Jannatmakon ustozimiz Nosir Fozilov bir-biriga jigar hisoblangan ikki xalq orasida shu sifatlari bilan tanilganlar. Buni, ehtimol, sifat emas, hayotlariga berilgan baho, yanada to‘g‘rirog‘i, ulug‘ mukofot deganimiz ma’quldir. Ikki adabiyot olamiga qilgan xizmatlari uchun Nosir akaga har ikki davlatning ko‘p mukofotlari berilgan. Nosir akaga berilgan unvonu nishonlar boshqa ijodkorlarga ham berilgandir. «Ikki xalqning suyumli farzandi» degan rasmiy unvon yo‘q. Ta’sis etilganida ham faqat Nosir akagina bunga birinchi o‘rinda loyiq ko‘rilgan bo‘lardi. Aslida ham shunday: ikki xalqning suyumli farzandi martabasiga yetishganini isbotlovchi rasmiy qog‘oz-hujjat bo‘lishi shart emas. Xalq yuragidagi muhabbat kifoyadir. Qog‘oz-hujjatlar javonda qolib ketadi. Xalqning yuragidagi muhabbat va xalq dilidagi duolar bilan Allohga ro‘para bo‘linadi.
Nosir aka haqida xotira yozish ishlari boshlanganiga ancha bo‘ldi. Nazarimda, men bu xayrli ishga oxirgilardan bo‘lib kirishdim, shekilli. Buning sababi: vafot etgan azizlarim haqida so‘z yozishda yuragimda og‘riq turadi. Xotira yozishni boshlagunimga qadar o‘tgan akalar-do‘stlar men uchun tirik bo‘lishadi. Xotira yozilgach, ularning bu dunyoni tark etganlarini tan olishga majbur bo‘laman. Aslida ularning vafot etganlari ulug‘ fojia emas, «o‘lim bizlarni ayirdi», deyilsada, ayriliq emas. Chunki ayrilish faqat jismandir, ruhda ayrilish bo‘lmaydi. Eng muhimi, bu ayriliq vaqtinchalikdir, qiyomatda yana ko‘rishmoqlik, birga bo‘lmoqlik saodati bordir. (Allohning marhamati va madadi ila bu bayon oxiriga yetgach, Nosir akamning tug‘ishganlariday ardoqlovchi qadrdon ukalari Tursunboy Adashboyevni ham xotirlab yozish umidim bor. Umidimga yetar bo‘lsam, Tursunboy aka haqidagi gapni ham ayni shunday boshlasam kerak. Chunki Tursunboy akam bilan Nosir akamning fazilatlarida ham, qilgan xayrli ishlarida ham o‘xshashlik ko‘p.)
Bolalar adabiyotining beqiyos ustozlari Quddus Muhammadiy, Qudrat Hikmat bilan bolalik chog‘imda bevosita tanishganman, ya’ni ular boshqargan adabiyot to‘garagida ilmlaridan, suhbatlaridan bahramand bo‘lganman. Hakim Nazir, Nosir Fozilov kabi ustozlarni esa o‘sha bolalik yillarim o‘zlarini ko‘rmay turib, kitoblarini o‘qib, taniganman. Hakim akaning «Cho‘l havosi», Nosir akamning «Robinzonlar», «Qush qanoti bilan» kabi kitoblari hozir ham ko‘z o‘ngimda turibdi. Keyinroq Nosir akam tarjima qilgan roman va qissalar orqali qo‘shnimiz qozoqlar hayoti bilan tanishgan edim. Qozoqlarni ko‘cha-ko‘yda, bozorda ko‘rib yurgan bo‘lsamda, ularning hayoti bilan Nosir akam tarjima qilgan kitoblar orqali bilib olganman. Bovurlarimiz qozoqlarning Abay, Muxtor Avezov, G‘abit Musrepov, Sobit Muqonov kabi ulkan adiblari o‘z kitoblari bilan Nosir akamning mehnatlari tufayli xonadonimga kirib kelib, to hanuz aziz mehmonlar safida turishadi. Qozoqlarning dunyoni lol qoldirgan polvonlari Hojimuqon va Cho‘loq polvonlarni ham o‘zbek o‘quvchilariga Nosir akam tanishtirgan edilar. Turli tarjima asarlarni o‘qiyverib, g‘ashimiz keladigan bo‘lib qolgan. Ma’noni ochib berolmaydigan g‘aliz jumlalar «tishga tegaverib», bezor qilib yuboradi. Nosir akamning tarjimalari unday emas. Hatto «tarjima asar» deyishga ikkilanib qolasan kishi. Chunki Nosir akam asarni qozoqcha emas, xuddi o‘zbekchada yozilganday qiyomiga yetkazib berardilar. Ko‘pchilik: «Qozoq adiblari shunaqa zo‘r asarlari borligidan o‘zlari ham ajablanishsa kerak», deb hazillashishardi.
