Minhojiddin Mirzo. Adib  yuragini yoritgan quyosh

yoxud go‘zallik inkishofi

Dunyoning go‘zalligi muhabbat bilan… Tangri Taolo ham jamiki bor­liqni muhabbat bilan yaratdi. Ularning ichida insoniy sevgi quyosh yanglig‘ har bir yurakda porlab, olamga munavvarlik ato etadi. Bu ishqning go‘zalligi, qadr-qimmatini biz haroratli so‘z vositasida, adabiyot orqali anglaymiz. “Muhabbatdan  muhabbat bo‘lur paydo, muhabbatsiz kishidan qoch Huvaydo” degan edi hazrati Huvaydo.

Sharqda musulmon qadriyatlariga binoan muhabbatli ikki ko‘ngil  faqat nikoh orqali bir butunlikka erishadi. Ikki sevishgan ko‘ngilning ahdini butun borliq, koinot, farishtalar olqishlaydi, deydilar. Insoniy muhabbatning ulug‘ligi yana vafo bilan sinaladi, sadoqat bilan mustahkamlanadi.“Tohir va Zuhra”, “Layli  va Majnun”, “Farhod va Shirin”, “Yusuf va Zulayho”, “Vomiq va Uzro”, “Oshiq G‘arib va Shohsanam” kabi muhabbat dostonlari ham ana shu qadriyatlar ulug‘vorligi bilan betakrordir. Bu ishq qissalari asrlar davomida nafaqat sharq xalqlari, balki butun dunyo ahlini hayratlantirib keldi, ularga “muhabbat ilmi”dan saboq berdi.

O‘rta Osiyodagi birinchi zamonaviy romannavis Abdulla Qodiriy ham “O‘tkan kunlar” romanida Otabek va Kumush muhabbati timsolida ana shu an’analarni nasrda, o‘z davriga mos talqinda davom ettirdi, bu asarda qahramonlar muhabbati qanchalar go‘zal bo‘lsa, ularning qismati shunchalar ayanchlidir.  Ba’zan, balki bu asarlardagi sevishgan qalblar murodiga yetsalar, ular bu qadar ta’sirchan chiqmasmidi, degan o‘yga ham boradi kishi.

Sharqona qadriyatlarning yana bir muhim jihati shundaki, bunda muhabbat, sadoqat, vafo qancha ulug‘lansa, bevafolik, turmush o‘rtog‘i, sevikli yoriga xiyonat shunchalar qoralanadi. Zino – yani nikohsiz qovushuv asl eng og‘ir gunoh hisoblanadi.

Biz barchamiz bolalikdan mana shunday pokiza va ulug‘vor qadriyatlar asosida kamol topdik. Shu bois ham ko‘nglimiz har qancha yuksak tug‘yonli muhabbat bo‘lsa-da, lekin u nikohlangan juftiga sadoqatsizlik evaziga bunyod  bo‘lsa  qabul qilmaydi. Nikoh buzilganda arsh larzaga keladi, deydi ulamolarimiz.

O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonimning buyuk sadoqati,  ibo va hayo  doirasidan chiqmagan munis sog‘inchlari, Hamid Olimjonga bo‘lgan vafosi, bardoshi  pokiza muhabbat ramziga aylangani ana shundan bo‘lsa kerak: 

Hijroning  qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman chekinar  alam.
Tunlar yonimdasan, kunduz qoshimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham.

Bu zaifa qalb ila ayriliq va hijron, ko‘z yoshlar, hayot sinovlarini  yengib, tog‘dek bardoshga aylangan qalbning iqrori. Bu muhabbatga sodiq  sharq ayolining o‘z yuragi va hissiyotlari nomidan  o‘ziga o‘qigan hukmidir.

Shu bois ham akademik shoirimiz  G‘afur G‘ulom shoira Zulfiya haqida  “Muazzam Sharq namoyondir sening pokiza joningda…” degan edi. Mashhur avar shoiri Rasul Hamzatov: “Shoiralik shoirlikka nisbatan kam uchraydigan hodisa. Ana shunday yarqiroq yulduzlar qatoridan o‘zbek shoirasi Zulfiya munosib o‘rin egallaydi”, deya e’tirof etadi. Buyuk qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov: “O‘zbek shoirasi Zulfiyaning qutlug‘ qadami tufayli Sharq adabiyotiga san’atkor ayol kirib keldi… Men shoira poeziyasidagi dilbarlik, donolik bu ulkan madaniyatning qo‘lga kiritgan ulkan yutug‘i ekanligini ham ta’kidlamoqchiman. Chunki Zulfiya faqat o‘z she’r­larida gavdalangan to‘la-to‘kis ayol timsoligina emas, balki u mukammal shaxs  hamdir”, deya shoirani sharaflagan edi. Chunki Zulfiyaxonimning viqorli shaxsiyati, sadoqatga yo‘g‘rilgan  taqdiri  sharq an’analari va qadriyatlariga mos edi. Shu bois ham u xalqimiz tomonidan vafo timsoli sifatida ulug‘landi. Shu o‘rinda beixtiyor O‘zbekiston xalq shoiri Abudulla Oripovning “Ayol” she’ri yodga tushadi.

Shunday buyuk qadriyatlar ta’sirida men 30 yildan ortiq vaqt davomida buyuk qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning “Jamila” qissasidagi Jamilani eriga xiyonati uchun “kechira olmay” keldim. Uning muhabbatini tushungim kelmasdi. Garchi ruhiyatim bu go‘zal muhabbatdan yonib ta’sirlangan, bu sevgidan yuragim larzaga kelsa-da, qalbimda bir ovoz tinmay bu “muhabbat emas, xiyonat” deb shivirlardi. Har gal mashhur frantsuz adibi Lui Aragonning “Jamila” bu yer yuzidagi muhabbat haqidagi eng go‘zal dostondir” degan so‘zlarini o‘qiganimda ichki qaysarlik bilan “Ha, endi bu frantsuzlar erkin muhabbatni yoqlaydi-da, ular nikoh nima ekanligini, o‘z juftiga sadoqat va vafo ne ekanligini bilarmidi?” deya o‘ylar va ko‘nglim g‘ashlanardi. Lui Aragonning “Jamila”ni Shekspirning “Romeo va Juletta”si bilan qiyoslagani ham menga biroz erish tuyulardi. Taniqli adabiyotshunos olimlarning “Jamila” haqidagi maqtovlarini negadir qabul qilolmasdim. Ular go‘yoki Lui Aragon fikrini rad etsa, adabiyotni tushunmaydiganlar safiga kirib qolishdan qo‘rqqanlaridan majburan “murosa” yo‘lini tutgandek tuyulardi, ko‘plari shunday ham edi. Aslida olimlar, o‘quvchilar ichida men kabi fikrlaydiganlar, adibni “Jamila”ning “jasorati” uchun, sharq qadriyatlari, nikohni tahqirlagan inson sifatida ayblovchilar kam emasdi.

Adabiyotshunos olim Ibrohim Saidov shunday deydi: “Bu ulug‘ yozuvchi XX asrda o‘z asarlari bilan dunyoni maftun qildi. Bu adabiy “ulug‘vor yurish” “Jamila” qissasi bilan boshlandi. Ch.Aytmatov Moskvadagi Oliy Adabiyot kursida o‘qib yurgan paytlarida institutning proza kursi rahbari, mashhur adabiyotshunos va tarjimon Izbax Gonshteyn buyuk frantsuz yozuvchisi Lui Aragonga yosh adib Ch.Aytmatovning “Jamila” qissasini yuboradi. Ma’lum vaqt o‘tgach I.Gonshteynga javob xati keladi. U maktubni talabalarga o‘qib beradi (Qissani Lui Aragonga Muxtor Avezov tavsiya etgan degan fikrlar ham bor). Maktubda Lui Aragon Frantsiyada bu qissani o‘qib ta’sirlangani va frantsuz tiliga tarjima qilib 100 ming nusxada chop ettirgani, yana 100 ming nusxada chiqarmoqchi ekanligi aytilgan ekan. Xat “Men bunday go‘zal sevgi qissasini o‘qimaganman” degan so‘zlar bilan yakunlanadi”.

Garchi g‘arb olami bu qissani yuksak darajada e’tirof qilib turgan bo‘lsa-da, adib “Jamila” qissasi uchun ham o‘z vaqtida jiddiy tanbehlar eshitadi: “Jamila” qissasi chiqqanda o‘zimizning tuppa-tuzuk yozuvchimiz birdan unga yopishib qoldi, – deya xotirlaydi adib. – Qissani firqa majlisida, jamoatchilik ko‘z o‘ngida yer bilan yakson qildi. U o‘zining qissaga qo‘ygan ayblarida badiiy ijodda ma’no va mazmun kommunistik partiya siyosatiga uyg‘un bo‘lishi, ijodkor sotsialistik realizmdan aslo chekinmasligi, ideologiyaning boshqa qat’iy talablari haqida uzoq safsata sotib, oxiri oilaning buzilishi kommunistik axloq printsiplariga katta zarba ekanini ta’kidladi. Oila birligi va ahilligi partiya va jamiyatning asosini ushlab turgan muhim tayanch ekanini qayd etib, nihoyat, mening qissam ana shu g‘oyalarga mos kelmagan syujet asosida yozilganini “fosh” etdi”.

Qirg‘iz olimlari A.Muratov va K.Akmatovlar 1959 yilning 16 yanvarida  Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasidagi “toshbo‘ron”da 23 kishi qissani qattiq tanqid qilganligini, faqat ikki yosh olim – K.Bobulov va K.Asanaliyev “Jamila” haqida iliq fikr bildirganligini aytadi.

Taniqli adabiyotshunos olim Yo‘ldosh Solijonov esa Chingiz Aytmatovning “Jamila”, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” asarlari qahramonlarining bu boradagi “jur’at”larini tahlil qilar ekan shunday deydi: “Aslida bu vafosizlik jiddiy muhokamaga arziydi.(ta’kid bizniki) Ammo adiblar bu masalada o‘zlarini xolis tutadilar. Ch.Aytmatov Jamilaning qilmishini baholashni voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan hikoyachi Seit, ovul ahli va o‘quvchilar hukmiga havola qiladi. Kelinoyisini qoralamagan birgina Seit edi, xolos. O‘zi ham sevgi koshonasiga ilk qadamini qo‘yayotgan bu o‘smir yigit ular to‘g‘ri ish qildi, degan xulosaga keladi. Biroq qishloq ahli yoppasiga Jamilani qoralaydi: “Ahmoq-da! Aqli bo‘lsa tuz ichgan joyiga tuflab, sanqib yurgan bir musofirga ergashib ketarmidi?” “Tavba, Sodiqdan ortiq  erni topib bo‘pti. O‘ziga o‘zi qildi, juvonmarg!”

Bir qarashda Chingiz Aytmatovning “Jamila” qissasining bosh qah­ramoni urushda qon kechib yurgan eriga “xiyonat” qilganday. Asar haqida shoshibroq xulosa chiqargan har qanday sharq kishisi u ayolmi, erkakmi, Jamilani bevafolikda, yengiltaklikda ayblashi aniq. Abdulla Oripovning “Ayol” she’rida o‘n to‘qqiz yoshida beva qolgan, urushda qurbon bo‘lgan sevgan yoriga  bir umr sadoqatda o‘tishga jazm qilgan ayol vafosi, bardoshi mujassam edi. Shuning uchun ko‘ngil Jamilani ayblagan holda shoir she’ridagi vafodor ayolni ulug‘laydi. Aslida-chi?!

