Rahmon Qo‘chqor. Ozod Sharafiddinov fenomeni

Nazarimda, ko‘pchilikka tanish bir gapni sal boshqacha qilib, mana bu tarzda aytish mumkin: “Sen menga qanday kitoblar o‘qishingni ayt, men senga kimligingni aytib beraman”. Har gal ustoz Ozod Sharafiddinov haqida so‘z ketganda, mana shu mezon yodga tushadi. Bunga qo‘shimcha, Ozod domla misolida nafaqat o‘qilgan kitoblar, balki tarjima uchun tanlangan asarlar ham u kishining qanday shaxs bo‘lganidan darak berardi, deb bemalol tasdiqlash mumkin.

Avvalo, domlaning o‘zi o‘qigan va boshqalarga ham o‘qishni uqtirgan ayrim kitoblar xususida.

“Ozod Sharafiddinov zamondoshlari xotirasida” (Toshkent, “O‘zbe­kiston”, 2007 yil) to‘plamiga kirgan maqolamda eslatganimdek, 1982 yilda – Cho‘lpon asarlarini targ‘ib qilish tugul, nomini eslash xavfli bo‘lgan yillari menga – universitetning birinchi kurs talabasiga adibning “Kecha va kunduz” romanini, albatta, o‘qishim kerakligini, bu kitob faqat Subutoy aka Dolimovda borligi, u kishining ishonchini qozonish uchun “Ozodning shogirdiman” deyishim mumkinligini aytgan kishi Sharafiddinov domla bo‘lgandi. Bu roman mutolaasidan keyin esa yana ikkita kitobni shaxsiy kutubxonasidan olib kelib, qo‘limga tutqazgandilar: O‘ljas Sulaymonovning “AZiYa” hamda Yan Parandovskiyning “Alximiya slova” (“So‘z kimyosi”) kitoblari. O‘sha kurs oxirida esa domlaga Gabriel Markesning “Sto let odinochestva” romani atrofida bahslar qiziyotgani, asar tezroq o‘zbekchaga tarjima qilinsa, o‘qishim kerakligini aytganimda, “E-e, nima qilasiz sho‘rvasining sho‘rvasini o‘qib, bu romanni hech bo‘lmasa ruschada o‘qib maza qilish kerak” deya tanbeh bergan ham domla bo‘ldilar. U kishi keyinchalik o‘qib o‘rganganimiz ko‘plab kitoblar, manbalarning ham ilk ilhomchisi o‘laroq, har galgi mutolaadan so‘ng uqilgan mazmun-mohiyatning muhokamasi soatlab, ba’zan esa kunlab davom etardi.

Bizga ibrat bo‘ladigan yana bir jihat. Ozod domla biron yaxshi narsa o‘qisalar, o‘zidagi shuncha bilim, tajribaga qaramay (ayrim izzattalab olimlardagi kalandimog‘likka mutlaqo yot tarzda), o‘qib o‘zi uchun kashf etgan yangilik va ilmni sidqidildan e’tirof etar, o‘sha muallifni masalaga “odamning xayoliga kelmaydigan rakursdan yondasha olgani” uchun olqishlar, unga tan berar edi. Domlaning inson aqlu tafakkuri oldidagi bu hayrati umrining oxiriga qadar so‘nmadi, so‘nggi nafasiga dovur yangi bilimlarga chanqoq yashadi.

Ozod aka “Abdulla Qahhor romanlarining ijodiy tarixi” mavzusida yozgan nomzodlik dissertatsiyamga ilmiy rahbarlik qilgan. Ishda bir necha qahhorshunoslar qatori domlaning ham ayrim qarashlari bilan bahsga kirishilgan edi. Biroq ustoz biror marotaba bu holni og‘ir olmagan, “o‘-o‘v, tirmizak, nima deyapsan, bizga tegib o‘tilgan joylarni olib qo‘y” qabilidagi gapni aytmagan edilar. U kishi bunaqa “daraja”lardan juda-juda baland edilar-da.

Domla o‘zi o‘zlashtirib ulgurgan ma’naviy-ma’rifiy boyliklarni boshqalarga, yuqoriroq pardada aytadigan bo‘lsak, xalqiga ham ilinar ediki, bu fazilat u kishi amalga oshirgan yuzlab yirik tarjimalarda ham o‘zini ko‘rsatadi. P.Merime, V.Belinskiy, N.Dobrolyubov, V.Katayev singari so‘zining salmog‘i dunyo miqyosiga chiqqan adiblardan boshlab L.Tolstoyning “Shekspir va drama to‘g‘risida” nomli yirik maqolasigacha – har birining tarjima uchun tanlanishiga jiddiy sabab bor.

O‘rni kelganda bir istiholani aytib o‘tishimiz kerakki, Ozod Sharafiddinovning ijodiy merosi, jumladan, tarjima sohasida amalga oshirgan ulkan mehnati xususida bir maqola doirasida, uzuq-yuluq fikr bildirish ma’qul ish emas. Shu tufayli ham hozir mana shu mehnatning bir-ikki qirrasini eplab yorita olsak ham katta gap.

