Tursunboy Adashboyev. Hammaga tanish nom bu.
Ammo Tursunboy… Adashboy… Adashgan odamning ismimi u? Tursunboy, Turg‘un deganlariku, ma’lum – avvalgi farzandlari nobud bo‘lavergach, ota-onasi “zora, shunisi turib qolsa”, deya tilak qilib, shunaqa ot qo‘ygan, biroq endi bilsam, u kishining otasi ham yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgan ekan, tibbiyot yo‘q u zamonlarda bolaga ko‘z tikib nobud qiladigan ins-jinslar zora adashsa, bunga tegmay, yanglishib nari o‘tib ketsa, degan ilinjda Adashboy deb ism qo‘yishgan ekan. Shunday qilib, yakkaning yolg‘iz farzandi edi bizning Tursunboy og‘amiz.
Ammo hali maktab yoshiga yetmasidan otasi terlama kasaliga chalinib, olamdan o‘tdi. Bu narsaning nimaligini tushunishga ham ojiz go‘dakni “Otang gul tergani ketdi, kelib qoladi”, deb ovutishdi yaqinlari. Bolalikning totli kunlari Tursunboy uchun o‘shandayoq tamom bo‘lgan edi. G‘alati bir hol: ona mehrini ko‘rmay o‘sgan Lutfixon Sarimsoqova kinoda mushfiq onaizor rolini ona qo‘ynida o‘sib-ulg‘aygan boshqa ayollardan yaxshiroq qilib, qoyillatib gavdalantirgani singari, bolalikka to‘ymagan, bir umr bolalikka intilib, bolalik baxtiga tashna bo‘lib o‘tgan Tursunboy aka ham bola ko‘nglini hammadan yaxshiroq anglaydigan, bu ma’sum olamni hammadan yaxshiroq ifoda etadigan ajoyib bolalar shoiri bo‘lib tanildi.
O‘ylab qarasam, shoirni qariyb ellik yildan beri bilar ekanman. U chog‘larda Tursunboy aka endi o‘ttizga kirgan, qaynoq, jo‘shqin bir yigit edi. Chopqillab yurar, umrining oxirigacha uni tark etmagan hazilvonligi, serharakatligi sababli davralarning guli bo‘lar edi. O‘sh viloyati o‘zbek gazetasi redaktsiyasida korrektor bo‘lib ishlaydigan biz kabi o‘n yetti-o‘n sakkiz yashar yigitchalar, Moskovdan ta’tilga kelib qolgan Shavkat Rahmonu tahririyatdagi boshqa yosh-yalanglar bilan dalada (bilasiz, u paytda “hamma sabzavotkor”, “hamma paxtakor”, “hamma pichan o‘ruvchi” edi) barchamizni qiziqtirib, yalangoyoq kimo‘zarga chopishar, bizning bu asov shiddatimizdan sertuproq dala yo‘llarning changi osmonlarga o‘rlab ketardi.
Ammo shoir faqat o‘ynab-kulib, quvnoq hayot kechirib o‘tib ketmadi – butun umri tinimsiz izlanish, ijodiy mehnat bilan kechdi, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda Tursunboy Adashboyev bo‘lib tanildi. Men bu gapni mahovat qilib aytayotganim yo‘q, u kishining Turkmanistondagi shoir do‘st-birodarlarini taniyman, Tojikistonlik talay qalamkashlar og‘a bilan bordi-keldi qilishar, ijodiy mashqlarini yuborishar, shoir ularni ona tilimizga o‘girib, o‘zbekcha yozilgan bo‘lsa tahrir qilib, turli gazeta-jurnallarda chop ettirar, bu ham kam ko‘rinib, davralarda “Avliyoxon Eshon degan bir zo‘r shoir bor, Tojikistondan, shuni bir o‘qinglar”, deya targ‘ib etishdan charchamasdi.
Tursunboy Adashboyevning badiiy ijodiyoti uch turlik: bolalar uchun she’r yozish, she’riy haj hamda badiiy tarjima.
Bulardan qaysi biri birinchi o‘rinda turadi, sizningcha? – deb savol bersangiz, ochig‘i, kalovlanib qolaman. Nazarimda, uchalasi ham yetakchilik qiladiganday.
Axir, o‘zbek bolalar she’riyatini Tursunboy Adashboyevsiz tasavvur qila olasizmi?
She’riy parodiya va epigramma degan janrlarni tamoman o‘ziniki qilib «biylab» olib, bu yo‘nalishda karvonboshi bo‘lganichi?