Xo‘sh, Chingiz Aytmatov o‘zigacha bo‘lgan muhabbat borasidagi sharqona adabiyot an’analarini qanday qilib buza oldi? Frantsuz adibi Lui Aragon bu asarga aynan shu jihati uchungina yuksak baho berganmidi?  Aytmatovga kim bu yo‘lda iroda va kuch bag‘ishladi? U haqiqatda ham bunday  isyonkor muhabbat qissasini kuylashda Sharqda birinchi edimi?

Atoqli  adib Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlari nafaqat sharqdagi ilk zamonaviy romanlar sifatida, balki yuksak badiyat va mahorat, betakror shirali tili, sharqona muhabbat harorati ila yo‘g‘rilgani bilan ham ellarga manzuru mashhur bo‘ldi. ­Ayonki, sharqda, xususan mintaqamizdagi xalqlar ichida uni qayta-qayta o‘qimagan ijodkor topilmaydi. Shu ma’noda Chingiz Aytmatovning bolalikdan bu asarlar bilan yaqindan tanishganiga aslo shubha yo‘qdir.

Abdulla Qodiriy garchi ilk romani “O‘tkan kunlar” qahramonlari taqdirini sharqona an’analarga muvofiq ayanchli ayriliq va qismat bilan yakunlagan bo‘lsa-da, “Mehrobdan chayon” romanida muhabbat mavzusiga  tamomila yangicha yondoshadi. (Otabekning o‘limi mohiyatidagi uyg‘otuvchi kuch, bu alohida mavzu) Otabekning Kumushidan Anvarning Ra’nosi o‘z jur’ati, sevgisi, taqdiri uchun kurashchanligi bilan  tamomila ajralib turadi. Ra’no zamona bitayotgan hukmlarni qismat deb bilmaydi. Bu asarda ilk bora nafaqat o‘zbek, balki  sharq qizining o‘z baxti uchun dadil kurashi, qat’iyati mohirona ifoda etilgan. Bu esa o‘z navbatida Chingiz Aytmatovga kuchli ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Aytmatovning ilk qissasini aynan shu ruhda yozgani ham buni isbotlab turibdi.

Ra’no va Jamila, Anvar va Doniyor tabiatidagi o‘ziga xos o‘xshash jihatlar, muhabbat lavhalari aks etgan tasvirlardagi uyg‘unlik  alohida tadqiqot mavzusi, biz ko‘proq ayol qahramonlar tabiatidagi o‘xshashliklarga to‘xtalmoqchimiz.

“Asar yozishdan oldin o‘zimni sochib yuboraman. Hammasini unutaman va yangidan  yig‘ina boshlayman. Axir tirilish uchun ham avval o‘lmoq lozim emasmi?” degan edi bir paytlar Nobel’ mukofoti sovrindori, portugaliyalik mashhur yozuvchi Joze Saramago. “Jamila” qissasini qaytadan mutolaa qilayotib, o‘zimni-o‘zim taniy olmay qoldim. Xuddi Joze Saramago aytgan holatni o‘quvchi sifatida boshdan o‘tkardim. Asarni sinchiklab o‘qir ekanman, qalban, ruhan avvalgi tushunchalarim sochilib ketdi, barchasini unutdim va adibning har bir so‘z, har bir jumla qatiga singdirgan ma’no, ramzlari mohiyatini anglay boshladim. Negadir men asarni emas, Chingiz Aytmatov yuragini qalban his qilayotgandim. So‘zlar yuzidagi pardalar ko‘tarilib, har  so‘zda yozuvchining  qalbi oftob shu’lasidek charaqlab ko‘rina boshladi. Negaki adib uni ayblaganlaridek, ming yillik qadriyatlarimizga xilof ish qilmagandi. U qadriyatlarni, nikohni yerga urmagandi. Uning qahramoni xiyonat ko‘chasiga kirmagandi. Haqiqatdan ham “Jamila” dunyodagi muhabbat haqidagi eng go‘zal qissa edi. Lui Aragon Yevropa, dunyoning mana-man degan yozuvchilari ijodida kuzatilmagan, shahvoniy nafs, hirsiy mayllardan baland, quyosh qadar yuksaklikdagi sharq ruhoniyatiga zid bo‘lmagan pokiza muhabbatni uchratgandi.

Bu muhabbat “Tohir va Zuhra”, “Alpomish va Barchinoy”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” muhabbatiday pokiza, go‘zal va ulug‘vor edi. Shunda men adib nima sababdan garchi qirg‘izlarda u qadar ko‘p uchramasa-da, asar qahramoni bo‘lgan qizga – “Jamila”, ya’ni go‘zallik deb ism qo‘yganini  angladim. Jamila ismi mohiyatidagi “Go‘zallik”da Anvar va Ra’no ismlari zamiridagi “Yorug‘lik” va “Muattarlik – nafosat” ko‘rinish bergandek tuyuladi. Keling, endi asar mohiyatidagi meni hayratga solgan, o‘ttiz yillik qarashlarimni o‘zgartirgan jihatlarga ­e’tibor qarataylik.

Avvalo bu oila qanday tuzildi? O‘qiymiz!

“…U yoshligidan yilqichilar orasida o‘sib, katta bo‘lgan, tog‘ etagiga joylashgan Baqayir ovulidagi yilqichining qizi edi, Sodiq akam ham chavandoz bo‘lgan ekan, u bir kuni yaylovdagi chorvadorlar to‘yi munosabati bilan o‘tkazilgan poygada Jamilaga yetolmay qolgan ekan. Shundan keyin izza bo‘lib, uni olib qochib ketganligini bilardim”.

Asarda yozuvchi Jamilaning qanday qilib alamzada Sodiq changaliga tushganini bildirish bilan birga, o‘quvchi e’tiborini Jamila tabiatidagi o‘ziga xos o‘ktamlikka qaradi:

“Jamilaning xatti-harakatlarida allaqanday jo‘shqinlik, erkaklarga xos fazilat bor edi. Har bir ishga astoydil kirishar, boshqa kelinlardek boshim, belim og‘riyapti deb sira zorlanmasdi. Biroq o‘zi ham birovga haqini ketkazmaydigan, aytishgan bilan aytishib, so‘kishgan bilan so‘kishadigan o‘jar ayollardan edi”.

Shu bois ham onasi unga doimo uning tagli-joyli yerga tushganini eslatar, bolam bu ham bo‘lsa sening baxting, buni sira ham yodingdan chiqarma, derdi. Xotin kishi  Tangrining berganiga shukr qilib, ro‘zg‘orida birini ikki qilib yursa, shuning o‘zi katta davlat ekanligini uqtirardi. Shu o‘rinda yana bir jihatni ta’kidlagimiz keladi, adibning Jamila tasviridagi bo‘yoqlari negadir xayolingizga mashhur turk yozuvchisi Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi” romani qahramoni Faridaning tabiatini ham eslatadi. E’tibor bering: Jamila juda sho‘x, yosh bolaga o‘xshardi. Gohida o‘zidan-o‘zi kampirlarga suykalib erkalansa, gohida  qah-qah urib kulib yuborardi. Ko‘pincha ko‘chadan kirib kelayotganida xuddi yosh qizchalardek ariqdan lorsillab sakrab o‘tar, doimo qandaydir qo‘shiqni o‘zicha xirgoyi qilib yurardi. “Kampirlar Jamilaning bu qiliqlarini o‘zlaricha gap qilib: “Hali bola-da, bora-bora quyulib qoladi” deb qo‘yishardi”.

Sharq  go‘zallari kabi, Jamila ham sarvqomat, bejirim ayol edi. Ikki o‘rim qora sochini boshiga chambarak qilib o‘rib, ustidan tang‘ib olgan oppoq durrasi uning bug‘doyrang kulcha yuziga juda yarashib tushardi.U kulganda uning porlab turgan shahlo ko‘zlarida navqiron yoshlik barq urar, shunda u beixtiyor qaddini rostlab, ovulning sho‘x laparlarini kuylay boshlardi. Ovuldagi yigitlar, ayniqsa frontdan qaytib kelgan sobiq askarlar garchi Jamilani ko‘z ostiga olishib, goho u bilan tegishib yurishsalar-da, chegaradan chiqishga botinisholmasdi. Negaki, Jamila  haddidan oshganlarning ta’zirini berib qo‘yardi.

Muallif Jamilani shunday ta’riflaydiki, o‘quvchi u bilan birga kuladi, o‘ynaydi, hazil-huzul qiladi, lekin ko‘nglining bir cheti hamisha xijil turaveradi. Bu Jamilaga achinish, unga chinakam baxt sog‘inish hissi bo‘lsa ne ajab? Ana shu jarayonda uning shodonlik ichra yashirilgan mahzun hayotiga nazar solgan o‘quvchi qalbida adoqsiz savollar uyg‘onadi?

Bu oilaning ma’naviy-ruhiy asoslari bormidi? Bu oila ikki-taraf qiz va yigitning roziligi asosidagi nikoh bilan mustahkamlanganmidi? Bu oilaning bunyod bo‘lishida Jamilaning ko‘ngli, roziligiga qaraldimi? Jamilaning ixtiyori, orzu-umidlari bilan birov hisoblashdimi? Jamila bu turmushdan baxtli edimi?

Jamilaga Sodiq tomonidan sovchi yuborilmaydi, uning va ota-onasining roziligi ham so‘ralmaydi…Taqdirga tan berganday ko‘ringani bilan, Jamilaning yuragida qandaydir  nomsiz isyon bor edi. Nazarimizda u o‘z orzulari, erki, saodatiga qarshi ravishda qirg‘iy changaliga tushgan qushchadek nochor,  so‘nishga mahkum quyosh, so‘lishga mahkum guldek edi go‘yo. Muallif  bu holatni Seit tilidan shunday ta’riflaydi:

“Men aravaga oxirgi marta pichan bosar ekanman, Jamilaning botib borayotgan quyoshga uzoq tikilib turganini payqadim. Quyosh daryoning narigi yog‘ida, qozoq dashtlarining allaqayerida o‘t yoqilgan tandirning og‘zidek alangalanib, holdan toyib, osmonda suzib yurgan pag‘a-pag‘a bulut parchalarini qizg‘ish rangga bo‘yab, binafsharang dashtlikka so‘nggi shu’lalarini sochib, asta-sekin ufq orqasiga o‘tib borardi. Jamila qo‘li bilan quyoshni to‘sib, o‘sha tomonda ajib bir manzara bordek, ko‘zlarini uzmay, kulimsirab qarab turardi. Endi uning chehrasi ochilib, ko‘ngli ancha ko‘tarilgan edi”. 

Uning “o‘sha tomonda ajib manzara bordek” quyoshga talpinishida ertangi kunga  umid va intizorlik,  qandaydir mo‘jiza ro‘y berishiga ishonch  mujassam edi. Seit tilidan bu holatni muallif shunday tasvirlaydi:

“Jamila botib borayotgan quyoshdan ko‘zini uzmay, indamay qoldi, ke­yin go‘yo menga emas, o‘ziga gapirayotgandek, yana shunday dedi: – Bunday kishilar ko‘nglingdagini bilarmidi… Buni hech kim bilmaydi. Xudo bilsin, bunday erkaklar dunyoda yo‘qdir ham!”

Muallif bu yerda botib borayotgan quyosh timsoli orqali umidlar ijobatisiz o‘tgan yana bir kun Jamila ko‘ngliga qanchalar mahzunlik solganini tasvirlaydi. U o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatda muhabbat to‘la egasiz ko‘nglini tushunguvchi inson sog‘inchi bilan yashayotgandek edi.

