Inson uchun dorulfanodagi ilohiy tortiqlardan biri – bu do‘st. Kimdir o‘z muhibiga yetishadi, kimdir umri davomida uni izlab o‘tadi. Tompson esa boshqalardan farqli o‘laroq, juda erta abadiy do‘stlikka musharraf bo‘ldi. Ahamiyatlisi shuki, uning do‘sti tilsiz-zabonsiz-u, ammo boshqalardan ko‘ra ko‘proq tillasha oladi. Ko‘ngil tubidagi hech kimga aytolmaydigan sirlarini ungagina ishonadi, demakki, dillasha oladi. Yillar davomida ikki do‘stning sadoqati sayqallanib, bir-birining kashshofiga aylanib bordi. Ular Tompson va Tabiat edi.
Ernest Seton Tompson 1860 yilning 14 avgustida Angliyaning Darem grafligi Saut-Shilds shahrida dunyoga keldi. Tompsonning oilasi 6 yoshligida Kanadaga ko‘chib keladi. Otasi fermer bo‘lib, oila a’zolarining barchasi unga yordamlashar edi. Tompson esa ko‘p vaqtini akasi bilan uylari yaqinidagi o‘rmonda o‘tkazardi. Jonivorlar, qushlar, hindular va shikor – mana bular uni o‘z bolaligi hamda adabiyot bilan bog‘lovchi ko‘prik. Tabiat unga nafaqat yozish ilhomini, balki mo‘yqalam sehrini ham in’om etgandi. Tompsonning qalami bir mavzuga doimo sodiq – Tabiat: yozgani ham, chizgani ham shu. Javonidagi kitoblarning tashqi ko‘rinishigina emas, mazmun-mohiyati ham hayvonot olamini o‘zida mujassam etgandi.
Ernest juda iqtidorli bola bo‘lgan. U 6 yoshida gazetaning birinchi sahifasiga ko‘zi tushganu unda chop etilgan qushlar va hayvonlar rasmlarini qirqib yig‘a boshlagan. Qobiliyatli bolakay boz ustiga o‘ta o‘jar va qat’iyatli ham edi. Ko‘ngli tusagan ishni qilmagunicha qo‘ymasdi. Bir kuni kitob do‘konida “Kanada qushlari” nomli asarni ko‘rib qolib, rosa xarxasha qiladi. Tabiiyki, uni na narxi qiziqtirar, na ota-onasining yupatishlari qulog‘iga kirardi. Uch dollarni yig‘ish uchun u quyonlarini sotadi, qo‘shnining daraxtini butab beradi, bir angliyalikka hasharotlar kollektsiyasini pullaydi, yetmagan tsentlarini akasidan o‘g‘irlaydi: axir, ishqi tushgan kitobni olishi kerak-ku!
1876 yilga qadar bo‘lajak yozuvchi London, Parij, Nyu-York shaharlaridagi san’at kollejida tahsil oladi va nihoyat, 19 yoshida Torontoda o‘qishini tamomladi. Bu vaqt davomida o‘zining hayvonot olamiga muhabbatini yumor orqali go‘zal bo‘yoqlarda ifodalashga harakat qildi; qahramonlarining fe’l-atvori, kayfiyati, insoniyat bilan munosabati – bari-bari qog‘ozlarga ko‘chdi. Seton-Tompsonning adabiy qahramonlari bir-birini takrorlamas va muallif ularni boricha yaxshi ko‘rardi. U o‘rmonu tog‘lar, qiru dashtlar hayotini bo‘y-basti bilan, hatto dahshatu shafqatsizliklari bilan yozishdan hayiqmasdi. Ko‘p o‘tmay ular ko‘plab hikoyalarga, keyin qissa va romanlarga mavzu bo‘ldi. Seton-Tompsonning ilk adabiy asari 1883 yilda “O‘tloq hayoti” nomi ostida chop etiladi. “Yovvoyi hayvonlar, sizni qanchalar bilaman” (1898), “Ov ostidagi hayot” (1901), shuningdek, “Yovvoyi hayvonlar hayoti” nomli 8 jildlik kitobi (1925-1927) unga Kanada va Amerikada olamshumul muvaffaqiyat keltiradi. Badiiy asarlari, qahramonlari uchun rangtasvir ishini ham o‘zi bajarar, buning uchun 1890 yildan 1896 yilga qadar Parijda tasviriy san’at bo‘yicha saboq olgan edi.
O‘z ona yurtiga qaytgach, Greys Gallatin ismli mahalliy qiz bilan oila quradi. Sakkiz yil deganda orziqib kutganlari va ular turmushidagi yagona farzand – Ani Siton dunyoga keladi. Qizaloq o‘zi bilan birga er-xotin o‘rtasiga iliqlik, hayot quvonchlariyu go‘zalliklarini olib keladi. U ham otasi yo‘lidan borib, keyinchalik tarixiy va biografik asarlar yoza boshlaydi, ko‘plab kitoblari bestsellerga aylanadi. Hayotlarining o‘ttiz to‘qqiz yilini birga o‘tkazgan Greys va Ernest munosabatlari oxir-oqibat ajrim bilan yakun topadi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Tompson ko‘nglidagi ayolini qayta uchratadi. Julii M.Batri ham adabiyot sohasida faoliyat yuritar, ijodga oshno ayol edi. Ular turmushi davomida farzandli bo‘lishmadi, 1938 yilda esa yetti yoshli Byulu Di ismli qizaloqni asrab olishadi.
