibidek his etmoqda edi o‘zini.
— Oppoq tishlaringning hammasi hali ham turibdimi? — so‘radi u kulib. — Esingdami, biz ko‘pincha tishlarimizni sanardik? Endi sanashni o‘rganib olgandirsan?
— Bu butunlay boshqa tishlar-ku, nodon, — javob berdi Frenxen, — ular allaqachon tushib ketgan.
Soddadil Sali yana oldingi o‘yinni boshlashni va yarqiroq durday tishlarini sanashni istardi, biroq Frenxen birdan og‘zini yopib oldi-da, turib, lolaqizg‘aldoqdan chiroyli gulchambar yasay boshladi, keyin esa boshiga kiyib oldi. Gulchambar bashang chiqqan edi, u bug‘doyrang dehqon qizini ertakdagi malikalardek qilib yuborgandi. Agar loaqal uylari devoridagi suratdan zavqlanish imkoniyatiga ega bo‘lgudek bo‘lsa, evaziga boyonlar katta pul to‘laydigan narsani kambag‘al Sali quchog‘ida olib o‘tirardi shu topda. To‘satdan Frenxen sakrab turdi-da, qichqirib yubordi:
— Yo xudoyim, bu yer shunaqangi jaziramaki! Biz bo‘lsak bu yerda jinnilarga o‘xshab oftobning tagida o‘tiribmiz! Yur, jonginam, javdarpoyaga kiramiz!
Ular tezgina va shovqinsiz o‘zlaridan deyarli hech qanday nishona qoldirmay javdar ichiga sho‘ng‘ishdi, bamisoli tor uychadagidek boshlari uzra ko‘tarilib turgan boshoqlar orasiga borib joylashishdi, tepada shishday tiniq moviy osmondan o‘zga hech narsa ko‘rinmasdi. Ular quchoqlashishdi-da, fursatni qo‘ldan bermay o‘pishaverdilar, o‘pishaverdilar, to charchab, holdan toyguncha o‘pishdilar. Buni holdan toyish deb ham bo‘lmasdi, aslida ayni gulga kirgan hayot zavqidan dunyoning o‘tkinchiligini ilk bor his etib, yengil hayajonga berilish desa to‘g‘riroq bo‘lar edi. Ular baland osmonda to‘rg‘ayning sirli qo‘shig‘ini tinglagancha tiyrak ko‘zlari bilan uni qidira boshlashdi. Nihoyat, to‘rg‘ayni topgandek ham bo‘lishdi, qushchaning quyoshda yilt etgan sharpasini ilg‘agan hamon buning mukofoti sifatida yana o‘pisha ketishdi va kuchlari boricha bo‘salarni sanab, bir-birini chalg‘itishga harakat qila boshlashdi.
— Qara, hov anavi yerda to‘rg‘ay ko‘rindi, — shivirladi Sali, Frenxen bo‘lsa o‘shanday past ovozda javob qaytardi:
— Eshitganday bo‘layapman-u, ammo o‘zini ko‘rmayapman.
— Sen yaxshilab qara, ko‘rdingmi, hov ana, oq bulutning ustida, sal o‘ngroqda.
Keyin ikkovi ham zo‘r berib o‘sha yoqqa tikilishdi, shu turishda ular uyasida og‘zini ochib turgan bir juft polaponga o‘xshardi, to‘rg‘ayni ko‘rishlari hamon yana bir-birining pinjiga suqilishga tayyor turishardi.
Birdan Frenxen to‘xtab, dedi:
— Demak, masala hal, shundaymi? Sening ma’shuqang bor, mening esa sevgan yigitim bor, to‘g‘rimi?
— Ha, — dedi Sali, — menga ham shunday tuyulayapti.
— Ma’shuqang senga yoqadimi? — so‘radi Frenxen. — U qanaqa o‘zi? U haqda menga nima deyolasan?
— U haddan tashqari ketvorgan qiz, — dedi Sali, — uning bir juft shahlo ko‘zi, cho‘g‘day qizil lablari bor, ikkala oyog‘ida yuradi. Lekin Rim papasidan ko‘ra men u haqda kamroq narsa bilaman. Xo‘sh, sevgan yigiting to‘g‘risida sen menga nima deya olasan?
— Uning bir juft moviy ko‘zi, hech narsaga yaramaydigan og‘zi va ikkita kuchli beso‘naqay qo‘li bor, biroq turk sultonining ko‘ngliga o‘xshab, uning ham ko‘nglida nima gap borligini bilib bo‘lmadi.
— Ha, xuddi shunaqa, — dedi Sali, — biz hech qachon ko‘rishmagandek bir-birimizni juda oz bilamiz: to voyaga yetguncha bizlar uzoq yillar davomida shunaqa begona bo‘lib qolganmiz. Sening bu boshingga yana qanaqa o‘ylar kelmaydi, qoqvosh qizaloq?
— E, hech qanaqa! Unda ming xil bema’ni o‘ylar aylanishgani-aylanishgan, lekin shunaqangi qiynalib yashadimki, u o‘ylardan hech narsa chiqqani yo‘q.
— Eh, bechora qizaloq! Baribir ham, menimcha, sen haddan tashqari farosatlisan, shunday emasmi?
— Agar rostdan ham meni sevsang, buni mendan so‘ramasdan o‘zing bilib olaverasan.
— Qachon sen mening xotinim bo‘lasan?
Bu so‘zlardan Frenxen yengil titrab ketdi. Saliga mahkamroq yopishib oldi va yana ohista o‘pa boshladi; uning ko‘zlariga yosh qalqdi va o‘zlarining umidsiz kelajaklari hamda ota-onalari o‘rtasidagi adovatni eslab, ikkalasi ham mung‘ayib qoldi.
Frenxen seskanib ketdi va dedi:
— Ketdik, endi men uyga boray.
Ular o‘rinlaridan turishdi va bir-birining qo‘lidan tutgancha, javdarpoya ichidan chiqishdi. Shu top qarshilarida ularni qidirib yurgan Frenxenning otasi ko‘rindi. Sali bilan uchrashgandan keyin bu bekorchi xo‘janing astoydil ketiga tushgandi, uning yolg‘iz yo‘l olishi nega kerak bo‘lib qoldi ekan, deb o‘yladi-yu, to uning aniq izini topmaguncha tinchimadi. Kuni-kecha bo‘lib o‘tgan voqeadan u haligacha hovuridan tushmagandi. Shubhasi to‘g‘riligiga imoni komil bo‘lgach, Zeldvila ko‘chasining yarmidan g‘irra iziga qaytdi va qishloq tomon yo‘l oldi. Qizini uydan, hovlidan, butalar orasidan obdon qidirdi. Hap senimi, dedi-da, dalaga qarab yugurdi, odatda, Frenxen sabzavot teradigan savatni ko‘rdi-yu, qizning o‘zini hech qayerda uchratmagach, uni javdarpoya ichidan, qo‘shnining dalasidan qidirdi va to‘satdan qarshisida kapalagi uchgan ikkala yoshga duch keldi.
Bolalar taxta bo‘lib qolishdi, avvaliga Marti bir to‘xtadi, rangi bo‘zdek oqargancha ularga g‘azabnok tikildi. Keyin chaparasta g‘azabga keldi, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqib, qo‘llarini o‘ynatib, yigitga sherdek tashlandi va uni bo‘g‘a boshladi. Biroq Sali chap berib qoldi va Martining vahshiyona vajohatidan qo‘rqib ketib, bir necha qadam ortga tisarildi. Biroq Martining dag‘-dag‘ titrayotgan qizga tashlanganini ko‘rib, yana unga tomon yugurdi. Chol qizga shapaloq tortgan edi, boshidagi qizil gulchambar yerga uchib tushdi. So‘ng qizning sochidan burib, boplab savalash uchun surgab ketdi.
Frenxenni bir balo qilib qo‘yishidan qo‘rqqan va g‘azabdan o‘zini yo‘qotgan Sali qo‘liga tosh oldi va cholning boshiga tushirdi. Marti xiyol chayqalib ketdi va ayanchli qichqirayotgan Frenxenni sudragancha tosh uyumi ustiga hushsiz ag‘darildi. Sali qizning sochlarini otasining qo‘lidan bo‘shatdi-da, uni yerdan ko‘tardi; keyin miyasi ham o‘ylashdan to‘xtab, chorasiz bir alpozda haykalday tek turib qoldi. Qiz otasining o‘likday cho‘zilib yotganini ko‘rib titrab ketdi va uning oqarib ketgan yuzini silab, dedi:
— Uni o‘ldirib qo‘ydingmi?
Sali unsiz bosh irg‘adi va Frenxen qichqirib yubordi:
— Ey xudoyim-ey! Axir bu mening otam-ku! Sho‘rlik otajonim! — shunday deya telbalarcha otasiga tashlandi va uning boshini ko‘tardi, lekin boshda qon izi ko‘rinmasdi. Qiz yana otasining boshini qo‘yib yubordi. Sali cholning narigi tomonida cho‘k tushib o‘tirib oldi va ikkalasi qo‘llarini osiltirgancha cholning hayot asari qolmagan yuziga tikilib qolishdi.
Sukunatni buzish niyatida, nihoyat, Sali so‘z qotib, dedi:
— Salga o‘lib qolavermasa kerak, axir! Buni aniqlash kerak hali.
Frenxen lolaqizg‘aldoq gulidan bir yaproqni yulib oldi-da, uni cholning og‘ziga qo‘ydi, yaproq bilinar-bilinmas titradi.
— U nafas olayapti! — qichqirdi qiz. — Yordamga tez qishloqqa yugur!
Chopishga hozirlanib, Sali dik etib turgan edi, qiz unga qo‘lini uzatib, to‘xta ishorasini qildi.
— Bu yerga qaytib kelma, nima bo‘lganini ham aytib o‘tirma, men ham hech narsa demayman, mendan hech narsani bilib ololmaydilar, — dedi u va sarosimada qolgan yigitga o‘girildi, yuzi yoshdan jiqqa ho‘l edi. — Bu yoqqa kel, meni yana bir marta o‘p! Yo‘q, bor, ket! Hammasi tamom bo‘ldi, biz endi birga yasholmaymiz.
Qiz yigitni itarib yubordi va Sali qishloq tomon yugurib ketdi. U bir notanish bolani uchratib qoldi, u bolaga, yaqin orada yashaydigan odamlarni yordamga chaqir, deb tayinladi va yordam kerak bo‘lgan joyni yaxshilab tushuntirdi. Keyin tushkun holda uzoqlashdi va tun bo‘yi qishloq atrofidagi o‘rmonda sanqib yurdi. Ertalab Martining holidan xabar olgani dalaga pisib keldi. Kallai saharlab dala ishlariga chiqqan odamlardan surishtirib bildiki, Marti tirik ekan, lekin haligacha o‘ziga kelmabdi. Shunisi qiziqki, unga nima bo‘lganini hech kim bilmasdi. Shundan keyingina yigit shaharga qaytib ketdi va go‘ristonday zim-ziyo uyiga ko‘milib oldi.
Frenxen so‘zining ustidan chiqdi: u otasini behush holda topib olgan — odamlarning bilgani shu edi, xolos. Ertasiga Marti qimirlay va rosmana nafas ola boshlagan bo‘lsa-da, lekin hamon o‘ziga kelmayotgan edi. Hech kim birovni ayblagani yo‘q, faqat mast holda toshga yiqilib tushgan degan qarorga kelib, bu ishni ortiq surishtirib o‘tirishmadi. Frenxen otasining qoshidan bir qadam jilmay, uni parvarish qilmoqda edi; Faqat doktordan dori olib kelgani ketgan yoki suyuqqina obiyovg‘on qilib bergani o‘choqqa unnagan paytlarigina uni yolg‘iz qoldirishga to‘g‘ri kelardi. Garchi tunu kun oyoqda bo‘lib, hech kim unga qarashmasa ham, boyoqish qiz deyarli tuz totmasdi.
Olti hafta o‘tgandan keyingina bemor asta-sekin hushiga qayta boshladi, darvoqe, u allaqachonoq ovqat yeya boshlagan bo‘lib, to‘shakda o‘zini ancha tetik his qilardi. Biroq hushiga kelgani bilan avvalgidek emasdi, u tilga kira boshlagan sari shu narsa yaqqolroq sezila boshlagandiki, uning aqli zaiflashib qolgan va buning ustiga bu zaiflik sal boshqacharoq xususiyatga ega edi. U bo‘lgan voqeani elas-elas eslardi. Bu unga zavqlidek va unga hecham daxli yo‘qdek bo‘lib ko‘rinardi; u to‘xtovsiz jinnilardek qiqirlab kular va kayfiyati doim a’lo bo‘lardi. To‘shakda yotgancha turli qiliqlar bilan hammani hayron qoldirar, bo‘lar-bo‘lmas so‘zlarni qalashtirib tashlar, aftini bujmaytirar va qora yung qalpog‘ini ko‘z va burni ustiga tushirib olardi, shunda u qora choyshabli tobutda yotgan o‘likka o‘xshab qolardi. Oqarib, toliqqan Frenxen otasining so‘zlariga toqat bilan quloq solar, uning telba bo‘lib qolganidan yum-yum yig‘lar, oldingi g‘azabidan ko‘ra hozirgi qiliqlaridan sho‘rlik qiz qo‘proq qo‘rqar edi, biroq gohida chol judayam bir kulgili gapni aytib qolsa, qiynalib turganiga qaramay u qah-qah otib kular edi, chunki uning g‘am ezib tashlagan vujudi tortilgan kamondek taranglashishga, hushchaqchaq bo‘lishga zor-intiq bo‘lardi, holbuki, birpasdan keyin uni bundan ko‘ra og‘irroq dilgirlik kutib turardi. Biroq chol oyoqqa tura boshlagach, uni sira eplab bo‘lmay qoldi: u nuqul bema’ni harakatlar qilar, uy ichini aylanib, xaxolab kular, oftobshuvoqda o‘ltirar, tilini chiqarar yoki bo‘shliqqa tikilgancha uzundan-uzoq nutq irod qilar edi.
