Men o‘n besh yildan beri qiyofasini ham unutib yuborayozgan eski qadrdonim Saymon Radevin bilan uchrashishga ketayotgan edim. Yoshlik chog‘larimiz hamon yodimda… U fikrimni bir qarashda o‘qiy oladigan, uzoq, sokin va shodon tunlarni birga bo‘lishadigan, bir-biriga o‘zining muhabbat sururi sirlarini hikoya qiladigan, men uchun benihoya qadrdon bo‘lgan do‘stim edi.
Necha yillar davomida biz umuman ajrashmadik; birga yashadik, sayohat qildik, birga o‘y surib, birga orzular og‘ushiga sho‘ng‘idik; qiziqishlarimiz ham bir xil, bir xil kitoblardan zavq olardik; bir xil mualliflarni tushunib, bir xil hislar girdobida suzar edik; Birgina qarash orqali bir-birimizni batamom tushunib, tez-tez bir xil shaxslar ustidan kular edik.
Keyin u oila qurdi. Mutlaqo kutilmaganda, u Parijga yor izlab kelgan provinsiyalik kichkina bir qizga uylandi. Men hayratda edim. Qanday qilib shunchalar ozg‘indan kelgan, o‘zicha haqiqatgo‘y qiz o‘zining nimjon qo‘llari, tusi, ma’nosiz ko‘zlari va yuz minglab juftini topish dardidagi qo‘g‘irchoqlardek g‘alati, yoqimsiz tovushi bilan shunday bilimdon, aql-farosatli yosh yigitni o‘z domiga ilintira olishi mumkin? Axir bu qanday sodir bo‘ldi? Bunga aqlim bovar qilmasdi. Saymon shak-shubhasiz go‘zal, nozik va vafodor xotin qaramog‘ida baxtli, shunchaki oddiy, osoyishta va uzoq – mustahkam baxtni umid qilar edi. U bularning barchasini oq-sariq sochli ana shu qizning qiyofasida ko‘rdi.
Saymon ahmoqona haqiqatni anglab yetganida esa kech bo‘lishi, shu paytga borib, jo‘shqin, xushchaqchaq, betinim odamning dunyo ishlaridan ko‘ngli allaqachon bezib bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylamas edi. U hech narsaning faxmiga yetmaydigan, ko‘pol insonga aylanib borardi.
* * *
Saymonni qayta uchratganida taniy olramikan-a? Hanuz xushchaqchaq, dono, quvnoq va g‘ayratli yigitmi, yoki qishloq hayotiga ko‘nikkancha ruhiy qotib qolgan insonmikan? Odam o‘n besh yil ichida nihoyatda katta o‘zgarishlarga yuz tutishi mumkin.
Poyezd kichik stantsiyaga to‘xtadi. Vagondan tushganim zahoti, baqaloq, qizil yonoqli juda semiz kishi o‘zining katta qorni bilan “Jorj!” deya hayqirgancha, men tomonga shoshildi. Men uni quchdim-u ammo taniyolmadim. So‘ng hayrat bilan so‘zladim:
– O, Xudoyim! To‘lishib ketibsanmi?
U kulgancha javob qaytardi:
– Nima deb o‘ylaganding? Yaxshi turmush, yaxshi stol va yaxshi oqshomlar! Yemak va uyqu bilan men tirikman!
Men uchun qadrdon bo‘lgan hislatlarni topish ilinjida uning keng yuziga diqqat bilan tikildim. Faqatgina uning ko‘zlari o‘zgarmagan edi xalos. Ammo ularda ifodalangan ma’noni qayta ko‘rolmasdim.
“ Agar ifoda – aqlning aksi bo‘lsa, bu boshdagi fikrlar men yaxshi bilgan avvalgi betakror mulohazalardan tubdan farq qilar edi”, – hayoldan o‘tkizdim men.
Uning ko‘zlaridan hanuz baxt va do‘stlik nafasi ufurib turardi. Biroq ularda o‘tkir zehnni namoyon etadigan sof aqliy ifoda yo‘q edi. To‘satdan u so‘z qotdi:
– Bular mening ikki to‘ng‘ich farzandlarim.
Deyarli ayol qiyofasidagi o‘n to‘rt yashar qiz va litsey bolasi kiyimini kiygan o‘n uch yoshli o‘g‘il qat’iyatsizlik va beso‘naqay tarzda oldinga yurdi.
– Ular senikimidi? – so‘radim baland ovozda.
– Ha, albatta, – deya kuldi u.
– Nechta bo‘ldi ular?
– Beshta. Qolgan uchtasi uyda.
U buni faxr bilan, o‘ziga ishongan holda deyarli tantanavor ohangda e’lon qildi. O‘z xilini yaratgan bu oddiy va maqtanchoq kishiga nisbatan biroz nafrat aralash chuqur achinish hissini tuydim.
