Zohidjon Xolov. Sakuralar kech gullagan yil

Amerika adabiyotiga va shu orqali mahalliy siyosat ahli shuuriga “tinchlik” degan bebaho so‘zni olib kirgan yozuvchi Ernest Xemingueyning mashhur hikmatlari ko‘p. Masalan, o‘z hayotidan xulosa qilib: “Buyuk yozuvchi bo‘lish uchun ijodkorning buyuk bolaligi bo‘lishi kerak”, degandi u. Yasunari Kavabata ham, ta’bir joiz bo‘lsa, bolaligi yozuvchi qilib tarbiyalagan yuksak ijodkorlardan biri hisoblanadi.

1899 yil. Yoz, aniqrog‘i 11 iyun. Osaka shahri yaqinidagi, bahor chog‘i so‘lim sakuralar iforiga g‘arq bo‘lguvchi Akutagava qishlog‘idagi xonadonlarning biri. O‘ziga to‘q, oliy ma’lumotli shifokorlar oilasida o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Unga ota-onasi mehr bilan Yasunari deya ism berishdi. Ammo taqdirning shafqatsizligini qarangki, go‘dak ikki yasharligidayoq sil kasaliga chalingan ota hayot bilan manguga vidolashdi. Oradan bir yil o‘tib, volidasi ham sil kasali bilan og‘rib, bevaqt ko‘z yumdi. Farzandlari dog‘ida munkayib qolishgan bobosi va momosining qo‘lida uch yasharlik bolakay qolib ketdi.

Eng achinarlisi, unga onasi o‘rnida ona bo‘lishi, har qalay ona mehrini berishi mumkin bo‘lgan buvisi ham oradan to‘rt yil o‘tgach, bandalikni bajo keltirdi…

U vaqtlar Yaponiyadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat og‘ir, odamlar ruhiy ikkilanish xastaligiga chalingan, deyarli kunora dahshatli ko‘ngilsizliklarga duch kelish mumkin edi. “Kunchiqar yurt”ga G‘arbning qiziqishi kuchaygan, bir necha yuz yillar mobaynida tashqi muhitdan uzib qo‘yilgan yaponlarni o‘zining “demokratik” mahsulotlari bilan mahliyo qilishga kirishgan davr bo‘lsa-da, imperatorlik ta’siri ham fuqarolarni kuchli tazyiq ostida ushlab turar, millat «chegarasi»dan chiqqanlarni ayovsiz jazolardi.

Bolaligining kattagina qismini rassom bo‘lish orzusi bilan o‘tkazgan Yasunari bunday chigal vaziyatni kuzatib turar, bolalik nigohi bilan unga o‘zicha chizgilar berardi. Biroq o‘smirlik chog‘ida uning maqsadlari, qarashlari o‘zgardi. Ko‘zlariga singib ketgan judoliklar yoshi bilan qalbidagi yoshlik g‘ayrat-shijoati zimdan kurashayotgan yigitchaning aytmoqchi bo‘lgan gaplari shu qadar ko‘p va keng qamrovli ediki, ularni tilsiz tasvirlar orqali ifodalab ulgurishning imkoni yo‘q edi. Buning uchun, albatta, gapirish, fikrni yozma tarzda yetkazish kerak edi. Fikrlarga rang kiritish, jonlantirishda esa Yasunariga rassomchilikka bo‘lgan muhabbati, cheksiz hurmati katta yordam berdi.

1925 yili Kavabataning dastlabki asarlari – «O‘n olti yoshlik kundaligi» va «Etimlik hissi» deb nomlangan ikki hikoyasi chop etildi. Avtobiografik hikoya sifatida adabiyot solnomasiga kirgan birinchi hikoyani Yasunari 1914 yili yozgandi. Biroz vaqt o‘tib esa unga yoshligida tunlari turli rivoyatlar, ertagu matallar aytib bergan ustozi – bobosi ham dunyoga “sig‘may” qoldi. Bo‘lajak mashhur adib Ibarakaidan ketib, osakalik qarindoshlarinikida bir muddat yashab turdi. Ammo endi yashashning mazmuni qolmagan Kavabata uchun Osakaning gavjum va qaynoq ko‘chalari begona bo‘lib tuyular, ezilgan qalbini ezg‘ilardi. Ma’lum sabablarga ko‘ra, maktabdagi tahsilni davom ettirish bahonasida yana Ibarakiga qaytib keldi va maktabning yotoqxonasiga joylashdi. Achchiq xotiralar og‘ushida erta ulg‘aydi.