Eslang, asarda xat bilan bog‘liq bir holat bor.

“Sodiq akam har doim xatni “Sog‘inchli salom xat” degan so‘zdan boshlardi. Keyin: “Etib ma’lum bo‘lsinki, u tomonda, ya’ni gullab-yashnayotgan Talasning salqin havosida sog‘-salomat, o‘ynab-kulib yurgan jondan aziz, mehribon otajonim Yo‘lchiboyga”, deb salomni otamdan boshlardi, keyin katta oyimni, so‘ngra ishchan oyimni, ana undan keyin qavm– qarindoshlarimizning sog‘lig‘ini so‘rab, eng oxirida: “shuningdek xotinim Jamila ham eson-omon yuribdimi?” deb bir og‘iz qistirib o‘tardi”.

Xo‘sh, Jamilaning qorong‘i ko‘nglini bu kabi xatlar yorita olarmidi?

“Jamila har safar xatni qo‘liga olishi bilan o‘z-o‘zidan qizishib ketar, uni harislik bilan tez-tez o‘qiy boshlardi. Lekin xatning oxiriga yaqinlashgan sayin yuzidagi quvonch alangalari so‘nib, rangi o‘chib, qoshlari yana chimirilib qolardi. Ba’zida xatni oxirigacha o‘qib chiqishga ham ­sabri chidamay, hafsalasi pir bo‘lardi-yu, g‘ing demasdan, go‘yo qarz olgan narsasini qaytarib berayotgandek bo‘shashib, xatni oyimning qo‘liga tutqazardi…”

Kelinining tumshayib qolganini payqagan qaynonasi ham Jamiladagi bu holatni  sog‘inch hissi deb tushunadi: – Xabar kelganiga quvonish o‘rniga xafa bo‘lganing nimasi, bolam. Yoki faqat sening kuyoving askarlikka ketganmi? Barchaga barobar musibat, sabr qil… Ko‘z ochib ko‘rgan yorini kim sog‘inmaydi deysan, Sog‘insang ham sir boy berma, ichingda saqla. Jamila bo‘lsa miq etmasdi. Lom-mim demasa ham, parishon chehrasi go‘yo: “Eh, koshki edi tushunsangiz!” deyayotgandek bo‘lardi”.

Nega u xatni o‘qishga oshiqmasdi? Nega uning ko‘zlari so‘nik edi? Negaki, uning orzulari zo‘rlik iskanjasi tufayli toptalgan edi. U qalb istaklaridan voz kechishga mahkum qilingan edi. Uni nahotki, bir umr mana shunday baxtsiz, muhabbatsiz, orzu-umidlarimga zid ravishda yashasam, degan iztirob qiynardi. Shunday bo‘lsa-da uning siyoh ko‘ngli umid nurlariga talpinardi. Har oqshom quyoshning botishi qanchalar umidsiz bo‘lsa, har tongda quyoshning ufqda yuz ko‘rsatishi shunchalar umidli edi. U Qizil yelkanli kemani kutgan Assoldek faqat intizorlik ichra yashardi.

Hammasi Jamilaning dalaga chiqishidan boshlanadi. Rais uning qaynonasini ko‘ndiradi: “– Agar kelinimga yo‘lda-po‘lda tentak aravakashlar tegajog‘lik qiladi, deb qo‘rqsangiz, mana, qayin inisi bor-ku.  Bu inim yangasiga birovni yaqin yo‘latish u yoqda tursin, qaragani ham qo‘ymas. Seit ham chakana emas, azamat yigit-ku”. Avvaliga qaynona biroz ikkilanadi, so‘ngra kelinining yoniga doimiy hamroh sifatida Seitni, mo‘min qobil, urushdan yarador bo‘lib qaytgan Doniyorni ham qo‘shilishini eshitib ko‘ngli biroz xotirjam bo‘ladi.

Kamgap va tortinchoq Doniyor shaddod kelinning tamomila aksi edi. U hatto birga ishlayotgan Jamila va Seit bilan  ham biron marta ochilib gaplashmaydi. Avvaliga Jamilaga Doniyorning bori ham, yo‘g‘i ham bilinmaydi. Uni “– Hoy yigit, isming nima, Doniyormidi, ko‘rinishdan erkakka o‘xshaysan-ku, qani yo‘l boshla!” deya kamsitadi, jig‘iga tegadigan gaplar qiladi.

Muallif asta-sekin o‘quvchini bir qarashda sokin daryoday turgan, aslida qalbining tub-tublarida jilovsiz to‘lqinlar o‘ynayotgan Doniyorning surati va siyratini shunday tasvirlaydi: “Sersavlat, bo‘y-basti kelishgan Doniyorning jag‘i bir-biriga yopishib ketgan, qovog‘i sira ochilmas, ko‘zlari bir xilda g‘amgin boqardi. Faqat doim uchib turadigan qoshlari uning yuziga husn berib turardi. Goho-goho u qandaydir bir sirli tovush eshitgandek hushyor tortar, qoshlari uchib, go‘yo bir narsadan xursand bo‘lgandek ko‘zlari yaraqlab ketardi. Lekin biz buning sababini bilmasdik. Bugina emas, uning boshqa qiziq odatlari ham bor edi. Qosh qorayganda otlarni aravadan chiqarib, ovqat qachon tayyor bo‘larkin, deb o‘choq atrofida dam olib o‘tirardik. Doniyor bo‘lsa yonimizdagi  Qorovultepaga chiqib, qorong‘i tushgunga qadar o‘sha yerda o‘tirardi”.

Ha, Doniyorning o‘z ichki dunyosi bor edi. Ayonki, u dunyo bu dunyodan go‘zalroq, maftunkorroq va orzu-umidlarga to‘la edi. U yerda kimgadir atalgan buyuk muhabbat bor edi. U kimga atalganini hatto Doniyorning o‘zi ham bilmasdi. Shuning uchun imkon topildi deguncha o‘sha dunyosiga kirib halovat topardi. Buni yosh bola bo‘lsa-da, hatto Seit ham sezardi: “U men anglab yetmagan, ma’nosiga tushunmagan allaqanday sirli tovushlarni butun vujudi bilan berilib tinglayotgandek tuyulardi. Ba’zan qoshlari chimirilib, ko‘zlari chaqnab, kuchi tanasiga sig‘mayotgandek to‘lg‘anar, go‘yo o‘rnidan irg‘ib turib, qulochini yozgancha butun borliqni ko‘ksiga bosib, quchoqlamoqchi bolayotgandek tuyulardi. Bir qarasang, qattiq charchagan odamday yana bo‘shashib, g‘amgin bo‘lib qolardi”. Bu g‘amginlikning sababi kutish, kutish va yana kutish edi…

Chingiz Aytmatov Doniyor va Jamila o‘rtasidagi munosabatlar rivojini shunday hayotiy tasvirlar bilan qiyoslaydiki, bu bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi ikki qutbning qanchalar tabiiy ravishda yaqinlashayotganidan hayratga tushamiz.

Jamila va Seit har gal yo‘lda  oldinda borayotgan Doniyorni quvib o‘tib uni chang-to‘zon ichida qoldirishadi. Garchi bu hazil bo‘lsa-da, Doniyor miq etmaydi.Uning yonidan tasira-tusur qilib o‘tib ketayotgan Jamila va Seit aravasi ortidan muloyim kulimsiraydi. Aravada tik turganicha otlarga ustma-ust qamchi bosib borayotgan Jamilaga ajablanib, indamay, mamnun bo‘lgandek qarab qoladi. Yozuvchi uning mana shu birgina qarashida o‘ta ko‘ngilchan, olijanob, shu bilan birga yonayotgan yuragi allaqanday sirli hasratga to‘la inson siyratini akslantiradi.

Jamila va Doniyor o‘rtasidagi munosabatlarning ibtidosini avvalo Seit sezadi. To‘g‘rirog‘i, u bu muhabbat uchqunini Jamila emas, avvalo u Doniyorning ko‘zlarida ko‘rib qoladi. Doniyor arava chetiga qo‘yilgan qoplarni yelkasiga olayotgan Jamilaga beixtiyor tikilib qoladi. Avvaliga Seit buni ko‘ngliga og‘ir olmaydi. Keyinchalik esa uning Jamilaga bunday zimdan nazar tashlab yurishi unga yoqmaydi, u o‘zini izzat-nafsi toptalgan odamdek his qiladi.

Yozuvchi Jamilaning  yuragini ifoda etishda o‘zi xos tasvirdan foydalanadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Jamila qop tashiyotgan paytda uning qop-qora, qo‘ng‘ir soch o‘rimlari yerga tegay-tegay deb ketar, orqasiga burilganida esa ajib bir holat jilvalanardi “uning qisiq ko‘zlarining qorachig‘i kipriklari orasidan yalt etib ko‘rinardi”. Ana o‘sha “yalt” etishda quyoshning qop-qora bulutlar pardasini yorib o‘tishiga ishora bordek tuyuladi.

Seit bilan Jamila yo‘lda bir qishloqqa kirishib  birovning bog‘idan olma o‘g‘irlab chiqishadi, yo‘l-yo‘lakay qah-qahlab kulishib ketishadi. Jamila bora-borguncha Doniyorga “ilib ol!” deb olma otib boradi. Muallif bu joyda ham sharqona ta’sirli timsollardan o‘rinli foydalanadi. Ma’lumki, azaldan sharqda olma otish ko‘ngil izhorining o‘ziga xos ramzi sanalgan.

Asarda xirmondagi “katta qop” bilan bog‘liq voqea qahramonlar hayotida tub burilish yasaydi. Bu sahnada go‘yo Doniyorning qalbidagi yigitlik g‘ururi, oriyati bilan birga uning zamirida nurlanib turgan muhabbati namoyon bo‘ladi. Jamila Doniyorni zilday qopni tashlashga harchand da’vat qilmasin, buning shunchaki bir hazil ekanligini uqtirishga urinmasin u “Nari tur!”, deb qopni tashlamaydi. Garchi yarador oyoqda ming azobda xirmon sari tik qo‘yilgan  osma yog‘och yo‘lakdan ilgarilab borayotgan Doniyor ortidan kulib, piching gaplar qilsa-da, uning kulgisi sun’iylashib boraveradi.   Jamilaning “Orqangga qayt!” deya qilgan murojaati javobsiz qoladi.

Kattakon qora qopni ko‘targan Doniyor bukilib, yer bag‘irlab yuqoriga chiqib boradi. Jamila qo‘rqqanidan murdadek oqarib ketgan, lablari dir-dir titrab, ko‘zlarini katta ochgancha Doniyorga termilib turadi. Pastdan Jamilaning “Bo‘ldi, bas, qopni tashla!” degan so‘zlari Doniyorning oriyatini battar alangalatardi u ayolning ovozini eshitishi bilan yana oyoqlarini rostlab, oldinga qarab intiladi.

Bir payt Doniyor gandiraklab, uning yarador oyog‘i unga itoat qilmay qo‘yadi. Agar u yelkasidagi qopni tashlab yubormasa, o‘zining ham qulab ketishi aniq edi. Shunda Jamila jon holatda Seitga “Yugur! Orqasidan suyashib yubor!” deya qichqiradi, o‘zi bo‘lsa beixtiyor Doniyorni ushlab qolmoqchiday qo‘llarini oldinga cho‘zadi. Seit yog‘och yo‘ldan bir amallab chiqib Doniyorga yetib oladi. “Betidan ter quyilib, manglay tomirlari bo‘rtib chiqib, ko‘ziga qon to‘lib ketgan” Doniyor uni ham “Nari tur!” deb jerkib tashlaydi, bor kuchini to‘plab, yana oldinga intiladi. Xullas, Doniyor qavarib, qadoq bo‘lib ketgan qo‘llarini shalviratib, oqsoqlanib bir ahvolda pastga tushadi, odamlar unga lom-mim deyishmasdan yo‘l berishadi.