Bu orada u oldingi mulkining qolgan-qutganlaridan ham mahrum bo‘ldi, ish shu darajaga borib yetdiki, uyi va qachonlardir garovga qo‘yilgan so‘nggi parcha yeri ham suvtekin sotilib ketdi. Yerni sotib olgan dehqon Martining kasali va to‘la xonavayronligidan foydalanib qoldi: tosh to‘kilgan mojarolar yer haqidagi eski ishni tez va uzil-kesil o‘z foydasiga hal qildi. Mag‘lubiyat Martining butunlay oyog‘ini osmondan keltirdi, holbuki, sirasini aytganda, telbaligi tufayli u bu narsalarning tagiga yetgani ham yo‘q edi. Shu bilan yer oldi-sotdisi ham nihoyasiga yetdi-yu, cholni unga o‘xshagan boshqa sho‘rpeshona odamlar saqlanadigan poshsholik mehr-muruvvat muassasasiga joylab qo‘yishdi. Muassasa o‘sha muzofotning shahar markazida joylashgandi. Sog‘lom va mechkay jinnini jo‘nash oldidan yana bir to‘ydirib ovqatlantirishdi, ho‘kiz qo‘shilgan aravaga o‘tqazishdi. Arava bir-ikki qop kartoshkani bir yo‘la pullab kelgani shaharga borayotgan bir kambag‘al dehqonniki edi. Tiriklay yerga ko‘mib, so‘nggi yo‘lga kuzatib qo‘yish uchun hamrohlik qilishni istagan Frenxen ham aravaga chiqib, otasining yonidan joy oldi. Bu qayg‘uli va og‘ir safar edi, biroq Frenxen otasini diqqat bilan kuzatib turardi, uni o‘ng‘ayroq o‘tqazib qo‘yar, orqaga qayrilib qaramas va ular o‘tgan joylarda odamlarning orqalaridan chopib, telbaning qiliqlariga, kula-kula luqma tashlashlariga sabr-toqat bilan chidar edi. Nihoyat, ular shahardagi keng-kovul bir binoga yetib kelishdi, uning uzun-uzun yo‘laklari, hovlilari va shinamgina bog‘ida shunday aftodahol kimsalar ivirsib yurar edi. Ularning barchasi oq libosda bo‘lib, telba boshlariga qo‘pol charm qalpoqni bostirib kiyib olishgandi. Keksa Martiga Frenxenning ko‘z o‘ngidayoq shunday kiyim kiydirishdi, u esa boladay bundan suyungancha irg‘ishlab, qo‘shiq ayta boshladi.
— Barchamizni xudoning o‘zi yorlaqasin, muhtaram janoblar! — qichqirardi u o‘zining yangi sheriklariga. — Juda zo‘r joyda ekansizlar-ku! Bor uyga, Frenxen, oyingga ayt, men endi qaytmayman, menga bu yer yoqib qoldi, o‘lay agar! Ura! Ura! Bilasizlarmi, bizdagi tipratikon qanaqa: u darvoza oldida huradi! Chollarni boshingga urasanmi, hoy qiz, bu lablar yigitlar uchun! Barcha daryolar Reynga quyiladi, shunday bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Ko‘zlari charos qiz bor-ku, o‘sha mening qaylig‘im bo‘ladi! Sen ketayapsanmi, Freli? Sen bamisoli sopol tuvakdagi ajalning o‘zisan, men esa shunaqangi xursandmanki! Tulki dalada qichqiradi: xallo, xallo! Uning yuragi achishadi: xoxo, xoxo!
Nazoratchi unga jim bo‘l deb qichqirdi va biron yengilroq ish bilan band qilgani olib ketdi, Frenxen esa qaytib aravaga o‘tirdi-da, bir burda nondan uzib, og‘ziga soldi, shuni chaynay-chaynay, uxlab qoldi. Dehqon qaytib kelgach, ular yana qishloqqa ravona bo‘lishdi. Qishloqqa tun cho‘kkanda yetib kelishdi. Frenxen o‘zi tug‘ilgan va bor-yo‘g‘i ikki kungina yashashga ruxsat berishgan uyga kirdi, umrida birinchi marta u bu yerda mutlaqo yolg‘iz qoldi, u so‘nggi qoldiqlaridan qahva damlash uchun olov yoqdi va chorpoyaga cho‘kdi. U o‘zini zilday his etmoqda edi. G‘ussa va iztirobga to‘lgan holda u qanday qilib Salini hech bo‘lmaganda yana birrov ko‘rish haqida bosh qotira boshladi, uning butun fikr-yodi yigitda edi, biroq tashvish uning g‘ussasini yanada zaqqumroq, g‘ussasi esa tashvishini o‘n chandon dushvorroq qilib yubormoqda edi… Boshini qo‘llari orasiga olib, shu alpozda o‘ltirar ekan, birdan lang ochiq eshikdan kimdir kirib keldi.
— Sali! — kirib kelgan odamga qichqirib yubordi Frenxen, so‘ng ikkalasi bir-biriga hadiksirab qarab turdi-da, baravariga gapirdi:
— Buncha ozib, cho‘p bo‘lib qolmasang!
Sali Frenxendan kam oqarmagan va ezilmagan edi. Hamma narsani unutib, qiz uni o‘zi tomon chorpoyaga tortdi.
— Tobing qochib qoldimi? — so‘radi u, — yoki tirikchiliging shunaqa og‘ir kechayaptimi?
— Yo‘q, tobim qochgani yo‘q, lekin seni o‘lgudek sog‘indim, — javob qildi Sali. — Hozir uyimiz — ochil dasturxon. Otamning karvonsaroyi va har turli qalang‘i-qasang‘ilar uchun qo‘noqxonasi bor, nazarimda, o‘g‘irlangan mollarni bosib yotganga o‘xshaydi. Hozir qovoqxonamiz gurkiragan payt, albatta, vaqt-soati bilan hammasi dahshatli tugaydi. Oyim ochko‘zligidan otamga qarashib turibdi, nima bo‘lsa ham ro‘zg‘orga bo‘lsin, deydi-da. U ham qarashib tursam, uyda tartib bo‘lsa, aybimiz bekiladi deb o‘ylasa kerak-da. Men hisobda yo‘qman, bundan ortiqcha qayg‘urmayman ham, kechasiyu kunduzi faqat seni o‘ylayman. Chunki uyimizga turli-tuman sayoqlar kirib-chiqib turadi, sizlarnikida bo‘layotgan gaplarni har kuni eshitib turamiz, otam esa bundan bolalarday suyunadi. Otangni kasalxonaga olib ketishlarini ham bildik. Sen bir o‘zing bo‘lsang kerak, deb o‘yladim-da, bu yoqqa chopdim.
O‘z navbatida Frenxen ham dilidagi borini to‘kib soldi, nimadan qiynalganlarini gapirib berdi, u go‘yo ulug‘ baxtni ta’rifu tavsif qilayotganday, burro-burro so‘zlar bilan ochilib-sochilib hikoya qiladi. Ha, darhaqiqat, Sali u bilan birga bo‘lganidan qiz baxtiyor edi. Bu orada u kostryulda qahva qaynatdi-da, Salini ichishga undadi.
— Demak, indinga bu yerdan ketishingga to‘g‘ri kelarkan-da? — dedi Sali. — Holing nima kecharkin-a, ey xudoyim!
— Bilmadim, — hazin ohangda dedi Frenxen. — Kishilar eshigida ishlay boshlayman, bu yerdan ketaman. Sendan ayrilib yashash menga og‘ir, ammo senga xotin ham bo‘lolmayman — axir, sen mening otamni urding, sening aybing bilan u jinni bo‘lib qoldi. Nikohimiz uchun bu yaxshi alomat emas, turmush qurib ham yolchimasak kerak!
Sali xo‘rsindi.
— Men ham askarlikka ketishga yoki musofir yurtlarda qarollik qilishga yuz marta ahd qildim, lekin to sen shu yerda ekansan, hech yoqqa ketolmayman, firoq o‘tida kuyib adoyi tamom bo‘lsam kerak. Qayg‘u senga bo‘lgan muhabbatimni battar alangalatib, og‘irroq qilib yuborgandek tuyuladi, bu muhabbat meni hayotga emas, o‘limga olib boradi. Shunday sevish mumkinligini bilmas ekanman!
Frenxen jilmaygancha ishq to‘la ko‘zlarini unga tikdi, ikkalasi ham devorga suyangancha, jim bo‘lib qoldi, g‘am ustidan g‘alaba qilgan baxt tuyg‘usi vujudlarini qamrab olgandi: buyuk musibatda ular ahil edilar, bir-birlarini qattiq sevar edilar. Keyin ikkovi noo‘ng‘ay chorpoyada, ko‘rpa-yostiqsiz uxlab qolishdi, shu yotishda ular beshikda osuda va shirin uyquda yotgan egizaklarga o‘xshardi.
Birinchi bo‘lib Sali uyg‘ondi. Tong bo‘zara boshlagan edi. U iloji boricha muloyim harakatlar bilan Frenxenni uyg‘otishga tutindi, biroq qizning uyqusi ochilmay, har gal boshini solintirib, o‘zini “to‘shak”ka tashlar va yana uyquga ketar edi. Oxiri yigit uning lablaridan qattiq o‘pdi va Frenxen gavdasini ko‘tardi, ko‘zini ochib, Salini ko‘rdi va tilga kirdi:
— Ey xudoyim-ey! Hozirgina seni tush ko‘rayotuvdim. Tushimda to‘yimiz bo‘layotgan emish va ikkalamiz rosa o‘yinga tushayotgan emishmiz. Shunaqangi baxtiyor ekanmizki, shohona liboslarga burkanib olgan emishmiz, uyda yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ketimizda emish. Oxiri bo‘sa olmoqchi bo‘lib, bir-birimizga talpina boshlabmiz, biroq nimadir bizlarni o‘pishgani qo‘ymayotganmish, oxiri sen o‘zing uyg‘otib yuborib, ishning pachavasini chiqarding! Lekin shu yerdaliging qanday yaxshi! — Qiz shartta uning bo‘ynidan quchoqlab oldi va to‘xtovsiz o‘pa ketdi. — Sen-chi, qanaqa tush ko‘rding? — so‘radi qiz yigitning bo‘yni va iyagini silab.
— Tushimda men o‘rmonda uzun bir yo‘ldan ketayotganmishman, oldinda huv olisda, sen ketayotganmishsan, dam-badam burilib, menga qarab-qarab qo‘yarmishsan va boshingni irg‘ab, kularmishsan. Shunda o‘zimni osmoni falakda yurgandek his qilarmishman. Bor tushim — shu!
Keyin ular har doim ochiq turadigan oshxona eshigidan to‘g‘ri hovliga, toza havoga chiqishdi va bir-biriga qarab, xoxolab kulib yuborishdi: Frenxenning o‘ng yuzi va Salining chap yuzi uyqudalik chog‘larida bir-biriga qattiq yopishib turgandan qip-qizarib ketgandi, ikkovining ham ikkinchi yuzlari esa tungi salqin havodan battar qoni qochib, oqarib turardi. Ular bir-birining oqargan yuzini ohista ishqalab qizartirishga harakat qila boshlashdi. Shudringli salqin tong havosi, butun qishloqda hukm surgan jimjit sokinlik, endi oqarishib kelayotgan subhidam ular qalbini surur va baxtga to‘ldirmoqda, ayniqsa, bu qizga o‘zgacha halovat, o‘zgacha hayajon bag‘ishlamoqda edi.
— Shunday qilib, ertaga kechqurun men bu uyni tark etishimga to‘g‘ri keladi, — dedi Frenxen, — o‘zimga boshqa boshpana topishim kerak. Lekin undan oldin men bir marta, ha, faqat bir marta sen bilan chin dildan yayrashim lozim, biz qayerdadir uzoq va betashvish raqs tushishimiz zarur. Tushimda qanaqangi miriqib raqs tushganimni sira miyamdan chiqarib tashlolmayapman.
— Lekin nima bo‘lganda ham to sen o‘zingga boshpana topguningcha men sening yoningda bo‘lishim kerak, — dedi Sali, — jonginam, men ham sen bilan raqs tushishni juda-juda xohlayman. Ammo qayerda?
— Ertaga shu yaqin atrofdagi ikki qishloqda ehrom bayrami bo‘ladi, — dedi Frenxen. — U yerda bizni yaxshi bilishmaydi, bizga ko‘pda e’tibor ham qilishmaydi. Men seni daryo bo‘yida kutib turaman, keyin bir marta, faqat bir marta yayrab olishimiz uchun xohlagan yoqqa ketamiz! Shoshma-shoshma, axir, pulimiz yo‘q-ku? — ma’yus qo‘shimcha qildi qiz. — Demak, bundan hech narsa chiqmaydi!
— O‘ylanma! — dedi Sali, — men biroz pul olib kelaman.
— Lekin otangdan olmaysan-a? O‘g‘irlangan… puldan?
— Bu yog‘ini qo‘yaver, mening yana ikkita yaxshi kumush soatim bor, o‘shalarni sotaman.
— Seni yo‘ldan qaytarmoqchi emasman, — dedi qizarib Frenxen, — nazarimda, agar ertaga sen bilan raqs tushmasam, o‘lib qoladiganga o‘xshayman.
— Ikkalamiz birga o‘lsak, juda a’lo ish bo‘lar edi, — dedi Sali.
Xayrlashuv ma’nosida ular g‘am va iztirob ichida bir-birini quchoqladi. Bir-birining bag‘ridan chiqar ekan, ertaga uchrashishga qattiq umid qilgan holda mamnun jilmayishdi.
— Qay paytda kelasan? — qichqirdi yana Frenxen.
— Ertalab, o‘n birga qolmay, — javob qaytardi yigit, — ikkovimiz yaxshilab ovqatlanib ham olamiz!
— Qanday yaxshi! O‘n yarimda kelsang, undan ham yaxshi bo‘lardi!
Sali ancha nariga ketgan edi, qiz uni yana chaqirib oldi, uning chehrasi birdan o‘zgarib ketgandi, yuziga tashvish soya solib turardi.
— Bundan hech narsa chiqmaydi, — alam bilan dedi u, — mening bayramlik boshmog‘im yo‘q! Shaharga borganimda, mana bu ro‘daponi kiyib olishimga to‘g‘ri kelgandi. Boshqasini qayerdan olishimni bilmayman.
Sali yana xomush tortib, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi.
— Boshmog‘ing yo‘qmi? — takrorladi u. — Shunda kelaverasan-da, endi, nima qilibdi?
— Yo‘q, yo‘q, bunda raqs tushib bo‘lmaydi.
— Nachora, yangisini sotib olishga to‘g‘ri keladi unda.
— Qayerdan? Qaysi pulga?
— Eh, Zeldvilada poyafzal do‘koni degani xudo urib yotibdi. Pulni esa men topaman, ikki soatga qolmay olib kelaman uni.
— Lekin Zeldvilada men sen bilan yurolmayman-ku, buning ustiga, hoynahoy, boshmoqqa ham pul yetmasa kerak.
— Yetadi! Boshmoqni o‘zim sotib olaman va ertaga senga keltirib beraman!
— Ey nodon, u mening oyog‘imga loyiq kelmaydi-ku!