Qirg‘iz she’riyati va nasridan qilgan tarjimalarining o‘zi o‘ttizdan ortiq kitob bo‘lib bosilib chiqqan, (jumladan, «Manas» eposi, To‘lagan Qosimbekovning “Singan qilich” romani kabilar bor), buyoqda hali jahon bolalar adiblarining o‘nlab eng sara asarlarini qoyillatib, G‘aybulla Salomov domlaning ta’biri bilan aytganda, “kiftini keltirib” o‘girgan bo‘lsa…
Men u kishining ijodiga oid atigi uchtagina yo‘nalishni sanab o‘tdim, ammo bularning har biri bitta kiroyi shoirning umrini bezagudek.
Holbuki… Tursunboy aka shogirdtarosh ham edi! O‘nlab, yigirmalab, o‘ttizlab… shoirlar u kishini ustoz deb bilishar, oldida ham, ortida ham birday e’zozlashar edi. Ko‘plar bilmaydi: Tursunboy akaning ba’zi shogirdlari yosh jihatidan o‘zidan kattaroq ham edi – og‘a ularni ovloq-ovloq tumanlardagi gazeta tahririyatlaridan, maktablar, kitob do‘konlaridan topib, poytaxtga “qulog‘idan cho‘zib” olib kelar, oqibat – duppa-durust bolalar shoirlari kashf etilar, aksar qo‘li yupqa, sodda-do‘lvor bu odamlar bir-ikki yupqa-qalin kitoblari nashr etilgach, tuzukkina bolalar shoiri ekanini barcha e’tirof qilardi.
Tursunboy akaning suhbatini olgan, u hangoma berayotgan davrada bo‘lgan har bir odam keyinchalik uni yana qo‘msab qolar edi. Qolaversa, hozir ellik-oltmish yoshning buyog‘idagilarning bari bola chog‘ida Tursunboy Adashboyev she’rlarini yodlab katta bo‘lgan. Shoirga hamroh bo‘lib, O‘zbekiston yo Qirg‘izistonning qaysi tumaniga bormang, “iye, assalomu alaykum, Tursunboy aka, bormisiz, ustoz!”, deya qadrdonlari quchoq ochib chiqib kelaverishar, shoirning yonida ular bilan so‘rasha berib, charchab ham ketar edingiz. Va havas qilasiz – Tursunboy Adashboyev, ulug‘ adib Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, dunyoga kelib, odam ekkan insonlardan bo‘lgan ekan, deysiz. Har bir viloyat va tumanda uning shogirdlari, o‘zbek bolalar shoirlari – sodda, samimiy, oliyjanob insonlar bor. Tursunboy aka ularning har birini, ota-onasini, moddiy ahvolini, dard-tashvishini yaxshi bilar, qo‘lidan kelgancha ko‘maklashar, ularning kitobini chop ettirish uchun yelib-yugurib yurar edi…
Ana shu samimiylik va beg‘ubor kulgi kayfiyati Tursunboy Adashboyevning ona qishlog‘i haqida yozgan “G‘aroyib qishloqning ajoyib odamlari” xotira kitobchasida ham barq urib turibdi. Shoirning bolalik xotiralari – og‘ir zamonlarda ham mardligini, tantiligini saqlab qola olgan, ruhini tushirmay, kelajak kunlardan umid qilib, hazil-huzullarga ham vaqt topib, qishning ayozli tunlarida qora chiroqning xira shu’lasi ostida ko‘sak chuvib o‘tirgan odamlar… Ularga «Go‘ro‘g‘li» dostonini o‘qib berayotgan o‘smir Tursunboy Adashboyev… Qo‘shni qishloqqa sovchilikka, so‘ng esa kelin tushirishga borgan bari cho‘tir xotinlarning kulgilari… NKVD xodimlaridan yashirish uchun qadimda bitilgan kitoblarini ochiq go‘rga ko‘mib, talay vaqt o‘tgach nam tortib ketgan sahifalarni bittalab ochayotgan Tursunboy Adashboyevning bobosi…
Tursunboy aka… shu kunlarda sakson yoshga kirib o‘tirgan bo‘lar edi.
Atigi bir yarim yil yetmay qoldi bu sanaga.
Etmish sakkiz yoshida Tursunboy aka ham gul tergani ketgan otasi ortidan yo‘lga tushdi. Shoir bobolarini yo‘qotib qo‘yib so‘roqlayotgan, o‘ksib qolgan norasta o‘zbek bolalar she’riyatini, u kishining o‘nlab shogirdlarini yupatib, “Tursunboy akamiz gul tergani ketgan”, deb taskin berishdan boshqa nima choramiz bor?
Ilohi, gul terayotgani rost bo‘lsin!
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 1-son