Ba’zan tunda g‘alati qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi – bir qarasang juda uzoq, bir qarasang juda qisqa. Dadamning sobiq bemorlari yoki institutdagi do‘stlari qo‘ng‘iroq qiladi. Dadam ular bilan xuddi bizda hali hech kim uxlashga yotmaganday gaplashadi. Oyim ajablanadi, dadam esa tushuntiradi:
– Ayni shu paytda odamni uyidan topish osonroqligini bilishadi-da! Ulardan xafa bo‘lib bo‘larmidi?
Yoki:
– Axir ulardan xafa bo‘lib bo‘larmidi? Uzoqlardan qo‘ng‘iroq qilishyapti. Ularda erta tong hozir. Ularni tushunsa bo‘ladi.
– Ular ham bizda yarim tun ekanini bilsinlarda, – deydi oyim.
“Ulardan xafa bo‘lib bo‘larmidi?” – dadam shu so‘zlarni ko‘p qaytaradi.
– Oqlovchi bo‘lishingiz kerak edi, – dedi bir kuni oyim.
– Qoralovchi bo‘lgandan ko‘ra, shu yaxshi.
– Vaziyatga qarab! – e’tiroz qildi oyim.
Dadam esa indamay jarrohlik faoliyatida davom etardi.
Ba’zan tungi uzundan-uzoq yoki qisqadan-qisqa qo‘ngiroqlarning yakunida dadamning qaysidir og‘aynisi bizning shaharga kelayotgani ma’lum bo‘ladi.
– Judayam yaxshi, – deydi dadam shunaqa payt. – Vokzaldan to‘g‘ri bizga keling! Bizda yig‘ma karavot bor.
– Yaxshiyam, o‘sha karavot bitta! – deydi oyim xo‘rsinib. – Odamlar g‘alati! Yo‘liga bo‘lsayam yo‘q deb qo‘ymaydi-ya! Hech yo‘q til uchida! Axir shuncha mehmonxona bor-ku…
– Mehmonxonada joy yo‘q, deydi dadam. – Ustiga-ustak hamma ham o‘z yaqinlari diydorini sog‘inadi.
– Yaqinlari emish! Yuziniyam eslolmaysiz-ku!
Ertasiga buvim dadamni tarbiya qila boshlaydi. Buni doimgidek, o‘z odaticha qiladi.
– Qo‘shnimni eri, – deydi u, – hech qachon xotini bilan maslahatlashmasdan biror qaror qabul qilmaydi.
Shundan dadam bu qadar mustaqil bo‘lmasligi kerakligini tushunishi kerak bo‘ladi.
– Sendan atigi ikki kurs tepada o‘qib, allaqachon professor bo‘lgan Petya boshi bilan fanga sho‘ng‘ib ketib, unga begonalar xalaqit qilishiga yo‘l qo‘ymayotgan ekan!
Dadam xulosa qilishi kerakki, agar boshqa shaharlik og‘aynilarini uyga taklif qilmasa, tez orada u ham professor bo‘ladi.
Navbatdagi uzundan-uzoq qo‘ng‘iroqlar boshlanganda, albatta, hammamiz uyg‘onib ketdik. Oyim darrov:
– Yig‘ma karavotni tayyorla! – dedi.
Oyim adashmadi, dadam bir daqiqadan so‘ng go‘shakka javob berdi:
– So‘rab o‘tirasizmi?! Kelaversin… Biznikida turadi. Men uni mutaxassislarga ko‘rsataman. Kengashib ko‘ramiz! Kerak bo‘lsa… – go‘shakni qo‘ygach, onamga tushuntirdi: – O‘g‘lida jiddiy kasallik bor ekan…
– Ularning shahriga tibbiyot yetib bormabdimi?
– U kichkina bir shaharcha. U yerda yirik mutaxassislar yo‘q.
– Albatta yirik bo‘lishi shartmi?