Ertasiga ertalab  g‘alla qoplayotganda Jamila bu kasofat qopni oladi-da, uni chok-chokidan shir-shir yirtib yuboradi. Va yana odatdagi yumush bilan yo‘lga otlanishadi. O‘rtadagi sukutni ham  Jamilaning o‘zi buzadi, ha u jim turolmaydi, ovozini baralla qo‘yib, kuylab yuboradi. Bu bilan  go‘yo Doniyorning ko‘nglini ochib, xafachiligini yozmoqchi bo‘ladi. Ikkinchi tomondan uning zamirida o‘ziga xos uzr, kechirim so‘rash iltijosi ham bor edi. Lekin bu iltijo o‘tinch ko‘rinishida emas, Jamila tabiatiga xos o‘ktamlik va quvnoqlik ila zohir bo‘ladi.

Jamila avvaliga bir silkinib qo‘yadi-da, qalbidan qaynab chiqayotgan yangroq ovoz bilan kuylab yuboradi. Uning ashulasi kishiga orom bag‘ishlardi. Bir payt u ashulasini bo‘lib Doniyorga qichqirdi: “Hoy, bo‘shang yigit, ovozingni bir chiqarsang-chi! Yigitmisan o‘zing?” deydi, bunga javoban Doniyor aravasini to‘xtatib: “Kuylay ber, Jamila, qulog‘im senda” deydi. Lekin Jamila bu bilan qanoatlanmaydi. Doniyorga ketma-ket ko‘ngil uyg‘otuvchi kesatiq savollar tashlaydi: “Nima, boshqalarning qo‘shiq eshitgisi kelmaydi, deb o‘ylaysanmi?” “Aytmasang, aytma, tarang qilishini qara-yu!” “Hoy, Doniyor, umringda birovni sevganmisan?”  Uning kulgi aralash ustma-ust aytgan bu so‘zlariga Doniyor javob qaytarmaydi. Jamila ham churq etmay qoladi. Dara ichiga ham bir nafas jimlik cho‘kadi. Faqat g‘ildiraklarning dukur-dukur ovozi, otlarning pishqirgani eshitiladi. Yo‘lni kesib o‘tib, sharqirab oqayotgan soyga yetishganda birdan Doniyor aravani sekinlatadi, bir zum ot taqalarining kechuvdagi kumushdek yaraqlagan toshlarga tegib shaqillashiga diqqat bilan quloq soladi. So‘ngra “chuh” deb otlarga bir qamchi uradi-da, titroq ovoz bilan yurakdan, zavq bilan kuylab yuboradi:

Eh, Olatog‘, Olatog‘,
Ota-bobom o‘sgan yer!
Ey, Olatog‘, Olatog‘,
Oq bulut qalqib ko‘chgan yer!

Avvaliga uyalib, tortinib  aytgan bo‘lsa, bora-bora uning ovozi baralla yangray boshlaydi. Ashula darada qo‘ng‘iroqdek yangrab, uzoq-uzoqlardagi qoyalarda aks sado beradi. Doniyorning qo‘ng‘iroqdek ovozigina emas, balki kuyning ohanraboligi, jo‘shqin his-tuyg‘ularga boyligi ham kishini maftun etardi. Seit buning nimaligini aqliga sig‘dira olmay lol bo‘lib qoladi. Doniyorning shu bir og‘iz kuylashida ham qandaydir bir joziba, nafosat borligi aniq sezilib turardi. Muallif uning holatini shunday ifodalaydi: Bu ashulachining ovozimi yo bo‘lmasa yurakdan qaynab chiqayotgan boshqa bir narsami? Kishi qalbining eng nozik torlarini chertib, unda ezgu niyatlar uyg‘otayotgan bu nima o‘zi? Rostini aytsam, bu savolga hozir ham javob bera olmayman”.

Bu ashulada deyarli so‘z yo‘q edi, lekin bu kuy so‘zsiz ham samimiy, sof niyatli qalb egasining butun quvonchi, umid-orzulari va tilaklarini ifodalab berardi. Seit Doniyorni tushuna  olmaydi. Lekin bir narsa aniq ediki, Doniyor bu  kunni, shu damni ko‘pdan beri orziqib kutgandek, qalbidagi butun sir-asrorini to‘kib solardi.

Muallif ushbu voqea bilan nafaqat Jamila va Seitni, balki o‘quvchini ham Doniyor qalbidagi sirli olamga olib kiradi: “U qalbida yuksak insoniy muhabbat tug‘yon urgan bir inson edi! Menimcha, uning sevgisi biror kishiga ishqi tushib, o‘sha odamga ato qilingan sevgi emas, balki insonni yaratib, uni kamolga yetkazgan keng olamga, yorug‘ dunyoga bo‘lgan cheksiz, jo‘shqin sevgi edi! Ha, u bu sevgini o‘z qalbida ardoqlab saqlagan, ana shu sevgi bilan yashagan edi. Agar u shunday yuksak qalb egasi bo‘lmay, didi past, yuragi muz bir kishi bo‘lganda edi, tabiat uni qanchalik iste’dodli qilib yaratgan bo‘lmasin, bari bir u bunchalik kuylay olmas edi”.

Doniyor shunday kuylaydiki, uning kuyi tungi dasht ustida yana jo‘sh urib, mudroq dalani uyg‘otayotgandek bo‘lardi. Ha, bu ikki qalbning uyg‘onish sari qo‘ygan ilk qadami edi. Bu uyg‘onishning nomi esa, muhabbat edi.

Ha, bu ulkan muhabbat haqidagi qo‘shiq edi. Unda Vatanga, ota-onaga, do‘stu yorga, farzandga, hayotga, dunyoga qo‘yingki barcha-barcha narsaga bo‘lgan inson sevgisi, ruhiy-ma’naviy ehtiyoji, sog‘inchi uyg‘un edi.

Doniyor qo‘shig‘ining sirli tarovati shunda ediki, yuqoridagi tasvirlarning barini u tinglaguvchi qalbida yorqin gavdalantirardi. Seit buning sababini o‘zicha Doniyorning chet yerlarda ko‘p yillar sarson-sargardon bo‘lib, o‘z el-yurtini ko‘rish ishtiyoqi bilan yashaganida, shu quvonchli damni intizorlik bilan kutganida deb bilardi. Chunki inson o‘z yurtiga shu qadar katta mehr va intizorlik, sog‘inch bilan talpinganda uning qalbida shunday muhabbat va mehr quyoshi jilvalanadi, deb bilardi.

Seit Doniyorning bu kuylarini tinglar ekan, uning boshpana izlab o‘tkazgan mashaqqatli yetimlik yillarini, qonli jang maydonlarida bosib o‘tgan yo‘llarini  ko‘z oldiga keltirar edi. Ehtimol, uning ona Vatan haqidagi jo‘shqin kuylari o‘shanda tug‘ilgandir. U Doniyorning ashulalarini tinglab o‘tirib, inson bolasi nima uchun o‘z ona tuprog‘ini bunchalar sevishini, nima uchun, tiz cho‘kib, bu tuproqni  xuddi o‘z onasidek quchoqlab o‘pishini dildan his qiladi. Bu holat birinchi marta uning yuragida yangi bir his uyg‘otgandi. U tinmay qani endi ona tuprog‘imning muqaddasligini, uning ko‘rkini Doniyorchalik seza bilsam, seva bilsam, uning madhiyasini Doniyorchalik tarannum qilolsam, degan  kuchli havas bilan yonardi. Ana shu lahzalarda u nimanidir orziqib kutardi, lekin buning nimaligini o‘zi ham bilmasdi. Bunga bir tomondan xursand bo‘lsa, ikkinchi tomondan xunob bo‘lardi. Bu jarayon Seit ko‘nglida  ilg‘amsiz bir tarzda  rassomlik san’atining ilk kurtaklarini paydo qilib, kelajakda hayotni turfa bo‘yoqlar, suratlar orqali tasvirlashga katta havas uyg‘otganini, go‘zalikni sezishga ilhomlantirganini o‘zi ham sezmasdi.

Bu voqealar tufayli asar o‘zining yangi yuqori cho‘qqisiga ko‘tariladi. Endi qahramonlar ichki dunyosida yangi olam ochiladi. Ana shu voqeadan keyin Jamila ham butunlay o‘zgarib ketadi. Oldingi sho‘x, hazilkash, gapga chechan kelindan go‘yo asar ham qolmagandek edi. Uning o‘ynoqi o‘tkir ko‘zlari endi go‘yo bulutli kundagi quyosh singari negadir g‘amgin boqardi.G‘amginligi bu quyosh uning yo‘lini to‘sib turgan bulutlarni hayday oladimi, degan hadikdan bo‘lsa, na ajab? Yo‘lda ketishayotganda ham Jamila chuqur o‘yga tolar, lablarida bilinar-bilinmas tabassum o‘ynardi. Lekin shunga qaramay u faqat o‘zigagina ma’lum bo‘lgan allaqanday latif bir narsadan huzur qilayotgandek, undan suyunayotgandek tuyulardi. U go‘yo ikki o‘t ichra yonardi, u ikkinchi  o‘tning nima ekanligini yaxshi anglar, uni oldinda nimalar kutayotganini sezganday ichki xavotirga tushardi.

“Ba’zan esa, aksincha, xayolini bir narsa buzgandek, qopni aravadan yelkasiga silkib olib, shu turganicha qotib qolardi. U shu turishida go‘yo quturib oqayotgan suvga duch kelib, uni kechib o‘tishini ham, o‘tmasligini ham bilmay lol bo‘lib turgan odamga o‘xshardi”. Muallif bu yerda o‘z uslubiga sodiq qolgan holda holatni o‘ziga xos obraz asosida tasvirlaydi. Garchi Jamilaning aqlu idroki tizginsiz bu suvdan o‘tmaslikni  buyurayotgan bo‘lsa-da, qalbi uni mana shu asov mavj sari boshlardi. Jamila o‘zini uni avvalgidek nazariga ilmayotgandek qilib ko‘rsatishga qanchalik urinmasin, oxiri bir kuni sabri chidamay xirmonda Doniyorga gap otadi.“Ustingdan ko‘ylagingni yechsang bo‘lardi. Yuvib berardim”. U ko‘ylakni soyga olib borib yuvadi-da, quritish uchun yozib qo‘yib, burishgan joylarini tekislaydi. Ana shu kezda o‘zi bilmagan holda ko‘ylakni ancha vaqtgacha mehr bilan silaydi. Voqea Jamilaning yigitlar bilan bo‘lgan hazil-huzuli bilan bog‘liq jarayonda yanada keskin tus ola boshlaydi.