— Menga eski boshmog‘ingni ber-chi… yoki shoshma, men oyog‘ingni o‘lchab olaman, eng yaxshi yo‘l shu, bu narsa xudoyimning ham xayoliga kelmasa kerak.
— O‘lchab olaman deysanmi? Rost-a! Shu miyamga kelmabdi. Shoshmay tur, ip topay.
Qiz yana chorpoyaga o‘tirdi, yubkasini xiyol ko‘tarib, kechagi safardan beri oq paypog‘i yechilmagan oyog‘idan boshmog‘ini oldi. Sali cho‘kkaladi-da, ipni jajji oyoqchaning eni va bo‘yiga qo‘yib, qo‘lidan kelgancha o‘lchay boshladi va ipga sinchkovlik bilan tugunlar soldi.
— Obbo boshmoqchi-ey, — dedi Frenxen qizarinqirab va sho‘x kulib qo‘ydi.
Oyoqchani keragidan ortiqroq vaqt qo‘llarida mahkam tutgancha Sali ham qizarib ketdi, bundan Frenxenning yuzi battar lovullab, oyog‘ini tortib oldi, biroq xijolatdan nima qilishini bilmay turgan yigitni mahkam quchoqladi-da, cho‘lpillatib o‘pdi, keyin esa ketishini aytdi.
Shaharga kelib, Sali soatlarni soatsozga olib bordi, soatsoz unga oltimi, yetti gulden berdi; kumush zanjir uchun yana bir necha gulden oldi-da, Sali o‘zini boylardek his etdi; esini tanib, voyaga yetganidan beri hech qachon shuncha pul qo‘liga tushmagandi. “Tezroq kun kech bo‘la qolsaydi, tezroq yakshanba kela qolsaydi, mana bu guldenlar evaziga o‘shal kun bizga baxshida etadigan baxtga tezroq yetisha qolsaydim”, — o‘ylardi Sali va zim-ziyo mavhum indin qanchalik dahshat ila yaqinlashib kelgani sayin quvnoq va zavqyob, erta shunchalik mo‘jizakor, shunchalik yorqinroq jilva qilardi ko‘z o‘ngida. “Hozircha esa Frenxenga boshmoq qidiraman”, — deb u vaqtdan yutishga harakat qildi, bu ish shu paytgacha qilib kelgan har qanday ishidan ko‘ra yoqimli tuyulib ketdi. U bir kosibdan boshqasi oldiga borar, bisotidagi barcha ayollar poyabzalini chiqarib, oldiga qo‘yishni buyurar edi. Nihoyat, bir juft yengil, nafis boshmoq xarid qildi, bunaqa bejirim boshmoqni Frenxen hali hech qachon ko‘rmagan. Sali boshmoqni nimchasi ostiga yashirdi-da, kuni bilan olib yurdi, tunda esa to‘shakka yotganida uni yostig‘i tagiga qo‘yib qo‘ydi. Bugun ertalabdan qizni ko‘rgani va ertaga yana ko‘rishi kerakligi uchun u dong qotib, tinch uxladi, lekin juda erta uyg‘ondi va o‘zining ko‘rimsizgina kostyumini qo‘lidan kelgancha tozalab, tartibga sola boshladi. Bu onasining e’tiborini tortmay qolmadi, hayron bo‘lib undan nima qilmoqchi ekanini so‘radi, chunki o‘g‘li anchadan beri bunaqa hafsala bilan kiyinmagandi-da. Uyda o‘tiraverish jonimga tegdi, bir shahar aylanib kelmoqchiman, deb javob berdi Sali.
— Keyingi paytlarda sal boshqacha turib-yuradigan bo‘lib qoldimi, — g‘udrandi otasi, — nuqul allaqayerlarda sanqigani-sanqigan…
— Borsa bora qolsin, — dedi onasi, — balki sal ko‘ngli yozilar, o‘ziyam rangini ko‘rib, rahmim kelib ketadi.
— O‘ynagani yoningda puling bormi? Qayerdan olding pulni? — so‘radi qariya.
— Menga pul kerak emas! — dedi Sali.
— Ma, ol, bir gulden! — Otasi unga tangani itqitdi. — Qishloqqa borganingda qovoqxonada ovqat olib yersan, tag‘in bular juda qiynalib qolishibdi-ku, deb o‘ylashmasin.
— Men qishloqqa bormayman, pul ham kerak emas menga, olib qo‘ying tangangizni.
— Pul bersa olmaydi-ya! Qaysarlikka balo bormi, yaxshilikni bilmagan nonko‘r! — qichqirdi Mants va pulni qayta cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
O‘g‘liga qarab turib, nima uchun yuragi bu taxlit sust tortib, bir tutam bo‘lib ketayotganini o‘zi ham tushunmay, onasi unga qizil hoshiyali katta qora milancha bo‘yinbog‘ni keltirib berdi, — buni uning o‘zi ham ahyon-ahyonda tutar, Sali esa uni judayam yoqtirardi. U uzun shalviragan uchlarini osiltirib, bo‘yinbog‘ni bo‘yniga o‘radi. Oliftaligi tutib ketib, birinchi marta u ko‘ylagining yoqasini erkaklarga xos tarzda qishloqcha usulda qulog‘igacha ko‘tarib oldi, odatda, doim yoqasini tushirib kiyar edi. Soat yettiga zang urganida boshmoqni kurtkasining ichki cho‘ntagiga joyladi-da, yo‘lga tushdi. U xonadan chiqqanda to‘satdan negadir otasi bilan onasining qo‘lini siqib qo‘ygisi keldi, ko‘chaga chiqqach esa, uyga yana bir karra ko‘z soldi.
— Menimcha, — dedi Mants, — bolakay, hoynahoy, bironta jononcha oldiga shoshayapti. Shunisi yetmay turuvdi bizga.
Xotini javoban dedi:
— Iloyo, baxtini topgani rost bo‘lsin-da! Boyoqish bolajonimning yo‘lini bersin!
— Bo‘lmasa-chi! — kesatdi eri. — Unga avval shu kerak! Bironta ofatiga yo‘liqadi-da, “jannat”da yashaganday yashaydi. O‘shanda ko‘rasan boyoqish bolangning yo‘li qanday ochilganini! Gapirganing bilan koshki foydasi bo‘lsa.
Avvaliga Sali Frenxenni kutib turmoqchi bo‘lgan daryo tomonga qarab ketdi, biroq yo‘lda fikri o‘zgardi-da, to‘g‘ri qishloqqa, qizning oldiga yo‘l oldi — soat o‘n yarimgacha kutish unga haddan tashqari uzoqdek tuyulib ketdi.
“Odamlar bilan nima ishimiz bor? — o‘yladi u. — Hech kim bizga yordam bermasa, men to‘g‘ri ish qilayapman va hech kimdan qo‘rqmayman!”
Sali kutilmaganda Frenxenning xonasida paydo bo‘ldi va o‘shanday kutilmaganda uni to‘kis kiyingan, shay holda ko‘rdi, faqat boshmoq yetishmasdi, xolos. Qizni ko‘rib, Sali og‘zini ochgancha, xona o‘rtasida so‘zsiz turib qoldi. Frenxen bir qultum suv bilan yutib yuborgudek edi shu topda. Uning moviy bo‘zdan tikilgan oddiygina, ammo yap-yangi toza ko‘ylagi tik qomatiga yopishib turardi. Ko‘ylak ustidan oppoq harir ro‘mol tashlab olgan — bor-yo‘q libosi shu, xolos. Qop-qora jingalak sochlariga obdon oro bergan, odatda, tartibsiz osilib turuvchi kokillarini boshi tevaragidan chiroyli qilib o‘rab olgandi. Ko‘p haftalardan beri deyarli uydan chiqmagani va og‘ir tashvishlar tufayli uning chehrasi zahillashib, tiniq tortib ketgandi; biroq muhabbat va baxt olovining qizg‘ish nurlari bu zahillikka o‘zgacha bir tarovat baxsh etib turardi. Ko‘ksida esa rozmarin, atirgul va sallagullardan qilingan chiroyli gulchambar. U ochiq deraza oldida jim o‘tirgancha quyoshli tong havosidan to‘yib-to‘yib simirardi. Biroq Salini ko‘rdi-yu, tirsagigacha ochiq ikkala chiroyli qo‘lini uzatib, xitob qildi:
— To‘g‘ri bu yerga barvaqt kelib, juda yaxshi qilibsan! Xo‘sh, boshmoq olib keldingmi? Rostdanmi? To uni kiymaguncha o‘rnimdan turmayman!
Sali cho‘ntagidan ezgu boshmoqni sug‘urdi va shunga zoru intiq bo‘lib o‘tirgan go‘zalga tutdi, u eski boshmoqni surib tashlab, yangisini kiygan edi, oyog‘iga loppa-loyiq keldi. Shundagina u stuldan ko‘tarildi-da, bir joyda turgancha yangi boshmoqda tap-tap yurdi va bir necha bor tez-tez u yoqdan-bu yoqqa borib keldi. U uzun moviy ko‘ylagini xiyol ko‘tardi-da, boshmoqlarni bezab turgan qizil bandchalarga zavqlanib qaradi. Sali esa qarshisida xona bo‘ylab xursand borib kelayotgan mehribon, maftunkor qizdan ko‘zini uzmay qarab turardi.
— Sen mening gulchambarimni tomosha qilayapsanmi? — so‘radi Frenxen. — Rostdanam juda chiroyli-a? Bilasanmi, bular dalamizdan qidirib topgan so‘nggi gullar. Atirgul ham, sallagul ham unda-mundagina qolgan ekan, endi bularni gulchambar holida ko‘rgan odam o‘shanday tashlandiq joydan zo‘rg‘a topganimni xayoliga ham keltirmasa kerak. Xullas, men bu yerdan ketishim kerak: bog‘da guldan asar ham yo‘q, uyda esa hammayoq ship-shiydam.
Sali atrofga razm soldi va uyda qolgan hamma ashqol-dashqollar ham olib chiqib ketilganini shundagina payqadi.
— Bechora Freli! — dedi u. — Hamma narsangni olib ketishdimi?
— Kecha, — javob berdi qiz, — joyidan jildirsa bo‘ladigan hamma narsani bitta qo‘ymay olib ketishdi, menga karavotdan boshqa hech narsa qolmadi. Lekin men uni sotib yubordim, endi mening ham pulim bor. Mana, ko‘r!
U cho‘ntagidan bir necha yap-yangi yarqiroq talerni1 olib, unga ko‘rsatdi.
— Shu pul bilan, — davom etdi qiz, — haligi yetimparvar boy otaning aytishicha, — u ham shu yerda edi, — joy qidirib shaharga jo‘nashim va bu yerni bugunoq bo‘shatib qo‘yishim kerak ekan.
— Bu yerda ham hech narsa qolmabdi! — dedi Sali oshxonaga mo‘ralab. — Na tarasha, na tova, na pichoq! Sen ertalabdan beri hech narsa yemadingmi?
— Hech narsa, — javob berdi Frenxen. — Men o‘zimga biror narsa sotib olsam bo‘lardi, biroq keyin sen bilan birga to‘yib ovqatlanib olarmiz deb sabr qilishga ahd qildim. Axir, bundan men rosayam xursand bo‘laman-ku, ishonasanmi, rosayam xursand bo‘laman!
— Agar senga tegishga jur’at qilganimda edi, yuragimda nima borligini tushunar eding, go‘zalim!
— To‘g‘ri, mumkin emas, kiyimimni g‘ijim qilasan, gullarni ham avaylashimiz kerak, sho‘rlik boshimga ham shunisi ma’qul keladi, axir, sen har doim sochlarimni tutamlab o‘ynaysan-ku.
— Ketdik endi, yo‘lga tushaylik.
— Yo‘q, karavotni olib ketgunlaricha kutib turmasam bo‘lmaydi. Keyin men bo‘m-bo‘sh uyga qulf solaman-da, bu yerga boshqa izimni bosmayman! Tugunimni karavotni sotib olgan xotinga berib qo‘yaman.
Shu tariqa ular bir-birlariga ro‘parama-ro‘para o‘tirib olishdi-da, kuta boshlashdi. Ko‘p o‘tmay xotin keldi; bu gavdali sergap ayol ekan, u karavotni ko‘tarib ketgani bir yigitni ham boshlab kelgandi. Xotin Frenxenning xushtorini va qizning did bilan kiyinib olganini ko‘rib, hayratdan og‘zi ochilib qoldi, qo‘llarini beliga tiradi-da:
— Gap bu yoqda de, Freli! — dedi. – O‘ylashimcha, fursatni qo‘ldan bermabsan: mehmon kutib, malikalarday yasanib olibsan.
— Bo‘lmasa-chi, — dedi Frenxen samimiy jilmayib, — bu kimligini bilasizmi, o‘zi?
— Eh, bu Sali Mants bo‘lsa kerak. Tog‘ tog‘ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan uchrashadi, deydilar-ku! Lekin ehtiyot bo‘l, qizaloq, ota-onalaring qanaqa bo‘lishganini esdan chiqarma.
— E, endi hammasi boshqacha bo‘lib ketgan, hammasi yana bip-binoyidek, — jilmaygancha odob bilan e’tiroz bildirdi Frenxen. — Mana, ko‘rayapsizmi, Sali mening qallig‘im!
— Qalliq? Nimalar deyapsan?
— Ha, buning ustiga boy, u lotereyada yuz ming gulden yutib oldi. Ana shunaqa, qo‘shnijon!
— Xotin joyida sapchib tushdi, hadik ichida qo‘llarini chayqab, xitob qildi:
— Yuz? Yuz ming-a?
— Ha, yuz ming, — jiddiy dedi Frenxen.
— Xudo o‘zi kechirsin, bu to‘g‘ri emas, sen meni aldayapsan, bolajonim!
— Ishonmasangiz ishonmang, o‘zingiz bilasiz!
– Lekin bu to‘g‘ri bo‘lsa, sen unga turmushga chiqsang, shuncha pulni nima qilasanlar? Sen boyvuchchaga aylanasanmi?
— Albatta, biz uch haftadan keyin to‘yimizni o‘tkazamiz!
— Yo‘qol ko‘zimdan, aldoqchi, shumtaka!
— U allaqachon Zeldvilada dang‘illama hovli sotib oldi, kattakon bog‘i va uzumzori bilan, biz o‘rnashib olganimizdan keyin siz biznikiga, albatta, borasiz, yo‘q demasangiz kerak?
— Albatta, boraman, shumtaka qiz, albatta!
— Qanaqa zo‘rligini o‘shanda ko‘rasiz! Men sizga ajoyib qahva damlab beraman, sariyog‘ va asal surilgan non bilan mehmon qilaman!