– O‘zingni bolang kasal bo‘lib qolsa, – dedi dadam menga imo qilib. – shovqin qilib, hammani oyoqqa turg‘izmasmiding? Bechora onaizor go‘shakka yig‘lab yubordi: “O‘g‘ilchamni ko‘rib bering…”, deb. Undan xafa bo‘lib bo‘ladimi?
Oyim xo‘rsinib, indamay qo‘ya qoldi.
Ertalab oyim so‘radi:
– Haligi…qo‘ng‘iroq qilgan ayol kim edi?
– Uzoq qarindoshimiz.
– Juda uzoqmi?
– Shunaqaroq.
– Xo‘p, kim axir?
Dadam butun nonushta davomida o‘ylab ham, eslay olmadi.
– Ishqilib, ota tomondan qarindosh-da, – dedi u. – Umuman, buni nima ahamiyati bor…axir o‘g‘ilchasi og‘ir kasal bo‘lsa?
“O‘g‘ilcha” uch kundan keyin keldi. Bu o‘ttizga borgan erkak edi.
– Men sizni ism-sharifingiz bilan chaqiraman, – dedi u, – chunki onam qanaqa qarindosh ekanimizni hech qanaqasiga eslolmadi.
– O‘xshashlikni qarang! Biz ham eslolmadik, – dedi onam.
– Nega endi? – e’tiroz qildi dadam. – Nimanidir esladik-ku. Aniq bilaman, ota tomondan qarindoshmiz.
– Tushunaman, – dedi mehmon, – uzoq qarindosh oddiy tanishdan ham pastroqda turadi. Tanish-bilishni, masalan, yuzidan tanimaslik imkonsiz. Uzoq qarindoshni esa biror marta ko‘rmagan-eshitmagan bo‘lish mumkin. Ochig‘ini aytsam, Agar ular onamga anavi “taxminiy tashxis” haqida aytishmaganda, kelmagan bo‘lardim. Men onamga bu “taxminiy tashxis” ni adashib qo‘yishganini darhol isbotlashim kerak.
– O‘zi sizda nimani taxmin qilishyapti? – so‘radi oyim. – Qanaqa kasallik?
– E o‘sha kasallikda! – javob berdi mehmon (Ismi Ignatiy ekan).
– Qaysi… “o‘sha”? – tushunmadi oyim.
– Haligi, nimadan boshlanishi noma’lum, lekin ko‘pincha nima bilan tugashi ma’lum bo‘lgan kasallik.
– Nega endi “ko‘pincha” bo‘larkan? – qarshi chiqdi buvim. Bu sohada yangiliklar ko‘p!
– Albatta! – tasdiqladi dadam baland ovozda. O‘zi, umuman, past ovozda gapirar, buvim tibbiyot haqida gap boshlaganda esa, deyarli doim chekish uchun yo‘lak qidirib qolar edi. Bu safar xonada qoldi.
Buvim umrida migrendan boshqa kasallik bilan, hozircha, og‘rimagan, lekin qaysidir yaqini kasal bo‘lib qolishidan qo‘rqar edi.
U har xil gazetalarda chop etiladigan “Shifokor suhbatlari”ni batafsil o‘rganar, shundan so‘ng bir necha kun uyda aksirib yoki yo‘talib bo‘lmas edi.
“Men hayotini o‘qigan odamlarda ham hammasi oddiy yo‘taldan boshlangan”, – derdi buvim. Ignatiyga esa boshqacha gapirdi:
– Siz u kasallikka chalinganlarga umuman o‘xshamaysiz. Uchta tanishimda shu kasallik bor edi. Siz umuman ularga o‘xshamaysiz. Aytgancha, ularning hammasi tuzalib ketgan. Ya’ni olib tashlashgan…Ularda hozir hammasi joyida!
– “Taxminiy tashxis” ni qayerdan bildingiz? – so‘radi dadam.