Tinimsiz ravishda yozayotgan asarlari, ijod bilan ovunishga o‘rganib qoldi. 1917 yili o‘rta maktabni tugalladi hamda Tokio universiteti qoshidagi yuqori maktabda o‘qishni boshladi. Shu yillar ichida u Yevropa “shabadalari” keltirgan adabiyot bilan tanishdi, qaynoq ijodiy muhit tufayli kitobxonlarni ohanrabodek o‘ziga jalb qilgan chet el mualliflari qalamiga mansub asarlarni mutolaa qildi. Uni birinchi bo‘lib o‘ziga rom etgan skandinaviya ­xalqlari adabiyoti bo‘ldi. Xususan, Strindberg ijodi uni maftun qilib qo‘ygandi. Yasunari 1918 yili umrida birinchi marta Idzu yarimorollariga sayohatga chiqdi. Bu hodisa ke­yinchalik unga badiiy tahayyul jarayonida asqotdi.

O‘z iqtidori va qolaversa, ijtimoiy jihatidan ko‘pchilik e’tiboriga tushib qolgan yigit 1920 yili Tokio universitetining filologiya fakulteti (ingliz tili bo‘limi)ga o‘qishga qabul qilindi. Birinchi kursni bitirib, yapon tili filologiyasiga o‘tdi va katta ijodga tayyorgarlik ko‘rishni jiddiy tarzda boshlab yubordi. Shu yili Yasunarining ancha sayqal topgan “Urush qurbonlari xotirasi chizgilari” hikoyasi universitet bitiruvchilari tomonidan chop etilgan “Yangi yo‘nalish” nomli talabalar adabiy-badiiy jurnalida bosildi.

Yosh adibning keng jamoatchilikka tanilishida, oyoqqa turib olishida, o‘z yo‘lini topishida o‘sha davrning mashhur dramaturg yozuvchisi Kikuti Kanning xizmatlari beqiyos edi. U navqiron qalamkashdagi noyob qobiliyatni ko‘ra oldi va tarbiyaladi, qo‘llab-quvvatladi. Ehtimol, yaponlar bugungi kunda Kikuti Kanning eng yaxshi asari sifatida Yasunari Kavabatani ko‘rsatar?!

1924 yili universitetni tugallagan Yasunari Kavabata g‘oyaviy hamrohlari bo‘lmish 14 nafar yozuvchini bir joyga to‘pladi. Ularning orasida yillar o‘tib shuhrat qozonganlardan Yokomitsu Ryoiti, Kataoka Teppey, Nakagava Yoiti, Fudzisava Takeo singarilar bor edi. Ular neosensualizm deb nomlangan adabiy-modern guruhini tashkil etishdi. Lekin bu guruh atigi to‘rt yil faoliyat ko‘rsatdi.

Ikki yildan keyin uning nomini keng miqyosda tanitgan, shu vaqtga qadar yozganlari ichida eng yaxshi asari – «Idzulik raqqosa» qissasi chop etildi. 1929 yili esa “Asakusalik quvnoq qizlar” qissasi Yaponiyaning eng yirik nashri – “Asaxi shimbun”da davomli tarzda e’lon qilindi. Unda Tokio shahrining Asakusa tumanidagi yoshlarning hayot tarzi, mahalliy aholining ko‘ngilochar o‘yin-kulgularga mukkasidan ketgani yoritilgandi.

Shundan keyin Yasunari Kavabata yevropacha uslubni qaytadan sinchiklab o‘rganishga kirishib ketdi va 1930-yillarda Gertrud Stayn asarlari, Jeyms Joys­ning “Uliss”idan ta’sirlanib bir qator asarlar yozdi. Jumladan, yakuniga yetmay qolgan “Billur sharda hissiyot” povestini aynan ovro‘pacha ruhda yozishga kirishgandi. Undan ke­yin ong oqimi va freydistizm yo‘nalishlarida, syurrealizmga yaqinroq oqim namoyondalari uslublaridan foydalanib “Igna, shisha va tuman” qissasi ham yaratildi.

1931 yili Yasunari hayotida o‘chmas iz qoldirgan voqelik sodir bo‘ldi: u Xideko ismli tokiolik qizga uylandi. Ular birgalikda (asrab olgan) qizalog‘ini tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. Yoz oylarini tog‘li Karuydzavadagi dala hovlisida o‘tkazib, qishda yana Dzusidagi sof yaponcha uslubda qurilgan issiq uyiga qaytishardi… Avvaliga ruhiy azoblar iskanjasiga tashlagan qismat umr poyonida Yasunarining irodasiga va intilishiga munosib mukofot hozirlab qo‘yganini u bilmasdi. U tinmay qalam tebratardi…

