Ozod inson hayratlari (Mel Gibson)

Kino inson ongi-shuuri, qalb-vujudiga qadar yetib boruvchi, ta’sir ko‘lami, jozibadorligi bilan san’atlar ichida yetakchi soha, desak mubolag‘a bo‘lmas. Aks holda, shoir she’ri, hofiz kuyiyu musavvir mo‘yqalamida bo‘y ko‘rsatgan OZODLIK Mel Gibson talqinida etimizni junjiktirib, vujudimizni titratmagan bo‘larmi edi. Bittagina so‘zdan istagancha nido, alam, qasos, jur’at nishonasini topish mumkin. Aktyorning san’atkor sifatidagi buyukligi ham, mahorati ham shunda. “Sheryurak” filmini o‘ylayman. Insoniyatni yo‘lga otlantirgan film. Har bir insonga xos erk istagi – zamonu makon tanlamas istak. Uilyam Uolles – bosh qahramon – hayot uchun, ozodlik uchun kurashadi. Harakatlarda, nigohlarda istaklarning bari namoyon. Uning butun umri erk uchun kurashdan iborat. Hayot esa uning ustidan tinimsiz kuladi… Shotland o‘g‘loni Uilyam Uolles xayolimga kelar ekan, beixtiyor mo‘g‘ul istilosiga qarshi kurashgan o‘zbek sarkardasi, qahramon Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi kabi mard ajdodlar ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Ha, bu qahramonlarning bari ShERYuRAK!

Filmda 1280 yildagi voqealar tasvirlanadi. Orani yetti asrlik masofa, kayfiyat, holat ajratib turadi. XIII asr odamini tushunish, uning qalbidagilarni his qilish aktyordan ham, rejissyordan ham, stsenariynavisdan ham alohida mahorat kutadi. “Sheryurak” filmi mana, oradan yigirma yilga yaqin vaqt o‘tib, o‘zi axtargan muxlisni topdimi-yo‘qmi? Bosh maqsad, g‘oyani qay tarzda yetkaza oldi? Savollar o‘z-o‘zidan javobi bilan: o‘n nominatsiya bo‘yicha Oskar mukofotiga nomzod film shundan besh yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishdi – “Eng yaxshi film”, “Eng yaxshi rejissyorlik ishi”, “Eng yaxshi grim”, operatorlik ishi va ovoz effektlari. Shu bilan Mel Gibson ham “ozodlik kuychisi” sifatida kino tarixida qoldi.

Vaholanki, Mel Gibson kinoga tasodifan kirib kelgan san’atkordir. U boshqalar singari bolaligidan aktyor bo‘lishni, kinoekranlar yuzini bezashni orzuyam qilmagan. Bolalikdagi orzulari o‘zi kabi, bolaligi kabi samimiy edi. Beqaror o‘smir goh jurnalist, goh rohib, goh esa duradgor usta bo‘lishni orzu qilardi. Kelajak oldidagi o‘ylari, rejalari shu taxlit o‘zgaraverdi, yangilanaverdi, almashaverdi. To opasining ko‘zi ko‘chadagi e’longa tushmagunicha! E’londa yozilishicha, Sidney teatri 18-20 yoshlardagi yigit-qizlarning aktyorlik iqtidorini sinab ko‘rish uchun imtihonga chorlayotgan ekan. Na ota-onasi va na bo‘lajak aktyorga bildirmay, opa ukasining hujjatlarini teatrga topshirib keldi. Ko‘p o‘tmay, hech nimadan bexabar Mel sinov imtihonlariga chaqiruv xati oldi. Ne bo‘ldi-yu, imtihonlardan osonlikcha o‘tib, Avstraliya teatr san’ati milliy institutiga qabul qilindi! Aslida, hali undagi qobiliyat yuzaga chiqmagan, o‘zi ham o‘zidagi imkoniyatlarni to‘la payqab yetmagandi. Yo‘qsa, san’at-u kinoga begona bir yigitchaning institutga osonlikcha kirishi, ustozlar e’tirofiga sazovor bo‘lishi… mumkinmi edi? O‘smirlik davri ko‘pincha politsiya mahkamalarida o‘tgan bo‘lsa, sahna madaniyati darslariga qatnashmay, vaqtini studiya yaqinidagi barda, restoranlarda, qizlar bilan diskotekalarda yallo qilib o‘tkazgan bo‘lsa, Gibson shu bilimi, ko‘rgan-kechirganlari bilan san’at olamiga kirsinmi? To‘g‘ri, o‘rtoqlari Hollivudda suratga tushish orzusi bilan yashagan kezlari u mashina ta’mirlash ustaxonalarida ishlagan, “ishlasang qulday ishla, yursang bekday yur” degan so‘zlar o‘sha paytlardayoq Mel uchun shiorga aylanib qolgandi…