– Do‘xtirlar birdan shoshib qolishdi. Hammasi yaxshi, deb ishontirishga harakat qilaverishdi. Men sokin bo‘lsam ham ular meni tinchlantiraverardi. Keyin yashirincha qog‘ozlarga qaradim. Lekin qo‘rqmadim. Tashxisning yonida kattagina so‘roq belgisi turardi. Xo‘sh, do‘xtirlar so‘roq qo‘yganda, nega endi men undov qo‘yishim kerak? Lekin, negadir ular onamga aytibdi. Ana shunisiga jahlim chiqdi! Nima keragi bor edi?
– Rasmiy jihatdan ular haq, – dedi dadam, – qarindoshlarga bildirish kerak.
– Axir ular biror qarindoshga emas, onamga aytishgan! – qizishdi Ignatiy. – Shuning uchun ham bu yerga keldim. Oyimning shubhalarini tarqatish uchun. Tushunyapsizmi? Lekin, bezovta bo‘lmang! Men oshxonada ham uxlayveraman. Yoki, yo‘lakda, yig‘ma karavotda.
– Yig‘ma karavotda bu yotadi, – dedi onam men tomonga ishora qilib. – Siz karavotda uxlaysiz. Shu yerda, mana shu xonada.
– Faqat iltimos, ovora bo‘lmang, yo‘qsa, menga qo‘yilgan tashxis to‘g‘ri ekan, deb o‘ylab qolaman, – dedi Ignatiy. – Tushunyapsizmi, davom etdi u, – onam meni bir o‘zi katta qilgan…otasiz. Doim yil sanardik: “Yana ikki yil maktab, keyin besh yil institut. Demak, jami yetti yil!” Keyin bir yil-bir yildan kamayib bordi. Va nihoyat, institutni tugatdim, ishlay boshlaganimda… birdan bu gap…Axir shu insofdanmi? Onam meni qancha yil kutdi! Endi omon-omon kunlarga yetganda, mana sizga sovg‘a deb o‘tirsam…O‘taketgan nonko‘rlik qilgan bo‘lmaymanmi? Tezroq telegramma yuborsam deyman: “Hammasi joyida! Ketyapman!” deb!
– U telegrammaga baribir ishonmaydi, – dedi onam.
– Men faqat haqiqatni aytaman, deb qasam ichganman. Uning nozik nuqtasi bor…Qasamlarni yaxshi ko‘radi. Men ham bir gap bo‘lsa sog‘ligim bilan qasam ichaman. U bo‘lsa: “Mening sog‘ligim bilan qasam ich! Shunda aldamaysan”, deydi. Odatda men inkor qilaman. Lekin shu safar ko‘ndim.
Ertasi kuni erta tongda dadam Ignatiyni qandaydir institutga, so‘ngra o‘z kasalxonasiga olib ketdi.
– Kechqurun natijalar chiqadi, – dedi dadam bizga.
– Yo‘q, ishxonamga telefon qilib, hammasi yaxshi deb aytib qo‘ying, – dedi oyim.
– Yoki hammasi yomon deb, – luqma tashladi Ignatiy.
– Bunaqa variant yo‘q! – dedi oyim. – Men ishonaman…
– Har qanday kasallik bilan kurashish mumkin, – dedi dadam.
– G‘alaba qilish-chi? – so‘radi Ignatiy.
– Albatta…G‘alaba qilish ham! Onangiz, albatta, halovatini yo‘qotgan. Sizni kutyapti! Undan xafa bo‘lib bo‘ladimi? Lekin siz, erkak sifatida, ishonishingiz kerak: bu kasallikni ko‘pchilik yengadi.
– Baribir, oyimni aralashtirmagan ma’qul, – dedi Ignatiy. U nuqul kulardi – demak, judayam hayajonlanyapti.
– Mengayam xabar beringlar, iltimos, dedim men. Dadam bosh silkidi.
Beshinchi soatdan so‘ng fototo‘garagim bor edi, lekin men qolmadim.
Buvim odatda oqshomlari onamga yordam berish uchun kelardi.
Bugun bo‘lsa kunduzi kelib, latta bilan telefonni, keyin telefon turgan dumaloq stolni, so‘ngra stol atrofidagi hamma narsani artib chiqdi.
