Muhabbat To‘laxo‘jayeva. Teatr madaniyatlari mushtarakligi: sharq va g‘arb

“Teatr madaniyati” keng qamrovli tushuncha bo‘lib, eng avvalo, teatr binolari, teatr muassasalari, teatr institutlari, litsey, kollej va hokazolarning yaxlit majmui sifatidagi infratuzilmani anglatadi. Ayni chog‘da teatr madaniyati avloddan-avlodga o‘tib keluvchi teatr an’analari ko‘rinishidagi madaniy merosni bildiradi. Professionalizm, xususan, sahna asarlarining badiiy darajasi haqida so‘z ketganda ham teatr madaniyati tushunchasiga murojaat qilinadi. Shu nuqtai nazardan teatr madaniyati – rejissura, aktyorlik mahorati, stsenografiya, ovoz, yoritish, musiqiy bezak, kiyim, grim, rekvizit singari sahnaviy makonda spektakl yaratuvchi barcha ishlab chiqarish kuchlarini o‘zida mujassam qiladi.

Evropacha rusumdagi teatr mamlakatimiz hududida o‘tgan asrning boshlarida shakllana boshlagan. Biroq o‘tgan davrda – unchalik ham uzoq bo‘lmagan muddat ichida yurtimizda ulkan yuksalishlar amalga oshdi. Teatr madaniyatining taraqqiy etishi O‘rta Osiyoda ro‘y bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, ayni paytda, madaniy integratsiya jarayonlari bilan ham qo‘shilib ketdi. Ushbu tarixiy davr nafaqat so‘z, musiqa, raqs, pantomimani o‘ziga singdirgan sahna san’atining istiqbolini belgilab berdi, ayni paytda Yevropa rusumidagi o‘zbek teatrining shakllanishiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatdi.

XX asr boshlarida ijtimoiy-madaniy sohalardagi o‘zaro bog‘liqlik turli shakllarda amalga oshirildi. Tatar, ozarbayjon, arman teatr jamoalarining, opera, operetta, tsirk, kafe-shantan[1] aktyorlik guruhlarining gastrollari bunga zamin tayyorladi. 1877–1915 yillar mobaynida Turkis­tonda jami yuzdan ortiq turli teatr va musiqiy guruhlarning tomoshalari bo‘lib o‘tdi.

1910 yili mashhur rus aktrisasi V.F.Komissarjevskaya truppasining Toshkent va Samarqand shaharlariga uyushtirilgan gastrollari o‘sha davrning eng shov-shuvli voqealaridan bo‘ldi. Truppa tomoshabinlarni jahon mumtoz dramaturgiyasi bilan tanishtirdi, shuningdek, mahalliy teatr hayotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

1915 yili Qo‘qonga gastrolga kelgan ozarbayjon musiqali teatri jamoasi o‘zbek tomoshabinini yevropalashgan musiqiy teatr janri bilan tanishtirdi. 1916 yili esa U.Hojibekovning “Asli va Karim”, “Arshin mol-olon”, “U bo‘lmasa, bu bo‘lsin” singari mashhur musiqiy spektakl­lari namoyish etildi.

E’tiborli jihati, ozarbayjonlik sahna ustalari o‘z spektakllaridagi kichik rollarga havaskor o‘zbek aktyorlarini jalb qilishar, shu orqali o‘zlarining sahna tajribalarini ularga o‘rgatib, o‘zbek havaskorlik jamoalarining shakllanishiga ko‘maklashardi. Natijada 1916 yil 30 dekabrdayoq havaskor o‘zbek aktyorlari U.Hojibekovning “Layli va Majnun” musiqiy dramasini ko‘rsatishadi. Majnun rolini spektaklning sahnalashtiruvchi rejissyori S.Ruhullo ijro etadi. Aynan shu voqeada madaniy integratsiyalashuv jarayonlarining dastlabki kurtaklarini ko‘rishimiz mumkin.

Evropa rusumidagi o‘zbek teatrining shakllanishida O.Abelyan, Siranuysh singari arman sahna ustalarining gastrollari ham muhim rol o‘ynadi. Ular orqali tomoshabin nafaqat yevropacha teatrning shakllari bilan, balki milliy aktyorlik an’analari bilan ham yaqindan tanishdi. Shu kezlari xalq ommasini ma’rifatli qilish masalasi eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan edi. Yozma dramaturgiyaning paydo bo‘lishida ham shu g‘oya yetakchilik qildi. Dramaturglar asarlarida G‘arbiy Yevropa dramaturgiyasi tajribalarini qo‘llashga harakat qildi. Ushbu dramaturgiyaning ommalashuvi va o‘zlashtirilishi yangi tipdagi teatrning dunyoga kelishi bilan bog‘liq bo‘ldi. XX asrning birinchi o‘nyilligida tatar, ozarbayjon, arman truppalarining faoliyati yanada kengayib bordi. Turkiy xalqlar tillaridagi o‘xshashlik yevropacha teatr shaklini o‘zlashtirish va yangi o‘zbek teatrining jadal shakllanishi uchun qulay sharoit yaratib berdi.