Maktabning yuqori sinflarida o‘qib yurgan kezlarim «O‘zbekiston madaniyati» gazetasini doimiy ravishda olib o‘qirdim. Gazetani qo‘lga olishim bilan birinchi galda to‘rtinchi sahifadagi e’lonlarga qarardim. Unda Yozuvchilar uyushmasida bo‘ladgan tadbirlar haqida xabar berilardi. Tadbirlarga borardim, birov «Bu o‘smir bola nima qilib yuribdi», demasdi. Yuqorida o‘tirgan Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor kabi ulug‘lardan ko‘z uzmasdim, gapirishganda diqqat bilan tinglardim. Tanaffus paytida yoki tadbir tugaganidan keyin ularga yaqinlashib salomlashayotgan yoshlarga havas bilan boqardim. Tadbirda tog‘am Mirzakalon Ismoiliyni ham ko‘rardim, lekin tortinchoqligim tufaylimikin, borib salomlashishga iymanardim. O‘ttiz yoshlar atrofidagi yozuvchilarni, xususan, Nosir Fozilov, O‘lmas Umarbekov, Farhod Musajonov, O‘tkir Hoshimovlarni ham ilk marta shu tadbirlarda ko‘rganman. Ularday bo‘lishni orzu qilganman.
Birinchi fantastik qissamni talabalik yillari yozgan edim. Men dorilfununning kechki bo‘limida o‘qir edim. Kunduzi ishlardim. 1966 yil avvalida bolalar matbuotida ishlay boshlaganimdan keyin uzoq yillar havas qilganim adiblar bilan yaqinroqdan ko‘rishish, salom berish baxtiga yetishdim. Ayniqsa, zilziladan so‘ng «Sharq yulduzi» jurnali va Yozuvchilar uyushmasi Navoiy ko‘chasidagi 30-uyga ko‘chib kelgach, orzularim birin-ketin amalga osha boshladi. Mashhur kishilarni uzoqdan bo‘lsada, ko‘rib zavqlangan o‘smirning yigit yoshiga yetib, ul azizlar bilan qo‘l berib salomlashishi chinakam baxt edi, desam ishonavering. Ehtimol, hozirgi yoshlar bunday holatni qadriga yetishmas, lekin biz uchun ulug‘larning salomimizga alik olib, qo‘l uzatishlari chinakam baxt edi. Ulug‘lar davrasiga yaqinlashilgandan keyin ular haqidagi turli gap-so‘zlarni eshitasiz, ularning odatlari bilan tanisha borasiz. Tahririyatlar, nashriyotlar joylashgan imorat yonidagi eskigina choyxona bu borada yaxshi ma’rifiy markaz edi. Adabiyot maydoniga endi kirib kelayotganlar ham, bu maydonda qaddini tiklab, tanilib qolganlar ham davrada suhbat qurishardi. Yangi she’rlar o‘qilardi. Kimningdir asarini nashriyot muharriri yoki tahririyat adabiy xodimi «Bo‘lmaydi», deb qaytarib bergani muhokama qilinardi. Yoki yangi asarini oqqa ko‘chirtirgan yosh adibga asarni kimga o‘qitish borasida maslahatlar berilardi. Shunday davralarda ko‘pincha «Nosir akaga o‘qitib oling, Nosir akadan o‘tgani, hamma joydan o‘tdi, degan gap», deyishardi. Kimdir birov oradan kunlar o‘tib: «Qissa Nosir akaga yoqmabdi, «Bo‘lmaydi», dedi», desa davradagilar «Nosir aka shunday degan bo‘lsalar, demak, to‘g‘ri», deb xulosa yasab berishardi. Nosir akamga yaqinlashmay turib u kishining g‘oyat talabchan, hatto ayovsiz ekanliklarini bilganman. Keyinchalik mehrlari bilan birga ayovsizliklarini ham tatib ko‘rganman.
