Qosimjon Sodiqov. Mumtoz adabiyot namunalarini to‘g‘ri o‘qiyapmizmi?

Bugungi kitobxon uchun Navoiy asarlarini nashrga tayyorlashda ularda qo‘llangan so‘z va qo‘shimchalar qanday talaffuz etilganini to‘g‘ri ifodalash nihoyatda muhim. Tinish belgilari xato qo‘yilgan, so‘zlar noto‘g‘ri qo‘llangan matn o‘quvchisini chalg‘itadi, mazmun anglanishini qiyinlashtiradi. Ma’lumki, eski qo‘lyozmalarda hozirgidek tinish belgilari ishlatilmagan, tinish belgilari keyinroq ishlatila boshlangan. Matn she’riy bo‘ladimi, nasriymi, butun mas’uliyat – o‘quvchining bilimu zakovatiga yuklangan. O‘quvchi mutolaa chog‘ida matn mazmuni, fikr tugalligiga tayanib, jumlalar chegarasini ajrata borgan.   

Mumtoz adabiyot matnlarini o‘qishda punktuatsion xato ko‘pincha –ki ergashtiruvchi bog‘lovchisi bilan bog‘liq holda yuz berayotir. Shu o‘rinda “Farhod va Shirin” masnaviysidan olingan ergash gapli qo‘shma gap shaklidagi baytning berilishiga ko‘z yugurting-a:

Bir-ikki yil inoyat aylasa shoh,
Ki xizmatdin o‘zumni qilsam ogoh.

Nashrda birinchi misraning oxiriga vergul qo‘yilgan, keyingi gap esa –ki bog‘lovchisi bilan boshlanayotgandek tasavvur uyg‘otadi kishida. Aslida ki birinchi satrdagi aylasa so‘ziga tegishli bo‘lib, qo‘shma gap “Shoh bir-ikki yil (shunday) inoyat aylasaki, (men) o‘zimni (uning) xizmatidan ogoh qilsam”, degan ma’noni anglatadi. Bu jumla Farhodning otasi xoqonga qarata aytib turgan so‘zidir. Matndagi ki satr boshida kelgani bilan uni alohida so‘z deb qaramaslik kerak: u inversiya holatiga ko‘ra shu yerda turibdi; u ergash gapni bosh gapga bog‘lash uchun xizmat qiladi. Shuning uchun vergul birinchi satrning oxiriga emas, -kidan keyin qo‘yilishi kerak.

Yoki boshqa bir misol:

Oningdek chekti ohi otasholud,
Ki yetti ohidin ko‘k saqfig‘a dud.

Bu baytda ham keyingi gap -ki  bilan boshlanayotgani yo‘q. U chekti so‘ziga tegishli bo‘lib, vergul ikkinchi satrdagi –kidan so‘ng qo‘yiladi (bu gapning qurilishi shunday: Aningdeg oh-i otasholud[ya’ni, yolqinli oh] chekti-ki, ohidan ko‘k saqfig‘a dud yetti).

Endi arabcha harflarning o‘qilishi bilan bog‘liq masala. Qo‘lyozmada “alif” bilan kelgan so‘zlarni [o] deb olishga odatlanilgan. Aslida, “alif” harfi har qachon ham [o] deb o‘qilavermaydi. Bunga bir misol:

Uluvi dargahi gardun misoli,
Qayu gardunki, andin dog‘i oliy.

Ushbu baytning ikkinchi satridagi dog‘i so‘zi yuklama bo‘lib, uni dag‘i deb olingani ma’qul; hozirgi o‘zbek tilida tag‘in shaklida ishlatiladi. Shundan bilsa bo‘ladiki, o‘tmishda ham u [a] bilan talaffuz qilingan ekan.

Dag‘i so‘zi bilan bog‘liq yana bir misol:

Hunar kilki bila aylab hunarkor,
Ichin zarkoru toshin dog‘i zarkor.

Ushbu baytdagi toshin so‘zini   tashin deb berilgani ma’qul, u  Navoiy tili uchun arxaik sanalgan vosita kelishigidagi ichin, ya’ni “ichi bilan” so‘zining ziddi bo‘lib, “tashi bilan” degan ma’noda ishlatilgan. Tabiiyki, dog‘i so‘zi ham dag‘i deb olinadi. Ana shunda matnni to‘g‘ri o‘qigan bo‘lamiz.

Nashrlarda ko‘pincha sifatdosh qo‘shimchasini olgan turkiy so‘zlarning talaffuzi ham buzib yuborilmoqda. Masalan, bo‘lg‘on, olg‘on, qolg‘on, urg‘on deb o‘qiydilar: o‘zbek bunday demagan. Aslida esa ularni bo‘lg‘an, olg‘an, qolg‘an, urg‘an deb berilsa, to‘g‘ri bo‘ladi. O‘zbek tili tarixida sifatdoshning -g‘on qo‘shimchasi yo‘q. U -g‘an, -qan, -kan, -gan shakllarida bo‘lib, so‘zning fonetik xususiyatiga qarab turli variantlari qo‘shilgan.