Qisqa vaqtlar oralig‘ida syurrealizm yo‘nalishida “Elegiya” deb nomlangan qissasi bosildi. Uni aksariyat tan­qidchilar buddizm kayfiyati bilan sug‘orilganlikda aybladi. Keyin tugallanmagan “Qushlar va yirtqich hayvonlar” hikoyasini chop ettirdi. 1934 yili Ichki ishlar vazirligining Jamoatchilik xavfsizligi departamenti qoshida ochilgan Adabiyot bo‘yicha maslahatchilik kengashi a’zosi bo‘ldi. Shu yili “Ota-onaga maktub” avtobiografik qissasini yakunladi. Ikki marotaba Yudzavaga borib, qaynoq manbalarni o‘rgandi va “Qorli o‘lka” romani ustida ish boshladi. Mazkur romanning birinchi qismi bir yildan so‘ng «Nixon xyoron» jurnalida bosildi. Shundan keyin 1937 yilning may oyiga qadar qolgan qismlari ham turli nashrlarda omma e’tiboriga havola etildi.

Ya.Kavabataning “Tug‘ilgan joy”, “Tanazzul”, “Ota nomi” va “Tokaydo yo‘li” singari bir necha asarlari ketma-ket kitobxonlarga tortiq qilindi. Bu asarlarda Kavabata milliy madaniyat va ana’analarga xos muammolarni dadil ko‘tarib chiqoldi.

1949 yili Yasunari Kavabataning butun faoliyati uchun yagona “kalit” bo‘luvchi mavsum bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Chunki shu yilda uning ikki mashhur qissasi – “Tog‘lar faryodi” hamda “Mingqanotli turna” nashr etilib, millionlab o‘quvchilarni rom ayladi. Garchi yozuvchining o‘zi “Meydzin” romanini hayotida katta burilish yasagan asar, deb hisoblasa-da, keyinroq yaratilgan “Mingqanotli turna” qissasi uni butun dunyoga mashhur qilib yubordi.

Shundan so‘ng u “Yangi yapon adabiyoti xrestomatiyasi” darsligini tuzdi. Badiiy ijodini muvaffaqiyatli davom ettirib, “Ko‘l”, “Tokioliklar”, “Ayol bo‘lish”, “Uyqudagi go‘zallar”, “Ko‘hna poytaxt”, “Qo‘llar” va “Momoqaymoqlar” nomli qissalarini yozdi. Muxlislari uning kitoblarini intiqlik bilan kutib olishar, mahalliy va xorijiy kitobxonlar bilan adabiyotshunoslar bir ovozdan Kavabataning asardan-asarga o‘sib borayotganini e’tirof etishardi.

Yasunari mazkur qissalarida jamiyatni parokandalikka, tubanlikka va qashshoqlikka boshlaydigan illatlarni fosh qilib tashladi. Goh “jinsiy in­qilob”ning dahshatli oqibatini voqeliklar silsilasida asoslasa, goh giyohvandlik balosi naqadar ayanchli ekanini ishonchli obrazlar orqali yoritib berdi.

Yaponcha hissiyotni, Sharqona aqlu shuurni, kuch-shijoatni, jozibani asarlariga singdirar ekan, go‘zal tabiat tavsifi, lirika uyg‘unligida voqealar orasiga butun yapon millatining uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan qadriyatlarini ustalik bilan joylashtirdi.

Va nihoyat! 1968 yili. Taqdirning barcha sitamlari, ko‘rgiliklariga mardonavor dosh bergan, og‘ir damlarda ko‘z yoshlarini ichiga yutishni o‘rganib, kulishni kasb qilgan Yasunari Kavabataga atalgan “syurpriz” – xalqaro Nobel mukofoti Yaponiyaga olib kelindi. Bu yapon millatiga, yapon adabiyotiga jahon miqyosida qo‘yilgan juda katta haykal bo‘ldi. Sayyoramizning eng yirik mukofotlaridan biri unga adabiyot yo‘nalishida «yaponcha tafakkur mohiyatini ochib berishdagi yozuvchilik mahorati uchun» berilgani e’tiborlidir.

Bungacha Ya.Kavabata «Adabiyotni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun» mukofoti (1937), San’at akademiyasining adabiyot sohasidagi mukofoti (1952), Gyote nomidagi Frankfurt medali (1959), Frantsiyaning “San’at va adabiyot namoyandasi uchun” ta’sis etilgan ordeni va «Xorijiy eng yaxshi asar» uchun atalgan mukofoti (1960), Yapon hukumati maxsus ordeni (1961) bilan taqdirlangandi.

Ulug‘ yapon yozuvchisi 1972 yilning 16 aprelida Dzusidagi ish kabinetida gazdan zaharlanib, fojeali tarzda vafot etdi.

U bir umr samuraylarcha yashadi, eng so‘nggi damgacha…

Aytishlaricha, shu yili sakuralar kechikib gullaganmish…

Zohidjon Xolov,
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.