Universitetni bitirgan yilim fantastik qissani oqqa ko‘chirib, ikki nusxasini «Yosh gvardiya» nashriyotiga, bir nusxasini «Sharq yulduzi» jurnaliga eltib berdim. Tanishlarim: «Qissang ikki sabab bilan jurnalda bosilmaydi: birinchidan «Sharq yulduzi» jiddiy adabiy jurnal, fantastikani bermaydi, ikkinchidan, asar Nosir Fozilovning qo‘liga tushadi, uning chig‘irig‘idan o‘tishi qiyin», deyishsa ham ahdimdan qaytmadim. Qo‘lyozmani berib, o‘zim harbiy xizmatga jo‘nadim. Oradan bir yil o‘tib, Nosir akaga ro‘para bo‘ldim. «Ha, shoir», deb samimiy kutib oldilar. Asar ma’qul bo‘lganini, jurnalda berishga tayyorlanganini aytganlarida avvaliga gangib qoldim, keyin quvonchdan yettinchi osmonga uchib chiqqanday bo‘ldim.
Nosir akam «Yuring, shoir», deb Bosh muharrir xonasiga boshlab kirib, Mirmuhsin akaga tanishtirdilarda, «Mana bizda ham fantastika paydo bo‘ldi», deb gap boshlab, asarni maqtadilar. Men Mirmuhsin akaning ish uslublarini eshitgan edim. Jurnalda bosiladigan asarni boshqa yozuvchilarga ham o‘qitib, ularning fikrini eshitib, keyin qaror qabul qilar ekanlar. Qissa bu jarayondan o‘tgan ekan, Nosir akaning fikrlarini ma’qulladilar. Shunda men nodonlik qilib, asar «Yosh gvardiya» nashriyotida qisqartirilgan holda nashr etilayotganini aytib qo‘ydim. Mirmuhsin aka Nosir akaga savol nazari bilan qaradilar. Nosir aka afsus, deganday bosh chayqadilar:
– Shoir, kitobni to‘xtatishning iloji yo‘qmi? – dedilar.
– Bosmaxonada terib bo‘lingan, – dedim.
Jurnalda bosilgan asar keyinroq kitob holida nashr etilishi mumkin edi. Lekin kitob bo‘lib chiqqan asarni jurnal bermasdi. O‘sha kuni «Nodonlik qildim, aytmasam bo‘lar ekan», dedim, keyin «To‘g‘ri qildim, bu ishim vijdondan bo‘ldi», degan to‘xtamga keldim. Asarni jurnalda chiqmasligiga o‘zim sababchi bo‘lganim ko‘p o‘tmay taqdirlandi. Keyingi qissani qo‘lga olib, o‘qishgach, galga solmay, uzun navbatga qo‘ymay, nashr etishdi.
«Hikmat afandining o‘limi» nashrdan olib qo‘yilgach, Nosir aka meni tez-tez yo‘qlab, qo‘lyozmalarga taqriz yozishni topshira boshladilar. Bu sohada tajribam yetishmasada, ishonch bildirdilar. Hatto hajmi besh yuz sahifadan oshadigan romanni berib, «150 betlik asarga aylantirib bering», dedilar. Ba’zi adiblar bo‘shroq yozilgan asarlarini nasr kengashi muhokamasidan o‘tkazib olib, tahririyat va nashriyotlarni bezor qila boshlashardi. Yuqori idoralarda ularni himoya qiladiganlar ham bo‘lardi. Qo‘ng‘iroqlar va iltimoslardan bezgan tahririyat rahbarlari «jurnal varianti» degan izoh bilan asarni qisqartirib berishardi. Menga xuddi shunday romanni berdilar. Asarga husn bo‘lmaydigan sahifalarni qisqartirib chiqdim. Ayrim sahifalarni qaytadan yozib, mashinkada o‘zim ko‘chirib berdim. Bu ishim ham Nosir akamga ma’qul keldi. Ayniqsa, fantastika yo‘nalishida yoziladigan asarlarga men baho beradigan bo‘lib qoldim.
Harbiy xizmatga jo‘nashdan oldin «Dilpora» degan qissa yozishni boshlagan edim. «Nomussizlik dilni pora-pora qilib tashlovchi dahshatli kuch», degan g‘oyani asarga singdirishni o‘ylagandim. Xizmatdan qaytgach, yozishni davom ettirib, nihoyasiga yetkazdim. Zo‘r asar yozganimga ishonib, o‘zimdan o‘zim mamnun bo‘ldim. Tezroq nashr bo‘lishi, tezroq maqtovlar yog‘ilishi umidida bir nusxasini tog‘amga, ikkinchisini «Sharq yulduzi» nasr bo‘limi boshlig‘i Nosir Fozilovga berdim. Nosir aka xolis, to‘g‘riso‘z bo‘lganlari uchun biz – yoshlar uni yaxshi ko‘rardik. Nosir aka men kabi yosh adib bilan ham, Odil Yoqubov yoki Said Ahmad bilan ham bir xilda muomala qilardilar. Yoshlarga «shoir», deb murojaat qilardilar. Kamina ham bu lutfdan benasib emasdim. Tahririyatga nurli umidlar bilan borib, Nosir akaga ro‘para bo‘ldim. Ammo bu safar maqtov eshitmadim. «Yaxshi narsa yozibsizku, ammo…» degan gap ham bo‘lmadi.