— Voy dog‘uli-ey! Bilib qo‘y, boraman! — dedi xotin ko‘zlari ola-kula bo‘lib, og‘zidan esa so‘lagi oqib.
— Agar bozordan chiqib, horib-charchab tushlik payti kirib kelsangiz, siz uchun sariyog‘ go‘shtli sho‘rva bilan bir stakan sharob tayyor-da.
— Ana bunisiga qoyilman!
— Bolalaringiz uchun shirinliklar va oppoq kulchalar ham topiladi.
— Juda ishtahamni ochib yubording-ku!
— Bejirim ro‘mol yoki bir parcha shoyi yoki yubkangiz uchun chiroyli eski jiyak sovg‘a qilaman yoki sandiqni kavlab, hash-pash deguncha yangi peshband uchun bir enlik mato ham topib beraman.
Xotin tovonida burildi-da, huzur qilib, yubkasiga shapatilab qo‘ydi.
— Bordi-yu, eringiz foydali bir ish qilsa, aytaylik, yermi, molmi sotib oladigan bo‘lsa-yu, puli yetmasa, qayerga va kimga murojaat qilishni ham bilib olaverasiz. Mening aziz Saliginam har doim o‘z mulkining bir qismini foydali ishga sarf qilishga hoziru nozir. Yaqin dugonamga yordam berish uchun mening o‘zimda ham jamg‘arib qo‘ygan u-bu narsam yo‘q emas.
Butunlay hang-mang bo‘lib qolgan xotin hovliqib, dedi:
— Har doim aytardim-a, sen o‘zing ajoyib, oqko‘ngil, chiroyli qizsan deb. Ishqilib, xudo senga shu daqiqadan to‘kis hayotni ravo qilgani rost bo‘lsin, sening menga qilgan yaxshiliklaring uchun umrbod xudo o‘zi seni yarlaqasin.
— Lekin o‘z navbatida men ham sizdan bir narsani talab qilaman: siz ham menga yaxshi muomala qilasiz!
— Bu yog‘idan ko‘ngling xotirjam bo‘lsin!
— Keyin menga har doim o‘z mollaringiz — mevalarmi, kartoshka yo sabzavotmi — olib kelib turishingiz uchun, ularni bozorga olib chiqishingizdan oldin men bir narsaga, ya’ni men ishonadigan bir halol dehqon xotin borligiga amin bo‘lishim kerak. Sizga boshqalar beradigan narxni men bajonidil to‘layman, axir, meni o‘zingiz yaxshi bilasiz-ku! To‘rt devor ichida nochor o‘tirgan shaharlik boyvuchcha bilan barcha turmush ishlarida tajribakor, halol, to‘g‘ri dehqon xotin o‘rtasida haqiqiy, mustahkam do‘stlikdan ham ortiq nima bor? Yuzlab hollarda buning foydasi bo‘ladi — g‘amda ham, shodlikda ham, to‘yda ham, azada ham, bolalar maktabda o‘qiy boshlaganda ham yoki biron ustaga yollaganda ham, yoki o‘zga yurtlarga safarga ketganda ham — hamma narsada! Xudo ko‘rsatmasin, toshqin paytda ham yo ko‘z yoriganda ham, yong‘in yoki do‘l yoqqanda ham — buning farqi yo‘q!
— Bunday balolardan xudoning o‘zi asrasin-a! — dedi soddadil xotin piq-piq yig‘lab, ko‘zyoshini artgancha. — Sen shunaqayam aqlli, farosatli qizsanki, nima ham derdim. Sen yaxshi yashab ketasan, aylanay, bo‘lmasa bu dunyoda haqiqat qolarmidi. Senga husndan ham, aqldan ham xudo bergan, qo‘l-oyog‘ing chaqqon, har ishning uddasidan chiqasan. Qishloqda ham, butun tevarak-atrofda ham senga yetadigani yo‘q. Seni olgan er oyog‘ingni o‘psa arziydi, sen bilan jannatda yashaganday yashaydi. Bordi-yu, u bir yaramas bo‘lsa, men o‘zim unga ko‘rsatib qo‘yaman. Sali, quloq sol! Mening Frelimni xafa qila ko‘rma, bo‘lmasa, naq adabingni beraman-a. Omading bor ekan, gulning eng a’losiga yo‘liqqansan!
— Endi va’da qilganim tugunimni olib qo‘ying, o‘zim kelib olib ketaman. Soyabonli aravada kelib qolsam, tag‘in xafa bo‘lib yurmaysiz-da, opajon, xo‘pmi? Bir piyola sut bersangiz menga shu kifoya, sutga qo‘shib yeyiladigan bodomli tortni esa o‘zim olib kelaman.
— Oltin qizim mening! Qani, ol bu yoqqa tugunni!
Frenxen xotin boshida ko‘tarib turgan parto‘shak ustidan latta-putta va turli mayda-chuydalarga to‘la qopchiqni qo‘ygan edi, bechora xotinning boshida butun bir minora paydo bo‘ldi.
— Hammasini birdan olib ketolmasam kerak-ov, – dedi xotin. — Yana bir kelsam bo‘lmaydimi?
— Yo‘q, yo‘q! Biz hozir ketayapmiz, yo‘limiz uzoq, boyiganimizda birdan paydo bo‘lib qolgan boy qarindoshlarimizni borib ko‘rishimiz kerak. Buning qanaqa bo‘lishini bilasiz-ku!
— Bo‘lmasam-chi! Seni xudo o‘z panohida asrasin, yaxshi kunlarga yetganingda meni esdan chiqarma, bolam.
Boshida bir dunyo yuk bilan chayqala-chayqala xotin ketdi, bir vaqtlar turli yozuvlar yozib tashlangan karavotni ko‘targancha yigitcha uning ortidan ergashdi, u so‘nayotgan yulduzli osmon tasviri tushirilgan choyshabning qoq o‘rtasiga boshini tirab olgandi. Salining qo‘liga suyangan holda ketayotganlar ortidan tikilgancha Frenxen dedi:
— Agar bu karavotni boqqa o‘rnatib, yoniga stolmi, skameykami qo‘yib qo‘yilsa, atrofidan chirmovuq ekilsa, ajabtovur ayvoncha bo‘lardi-da. Ayvonchada men bilan birga o‘tirarmiding, Sali?
— Ha, Freli! Ayniqsa, hammayog‘i chirmovuq bilan qoplangan bo‘lsa.
— Nega turibmiz endi? — dedi Frenxen. — Bizni endi bu yerda hech nima tutib turgani yo‘q.
— Ketdik, uyni qulfla. Kalitini kimga berasan?
Frenxen hovliga ko‘z yugurtirdi.
— Uni mana bu yerga, oyboltaga ilib qo‘yamiz, otamning aytishicha, u bu yerda yuz yildan beri turganmish. Endi u bu yerda oxirgi qorovul bo‘lib qoladi.
Ular zanglagan kalitni loviya poyalari chirmalib yotgan zanglagan qurolning ilmog‘iga ilib qo‘yib yo‘lga tushishdi. Frenxenning rangi quv oqardi va bir necha soniya ko‘zlarini yumib turdi, Sali yigirma qadamcha uni yetaklab bordi. Lekin qiz ortiga burilib qaramadi.
— Endi qayoqqa boramiz? — so‘radi u.
— Biz shu atroflarda bekorchi odamlarday shoshmasdan aylanib yuramiz, — javob berdi Sali, — kechqurun esa raqs tushishimiz uchun biron joy topilib qolar.
— Zo‘r! — dedi Frenxen. — Bugun kunni birga o‘tkazamiz va qayerda xohlasang, o‘sha yerda aylanamiz. Lekin hozir sal o‘zimni g‘alati sezayapman, yaqinroqdagi bir qishloqda qahva ichib olaylik!
— Yaxshi, — dedi Sali, – faqat bu yerdan tezroq gumdon bo‘lsak, bas!
Ko‘p o‘tmay ular keng dalada, paykallar yonidan ketib borar edilar. Ajoyib sentyabr tongi bo‘lib, osmon bulutsiz edi. Tepalik va o‘rmonlarni harir g‘ubor qoplagan, bu ularga qandaydir o‘zgacha sinoat va tantanavorlik bag‘ishlardi. Har tomondan qo‘ng‘iroqlarning jaranglagan ovozi quloqqa chalinardi — boylar qishlog‘idan ham, kambag‘allar qishlog‘idan ham yangrayotgan turli qo‘ng‘iroqlarning tartibsiz ovozlari bir zum tinmasdi. Bu kunning oxirida ularni ne savdolar kutayotganini ikkala yosh ham bilmasdi. Ular o‘zlarini unsiz sevinch ixtiyoriga topshirib, shundan ko‘ngillari tog‘dek edi. Bu — dalalar bo‘ylab bayram libosida bemalol yayrab yurish, bir-biriga tobe bo‘lish huquqiga ega bo‘lgan baxtiyor juftlik kabi qutlug‘ yakshanba kuniga peshvoz chiqish sevinchi edi. Yakshanba arafasida taralayotgan har bir tovush yoki alohida bir hayqiriq ular qalbida dunyoni larzaga solib, aks-sado berardi, zero, muhabbat — bu eng olisdagi va eng befarq narsalarni hushyorlikka chorlovchi va hamma narsani ajoyib musiqaga aylantiruvchi qo‘ng‘iroqdir.
Garchi ular qattiq ochiqqan bo‘lsalar-da, eng yaqindagi qishloqqacha bo‘lgan yarim soatlik yo‘lni ko‘z ochib-yumguncha bosib o‘tishdi. Tortinibroq qishloq chekkasidagi qovoqxonaga kirishdi; Sali mo‘l-ko‘l nonushta buyurdi; nonushtani tayyor qilgunlaricha ular baobro‘ va shinam qovoqxonada nimalar bo‘layotganini kuzatgancha mehmonlar uchun ajratilgan top-toza kengbar xonada jimgina o‘ltirishdi. Xo‘jayin novvoylik ham qilar ekan. Yangi pishirilgan non butun uyni xushbo‘y hidga to‘ldirdi va xonaga turli navdagi nonlarga limmo-lim to‘ldirilgan savatlarni olib kira boshlashdi, chunki odamlar tushlikdan keyin oq non sotib olish va bir krujkadan ertalabki pivodan urib olish uchun bu yerga kelar edilar. Beka orasta, jiddiy bir ayol bo‘lib, bolalarini erkalagancha shoshilmay kiyintirib qo‘ydi. Onasi qo‘lidan xalos bo‘lgan bolalardan biri Frenxenning oldiga yugurib keldi-da, o‘zining butun bisotini ko‘z-ko‘z qila boshladi.
Xushbo‘y hid taralib turgan achchiq qahva olib kelingach, ikki yosh go‘yo mehmondorchilikka kelgandek iymanibgina stolga kelib o‘tirdi, biroq saldan keyin jonlanib, past ovozda va quvnoq holda bir-biri bilan shivirlashib gaplasha boshladi. Eh, quling o‘rgilsin qahva baxtidan o‘zida yo‘q qizchaga shunaqangi lazzatli tuyulmoqda ediki! Sariyog‘ qaymoq, hozirgina uzilgan bo‘rsildoq bulochkalar, qaynoq sut, asal, tuxum — yana qanaqangi narsalar yo‘q edi bunda! Hammasi qizga birdek yoqmoqda edi, chunki stolda u bilan birga Sali o‘tiribdi, u bir yildan beri ro‘za tutgandek, taomlarni ishtaha bilan tushira ketdi. Chiroyli idishlar, kumush qahva qoshiqchalar qizning zavqiga zavq qo‘shmoqda edi — beka, aftidan, ularni yangi kelin-kuyov deb o‘ylagan va shunga yarasha xizmat ko‘rsatishga ahd qilgan bo‘lsa kerak; u hatto bir-ikki og‘iz gap sotgani ular yoniga kelib o‘ltirdi ham, ikkala yosh qaytargan oqilona javoblar esa unga juda ma’qul bo‘ldi. Sarxush Frenxen o‘zini shu qadar a’lo his etmoqda ediki, endi nima qilishini ham bilmay qoldi: sevgan yigiti bilan yana o‘tloqzor va o‘rmonzorlarda aylanib yurgani ketishsinmi yoki garchi bir necha soatcha bo‘lsa-da, bu shinam uyni o‘zlarinikidek his etib, mehmondo‘st xonadonda qolishsinmi? Biroq go‘yo oldindan mo‘ljallab qo‘yilgan muhim sayohat kutib turgandek, ketish kerakligini bosiqlik va jiddiy tarzda eslatib, Sali uning mushkulini oson qildi. Xo‘jayin va beka ularni ostonagacha kuzatib qo‘ydi va mehmonlarning oshkora g‘aribligiga ham qaramay, ularning odoblaridan mamnun bo‘lib, haddan tashqari quyuq xayrlashishdi. Ikkala yosh ham barcha odob-axloq qoidalarini bekamu ko‘st ado etgan holda izzatu ikrom ila ular bilan xayr-xo‘sh qilib uzoqlashdi. Keyin ham ular yana kenglikka chiqib, cheksiz emanzorga kirib kelishgach, Sali bilan Frenxen go‘yo xonavayron bo‘lgan, qashshoqlik boshiga yetgan oilalardan chiqqan emas, balki shirin orzularga to‘la va beg‘am-betashvish umrguzaronlik qilayotgan badavlat ota-onalarning bolalaridek, o‘sha alpozda mag‘rur ketib borar edilar. Frenxen chuqur o‘yga cho‘mib, boshini gullar bezagan ko‘ksi uzra eggancha, yumshoq nam yerdan odimlar ekan, ko‘ylagidan avaylab ushlab olgandi. Sali esa, aksincha, qaddini g‘oz tutib, qaysi daraxtni kesish ma’qulroq ekanini tusmol qilgan tajribali xo‘jayindek, o‘ychan nigohini adl emanlardan uzmasdi. Oxiri, ular ushalmas orzularidan o‘zlariga kelib, bir-biriga qarashdi hamda qovoqxonadan chiqqandan beri bir zaylda kelayotganlarini anglab, qizarib ketishdi va boshlarini g‘amgin egib olishdi.