Doniyor yigitlarga yeb qo‘ygudek o‘qrayib qarar, vajohatidan go‘yo hozir yugurib borib Jamilani ularning qo‘lidan ajratib oladigandek edi. Yuziga tik boqishga botinolmay, farishtadek pok deb bilgan Jamilani yigitlarning quchoqlab o‘pishi, tortqilashib o‘ynaganlari Doniyorning ko‘ngliga juda qattiq botadi. Shunday bo‘lsa-da, uning butun fikri zikri, es-hushi Jamilaning husni jamolida edi. Doniyor yigitlardan qanchalik qizg‘anmasin, xandon otib kulayotgan Jamiladan ko‘zini olmay, uning bu qilig‘iga ham koyinib, ham maroqlanib, xo‘mraygan qovoqlari ostidan muloyim boqib, tishini-tishiga qo‘yib o‘tirdi. Yigitlar Jamilaga har tomondan yopishib, betlarini o‘ptirganlarida Doniyor quti o‘chib, turib ketmoqchi bo‘lar, lekin oyoqlari itoat qilmayotgandek qimir etolmasdi.  Jamila uning qarab turganini payqab  xiralik qilavergan yigitlarni siltab tashlaydi.

Ikki qalbda necha yillar davomida pinhon yotgan intizorlik, endi barcha to‘siq va anidishalarni pisand qilmay o‘zligini namoyon eta boshlaydi. Qandaydir sehrli bir kuch Jamilani Doniyor sari yetaklardi. Negaki u kechagi yigit emasdi. Endi u shu qadar yurak bilan kuylardiki nima bo‘layotganini o‘zi ham anglamasdi.  Yuragi talpinib, kuydan orom olgan Jamila har doim unga yaqinlab beixtiyor qo‘l cho‘zganini sezmay qolardi. Doniyor buni payqamas edi…

Jamila va Doniyor yuragidagi sevgi shu qadar pok, yangi umid-orzularga to‘la ediki, ikkalalari ham harchand urinmasin bu sevgini vujudidan chiqarib tashlay olmasdilar, uning rohatu zahmatlariga chidashga, unga so‘zsiz itoat etishga majbur edilar. Bu baxtiyor lahzalardan ta’sirlangan kichkina Seitning ko‘nglida ham hatto bir lahza “Jamila Doniyorni sevsa yaxshi bo‘lardi”, degan  fikr o‘tardi. Lekin, kelinimiz, akamning xotini-ku, degan o‘y uning oriyatini uyg‘otar, qiynardi.

Seit tobora go‘zallashib, latofati ortib, nigohlaridan nur yog‘ilib turgan Jamilaning chehrasiga boqib uning qalbida naqadar pok, beg‘u­bor, o‘y-xayollar jilva qilayotganini, sevgining  insonni orzu-umidlar, istiqbol sari yetaklovchi katta kuch ekanligini anglab yetmasa-da, murg‘ak qalbi bilan bu ikki vujuddagi uyg‘onishni sezardi, goh hayrat, goh sevinch hissi ila ularni kuzatardi.

“Birozdan so‘ng Jamila qo‘llarini asta-sekin Doniyorning yelkasiga tashladi-da, unga suyanib, boshini yelkasiga qo‘ydi. Shunda Doniyorning tovushi bir zum titradi-yu, keyin yana ham kuchayib, qo‘ng‘iroqdek yangradi. U sevgi haqida kuylardi. Tong otib, gullagan vodiy yuzidan qora parda ko‘tarilganda, men o‘sha keng dala o‘rtasida sevishgan ikki yoshni ko‘rdim. Ular menga hech nazar solmasalar ham, ko‘z ostidan qarab, sehrlangandek ergashib borardim. Sevishganlar men bilan ishi bo‘lmay, faqat menigina emas, balki butun borliqni ham unutib yuborgandek, jonga orom beruvchi kuy oqimida chayqalib, bir-biriga termilishib sekin borishardi. Nazarimda, Doniyor bilan Jamila butunlay boshqacha bo‘lib qolgandek edi. Bular men ilgari ko‘rmagan-bilmagan qandaydir yangi, baxti kulib boqqan kishilar edi. Ha, ularning biri, ko‘zi qorong‘ida o‘tdek yonib, eski ko‘ylagining yoqasini ochib yuborib, dala-dashtga yangroq kuy taratib borayotgan Doniyor edi. Ha, ikkinchisi, Doniyorga erkalanib jimgina o‘tirgan mening yangam Jamila edi!”

Bu shunchalar go‘zal va beg‘ubor holat ediki, Doniyorning kuylaridan ta’sirlangan Seitning miyasiga, “Men ularning suratini chizaman!” degan fikr keladi, bundan o‘zi ham go‘yo nodir bir narsa topib olganday sevinib ketadi. Garchi avvaliga  o‘z fikridan cho‘chib, “Bu ish mening qo‘limdan kelarmikin, eplay olarmikinman?” deb o‘ylasa-da orzu-istak qo‘rquvdan kuchli kelib, “Ha, men ularning suratini albatta chizaman, men ularni xuddi hozirgidek baxtiyor qilib tasvirlayman!” degan qat’iy qarorga keladi. Shuningdek, u Ona Yerni Doniyorday ko‘ra bilish, seva bilishni orzu qiladi. Seit ana shunday go‘zal o‘ylar girdobida turganda birdan Doniyorning ashulasi uzilib qoladi. Barchasi bir lahzada sodir bo‘ladi, beixtiyor Jamila avvaliga Doniyorni mahkam quchoqlab, bag‘riga bosadi, so‘ngra nimadandir cho‘chigandek tisarilib, aravadan sakrab tushadi.  Jamilaning teskari qaraganicha yo‘lning qoq o‘rtasida serrayib turib qolishi, Seitga yig‘i aralash, “Nega qaraysan? Menda nimang bor? Qarama menga, aravangni hayda, jo‘na!” degan so‘zlari, keyin Doniyorga yuzlanib, “Xo‘sh, sen-chi, sen nega angrayib turibsan, aravangga min! Boshimga bitgan balo bo‘ldilaring-da!” deya ilojsiz o‘kinishi uning yuragi ixtiyor va ixtiyorsizlik chegarasi o‘rtasida qanchalar qiynalayotgani, yonayotganini ko‘rsatardi.

Nihoyat, asarning eng avj pardalari bo‘lgan voqealarga yaqinlashdik. Shu o‘rinda endi bir lahza Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanidagi burilish nuqtalariga to‘xtalamiz. Bu ikki nuqtada ikki qahramon Ra’no va Jamilaning sevgan yigitlarini lol qoldiruvchi jur’ati namoyon bo‘ladi. Abdulla Qodiriy bejiz bu bobni “Jasur qiz” deb nomlamaganini anglaymiz.

Orzu-umidlari, muhabbati, ko‘ngil istaklariga zid ravishda Qo‘qon xoni amri ila unga fotiha qilingan Ra’no bu zulm oldida bir zum ojiz qoladi. Xon saroyida Mirzaboshi bo‘lib ishlayotgan Anvar esa tamomila chorasiz  edi. Afsuski, bunday voqealar insoniyat tarixi, sharq xalqlari hayotida juda ko‘p uchrardi. Bularning aksariyatida oshiqlar qismat qarshisida taslim bo‘lganlar. Abdulla Qodiriy Kumushdan farqli o‘laroq Ra’nodagi o‘ktamlik ila bu qaltis ishga kirishib “devor”ni buzishga jazm etadi.

Ra’no ishonchli kimsalar orqali Anvarga xat jo‘natadi, maktub yuki ancha og‘ir edi: “…Og‘ir daqiqalarda arzimas gapni ko‘ngilga olish sizning kabi olijanoblar ishi bo‘lur, deb kim o‘ylasin. Baxtsiz bir qizning najoti uchun tebranmadingiz, deb sizni ayblab bo‘lmas; biroq. Baxtsiz Ra’no tahlika ostida qolg‘anda, uni bu kun-erta bir fojia kutganda vafoliq, deb bilgan bir kishisidan bu yanglig‘ jafo ko‘rishi naqllarda o‘qulg‘anmi, afsonalarda to‘qulg‘anmi? Shu qadar gunohim bor emish, deb xafa bo‘lmangiz, Anvar aka. Basharti bu gunohlarning yuvilib ketishini tilasangiz, sizga bir xizmat bor, ham sizning uchun eng oson xizmat: ertaga chahorshanba kechqurun, tilasangiz ochiqcha, tilamasangiz-yashirincha bo‘lsa ham biznikiga kelingiz, men bilan oxirg‘i martaba vidolashingiz. Chunki siz nash’u namo qilg‘an joyda Ra’noni halokat kutadir”.

Abdulla Qodiriy yozganidek, Ra’noning bu xati Anvar uchun bir tashvish edi. Uning yoniga borishdan hech bir mantiq topmas, aksincha, bunda yurak o‘tining alanga olishini, jarohatlarning yangilanishini ko‘rar edi. Bu harakatda birorta yaxshilik alomatini sezmas, aksincha buning qanchalar halokatli ekanligini anglar, Ra’no bilan uchrashganda ham uning yig‘lab ko‘ngilni buzishidan boshqa narsa ko‘rmas edi. Lekin bormaslik necha yillik muhabbat, yigitlik sha’niga ham to‘g‘ri kelmas edi.Shu bois Anvar qanchalar qaltis bo‘lmasin Ra’no bilan uchrashuvga borishga qat’iy qaror qiladi.

Uchrashuv chog‘ida Anvarning Ra’noga qarab, “O‘zing hamma gapka tushuna turib, yana bunchalik achchig‘ yozg‘aning nimadir, Ra’no?” degan savoliga qiz titroq ovozda, “Chunki shunchalik achchig‘ yozmasam, siz kelmas edingiz…” deya javob beradi. Keyin ular o‘rtasida shunday suhbat bo‘lib o‘tadi: “Siz mirzaboshiliqni yaxshi ko‘rasiz-a?” Anvar bu munosabatsiz savoldan biroz hayron bo‘lib so‘raydi: – Tushunmadim… Nima demakchisan? -Siz mirzaboshilikni yaxshi ko‘rasizmi, deyapman? – Yaqinda mirzoliqni tashlamoqchiman Ra’no? – Mirzoliqni tashlag‘andan so‘ng nima ish qilasiz? – Qo‘qondan ketaman, sayohat qilaman. – Meni… meni ham o‘zingiz bilan olib ketmaysizmi?”

Anvar mirzo uchun bu kutilmagan  so‘z edi, shu bois u tushunmay Ra’noning yuziga ancha boqib turib so‘raydi:

“– Sen… senga mumkinmi, Ra’no?

– Mumkin, – deb qaltirandi Ra’no. – Mirzaboshiliqni hozirdan ­e’tiboran tashlasangiz mumkin.

Bu so‘z Anvarni ham qaltiratib yubordi

– Nima deyapsan, Ra’no?

Ra’no bir necha vaqt javob beralmay turdi. O‘zini to‘xtatib olish hayajonini tindirish og‘ir edi.

– Haligi… haligi so‘zingiz chin bo‘lsa, men ham siz bilan ketishni xohlayman…”

Anvar tushiga ham kirmagan bu taklifdan entikib ichida “jasur qiz” degan o‘y o‘tadi. Haqiqatda ham bu jasurona isyon xotin-qizlar tomonidan Xudoyorxonning hayvoniy istagiga qarshi birinchi ko‘tarilish edi. Anvar istiqbolda qanchalik mushkulot va xatarlar kutishi mumkinligini o‘ylasa ham bu jasoratni qalb amri bilan qabul qiladi. Yoki, taniqli adib Xayriddin Sulton ta’biri bilan aytganda, “To‘rt devor ichida, ziqna otaning doimiy siquvlari ostida voyaga yetgan, nihoyat padari tarafidan xonga mol kabi sotilgan bu Sharq qizining asar so‘nggida qo‘rqmas isyonchiga aylanishi, “muhri Xudo” – fotihani buzib, ota-onasi, uy-joyini tashlab o‘limni bo‘yniga olgan holda mirzo Anvarga birga qochishni tak­lif etishi… bu bizning andisha haqidagi boyagi mulohazalarimizga sig‘ishadimi? Yuzaki qaraganda  “yo‘q”  deb javob berish mumkin. Biroq Ra’noning yuragidagi boshqa bir andisha, “Men xonning iflos to‘shagiga yotmayman!” degan zo‘r insoniy qadr tuyg‘usi, muhabbat va ma’rifat e’tiborga olinsa, “Ha!” deb javob qaytarish lozimdir”. Keling, endi xuddi shunday murakkab ahvolda qolgan Jamila va Doniyor voqeasiga qaytaylik.

