Mayago‘zal Choriyeva. Ijodning sirli olami

Har qaysi ijodkor o‘zicha bir olam. Yozuvchi yoki shoir asarlarida aks etgan hayot haqiqatlari, aslida, ana shu olamning turfa manzaralaridir. Badiiy ijod psixologiyasi bilan shug‘ullangan olimlarning ta’kidlashlaricha, muayyan bir asarning teran tahliliga erishmoq uchun muallifining fe’l-atvori, tarjimai holi, dunyoqarashi, bolalikda tarbiya topgan muhit-sharoitni puxta bilish lozim. Hatto ayrim adabiyotshunoslar ijodkorning shaxsiy kutubxonasi yoxud uning doimiy qiziqqan mashg‘uloti (xobbisi) tadqiqi bilan ham maxsus shug‘ullanishadi. Chunki roman, qissa yoki she’r qaysi paytda yozilganidan qat’i nazar, ularda ijodkor shaxsining sub’ektiv jihatlari o‘z izini qoldiradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yozuvchi yoki shoirning shaxsi, biografiyasiga aloqador ayrim ma’lumot va tafsilotlar nafaqat adabiyotshunoslar, balki gazetxonlar uchun ham qiziqarli bo‘lishi tabiiy.
Oliy Adabiyot kursining bitiruvchisi yosh qalamkash Mayago‘zal Choriyeva bir guruh ijodkorlarga murojaat etib, ularning bolaligi, ilk kitobxonliklariga doir tafsilotlarni o‘rganib, quyidagi intervyularni tayyorladi. Aytish mumkinki, bu muloqotlar o‘ziga xos jajji tadqiqotlardir. Ularda siz taniqli yozuvchi, olim va shoirlarimizning bolalik xotiralari bilan tanishib, ijod va ijodkor psixologiyasi haqida muayyan tasavvurga ega bo‘lasiz, bu esa o‘z navbatida muloqotga kirishgan mualliflar asarlarini teranroq tushunishingizga yordam beradi, degan umiddamiz.

Ijodkorlarga quyidagi savollar berilgan:
1. Ilk bolalik xotiralaringizdan so‘zlab bersangiz.
2. Bolalikda tinglagan ertaklaringiz…
3. Kitoblar olamiga sho‘ng‘ib ketishingiz, mutolaaga qiziqishingizda kimning yoki qaysi asarning ta’siri kuchli bo‘lgan?


Erkin A’ZAM:

1. Qay birini aytay… To‘rt-besh yasharlik chog‘larim bo‘lsa kerak, bog‘imizda adashib qolganman. Bog‘ katta, bir cheti kolxoz uzumzoriga tutash edi. Tengqur amakivachchalarim bilan quvalashibmi, o‘sha yoqqa o‘tib qolgandirman. Bunday qarasam — bir o‘zim, hammayoq butazoru changalzor. Vahima bosgan. Birovni chaqiray desam, “kap-katta bola”, kulgi bo‘lishdan qo‘rqaman. Shu ahvolda piq-piq yig‘lab, kechgacha o‘tirganman. Kim “qutqargani” esimda yo‘q.
Keyinroq bilsam, adashgan joyimdan uyimizgacha bor-yo‘g‘i uch yuz qadam kelar ekan.
Ellik yillar o‘tdiki, hamon goho o‘shanaqa holatlarga tushib turaman deng.
2. Bizning buvimiz kitoblardagiga o‘xshagan ertakchi emas edilar. Men ertak deganlarini (biz tomonlarda negadir matal deb atalardi) ilk bor enamizdan eshitganman. Otamiz Toshkentda — o‘qishda, enamiz kechalari lampa-chiroq yorug‘ida (elektrstantsiyalar o‘shanda kechki soat 11gacha ishlardi) do‘ppi tikar, “Bir o‘zim o‘tirsam, uyqu bosadi” deb, ukam ikkalamizni yoniga o‘tqazib olib, matal aytib berar edi. Benavo bir yetim qiz haqida “Xub bibi” degan matallari bo‘lardi. Bilmayman, uni kimdan eshitgan, juda ta’sirli edi. Bir nuqtasiga kelganda hammamiz baravariga yig‘lab olardik: men, ukam, matalgo‘y enamning o‘zi ham.
O‘qish-yozishni o‘rgangach, men o‘qimagan ertagu doston qolmagan deyman.
3. Bunga otam sababchi, uyimizdagi hafsala bilan tartib berilgan kutubxona sabab bo‘lgan. Otam rahmatli o‘ta kitobxon edilar; keksayganda ham tunlari kitobni qo‘ldan qo‘ymadilar. Masalan, yozgi ta’tilda o‘nta badiiy kitob o‘qisang, skripka yoki velosiped olib beraman, deb rag‘batlantirardilar. Kitobxonlikka shu qadar berilib ketganmanki, oxiri meni — “ko‘r qori”ni kitobdan chalg‘itish choralari ham ko‘rilgan…
Ertagu dostonlarni aytdim. Dastlab qiziqib o‘qigan “jiddiy” kitoblarimdan biri Mark Tven qalamiga mansub “Tom Soyerning boshdan kechirganlari” asari bo‘lgan. Qayta-qayta mutolaa qilganman. Keyinchalik ustozimiz Ozod Sharafiddinovning “Kitoblarim haqida hikoyalar” degan esdaliklarini o‘qib taajjublandim: u kishining ham bolalikda mehr qo‘ygan ilk asari o‘sha “Tom Soyer” ekan.
Afsus, keyin — to chinakam badiiy asarlarga qadar, ko‘p vaqtim pioner, yoshlik haqidagi jo‘n, chuchmal kitoblar mutolaasiga sarflangan. Ularning maxsus tavsiya ro‘yxati ham bo‘lardi, shekilli…