– Shoir, rasvo qilibsizku! – dedilar.
Bu bahoning hazilmi yo chinmi ekanini anglamay taajjubda qoldim. Odatda «asarni o‘qidim, yaxshi yozibsiz, lekin bunday-bunday kamchiliklari bor, qayta ishlash kerak», deyilardi. Nosir aka esa…
– Nega? – dedim.
– O‘zbek ayollarini fohishaga chiqarib qo‘yibsizku?!
Asardagi ayollardan biri adashib, boshqasi esa atayin xiyonat ko‘chasiga kirgan edi. Maqsadim ayollarni kamsitish emas, balki yoshlarni shu yo‘ldan qaytarishga urinish edi. Demak, asarda maqsad amalga oshmabdi.
– Nima qilamiz, shoir? Gapim noto‘g‘ri bo‘lsa, ishontiring.
– Men o‘ylab ko‘ray.
Aslida o‘ylab ko‘rish uchun emas, tog‘amning fikrlarini bilish uchun fursat oldim. Tog‘amnikiga bordim. Tog‘amdan eshitgan gaplar avaylab ko‘tarib kelganim umid chinnisini tamoman chil-chil sindirdi:
– O‘n besh bet o‘qidim. U yog‘ini sira o‘qiy olmayapman. Nima deysan, sabr bilan o‘qib chiqaverayinmi yo shuncha o‘qiganim yetarlimi?
Maqtovlar shohsupasida huzurlanishni orzu qilgan yigitni go‘yo qoziq qilib yerga qoqib yuborishganday bo‘lishdi. Hatto «Demak, mendan yozuvchi chiqmas ekan», degan fikr ham uyg‘ondi.
Nosir aka turkistonlik bo‘lganliklari uchun tog‘am u kishini «qozoq» deb, o‘zlari o‘shlik bo‘lganliklari sababli Nosir aka «qirg‘iz» deb hazillashishardi.
– Qozoq akangga o‘qitdingmi? – deb so‘radilar.
– O‘qitdim… Yoqmabdi.
Nosir akaning gaplarini aytishga uyaldim.
– Unga yoqmagan bo‘lsa, mening o‘qishdan to‘xtab qolganim bejiz emas ekan. Sen shoshilma, uch-to‘rt oy tashlab qo‘y, keyin yangicha nazar bilan qo‘lga olasan.
Uch-to‘rt oy emas, ko‘p yillar tashlab qo‘ydim. Yaqinda «Darakchi» gazetasi tahririyatidan qo‘ng‘iroq qilib, «Yoshligingizda yozgan asarlaringizdan bo‘lsa ham beravering», deyishdi. «Dilpora»ni eslab, eski qog‘ozlar orasidan topib, varaqlay boshladim. Tog‘am aytganlariday, o‘n besh betni qiynalib o‘qidim. Keyin uyala boshladim. Sahifalarni taxlab, tepasiga «Qaysidir adabiyotshunos olim, qachondir men haqimda nimadir yozmoqchi bo‘lsa, «Tohir Malik juda bemaza narsalar ham yozgan» degan gapiga misol tariqasida bu yozuvlardan foydalanishi mumkin. Boshqalar varaqlab, boshlarini og‘ritishmasin», deb yozib, qog‘ozlar to‘plamining eng ostiga joylab qo‘ydim.
«Falak»ni yozgach, uni ham Nosir akam bilan tog‘amga berdim. Nosir akam uzoq kuttirmadilar. Ishlari ko‘p bo‘lsa ham tez kunlarda o‘qib, huzurlariga chaqirtirdilar. Xavotir bilan borgan edim, qo‘limni siqib, «Ha, shoir, bu boshqa gap», deb ko‘nglimni ko‘targach:
– Men ikki ruhdagi asarni o‘qiganday bo‘ldim. Tarixga doir sahifalarni o‘qishda «Munojot»ni tinglaganday huzurlandim. Fantastikaga doir sahifalarda Olmaxon Hayitovaning taraqa-turuq ashulasi yangrab ketganday tuyuldi, – dedilar.