Beqaror Tompson bir joyda muqim turmas, goh o‘rmonda, goh Shimoliy Amerika cho‘llarida qo‘nim topardi. Biroq hech qachon katta shaharlarda uzoq yasholmagan: Kanada va Amerikaning ovchilari, fermerlari, hindulari va eng asosiysi jonivorlari uni qayerda bo‘lmasin o‘ziga ohanrabodek tortardi. Kanada ma’muriyati “davlat tabiatshunosi” lavozimiga loyiq topishi Tompsonga hayvonot olamini chuqur o‘rganishi uchun katta imkoniyat yaratdi. Ko‘rgan-kechirganlari, sayohatlari natijasida “Yovvoyi hayvonlar hayoti” nomli 8 tomdan iborat 40ga yaqin kitob nashr ettirdi. Bir necha asarlarini hindular va eskimoslar turmush tarzi, xalq og‘zaki ijodi, urf-odatlari, marosimlariga bag‘ishladi. Hindular hamda yovvoyi hayvonlar – tabiatning bu ikki in’omi mushtarak holda ajoyib va qiziqarli avtobiografik asar – “Yovvoyi odamchalar”ning dunyoga kelishiga sabab bo‘ldi. Ernestning, shuningdek, “Kemiruvchilar tarixi” (1900), “Qayin po‘stlog‘i” (1902), “O‘rmon haqida kitob” (1912) asarlari kitobxonlar e’tiboriga havola etiladi.
1906 yili uning hayotida o‘zgarishlar ro‘y berdi: boy-skaut [1]lar harakati asoschisi lord Baden-Pauell bilan tanishdi. U bilan hamkorlikda tabiat hamda hayot muvofiqligini ilgari suruvchi g‘oyani targ‘ib qildi. Bu harakat butun umri, faoliyatining ajralmas bo‘lagiga aylandi. Seton-Tompson o‘zini murabbiy sifatida ham namoyon eta oldi. “Pionering” ta’lim tizimi asoschisi sifatida uning nomi hanuz yodga olinadi. Mazkur tizim F.Kuperning mashhur “Pionerlar” romani asosiga qurilgan bo‘lib, u yovvoyi tabiatni o‘rganish uchun turli noodatiy usullarni o‘zida jamlagandi. Jumladan, maskirovka (yashirinish), taktik o‘yinlar, sayohat, ko‘chat o‘tkazish, bog‘lar yaratish kabi amaliy mashg‘ulotlar nazariyotchi murabbiylar uslubidan farq qilar va yaxshi samara berardi. Adib zoologiyaga oid qator asarlar ham yozdi. Ilm-fanga qo‘shgan hissasi uchun AQSh ilmiy tadqiqotlar instituti tomonidan “Eliot” oltin medali bilan taqdirlandi. U birgina narsadan qo‘rqardi: u ham bo‘lsa, yovvoyi hayvonlar bemaqsad va behuda qirib yuborilsa nima bo‘ladi?! Mana shu tashvish uni tinimsiz ijod qilish, ilmiy asarlar yozishga undardi. Jonivorlarni muhofaza qilish, tabiatni asrab-avaylash, uning qadr-qimmatini yoshlarga tushuntirish uchun Kanadada “O‘rmonchilik Ittifoqi”ni tashkil etadi.
1908 yili AQShda uning ilg‘or tajribalari beso‘roq ommalashtira boshlandi. Bundan ikki yil avval esa ishonib yurgan do‘sti, general Baden-Pauell Tompsonning g‘oyalarini o‘g‘irlab, o‘z muallifligida kitob chiqargandi. “Bolalar uchun skauting” nomli asarga ko‘zi tushdi-yu do‘sti ismini ko‘rib, Tompsonning rangi dokaday oqarib ketdi. Bu ikki holat uni umuman boshqa odamga aylantirib yubordi: hukumatdan alamzada, do‘stining bu ishini esa xiyonat deb bilgan Ernest endi hech kimga ishonmas, odamlarga qo‘shilmas edi. Shundan so‘ng, jamoat ishlariga aralashmay, odamlardan qochadigan, tashabbuskorlik ko‘rsatmaydigan bo‘lib qoldi. Uning endi bolalar bilan mashg‘ulot olib borishga ham, o‘z mablag‘iga kichik tabiat qo‘riqxonalari tashkil etishga ham hafsalasi qolmagandi…
Butun umrini tabiatni kuylashga, uning ochilmagan sir-asrorlarini kashf etishga bag‘ishlagan, ayni vaqtda yozuvchi, rassom, murabbiy sifatida mashhur bo‘lgan tabiat jonkuyari Ernest Seton-Tompson 1946 yilning 23 oktyabrida Nyu-Meksiko shtatining Santa-Fe shahrida yorug‘ dunyoni tark etdi.
Sevara Alijonova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 8-son
_______________________
[1] XX asr boshlarida dastlab Angliyada, so‘ng boshqa ba’zi burjua davlatlarda tuzilgan harbiy-siyosiy xarakterdagi bolalar tashkiloti.