Jamilaga eri Sodiq bilan Saratov gospitallaridan birida uchrashib qolgan hamqishlog‘ining xat olib kelgani ham negadir quvonch bag‘ishlamaydi.

“Jamila xatni shosha-pisha oldi-da, quvonganidanmi, yo uyalganidanmi avvaliga qizarib, so‘ngra rangi quv o‘chib, indamay Doniyorga ko‘z qirini tashladi. U boyagi xirmondagidek oyoqlarini kerib, aravasining yonida yolg‘iz turarkan, Jamilaga ma’yus boqardi”.

Bu ma’yuslik muhabbatning ilojsizlik qarshisidagi ojizligini, qismat oldida taslim bo‘lishga ko‘nganligini anglatardi. Chunki Jamila urushda qon kechib kelayotgan birovning xotini edi. Ana shu tomoni Doniyorning yuragini o‘rtardi. Lekin u bu ilojsizlik chegarasidan qanday o‘tishni bilmasdi. Ana shunda “jasur ayol”  Jamila bu qaltis chegarani o‘z jur’ati va jasorati bilan buzib o‘tadi. Chunki, “Xonning iflos to‘shagida yotmayman”, degan Ra’no kabi uning ham baxtli yashashga haqqi bor edi. Adabiyotshunos X.Lutfiddinovaning fikricha, “Bu jasorat –o‘zbek qiz-juvonlari ruhida ming yillarcha yashab kelgan qullik, mutelik, bechoralik, notavonlik, qo‘rqoqlik, mahkumalik zanjirlarini parchalab yuborish jasoratidir. Unda o‘z erkini, insonligini, o‘z taqdirini himoya qilish, ozod etishda hatto erkaklardek mardlik matonati bor, u ma’naviy qashshoq, zaifa emas, hur fikrli, o‘z erkini, o‘z baxtini himoya qilishda erkaklardan ham hushyorroq ekanini namoyish etadi”. Chingiz Aytmatov Jamilaning bu boradagi jur’atini shunday ta’riflaydi:

“– Doniyor, mana men o‘zim keldim! – dedi u sekin shivirlab. Atrof jimjit, osmonni gumburlatib yashin chaqnadi. – Xafa bo‘ldingmi? Qattiq xafa bo‘ldingmi? Yana jimlik cho‘kdi, qirg‘oqdan tuproqning suvga “sho‘lp” etib tushgani eshitildi. – Lekin mening aybim nima? Senda ham gunoh yo‘q. Tog‘lar ustida yashin gumburladi. Jamila cho‘chib yalt etib qaraganida, yashin uning yuzini yoritib yubordi. Jamila atrofga bir qaradi-da, o‘zini Doniyor ko‘ksiga tashladi, uning yelkasi Doniyorning baquvvat qo‘llari ostida dir-dir uchardi…”

Chingiz Aytmatovning badiiy mahorati va uslubiga xos jihatlardan biri bu uning qahramoni qalbida kechayotgan ichki tug‘yonlar, g‘alayonlarni tabiat hodisasalari bilan uyg‘un holatda tasvirlaydi. Ha, qirg‘oq o‘pirildi, ming yillik tog‘lar ustida yashin gumburladi. Buning yuksak namunasining aynan yuqoridagi holatda ko‘rishimiz mumkin.

“Endi Jamilani hech qanday kuch to‘solmasdi. U Doniyorga sekin shivirladi: – Chindan ham gumonsiradingmi, nahotki men seni unga almashtirsam! U meni hech qachon sevgan emas, sevmaydi ham! Mayli, kim nima desa deyaversin, lekin men senikiman! Yolg‘izim, azizim, men seni hech kimga bermayman”.

Jamilaning jasorati umidsizlik ichra o‘zini tamomila yo‘qotayozgan Doniyorga kuch bag‘ishlaydi:

“Men ham seni ko‘pdan beri sevib yurardim. Umrimda ko‘rmagan bo‘lsam ham, okoplarda yotib seni o‘ylardim. Sevgan yorim Vatanimda ekanligini bilardim. Bu sen ekansan, Jamilam!”

Yozuvchi bunday keyingi holatni shunday tasvirlaydi. “Yomg‘ir sharros quyib berdi. Qora uy tepasiga yopilgan namatlar xuddi qanot qoqqan qushdek shamolda uchib ketdi. Goh qiyalab, goh tik quygan jala yerni orziqib kutgandek ustma-ust o‘pardi. Ketma-ket momaqaldiroq gumburlab, butun osmon qa’rini tilib o‘tgandek bo‘lardi. Uzoq-uzoqlardagi tog‘lar bahor lolalaridek qizarib ko‘rinardi”. Yozuvchi Doniyor qalbida qayta jon olgan umidni ana shunday go‘zal tasvirlaydi. Ana shu umid ularni yangi hayot sari yo‘llardi.

Seit Jamila! Jamila! – deya o‘pkasini bosolmay yig‘lardi. Negaki u eng yaqin, eng aziz odamlari bilan xayrlashgan edi. Seit ham Jamilani bolalarcha beg‘ubor qalbi bilan sevib qolganligini anglab yetadi. Shu kuni u faqat Jamila va Doniyor bilan emas, bolalik davri bilan ham xayrlashar edi…

Ertasiga ovulda har xil mish-mish gaplar tarqaladi. Hamma xotinlar Jamilani qoralashadi: “Ahmoq-da! Aqli bo‘lsa tuz ichgan joyiga tuflab, sanqib yurgan bir musofirga ergashib ketarmidi… Uning nimasiga qiziq-di ekan, eski shineli bilan, teshik etigidan bo‘lak hech balosi yo‘q edi-ku! – Qo‘tan-qo‘tan qo‘yi bormidi! Uyi yo‘q, joyi yo‘q, nasl-nasabi betayin bir daydi-da! Mayli, uvoli o‘ziga, hali attang deydi… Sodiqdan ortiq erni topib bo‘pti. – Qaynonasini aytmaysanmi, qaynonasi-chi? Bunday yuvosh qaynonani qayerdan topadi! O‘ziga-o‘zi qildi, juvonmarg…”

Ovulda Doniyor bilan birga qochib ketgan Jamilani qoralamay, uning qilmishini to‘g‘ri deb topgan yolg‘iz Seit edi.U Jamila bilan yuksak qalb sohibi Doniyorning o‘z baxtini endi topganiga ishonardi. Akasiga emas, faqat onasiga joni achirdi. Bu voqeadan keyin onaning qaddi bukilib kuchdan qoladi. Hayot oqimi eskilik ildiziga shafqatsiz bolta urib, yangi baxt sari intilishini bir umr xotinlik vazifasi erga sadoqat deya tushunib kelayotgan ona  tushunmasdi.

“– E-e, sho‘rlik kelinim, ko‘ra-bila turib o‘zingni o‘tga tashlading-a. Uyimizning to‘ri seniki, yeganing oldingda, yemaganing ketingda edi… O‘zingni-o‘zing juvonmarg qilding… Bizni dog‘da qoldirib ketding… Nega ketding… Uyimizda nima kamchilik ko‘rding… Sho‘rlik Jamila…” Seit onasining bu gaplariga, beixtiyor:  “Yo‘q, oyi, u sho‘rlik emas!” deb qichqirib yuborgim  keldi-yu, lekin o‘zimni bosdim. Oyimni mahkam quchoqlab, Doniyorning kimligini, uni jonimdan aziz ko‘rishimni aytib, yig‘lab yuborishimga oz qoldi. Lekin bu so‘zlarni aytishga tilim borarmidi”.

Harbiydan kelgan Sodiq muhabbatdan, sevgan yoridan ajrab qolganidan emas, nomusdan qattiq kuyinib, jig‘ibiyron bo‘lardi. Yigitlik ori, ha u shu oriyati tufayli bir og‘iz inon-ixtiyori, roziligini so‘ramay, orzulari bilan hisoblashmay Jamilani o‘g‘irlab kelgandi. Shuning uchun ichgan paytlari shunday derdi: “Ketgan bo‘lsa sadqayi sar! Sarson-sargardon bo‘lib yurib, oxiri bir kun ochidan o‘ladi-ketadi. Xotinman deganing to‘lib yotibdi, chertib-chertib olish mumkin. Oltin boshli xotindan, baqa boshli er yaxshi!”

Bir kuni Seit uyda surat chizib o‘tirganda bexosdan eshik ochilib, uyga rangi ko‘karib, g‘azabidan ko‘zlariga qon to‘lgan  Sodiq akasi kirib keladi.  U zarda bilan, “Buni sen chizdingmi?” deya bir varaq qog‘ozni unga ko‘rsatadi. Bu o‘sha xirmonda o‘tirib qalamda chizgan Doniyor bilan Jamilaning surati bo‘ladi. Akasi uning, “Ha, men chizgan edim”, degan so‘zlarini eshitar ekan “E, ablah, sotqin!” deya suratni mayda-mayda qilib yirtib, oyog‘i ostiga olib toptab, keyin eshikni qattiq yopib chiqib ketadi.

Seit Onasining, “Sen buni bilarmiding?” degan savoliga, “Ha, bilardim”, deya javob beradi. Shu tobda uning dilidan otilib kelayotgan tug‘yonni o‘z onasining ta’na va hayrat nazari bilan qarashlari ham to‘xtatolmaydi. U onasiga qarab, “Men ularning suratini yana chizaman!” deydi. Ona g‘ing demay boshini ma’yusgina chayqab, yerga boqadi. Seit yerda sochilib yotgan suratga qarab, ichini o‘tdek o‘rtayotgan xo‘rlikka hech chiday olmaydi: “Mayli, men oilamiz, urug‘imiz uchun “sotqin” bo‘layin, biroq, men odamgarchilikka, haqiqatga, hayot haqiqatiga xiyonat qilganim yo‘q. Aksincha, adolat tarafdori bo‘ldim….” Afsuski, Seitning bu holatini  odamlar tugul  hatto o‘z onasi ham tushunmasdi, tushunolmasdi.

Bu baxtning baxtsizlik, ko‘ngilning tutqunlik, sevgining saodatli yashash huquqidan bebahra etgan ko‘hna odat va qarashlar ustidan qozongan g‘alabasi edi. Shuning uchun ham yosh Seit ko‘zida yosh, ko‘nglida quyosh bilan Jamila va Doniyorga baxt tilaydi:

“…Safarlaring bexatar bo‘lsin! Jamila, mening Jamilam, sen boshingni baland ko‘tarib, keng daladan mag‘rur qadam tashlab ketding… Hozir ham o‘shandaymisan, hozir ham yo‘l yurishdan toliqmaysanmi? Yo o‘z kuchingga ishonmay, charchagan, ikkilanib qolgan kunlaring ham bo‘ladimi? Bo‘sh kelma, bardam bo‘l, Doniyordan madad ol! Doniyor senga sevgi, vafo, ona Yer, hayot to‘g‘risidagi jo‘shqin kuylarini kuylab bersin! O‘shanda ko‘z o‘ngingda keng dala gullab, avgust tunidagi kuchli bo‘ron guvillasin! Olis yo‘ldan qo‘rqma, Jamila, sening yo‘ling baxt yo‘lidir, sen o‘z baxtingni topding!”, “Tug‘ilib o‘sgan yerim – kuch-quvvatim! Men undan yangi-yangi bo‘yoqlar topaman. Chizgan suratimning har bir bo‘yog‘idan, har bir lavhasidan Doniyorning kuyi eshitilib tursin! “Chizgan suratimning har bir bo‘yog‘ida, har bir chizig‘ida Jamilaning qalbi urib tursin!”