Hammayoqda navqironlik hukmron: o‘rmon o‘zining yashil libosiga burkangan, osmon ko‘m-ko‘k. Ular o‘zlarini olamda tanho his etgancha ko‘p o‘tmay yana yoshlikning jo‘shqin hislariga to‘ldilar. Lekin ulardagi bu tanholik uzoqqa bormadi — ko‘rkam o‘rmon yo‘lida guras-guras yosh yigit-qizlar uchray boshladi, ular tushlikdan keyin sho‘xlik qilib qo‘shiqlar kuylagancha bu yerda sayr qilib yurar edilar, chunki shaharliklar kabi qishloq yoshlarining ham sayr qilishi uchun o‘z sevimli joylari bor, faqat farqi shundaki, bu joylarga qarab turish uchun pul sarflamaydilar va bular shahardagidan ko‘ra ko‘rimliroq, dehqonlar nafaqat o‘zlarining gurkiragan va hosili yetilgan egatlari bo‘ylab bayramona kayfiyatda kezinadilar, balki sinchkovlik bilan yo‘lni tanlab, o‘rmon va yam-yashil qirlarda sayr qiladilar, goh manzarador tepalik ustida, goh o‘rmondagi yalanglikda hordiq chiqaradilar, ulug‘vor tabiatdan olgan taassurotlarini shodon yuraklariga jo qiladilar, ular gunohlarini yuvish uchun emas, balki shaxsiy lazzat olish uchun shunday qilganlari bois, shu narsani tan olish lozim bo‘ladiki, tabiatdan qanchalik naflanishlaridan qat’i nazar, uni ortiq sevishning ham uddasidan chiqadilar. Ularning barchasi — yosh yigitchalardan tortib, yoshlikda sayr qilgan so‘qmoqlarini qo‘msagan qariyalargacha, albatta, biron-bir o‘simlikdan sindirib olishadi, hatto shunday yoshdagi qattiqqo‘l dehqonlar ham fikru o‘ylari ishda bo‘lishiga qaramay o‘rmondan o‘tib ketar chog‘larida mo‘rt shoxchadan kesib olishadi-da, uchidagi bir tutamgina barra yaproqlarni qoldirib boshqalarini yulib tashlaydilar. Novdani tantanavor ko‘tarib, boradigan joylarida yoki idorada avaylab bir burchakka qo‘yib qo‘yishadi, har qancha zarur ishlari bo‘lishiga qaramay, qaytishda yana u yerdan olib, ziyon-zahmatsiz uyga olib kelishadi, shundan keyingina irim qilib, sindirish uchun eng kenja o‘g‘ilga taqdim qilishadi.
Sali bilan Frenxen sayr qilib yurganlarini ko‘rib, o‘zlaricha kulib qo‘yishdi, o‘zlarining ham juft bo‘lib kelayotganidan suyunib ketishdi, biroq boshqa tomonga, torgina o‘rmon so‘qmog‘iga burilishdi-da, ko‘p o‘tmay yana tanho qolishdi. Ular ko‘ngillariga yoqqan joyda to‘xtar, yo‘llarida davom etar, yana dam olar edilar, shunday paytlarda dillaridagi dard butunlay arib, o‘zlarini qushday yengil his etar edilar, qayoqdan kelib, qayoqqa ketayapti, butunlay unutib, o‘zlarini shu qadar samimiy va odobli tutmoqda edilarki, hatto quvonchli hayajon va harakatlarga qaramay, Frenxenning egnidagi odmigina kiyimlari ertalab qanday bo‘lsa, hamon shunday silliq va pokiza holatda edi. Sali ushbu sayrda o‘zini xonavayron bo‘lgan qovoqxona sohibining o‘g‘li yoki yigirma yasharlik qishloq yigitidek emas, balki undan ko‘ra ancha yosh va tarbiyasi oliy boyvachchadek tutayotgandi. U go‘zal va quvnoq Frenxenga dam sayin shunday hurmat, ibo va mehr bilan qarab qo‘yar ediki, buni ko‘rgan kishining havasi kelmay qolmasdi. Yosh yigit-qiz o‘zlariga taqdim etilgan ushbu yagona kunni muhabbatning barcha ikir-chikirigacha bitta qo‘ymay, hayotlarini qurbon qilgan cheksiz ishtiyoqning intihosi sari muddatdan ilgari intilgan va gulga kirgan ilk damlarida boy berilgan kunlari o‘rnini to‘ldirgan holda boshdan kechirishga to‘g‘ri kelmoqda edi.
Sayrdan keyin yana ularning qorni ochqadi va soyador tog‘ cho‘qqisidan quyoshda yarqirab turgan qishloqqa ko‘zlari tushib, suyunib ketishdi va shu yerda ovqatlanib olishga qaror qilishdi. Ular tezgina pastga tushishdi va oldingi qishloqni qanday tark etishgan bo‘lsa, o‘shanday odob ila bu qishloqqa kirib borishdi. Yo‘lda ularni taniydigan bironta jon uchramadi, Frenxen, ayniqsa, keyingi kunlarda odamlar orasida deyarli bo‘lmagandi, qishloqlar to‘g‘risida esa gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Shunday qilib, Sali bilan Frenxen ish bilan allaqayoqqa yo‘l olgan juftlik kabi kishilarda hurmatga loyiq taassurot uyg‘otdi. Ular duch kelgan dastlabki qovoqxonaga kirishdi va Sali yaxshi tushlik buyurdi. Ular uchun bayramona dasturxon tuzashdi va ikkovlon jimgina stol yoniga o‘ltirib, yong‘oq daraxtidan oro berilgan devorlarga, turfa taomlar to‘la bufetga, garchi qishloqcha qo‘l bilan tikilgan bo‘lsa-da, derazalardagi oppoq pardalarga ko‘z yugurtira boshlashdi. Beka yoqimli jilmaygancha ularning oldiga gul solingan guldonni keltirib qo‘ydi.
— Sho‘rva berishguncha gullardan bahra olib turishingiz mumkin, agar xohlasangiz. So‘raganning aybi yo‘q, xoynahoy, sizlar ertaga shaharda nikohdan o‘tishga ketayotgan yosh kelin-kuyov bo‘lsangiz kerak, shundaymi?
Frenxen ko‘zini ko‘tarolmay qip-qizarib ketdi, Sali ham javob bermagach, beka davom etdi:
— Bo‘lmasam-chi, ikkovingiz ham yoshsiz, ammo yosh turmush qurganlar uzoq yashaydi, deyishadi. Sizlar esa shundoq chiroyli va yoqimlisizlarki, yashirishning hojati yo‘q. Agar yoshlikda topishishsa, buning ustiga, mehnatsevar va vafodor bo‘lishsa, kamtar odamlar hayotda ko‘p narsaga erishadilar. Vafo esa juda kerak, vaqt juda tez o‘tib ketadi va shu bilan birga uzoq cho‘ziladi, oldingizda ko‘pdan-ko‘p kunlar kutib turibdi. Bir-biringizga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib turibsizlar, baxtiyorsizlar, faqat bu boylikni qo‘ldan bermanglar! To‘g‘risini aytayapman, sizlarga qarab odamning havasi keladi, bir-biringizga judayam mossizlar!
Xizmatchi qiz sho‘rva keltirdi, bekaning ba’zi so‘zlari uning ham qulog‘iga chalingan edi, o‘zi ham bo‘y yetib qolganidan omadi chopgan Frenxenga yovqarash qilib qo‘ydi. Qo‘shni xonada u andisha-pandishani yig‘ishtirib, tiliga baralla erk berib yubordi va o‘sha yerda qozon-tovoqqa unnab yurgan bekaga qarab, mehmonlar ham eshitsin uchun baland ovozda shang‘illab ketdi:
— Qayoqdagi qashshoq qiz! Iniga sig‘magan sichqon dumiga g‘alvir bog‘labdi deganday nikohdan o‘tgani shaharga chopgani-chi! Bisotida na sariq chaqasi, na yor-do‘sti, na sepi bor, nimasiga ishonadi bular? Bor-yo‘g‘idan ajralib, ertaga gadoy bo‘lgani qoladi. Ko‘ylagini kiyish yo bir qoshiq sho‘rva pishirishni eplolmagan bunday mishiqilar turmush qurishning uddasidan chiqarmidi? Bu sharmanda qizning tuzog‘iga ilingan gulday yigitga achinasan, xolos.
— Jim, o‘chirasanmi, yo‘qmi, shallaqi! — uni qaytardi beka. — Men ularning ko‘nglini og‘ritmayman. Ehtimol, bular fabrikalari bor, tog‘dan kelgan ajabtovur odamlarning bolalaridir. Kiyimlari bashang bo‘lmasa ham orastagina, modomiki, ular bir-birini sevishib, mehnatdan qochmas ekan, sen anovi zahar tiling bilan erishgandan ko‘ra ko‘proq narsaga erishadilar ular. Bo‘lmasam-chi, bu tiling bilan hali ko‘p kutishingga to‘g‘ri keladi, toki tilingni shirin qilmas ekansan, birov seni so‘ramaydi ham, yaqiningga yo‘lamaydi ham.
To‘yga yo‘l olgan kelinlikning barcha sevinchlarini Frenxen ana shu tariqa totmoqda edi: oqila xotinning ko‘nglini ko‘taruvchi so‘zlari-yu, erga tegishni armon qilib yurgan qariqizning hasadi. Qizning yuzi loladay lov-lov yonar, yuragi qinidan chiqquday bo‘lmoqda edi, biroq shunday bo‘lsa-da, u ovqatni ishtaha bilan tushirdi, garchi xizmatkor qizning gaplari diliga nashtardek sanchilayotgan bo‘lsa-da, Salining boshidan silab, bir nimalarni shivirlar edi, uning ham hang-mang bo‘lib qolganini ko‘rib, sevgilisiga tasalli berishga tirishardi. Biroq shirin ro‘yodan uyg‘onib qolishdan qo‘rqqandek, ular uzoq va xotirjam o‘tirib qolishdi. Shirinlikka beka pechene keltirdi va Sali u bilan qo‘shib ichgani o‘tkir vino buyurdi. Bir qultum yutishi bilan Frenxenning tomirlarida olov yugura ketdi, lekin u ehtiyotkor edi, faqat ahyon-ahyonda qadahga labini tekkizib qo‘yar va haqiqiy kelinday iymanib, odob saqlab o‘tirardi. Bir jahatdan u kelinlar qanaqa bo‘lishini o‘zida sinab ko‘rish uchun shunday rolni ado etayotgan bo‘lsa, ikkinchi jihatdan shunday, tuyg‘ular chindan-da uning vujudini qamrab olgandi. Hayajon va qaynoq muhabbatdan yuragi tars yorilish darajasiga yetgan edi. Aftidan, sevishganlarning yolg‘iz, odamlardan bir chetda qolishi xatarli edi, binobarin, ular so‘zlashmay, na bu unga, na u bunga qaramay, sershovqin va gavjum katta yo‘ldan yurib ketishdi. Biroq bu qishloqdan o‘tib, shohona bayram bo‘layotgan boshqasiga yetganda, Frenxen yigitning qo‘lida osilib qoldi va shivirlagan ovozda dedi:
— Sali, nega biz bir-birimizniki va baxtiyor bo‘lolmaymiz?
— Negaligini o‘zim ham bilmayman, — javob berdi Sali va o‘tloqzor uzra jilvalanayotgan kuz quyoshining mayin nurlariga ko‘zlarini tikdi. U o‘zini qo‘lga olishga tirishar ekan, basharasi g‘alati bujmaydi. O‘pishish uchun to‘xtashgan edi, biroq odamlar ko‘rinib, ular yo‘lda davom etishdi.
Shohona bayram bo‘layotgan katta qishloqda o‘yin-kulgi avjida edi. Hashamatli mehmonxonadan raqs musiqasi yangrardi, u yerda tushdan beri yoshlar raqs tushishga kirishib ketgandi, qovoqxona qarshisidagi maydonda esa uncha katta bo‘lmagan bozor cho‘zilgan, shirinliklar va pechenelar qo‘yilgan bir nechta stol va arzon bezak buyumlari terib qo‘yilgan ikki-uchta peshtaxta; uyning yonida bolalar va katta yoshdagi odamlar g‘ujg‘on o‘ynaydi, ular, asosan, mollarni tomosha qilishdan bahra olishardi. Sali bilan Frenxen ham shu buyumlar oldiga kelishdi va ularga mahliyo bo‘lib qolishdi. Ikkalasi ham baravariga cho‘ntagiga qo‘l soldi va har qaysisi o‘zicha unisiga sovg‘a sotib olishga ahd qildi, chunki ular bunaqa bozorda birinchi va so‘nggi martagina birga bo‘lishlari edi. Sali Frenxenga yashil tomli, shakar bilan oqlangan kattakon shirinlik uy sotib oldi, uyning tomida bir juft kaptar o‘ltirardi, mo‘ridan esa mo‘ri tozalovchi qiyofasidagi sevgi ilohasi mo‘ralab turardi. Ochiq deraza oldidagi quchoqlashib, cho‘g‘dek mitti lablarini bir-biriga bosib, do‘mboq va qip-qizil yuzli ikki yosh turibdi, zero, tajribali musavvir bo‘yoqni shundoq chaplab, ikki og‘izchani bir-biriga ulab qo‘ya qolgandi. Mayda nuqtalar quvnoq ko‘zlarni ifodalardi. Pushtirang eshikda quyidagi she’rni o‘qish mumkin edi.
— Kel, sevgilim, kira qol,
Uyim to‘ri seniki.
Faqat bir shart: so‘ng abad
Bo‘lib qolgin meniki.
— Yor bo‘lishdan qo‘rqmayman, ¬—
Javob berar go‘zal qiz. —
Axir, men ham dunyoda
Baxtimni topay to‘kis.
— Undoq bo‘lsa, kira qol,
Mening yorim bo‘la qol.
Eshikning o‘ng va so‘l tomonidagi devorlarga chizilgan moviy frakdagi janob va siynasi juda baland xonim bir-birini uyga kirishga taklif etib, o‘zaro shunday dil izhori qilmoqda edilar.
Frenxen esa Saliga yurak sovg‘a qildi, uning bir tomoniga quyidagi so‘zlar bitilgan qog‘oz yopishtirib qo‘yilgandi:
Yuragimda turib qoldi bitta bodom donasi,
Lekin undan totliroqdir muhabbatning bodasi.
Ikkinchi tomonidagi yozuv bunday edi:
Ola ketgin bu yurakni, ammo unutma zinhor,
Sendan ayro tushgandan o‘lganim afzal, ey yor.
Ular bu she’rlarni hafsala bilan qiroat qilishdi, hali biron-bir she’r yoki bosma harfda bitilgan so‘zlar hech kimda bu shirinlikdagi she’rlarchalik go‘zal va chuqur taassurot qoldirmagandi. Ular qiroat qilgan hamma satrlar go‘yo ataylab ikkovlari uchun to‘qilganday — nima bo‘lganda ham ularning hozirgi holatiga juda-juda mos tushib turardi.