Shu o‘rinda Navoiy asarlarini hozirgi yozuvga o‘girishda teng bog‘lovchilar bilan bog‘liq holda kelib chiqayotgan kamchilik xususida. Ma’lumki, XI yuzyillikdan boshlab turkiy tilga -u hamda va bog‘lovchilari o‘zlasha boshladi: -u – forscha, va esa arab tilidan o‘zlashgan.

Arab yozuvli matnlarda -u hamda va bog‘lovchilari yozuvda farqlanmaydi, ikkovi ham “vav” harfi bilan yoziladi. Hozirgi nashrlarda esa bularni farqlamay, har ikkovi va bog‘lovchisi sifatida berilmoqda. Tabiiyki, bu holat matnning o‘qilishi, hatto mazmunga ham ta’sir etgan joylari bor. Modomiki, Navoiy asarlari tilida ushbu qo‘shimchalar ishlatilgan ekan, ilmiy nashrlarda ham ularni farqlamoq kerak.

Muhimi shundaki, -u hamda va bog‘lovchilarining qo‘llanilishida qat’iy qoida bor. Matnda -u bog‘lovchisi juft so‘zlarni, uyushiq bo‘laklarni bir-biriga bog‘laydi, kishi yo narsa otlari sanalganda ishlatiladi; va bog‘lovchisi esa gap tugagandan so‘ng, ikkinchi gap boshlanganda ishlatiladi, qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni o‘zaro bog‘laydi, -u bog‘lovchisi qo‘llangan juft so‘zlarni hamda sinonim so‘zlarning bir guruhini ikkinchisiga bog‘lash uchun ishlatiladi.

Matnda ta’kid yuklamasi -uni ham farqlay olish kerak. Chunki arab yozuvli matnlarda u ham “vav” bilan yoziladi. Undosh bilan tugagan so‘zlarga -u, unli bilan tugagan so‘zlarga esa –yu shaklida qo‘shiladi.

Buni Alisher Navoiyning “Nasoyimu-l-muhabbat min shamoyimi-l-futuvvat”da Adib Ahmad haqida yozgan quyidagi satrlarida yaqqol kuzatsa bo‘ladi:

“… Derlar-ki, ko‘zlari butav ermish-u aslo zohir ermas ermish. Basir bo‘lup o‘zga basirlar-deg andaq emas ermish-ki, ko‘z bo‘lg‘ay-u, ko‘rmas bo‘lg‘ay, ammo bag‘oyat ziyrak-u zakiy va zohid-u muttaqiy kishi ermish. Haq subhonahu va ta’olo agarchi zohir ko‘zin yapuq yaratqandur, ammo ko‘ngli ko‘zin bag‘oyat yaruq qilg‘andur. … aning tili turk alfozi bila mavo’iz-u nasoyihqa go‘yo ermish, balki aksar turk ulusida hikmat-u nuktalari shoye’dur va nazm tariyqi bila aytur ermish …”.

Ushbu matnda ko‘z bo‘lg‘ay-u, ko‘rmas bo‘lg‘ay jumlasidagi -u bog‘lovchi emas, yuklamadir. Qolganlari bog‘lovchi bo‘lib kelgan.

Nashrlarda ravishdosh qo‘shimchasini olgan so‘zlarni, qo‘lyozmalardagi harfiy ifodasi hamda hozirgi o‘zbek adabiy imlosida yozilishiga tayangan holda, kelib, bitib, berib, bo‘lub deb beradilar. Ta’kidlash o‘rinliki, o‘zbek tili tarixida ravishdosh qo‘shimchalarining ishlatilishida, hozirgi adabiy-orfografik emas, talaffuzimizda bo‘lgani singari, jarangsizlashish kuchli edi. Vaholanki, Navoiy asarlari qo‘lyozmalarida “ba” harfi [b]ni ham, jarangsiz [p]ni ham anglatib keladi, kamdan-kam o‘rinda [p]ni ifodalash uchun harf ostiga uch nuqta qo‘yilgan. Shularni ko‘zda tutgan holda, yuqoridagi so‘zlarning kelip, bitip, berip, bo‘lup shaklida berilgani ma’qul.

Shuning singari hol “kaf” harfining o‘qilishida ham ko‘zga tashlanadi. Chunki arab yozuvli turkiy matnlarda bu harf [k]ni ham, [g]ni ham anglatib keladi; ayrim o‘rinlardagina jarangli [g]ni ifodalash uchun harf ustiga uch nuqta qo‘yib ketilgan. Yana bir belgisi, ko‘k turk bitiglarida [k] va [g] uchun alohida harflar bor. Ko‘hna bitiglarni, Navoiy asarlarining fonetik xususiyatlarini inobatga olgan holda beg, bitig singari so‘zlar [k] bilan emas, [g] bilan talaffuz etilganini aniqlash mumkin bo‘ladi.

Yoki hozirgi -dek qo‘shimchasi til tarixida -deg deb talaffuz qilingan, chunki u tarixan -teg, ya’ni tegmak fe’lidan urchigan. Fikrimiz to‘g‘riligini ko‘k turk bitiglari ham dalillaydi: ko‘k turk yozuvli Urxun-Enasoy bitiglarida bu qo‘shimcha -teg shaklida ishlatilgan.