O‘tgan asrning 20-yillaridayoq O‘zbek davlat namuna truppasida U.Hojibekovning “Er va xotin”, “U bo‘lmasa, bu bo‘lsin”, H.Jovidning “Shayx San’on”, “Iblis”, “Maral”, Shillerning “Qaroqchilar”, “Makr va muhabbat” singari asarlari sahna yuzini ko‘rdi.

Boshqa xalqlar dramaturgiyasiga murojaat qilish aktyorlarning repertuarlari bilan birga, ijodiy imkoniyatlarini ham kengaytirdi. 20- yillarning o‘rtalarida Moskva va Boku teatr-studiyalarida tahsil olish esa sahna mahorati asoslarini o‘zlashtirish, rol va spektakl ustida ishlashning sir-asrorlarini o‘rganishda katta maktab bo‘ldi. “Xasis” (Moler), “Revizor” (Gogol) singari o‘quv spektakllari ustida ishlash jarayonida yosh, navqiron o‘zbek san’atkorlari ijodida realistik tamoyillar kurtak ocha boshladi. Asosan Vaxtangov teatri spektaklining takrori bo‘lgan “Malikai Turandot” (K.Gotstsi) spektaklida esa boshqacha manzarani ko‘ramiz. Rejissyorlar R.Simonov va O.Basov aktyorlarga o‘z mahoratlarini namoyon qilishlari uchun keng imkoniyat yaratib berishadi, plastika va ritmga alohida e’tibor bergan holda, ularda sahna xususiyatlarini his qilish qobiliyatini shakl­lantirishga harakat qiladi.

1930 yili Moskvada o‘tkazilgan Teatr olimpiadasida mamlakatimiz teatrlari ham o‘z san’atini namoyish qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Olimpiadada ikkita o‘zbek jamoasi ishtirok etadi: Hamza (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama) teatri va O‘zbek davlat musiqiy teatri. 15 iyundan 11 iyulga qadar davom etgan Olimpiada yakunida ishtirokchilarning har biriga nufuzli hay’at a’zolarining alohida xulosasi beriladi. Jumladan, o‘zbek teatriga “muvaffaqiyatli topilgan milliy tomosha shaklidan uzoqlashmaslik” tavsiya qilinadi[2].

1932 yili Toshkent shahrida V.Meyerxold teatrining gastrollari bo‘lib o‘tadi. Meyerxold ijodi, uning tajribasi, aktyorlarning ijro mahorati bilan yaqindan tanishuv o‘zbek aktyorlari va rejissyorlari faoliyatiga ma’lum darajada ta’sir o‘tkazdi. Shu zayl rejissyor Vitt N.Pogodinning “Mening do‘stim” pesasini tubdan o‘zgartirib, uni “musiqiy tomosha” sifatida talqin qiladi. Asarda ijrochilar aniq belgilangan va bo‘r bilan chizilgan kataklarda ma’lum bir ritmda harakatlanib, xirgoyinamo so‘zlashlari shart qilib qo‘yilgan. Spektakl mazmuniga Sharq turmush-tarzidan ba’zi elementlarni qo‘shishga bo‘lgan intilish rejissyorning “Revizor” (N.Gogol)ni sahnalashtirish jarayonida ham kuzatiladi.

Spektakl 28 epizoddan tarkib topgan bo‘lib, kulgili fars – tomosha sifatida talqin qilingan. Personajlar jonsiz, shartli niqoblarga aylantirilgan. Bu spektakllarda sahnaviy makonni noziklik bilan ishg‘ol qilish, ritm, kompozitsiya qonuniyatlarini o‘rganish, yuksak plas­tik mahoratga erishgan aktyorni tarbiyalashga qaratilgan biomexanika elementlarini anglashga intilish asosiy o‘rinda turadi. Garchi spektakllar ko‘p jihatdan Meyerxoldning sahnalashtirish tamoyillariga tayangan bo‘lsa-da, har qalay, ularda ham rejissura, ham ijrochilar uchun sahna imkoniyatlari doirasini kengaytirishga bo‘lgan urinish ko‘zga tashlanadi.

Shu tariqa O‘zbekiston sahna san’ati teatrning yangi yevropacha shakl va turlarini an’anaviy madaniyatga singdirish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘ldi. Teatr mustaqil imkoniyat va vositalarni topdi, natijada o‘ziga xos xususiyatlar shakllandi. Aktyor ijrochiligining rang-barang uslublarini o‘zlashtirish orqali assimilyatsiya – turli yo‘nalishlarning qo‘shilish jarayonlarini aks ettirgan rivojlanish qonuniyatlari qaror topdi.

Qahramonona-romantik spektakl talqini borasidagi izlanishlar Shekspirning “Otello”, “Hamlet”, Shillerning “Makr va muhabbat”, spektakllarida yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘zbek teatri tarixida “Hamlet” tragediyasining talqinlari maxsus o‘rganishga loyiq. Ma’lumki “Hamlet” ilk marotaba 1935 yili rejissyor Mannon Uyg‘ur tomonidan sahnalashtirilgan; 1939 yili unga takror murojaat qilinadi va asar uzoq yillar teatr repertuaridan joy oladi. Hamlet rolini avvaliga Abror Hidoyatov, so‘ng Olim Xo‘jayev muvaffaqiyat bilan ijro etadi.

Urush davrida yurtimizga tinch aholi, ishlab chiqarish korxonalari bilan bir qatorda Moskva, Leningrad teatr jamoalari ham evakuatsiya qilindi va ularning ijodiy faoliyatini davom ettirishlari uchun shart-sharoit yaratib berildi. Taniqli rejissyor S.Mixoels 1942 yil 14 may kuni “Pravda Vostoka” gazetasi muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda – “Bugun ijod qilishda davom etayotgan Moskva davlat yahudiy teatri O‘zbekiston poytaxtida ochiq chehra bilan, do‘stona kutib olindi”, deb e’tirof etgandi.

O‘sha kezlari O‘zbekistonda Moskva Revolyutsiya teatri (hozirgi Maya­kovskiy teatri), Lenkom teatri, Leningrad miniatyura teatri, “Romen” lo‘lilar teatri, Davlat kinoaktyor teatri, Davlat yahudiy teatri singari qator ajoyib teatr jamoalari faoliyat ko‘rsatishgan. Toshkent, Samarqand, Farg‘ona tomoshabinlari yetakchi teatrlarning spektakllarini tomosha qildi, Ivan Bersenev, Solomon Mixoels singari rejissyorlar, teatr rassomi Aleksandr Tishler, Mariya Babanova, Sofya Giatsintova, Maksim Shtraux, Serafima Birman va boshqa aktyorlarning san’ati bilan yaqindan tanishdi.

Biroq o‘sha davr O‘zbekiston teatr hayotidagi eng muhim voqea – 1943 yili H.Olimjon asari asosida Hamza teatrida sahnalashtirilgan “Muqanna” spektakli bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmaymiz. Ikki zabardast sahna ustalari – S.Mixoels va M.Uyg‘urning samarali ijodiy hamkorligi, A.Tishlerning sahna bezaklari, V.Uspenskiy va V.Mushelning jozibali musiqasi hamda Abror Hidoyatov, Sora Eshonto‘rayeva, Shukur Burhonov, Obid Jalilov, Olim Xo‘jayev singari aktyorlarning qoyilmaqom ijrosi spektaklning muvaffaqiyatini ta’minlagan asosiy omillardan bo‘ldi. Eng muhimi, spektaklda xalq qahramonligi, erksevarligi, ma’naviy qudrati, yaxshilikning yovuzlik ustidan muqarrar g‘alabasi g‘oyasi baland pardalarda kuylanadi. “Muqanna” spektakli o‘zbek teatrining yutug‘i hisoblanadi, – deb yozadi Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi V. Jirmunskiy. – Rejissyorlar pesaning qahramonona-romantik xususiyatini bo‘rttirib ko‘rsatishgan. Iste’dodli rassom A.Tishler o‘tmishning ikir-chikir detallarini tasvirlashga ortiqchi berilmasdan, aniq milliy va tarixiy o‘ziga xoslikka yo‘g‘rilgan bir qator tarixiy-maishiy manzaralarni yarata olgan. Ayniqsa, xalq dramasi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ommaviy sahnalar muvaffaqiyatli chiqqan”.

Aynan shu gazetada spektakl to‘g‘risida fikr bildirgan Sora Eshonto‘rayeva, zamonaviy teatrning mashhur namoyandalaridan biri bo‘lgan Solomon Mixoels bilan uchrashuv ijodiy jamoa uchun o‘ziga xos maktab bo‘lganini ta’kidlaydi.

Urush yillaridagi teatr tajribalari tom ma’noda ibratli va sermazmun bo‘ldi, deyish mumkin. Bir tomondan o‘zbek teatri ijodkorlari sahna san’atining realistik tamoyillarini egallashlari uchun ijodiy ko‘makka erishdi, boshqa tomondan Rossiya teatr namoyandalari o‘zbek teatr an’analarining o‘ziga xos jihatlarini anglash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Teatr madaniyatining yuksalishida 1945 yili Toshkent davlat teatr institutining tashkil qilinishi ayniqsa katta rol o‘ynadi. Dastlab institut tarkibida aktyorlik, rejissyorlik va teatrshunoslikdan iborat uchta fakultet mavjud bo‘lib, nafaqat O‘zbekiston uchun, balki Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston uchun ham kadrlar tayyorlandi. Institut tashkil etilgan dastlabki yillarda aktyorlik mahorati va rejissyorlik, sahna nutqi, teatrshunoslik kafedralarining birinchi rahbarlari taniqli o‘zbek sahna ustalari va moskvalik arboblar – I.Radun, N.Aliyeva va M.Grigorev bo‘lishgan, maxsus fanlardan M.Uyg‘ur, Ye.Bobojonov, P.Verxatskiy, Q.Xo‘jayev, S.Tabibullayev, A.Ginzburg, M.Rubinshteyn, N.Timofeeva singari yetuk san’atkorlar va teatrshunos olimlar saboq berishgan.

Urushdan keyingi yillarda o‘zbek teatri tarjima asarlarni sahnalashtirishga jiddiy e’tibor qaratdi. 1949 yili teatr ilk marotaba Pushkin ijodiga murojaat qilib, uning ikkita kichik tragediyasi – “Xasis” bilan “Tosh mehmon”ni sahnaga olib chiqdi. 1952 yili A.Ginzburg va Sh.Qayumov sahnalashtirgan N.Gogolning “Revizor”i esa chinakam muvaffaqiyat qozondi. Spektakl yutug‘ida Hokim va Xlestakov rollarining ijrochilari Sh.Burhonov va N.Rahimovning xizmatlari katta bo‘ldi.

Mumtoz dramaturgiya namunalarini tarjima qilish va sah­na­lashtirish tajribalari aktyorlarga ko‘pqirrali, realistik obrazlarni gavdalantirish imkoniyatini berdi, o‘zbek sahna ustalari va dramaturglar ijodiga samarali ta’sir o‘tkazdi.

1959 yili Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston adabiyoti va san’ati o‘nkunligi teatr va madaniy hayotda muhim voqealardan bo‘ldi. Dekadada yetakchi teatrlarning eng yaxshi spektakllari namoyish etilib, o‘zbek sahnasining jahon klassikasi va zamonaviy pesalarni talqin qilishning yangi qirralarini kashf etish mahorati, shuningdek, teatr arboblarining ijodiy salohiyati namoyish etildi. Shu bilan birga, integratsiya jarayoni kuchaydi, xalqlar o‘rtasida o‘zaro madaniy hamkorlik aloqalari takomillashib bordi.

1960 yillarda o‘zbek teatrining boshqa xalqlar hayotiga bo‘lgan qiziqishi kuchayganligini ko‘ramiz. Ayniqsa, O‘zbekistonda rus, ukrain, belorus, turkman va boshqa xalqlar adabiyoti va san’ati dekadalarining o‘tkazilishi hamda Rossiyaning Moskva Badiiy akademik teatri (MXAT), Maliy teatr, Mayakovskiy teatri, Taganka va Satira teatrlari, Pushkin nomidagi Leningrad drama teatri jamoalarining Toshkentdagi gastrollari o‘zaro ijodiy tajriba almashinuv jarayonida muhim ahamiyat kasb etdi.

Bu davrda o‘zbek teatri uchun muhim bo‘lgan mavzu – xorijiy Sharq xalqlarining o‘z ozodligi va mustaqilligi uchun kurash mavzusi maydonga chiqdi. N.Hikmatning “Turkiya haqida hikoya” (rej. A.Ginzburg, A.Turdiyev), “Bir sevgi afsonasi” (rej. A.Ginzburg, M.Uyg‘ur), R.Txakurning “Gang daryosining qizi” (rej. A.Ginzburg) singari spektakl­lari teatrning shu yo‘nalishda olib borgan samarali izlanishlaridan bo‘ldi. Eng yaxshi spektakllar barcha komponentlarning mutanosibligi, ularning pesa muallifi intilgan yagona g‘oyaviy maqsadga bo‘ysunishi bilan ajralib turadi. Rejissyorlar o‘zlarini nafaqat pesani talqin qiluvchi yoki sahnaviy voqealarni harakatga keltiruvchi, balki truppa tarbiyachilari va pedagoglari sifatida ham namoyon qiladi. Rejissura rol ustida ishlashning yangi uslubi va yangi sahnaviy tamoyillarni dadil ilgari suradi.

Ushbu davrda sahnalashtirilgan spektakllarning aksariyatini yuqori baholash mumkin. Lekin, shunday bo‘lsa-da, ular orasida, jazoirlik yozuvchi Muhammad Dib asari asosida sahnalashtirilgan “Jazoir – mening vatanim” (rej. A.Ginzburg) spektakli alohida e’tirofga loyiq. Ginzburg nafaqat ijtimoiy-siyosiy muammolarning mohiyatini ochib bera oldi, shu bilan birga, spektakl janrini xalq qahramonligi sifatida to‘g‘ri belgilab, romantik va lirik chekinishlar, chuqur ruhiy kechinmalar bilan uyg‘unlashgan, aynan shu dramaturgik manbagagina xos teatr shaklini topa oldi.

Boshqird yozuvchisi Mustay Karimning “Oy tutilgan tunda” dramasini rejissyor B.Yo‘ldoshev hurlikka, mustaqil fikrlashga intilgan inson haq-huquqi to‘g‘risidagi his-hayajonga to‘la, poetik qissa sifatida talqin qildi. Rejissyor qadimiy rivoyatning yangi, zamonaviy jarangini topish maqsadida milliy folklor an’analari izidan borib, original talqinni topishga intilgan. Shuningdek, V.Rozovning “Oqshomdan tushgacha”, R.Ibragimbekovning “Yashil eshik ortidagi ayol” pesalariga murojaat qilinganligi ham e’tiborga loyiqdir. Pesalar tanlashda, spektakllarning ma’naviy-axloqiy mazmun-mohiyatida, aniq, lo‘nda psixologik xarakterlarda, muammolarning murakkab yechimida zamonaning dolzarb ma’naviy muammolarini anglashga bo‘lgan jiddiy harakat ko‘zga tashlanadi.

1970 yillar sahna yuzini ko‘rgan turli mavzulardagi tarjima asarlar haqida so‘z ketganda, V. Chichkov asari asosida B.Yo‘ldoshev sahnalashtirgan “Men Chiliga ishonaman” spektaklini alohida ta’kidlash lozim. Spektakl o‘sha davrda Chilida yuz bergan voqealarga o‘ziga xos munosabat tarzida sahnalashtirilgan. Ushbu siyosiy spektakl prezident Alende hayotining so‘nggi kunlari, prezident tarafdorlari va raqiblari o‘rtasidagi o‘tkir siyosiy baxs-munozaralar haqida hikoya qiladi. Eng qizig‘i, teatr ushbu munozaralarga tomoshabinni ham olib kiradi. Sahna voqealari zalga ko‘chib, aktyorlar tomoshabinlar bilan yonma-yon o‘rindiqlarga joylashadilar. Salvador Alende rolini Olim Xo‘jayev maromiga yetkazib ijro etadi.

Teatrning tarjima dramaturgiya bilan ishlash tajribasini aktyorlarning ijrochilik mahorati yanada boyitdi. 1979–1985 yillar davomida sahnalashtirilgan “Qaroqchilar” (F.Shiller), “Uylanish” (N.Gogol), Antigona (Sofokl), “Tirik murda” (L.Tolstoy), “Har to‘kisda bir ayb” (A.Ostrovskiy), “Otello” (Shekspir) singari jahon klassikasining bir qator sara namunalarida teatr hayoti uchun muhim bo‘lgan yangi tamo­yillar o‘z aksini topdi. Turli rejissyorlar sahnalashtirgan ushbu spektakllar sahnaviy talqinlarining betakrorligi, o‘ziga xos rejissyorlik va aktyorlik ijodi hamda bezatish san’ati bilan e’tibor qozondi. Rejissyorlik sohasida vorisiylik va novatorlik, aktyorlik san’atida an’analarni yangilash yo‘lidagi izlanishlar ko‘zga tashlandi.

O‘zbek teatrining keng ko‘lamli, yorqin xarakterlarni gavdalantirishga bo‘lgan ishtiyoqi hamda ijroda ulug‘vorlikka intilish xususiyati 1976 yili jamoaning antik tragediyaga murojaat qilishiga va Sofokl­ning “Antigona”sini sahnalashtirilishiga sabab bo‘ldi. Insonning haqiqatni anglashga bo‘lgan intilishi gruzin rejissyori G.Aleksidze spektaklida bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ladi. Vijdon uyg‘onishi g‘oyasini rejissyor spektaklning bosh mavzusi qilib belgilaydi. Bu motiv O.Xo‘jayev ijrosidagi Kreont ijrosida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Teatrning mumtoz dramaturgiyani o‘zlashtirishdagi izlanishlarining o‘ziga xos yakuni sifatida “Tirik murda” (L.Tolstoy) spektaklini keltirish mumkin. Unda yorqin ifodaviy shakl hamda insoniy munosabatlar va xarakterlarning ruhiyatini chuqurroq anglash orqali dramaning ijtimoiy-ma’naviy konfliktini ochishga bo‘lgan harakatlar ko‘zga tashlanadi. Rejissyor B.Yo‘ldoshev va rassom G.Brim maishiy haqiqatga yaqinlik bilan teatrga xos ifodaviylikni uyg‘unlashtirgan holda kuchli badiiy ta’sirchanlikka erishadi. Rassom Fyodor Protasovning halokatiga sherik bo‘lgan jamiyatning muayyan obrazini yaratadi. Sahna ichkarisida, to‘rpardalar ortida, bo‘y baravar turli holatlarda qotib qolgan maniken-figuralar timsolida XIX asr oxiri burjua jamiyatining vakillari xira tortib turadi.

1986 yili R.Hamidov Ch.Aytmatov romani bo‘yicha “Asrga tatigulik kun” spektaklini, so‘ngra “Koriolan” tragediyasini sahnalashtirdi. Shekspir pesasini tanlar ekan, R.Hamidov unda xalq va insonning fuqaro sifatida o‘zligini anglashdek dolzarb masalani ko‘rdi. Koriolan va Rim xalqining fojiasi spektakl voqealarining asosini tashkil qiladi. Ushbu davr mumtoz repertuarning yanada qiziqarliroq namunasi M.Vayl sahnalashtirgan Gogolning “Revizor”i bo‘ldi. Rejissyorning pesaga diqqat bilan, jiddiy yondashuvi sabab, ijtimoiy-siyosiy satiraning o‘tkir qirralari yaqqol bo‘rtib chiqadi.

Xilma-xil milliy sahna madaniyatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tadqiq qilish borasida XX asrning 80-yillari oxirlarida Markaziy Osiyo mamlakatlarida navbatma-navbat o‘tkazib kelingan “Navro‘z” teatr festivallarining alohida o‘rni bor. Ushbu teatr forumlarida sahna ijodiyotini qayta kashf qilish, yangi ta’sirchan tuzilmani idrok etish va uni original ifodaviy vositalar bilan jonlantirishga bo‘lgan urinishlar ko‘zga tashlanadi. Natijada rang-barang badiiy tuzilmalarning o‘zaro “tutashishi” sodir bo‘ladi. Ushbu festivallar jonli teatr jarayonining ko‘zgusiga aylandi.

Festivalda tajriba va dasturlari xilma-xil bo‘lgan turli-tuman teatrlar mavzu, janr va uslubiy jihatdan rang-barang spektakllar ko‘rsatishdi. Jamoalar jahon va milliy mumtoz asarlar bilan bir qatorda, zamonaviy pesalarga ham murojaat qilishdi. Bu yerda turli avlod rejissyorlarining ham an’anaviy, ham eksperimental spektakllari namoyish qilindi, ular sahna san’ati rivojidagi ikki yo‘nalishni belgilab berishdi; o‘yin-teatri, tomosha, xatti-harakat teatri va ramziy-teatr, odamzod va uning kurrai zamindagi o‘rni xususida falsafiy mushohada.

Bu festivallar o‘zaro madaniy aloqalar jarayonining har tomonlama samarali ekanligini tasdiqladi. Mintaqa mamlakatlari sahna tajribalarini qo‘llash – repertuarning, ifodaviy sahna vositalarining, qizg‘in rejissyorlik izlanishlarining, ijrochilik mahoratining kengayib, boyib borishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ushbu festivallarda Hamzaning “Maysaraning ishi” (rej. B.Yo‘ldoshev), Sh.Boshbekovning “Temir xotin” (rej. O.Salimov), “Noma’lum Hamza” (rej. A.Abdunazarov) spektakllari yuqori o‘rinlarga sazovor bo‘lganligini ham alohida ta’kidlash lozim.

1993 yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida YuNESKO bilan hamkorlikda “Teatr: Sharq-G‘arb” birinchi xalqaro teatr festivali bo‘lib o‘tdi. Ushbu festival O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingandan keyingi dastlabki eng yirik madaniy tadbir bo‘ldi, desak mubolag‘a emas. O‘tmishda shu kabi tadbirlarni o‘tkazishda talab qilinadigan mafkuraviy bo‘yoqlardan mutlaqo xoli bo‘lgan ushbu teatr forumi, bir tomondan milliy ma’naviy qadriyatlarni tiklashga, ikkinchi tomondan jahonning ilg‘or madaniy jarayonlarini e’tirof etishga qaratilgan chinakam oqilona madaniy siyosatni namoyish qildi. O‘zbekiston Prezidenti I.Karimov festival qatnashchilariga tabrik xatida jumladan shunday deydi: “Sizning festivalingiz turli mintaqalar madaniyatining eng yaxshi yutuqlari namoyishi hisoblanadi, u insonlarni ma’naviy poklanishga, ezgulikning tantanasiga va yangi ijodiy parvozlarga da’vat qiladi, deb umid qilaman ”.

Festival turli janr va uslubiy yo‘nalishlarga ega bo‘lgan teatrlarning ko‘rigiga aylandi. O‘n sakkizta mamlakatdan kelgan ishtirokchilar tomoshabinlarga 23 ta spektakl taqdim etdi. Festival geografiyasi Yaponiyadan Shvetsiyagacha, Gonkongdan Londongacha bo‘lgan mamlakatlarni qamrab oldi. Dasturdan an’anaviy maishiy teatrlar bilan eksperimental teatrlar, opera bilan qo‘g‘irchoq, yoshlar teatrlari bilan akademik teatrlar yonma-yon joy oldi. Shuningdek, O‘zbekiston teatrlarining spektakllaridan iborat alohida keng ko‘lamli madaniy dastur ham tuzildi. Festival spektakllari sahnaviy shakl, ifoda vositalari, milliy-madaniy an’analar va jahon teatrlari tajribalaridan keng miqyosda foydalanish sohasida atroflicha mushohada yuritishga turtki berdi. Ayni paytda, festival sahnaviy ko‘ptillilik samara berganligini, ishtirokchilar va tomoshabinlarni bir-biridan ajratib, yakkalab qo‘ymaganligini namoyish qildi.

Festivalda Turkmaniston yosh tomoshabinlar teatri “Ajdodlar nidosi” spektaklini ko‘rsatdi. Sahnalashtiruvchi rejissyor A.Xo‘­jaquliyev nemis yozuvchisi Tomass Mann romanining syujet chizig‘ini XVIII asr turkman mumtoz shoiri Andalib dostoniga payvand qiladi.

Panjoblik Chandigarxa hind teatr truppasi olib kelgan “Naga Mandla” spektakli moziyga yuz tutgan Sharq an’anaviy teatri sinkretik tamoyillarining yashovchanligini tasdiqladi. So‘z va musiqa, raqs va plas­tika, ma’nodor xatti-harakat va imo-ishoralar tilining g‘aroyib ritm va melodiyalardan iborat ta’sirchan garmoniyasida kundalik hayot, afsona, borliq va illyuziya bir-biriga qorishib ketgan voqea hosil bo‘ladi.

O‘zbek rejissyori B.Yo‘ldoshevning Navoiy dostoni asosida sah­nalashtirgan, Iskandar Zulqarnayn hayotidan hikoya qiluvchi “Iskandar” spektakli zo‘r qiziqish bilan kutib olindi.

Bishkek yoshlar teatrining yapon dramaturgi D.Kinosita pesasi asosida rejissyor V. Pazi sahnalashtirgan “Turna pati” spektakli ochko‘zlikning qurboni bo‘lgan sevgi haqida hikoya qiladi. Rejissyor yapon estetikasining tagma’noli poetik olamini chuqur his qilgan holda uni nafis mohirlik bilan sahnaga olib kiradi.

Angliyalik “Trestl kompaniya” teatri hamda Qozog‘istonning Talgar niqob va marionetkalar teatrlari spektakllarida nafaqat ifodaviy vositalardagi farqlar, balki teatr tilining mushtarak xususiyatlari ham ko‘zga tashlanadi. Angliyaliklar spektaklida rassom va aktyorlar o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan niqobdan boshlab, xursandchilik g‘am-qayg‘u bilan almashinib turadigan, voqea-hodisalar odamlarning bir-birlariga bo‘lgan munosabatlari to‘g‘risida mushohadagi undaydigan tomoshaning o‘zigacha – hamma narsa g‘ayrioddiy, o‘zgacha ko‘rinadi. Buni qarangki, bir og‘iz ham so‘z aytmay, o‘z niqoblari orqali, kulib, hazillashib, jo‘n usul bilan ham biz haqimizdagi ko‘ngil tubida yashirin gaplarni izxor qilish mumkin ekan; biz kimmiz, qandaymiz – yaxshimi, yomonmi, yoqimtoymi, yovuzmi, kulgili yoki badjahlmi? Spektakl personajlari har doim ham yoqimtoy emas, biroq ular hamisha bizning ziddiyatli, murakkab dunyomizning zarrachalarini orqalab yurishadi.

Festivalda namoyish etilgan spektakllar mohiyatan ikki guruhga – tajriba-eksperiment shaklidagi izlanishlar hamda muayyan an’anaviy ruhdagi spektakllarga ajralib qoldi. Ya.Kupala nomidagi Belorus teatrining “Yashirin maktublar” (F.Dostoyevskiy), G‘aliasqar Kamol nomidagi tatar teatrining “Nur sochsa-da, isitmaydi” (A.Ostrovskiy), Mossovet teatrining “Oltin ko‘lda” (E.Tompson) singari akademik uslubdagi spektakllari sahna san’atida so‘z va professional aktyorlik mahoratining muhim jihatlarini ko‘rsatdi.

Noan’anaviy yo‘nalishda “Rezolyu” (Gonkong) teatrining “Baland imoratning ikki xizmatchisi” (P.Xandk), “Pandora steydj” (Finlyandiya) teatrining “Marvarid taqqan ayol” (K.Xurmerint) “Sukunat” (Yaponiya-Germaniya) teatrining “Qum” (Sh.Oto) spektakllari namoyish etildi. “Tembr” (Frantsiya, Rossiya) teatrining “Uch opa-singil” (A.Chexov), Sahna san’ati institutining (Italiya, Shvetsiya) “Xalq” spektakllari esa ifodaviy nutq ohangi bo‘yicha tajriba yo‘nalishida taqdim etildi.

O‘tgan asrning 90-yillari davomida hamda XXI asrning dastlabki o‘nyilligida o‘zbek teatr san’atining dunyo sahna maydonlari bo‘ylab integratsiyalashuv jarayoni kuchaydi. Yetakchi teatrlarimizning xorijiy mamlakatlarga gastrollari, Italiya, AQSh, Germaniya, Isroil singari mamlakatlardan taklif etilgan rejissyorlar tomonidan sahnalashtirilgan spektakllar bunga misol bo‘la oladi.

An’anaviy qoliplardan xalos bo‘lish, yangi sahnaviy ifoda vositalarini izlab topishga astoydil intilish O‘zbek drama teatrida amerikalik rejissyor David Kaplan sahnalashtirgan Shekspirning “Qirol Lir” spektaklida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Sahnalashtiruvchi (sahna bezatuvchisi ham uning o‘zi) voqealarni mavhum Albion sohillaridan Sharqqa ko‘chiradi. Sharqona uslub ohanglari rassom Z.Nosirova tayyorlagan sahna anjomlari va liboslarda mohirona aks etgan.

Biroq Sharqqa moslashtirish rejissyorning asosiy maqsadi emas deb o‘ylaymiz. Bu voqea va qahramonlarni tomoshabinlarga yaqin­lashtirishning shunchaki shakli, xolos. David Kaplan inson mas’uliyati mohiyatini anglashga kalit qidiradi, hayot lazzatlaridan ongli ravishda voz kechishni asoslaydi. O‘z ixtiyori bilan dunyodan voz kechish, oliy haqiqatni anglashga intilish. Shunday yondashuvning mavjudligini inkor qilib bo‘lmaydi. Afsuski, zo‘r berib, qattiq ishlash, 8–10 soatlab repetitsiyalar, oxir-oqibat, baribir aniq sahnaviy shakl va yuksak aktyorlik ijrosini ta’minlay olmadi.

B.Yo‘ldoshev Alisher Navoiy asari bo‘yicha sahnalashtirgan “Iskandar” spektakli Frantsiyada namoyish etilib, katta muvaffaqiyat qozondi. Spektaklda Navoiy rolini frantsuz aktyori Frantsua Shatto zo‘r mahorat bilan ijro etdi.

O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatrida K.Goldonining “Ikki boyga bir malay” pesasi bo‘yicha italyan rejissyori Sebastyano – Mariya Salvato sahnalashtirgan “Arlekino” spektakli ham samarali hamkorlik yutuqlaridan bo‘ldi.

Sankt-Peterburg shahridagi “Baltiyskiy dom” va Moskvadagi Xalqaro Chexov festivalining doimiy ishtirokchisiga aylangan O‘zbekiston Yoshlari teatrining N.Abdurahmonov tomonidan sah­nalashtirilgan spektakllari tomoshabinlar tomonidan zo‘r qiziqish bilan kutib olindi.

O‘zbek Milliy akademik drama teatri Istambul shahridagi Xalqaro festivalda “Qirmizi olma” (mual. E.Xushvaqtov, rej. M.Abdullayeva) spektakli bilan ishtirok etdi. Shuningdek, Milliy, Muqimiy, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Xorazm, Qo‘qon, Yosh tomoshabinlar, O‘zbekiston Yoshlari, Respublika qo‘g‘irchoq teatrlari Qohira xalqaro teatr festivalida, yana bir qator teatr jamoalarimiz dunyoning turli mintaqalarida ijodiy safarlarda bo‘lib qaytdi. Toshkent shahrida tashkil qilingan “Humo” xalqaro teatr festivalida esa hamdo‘stlik mamlakatlari hamda Germaniya, Yaponiya, Frantsiya, Isroil teatr jamoalarining spektakllari namoyish etildi.

Bir so‘z bilan aytganda, har qanday teatr madaniyati boshqa milliy-madaniy guruhlar va mintaqalar madaniyatlarining o‘zaro ta’siridan xoli bo‘lolmaydi. Zero, bu madaniyat markazlari, ijodkorlar va madaniyat iste’molchilari o‘rtasidagi o‘zaro amaliy va informatsion aloqalar jarayonining yuzaga kelishiga, shuningdek, turli madaniy an’analar, madaniyatning milliy shakllari, madaniy meroslar, yangi madaniy yutuqlar o‘rtasidagi mutanosiblik, madaniyatlararo tajriba almashinuvi singari yaxlit qadriyatlar tizimining qaror topishiga ham xizmat qiladi. Ayni chog‘da buni turli madaniy qadriyatlar va me’yorlarni birvarakayiga “tekislab”, bir qolipga solish deb tushunmaslik darkor. Madaniyatlar mushtarakligi har bir madaniyatning erkin rivojlanishiga, turlicha qarash va urf-odatlarga, madaniy hamkorlikning rang-barang shakllaridan foydalanishga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni taqozo qiladi.

Rus tilidan Omonulla Rizayev tarjimasi

“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 6-son

____________________

[1] Kafe-shantan – ashula va raqs ijro etiladigan ochiq sahna.

[2] “Sovetskiy teatr” // 1930, № 9-10, 10-b.