Abdulla A’ZAMOV:

1. Ilk bolalik xotiralarini eslashga urinsam, ko‘z oldimdan hozirgi videokliplarga o‘xshagan tasvir o‘ta boshlaydi: onamning munis chehrasi; aravada chayon chaqib olgani; mendan 7 yosh katta tog‘am bilan eshakka mingashib ketayapmiz: tog‘am tilovat qilib boradi, men mudrab qolganimdan sirg‘alib yerga yiqilib tushaman; paxta ortilgan tuyalar (tasavvur qiling-a: Farg‘ona vodiysining qoq markazida!); kerosin chiroq yorug‘ida sandal atrofida jam bo‘lib dostonxonlik qilinadi — enam Buoysha otin qiroat bilan Hazrat Ali haqida qissa o‘qiydi, dadam ko‘proq dostonlarga moyil: Go‘ro‘g‘li, Kuntug‘mish… Kitoblarning ko‘pi yo eski yozuvda, yo lotin alifbosida edi. Bizning alifbemiz esa boshqa imloda. “Bir vov” deb hijjalab o‘qiganimda, “Bir vov emas, birinchi bob”, deb tuzatishgani yodimda.
2. Bizning avlod bolaligi ertaklarsiz o‘tmagan. Kunlarning birida qarindoshlarimizdan birinikida to‘y bo‘ldi, to‘y tarqagach, kechki payt yotish uchun bolalarga qator qilib ko‘rpa to‘shab berishdi. Yoshi kattaroqlardan biri: “Kelinglar, cho‘pchak aytishamiz”, deb taklif qildi. Boshqalar quvvatladi. “Afandi bozorga borib, bir xurjun mayiz sotib olibdi. Xurjuni teshik ekan, yo‘l-yo‘lakay mayiz to‘kilib boribdi. O‘sha mayizlardan men uch dona terib yedim”, deb boshladi u. “Men bitta yedim”, “men esa ikkita”, deya qo‘shildi boshqalar. “Men — o‘nta”, deyman. “Hey, o‘nta ertak bilasanmi, o‘zi?” Miq etmaslikka majbur bo‘laman: qoidaga ko‘ra, kim nechta “mayiz yegan” bo‘lsa, shuncha ertak aytishni zimmasiga olar ekan. Shundan so‘ng cho‘pchakbozlik boshlandi, kimdir Afandi, Aldarko‘sadan aytib kuldirdi, kimdir ajdarho, yalmog‘iz bilan kichkinalarni qo‘rqitdi, akalardan eng kattasi “Uch og‘ayni botirlar”ni aytib hammani uxlatdi… O‘ziyam zo‘r ertak. Krutoy (badiiy yo animatsion) film ishlasa bo‘ladi.
3. O‘tgan asrning 50-yillari. Kitob kam bo‘lar edi. Har bir yangi kitob bayramday gap edi. Kutubxonada “Boltiqbo‘yi xalqlari ertaklari” kitobini olib o‘qiganimni eslayman. Ertaklardan birida kunni rohat bilan o‘tkazishdan boshqa narsani bilmaydigan Boy noliydi: “Kunlar judayam qisqa, batraklar tuzukroq ishlamasidan bir pastda quyosh botadi”. Bir odam kunni uzaytiradigan mashina yasab berishni taklif qiladi. Taklif Boyga juda ma’qul keladi. Mashina ham jo‘ngina bo‘ladi: uchta g‘ildirak, bittasining dastasi buralsa, uchinchisiga biriktirilgan parrak aylana boshlaydi. “Kunni cho‘zish uchun dastani aylantirasiz”, deydi ixtirochi. Boy g‘ildirakni aylantirishga tushadi. Qarangki, doim botishga shoshiladigan quyosh joyidan sira jilmaydi. Xuddi mixlanganday. Boy qora terga botib charchagach, ixtirochidan so‘raydi: “Boshqa odam aylantirsa ham kunni uzaytiradimi?” “Yo‘q, — javob beradi ixtirochi. — Faqat o‘zingiz aylantirishingiz kerak”. “Unday bo‘lsa mayli, uzaymasa uzaymay qo‘ya qolsin”.
Ayniqsa, Buratino, Gulliver, Myunxauzen, Tom Soyer, o‘n besh yoshli kapitan… sarguzashtlari “kitob ummoniga cho‘ktirib yuborgan”.
Kitobga mehr paydo bo‘lishida o‘qishni qanday kitoblardan boshlashga ko‘p narsa bog‘liq: bir kitob bolada o‘qishga ishtiyoqni kuchaytirsa, boshqasi bor ishtiyoqni so‘ndirishi mumkin. Bolaligimizda kitoblar ko‘p bo‘lmagani uchundir, ularning orasida ko‘ngil aynitadiganlari ancha kam bo‘lgan, shekilli…