So‘zimiz avvalida ta’kidlaganimizdek, Chingiz Aytmatov mazkur qissasiga bejiz “Jamila” deb nom bermagan. Jamila – bu go‘zallik demak, bu asar chinakam go‘zallik timsoli. Aslida Jamil, Jamila ismlari sharq mamlakatlarida ko‘p uchraydi. Ko‘pincha ulamolarimiz  musibat yetgan xonadon ahllarini duo qilganda, “Sabri jamil ato etsin”, degan tasalli so‘zlarni aytishadi. Ko‘rinib turibdiki, bu jamil, jamila so‘zlari nafaqat tashqi chiroy, balki insonning ichki qalb go‘zalligini, sabr va bardosh ortidan keladigan yorug‘lik va halovatni ham anglatadi. Ana shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, bu avvalo zulmat va jaholatni yengib muhabbat quyoshidan yorishgan qalblar go‘zalligi tarannum etilgan asardir.

“Jamila”ning dunyodagi eng go‘zal muhabbat qissasi deya ta’riflanganini o‘quvchilar yaxshi biladi. Muallif Doniyor haqida shunday yozadi: “U qalbida yuksak insoniy muhabbat tug‘yon urgan bir inson edi! Menimcha, uning sevgisi biror kishiga ishqi tushib, o‘sha odamga ato qilingan sevgi emas, balki insonni yaratib, uni kamolga yetkazgan keng olamga, yorug‘ dunyoga bo‘lgan cheksiz, jo‘shqin sevgi edi!” Ana shu fikrlardan kelib chiqib aytish mumkinki, Doniyor nafaqat muhabbat timsoli, Jamila ham Doniyorning qalbidagi go‘zallik ramzidir.

Insonda katta qalb bo‘lsa, bu qalbga vatan, borliq, jamiki ezgulik­lar sig‘adi, barcha narsaga muhabbat bilan qaraydi u…  Balki aynan shu jihat frantsuzlarning e’tiborini tortgandir? Ana shu ma’noda mazkur asar sharqona oshiqlar muhabbatining “Tohir va Zuhra”, “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” dostonlaridan ulgu olgan zamonaviy talqini edi. Majnun nafaqat Laylini surati uchun, balki avvalo siyrati, go‘zal mohiyat uchun sevdi. Oshiq ma’shuqasining hatto itigacha sevadi. Bu go‘zallik, bu yaratiq mavjud borliqni ajratmay sevdi, katta qalb bilan sevdi. Balki mana shu qalbga xos muhabbat kamoloti ularni hayratga solgandir? Negaki, unda hirs, jism mayli emas, poklik,  soflik, ruhiy uyg‘unlik, pokiza saodat, nurli kamolot bor. Bu muallif orzusidagi muhabbat edi. Chunki u shunday sevgi qissalari ta’sirida ulg‘aygan. Endi uning yagona murodi buni butun jahon ahli yuragiga yaqinlashtirish edi, bu sharqona muhabbatning iroda ila go‘zallik darajasiga ko‘tarilgan zamonaviy talqini edi.

“Jamila”dagi Seit  muallifning o‘zidir. Avvalo, bu go‘zallikka muallifning o‘zi oshiqdir. Jamila va Doniyorning muhabbati shunchalar yuksakki, ular insoniy, maishiy o‘lchamlarga sig‘maydi. Seit o‘zining nazaridagi pok muhabbat suratini chizadi, uni butun dunyoga ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Bu baxtning, baxtiyorlikning tasviri edi.

Bolani bilib turib aytmagani uchun yozg‘iradilar, aslida bu ta’nalar muallifning o‘ziga qaratilgan edi. Xuddi bolani ayblagan kabi muallif  o‘zini ayblashlarini bilar edi. Bu shunchalar go‘zal muhabbat ediki, bir butun olam uning ko‘ziga go‘zal ko‘rinadi, ular bu muhabbat gunoh ekanligini anglaydigan holatda emasdilar.

Hayot nima? Inson bu dunyoga nima uchun keladi? Inson sevishga, sevilishga haqlimi? Majburiy hayot tarzi ichra Jamilaning so‘zlari chaqmoqdek yorug‘ tuyulsa-da, qalbi zulmat ichra tutqun edi. Bu majburiy hayot tarzi ichra u bir qatim nurga intizor edi. U Doniyor siymosida chinakam hayot, qalb go‘zalligi, o‘zi sog‘ingan, o‘zi talpingan olamni ko‘rdi. Avval Doniyorni kamsitdi, uning ustidan kuldi. Keyin esa, Jamila qalbidagi go‘zallik, qop-qora bulutlar bag‘rini yorib chiqqan quyosh po­yida taslim bo‘ldi, u Doniyorga qarab talpindi.

Jamila o‘z istak va orzulariga zid ravishda o‘g‘irlab kelingan edi. Uning o‘zi istagandek yashashga, o‘zi xohlagan insonni sevishga haqqi bor edi. Faqat Jamilaning avvalgi jinsdoshlaridan farqi, u “Qismatim shu ekan-da” deya taqdirga tan bermadi. Hayot uchun kurashdi, orzu-umidlari, muhabbat bilan kurashdi. Jamila va Sodiq, bu juftlik mohiyatida muqaddas nikoh yo‘q edi. Muallif biror joyda nikohga ishora ham qilmaydi. Aksincha, bu tutqun hayot mohiyatida zulm va jaholat, zo‘rlik bor edi. Sodiq jaholat timsoli bo‘lsa, Jamila jaholat pardasini yorib o‘tgan go‘zallik timsoli edi.

Chingiz Aytmatov Jamilani mana shu zo‘rlik bilan tashlangan taqdir iskanjasidan muhabbat ko‘shki, olamiga olib kiradi. Unga sevish, sevilish baxtini, insonday yashash saodatini baxsh etadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Jamila va Doniyorning nikohini muallifning o‘zi “o‘qiydi”.

Yodingizda bo‘lsa, asarda shunday parcha bor. Seit Doniyor bilan Jamilaning aravada yonma-yon o‘tirganlarini sira ko‘z o‘ngidan ketkizolmaydi. U go‘yo hayotning eng go‘zal bir lavhasini qo‘lida ushlab turgandek bo‘ladi. Bu lavha uning butun fikru yodini band qiladi. Oxiri xirmondagi hisobchining bir varaq qalin qog‘ozini o‘g‘irlab olib, g‘aram orqasiga yashirinib, g‘alla sovuradigan kurak ustiga qo‘yib, ming bir hayajon bilan shu holatni tasvirlashga kirishadi. Muallif bu holatni shunday yozadi: “Otam meni birinchi marta ot ustiga mingizgandagi kabi “Bismillo!” dedim-da, qalamni qog‘ozga tekkizdim”.

E’tibor bering, bola ya’ni Seit “Bismilloh” deb rasm chizishni boshladi. Seit Olloh nomi bilan go‘yoki ikki sevishgan qalbga nikoh o‘qiganday, yangi, baxtli hayot uchun oq yo‘l tilaganday… Garchi mustabid tuzum davrida bu so‘zni badiiy asarlarda yozish, aytishga izn berilmagan bo‘lsa-da, Chingiz Aytmatov qat’iyat bilan bu muqaddas so‘zni aytadi. Yozuvchi bu yerda ulug‘ qadriyatga ishora qiladi. Olloh nomi bilan qahramonlariga yashash va sevish, baxtli bo‘lish huquqini beradi, ularni shunday hayotga yo‘llaydi. Takror aytamizki, Seit ya’ni rassom muallifning o‘zidir. “Jamila” qissasi Chingiz Aytmatov orzusidagi, u yaratgan go‘zallik, u yozuvchi yaratgan baxt suratidir.

“Jamila” inson, ayniqsa, qiz bolalar orzu-umidlariga qarshi o‘laroq shakllangan mavjud an’analar, jaholat asosida yashashga hukm etilgan qalblar ichra muhabbat va yashash huquqini ulug‘lagan asardir. Ha, har qanday qalb o‘z erki  va umidi asosida sevish, sevilish, ana shu ma’noda ikki qalb rizosi va talpinishi asosida nikohlanish, oila qurishga haqlidir. Ko‘p olimlar Jamila tabiatidagi bu isyonni sharqona mentalitetga zid deya ta’rif beradilar.

Muqaddas islom dini ta’limoti bo‘yicha so‘zimiz avvalida ham ta’kidlaganimizdek, nikoh – er va xotinning ixtiyoriy ravishda guvohlar ishtirokida bir-birlariga bergan roziliklari, ahd-paymonlari, oila tuzish bitimidir. Ulamolarimiz bu haqda shunday deyishadi: “Nikohdan oldin sovchilik qilish ham sunnat hisoblanadi, deydilar. Sovchilikdan maqsad, qizning xohishini, shuningdek, ota-onasining fik­rini, nikohga roziligini yo noroziligini bilishdir. Sovchilik odatda er tarafidan bo‘ladi. Sovchilik erning ayolni birga yashashga taklif etishidir. Nikohdan oldin qiz va oila a’zolarining roziligi lozim. Payg‘ambarimiz solallohu alayhi vasallam ayollarning o‘zlari talab qilmaganida yo ijozat bermaganida ularni nikohlashdan qaytarganlar. Imom Buxoriy va Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilishadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “…Qizning roziligi olinmasdan nikoh qilinmaydi”. Ikki tomonning roziliklari ma’lum bo‘lgandan keyin nikoh  xutbasini o‘qish  sunnat  amallardan hisoblanadi”.

Demakki, bu sharqona mentalitetga emas, jaholatga qarshi isyondir. Shuning uchun ham biz Jamilani sevib qolamiz, uning baxt uchun kurashi yo‘lini ma’qullaymiz, unga maftunligimizning yagona boisi bu, Jamilani olqishlab qalbimizda shivirlayotgan ovozdir. Bu – ko‘ngillarning huquqidir.

“Mana, quyosh tog‘ orqasidan ko‘tarilib kelar, ariq bo‘yidagi yolg‘iz kungaboqar esa unga tomon bo‘y cho‘zardi. Uni qarg‘alar o‘rab olgan, biroq kungaboqar bo‘sh kelmay ko‘kka intilar, sariq gulli boshlarini mag‘rur ko‘tarib, quyosh nurini shimirardi”. Bu bizni asir etgan jasorat va muhabbatning tasviri, bu taqdir izmiga bosh egmagan insoniy erk, insoniy qalb va muhabbatning tantanasidir. Qarangki, buyuk Lui Aragonning unga bergan yuksak bahosi bitilgan tarixiy maktubi salkam oltmish yil qirg‘iz tiliga o‘girilmadi. Faqat 2014  yilda, adabiyotshunos Abibilla Pazilov uni  qirg‘iz tiliga tarjima qilib, “Janы Ordo” gazetasida chop  ettirdi.