– Olmaxon Hayitovaning ashulasiga odamlar miriqib o‘ynashadiku? – deb hazillashdim.
– Qirg‘iz o‘qib bo‘lganlari yo‘qmi? Mayli, biz nashrga tayyorlayveramiz, qirg‘izga yoqishiga ishonaman.
Nosir akam G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda ishlayotganlarida ham tez-tez yo‘qlab turardilar. «Bir ko‘cha, bir kecha» kitobini nashrga tayyorlashda ham o‘zlari bosh-qosh bo‘ldilar. Bir do‘stimiz kitobga taqriz yozgan ekan, o‘qib, kapalagim uchib ketdi. Kitobdan o‘rin olgan barcha asarlarni balchiqqa belab tashlagan edi. Kitobga Mashrab Boboyev muharrir edilar. Ajablanib, Nosir akamga ko‘rsatdilar. Nosir akam erinmay kitob bilan tanishib chiqib, afsus bilan bosh chayqadilarda: «Nodon bola, o‘ch olmoqchi bo‘libdida», dedilar. Gap shundaki, sal oldinroq men u do‘stimizning asariga taqriz yozib bir qancha kamchiliklarini ko‘rsatgan edim. Taqrizdagi fikrlarim Nosir akamga ma’qul bo‘lgan, do‘stimiz esa jiddiy ranjigan ekan. Nosir aka uning taqrizini chetga surib qo‘yib, Mashrab akaga: «Nashrga tushiravering», deb xulosa qildilar. Keyin eshitsam, do‘stimizni chaqirib jiddiy tanbeh beribdilar. Do‘stimiz menga uchrashib, «Ko‘nglimda qora niyat yo‘q edi», deb uzrxohlik qildi.
Shundan so‘ng Nosir akam bilan bizning «quvlashmachoq» o‘yinimiz boshlandi. Hatto umrlarining oxirida ham «Orqamdan quvib yurasiz», deb hazillashgan edilar. Bir kuni telefon qildilar, go‘shakni olib, odatim bo‘yicha «Labbay», dedim. Nosir akam ham odatlari o‘yicha «Labbayingga shakar», dedilar. Keyin maqsadga o‘tdilar:
– Menga qarang, shoir, radioda osmonga puflab yurganingiz yetar. Men «Sharq yulduzi»ga o‘tyapman, nashriyotdagi o‘rnimga siz kelasiz. Xo‘jayinlar bilan kelishib qo‘ydim. Uyingizda o‘tirib ishlaysiz. Lekin bir sharti bor: ikki-uch yil ishlab qochib qolmaysiz. Sizning nomingizdan shunaqa va’da berdim.
Bu men uchun quvonchli xabar edi. «Men ham va’da beraman, o‘sha yerdan pensiyaga chiqaman», dedim. Lekin va’daning ustidan chiqolmadim. «Sharq yulduzi»da Mamadali Mahmudovning «O‘lmas qoyalar» asari bosilgach, g‘alva-to‘palonlar boshlanib ketdi. «Antisovet asar»ni bosgani uchun kimdir jazolanishi kerak edi, «Holvani hokim yeydi, kaltakni yetim yeydi», deganlaridek, asosiy mas’ullar chetda qolib, Nosir akamni pensiyaga chiqaradigan bo‘lishibdi. Bu qaror qabul qilingan kuni men uyda edim, bir do‘stimiz kelib, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sarvar Azimov yo‘qlayotganini aytdi. Shoshqich ravishda borishim kerak ekan. Bordim. Nashriyotdan «Sharq yulduz»iga o‘tganim ma’lum qilindi. Binoning uchinchi qavatidan ikkinchi qavatiga tushdim. Nosir akam kutib o‘tirgan ekanlar. Yuraklaridagi g‘ashlikni sezdirmadilar, aksincha, «Ha, shoir, ortimdan quvib yetib keldingizmi?», deb hazil bilan kutib oldilar.
– Men bunaqa jiddiy joyda ishlamaganman, boshim qotib qoldi, – dedim.
