Aziz Nesin. Da’vodan kechasizmi? (hikoya)

Qahvaxonada kimdir birovni «sharaq» etib tushirib qoldi. Gap-so‘z bo‘linib, o‘yin to‘xtadi. Hamma shapaloq ovozi kelgan stol tomonga o‘girildi. Tarsaki yegan odam barvasta, yo‘g‘onu, urgan odam cho‘pdek ingichka, nimjon ekan. Yo‘g‘on odamning chap betiga tushib qolgan besh panja iziga qarab ham politsiya uni kim urganini bilib olishi mumkin.
Hamma, yo‘g‘on odam hozir o‘sha qo‘l ko‘targan mijg‘ovni tagiga bosib, itdek savalaydi, deb o‘yladi. Ammo kutilgandek bo‘lmadi.
— Javobgarlikka tortaman! — deb bo‘kirdi yo‘g‘on odam.
Birov bir nima demadi.
— Hammangiz ko‘rdingiz-a, — dedi u yana o‘tirganlarga qarab.
Shundan keyin u bo‘yi yelkasidan kelmaydigan boyagi ingichkaga o‘girilib:
— Qani, yur politsiyaga! — dedi.
Tarsaki urgan odam xira pashshani haydamoqchi bo‘lgandek qo‘lini siltab:
— Bor-e! — deb qo‘ydi.
Yo‘g‘on lapanglab ko‘chaga yugurdi.
Qahvaxonada o‘tirgan odamlar yana o‘yinga sho‘ng‘ib ketishdi.
Oradan sal o‘tgach, boyagi yo‘g‘on odam yonida bir politsiyachi bilan kirib keldi-da, ingichkani ko‘rsatib!
— Mana shu, meni urgan! — dedi. Keyin o‘tirganlarni ko‘rsatdi. — Bular guvoh!
Politsiyachi qo‘shni stolda o‘tirgan to‘rt kishini ingichkaning yoniga qo‘shib, idorasiga haydab ketdi.
Politsiya bo‘limiga kirgach, yo‘g‘on odam haliyam lavlagidek qizarib turgan chap betini ko‘rsatib:
— Manavi odamni javobgarlikka torting, komissar to‘ra, meni urdi. Bular ham guvoh, — dedi.
Qomissar urgan bilan kaltak yeganning, shuningdek to‘rttala guvohning kimligini surishtirib, yozuv mashinkasida qog‘ozga tushirtirdi.
Da’vogar aybdor bilan tanish emasligini aytdi.
— Bizlar hech nima ko‘rganimiz yo‘q, — deyishdi guvohlar.
— Shapaloq ovozini ham eshitmadingizmi? — so‘radi ularga qarab yo‘g‘on odam.
Guvohlarning to‘rttoviyam «bizlar hech nima ko‘rganimiz ham, eshitganimiz ham yo‘q» deb turib olishdi.
Shu orada ingichka odamning o‘zi:
— Men tonmayman, bu kishini urganim rost, bo‘ynimga olaman, — deb yubordi.
— Xo‘sh, nimaga urdingiz? — dedi unga qarab komissar. — Orangizda biror gap o‘tganmi? Yoki bu odam sizni haqorat qildimi?
— Nima gap o‘tardi, men bu odamni umuman tanimayman.
— Bo‘lmasa nega urdingiz?
— Gap bundoq, — dedi ingichka. — Kecha kechqurun to‘g‘ri ishdan chiqib uyga keldim. Uyda chiroq yo‘q ekan, o‘chirib ketishibdi. Pulini to‘lamagan edik. Qorong‘ida o‘tirdik. Tuni bilan mijja qoqmadim. Bir yoqda onam kasal, ikki yildan beri oshqozoni og‘riydi. Boyoqishning ko‘rmagan azobi qolmadi. Buni qarangki, doktor yozib bergan dorini ichsa, og‘rig‘i bosiladi. Lekin dori topish osonmi hozir?
Ertalab o‘rnimdan tursam, chap tomonim qaqshab og‘riyapti. Uydagi derazaning oynasi singaniga uch oy bo‘ldi, hali qo‘ydirolmayman. Oyna yo‘q. O‘rniga choyshab tutib qo‘ygan edim, baribir bo‘lmadi. G‘uvillab shamol kiradi, uy sovuq. Chap tomonim shamollabdi. O‘rnimdan turib, kechirasiz, eshikka chiqdim. Suv to‘xtab qolibdi. Tashqarida jala quyib tursa-yu, uyingizda suv bo‘lmasa qiziq tuyularkan. Hammamiz dir-dir titraymiz. Ko‘mirga order berishmaganidan ozroq o‘tin oluvdik, u ham tugabdi. Mana endi o‘tinga ham zormiz. Lekin bizga yo‘l bo‘lsin.
Har kuni ishga ketish oldidan gazetalarni bir o‘qib chiqaman. Qani, bugun nima gaplar bor ekan, deb gazetalarni ho‘lga oldim. «Go‘zallik musobaqasi», «Galatasaroy» komandasi chempion bo‘ldi», «Uch yuz tonna qahva nima bo‘ladi?», «Obidin daver» kemasi turgan joyida chiridi», degan narsalar bilan to‘libdi gazeta. Xunobim oshib ketdi. O‘rnimdan sakrab turib, ko‘chaga otildim. Yugurib chiqsam, eshigimizning oldida sud xodimi bilan uy egasining advokati kelib turishgan ekan. Ijara haqini to‘lamaganim uchun uyning egasi meni sudga beribdi. Uyimni tintuv qilib, musodaraga arziydigan biror nima topisholmadi. Ochig‘ini aytsam, bunaqa ro‘zg‘oringda biror arzigulik buyum bo‘lmasa xijolatda qolarkansan.