Buvimning uyida telefon yo‘q. Shu sababdan, buvim kechalari oyimga qarashish uchun kelganida, bizga telefon qilib, tusha olmaysiz. Har bir qo‘ng‘iroqdan so‘ng buvim kim bilan suhbatlashganini ma’lum qiladi. Ko‘proq “Bu sinfdosh dugonam edi” deydi xo‘rsinib. Sinfdosh dugonalari shu qadar ko‘pki, xuddi kechagina o‘ninchi sinfni bitirganga o‘xshaydi. Aslida esa buvim gimnaziyada o‘qigan.
Lekin o‘sha kuni buvim hech kimga qo‘ng‘iroq qilmadi. U kutardi. Men ham.
Nihoyat, kutilgan on keldi: dadam qo‘ng‘iroq qildi. Odatda, buvim kattalarning ishiga aralashishimni yoqtirmaydi. Lekin, o‘sha payt dadamning har bir gapini bitta qo‘ymay aytib turdi:
– “Ignatiyda u kasallik yo‘q. Aniq. Lekin u jiddiy kasallikka chalingan. Murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish kerak. Lekin anavi kasallik yo‘q!”
– Xudoga shukr! – dedi buvim, keyin xonaga kirib, divanga o‘zini tashladi. Ko‘rinishi juda horg‘in edi. Men ham shu tobda qandaydir charchoq his qildim….
Lekin yarim soat-qirq daqiqalardan keyin qandaydir noodatiy qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshladi – juda uzoq yoki juda qisqa qo‘ng‘iroqlar edi. Yo‘lakka uchib chiqib, go‘shakni ko‘tardim.
– Ignatiy yashaydigan shaharchadan ekan, – xabar berdim buvimga, – Go‘shakni qo‘ymay, kutib turishni so‘rashdi. Onasiga o‘zim aytaman. Hammadan avval!
– Qo‘shnimning o‘g‘li hech qachon kattalarni yo‘lini to‘sib, yugurmaydi, – dedi buvim.
Demak, go‘shakni buvimga berishim kerak. Lekin bunday qilmadim. Buvim esa divandan turmadi, shunchaki boshini savolomuz ko‘tardi xolos…Menga yo‘l berdi.
– U sog‘-salomat! – qichqirdim go‘shakka. – U narsa yo‘q ekan unda. Aniq! O‘z sog‘ligim haqqi qasam ichaman! Sizning sog‘ligingiz bilan ham!..
Simning u tomonida Ignatiyning onasi yig‘lar edi.
Shu mahal telefonist qizning ovozi eshitildi. U nimadir demoqchi edi-yu, faqat “Siz..” deya oldi. Shaharlararo qo‘ng‘iroqlarda telefonistlar begona suhbatga aralashishlari mumkin edi.
Ignatiyning onasi yig‘lar edi.
Shunda men shodon qichqirdim:
– U jiddiy kasal! Murakkab operatsiya qilishadi uni! Lekin haligi kasallik yo‘q. Qasam ichaman. Sog‘ligim bilan. Sog‘ligingiz bilan! Xavotirlanmang. U sog‘ va salomat bo‘ladi!
Maktabda ko‘pincha “Kelajakda kim bo‘lmoqchiman?” mavzusida insho yozamiz.
Takror bo‘lmasligi uchun, bir safar, geolog bo‘lishni istashimni yozgan bo‘lsam, boshqa safar biolog, yana boshqa safar esa kosmonavt bo‘lishni istayman, degan edim. Aslida esa hali kasb tanlamagandim.
O‘sha kuni kelajakda kim bo‘lishim o‘zimga ham noma’lum edi. “Qanday yaxshi, – o‘ylardim, – jarrohlik xonasi yoki rentgen kabinetidan chiqib, onaning qo‘rquv va kutishdan qotib qolgan ko‘zlariga horg‘in qarab, sokin ovozda: “U yaxshi…yashaydi. Xavotir olmang. Yashaydi!” deyish.
Rus tilidan Odilxon Orifjonov tarjimasi