Men uning o‘zi boshqarayotgan aravaga chiqdim. So‘ngra ko‘chada izg‘ib yurgan bir necha itlar va ikki-uchta xizmatkorlarni hisobga olmaganda bo‘m-bo‘sh, zerikarli, g‘aflat bosgan ma’yus shaharcha bo‘ylab jo‘nab ketdik. Yo‘l chetidagi do‘kon eshigi oldida turgan sotuvchi unga shlyapasini yechdi. Saymon ham uning salomiga alik olib, menga o‘sha kimsaning ismini aytdi. U menga barcha aholini shaxsan bilishini ko‘z-ko‘z qilishdan maqsad, shubhasiz, provinsiyaning fidoiylari qatori deputatlar palatasiga nomzod bo‘lishni o‘ylayotgani miyamga urildi.
Shaharchadan chiqib, arava park nusxasidagi boqqa burildi va qal’asimon ko‘rinishdagi minorali uy oldida to‘xtadi.
– Mana shu mening kulba-i vayronam, – dedi Saymon mendan bu borada xushomad qilishimni kutib.
– Juda jozibador, – javob berdim men.
Mehmonlar uchun kiyinib olgan, ziyofatchasiga aytganda – barcha tayyorlarni hozirlagan xonim zinada paydo bo‘ldi. U endilikda men o‘n besh yil avval cherkovda ko‘rgan oq-sariq sochli, xamiri achimagan qiz emasdi. U beqaror yoshdagi xonimlar singari aql – farosat tugul, umuman ayollik sifatlarini beradigan fazilatlardan mosuvo bo‘lgan jingalak, to‘lqin sochli semiz juvon edi. Gapning po‘st kallasini aytganda, bu mushtipar xomsemiz – volida-i muhtarama nomiga sazovor bo‘lib, bolalari va taomnomasidan bo‘lak tashvishi yo‘q inson naslini yaratuvchi mashina edi xalos.
U meni do‘stona qarshiladi. Keyin biz huddi shahar hokimi oldida turgan o‘t o‘chiruvchilarni eslatuvchi uch nafar bola bo‘yma-bo‘y saflangan zalga kirdik.
– Oho‘, demak, bular qolganlari bo‘lsa kerak? – dedim men.
Sevinchga to‘lgan Saymon ularni tanishtirdi:
– Jan, Sofi va Gontran.
Mehmonxona eshigi ochiq edi. Ichkariga kirgach, kreslo qa’riga cho‘kkancha titrayotgan nimagadir, odam, qariya, falaj kishiga ko‘zim tushdi. Madam Radevin oldinga yurib so‘zladi:
– Taqsir, bu mening dadam. U sakson yetti yoshda.
So‘ngra u qaltirayotgan cholning qulog‘iga baqirib gapirdi:
– Dada, bu Saymonning do‘sti.
Chol menga “xayrli kun” tilashga harakat qilib, ming‘illadi:
– Oua, oua, oua……
– Juda oqko‘ngil ekansiz, janob, – dedim men uning qo‘lini siqib, joyimga o‘tirgancha.
Shu payt Saymon kirib kelib, kulgancha so‘z boshladi:
– Shunday qilib, boboy bilan ham tanishib olibsizlar-da. U xazina. Bu qariya bolalar quvonchidir. Biroq u ovqat desa, jonini berishga tayyor darajada ochko‘z. Aqlingga sig‘dirolmaysan, qo‘yib bersang indamasdan hamma narsani paqqos tushiraveradi. Ko‘rasan, hali ko‘rasan. U shirinliklarga go‘yo to‘p-to‘p qizlarga qaragandek tikiladi. Bunchalik kulgili holatni hali ko‘rmaganing tayin gap. Hozir bunga o‘zing guvoh bo‘lasan!
Kechki ovqatgacha kiyimlarimni almashtirib olish uchun xonamni ko‘rsatishdi. Orqamdagi zinada qattiq tapir-tupur ovozlar eshitildi. O‘girilib qarasam, barcha bolalar, shubhasiz iltifot yuzasidan, otasi ortidan menga ergashib kelishardi.
Xonam derazalari g‘amgin, cheksiz tekisliklar, okean o‘tlari, bug‘doy va sulizorlar tomonga, bironta daraxtlarsiz, yoinki tepaliklari yo‘q, huddi ushbu uyda hukmron bo‘lishi kerakdek ajablanarli va ma’yus sur’atlar tarafga qarab turardi.
Qo‘ng‘iroq chalindi. Bu kechki taomga chorlov edi. Pastga tushdim. Madam Radevin tantanali ravishda mening qo‘limdan tutib, ovqatlanish xonasiga boshladi. Xizmatkor esa cholni aravasida g‘ildiratib keldi. U titroqli boshini qiyinchilik bilan u taomdan bunisiga burib, shirinliklarga ochko‘zlik va qiziqish bilan tikildi.
Saymon qo‘llarini ishqalab, “Hali ko‘p hayron qolasan” dedi. Ochofat buvalarining holatidan ko‘nglim bo‘shaganini sezgan bolalar onasi jilmaygancha yelkasini qisib qo‘ygach, kulishni boshlashdi. Saymon esa qo‘llarini karnay qilib, qariyaga baqirdi:
– Bu kecha dasturxonga shirin quyultirilgan guruch ham tortiladi.
Buvaning burushgan yuzi yorishib, tushungani va juda xursandligini ko‘rsatib, boshdan oyoq yanada qattiqroq titradi. Kechki ovqat boshlandi.
– Ana senga tomosha! – shivirladi Saymon.
Chol sho‘rvani yoqtirmay, uni yeyishdan bosh tortdi. Ammo sog‘ligi uchun buni qilishi shart edi. Xizmatkor uning og‘ziga qoshiqni majburlab solgandi hamki, qariya uni yutmaslik uchun chaqqonlik bilan huddi purkagichdek butun stol va yonida o‘tirganlarga qaratib purkab, rasvo qildi.
“Juda hazilkash qariya-a?!” deya rohatlanayotgan otalari kabi bolalar ham qotib-qotib kulishardi.
Kechki ovqat davomida ular faqat cholni kuzatish bilan ovora bo‘lishdi. U dasturxondagi taomlarni ko‘zlari bilan ochofatlarcha yamlab, titroq qo‘llari bilan ularni o‘ziga tortib, ushlab olishga intilardi. Uning foydasiz urinishlari, narsalarni qaltiragancha ushlab olishi, tabiatining achinarli ko‘rinishi, taomni hidlagandagi og‘zi va burni, ko‘zlarini tomosha qilish istagida ular yemaklarni yanada yaqinroq qo‘yishdi. U sabrsizlik bilan noaniq xirillaganida, stoldagi qo‘l sochig‘iga og‘zidagi so‘lagi oqib tushdi. Butun oila bundayin jirkanchli va g‘alati tomoshadan hayratda qotib qolishdi.
Birozdan so‘ng, ular cholning likopchasiga mittigina shirinlik bo‘lagini qo‘yishdi. Qariya imkon qadar ko‘proq olish maqsadida nafsibuzuqlik bilan uni paqqos tushirdi. Quyultirilgan guruch keltirilgach, u deyarli talvasaga tushib, ochofatlarcha ingradi. Gontran ovozini balandlatib dedi:
– Siz juda ko‘p yeb qo‘ydingiz. Boshqa yemasligingiz kerak.
Ular cholga ortiq bermaslikni ishora qilishdi. Chol esa baqira boshladi. Bolalar qiqirlab kulgani sayin , qariya avvalgilaridan-da kuchliroq qaltirab, yig‘lardi. Vanihoyat uning oldiga bir bo‘lak ulushini qo‘yishdi. U bir tishlamni yeyayotganida tomog‘ida kulgili tovush chiqardi; Juda katta bo‘lagini yutayotganida esa bo‘yni huddi o‘rdaklarniki kabi harakatlandi. Uni yeb bo‘lgach, yana berishlari uchun oyoqlarida depsina boshladi.
Bu achinarli va kulguli Tantalaga rahmim kelib, unga yon bosdim:
– Keling, unga yana birozgina guruch bering!
– O, yo‘q! Do‘stim, ko‘p yeyish , bu yoshida unga xavf tug‘dirishi mumkin, – darhol javob qaytardi Saymon.
Men tilimni tiygancha, bu so‘zlar mag‘zini chaqa boshladim. O, odob-ahloq! O, mantiq! O, zakovat! Uning bu yoshida emish! Go‘yoki uning sog‘ligi haqqi-hurmati, ular cholning yagona lazzatidan judo qilishmoqda! Uning sihat – salomatligi emish! U nimjon va qaltiroq abgori bilan buni boshiga o‘radimi?! O‘zlaricha qariyaning hayotiga g‘amxo‘rlik qilayotgan emish! Uning hayoti? Necha kun? O‘n, yigirma, ellik yoki yuz? Nega? Faqat uni o‘ylabmi? Yoki oilada cholning ojizona ochko‘zlik tomoshasini uzoqroq vaqt saqlab turish uchunmi?
Uning bu hayotda qiladigan hech qanday ishi qolmadi, mutlaqo hech qanday… Uning birgina istagi – yolg‘iz lazzatigina bor. Nima uchun mana shuni unga to o‘limiga qadar ehson qilishmaydi?
Uzoq cho‘zilgan qarta o‘yinidan keyin, xonamga ko‘tarilib, uxlashga yotdim. Ruhim ancha cho‘kkan… ma’yus, ma’yus, ma’yus edim! Derazam oldiga cho‘qdim. Tashqarini sukunat qoplagandi. Ammo yiroq-yiroqlardagi daraxtda sayrayotgan qushning go‘zal xonishi quloqqa chalinardi. Qush tuxumlari ustida uxlayotgan o‘z juftiga orom berib, shubhasizki, tun bo‘yi past ovozda kuylab chiqardi. Ko‘z oldimda besh farzandi va beso‘naqay xotini yonida xurrak otayotgan bechora do‘stim gavdalandi.
Ingliz tilidan Gulnoz Mamarasulova tarjima qildi.