– Boshingiz qotmasin, mas’ul kotibning ishi oson: farroshga supurgi topib berishdan tortib, bosmaxonaga yugurishgacha, tilning tagiga validol tashlab olib maza-bemaza qo‘lyozmalarni o‘qib, so‘ng mualliflar bilan tortishishgacha – hamma-hammasiga men balogardon edim, endi siz yugurasiz. Bo‘yingiz uzun, yugurib charchamaysiz, – deb «ishni» topshirdilar. Nosir aka chidamliroq ekanlar, men ko‘pga chidamadim, ayniqsa, yangi bosh muharrir bilan murosa qila olmay ketdim.
Oradan bir necha yil o‘tgach, O‘tkir Hoshimov Nosir akamni yana shu vazifaga chaqirib oldilar. Odamlar orasidan mehr-oqibat qochayotgan qiyin paytlarda ishladilar. Mualliflar asari bo‘sh ekanini tan olmay, janjallarni boshlab yuborardi. Nosir akam bu borada tahririyatdagi himoyalovchi metin qoya edilar.
«Sharq yulduzi» tarjima asarlarni deyarli bosmas edi. Bir shoir akamiz Shekspir asarlarini ingliz tilidan tarjima qilib, tavsiya etibdilar. Tahririyat rad etibdi. Masala tahrir hay’atida muhokama qilinibdi. Oxiri, shoir akamiz achchiqlanib: «Sizlarni Shekspir bobomning arvohi uradi», debdilar. Shunda Nosir akam xotirjam ravishda javob qilibdilar:
– Qo‘rqitmang, Shekspir bobongizning arvohini mening bobomning ruhi urib, pachaq qilib tashlaydi.
– Sizning bobongiz kim? – deb ajablanibdilar shoir akamiz.
– Yassaviyda… – debdilar Nosir akam.
O‘zlari Turkiston shahridan bo‘lganlari uchun javob juda o‘rniga tushib, barchada kulgi uyg‘otgan ekan.
1992 yilning yoz oylarida Nosir akam qo‘ng‘iroq qilib, «O‘tkir akangiz bilan oshni damlab, kutib o‘tiribmiz, kelsangiz suzamiz», dedilar. «Shaytanat»ning birinchi kitobini topshirgan edim. Ma’qullashgan edi, yana biron savol chiqqandir, degan o‘yda bordim. Odatlaricha, hazil-huzul bilan kutib olib, O‘tkir akaning xonalariga boshladilar.
– «Shaytanat»ni keyingi songa bermoqchi edik, bir mulohaza chiqib qoldi, – dedilar O‘tkir aka. – Qur’oni karimning tarjimasi nihoyasiga yetdi. Endi jurnalning ikki sonini birlashtirib, Qur’onni kitob holida chiqarsak. Qur’on kitobi obunachilarimizga tekinga boradi, qo‘shimcha nusxalarni sotuvga chiqaramiz. Foydasiga qog‘oz olamiz.
Bu juda yaxshi tadbir edi, mendan so‘rab o‘tirishning hojati ham yo‘q edi. Gapni bu yangilikdan boshlanish sababini Nosir akam aytdilar.
– Shoir, nashriyotda ishlagansiz, endi bu kitobni chiqarish sizning zimmangizga tushadi, – deb kalit uzatdilar.
– Bu nima?
– O‘zingiz bilgan seyfning kaliti, ichi qup-quruq, profsoyuzning muhridan boshqa hech vaqo yo‘q. Men charchadim. Jurnalning tashkiliy ishlari qiyinlashib ketdi, chop-chop, yugur-yugurga toqatim qolmadi. Bunaqa ishlarni naynov bollar bajaragani durust deb, – gapni yana payrovga burdilar.
– Yana quvlashmachoq o‘ynab, qochyapsizmi? – dedim.
– Bunisi oxirgisi…
Nosir akam tez-tez telefon qilardilar, ba’zan Turkistonga boshlab ketardilar, ko‘proq esa uyga mehmonga chorlab turardilar. Uylaridan mehmon arimasdi. Qozog‘istondan kelgan ijodkorlar ham Nosir akanikida, albatta, mehmon bo‘lishardi. Ko‘proq bolalarga atab asarlar yozganlari uchunmi, bolalarga xos beg‘uborliklari, mehribonliklari bor edi. Mehmon kutishda shu fazilatlari, ayniqsa, ko‘proq sezilardi. Bu fazilat muhtarama kennoyimizda ham bor edi. Ikkovlari mehmon kutib charchashmasdi.