Shu payt advokat tushmagur:
— Manavi divanni opketamiz! — deb qoldi.
U boyoqish divanimizga yopishgan edi, qo‘liga eski ishton, uvada ko‘rpa, har xil latta-puttalar chiqdi, tagidan yog‘och qutilar ko‘rindi.
— Iya, bu yoqda radiopriyomnik bor ekan-ku! — dedi u divandan voz kechib.
Shu daxmazani olib ketishsa, ming marta rozi bo‘lardim. Jonivor bir yilda o‘n oy remontda yotadi-ya. Topgan pulim shunga ketadi. Agar shu baloyi azimdan qutulsam…
Endi ketay deb turgan edim, xotinim:
— Qizimiz maktabga bormayapti, — deb qoldi.
— Nega?
— Fizkultura muallimi oq rezinkali botinka bilan shalvor olib kelmasang, darsga kirmaysan, debdi.
— Ha, bir gap bo‘lar.
— Ovqatga yog‘ yo‘q.
Yugurib ko‘chaga chiqdim. Ishdan kech qoldim, endi bugun bormay qo‘ya qolay dedim o‘zimga-o‘zim. Buning ustiga tinmay jala quyib turibdi. Ilgari biz tomonlarga tramvay yurardi, hozir u ham yo‘q. Avtobusni poylasang, yarim soatda zo‘rg‘a keladi. Koshkiydi kutganga yarasha chiqolsang. Hamisha tirband bo‘ladi. Taksini gapirmagan ma’qul. Ko‘chadan mashinalar g‘ir-g‘ir o‘tib turibdi-yu bittasiyam to‘xtamaydi-ya. Oyoqdan suv o‘tib ketdi, rosa ividim. Nima qilarimni bilmay gangib turgan edim, bir o‘spirin oldimga kelib:
— Kechirasiz, tog‘a, — deb qoldi.
Soat-poat so‘rasa kerak, deb o‘yladim.
— Kechagi o‘yin nima bo‘ldi, eshitmadingizmi?
— Tavba… — Indamay jo‘nab qoldim. O‘sha o‘rtadagi qahvaxonaga kirdim. Ust-boshim jiqqa ho‘l, choy so‘radim. Men urgan shu odam yonimda gazeta o‘qib o‘tirgan ekan. «Ahvol chatoq, bu yog‘i nima bo‘ldi» deb o‘zimcha xayol surib o‘tirgan edim, bu kishi «yurtimiz jahannamga ketyapti!» deganicha qo‘lidagi gazetani irg‘itib yubordi. Bu odam ham menga o‘xshab bir nimadan kuygan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Ikkovimiz hasratlashsak, zora yengil tortarmiz, degan maqsadda unga qarab:
— Tinchlikmi, beyafandim? So‘raganning aybi yo‘q, nega xafa bo‘lyapsiz? — deb so‘radim.
— Xafa bo‘lish ham gapmi, qonim qaynab ketdi, — dedi u hamon tutaqib. — Mamlakat bedarvoza bo‘lib qoldi. Sudyalar nima istasa shuni qiladi. Buni qarang, kechagi futbol o‘yinida sudya yana tarafkashlik qilibdi.
Shundan keyin nima bo‘lganini bilmayman. O‘zimni tutolmay qoldim, komissarbey. Umrimda birovni chertgan insonmasman. Birov elektr tugmachasini bosib, badanimga tok yuborgandek bo‘lib ketdi. O‘ng qo‘lim o‘zidan-o‘zi shartta ko‘tarilib, shu odamning basharasiga shapaloq tushirdim. Urganimni bo‘ynimga olaman. Lekin men qasddan urganim yo‘q. O‘zimni ushlolmay qoldim. Urib bo‘lganimdan keyin o‘zimga keldim, oldiniga bu odam hozir meni dabdala qiladi, deb qo‘rqdim. Ammo bo‘lar ish bo‘lgan edi. Parvardigori olam o‘sha paytda Zol o‘g‘li Rustam pahlavonning butun kuchini menga berdimi deyman, har holda bu kishini qarsillatib urib qolganim rost.
Komissar kaltak yegan yo‘g‘on odamga bir qarab, tishlarini g‘ijirlatib qo‘ydi. Keyin o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi-yu, lekin o‘ng qo‘lining kaftini ishqalab qo‘ya qoldi. So‘ngra yo‘g‘on odam turgan tomonga o‘girilib:
— Qani, da’vodan kecha qoling! — deb buyurdi.
— Yo‘q, aslo kechmayman! — javob berdi tarsaki yegan odam. Komissar tutaqib ketdi, keyin yozuv mashinkasining oldida o‘tirgan politsiyachiga o‘girildi.
— Qani, yoz bo‘lmasa. Da’vogar mamlakatimiz jahannamga ketyapti, debdi. Bu bilan u yurtimizning oliy manfaatlariga hamda hukumatimizning ma’naviy obro‘siga…
— Xo‘sh, da’vodan kechasizmi? — so‘radi u yana yo‘g‘on odamdan.
Tarsaki yegan odam besh panjaning izi tushib qolgan chap betini silab turib dedi:
— Xo‘p bo‘ladi, afandim, da’vodan kechdim.

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi