Silikon vodiysi: yuksak texnologiyalar vatani

Elektron va kompyuter texnikasi sanoati ob’ektlari, ta’lim va ilmiy tadqiqot markazlari to‘plangan, yuqori malakali mutaxassislar, ushbu sohaga katta-katta sarmoya sarflaydigan qo‘shma korxonalar faoliyat yuritadigan hududga kirib qolgan har qanday inson o‘zini fantastik kino qahramonidek tasavvur etishi shubhasiz. Biroq bunday hududning borligi allaqachon haqiqatga aylanib ulgurgan. Bu makon – ilm ahli tomonidan Silikon vodiysi nomi bilan yuritiladi.

U qayerda?

Aslida yuksak darajali texnologiyalarning markazlashgan zaminini Silikon vodiysi deb atash allaqachon urfga aylangan. Bunday hududlarni tashkil etish taraqqiyotga intiladigan har bir hukumatning muhim masalalaridan. Hozirda o‘nlab mamlakatlarda shunga o‘xshash texnologiyalar parki ish yuritishiga qaramay, olimlar haqiqiy ma’nodagi Silikon vodiysi faqatgina San-Frantsiskodan janubroqdagi Santa-Klarada (Kaliforniya shtati) degan fikrda.

Kaliforniya iqtisodiyotini o‘rganish markazi (Center for the Study of the California Economy) ekspertlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni payt­da bu yerda yuqori texnologiyalar sohasida faoliyat yuritadigan dunyoning eng yirik 20ta kompaniyasi, minglab turli firma va tashkilotlar joylashgan. Bir paytlar qishloq xo‘jaligiga moslashtirilgan mazkur hudud San-Frantsisko ko‘rfazidan to San-Diego shaharchasigacha 40 km. masofaga cho‘zilgan. Vodiyning yuragi esa Palo-Altodagi Stenford ilmiy tadqiqotlar universiteti hisoblanadi. Unda 1940 yillardanoq elektronika sohasida ko‘plab izlanishlar olib borilgandi. Elektron hisoblash mashinalarining dastlabki yirik ishlab chiqarish korxonasi ham aynan shu yerda IBM kompaniyasi tomonidan 1956 yilda qurilgan. Bir so‘z bilan aytganda, Silikon vodiysi yuqori texnologik ishlab chiqarish (jumladan, radioelektronika va kosmik kemalar yaratish sohalari) va yuksak darajadagi hayot tarzining uy­g‘unlashuvini ifoda etuvchi tushunchadir.

Silikon vodiysi (Silicon valley) nomini kaliforniyalik tadbirkor Ralf Verst o‘ylab topgan. Muomalaga esa atama jurnalist Don Xofler tomonidan 1971 yilda kiritilgan. O‘shanda u «Electronic News» haftalik gazetasida AQShning Silikon vodiysi mavzusiga bag‘ishlangan turkum maqolalarida shu nomni qo‘llangandi. Nega yuqori texnologiyalar hududi Silikon vodiysi deb nomlanadi, degan savolga ham javob tayyor. Bu yerda faoliyat yuritadigan korxonalarda mikrosxemalar uchun yarim o‘tkazgichlar qismlarini ishlab chiqarishda asosiy material sifatida kremniydan foydalaniladi. Kremniy esa ­inglizcha «silicon» so‘zidan olingan.

Silikonmi yoki kremniy?

«Raqamli texnika» atamalarini to‘g‘ri izohlashni targ‘ib etadigan ba’zi rus tadqiqotchilari Silikon vodiysi nomi xato ekanligini ta’kidlab, texnoparklarni Kremniy vodiysi deb atashni taklif etishmoqda. Xatoga yo‘l qo‘yilishining sababi ingliz tilidagi ikkita: «silicon» – kremniy hamda plastik jarrohlikda ishlatiladigan material «silicone» – silikon atamalarining noto‘g‘ri qabul qilinganligida.

Olimlar silikon so‘zini eshitgan ayrim kishilar raqamli texnika haqida gap borayotganligini anglamaydilar, degan fikrdadir. Ilmiy nuqtai nazardan qaraganda nomlanishga nisbatan qilingan da’volar asoslidek. Biroq Silikon vodiysi nomi yuqorida ta’kidlanganidek, keng omma orasida tanilib ulgurgan.

Hammasi qanday boshlangan edi?

O‘tgan asrning 30-yillarigacha hudud AQSh Harbiy havo kuchlariga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar bilan to‘la edi. Keyinchalik uning katta qismi aeronavtika sohasidagi chuqur ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida NASA tomonidan foydalanildi. Silikon vodiysini tashkil etish g‘oyasi esa qator omillar tufayli yuzaga keldi. Dastavval mazkur fikr Stenford universiteti vakillari tomonidan o‘rtaga tashlandi va u odatdagidek moddiy manfaatlar asosida kelib chiqqandi. Chunki Ikkinchi jahon urushidan so‘ng universitet byudjetida mablag‘ tanqisligi sezila boshlandi. Shunda universitet rahbariyati kelajakdagi takomillashish uchun sarmoyani o‘ziga tegishli bo‘sh 3. 240 gektar hududdan olishga qaror qiladi. Biroq joyni sotish mumkin emas edi. Natijada yangicha texnologik ishlanmalar bilan shug‘ullanadigan kompaniyalarga yerni uzoq muddat, aniqrog‘i 51 yilga o‘rtacha to‘lov bilan ijaraga berish fikri tug‘iladi. Kompaniyalar ko‘plab yangi ish o‘rinlarini tashkil etishi e’tiborga olinadigan bo‘lsa, bunda Stenfordni tamomlagan salohiyat egalarining boshqa hududlarga ishga ketib qolishi muammosi ham hal etilardi. Kaliforniyada yosh, iste’dodli tad­qiqotchilarni saqlab qolish uchun maxsus moddiy ko‘mak das­turlari ishlab chiqilgan, biznes yuritish, ilmiy izlanishlar olib borish uchun yaxshi shart-sharoitlar yaratilgan. Shu tariqa, Silikon vodiysi iste’dodli va malakali mutaxassislarga ega Stenford universiteti atrofida jamlana boshladi. Asta-sekin dunyoni ijobiy tomonga o‘zgartirish istagi bilan hududga kelgan insonlar korxona, kompaniyalarga asos solib, ularni rivojlantirdilar.

Mazkur ishlarni amalga oshirishda Stenford universiteti professori Frederik Termanning mehnati va xizmatlari katta bo‘lgan (hozirda uni Silikon vodiysining asoschisi deb tan olishadi). 1939 yili Terman o‘zining shogirdlari Vilyam Xyulett va Devid Pakkardni shu yerda qolib, o‘z korxonasini tashkil etishga ko‘ndiradi. Oqibatda mazkur hududda informatsion texnologiyalarga ixtisoslashgan, hozirda jahonning yetakchi, o‘sha davrda esa dastlabki Xyulett-Pakkard (Hewlett-Packard Co.) kompa­niyasiga asos solindi. Bugun mazkur kompaniyada 100 mingdan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatadi. Universitetning bitiruvchilari Larri Peyj va Sergey Brin esa dunyodagi yirik qidiruv axborot tizimi «Google»ning yaratuvchilari bo‘lishdi.

Aytgancha, aynan Frederik Terman 1946 yili universitetga tegishli yerni ijaraga berish taklifini ilgari surib, sohadagi o‘zgarishlarning yangi davrini boshlab yubordi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu asnoda yuqori texnologik Stenford tadqiqotchilik markazi va Stenford sanoat parki (1951 yil) shakllandi. Asta-sekinlik bilan hududda o‘z ishini rivojlantiruvchi, yarim o‘tkazgichlar, kompyuter texnologiyalari va dasturlash bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar soni oshib boraverdi. Shu taxlit Silikon vodiysida ilk marotaba katta hajmda pul mablag‘larini ilmiy-texnik ishlanmalarga sarflash amaliyotda joriy etildi. Bu harakatlar zamirida juda katta tavakkalchilik yotsa-da, sarmoyalar to‘g‘ri yo‘naltirilganda o‘zidan ming marotaba ko‘proq daromad keltirishi aniq edi.

1951 yili Stenford universitetining aspiranti Uilyam Bredfort Shokli tarixda birinchi marta germaniy elementidan uch qatlamli yarim o‘tkazgichni yaratdi. U elektron chiroq vazifasini bajarsa-da, tejamkor va kichik hajmdaligi bilan ustun edi. Ammo yarim o‘tkazgichning narxi iste’molchilarga qimmatlik qildi. Shu o‘rinda aytish joiz, mazkur kashfiyoti uchun 1956 yili Shokli hamkasblari J. Bardin va U. Bratteyn bilan birgalikda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan. 1954 yilga kelib fizik Gordon Til arzon kremniydan yarim o‘tkazgich yaratishning uddasidan chiqdi. Bu esa mahsulotlar tannarxi pasayishiga, ya’ni ularning arzonlashishiga va elektronika detallarini kichik hajmda yaratish jarayoniga asos soldi.

1957 yili Shokli rahbarligida Bell Telephone Labora­toriesga ishlaydigan sakkiz nafar muhandis (Gordon Mur, Robert Noys, Sheldon Roberts, Igen Kleyner, Viktor Grinich, Jilius Blenk, Shon Xorni va Jey Last) tranzistorlarni ishlab chiqarishda germaniy yoki kremniydan foydalanish ma’qulligi to‘g‘risida munozara yuritadilar. Birortasi ham hali o‘ttiz yoshga to‘lmagan bu tadqiqotchilar kremniyni munosib ko‘rishsa-da, Shokli qat’iy ravishda germaniydan foydalanishga qaror qiladi. Yoshlar esa jahl ustida ham ustozi, ham kompaniyani tark etib (shundan so‘ng ular «Sakkizta sotqin» nomini orttirib oladilar), kremniydan ishlab chiqarilgan mikrosxemalar sanoatining yetakchisiga aylangan Fairchild Semiconductor Corp. korporatsiyasini tashkil etadilar. Ammo eng muhimi, mazkur voqealar oqibatida «Sakkizta sotqin» Silikon vodiysining poydevori bo‘lib xizmat qiladigan yangi an’analarga asos solishdi.

Mo‘jizalar mamlakati

Ma’lumotlarga ko‘ra (siliconvalley.com), oxirgi qirq yil mobaynida Silikon vodiysi jahonning elektronika va kompyuter sanoati markaziga aylandi.

90-yillarga kelib esa Silikon vodiysidagi korxonalar o‘z faoliyatini eng zamonaviy kompyuter texnologiyalarini tadqiq etish hamda ishlab chiqarish, shuningdek, raqamli texnika va dasturiy ta’minot marketingiga qarata boshlaydi. Hozirda texnologiyalar parkida (bu vodiyning yana bir nomi) 2,5 millionga yaqin odam istiqomat qilib, ularning 25 foizi yuqori texnologiyalar sohasida ish yuritadi. Shuning­dek, Karnegi Mellon, San-Xose, Santa-Klara, Stenford va Nordvestern politexnika universitetlari, 7 mingdan ziyod texnika jihozlari va das­turiy ta’minot ishlab chiqaruvchi dunyoning eng yetakchi korxonalari (Apple Inc., AMD, Dolby Laboratories Inc., Hewlett-Packard, Google, Intel, Juniper Networks, NVIDIA Corporation va b.) ham bor. Taqdir taqozosi bilan asosiy boshqaruv idorasi boshqa hududda joylashgan Microsoft, Netscape, Silicon Graphics, Fujitsu, Hitachi Global Storage Technologies kabi qator mashhur kompaniyalar rahbariyati vodiyda o‘zi filialini ochishni ham burch, ham faxr deb biladi. Qisqacha qilib aytganda, o‘ttizta shaharni o‘z ichiga qamrab olgan Silikon vodiysi odamlar orasida «Mo‘jizalar mamlakati» degan nomga sazovor bo‘ldi.

Kompyuterlashtirish jarayonini global miqyosda amalga oshirish vodiy ahliga mislsiz daromad keltiradi. Aytgancha, amerikalik taniqli millionerlarning katta qismi aynan shu hududa yashaydi, shuning uchun bu yerni «Millionerlar vodiysi» deb ham atash mumkin. Qiziq, ammo bir paytlar ushbu hududga «O‘lim vodiysi» deb nom berishgandi, chunki 1985-86 yillarda ish jarayonida kompyuterlardan keng foydalanish ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelgan.

Sir emas, bugun axborot texnologiyalari taraqqiyoti nafaqat AQSh, balki butun dunyo iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi kuch hisoblanadi. Birgina AQShda shaxsiy kompyuter va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarish hisobiga sanoat sohasida 45 foizga o‘sish kuzatiladi. Mazkur ma’lumotlar netvalley.com rasmiy saytida keltirilgan. Bunda, shub­hasiz, Silikon vodiysining xizmati katta, hududdagi elektronika va dasturiy ta’minot kompaniyalari avvallari bo‘lgani kabi hozirda ham butun dunyodagi yuqori texnologiyalar taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatib kelmoqda.

Omad kaliti nimada?

Silikon vodiysiga olamshumul shuhrat keltirgan, uni ulkan tafakkur va sarmoya egalarini tortish markaziga aylantirgan jihatlar talaygina. Ha, chindan ham bu mo‘jizalar va uni yaratuvchilar vatanidir. Chunki bu zaminda tafakkur bilan tafakkurning, sarmoya bilan sarmoyaning tinimsiz kurashi va raqobati kechadi. Bu yerda o‘zining aqlga sig‘mas g‘oyalari, takliflari va loyihalari bilan kulgiga qolishdan qo‘rqmaydigan insonlar juda ko‘p.

Vodiyda tavakkal qilishdan, yangilik yaratish va uni hayotiy haqiqatga aylantirish uchun mablag‘ sarflashdan cho‘chimaydilar. Texnologiyalar markazida qaysi millat vakili ekanligingiz muhim emas, balki mutaxassis sifatida o‘zingiz, salohiyatingizga ishonch qay darajadaligi ahamiyatlidir. Mazkur hududda yiliga 365, haftasiga 7 kun, sutkasiga esa 24 soat ishlaydilar. Bu zaminda yuz berishi mumkin bo‘lgan va ehtimol, bo‘lmagan narsalarga ham umid bilan qaraladi. Silikon vodiysidagi odamlar yaratilayotgan yuksak texnologiyalar hayotni ijobiy tomonga o‘zgatirishiga, insoniyatning kelajakdagi «Raqamli texnika davri» yorug‘ bo‘lishiga astoydil ishonadilar.

Nargiza Ibrohimova tayyorladi.

«Ma’rifat» gazetasidan olindi.