Avstraliya nomini dunyoga tanitayotgan aktyor asli 1956 yilning 3 may kuni Nyu-Yorkda tug‘iladi. Otasi temir yo‘lchi, onasi opera qo‘shiqchisi edi. Oila boshlig‘i og‘ir halokatga uchrab, ishsiz qolganidan so‘ng, hammalari Avstraliyadagi qarindoshlarining yoniga ko‘chib ketadi. Odamlar, odatda, har qancha qayg‘uda bo‘lmasin, hayotdan har qancha zerikmasin, bolaligi haqida gap ketganda, o‘sha kezlarni yorqin bo‘yoqlar bilan xotirlashni xush ko‘radilar. Biroq Mel Gibson degan aktyor bu boradagi savollarni boshqacha qabul qiladi: u o‘zi haqida gapirishni xohlamaydi. Bir gal u: “Oilamdan minnatdorman, ota-onam meni voyaga yetkazishdi, ularni hurmat qilaman” – degandi “The New York Times” gazetasiga intervyu berarkan, so‘ng esa to‘satdan “Filmlarimni ko‘ring! Shuning o‘zi yetarli! O‘tmish hayotim bilan esa ishingiz bo‘lmasin!”, qo‘shimcha qildi. Aktyorning boshqalarga berilmagan bir buyuk imkoni borki, u xotiralarida yashagani kabi, kinoda ham yashaydi, xotiralarni bir muddat yana jonlantiradi. Jumladan, uning xotiralari “Yuzsiz odam” filmida o‘z aksini topadi. Gibsonning ta’kidicha ham, u mazkur kinoda O‘ZIni o‘ynadi, bolaligi, o‘smirligi, hayoti kinotasmada muhrlandi. Filmga aylangan xotiralar o‘chmaydi, shamollarda sovurilib ketmaydi. Filmga aylangan ana shu xotiralar aktyorga shuhrat ham, davlat ham keltirdi. Biroq, uning izlagani boshqa, kutgani boshqa edi. Garchi aktyorlik debyutini 1977 yildagi “Jazirama yoz” filmi bilan boshlagan, birin-ketin “Tim”, “Galliponi”, “Telba Maks” kinokartinalarida suratga tushgan va ikki bor mamlakatning “Semmi” mukofotiga loyiq topilgan, bu paytga kelib Hollivuddan tinimsiz takliflar tushayotgan bo‘lsa-da, baribir u o‘ziga atalgan simfoniyaning boshqacha yangrashini istardi.