Sirojiddin SAYYID:

Avvaliga hammasi ko‘lanka edi. Ko‘lanka va tovushlar. Ko‘lankalar kelardi, ketardi, so‘ngra yana kelardi, kelaverardi, boshim uzra egilib, yana g‘oyib bo‘lardi. Bu kun ular juda quyuqlashib ketdi, yon-verimda, tepamda ko‘lankalar sarosimasi, birovi ketsa, o‘rniga yana birovi keladi — qorayib, qatorlashib. So‘ngra haligilar chekinib, oq bir ko‘lanka paydo bo‘ladi. Bunisi manglayimgacha egilibon, yana uzoqlashadi, lopillaganday bo‘ladi, so‘ngra muzday narsani ko‘ksimga tekkizadi. “Aoiiuu-u”. Bular tovushlar. O‘sha asnoda men ilg‘agan tovushlar.
Yana bir juft oq, yashil ko‘lanka bo‘lardi. Hovlida. Keyin asta-sekin bu ko‘lankalar qiyofa kasb etadi, shaklga kiradi. Hovlidagi oq ko‘lankaning qiyg‘os gullagan olcha, yashili esa tol ekanini anglayman. Keyin tovushlar so‘zga aylanadi.
…Tepa qismi nuragan paxsa devor uzra quyuq giloslar orasidan qo‘shni hovliga mo‘ralayman. Tuproq supada Hojibibi kampir urchuq yigirib nola qiladi. Uning o‘g‘li Ahtamjon ravoch tergani borganda tog‘da yashin urib o‘lgan.
Boshqa hovlidan erkak kishining miskin allasi taraladi. Bu — Usto Habib, o‘g‘lini uxlatayapti. Keyin yillar o‘tib, ovozi yodimning xomush obidalari uzra hazin azon yanglig‘ yangrab qolishini u hali bilmaydi. O‘zim ham bilmayman.
Jazirama. Ko‘chalar bilq-bilq tuproq. Bo‘g‘otlar girdida, paxsa devorlaru daraxtlar tevaragida arilar, qo‘ng‘izlar g‘o‘ng‘illaydi. Uzumlar rang olgan. Issiqdan shira chiqarib, tovlanadi.
Oqshom hovlimizdagi yog‘och so‘rining ustuniga osig‘liq do‘mbira tog‘dan Sayidumar amakim kelganini bildirib, mendan suyunchi so‘raydi. Bu kecha, demak, yana gurung bo‘ladi, yana do‘mbirada ingragan kuylar meni uzoq-uzoqlarga — o‘zim bilmagan, ko‘rmagan manzilu makonlarga eltadi, yana Islom tog‘a keladi — yarim tungacha matalgo‘ylik, dostonxonlik, Go‘ro‘g‘liyu Avazxonlar. Sayidumar amakining barmoqlari do‘mbirani tirnab qaltiraydi, yelkalari, soqollariyu sallasining pechi titraydi, ko‘zlari yumilgan:

Yig‘lamang yoru birodar, mojarolikdur bukun,
Umr o‘tib, paymonalar to‘ldi, adolikdur bukun.
Ayrilurmiz bir-birimizdan, judolikdur bukun…

Ko‘zlari ochilganida, ularda bir nima yiltillayotganini ilg‘ayman. Sayidumar amaki urush payti ishchi bataloniga tushgani, poyezdda Xo‘ja Hofiz, Shayx Sa’diy, Mashrabdan baytlar aytib, non, qand-qurs yig‘ib, qorin to‘ydirganidan tortib, “uzoq Sibirga, Sverdlovskning Lipa degan stantsiyasiga” bir ahvolda yetib borganigacha qayta-qayta aytib beradi. Uning do‘mbirasiyu muazzinning nolishiday munglug‘ tovushidagi judolik menga begona, lekin qaylargadir ketgim keladi, ketgim…
Keyin Islom tog‘a boshlaydi:

Bir gap kutdim uzog‘idan,
Bahra oldim quchog‘idan,
O‘polmadim qobog‘idan,
Xuddi Toshkentda chog‘idan,
Safarim bor Toshkangacha.

“Buni Abdulvahob aytgan, — dedi u. — Abdulvahob. Vahob shoir”.
Shu tundan e’tiboran bu nom mening idrokim timsolida o‘zining notinch maskaniga yetishadi, “shoir”, “Toshkan”, degan so‘zlar esa dilimga jo bo‘ladi. Keyin bu nom va unga tegishli nigoron baytlarni deyarli har kun eshitaman — gurunglarda, to‘ylarda. Keyin anglaymanki, Vahob shoirning Abdulqodir ismli o‘g‘li falakning gardishi bilan qamalib, Toshkentga jo‘natiladigan ko‘yga tushadi, ota uning izidan tog‘dan to temiryo‘l vokzaliga qadar (salkam yetmish chaqirim yo‘l) poyi- piyoda, bo‘zlab, nafas rostlamayin, “Safarim bor Toshkangacha” debon doston aytib boradi:

Ko‘ringlar tog‘u tuzum,
Tuman bo‘ldi maning yuzum,
O‘yilibdi ikki ko‘zum
Qo‘yimdan ayrilgan qo‘zum,
Yolg‘on emas aytgan so‘zum,
Safarim bor Toshkangacha.

…Tunlar shinni singari quyuq. Somon yo‘liga qarab kimdir osmonga ko‘ndalangiga un sepib ketgan deb o‘ylayman. Kechalari chiroq o‘chadi. Fonus yoqamiz. Yog‘och so‘ridan tashqari hovlimiz sahnida tuproq supa ham bo‘lardi. Fonus yorug‘ida otam kitob varaqlaydi. Alvon muqovadagi yozuv hali-hanuz yodimda: Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat. Va otamning huznangiz ovozi:

Fig‘onkim, gardishi davron ayirdi o‘z diyorimdin,
G‘amim ko‘p, ey ko‘ngul, sen bexabarsan ohu zorimdin…