Yodingizda bo‘lsa, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanida chorasiz qolgan Anvar va Ra’no o‘rtasida shunday suhbat bo‘lib o‘tadi:

“…Ular bizni bir-birimizdan ajrata oladilarmi? Yo‘q, Majoziy ajralish – ajralish emasdir, chunki biz bir-birimizga majoziy bog‘lanmaganmiz, haqiqiy bog‘lanishni esa qat’ etish (uzmoq) ifloslar uhdasidan kelmas. Bas, shu holda biz ikkav nega xafa bo‘layliq, Ra’no? Ishq davosi avom o‘ylag‘ancha vasl emas – hajrdir. Zero, vasl ishq o‘tini so‘ndirg‘uchi, hajr esa kamolatka erishdirguchidir… Sen shu ikkidan qaysi birisini tanlaysan, Ra’no?

Ra’no ko‘zini tizzasiga tikib, qo‘li bilan sholcha ipini chirmab o‘lturar edi. Haligi savol Anvar tarafidan yana takrorlandi.

– Men keyingisini… Biroq, xonning iflos to‘shagida yotmayman. Anvar bir necha vaqt sukutda o‘lturdi. Ra’noning javobi unga og‘ir ta’sir qilg‘an edi…

– Buni men ham xohlamas edim… Biroq, ifloslar meniyam chora yo‘llarimni hammasini kesdilar, Ra’no. Yana o‘ylashmoq uchun fursat bor, ayniqsa, sen birar tadbirni muvofiq ko‘rsang men bosh egaman…”

Ayni shu holatda sharqona muhabbat qissalarida hukm surib kelgan, “Vasl ishq o‘tini so‘ndirg‘uchi, hajr esa kamolatka erishdirguchi”, degan talqin Ra’no tanlovi va so‘zi ifodasida “Vasl – kamolotga erishtiruvchi” tarzida oshiqlar uchun yangicha talqinda yangi taqdir yo‘llarini ochadi.

Bundan keyingi voqealar barchamizga ayon. Tahlillardan xulosa qilib aytish mumkinki, o‘z sevgisi, baxti yo‘lida taqdirini o‘zgartirishga jazm etgan jasoratli Jamila bu borada ilk qadamni qo‘ygan Nafosat timsoli – Ra’noning maslakdosh  singlisidir.

O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasida atoqli qozoq adibi, akademik Muxtor Avezov haqidagi quyidagi ma’lumotni o‘qiymiz: “Avezov 20-yillarda Toshkentda yashadi va O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti.) aspiranturasida o‘qidi. Mashhur o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy romanlaridan kuchli ilhomlandi”. Yoki Ch.Aytmatovning o‘zi: “Jamila” bosmadan chiqishi bilanoq “Literaturnaya gazeta”da e’lon qilingan muxtasar maqola hali-hali yodimda turibdi. Avezov unda bag‘oyat samimiy mulohazalarini bayon etgandi. Bu ulug‘ nosirning oq fotihasi edi. O‘sha paytlari ustozim oldida qarzdor ekanimni teran his qildim”, degan edi. Akademik I.Sultonov “Mehrobdan chayon”ning to‘rtinchi nashriga yozilgan so‘zboshida: “Faqat biz o‘zbeklargina emas, ittifoqimizning bir qancha xalqlari ham bu jihatdan Abdulla Qodiriydan saboq oldilar. Buyuk qozoq yozuvchisi, jahon adabiyotining ulkan vakillaridan biri Muxtor Avezovning ta’rificha, Abdulla Qodiriy “Sovet Sharqining eng ko‘zga ko‘ringan yozuvchisi bo‘lib qoldi”.

Filologiya fanlari doktori Ergash Rustamov ulug‘ qozoq adibi bilan uchrashuvini shunday eslaydi: “Bir vaqt men Moskvada, Maksim Gorkiy nomidagi “Dunyo adabiyoti instituti”da  qozoq yozuvchisi Muxtor Avezov bilan tasodifan uchrashib qoldim (taxminan, vafotidan biror yil burun edi, shekilli). Uni “Moskva” mehmonxonasiga kuzatib, suhbatlashib bordim. Suhbatimiz, tabiiy, adabiyot ustida edi; gap Abdulla Qodiriyga borib taqaldi… Muxtor og‘a: “Abdulla Qodiriy (Julqunboy) yuksak romanlar yaratdi. Uning romanlari 1920 yillarda, go‘yo tekis sahroda to‘satdan, “Pomir” tog‘lari vujudga kelganday paydo bo‘ldi… Uning tili ravon, shirali, musiqiy, menimcha hamma O‘rta Osiyo xalqlariga ham tarjimonsiz tushunarli, – dedi Avezov va ilova qilib qo‘ydi, – masalan, biz qozoqlar Julqunboy asarlarini tarjimasiz ham bemalol o‘qib tushunaveramiz.”[1]

M.Avezovni o‘ziga ustoz deb bilgan  Ch.Aytmatov ustozi ulug‘lagan va ixlos qo‘ygan  A.Qodiriy asarlarini o‘qimagan bo‘lishi mumkin emas. Yana, M.Avezov ta’kidlaganidek, Ch.Aytmatov Qodiriy romanlarini “tarjimasiz ham bemalol” o‘qigan, degan fikrdamiz.

Ikki asar xotimasi bilan bog‘liq jihatlarda ham shunchalik o‘xshashlik va yaqinlik borki, o‘quvchi bundan hayratga tushadi. Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani so‘nggidagi  parchada   muallif bu hikoyani marhum otasidan eshitgani Mirzo Anvar Qo‘qondan qochib kelib, Toshkandning mashhur Eskijo‘va mahallasida turgani, ro‘za kunlaridan birida mahalladoshlarni Xudoyorxonning mirzosi iftorga taklif etgani, dasturxonlar yig‘ilib fotiha o‘qulg‘ondan so‘ng, domla tomonidan Mirzo Anvarga bir qizni nikohlaganlari, ular haqiga duo qilib tarqalishganlari, keyinchalik Mirzo Anvarning o‘z og‘zidan Xudoyorxon bilan kechgan mojaroni eshitgani va taajjublanib minba’d Mirzo Anvarga ixlosi ortganligi bayon qilinadi.

Ma’lumki, har bir yozuvchi kitobxonlardan juda ko‘p maktublar oladi. Ularda muxlislar o‘z taassurot va mulohazalarini bildiradilar. Ana shu ma’noda “Jamila” qissasi chop etilgandan keyin Chingiz Aytmatovga kelgan xatlardan biri kishini  hayratga soladi. Unda shunday yoziladi: “Jamila bizning ovulda sog‘-omon yashab yurganini sizga bildirib qo‘ymoqchiman, uch farzandning onasi bo‘ldi, yeyish-ichishdan kamchiligi yo‘q…” Nazarimizda chinakam asarlarning xalqchilligi shundaki, voqea va hodisalar biz yashab turgan makondagi hayotning o‘zidan olinadi. Yoki, A.Muratov va K.Akmatovlarning yuqorida nomi tilga olingan risolasida Murzapar Usenning “Seyit” povestida[2] Moskvadan sanavatsiya bilan Qozog‘istonga kelgan Seyit, Doniyor va Jamilaning uchrashuvi haqida hikoya qilinadi. Mashhur avar shoiri Rasul Hamzatov aytganiday, har bir ijodkor  o‘z asari  masallig‘ini xalqdan olib, xalqqa beradi. Mahoratli yozuvchining bu boradagi tarixiy xizmati shundaki, u olganidan ko‘ra ko‘proq beradi.

Bu asarlarning yana bir tarixiy ahamiyati shundaki, undagi taqdir sinovlari va zarbalari qarshisida esankiramaydigan, kurashchan qahramonlar obrazi hayotda qanchadan-qancha insonlarga yuksak iroda va yashash zavqini beradi.

Hatto zeb-ziynatni yulqib ziyoda,
Haykal ham qo‘yingiz bamisli xayol.
Shundaylar bo‘lmasa agar dunyoda,
Bu qadar muhtaram bo‘lmasdi ayol.

Ana shu  ma’noda Abdulla Oripovning “Ayol” she’ri, Chingiz Aytmatovning “Jamila”si bir-biriga mohiyatan zid emas, degan qarorga kelish mumkin. Ikkisi ham buyuk muhabbat va sadoqat to‘g‘risida. Abdulla Oripov she’rida xotira saodatiga sodiqlik, Chingiz Aytmatov asarida esa ishqtalab, baxttalab qalbga, uning yengilmas orzulari, go‘zal tuyg‘ulariga sobitlik, sadoqat bor.

“Jamila” asarini frantsuz tiliga tarjima qilgan mashhur yozuvchi Lui Aragon ajablanib shunday degan edi: “…Qanday qilib Markaziy Osiyoning bir chekkasida, XX asrning ikkinchi yarmida, yoshgina yigit shunday hikoyani, qasam ichib aytamanki, dunyodagi muhabbat to‘g‘risida yaratilgan qissalarning eng yaxshisini yozishi mumkin… “Jamila” hikoyasini  o‘qiganimdan keyin ko‘p voqealarga guvoh bo‘lgan, ko‘p asarlar o‘qib chiqilgan, xamma narsani sinab ko‘rgan shunday mag‘rur Parijda mening qalbimda na “Verter”, na “Antonio va Kleopatra” va hattoki “Romeo va Djuletta” uchun ham joy qolmagandi”.

Bu nafaqat e’tirof, balki o‘ktamona, pokiza sharqona muhabbatga nisbatan yuksak ehtirom ramzi ham edi. Bu chinakam go‘zallik e’tirofi edi.

Mashhur “Tohir va Zuhra” kinosida shunday o‘ta ta’sirli lavha bor. Garchi bu sog‘inchli tashrifni qanchalar kutgan bo‘lmasin, Tohir yaqinlashayotganini sezgan Sharq malikasi Zuhro hayajon va ibo ichra shoshib, charxni aylantirish orqali o‘zi turgan bog‘ va Tohir qomati ko‘ringan qirg‘oqni ajratib turgan suv ustiga qo‘yilgan ko‘prikni  ko‘tarib qo‘yadi. Sevgilisi diydoriga talpingan Tohir shunda qalbidagi his-tuyg‘ularini qo‘shiq qilib kuylaydi:

Ey quyosh ko‘rsat yuzing, tundan bag‘r qonlanmasin,
Tun qarosi yor zulfidek parishonlanmasin…
Sahnayi olamni ravshan qil yorug‘ nuring bilan,
Pardai zulmatni yirtib pora qil, jonlanmasin…
Tohiro, har bir uzun tunning oxiru tonggi bor,
Ko‘z yoshingni to‘kma qo‘y, ko‘ksingda marjonlanmasin.

Shunda Zuhro oshig‘ining dil izhori ta’sirida ko‘ngil mayli ila o‘rtada ko‘tarilib qo‘yilgan ko‘prik charxini beixtiyor aylantirib tushira boshlaydi…

Chingiz Aytmatovning Jamilasi ham Abdulla Qodiriyning Ra’nosi kabi go‘zal muhabbat azmida ana shu “ko‘prik”ni tushirishga o‘zida jur’at topa oldi. Zero, bu muhabbatga, baxtga talpinish, jaholat ustidan muzaffarlik qozonib, go‘zallik qarshisida taslim bo‘lgan munavvar  qalblar haqidagi doston edi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 12-son

____________________

[1] “Guliston” jurnali, 1974y., 4-son.

[2] “Ala-Too” j 2016, 10-son.