“Ko‘nglingiz to‘lmasa o‘zingiz suratga oling” degan mashhur gap bor kino olamida. Ha, endi Mel Gibsonning rollar bilangina kifoyalanishdan ko‘ngli to‘lmadi. U plastilinga o‘xshab, rejissyor qay shaklga solsa, shunga ko‘nib ketavermasdi. Endi uning o‘zi “shakllar yasash”ga intildi. Rejissyor sifatidagi faoliyatini u 1993 yili “Yuzsiz odam” kinokartinasi bilan boshladi. Undan so‘ng “Sheryurak” (1995), “Iso ehtiroslari” (2004), “Qoyilmaqom vahshiylar”(2004-2005), “Qiyomat qoim” (2006) filmlari dunyo yuzini ko‘rdi, “Oskar” va “Oltin globus” kabi yuksak mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Mel Gibson filmlari insonning ichki olami haqida hikoya qiladi. U asosli voqealar, lahzalar ichida yuzaga keladigan voqeliklarni sevadi, shularga intiladi. Kinoasarlar esa aql va ko‘ngil kechinmalaridan yaralgandagina asosli bo‘ladi.

Rejissyor Gibson umri bo‘yi ana shu aqidaga sodiq bo‘lib kelayotir. “Tasmaga muhrlangan filmlarning bari ham abadiyatga daxldormi? Insonlar qalbida ularning aksi bormi?” Mel Gibson mana shu savollar atrofida o‘ylanar ekan, katta-katta haqiqatlarni odamlarga aytgisi keladi. U har bir filmga, kino asarga tirik mavjudot deya qaraydi, uning kelajagi, tabiati va axloqi to‘g‘risida fikr yuritadi.

Aktyor sifatida uning salohiyati va mahoratining eng gullagan pallalari 1990-2002 yillarga to‘g‘ri keladi. Ko‘pgina xarakterli, salmoqli rollari mana shu davrda yaratilgan. “Simga qo‘nib turgan qush”, “Halok qiluvchi qurol”, “Qasos”, “Vatanparvar”, “Jang yo‘li”, “Hamlet”, “Hayotning xavfli yillari”, “Saxovat” kabi filmlar shular jumlasidan. U filmlari, rollari orqali insonni jo‘mard va jo‘shqin, haqiqatparvar bo‘lishga chorlaydi. Ablah kimsalarga nisbatan murosasiz, keskin munosabatda bo‘lishga chaqiradi. U kino olamiga dovulday kirib kelgan edi, hanuz chaqmoqday yashamoqda.

Mel Gibson uchun insonning kimligi emas, qandayligi muhim. U ilk bor tish doktori bo‘lmish Robin Mur xonimni uchratganida ham, ayolning fe’l-atvori, ichki olamini yoqtirib qolgandi. Ikkisi uzoq yillar turmush qurib, yetti farzandning ota-onasi bo‘lishdi. Biroq yillar o‘tib, oiladagi muhabbat, ishonch va vafo zamirida porlab kelgan baxt uchqunlari so‘nib, oila mustahkamligiga darz keta boshladi. Melning – rafiqasidan, rafiqasining – Meldan ko‘ngli qoldi. Aktyor endi kechinmalariyu fikrlari o‘ziga mos keladigan bir aktrisaga oshiq bo‘lib qolgandi. Keyin u Oksana bilan turmush qurdi. Farzand ko‘rishdi, lekin bu galgi muhabbat deb o‘ylaganlari ham hoyu havas bo‘lib chiqdi… Mel hanuz nimanidir qidiradi, izlaganini sharob va kinodangina topadi, xolos…

Tasodiflar – sira tasodif emas. Mel Gibsonning ham kino olamiga kirib kelishi tasodif emas. U ishtirok etgan va yaratgan filmlari bugun ham shuhrat qozonmoqda, dunyo ekranlarini zabt etmoqda. Bu paytga kelib Gibsonning o‘zi ham Hollivudning ramziga aylanib ulgurdi. Amerika kino sanoatining peshqadam vakillaridan biri bo‘lgan Gibson shu tariqa o‘zining rang-barang rollari bilan jahon san’atiga munosib hissa qo‘shishga qodir iste’dod ekanligini isbot qildi. Binobarin, kino muxlislari uni ekranda yangi-yangi qahramonlar, mard insonlar siymosida ko‘rishga hamon ishtiyoqmand.

Sevara Alijonova,

Barno Jamoluddinova

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 1-son