Men shu hazin tovushlar dunyosida tarbiya topdim. Kechalar lablarimdan yostiqqa so‘lak o‘rniga so‘z oqib chiqqan bo‘lsa ajabmas.
Alqissa, Vahob shoirning safari amalga oshmadi. Doston chala qoldi.
Oradan qirq yillar o‘tib, u o‘g‘lini jo‘natgan o‘sha vokzalda, yangi oq ko‘ylak kiygan ozg‘in o‘smir qo‘lida chamadon, iyul issig‘ida poyezd kutib, uning satrlarini takrorlaydi.
Vaqt temir yo‘l shpallariday tez o‘tadi. Toshkent dorilfununi. Jurnalistika. Kitoblar. Ilk she’rlar. Yana kitoblar. Pul qolmaganda qotgan nonlarni choyga bo‘ktirib rohat qilamiz.
Besh yil oqqushday uchib ketadi. Qo‘limizda ularning patlariday bir tutamdan she’r qoladi. Qishloqda esa momom so‘raganlarga “Nevaram shoirlikka o‘qiyapti”, debon maqtanadi. Bir kun ozib-to‘zib kirib boraman. Onamning ko‘zlari nam. Dorilfununni allaqachon bitirgan bo‘lsam-da, momom aytadi: “Qo‘y bolam, bu shoirlik o‘qishing bo‘lmaskan, ahvolingga qara, cho‘p bo‘p ketibsan”.
Bu orada Vahob shoirni sal-pal unutganday ham bo‘ldim. Artyur Rembo, Isikava Takuboku, Garsia Lorkayu, Nozim Hikmat va Pablo Neruda, bu yog‘i Aleksandr Blok, Mayakovskiydan tortib Oyar Vatsiyetis, Imant Ziyedonis, O‘ljas Sulaymonovu Andrey Voznesenskiy she’riyatigacha mohiyatini anglashga harakat qilaman. Va anglaymanki, mutolaa tulpori ham aylanib-aylanib o‘z qog‘oziga kelarkan. Mana endi, Vahob shoirning tugallanmagan dostoniyu uning “Men ketarman ayta-ayta oxiri” satri hamda hazrat Navoiyning yangi chiqqan devoni uzra zoru oshuftaholman.
Qishloqqa kelaman. Xo‘ja Hofizdan aytib beradigan amakim yo‘q, Furqatni yaxshi ko‘radigan otam yo‘q, “shoirlikka o‘qiyotgan bolam” deb suyunadigan momom peshvoz chiqmaydi, hovlidagi yog‘och so‘ri qandaydir mung‘ayib qolgan, Islom tog‘a ham cho‘kib qolibdi. Xotirot minoralaridan azon yanglig‘ hazin ovoz keladi: “Fig‘onkim gardishi davron…”.
…Alqissa, Vahob shoirning safari amalga oshmadi. Dostoni chala qoldi. Bu safarni davom ettirish, dostonni so‘nggi nuqtasiga yetkazish mening burchim. Ertaga yana yo‘lga.

Xosiyat RUSTAMOVA:

1. U paytlar ancha kichkina edim. Chamasi besh yoshlarda bo‘lsam kerak. Ko‘cha eshigimiz oldida nimadir qurish uchun keltirilib, yotqizib qo‘yilgan baquvvat terak bo‘lardi. U terakdan biz bolalar o‘rindiq sifatida foydalanardik. Har xil o‘yinlar o‘ynardik.
Mahallamizdan sal narida yashaydigan bir otaxon bo‘lardi. Soch-soqollari oppoq. Hassaga suyanib kelib, biz o‘ynaydigan terakning bir chekkasiga o‘tirib, o‘yinimizni o‘ychan kuzatib o‘tirardi. Har kuni bo‘lmasa ham, shu holat tez-tez takrorlanib turardi.
Biz bolalar esa o‘zimiz sezmagan holda har kuni otaxonni kutadigan, duo qilganlarida xiyol titrab ketadigan qo‘llarini sog‘inadigan bo‘ldik…
Lekin otaxon bora-bora kelmay qo‘ydilar. Va dadam aytdilarki, endi hech qachon kelmas ekanlar…
Shu voqea sabab bo‘ldimi, qariyalarni ko‘rsam rahmim keladigan bo‘ldi…