Deylik, “Jahon adiblari adabiyot haqida” nomli kitobdan o‘rin olgan Onore de Balzakning “XIX asr frantsuz yozuvchilariga maktub”i barcha jamiyatlar va barcha zamonlarda, afsuski, o‘zgarmay qoladigan achchiq haqiqatlardan so‘z ochadiki, domla bu haqiqatlardan millatdoshlarining ham ogoh bo‘lishini istagandilar. Yuksak tafakkur egalarining, jamiyat va xalqni, demakki, davlatni ham muntazam rivoj sari yetaklovchi chinakam ziyolilar mehnatining pisand qilinmasligi, aqliy va intellektual jihatdan ularning tizzasiga yetmaydigan kishilarning esa “jamiyat gullari” sifatida e’zoz va ehtirom topishi Balzakday mutafakkirni ham qon qaqshatgani maqola matnidan, pafosidan yaqqol sezilib turadi. Tarjimon ayni pafosni o‘zbekchada shunday ifoda etadiki, maktubning asli go‘yo shu tilda yozilganday:

“Agar bu dunyoda muqaddas mulk bo‘lsa, agar chindan ham inson tasarrufiga tegishli biron narsa mavjud bo‘lsa, bu – inson yeru samo o‘rtalig‘ida barpo etadigan, chindan ham faqat uning aqliy faoliyati samarasi o‘laroq maydonga keladigan, lekin hamma odamlarning qalbida gullab-yashnaydigan narsadir. Iloh qonunlari ham, inson qonunlari ham, sog‘lom aql o‘ylab topgan ayanchli qonunlar ham, qo‘ying-chi, jamiki qonunlar biz tomonda bo‘lgan, bizni xonavayron qilmoq uchun bu qonunlarning hammasini toptab chiqmoq darkor edi. Biz mamlakatga xazinalar ato etamiz, biz bo‘lmasak, mamlakat ulardan mahrum bo‘lardi, bu xazinalar zaminga ham bog‘liq emas, jamoatchilik bitimlariga ham bog‘liq emas. Shu xazinani barpo etish borasidagi eng mashaqqatli mehnatga mukofot o‘rniga, mamlakat uning samarasini musodara etmoqda. Kornel hamma omborlarni boyliklarga to‘ldirib tashladi, hech qanday ob-havo injiqliklaridan qo‘rqmaydigan hosillar ko‘tardi, u aktyorlarga, noshirlarga, qog‘oz ishlab chiqaruvchilarga, muqovachilarga, sharhlovchilarga asrlar mobaynida kamaymaydigan boyliklar ato qildi, endilikda esa mamlakat uyalmay-netmay shu Kornelning avlodlarini qashshoqlikka, to‘rvaxaltasini ko‘tarib, Kornel haykalining poyida tilanchilik qilmoqqa mahkum etmoqda. Iztirob chekishdan to‘xtaganlarga nisbatan ko‘ngli rahm-shafqatga to‘la shaharlar – qayta-qayta tahqirlang o‘z daholaringizni! Ularni har kuni tahqirlang, xorlang, shunday qilsangiz, sizlar iztirob chekayotganlarni qutqarish to‘g‘risida kamroq o‘ylaydigan bo‘lasizlar”.

Domla butun umri davomida o‘zi iztirob chekib yashashi barobarida boshqa iztirob chekayotganlar taqdiri, mashaqqatlarini imkon qadar yengillashtirish, hech qursa ko‘ngillariga malham bo‘lish dardi bilan o‘tdi. U kishining jo‘mard shoir ukasi Shavkat Rahmon himoyasiga (“Bir tilda so‘zlashaylik” nomli maqolasi), turkiy xalqlar sha’n-shavkati himoyasiga (Garri Kasparovga ochiq xati), milliardlab insonlar e’tiqod qilayotgan muqaddas din himoyasiga (Salmon Rushdiyga ochiq xati) va boshqa ko‘plab chiqishlari Sharafiddinov fenomeni nimaligidan, bu odam boshqa hamkasblaridan nimasi bilan keskin ajralib turishidan darak berardi. Shunga ko‘ra, “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?” (“Tafakkur” jurnalining 1997 yil 1-soni) degan nihoyatda og‘ir va og‘riqli savol qo‘yib, xuddi Lev Tolstoy yanglig‘ o‘z umrini, sig‘inib kelgan “mozorlar”ini oshkora taftish qilish qudrati ham ayni fenomen tabiati bilan izohlanadi.