Nosir akam ellik yoshga to‘lganlarida uyushmada katta tantana bo‘ldi. Eng nomdor va amaldor yozuvchilarning yubileylari ham bunaqa darajada samimiy va go‘zal tarzda o‘tmagan edi. Nomdor va amaldorlarning yubileylariga davlat idoralari orqali odamlar majburan keltirilardi. Nosir akaning tavallud to‘ylarini eshitganlar chorlov bo‘lsa, bo‘lmasa, barcha viloyatlardan ham oqib kelishdi. Restorandagi kechki ziyofat ham to‘kin bo‘ldi. Nosir aka bilan Said Ahmad akaning ko‘p hazillarini O‘tkir aka kitoblarida yozganlar. O‘sha yubiley bazmida Said Ahmad aka Nosir akamning fazilatlarini va adabiyotdagi ulug‘ xizmatlarini hazil tariqasida, ammo o‘xshatib aytgan edilar:
– Odamlar Nosirning o‘zbek va qozoq adabiyotini birlashtirib turuvchi ko‘prik, deyishyapti. Bu bo‘lmagan gap. Ko‘prikning ustidan it ham, eshak o‘taveradi. Nosir ko‘prik emas, u sirach, ikki adabiyotni yelimlab turadi.
Said Ahmad aka «sirach» deb nomlagan yelimning rangi sariqligiga ishora o‘laroq, Nosir akamning sarg‘ish yuzli ekanliklarini askiya qilgan edilar. Sariq rang payrovi Said Ahmad akaning asosiy qurollaridan biri edi.
Yozuvchilar uyushmasida ish boshlagan kunim bir guruh yozuvchilar bilan Chimkentga qarab yo‘l oldik. Chimkent viloyatida O‘zbek adabiyoti haftaligi belgilangan ekan, Odil Yoqubov meni shu guruhga rahbar etib tayinladilar. Hafta davomida men Nosir akamning qozoqlar orasida benihoya qadrlanishlariga guvoh bo‘ldim. «Benihoya» so‘ziga atay urg‘u berdim. Yozuvchilar guruhida Chimkent viloyatida tug‘ilib voyaga yetgan taniqli ijodkorlar bor edi. Lekin ularning ba’zilarini qozoqlar hatto tanishmasdi. Kuzatishda adashmagan bo‘lsam, hatto Odil akadan ham hurmatlari balandroq ekan. «Nosir og‘a!», «Nosir og‘a!» qayerga bormaylik, shu xitoblarni eshitardik. Do‘stlarimizdan biri ham shu holatga e’tibor bergan ekan, «Nosir akani turkistonlik bo‘lganlari uchun qozoqlar hurmat qiladi, desam, boshqa turkistonliklar ham bor, ularga e’tibor qaratilmayapti, bu obro‘ning sababi nimada ekan?» – deb qoldi. Meni ham shu savol o‘ylantirgan, o‘zimcha javob topgan edim, shuni aytdim:
– Turkistonliklarni, xususan, qozoqlarning hurmatini qozonish uchun shu yerda tug‘ilib, voyaga yetish asosiy omil emas. Asosiysi, Turkistonga, Qozoq va O‘zbek adabiyotiga birday fidoyilik bilan xizmat qilish.
Guruhga rasman men rahbar bo‘lsamda, asosiy safar raisimiz Nosir akam edilar. Bu yerliklarning urf-odatini yaxshi bilganliklari uchun barcha masalada faqat u kishidan maslahat so‘rardim. Tadbirning birinchi kuniyoq, qozoq bovurlarimiz chegarada kutib olishgach, ziyofat berdilar. Odatlariga ko‘ra, qo‘ylar so‘yilib, kalla-pochalar pishirilib qo‘yilgan ekan. Guruh rahbari men bo‘lganim uchun pishirilgan qo‘y kallasi menga tortiq qilindi. Men hurmat bilan Nosir akamga uzatdim. Nosir akam qozoqcha hazil-mutoyibalar bilan go‘shtni maydalab tarqatdilar. So‘ng: «Shoir, topshirig‘ingizni bajardim. Endi qozoqlarning har bir ziyofatiga e’tibor bering, ikki oydan keyin bizga kelishadi, bundan a’loroq qilib qaytarishingiz kerak», dedilar.
– Bulardan oshirib ziyofat qilolmasak kerak, – dedim.
– Buni to‘g‘ri fahmlabsiz, – dedilar.