— Oh, — xo‘rsindi Frenxen, — sen menga uy in’om etding, men ham senga uy in’om etdim — bu haqiqiy uylardir, chunki yuraklarimiz endi biz yashab turgan rostmana uy hisoblanadi, biz uni o‘zimiz bilan olib ketamiz. Bizning boshqa uyimiz yo‘q.
— Unda sening uyingni men, mening uyimni sen ola ketasan, — dedi Sali. Frenxen esa qo‘shib qo‘ydi:
— Shuning uchun biz hech qachon ayrilmaymiz, biz abadiy bir-birimizning uyimizda qolishimiz kerak.
Ular o‘z gaplarida turli shakldagi shirinliklarga bitilgan so‘zlardan nuqs olishayotganini payqab qolishdi va katta-kichik harflar bilan yuraklarga yopishtirib qo‘yilgan yozuvlar ko‘rinishida peshtaxtalarga terib qo‘yilgan ushbu totli ishqiy satrlar mag‘zini chaqishda davom etishdi. Hammasi ularga go‘zal ko‘rinayotgandi, hammasi ularning tuyg‘ulariga g‘oyat mos kelmoqda edi. Frenxen xuddi torlari tarang tortilgan sozga o‘xshash zarhal yurakdagi ushbu:
Yuragimdir sozning qo‘sh tori,
Undan yangrar muhabbat zori.
satrlarini o‘qigan edi, xuddi o‘zining yuragi sado bergandek, qulog‘i ostida musiqa ovozi yangrab ketdi. Shu yerda Napoleonning ham suvrati bor edi, unga ham ishqiy satrlar bitilgandi; suvrat tagida quyidagi so‘zlar yozib qo‘yilgandi: “Buyuk jangchi Napoleonning qilichi po‘latdan bo‘lsa ham, yuragini xudo loydan yaratgandi. Sevgilisining ko‘ksini faqat gul bezatib turardi, lekin uning yuragi metindan ham qattiq edi. Men xotirjamman”.
Biroq Sali bilan Frenxen she’r o‘qishga har qancha berilib ketishmasin, biri ikkinchisiga bildirmasdan sovg‘a sotib olish uchun payt poylardi. Sali Frenxen uchun yashil shisha ko‘zli zarhal uzuk tanladi, Frenxen esa tillarang bo‘tako‘z tasviri tushirilgan, qora bug‘u shoxidan yasalgan uzukni. Aftidan, ikkalasining ham diliga bir xil, ajralishdan oldin birga ushbu g‘aribona muhabbat ramzini sovg‘a etish fikri kelgandi.
O‘z uylari bilan band bo‘lib, ular asta-sekin atroflarida ularni diqqat bilan va qiziqib kuzatayotgan odamlar halqasi paydo bo‘lganini sezmay qolishdi. Yoshlar orasida ularning qishlog‘idan kelgan yigit va qizlar ham bor edi, ular bu ikkovini tanib qolib, bir chetda turishar, did bilan kiyingan va bir-biriga suykalib, olamdagi hamma narsani unutgan bu juftlikka hayrat bilan boqar edilar.
— Qaranglar, qaranglar, — derdi odamlar, — axir, bu Frenxen Marti bilan shahardan kelgan Sali-ku! Ular bir-biri bilan topishib, qovushib qo‘yganga o‘xshaydi. Ana buni muhabbat, ana buni ishq desa bo‘ladi! Ko‘ramiz, oxiri nima bilan tugarkin, hali!
Bu tomoshabinlar hayratida tolesizlikka nisbatan achinish, ota-onalarning tuban ketishlari va qashshoqlikka bo‘lgan nafrat, o‘z dillaridagi hayajonni yashirmayotgan ikki yoshning baxti va muhabbatiga hasad omuxta bo‘lib ketgandi. Bu qadar g‘ayrioddiy nozik shaklda namoyon bo‘lgan komil muhabbat, cheksiz sadoqat tuyg‘ulari xuddi yolg‘izlik va qashshoqlikdagidek bu qo‘pol odamlardan ming chaqirim narida edi. Nihoyat, yigit bilan qiz o‘zlariga kelib, atrofga razm solishganda, ularga faqat qiziqish bilan qarab turgan odamlarni ko‘rishdi, hech kim ular bilan salomlashmayotgandi, garchi, bu bilib turib qilingandan ko‘ra iymanish tufayli yuzaga kelgan yotsirash va jini suymaslik bo‘lsa-da, ular bilan salomlashish kerakmi, yo‘qligini bu ikkovi ham bilmasdi. Frenxen qo‘rqib ketdi, isitmasi chiqdi, u goh oqarar, goh qizarardi, biroq Sali uning qo‘lidan tutdi-da, bechora qizni yetaklab ketdi, garchi qovoqxonada sho‘x musiqa yangrab, uning juda ham raqs tushgisi kelib turganiga qaramay, uychani qo‘lida ushlagancha, yigitga ergashdi.
— Bu yerda bizning raqs tushishimiz mumkin emas, — dedi Sali, sal nariga borishgach, — bu yerda oxiri baxayr bo‘lmaydigan ko‘rinadi.
— Ha, ¬— g‘amgin dedi Frenxen, — undan ko‘ra raqsni butunlay esdan chiqarib, boshpana g‘amini yeganimiz yaxshiroq bo‘larmidi.
— Yo‘q! — qat’iy dedi Sali. – Sen o‘ynaysan! Senga boshmoqni nega olib berdim bo‘lmasa? Yur, kambag‘al odamlar ko‘ngilxushlik qilayotgan joyga ketdik, axir, biz o‘zimiz ham endi kambag‘almiz-ku. U yerda bizdan hazar qilishmaydi. Bu yerda ehrom bayrami bo‘lsa, “Bog‘i eram”da ham har doim o‘yin-kulgi avjida. U ham yaxshi yerda joylashgan, ketdik, juda bo‘lmasa, sen o‘sha yerdayoq tunay qolasan.
Umrida birinchi marta begona uyda tunashga to‘g‘ri kelishini o‘ylab, Frenxen titrab ketdi, lekin u beixtiyor o‘z yo‘lboshlovchisi ortidan ergashdi, endi u yorug‘ olamdagi o‘zining hamma bor-yo‘g‘ini shu yigitga ishonib topshirgandi.
“Bog‘i eram” qovoqxonasi kimsasiz tog‘ yonbag‘ridagi ajoyib joyda joylashgan bo‘lib, balandlikda chor atrofdan yaqqol ko‘rinib turardi, shunday bo‘lsa-da, bu yerga bayram kunlari faqat mayda odamlar, qashshoq dehqonlarning bolalari, mardikorlar va hatto sayoq qarollar tashrif buyurardi. Bu yuz yilcha burun bir badavlat kimsa qurgan shahar tashqarisidagi uycha bo‘lib, undan keyin hech kim bu yerda yashashni xohlamagandi, hovli boshqa hech narsaga yaramasligidan g‘alati, qo‘rg‘on xarobaga aylana boshladi va oxiri bir qovoqxonachining qo‘liga tushib, u shu yerda kasbi korini yurgiza ketdi. Biroq uy o‘z nomini saqlab qoldi, uning me’morchiligi ham shunga mos kelardi. Bu bir qavat uy bo‘lib, ustiga atrofi ochiq ayvon qurilgan. Ayvon tomini to‘rttala burchagidan qumtoshdan yasalgan to‘rtta qanotli farishta haykali ko‘tarib turardi. Haykallar eskirib, shamoldan yemirilib ketgandi. Ayvon gardida, tomning bo‘g‘oti bo‘ylab yuzlari va qorinlari dum-dumaloq, g‘ijjak, nay, chang va setor chalib turgan, ular ham qumtoshdan qilingan va bir vaqtlar halga bo‘yalgan farishtalar o‘tirardi. Shift, ayvon panjaralari va uyning devorlari quvnoq farishtalar, raqs tushayotgan va qo‘shiq aytayotgan avliyolarni tasvirlovchi rangi unniqqan suvratlar bilan qoplangan edi. Lekin bular bari ro‘yo kabi xira va noaniq ko‘rinardi, bundan tashqari hammayoqni g‘ovlangan uzum zanglari bosib ketgandi, yam-yashil barglar orasida esa g‘o‘ra uzum boshlari ko‘karib turardi. Uy atrofida yovvoyi kashtanlar, sertomir atirgul butalari tikkaygan, boshqa joylardagidek, bu yerlarda ham marjon butalari hammayoqni bosib ketgandi. Ayvon raqs maydoniga aylantirilgandi. Sali bilan Frenxen yetib kelgach, uzoqdanoq ochiq ayvonda yigit-qizlar juft-juft bo‘lib raqs tushayotanini ko‘rishdi, uy atrofida esa quvnoq mehmonlar shovqin-suron bilan xushchaqchaqlik qilishardi. Qo‘lida uychasi — sevishganlarning boshpanasini e’zozlab ko‘tarib olgan ma’yus Frenxen ko‘hna suvratlarda tasvirlanmish cherkov mulozimasini esga solardi, biroq Frenxenning o‘z uyiga ega bo‘lishdek ezgu orzusining amalga oshishi nasib etmagandi. Darvoqe, ayvondan kelayotgan shovqinli musiqani eshitgach, qiz barcha iztiroblarini esdan chiqarib yubordi, u faqat Sali bilan raqs tushishni istardi, xolos. Uy oldida va ichkarida o‘tirgan mehmonlar to‘dasini bazo‘r yorib o‘tishdi, keyin ular zinadan ko‘tarilishdi-da, o‘sha zahotiyoq bir-biridan ko‘z uzmay raqsga tushib ketishdi. Musiqa tingandan keyingina atrofga ko‘z yugurtira boshlashdi. Frenxen uychani g‘ijimlab, majaqlab yuborgandi, biroq achinishga ham ulgurmay yonida paydo bo‘lib qolgan qora g‘ijjakchiga ko‘zi tushdi-yu, kapalagi uchib ketdi. G‘ijjakchi qop-qora tusda bo‘lib, stol yonidagi so‘rida o‘tirardi. Bugun u qalpog‘iga bir nechta archa butog‘ini qistirib olgan edi, oyoqlari ostida esa bir shisha qizil vino va stakan turardi. Garchi o‘ynab, mudom oyoqlari bilan qandaydir raqsni ijro etayotgan bo‘lsa-da, hali biron marta ham vinodan sipqormagandi. Uning yonida kelishgangina, ammo g‘amgin bir valtornali yigit o‘ltirardi, uning ortida esa kontrabasi bilan bukri mashshoq tik turardi. Fijjakchini ko‘rib, Sali ham qo‘rqib ketdi, biroq g‘ijjakchi mutlaqo do‘stona salomlasharkan, dedi:
— Qachon bo‘lsa ham sizlar uchun kuy chalib berishimni bilardim. Shundoq ekan, bemalol o‘ynab-kulaveringlar, qaroqlarim, qani, bitta urishtiraylik-chi.
U Saliga limmo-lim to‘ldirilgan stakanni tutdi va Sali u bilan urishtirib, vinoni oxirigacha sipqordi. Frenxenning qo‘rqib ketganini ko‘rib, g‘ijjakchi muloyimlik bilan uni tinchlantira boshladi va bir nechta kulgili hazillar aytib, kuldirdi. Frenxen qaytadan quvnay boshladi va ikkalasi ham bu yerda tanish odam uchrab qolganidan va g‘ijjakchining maxsus panohida bo‘lganligidan endi xursand edi. Uyda va uning atrofida yangrayotgan, tog‘dan asta-sekin kuz oqshomining kulrang tumaniga chulg‘angan vodiyga taralayotgan qo‘shiq va kuydan, raqsdan sarxush bo‘lib, o‘zini ham, borliqni ham unutgancha raqs tushmoqda edilar. To qorong‘ilik cho‘kib, mehmonlarning kattagina qismi chayqalib, gandiraklab, har tomonga tarqalishmaguncha, yigit va qiz raqsdan bir zum to‘xtamadi. Quvnoq kunga qo‘shimcha ravishda quvnoq tun ham bo‘lishiga umid bog‘lab, faqat uysiz-joysiz qashshoqlargina qolgandi. Ulardan ayrimlari, aftidan, g‘ijjakchini yaxshi tanir edi va o‘zlarining turfa juldur kiyimlarida judayam g‘alati ko‘rinardilar. Ayniqsa, yashil manchesterdan tikilgan kurtka va g‘ijimlangan poxol shlyapa kiygan yigit diqqatni tortar edi. Shlyapasiga u chetan butog‘ining shoxlaridan chambar ilib, kiydirib qo‘ygandi. Uning yonida oq xol-xol olcharang-qizil chit yubka kiygan, boshiga tok zanglaridan chambar qo‘ndirib olgan xushchaqchaq qiz bor edi, uning ikkala chekkasida ko‘m-ko‘k meva g‘o‘ralari osilib turardi. Tinib-tinchimagan bu juftlik raqs tushib va qo‘shiq aytib, davrada charx urardi. U yerda yana eskirgan qora shoyi ko‘ylak kiygan va boshiga uchlari orqasiga tushirib qo‘yilgan oq ro‘mol o‘ragan xushqomat yosh qiz ham bor edi. Qizil chiziqlar tikilgan bu ro‘mol aslida ro‘mol ham emasdi, shunchaki bo‘z sochiq yo salfetka edi, xolos, lekin uning tagida binafshadek juft moviy ko‘z chaqnardi. Bo‘yni va ko‘ksida ipga tizilgan va eng chiroyli marjondan qolishmaydigan, chetan mevasidan qilingan olti shoda munchoq osilib turardi. Qiz yigitlardan birontasi bilan aylanishni qattiq inkor etgancha, nuqul bir o‘zi raqs tushardi. U tamanno bilan yengil harakat qilar va g‘amgin valtornachiga ishva bilan kulib qo‘yar edi, har gal mashshoqning yonidan o‘tganda, u qizga, albatta, burilib qarardi. O‘z erlari bilan u yerda boshqa xotinlar ham bor edi, ularning barchasidan kambag‘allik mana men deb tursa-da, xushchaqchaq va o‘zaro ahil edilar.