Navoiy asarlarini nashrga tayyorlashda e’tiborga olinmog‘i kerak bo‘lgan yana bir masala to‘g‘risida.

Chet ellardagi yirik turkologik markazlarda turkiy yozma yodgorliklar, xususan, eng ko‘hna bitiglardan tortib eski o‘zbek tili yodgorliklariga qadar, bari ilmiy transkriptsiyada berilmoqda. Hatto Mavlono   Lutfiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining ilmiy nashrlari yo asl yozuvida, yoki transkriptsiyada. Negadir bizdagi ilmiy nashrlarda transkriptsiyaga e’tibor qaratilmayapti. Hatto doktorlik dissertatsiyalarida ham klassik ijodkorlar asarlaridan keltirilgan o‘rnaklar — hozir ishlatayotgan yozuvimizda. Oxir-oqibat o‘zbek olimlari tayyorlagan nashrlar chet ellarda tan olinmayotir. Bizdagi ilmiy nashrlarning dunyo sharqshunosligi, chet el turkologiyasiga tenglasha olmayotganining sababi ham ana shunda.

Nashrlar ikki xil bo‘ladi: biri keng jamoatchilikka atalgan, ya’ni ommabop nashrlar, boshqa birovi – ilmiy nashrlardir. Ko‘pga atalgan nashrlarning joriy yozuvda beriluvi tabiiy. Chunki maktab o‘quvchisidan tortib o‘qimishli kishilaru kitobsevarlar klassik shoirlar asarlarini o‘qib o‘rganmagi, fikri ozuqlanmog‘i kerak. Lekin filolog-mutaxassislar uchun mo‘ljallangan ilmiy kitoblar transkriptsiyada berilgani ma’qul. Bu – jiddiy masala.

Jo‘ngina bir misol: Navoiy asarlarida o‘t so‘zidagi [o‘] unlici ikki xil talaffuz qilingan: agar unli “yo‘g‘on” talaffuz qilinsa, “o‘t, olov” ma’nosini, agar “ingichka” talaffuz qilinsa, “o‘tmak(buyruq)” yoki “o‘t qopchasi”ni bildiradi. Ular ma’nosiga ko‘ra boshqa-boshqa so‘zlardir. Shunga yarasha, ushbu so‘zlarga qo‘shimchalar ham ikki xil qo‘shiladi: birinchisiga qo‘shimchaning “yo‘g‘on” eshi (varianti) qo‘shilib, o‘tqa, keyingisiga esa qo‘shimchaning “ingichka” eshi qo‘shilib, o‘tmak bo‘ladi. Bu so‘zlardagi unlilarning “yo‘g‘on” yoki “ingichka” ekanini ularga qo‘shilayotgan qo‘shimchalarga qarab ham ajratish mumkin.

Yana bir jihati, klassik asarlarimiz tilida o‘ziga yarasha uyg‘unlik bor: aytilishi “yo‘g‘on” o‘zakli so‘zlarga, qo‘shimchalarning ham “yo‘g‘on” eshlari, “ingichka” o‘zakli so‘zlarga qo‘shimchalarning ham “ingichka” eshlari qo‘shilgan: aylamak, bilmak, ketmak, tuzmak; yoki qaramaq, o‘qimaq singari. Hatto so‘zdagi unlining lablangan-lablanmaganligiga qarab, qo‘shimchalarning qo‘shilishida ham uyg‘unlik bo‘ladi: ko‘zum, so‘zum yoki elim, tilagim singari. Turkiy unlilar tizimidagi bunday uyg‘unlik, o‘z o‘rnida, matn jozibasini ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Eski o‘zbek tilida “temir qonun” sifatida amal qilgan unlilar uy­g‘unligi (singarmonizm) Navoiy asarlaridagi tovushlar sistemasini ang­lashga ham imkon beradi. Masalan, “Muhokamatu-l-lug‘atayn”da keltirilgan misollarda “yo‘g‘on” o‘zak-negizli so‘zlarga masdar ko‘rsatkichining -maq varianti qo‘shilgan: qurug‘samaq, aldamaq, qistamaq, yalinmaq singari; “ingichka” talaffuzli so‘zlarga esa mak varianti qo‘shilgan: igirmak, indamak, surkanmak, o‘rtanmak singari. Ko‘rinadiki, Navoiy tilida orqa qator, “yo‘g‘on” [a] bilan old qator, “ingichka” [a]ning har ikkovi mustaqil fonemalar sifatida amal qilgan.

Turkologiya sohasi rivojlangani sayin yangi-yangi qarashlar yuzaga kelayotgani tabiiy. Yangi fikrlar fanning, manbashunoslik va matnshunoslikning rivojiga yo‘l ochar ekan, ularni, albatta, e’tiborda tutmog‘imiz, tayyorlagan ilmiy nashrlarimizni takomillashtirib bormog‘imiz lozim.

Qosimjon Sodiqov, filologiya fanlari doktori, professor

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 45-son