1995 yil edi, shekilli, Nosir aka biln birgalikda Olmaotaga bordik. U yerda Qozoq-O‘zbek do‘stlik jamiyatining ta’sis majlisida qatnashdik. Nosir aka majlislarda gapirishni uncha yoqtirmasdilar. «So‘zga chiqishga siz tayyorlaning», dedilar. Lekin biz bilan borgan hukumat rasmiysi o‘zi gapirishini ma’lum qilganda Nosir aka achchiqlandilar. Tadbirdan so‘ng mehmonxonaga shoshildilar. Shom bo‘lib qolgan edi. «Kecha bir qozoq adibining yubileyi bo‘ldi, borib tabriklab kelamiz», dedilar. Taksida ketaturib, haqni to‘lash maqsadida cho‘ntagimdan pulni oldimu, beixtiyor kulib yubordim. «Ha, shoir, nima bo‘ldi?» – dedilar. «Nosir aka, Qozog‘istonning mustaqil davlatligi esimda yo‘q, puli boshqaligi ham xayolimda yo‘q, xuddi sovet davridagiday o‘zimizning pulimiz bilan chiqib kelaveribman», desam, «Ha, soddagina bola», deb kuldilar. Qozoq yozuvchisining uyini kechagi ziyofatdan keyin hali to‘la yig‘ishtirib ulgurishmagan ekan. Adib g‘oyat quvondi. Ikki soatlardan so‘ng ikki qozoq adibi kirib keldi. Ular Nosir akamning Olmaotaga kelganlarini eshitib, mehmonxonaga izlab borib, ancha kutishibdi. Keyin o‘ylay-o‘ylay, «Hoynahoy, yubilyarni tabriklagani borgandir», degan taxminda kelishgan ekan.
Olmaotada uch kun turgan bo‘lsak, Nosir aka tinim bilmadilar. «Siz qozoqlarning shayxi, piri murshidiga aylanib qolibsiz», deb hazillashdim. Qaytadigan kunimiz barvaqt turib, shahardan tashqaridagi Medeo (Madad tog‘) degan joyga boshlab bordilar. «Oybek akaga sovg‘a qilingan xarsang shu yerda bo‘lgan, sportkompleksi qurishda portlatib tashlashgan», dedilar. Nosir akamning bu tosh tarixiga doir voqeiy hikoyalari bor, menda tasavvur uyg‘otish uchun maxsus boshlab boribdilar (Shu hikoya o‘rin olgan kitob Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi).
Nosir akamning eng yaxshi ko‘radigan ukalaridan biri Tursunboy Adashboyev edilar. Nosir aka Yozuvchilar uyushmasidagi bolalar adabiyoti kengashining raisi sifatida shu kengash kotibi vazifasida ishlovchi Tursunboy aka bilan deyarli har kuni aloqada bo‘lib turardilar. Nosir aka bizlarni samimiy akalik mehri bilan yaxshi ko‘rardilar, g‘amxo‘rlik qilardilar. Bir kuni qo‘ng‘iroq qildilar:
– Kennayingiz jarrohlik shifoxonasida ko‘ribdilar, kasallarning kiyimida ekansiz, yana nima bo‘ldi?
– Yana o‘sha gap, xirurglarning pichog‘i qonsirab qolgan ekan, – deb hazillashdim.
– Obbo… – deb uf tortganlarini eshitdim. – Bu nechanchisi? Yana nimani olib tashlashdi? Shoir, ichingizda biron narsa qoldimi o‘zi?
– Oldingi safar ko‘proq olib tashlashgan ekan, bu safar qo‘shib qo‘yishdi, – deb hazillashdim.
Shifoxonadan chiqqunimcha har kuni qo‘ng‘iroq qilib turdilar. Unvon bilan taqdirlangan kuni birinchi bo‘lib tabriklagani keldilar. «Naynov bola, endi engashib turasiz, peshonangizdan bir o‘pmasam bo‘lmaydi», deb hazillashdilar.
Ana shunday mehribon edilar. Mehribon aka mehri bilan qadrlardilar. Biz mehribon uka mehri bilan javob qaytara oldikmi? Meni shu savol ko‘proq o‘yga toldiradi.
Bayon avvalida banda xalqning duolari bilan Allohga ro‘para bo‘ladi, dedim. Nosir akamni «Ikki xalqning suyukli farzandi», deb atadim. Bayon so‘ngidagi duo: Allohim, ikki xalqning suyukli farzandi martabasiga yetishgan bu bandangga O‘zing sevgan bandalaring qatoridan joy ber. Shunday yaxshi odam bilan bu dunyoda tanishtirganing uchun O‘zingga behisob shukrlar bo‘lsin, endi qiyomatda O‘zingning jannatingda ham birga qil! Omiyn ya Robbal olamin!
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 6-son