Butunlay qorong‘ilik cho‘kkandan keyin esa xo‘jayin shamlarni yoqib qo‘yishga ruxsat bermadi, chunki baribir shamol uchirib yuboradi, dedi u. Bundan tashqari, hademay oy chiqadi, mehmonlaridan oladigan pul esa oy yorug‘idagi joylari uchun arang yetadi. Bu gap hammaga ma’qul tushdi. Butun jamoa ufqni bo‘zartirib chiqib kelayotgan oyni poylagancha ayvon to‘sini yonida to‘planib turdi. Oy ko‘rinib, o‘zining kumush nurlarini “Bog‘i eram”ga socha boshlashi bilan, go‘yo ming shamli chiroq yoritib turgandek, hamma yana shovqinsiz, odob ila quvnoq raqs tusha ketdi. Odatdan tashqari bu oydinda hamma o‘zini bir-biriga yaqin sezmoqda edi. Sali bilan Frenxen umumiy o‘yin-kulgida ishtirok etishdan bo‘yin tovlayolmas edilar va har ikkovi ham boshqalar bilan raqs tushishga majbur bo‘ldi. Biroq har gal birpasgina ajralishib qolganlarida yana bir-biriga qarab uchar va go‘yo yillar bir-birini qidirib, endi topishganday, uchrashganlaridan qattiq sevinib ketar edilar. Sali boshqa qiz bilan raqs tushganda, uning qovog‘i osilib, xomush tortib qolar va dam-badam Frenxenga burilib qarayverardi, qiz esa unga qaramasdan yonidan o‘tib ketar ekan, loladay qizarib, yuzlari yal-yal yonar, kim bilan raqs tushmasin, o‘zini benihoyat baxtli his etar edi.
— Sen rashk qilayapsanmi, Sali? — so‘radi u musiqa tinib, raqslar to‘xtagach.
— Xudo asrasin, — dedi Sali, — men rashk degan narsani bilmayman.
— Bo‘lmasa, boshqa bilan raqs tushganimda nega jahling chiqadi?
— Men bundan jahl qilganim yo‘q. Lekin men boshqa qiz bilan raqs tushsam, xuddi qo‘limda tarasha ushlab turganday bo‘laman. Sen-chi, o‘zingni qanday his etasan?
— Oh-oh, raqs tushayotganimda, agar sening yonimda ekaningni bilsam, o‘zimni arshi a’loda turganday his qilaman. Lekin bordi-yu, sen meni bu yerda yolg‘iz tashlab ketgudek bo‘lsang, o‘lib qolsam kerak.
Ular pastga tushishdi va uy oldiga kelib turishdi; Frenxen ikkala qo‘li bilan Salini ushlab olgancha dag‘-dag‘ titrayotgan sarvdek gavdasi bilan unga yopishib oldi, qaynoq yosh yuvgan olovli yuzini uning yuziga qo‘ydi-da, piqillab yig‘lagancha dedi:
— Biz birga yashay olmaymiz, lekin men sendan bir lahza ham ajray olmayman.
Sali uni quchoqlab, mahkam bag‘riga bosgancha, yuzlaridan o‘pa ketdi. Iztirob ichida u chora qidirar, lekin uni topolmasdi. Bordi-yu, qashshoqlik va oilaviy sharoitlardan yuzaga kelgan o‘tib bo‘lmas to‘siqni bartaraf etish imkoni bo‘lgan taqdirda ham baribir uning yoshligi va intilishidagi tajribasizlik uzoq ikkilanish yukiga bardosh bera olmasdi: bu yoqda yana Frenxenning otasi turibdi — axir, u otani bir umr benavoyu bedavo qilib qo‘ygan! Jamiyatda faqat halol, nopok vijdon gunohi bilan bulg‘anmagan nikohgina baxt ato eta oladi, degan aqida xuddi Frenxen kabi Salining ham dilidan chuqur joy olgan. Har ikkalasi ham rad etgan bu aqida shunday bir nomus tuyg‘usining in’ikosi ediki, u ilgari vaqtlarda ularning oilasida yolqinlanib yongan va otalari o‘zlarining haqliklariga ishongan holda arzimagan xatolik ila o‘chirib, yo‘q qilgan alangaga o‘xshardi. Shu nomus yo‘lida ular hech narsadan tap tortmay, bedarak ketgan bir odamning mulkini bu qadar yengiltaklik bilan o‘zlashtirib olib, o‘z mulklarini kengaytirib olmoqchi bo‘lgan edilar. To‘g‘ri, bunday voqealar har kuni uchrab turadi, biroq vaqt-vaqti bilan taqdir, o‘zgalarga ibrat bo‘lsin, deb, o‘z xonadoni nomusining bunday ashaddiy fidoiylarini yoki keyinchalik, albatta, yo‘q qilib yuboradigan o‘z boyliklari egalarini bir-biriga shunday ro‘para qilib qo‘ydiki, ular bamisoli ikki yirtqich hayvon kabi bir-birining go‘shtini yeydi. Axir, o‘z boyligini ko‘paytiradiganlar na-faqat taxtu tojlarda, balki eng g‘aribona kulbalarda ham xatoga yo‘l qo‘yadilar va ular intilgan maqsad o‘rniga bunisi mutlaqo aksiga ega bo‘ladilar, nomus qalqoni esa ko‘z ochib-yumguncha sharmandalik yaloviga aylanadi. Biroq Sali bilan Frenxen o‘z bolalik yillarini, xonadonlarining gard yuqmagan nomusini, ularni, ya’ni bolalarni qanchalik oq yuvib-oq taraganlari va erkalab suyganlarini eslar edi, ularning o‘ziga to‘q, el ichida obro‘yi baland otalari esa boshqalardan aslo kam emasdi. Keyin bolalar uzoq yil bir-birini ko‘rmadi va ular qayta uchrashganida, o‘tmishdagi baxtli onlar shuurlarida qayta jonlandi, bu esa ular o‘rtasidagi o‘zaro moyillikni yanada kuchaytirib, mustahkam¬ladi. Ular shodlikni, baxtni istar edilar, ammo mustahkam poydevor¬ga qurilgan shodlik va baxtni istar edilar, lekin bu iloji yo‘q narsa ekan. Qaynoq qon esa jo‘sh urardi, ularni tezroq qovushishga chorlardi.
— Mana, tun ham bo‘ldi, — dedi Frenxen, — endi xayrlashishimiz kerak!
— Seni yolg‘iz tashlab, uyga ketaymi? Yo‘q, bu qo‘limdan kelmaydi! — dedi Sali.
— Nima qilibdi? Bir tun o‘tadi-ketadi, bundan yaxshisiga umid qilmasa ham bo‘ladi.
— Men sizlarga bir maslahat bermoqchiman, nodon bolalar, — birdan keskin ovozi yangradi va ularning oldida g‘ijjakchi paydo bo‘ldi. — Mana, sizlar turibsizlar, nima qilishni bilmaysizlar, holbuki, bir-biringizniki bo‘lishni xohlaysizlar. Sizlarga maslahatim: fursatni qo‘ldan bermay, bir-biringizni qanday bo‘lsa, shundayicha oling. Men va do‘stlarim bilan toqqa yuringlar, u yerda sizga na non, na pul, na qog‘oz-hujjatlar, na nomus, na to‘shak kerak bo‘ladi — faqat chin dildan xohlasangiz bo‘ldi! Bizning bu yerlar yomon emas: toza havo va agar ishlasa, yegulik-ichguliklar muhayyo; ko‘m-ko‘k o‘rmon — uyimiz, u yerda yuragimiz qanday amr qilsa, shunday sevamiz, qishda esa issiqqina in kavlab olamiz yoki isingani dehqonlarning pichan g‘aramlari ichiga kirib ketamiz. Hadeb o‘ylab, fol ochishni bas qiling, darhol to‘yni qiling-da, biz bilan birga yuring; shunda barcha tashvishlardan baravar xalos topasiz, abadul-abad yoki o‘zingiz qancha istasangiz, shuncha birga bo‘lasiz, bizning erkin hayotimizda esa, ishonavering, qarib-chiriguncha yashaysiz! Chol otalaringiz menga qilgan yomonliklari uchun o‘ch oladi deb o‘ylamang, tag‘in. Sizlarning bu ahvolda paydo bo‘lganingizni ko‘rib xursand bo‘lsam-da, menga shuning o‘zi yetarli, agar orqamdan yursangiz, men sizlarga yordam berishga tayyorman.
U haqiqatan ham samimiy va do‘stona ohangda gapirmoqda edi.
— Xo‘p, biroz o‘ylab oling-da, agar maslahatim sizlarga to‘g‘ri kelsa, orqamdan yuring. Butun dunyodan etak silking-da, bir-biringizni qo‘lga oling va hech kimdan narsa so‘ramang! Qalin o‘rmon ichidami yoki pichan g‘arami ustidami quvnoq nikoh to‘shagi haqida o‘ylang, agar ochiq havoda sizga juda sovuqlik qilsa!
Shu so‘zlarni aytib u uyiga kirib ketdi. Frenxen Salining quchog‘ida dag‘-dag‘ qaltirardi.
— Sen bunga nima deysan? — so‘radi yigit. — Menimcha, butun dunyodan etak silkib, bir-birimizni bemalol sevib yurganimiz yaxshiroq bo‘larmidi. — To‘g‘ri, bu gapini u jiddiy emas, g‘azablanganidan, hazil tariqasida aytdi. Biroq Frenxen uni o‘pdi-da, soddadillik bilan javob qaytardi:
— Yo‘q, men u yoqqa bormayman, bu hayot menga to‘g‘ri kelmaydi. Valtornalik yigit bilan shoyi yubkali qiz ham aslida do‘stlar; aytishlaricha, ular bir-birini qattiq sevgan ekanlar. Lekin o‘tgan haftada mana shu qiz birinchi marta unga xiyonat qilibdi, yigit sira bunga chidayolmayotgan emish, uning doim qovog‘ini uyib, hammadan, hatto qizdan ham yuzini o‘girib olayotgani sababi shunda ekan, o‘zi esa hammaga masxara bo‘libdi. Qiz o‘ziga quvnoq bir jazo o‘ylab topibdi; bir o‘zi raqs tusharkan, hech kim bilan gaplashmas ekan va shu bilan yigitning ustidan kulgan bo‘larkan. Ko‘rinib turibdiki, sho‘rlik yigit shu bugunoq qiz bilan yarashishga tayyor. Men bo‘lganimda senga xiyonat qilmasdim, bunday savdolar bo‘lib turadigan joyda bo‘lishni ham istamayman, men har qanday qiyinchilikka chidashga tayyorman, faqat seniki bo‘lsam, bas.
Bechora qiz Salining quchog‘ida kuchliroq qaltiray boshladi; qovoqxonadagi beka uni kelin deb bilgan tushki paytdan va u norozilik bildirmay o‘zini shunday tutganidan beri Frenxen kelin kabi ishtiyoq o‘tida yonar edi, ahvollari og‘irlashgan sayin uning qonidagi olov shunchalik kuchliroq va chidab bo‘lmas darajada avj olmoqda edi. Sali ham qattiq hayajonda edi: unga g‘ijjakchining so‘zlari qanchalik kam ta’sir qilmasin, baribir, bu so‘zlar uning qalbini larzaga solmoqda edi va u nochor tutila-tutila dedi:
— Ichkariga kirib, yana biror narsa yeb-ichib olaylik.
Ular qovoqxonaga kirishdi, u yerda g‘aribona dasturxon ustida o‘tirgan bir nechta daydilar jamoasidan boshqa hech kim qolmagandi.
— Ana, bizning kelin bilan kuyovimiz! — qichqirdi g‘ijjakchi. — O‘ynanglar, kulinglar, aytmoqchi, kelinglar, biz ularni nikohlab qo‘yamiz.
Ularni zo‘rlab stol atrofiga o‘tqazishdi, o‘zlaridan o‘zlari xalos topish niyatida ular bunga itoat etishdi. Ozgina vaqtga bo‘lsa-da, odamlar qurshovida bo‘lishdan ikkovi ham xursand edi. Sali vino va mo‘l-ko‘l ovqat buyurdi. Umum xushchaqchaqlik boshlandi. Qayg‘uli mashshoq o‘zining bevafo yori bilan yarashib olgan bo‘lib, ikkalasi ochko‘zlik ila bir-birini yalab-yulqashmoqda edi. Ikkinchi jo‘shqin juftlik ham yeb-ichar, qo‘shiq aytar va muhabbatlarini oshkora namoyon etar edi. Fijjakchi bilan bukri kontrabaschi bo‘lsa jon-jahdlari bilan dunyoni boshiga ko‘tarib shovqin solardi. Sali bilan Frenxen jimgina quchoqlashib o‘tirishdi. Birdan g‘ijjakchi jim bo‘linglar, deb hammani o‘ziga qaratdi va nikoh rasm-rusmlari ifoda etuvchi hazilomuz marosimni boshqarishga kirishdi. Sali bilan Frenxen bir-birlarining qo‘lidan ushlashga majbur bo‘lishdi va hamma navbati bilan ularning nikohlarini qutlash uchun yonlariga kela boshladi. Garchi ular bir og‘iz ham so‘z aytib, qarshilik ko‘rsatmagan va bunga hazil deb qarashayotgan bo‘lsalar-da, vujudlarini goh alanga olar, goh ustlaridan muzdek suv quygandek bo‘lmoqda edi.
O‘tkir vinodan junbushga kelgan choqqina jamoa tobora shovqin solib, haddidan oshib borar edi, biroq to‘satdan g‘ijjakchi eslatib qoldi:
— Biz uzoqqa borishimiz kerak, — dedi u, — bu yog‘i esa yarimi tun bo‘lib qoldi. Jo‘nash kerak. Kelin bilan kuyovni kuzatib qo‘yaylik, men esa oldinda boraman va hammasi rasamaddagiday bo‘lishi uchun harakat qilaman.
Nochor va yolg‘izlikdan, buning ustiga boshqa iloji yo‘qligidan Sali bilan Frenxen butunlay sarosimaga tushib, bu gal ham bo‘ysunishga majbur bo‘lishdi. Ularni oldingi safga qo‘yishdi, qolgan ikkala juft esa ularning ortidan marosimni tashkil etishdi, eng oxirida kontrabasini yelkasiga olib olgan bukri kelardi. To ular tog‘dan tushguncha, birinchi bo‘lib boshlagan qora mashshoq yo‘l bo‘yi telbalarcha soz chaldi, qolganlar esa uning ortidan ergashib kular, qo‘shiq aytar va raqs tushardi. Shu tariqa bu tungi marosim tinch dalalar bo‘ylab ketaverdi va odamlari allaqachon uxlab qolgan Sali bilan Frenxenning qadrdon qishlog‘i ichidan yurib o‘tdi.