2. Bolaligimda juda ko‘p ertak eshitganman. Lekin eshitganlarimdan ko‘ra ko‘proq o‘qiganlarim yodimda qolgan. Nomi hozir esimda yo‘q, arablarning bir ertagi bo‘lardi…
Nochor bir oilaning yakka-yu yolg‘iz o‘g‘li bor ekan. Ular ko‘p yil farzand ko‘rmaganliklari uchun ham o‘g‘illarini yeru ko‘kka ishonmaydi. Farzandlari 20 yoshga kirgunga qadar biror marta bo‘lsin yig‘latmaydilar. Bola yig‘lash nima ekanligini bilmay voyaga yetadi. Kunlardan bir kun ona og‘ir xastalikdan vafot etadi. Farzand ich-ichidan toshib kelayotgan yig‘ining nima ekanligini bilmasa-da, uvvos solib, chinqirib yuboradi. Ko‘zlaridan tirqirab yosh oqadi. Bu holatga chidolmagan marhuma ona o‘rnidan turib ketadi. Yig‘ilganlarning bari hangu mang bo‘lib qoladi. Ona o‘g‘lining otasiga azobdan kichraygan ko‘zlari bilan g‘amgin qaraydi. Ota bu qarashdan farzandining ko‘z yoshiga ishora qilayotganini darrov fahmlaydi.
Ayol tez va yengil harakatlar bilan uzun ko‘ylagining etagidan uzib olib, o‘g‘lining ko‘z yoshlarini artadi… Ona bu ishlarni shunchalar tez ado etadiki, uning joyiga yotib qayta ko‘z yumganini ham hech kim sezmay qoladi… Anchagacha mana shu ertak ta’siridan chiqib ketolmaganman.

3. Kitobga mehr qo‘yishimda onamning ta’siri katta bo‘lgan. Qo‘llari ishdan bo‘shadi, deguncha kitob mutolaasiga kirishardilar. O‘qigan kitoblarini boshqalar ham o‘qishini juda-juda xohlardilar. Va uyimizga kelib-ketuvchilarning ko‘pchiligi ham kitobga mehr qo‘yishgandi. Ularning kitob olib kelishgani yoki kitob olib ketishayotganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Uyimizga qo‘shni ayollar yig‘ilib qolishganda ham kitob to‘g‘risida bahs-munozaralar boshlanib ketardi. Bunday suhbatlar ayollar o‘rtasida bo‘ladigan g‘iybatlardan ancha yiroq edi…
Onam hozir ham ko‘p o‘qiydilar. Jahon adabiyotining o‘zbekcha nashrlarini deyarli o‘qib chiqqanlar. Chet tilini kitob o‘qiy oladigan darajada bilmaganliklari uchun hozirgacha o‘kinadilar.
Bolaligimda ilk bor J.Sviftning “Gulliverning sayohatlari” kitobidan juda ta’sirlanganman. U paytlarda nimani o‘qish, nimani o‘qimaslik kerakligini bilmasdim, ammo juda ko‘p o‘qirdim. Menga ajratilgan xonaning chirog‘i deyarli o‘chmasdi. Dadam ko‘zimning xiralashib qolishi mumkinligidan hamisha qayg‘urib yurardilar…

Sobir O‘NAR:

1. Negadir aqlimni taniganimdan buyon ko‘p narsalar xayolimdan chiqib ketganu, aksincha, go‘dak paytlarim ko‘proq xotiramda o‘rnashib qolgan. Misol: endi tilim chiqa boshlagan kezlar (balki ikki yoshdadirman) qog‘oz narsalarning barini “bato‘p”, temirdan yasalgan, hatto mashinalarni ham “dunna” derdim. Kattalar ham anovi bato‘pni olib ber, ana, qara, dunna kelyapti, deb mening tilimda gapirib zavqlanishardi. Otam cho‘pon edi. Oilamiz bilan qish kezlari qishloqdan besh chaqirim dashtdagi qo‘ra-qo‘ton yonidagi ikki uy, bir dahlizli chim bilan ko‘tarilgan chayla-tomga ko‘chib chiqardik. Ko‘klam, qo‘zilatish mavsumi tugaguncha oila a’zolarimiz, soqmonchi (yordamchi) cho‘ponlar bilan o‘sha yerda yashab, dehqonchilik boshlangach, qishloqqa ko‘chib tushardik. Endi tug‘ilgan qo‘zilarni opketish uchun goh Nurqul aka, goh Qulmat aka degan shofyorlar bortli mashinada kelishardi. Ba’zan Mamash aka degan kishining “Volga”sida rais kelardi. Otam uni “katta” derdi. Esimda, bir gal qirda bir qo‘y boshsiz, dumsiz qo‘zi tuqqan. Qo‘zi chuvidan ajralgan zahoti pastga qarab dumalagan. Otam xijolat bo‘lib o‘sha qo‘ziniyam qo‘shib teriga topshirayotganda “katta” o‘shqirib bergandi. Otam bechora go‘yo qo‘yning bunaqa “nogiron” qo‘zi tuqqaniga o‘zi aybdorday qip-qizarib turavergan.
Keyinchalik bahor chiqqanda bobolarimizdan qolgan Ko‘naqishloq degan hech kim yashamaydigan joyga chayla qurib ko‘chib chiqadigan bo‘ldik. Dastlab ko‘chib chiqqanimizda otam xuddi yerto‘laga o‘xshash yormatom qazib, o‘sha uyga ko‘chib kirganmiz. Negadir o‘shanda otam tovuqlarga katak qurishni unutgan ekan. Kechasi tovuqlar qochib ketmas, deb oyoqlarini bo‘shatib qo‘yib yuborganmiz. Ertalab qarasak, tovuqlarni tulkilar yeb, bo‘g‘izlab ketibdi. Uch-to‘rtta tirik qolganlarining ham patlari yulingan, qip “yalang‘och” edi. Ular ham sovuq urib bir-ikki kunda o‘lib qolgan. Men birinchi sinfga olti chaqirim naridagi maktabga xuddi shu yerdan eshakda qatnay boshlaganman.
Endi-endi o‘ylab qarasam, ibtidoiy tusdagi o‘sha hayotimizda hammadan ham onamga qiyin bo‘lgan ekan. Onajonimning irodasi temirdan ham mustahkam ekan-ov, deb o‘ylayman.
Ushbu savolarga javob yozayotib, o‘sha, mening bolaligimni bag‘riga yutib ketgan o‘tgan asrning 70-yillarini eslab, ko‘p narsalar yodimga tushib, yuragim hapqirib ketdi. Birovning ishongisi kelmaydi. U odamlarning ham ko‘pchiligi endi bu dunyoda yo‘q.

2. Bolaligimda ko‘p ertaklar eshitganman. Tug‘ishgan tog‘am maktab kutubxonasida mudir edi. “Oltin olma” degan ertak kitobdan “Qurbonboy botir” degan ertakni o‘qib berganida rosa zavq olganman. Hali harf tanimas edim, akam “Gulshanbog‘”, “Zulfizar”, “Murodxon”, “Avazxon”, “Rustamxon” degan dostonlarni qayta-qayta o‘qib berar, negadir onam va ukalarim bilan chiroq atrofiga to‘planib olib, dostonlarni yig‘lab eshitardik. Bora-bora bu kitoblar yod bo‘lib ketdi. Hatto akam bir xil joylarini adashib o‘qib yuborsa, o‘zim to‘g‘rilab aytardim. Akam ertalab olisdagi maktabga jo‘nab ketar, kech qaytardi. Ba’zan o‘sha qishloqdagi yotoqda yotib qolardi. Akam kelguncha men o‘sha kitoblarni olib varaqlar, harf tanimaganim uchun beixtiyor kitobni hidlab o‘tirardim. Kitobdan go‘yo Avazxon yo Hasanxon, yo Rustamxon degan botir og‘alarimning hidi kelardi.
Otamning ukasi Omon akam Ergash Jumanbulbulning “Qunduz bilan Yulduz”, “Xoldorxon”, “Erali va Sherali”, “Kuntug‘mish” dostonlarini baland ovozda qo‘shiq qilib o‘qirdi. O‘qiyturib ba’zan xo‘rlangan odamday yig‘lab yuborardi. Shartta kitobni yopib, bizdan ko‘z yoshini berkitib yig‘lab olardi va yana qo‘shiq qilib o‘qishda davom etardi.
Ilk ta’sirlangan kitobim “Zulfizar” dostoni. Balki hozir uni o‘qisam, jo‘n tuyular, ammo bolaligimda sevgini, parivash qizni bu darajada ilohiylashtirib tasvirlagan boshqa asarni o‘qimaganman.

Mayago‘zal Choriyeva yozib oldi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 13-sonidan olindi.