Olimjon Davlatov. “Ming zaxm urdi xanjari ishqing bu tan aro…”

Ming zaxm urdi xanjari ishqing bu tan aro,
Bu tanni hajr tashladi yuz ming tikan aro.

Lek ul tikanlar ichra xayoling bila ko‘ngul
O‘ynar magar gul uzrayu ag‘nar suman aro.

Jism uyidin ko‘ngul tilar ul ko‘yni, valek
G‘urbat suubatin kishi bilmas vatan aro.

Ermas uchug‘ labingdaki ul yuz Suhaylidin
Rang olmadi bu qatra aqiqi Yaman aro.

Jonim labing shahidi ekanga tonug‘durur
Har ol rishta qong‘a bo‘yalg‘an kafan aro.

Bulbul ne kuymasunki, bir o‘t yoqti qasdig‘a
Har otashin gul ushbu vafosiz chaman aro.

Ko‘rdung Navoiy ul sari zulf uzra yuz shikan,
Ko‘r emdi yuz shikasta ko‘ngul har shikan aro.

(“G‘aroyib us-sig‘ar”, 21-g‘azal)

LUG‘AT:

Hajr – hijron, ayriliq.
G‘urbat – g‘ariblik, musofirlik.
Suubat – qiyinchilik, mashaqqat.
Tonug‘ – guvoh.
Ol – qizil.
Shikan – o‘ram-o‘ram, halqa-halqa, zanjirsimon shakl olish; iskanja, azob, sinish.
Shikasta – siniq.

BAYTLARNING NASRIY BAYoNI:

1. Bu jismim aro ishqing xanjari ming marta jarohat yetkazdi, bu yetmagandek, hijroning jarohatli badanimni yuz ming tikanning ustiga tashladi.
2. Lekin bu tikanlar aro ko‘ngil sening xayoling bilan xushhol bo‘lib, xuddi gul va sumanlar uzra ag‘anab yotgandek rohatlanmoqda.
3. Ko‘ngil jism uyini tark etib, ko‘yingni vatan qilmoqni orzu qilmoqda, ammo vatanda bo‘lgan kishi g‘ariblikning mashaqqatini bilmaydi.
4. Labingda toshgan narsa uchuq emas, balki Suhayldek porloq yuzingdan Yaman aqiqi kabi, labing kabi rang olmagan bir narsadir.
5. Kafanimdagi har bir qizil ip labing hasratida jonim shahid ketganiga guvohlik beradi.
6. Bu bevafo chamanda har bir ochilgan qizil atirgulning hijroni ­otashida bulbul nechun kuyib ado bo‘lmasin?!
7. Ey Navoiy, zulfining har bir uchida yuzlab shikan – o‘ram ko‘rding, endi har bir halqasida yuzta siniq ko‘ngilga nazar sol.

G‘AZALNING UMUMIY MAZMUN-MOHIYaTI

G‘azalning dastlabki ikki bayti yaxlit bir ma’noni ifodalashga xizmat qilgan. Birinchi bayt mazmuni ishq xanjari oshiqning jism uyini pora-pora qilgani, hijron esa minglab jarohat tekkan bu jismni yuz minglab nashtar o‘sgan tikanzorga tashlagani haqida bo‘lsa, ikkinchi baytda bu azoblarni ko‘ngildagi yor xayoli ayni rohatga aylantirgani, oshiq bu mashaqqatlarni in’om o‘laroq qabul qilgani haqida so‘z yuritiladi. Mubolag‘ali ko‘ringan bu tasvir haqiqiy oshiqlarning asl maslagini ifodalash uchun xizmat qiladi. “Tazkirat ul-avliyo”da keltirilishicha, Mansur Hallojni qatl etish jarayonida dastlab uning oyoqlari va qo‘llarini kesdilar. Halloj kesik qo‘llari bilan yuziga qon surtdi. Sababini so‘raganlarga dedi:
– Ag‘yor qon ko‘p ketganidan yuzim sarg‘ayib, Ishq yo‘lidagi jonbozlik­larda meni qo‘rqdi, deb o‘ylamasin.
Darhaqiqat, ko‘nglida muhabbat makon tutgan kishilarga zohiriy olamning tashvishlari, Ishq tufayli boshga yog‘iladigan balo va sinovlar, dardu alamlar muhabbat ne’matlari o‘laroq tuyuladi. Haqiqiy muhabbatga sazovor bo‘lgan oshiq Shayx San’on kabi zunnor bog‘lab, tarso qiziga xizmatkorlikni o‘ziga sharaf biladi. Ruhiyat va ko‘ngil olamida unsiyat topgan kishi uchun moddiy dunyo misoli g‘aribxonadek tuyuladi. Ammo vatanning haqiqiy qadrini musofir bo‘lgan kishi bilganidek, visol onlari naqadar bebaho ne’mat ekanini hijron tikonzorida aziyat chekkan kishigina anglaydi. Binbarin, oshiq ko‘nglining haqiqiy vatani – yorning muborak ko‘yi. Badan mulki esa, unga qafasdek tuyulib, ruh o‘zining asl vatani tomon talpinadi:

Jism uyidin ko‘ngul tilar ul ko‘yni, valek
G‘urbat suubatin kishi bilmas vatan aro.

To‘rtinchi baytda yorning labida toshgan uchuqni tavsiflash uchun mumtoz adabiyotda ko‘p qo‘llaniladigan Suhayl va Yaman atamalaridan foydalanilgan. “Alisher Navoiy qomusiy lug‘ati”da berilishicha, Suhayl – eng yorug‘ yulduzlardan biri. Yamanda yorqinroq ko‘ringani sababli Suhayli yamaniy deb ham atalgan. Arab munajjimlari Suhaylni janub yulduzi deb bilishgan va karvonlar kechasi yo‘ldan adashmasligi uchun uning joylashuvini mo‘ljal olishgan. Cuhaylning osmonda aniq ko‘rinishi issiq kunlarning tugashi hamda sel kelishining nishonasidir. Qadimda qimmatbaho ma’danlar, ayniqsa, aqiq Suhayl yulduzi nurining ta’siridan hosil bo‘ladi, shu sababli, aqiqning eng yaxshisi – Yamanda, degan inonch shakllangan. Navoiy Suhaylning bu xosiyatini yorning yuziga, Yaman aqiqining jilosini esa yorning labiga o‘xshatib, mazkur xususiyat yor labiga toshgan uchuqqa ta’sir qilmaganini chiroyli tarzda ifodalagan:

Ermas uchug‘ labingdaki ul yuz Suhaylidin
Rang olmadi bu qatra aqiqi Yaman aro.

Islomiy e’tiqodga ko‘ra, shahidning qonli kiyimi kafanlik o‘rniga o‘tadi. Shahid, shohid (yor, Alloh taoloning sifatlaridan biri), tashahhud (shahodat keltirish kalimasi) barchasining o‘zagi bitta ekanini hisobga olsak, shoirning qaysi ishq yo‘lida shahidlik maqomiga erishganini payqash qiyin emas:

Jonim labing shahidi ekanga tonug‘durur
Har ol rishta qong‘a bo‘yalg‘an kafan aro.

Oltinchi baytda bulbulning ochilgan gullarning firoqidan kuyib-ado bo‘lishlari va ming nag‘mapardozlik bilan nolalar qilishlari bu chaman, ya’ni dunyo bevafoligi haqidagi marsiyalar ekanini bildiradi. Maqta’da esa shoir “shikan” va “shikasta” so‘zlari tajnisidan foydalanib, yorning zulfi o‘ziga o‘xshagan yuzlab siniq ko‘ngil ahlining maskani ekanini ta’kidlaydi. Zotan, Navoiy kuylagan muhabbat – iddao va da’volardan xoli, shikastalik va siniqlik, fidoyilik va vafoga asoslangan muhabbatdir. Bu yo‘lda unga o‘xshaganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Aynan shu toifaning siniq ko‘ngillari tufayli Ishq atalmish g‘aroyib borliqning mehvari barqaror va obod:

Ko‘rdung Navoiy ul sari zulf uzra yuz shikan,
Ko‘r emdi yuz shikasta ko‘ngul har shikan aro.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 11-son