Ozod domladagi bu fazilatlarning bir qismi uning tug‘ma iste’dodi bilan izohlansa, boshqa qismi umri davomida muttasil amal qilgani – tinimsiz o‘qish-o‘rganish, shaxsini tarbiyalash yo‘lida olib borilgan mashaqqatli ilmiy-ijodiy mehnat samarasi edi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Millat tarixi, uning mental-ruhiy va aqliy imkoniyatlari xususida chuqur bilimga ega bo‘lgan domla hech qachon milliy biqiqlikka ham, milliy nigilizmga ham yo‘l bermas edi. Jahon mutafakkirlari merosidagi umumiy ruhiyatni, Sharqu G‘arb tafakkuridagi mushtarak jihatlarni, barcha zamonlar va makonlarda insoniyat aqlini qiynagan abadiy muammolar mohiyatini teran idrok etgan olim omonat hayotning o‘tkinchi tashvishlariga chalg‘imas, borar manzillarini ruhiyat yuksakliklaridan belgilay olgandi.

Mana shu mezonlardan kelib chiqaroq, u Nikolay Vasilevich Gogol merosidan aynan “Al-Ma’mun” essesini ajratib oladi va uni ona tiliga maromiga yetkazib o‘giradi. Ushbu esse – ma’ruzada davlat hokimiyatini boshqarishga da’vogar kishilardan nelar talab etilishi, ayni talablardan chetga og‘ishlik qanday falokatlarga sabab bo‘lishi hajman mo‘jaz, mazmunan nihoyatda teran tarzda asoslab beriladiki, Ozod domla 1834 yilda, Sankt-Peterburg universiteti auditoriyasida A.S.Pushkinning yonida o‘tirib, buyuk Gogolni o‘z qulog‘i bilan eshitadi go‘yo. Insoniyat, jumladan, Sharq va islom tarixidan yaxshi xabardor Gogol esa, masalan, quyidagi tarixiy saboqni beradi: “Ma’rifat xalqning o‘zidan olinadi, tashqaridan keladigan ma’rifat faqat shu darajadagina o‘zlashtirilmog‘i kerakki, bu uning rivojiga ko‘maklasha oladigan miqdorda bo‘lsin, biroq xalq faqat o‘zining milliy muhiti, zaminidagina rivoj topmog‘i kerak…”

O‘zbek ziyolisi Ozod Sharafiddinovning e’tiqodini o‘zgartirishiga sabab bo‘lgan tarixiy, badiiy, falsafiy, hayotiy omillarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi, albatta. Ularni yaqindan his qilmoq uchun domla barcha xavf-xatarni bilgani holda hayoti va ijodini astoydil o‘rganib targ‘ib qilgan Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Mustafo Cho‘qayev, Otajon Hoshim singari o‘nlab jabrdiydalar asarlaridan sizib turgan dardni qalbga joylamoq kerak. Yoxud tarjima qilgani o‘nlab kitoblarni, hech qursa, I.Bunichning “Partiyaning oltinlari”, E.Savelaning “To‘xtating samolyotni, tushib qolaman”, V.Kraskovaning “Rutbali ma’shuqalar” asarlarini ochiq ko‘z bilan o‘qimoq lozim. Ana shunda Ozod domlaning e’tiqod masalasida qanchalar talabchan bo‘lgani, bu borada o‘zini ham, boshqani ham ayamasligi yaqindan – ko‘ngildan his qilinadi.

Etmish yil davomida “proletariat dohiysi” deya alqangan, N.Pogodinning “Miltiqli kishi” pesasiga ko‘ra, o‘ziga taklif qilingan oddiy askar nonushtasining choyini ichishga rozilik berib, “Qandini bolalarga bering!” deya “etimparvarlik” ko‘rsatgan Vladimir Leninning aslida kim bo‘lgani, uning sotqinligi tufayli hokimiyatga kelib qolgan olchoq bolsheviklarning chinakam basharasi qanday bo‘lgani xususida bir emas, o‘n emas, yuzlab, minglab manbalarni o‘qib-o‘rgangan olim allaqancha zamondoshlari, kasbdoshlaridan farq qilaroq, Chingiz Aytmatov aytganidek, o‘zi haqidagi bor haqiqatni o‘zi, hayotligida bildirib ketdi.

Chunki bu inson uchun odam bolasi, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, dunyo­ga “o‘tkazib qo‘ygan joyi yo‘qligini” bilmog‘i va tan olmog‘i, jamiki xatti-harakatini shu haqiqatdan kelib chiqib amalga oshirmog‘i lozim edi. Ya’niki, dunyodagi barcha moddiy va ma’naviy boyliklar osmondan tushmagani, ularning, avvalo, Yaratuvchi egasi va u tomonidan alohida iste’dod yuqtirib yaratilgan odamlar aqlu zakosi bilan bunyod etilgani tufayli, bu boyliklarni isrof qilishga, toptab xor aylashga hech bandaning haqqi-huquqi yo‘qligidan boshqalarni ogoh etmoqlik – Ozod Sharafiddinovning butun ilmiy-ijodiy faoliyatining o‘q tomirini tashkil etar edi.

Ustozning benihoya mazmunli, mag‘zi to‘q va qiziqarli hayoti hamda ijodiga ana shu nuqtai nazardan nazar solinsa, menimcha, juda ko‘p narsaga oydinlik kiradi, Ozod Sharafiddinov fenomeni ko‘z oldimizda butun salobati bilan yaqqol namoyon bo‘ladi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 3-son