Ular uchun endi yo‘q bo‘lgan qadrdon uylari ko‘chasidan jimgina yurib borisharkan, to‘satdan vujudlarida oshkora xurramlik tuyg‘usi jo‘sh urib ketdi, ular aralash-quralash bo‘lib raqs tusha, bir-birini o‘pa ketishdi, bir kulib bir yig‘lar edilar. Shu raqs tushgancha ular g‘ijjakchi boshlab borgan va haligi uch dala yastanib yotgan tepalik ustiga ko‘tarilishdi va o‘sha yerda — tepalik cho‘qqisida — qora yigit yana torlarini jaranglata ketdi va arvohday chir aylana boshladi, uning hamrohlari esa chaqqonlikda undan qolishmasdi, xullas, sokin tepalik dev-ajinalar bazm quradigan ovloq maskanga aylandi-qo‘ydi. Hatto bukri mashshoq ham harsillagancha yelkasidagi yuki bilan irg‘ishlamoqda edi, aftidan, endi hech kim bir-biriga e’tibor qilmay qo‘ygandi.
Sali Frenxenni mahkam quchoqlab oldi va uni to‘xtashga undadi: u birinchi bo‘lib o‘ziga kelgandi. Jim bo‘lishi uchun u qizning labidan qattiq o‘pdi, chunki Frenxen butunlay o‘zini yo‘qotib, ovozi boricha baqirib qo‘shiq aytardi. Nihoyat, u yigitning maqsadini angladi va jimgina quloq solgancha to to‘y marosimi shovqini ularning yo‘qligini payqamay, daladan o‘tib, daryo sohili ortidan ko‘zdan g‘oyib bo‘lgunga qadar qimir etmay turishdi. Biroq hamma shovqin o‘rnini chuqur sukunat egallab olguncha g‘ijjak, qizlar kulgusi va yigitlarning qichqiriq ovozlari uzoq vaqtgacha tun qo‘ynida jaranglab turdi.
— Ulardan qutuldik-a, — dedi Sali, — lekin o‘zimizdan o‘zimiz qanday qutulamiz? Bir-birimizdan qanday ketamiz?
Frenxen biron-bir narsa deb javob qaytarishdan ojiz edi, og‘ir nafas olgancha, yigitning bo‘ynidan quchdi.
— Senga boshpana berishlari uchun qaytib seni qishloqqa kuzatib qo‘yib, odamlarni uyg‘otaymi? Ertaga sen o‘z yo‘lingga ketasan va hammasi joy-joyiga tushadi, sen hammasining uddasidan chiqasan.
— Sensiz nimaning uddasidan chiqardim?
— Meni unut endi!
— Hech qachon! Sen-chi? Sen meni unuta olasanmi?
— Gap bunda emas, jonginam! — javob berdi Sali, qizning ko‘kragiga bosib turgan yoniq yuzini erkalab silagancha, — endi faqat sen to‘g‘ringda gapiramiz, sen ham juda yoshsan, oldingda barcha yo‘llar ochiq.
— Sening oldingda yo‘l yo‘qmi, qariya?
— Ketdik, — dedi Sali va uning qo‘lidan tutdi.
Biroq ular bir necha odim tashlashdi-da, bir-birini bag‘riga bosish va erkalash uchun yana to‘xtashdi. Dunyoni chulg‘agan sukunat ularning qalbida qo‘shiq aytar va sado berardi. Faqat pastda sekin oqayotgan daryo mavjlarining bosiq erkalagansimon chapillashlari quloqqa chalindi.
— Atrof qanchalik mo‘jizakor-a? Eshitayapsanmi, g‘alati qo‘shiq yoki qo‘ng‘iroq jarangiga o‘xshagan bir tovush kelayapti.
— Bu daryoning shovqini. Tevarak-atrof suv quygandek jimjit.
— Yo‘q, yana nimadir jaranglayapti — bu yerda, u yerda, uzoqlarda. Hammayoqda…
— Menimcha, bu tomirlarimizda oqayotgan o‘z qonimiz shovqini bo‘lsa kerak.
Ular yana bir necha lahza buyuk sukunatdan paydo bo‘layotgan va ularning nazarida bir-biriga qorishib ketayotgan tasavvurdagi yoki haqiqiy tovushlarga quloq solib turishdi. Tovushlar yaqin va uzoqlarda, vodiy uzra yer bag‘irlab yastlanayotgan oppoq kuz tumani bo‘ylab oyning sehrli harakati bilan omuxta bo‘lib ketmoqda edi.
Birdan Frenxen nimanidir eslab qoldi: u siynabandini kavlay boshladi va dedi:
— Men senga esdalik uchun bir nima olib qo‘ygan edim.
U oddiy bir uzukni yigitga tutdi va o‘zi Salining barmog‘iga taqib qo‘ydi.
Sali ham o‘zining uzugini sug‘urdi-da, uni Frenxenning barmog‘iga taqib, dedi:
— Demak, ikkimiz ham bitta narsani o‘ylab turgan ekanmiz-da.
Frenxen qo‘lini ko‘tardi-da, oyning oppoq nurida uzukni tomosha qila boshladi.
— Oh, qanday chiroyli uzuk ekan, — dedi u kulib. —Demak, endi biz nikohdan o‘tdik va bir-birimizniki bo‘ldik. Cen mening erimsan, men esa sening xotining. Oy yonidagi hov anavi bulut tarqaguncha yoki biz o‘n ikkigacha sanagunimizcha hech bo‘lmaganda shunday tasavvur qilaylik. Meni o‘n ikki marta o‘p.
Sali ham, ehtimol, Frenxen uni qanchalik kuchli sevsa, shunchalik sevardi, biroq nikoh haqidagi masala nikohdagi qandaydir “yo o‘lish, yo qolish”ni ko‘rguvchi Frenxen uchun o‘tkir bo‘lib tuyulganidek, Sali uchun ortiqcha muammo bo‘lib ko‘rinmayotgandi. Faqat qizgina hayot yoki o‘lim bilan nihoyalanishini u yoki bu tarzda o‘ta qat’iyat ila muqoyasa qilish va his etish qobiliyatiga ega edi. Biroq endi, nihoyat, uning ko‘z oldidagi parda ochildi, qizda alanga olgan ayollik tuyg‘usi Salida jilovlab bo‘lmas xohish qiynog‘ini uyg‘otib yubordi va alangali yorqinlik uning idrokini yog‘duga chulg‘adi. Garchi u ilgari ham Frenxenni bag‘riga bosib erkalagan bo‘lsa-da, endi bu mutlaqo boshqacha, yanada jo‘shqinroq tus olib, qizni bo‘salarga ko‘mib tashladi. O‘zi ham ishtiyoq o‘tida yonib turgan bo‘lishiga qaramay, Frenxen shu zahotiyoq bu o‘zgarishni sezib qoldi, uning a’zoyi badani titrab ketdi va oy oldidagi haligi parcha bulut tarqalishiga ulgurmasdan bu tuyg‘u unga o‘tib bo‘lgandi. Ular bir-birini ehtiros bilan erkalar va quchar edilar, ularning uzuk bezagan qo‘llari uchrashdi-da, go‘yo o‘zidan-o‘zi baxtiyor ravishda nikoh ado etgan kabi mahkam chatishib ketdi. Salining yuragi goh gurs-gurs tepar, goh jim bo‘lib qolardi, u eshitilar-eshitilmas, og‘ir hansiragancha shivirlab, dedi:
— Endi bitta ishimiz qoldi, Frenxen. Hoziroq to‘yimizni nishonlaymiz-da, hayotdan ketamiz — anavi yerda chuqur daryo bor, u yerda bizni hech kim bir-birimizdan judo qilolmaydi, ozgami, ko‘pgami, bizlar qovushganimizdan keyin buning hech qanday ahamiyati qolmaydi.
Frenxen ham dangal javob qaytardi:
— Sali! Sen aytayotgan narsani men allaqachon o‘ylab qo‘yganman va o‘zimcha bir qarorga kelganman: biz allaqachon o‘lishimiz kerak edi va shunda barcha musibatlar bizdan nari bo‘lardi. Sen bilan shu yo‘ldan borishga tayyorman deb ont ich!
— Xuddi shunday bo‘ladi ham! — o‘zini yo‘qotib xitob qildi Sali. — O‘limdan boshqa narsa Frelimdan judo qilolmagay!
Frenxen yengil nafas oldi, ko‘zlaridan sevinch yoshlari tirqiradi; u sapchib o‘rnidan turdi-da, dala bo‘ylab qush kabi daryo tomon uchib ketdi. Mendan qochib ketayapti degan xayolda Sali uning orqasidan yugurdi; Frenxen ham meni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lib, chopib kelayapti degan xayolga bordi; shu tariqa ular bir-birini quvlashga tushib ketishdi; Frenxen tutqich bermay qochayotgan bola kabi nuqul kulardi.
— Sen o‘z ahdingdan pushaymon qilayapsanmi? — so‘radi ular baravariga, daryo bo‘yiga yetib kelib, bir-birini tutib olgach.
— Yo‘q, bundan faqat xursand bo‘layapman, xolos, — baravariga javob berdi ikkalasi ham.
Barcha tashvishlardan qo‘l silkib, ular suv oqimidan o‘zgancha, qirg‘oqdan yurib ketishdi — ular boshpana uchun yaraydigan joyni topishga shoshmoqda edilar; endi esa ehtiros ichida ular qarshilarida visol bag‘ishlovchi farog‘at manbaini ko‘rib turar edilar, qolgan umrning barcha ma’no va mazmuni shunga jam bo‘lgan edi; undan keyin nima bo‘lmasin — o‘limmi, halokatmi, — shamol epkiniday arzimas, hech narsadir, beg‘am isrofgar oxirgi bisotini tugib qo‘yib, ertangi kungi tirikchilik haqida o‘ylaganidan ko‘ra ham ular bu haqda o‘ylar edilar.
— Gullarim mendan ilgariroq otni qamchilab qolibdi! — dedi Frenxen. — Qara, ular butunlay so‘lib, tugab bo‘libdi.
U ko‘ksidagi gulchambarni oldi-da, uni suvga tashladi va baland ovozda kuylay boshladi:
— Senga bo‘lgan ishqim bodomdan totli!
— To‘xta! — dedi Sali. — Shu yerda sening nikoh to‘shaging bor.
Ular qishloqdan daryoga olib boradigan katta yo‘lga borishdi, u yerda tepasigacha pichan ortilgan katta sol bog‘lab qo‘yilgan suv qo‘nalg‘asi joylashgandi. Keskin shiddat bilan u baquvvat arqonlarni yecha boshladi. Frenxen kulib, uni quchoqlab oldi:
— Nimalar qilayapsan? Nahotki, so‘nggi damda dehqonning pichanli solini o‘g‘irlamoqchi bo‘lsak?
— Bu ularning bizga beradigan sepi bo‘ladi — suzuvchi go‘shanga va to‘shak, bunaqasi hali bironta kelinga nasib qilgan emas. Dehqonlar esa o‘zlarining bisotlarini daryodan, baribir suv oqizib boradigan huv quyiroqdan topib olishadi, ular hatto buning qanday sodir bo‘lganini tushunolmay ham qoladilar. Qara, sol allaqachon chayqalib, suzib ketishga chog‘lanayapti.
Sol qirg‘oqdan bir necha qadam narida, xiyla chuqur joyida turardi. Sali Frenxenni baland ko‘tarib oldi-da, suvda odimlay ketdi. Biroq qiz uning qo‘lida baliq kabi tipirchilab, yigitni jon-jahdi bilan erkalay boshladi va Sali tez oqayotgan suvda muvozanatini yo‘qotib qo‘ydi. Qiz yuz va qo‘llarini suvga tiqishga harakat qilar ekan, shunday dedi:
— Men ham muzday suvda suzgim kelayapti, esingdami, biz birinchi marta bir-birimizga suv berganimizda ham qo‘llarimiz shundoq ho‘l bo‘lib, muzlab qolgandi? Biz o‘shanda baliq tutgan edik, endi esa o‘zimiz baliq bo‘layapmiz, katta-katta, chiroyli-chiroyli baliqlarmiz!
— Tinchlan, jajjigina shumtaka qiz, — iltimos qildi Sali, u to‘lqinlar va mahbubasi bilan olishgancha oyoqda zo‘rg‘a turardi, — bo‘lmasa, oqim meni surib ketadi!
U qizni solga chiqarib qo‘ydi va o‘zi ham Frenxenning ortidan o‘sha yerga ko‘tarildi; keyin u qizni baland qilib bosilgan xushbo‘y, yumshoq pichan ustiga yotqizib qo‘ydi-da, o‘zi ham tirmashib u yerga chiqdi. Ikkalasi tepaga o‘ltirib olgach, sol asta-sekin daryo o‘rtasiga surilib bordi va asta burilib, oqim bo‘ylab suzib ketdi.
Daryo goh uni soyasi ostiga olgan qop-qora o‘rmonlar orasidan, goh ochiq maydon bo‘ylab, uxlab yotgan qishloqlaru yolg‘iz kulbalar yonidan oqib o‘tar, goh sokin ko‘l kabi tinch ko‘rinar edi. Shunda sol qariyb bir joyda turib qolganga o‘xshardi, goho esa g‘aflatdagi qirg‘oqlarni tezda ortda qoldirib, kuch bilan borib, qoyaga urilar edi.
Tong bo‘zara boshlaganda, kumushrang daryo ufqidan shahar minoralari ko‘zga tashlana boshladi. Botayotgan zarrin oy oqim bo‘ylab uzun yorqin iz tashlab turardi, ana shu nurli chiziqni ko‘ndalangiga kesgancha sol ko‘rindi. Sovuq kuz tongida, u shaharga yaqinlashay deb qolganda, ikki oppoq tana bir-birini mahkam quchoqlagancha solning qop-qora bag‘ridan muzdek to‘lqinlar orasiga sirg‘alib tushdi.
Birmuncha muddatdan keyin sol eson-omon ko‘prikkacha yetib keldi-da, to‘xtab qoldi. Keyin daryoda, shahardan quyiroqda jasadlar topilib, kimligi aniqlangach, gazetalar muttassil bir-biriga tish qayrab kelgan, haddan tashqari kambag‘al, xonavayron bo‘lgan oilalardan chiqqan ikki guldek yoshning suvdan o‘liklari topilgani haqida xabar e’lon qilishdi, bungacha ular poshsholik bayrami bo‘lib o‘tgan qishloqda qariyb kun bo‘yi raqs tushib, xushchaqchaqlik qilishgan ekan. Bu hodisa egasining ruxsatisiz shahargacha suzib kelgan pichanli sol bilan bog‘liqligi e’tiborni tortdi. Oshiq-ma’shuqlar solda o‘zlarining mudhish, nopok nikoh marosimlarini nishonlash maqsadida uni o‘g‘irlab qochganlar — bu yoshlardagi axloqsizlik va beboshliklar qay darajada avj olganligini yana bir karra isbotlaydi.
Ruschadan Amir Fayzulla va Gulnora Muhammadyorova tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 5-son