Burobiya Rajabova. “Bahoriston”da Alisher Navoiy zikri

Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy temuriylar Uyg‘onish davrining daho so‘z san’atkorlari bo‘lib, ularning ibratga yo‘g‘rilgan o‘zaro ustoz-shogird va do‘stona munosabatlari hamda qizg‘in adabiy aloqalari haqidagi muhim ma’lumotlar, eslatma-xabarlar, yuksak e’tiroflar, noma ruboiylar, birinchidan, ularning qalamiga mansub asarlarida bitilgani bilan ham nihoyatda qimmatlidir, ikkinchidan esa  ularni tarixiy, badiiy va ilmiy-nazariy talqinlarga tasnif qilib o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Bu kabi oltin bitiklar ikki buyuk mutafakkirning hayotidan, ijodidan, shaxsiyatidan, o‘ziga xos uslublari va davrdagi madaniy-adabiy ko‘tarilishdan ma’lum ma’noda xabar beradi.

Alisher Navoiy davri manbalariga oid adabiy manbalardan biri, bu – Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston” nomli didaktik xarakterdagi durdona asaridir. Kitob buyuk Shayx Sa’diy Sheroziyning “Guliston” (1256) asari ta’sirida 1487 yilda  nasriy usulda bitilgan. Muhimi shundaki, bu asarning yozilish tarixi haqida Abdurahmon Jomiyning o‘zi kitobda ma’lumot bitib qoldirgan. Ya’ni, uni o‘n yashar arjumand farzandi Ziyovuddin Yusuf uchun darslik-qo‘llanma sifatida yaratgan. Muallif go‘yo Shayx Sa’diyning didaktik asarining “Guliston” kitobining sababi ta’lifi bayonidadur“ nomli qismida “Guliston”imdan ol bir yaprog‘”[1] deb yozgan istagiga amal qilib, o‘g‘liga gohida tarbiya maqsadida “Guliston”da berilgan hikoyatlardan namunalar o‘qib berib turgan va shundan keyin bolaning Shayx Sa’diy asariga qiziqishi va ixlosini ko‘rib, ilhomlanib xuddi shu yo‘nalishda asar yozishni maqsad qilgan. Abdurahmon Jomiy bu haqdagi so‘z muddaosini asarning muqaddimasida ham nasriy, ham she’riy usulda shunday izohlagan: “… uning diliga muruvvat, xotiriga quvvat berish maqsadida goh-goh mashhur shayx va buyuk ustod Muslihiddin Sa’diy Sheroziyning “Guliston”idan:

“Guliston emasdir jannatdin nishon,
Xashak-tikani ham anbargadir kon.

Jannat darvozasi undagi boblar,
Fayz to‘la qissalar chin havzi kavsar.

Pardaga o‘ralgan nuqtalar pinhon,
Bularga rashq etar hur ila g‘ilmon.

She’rlari daraxtdir, baland hosildor,
Lutf shabnamidan ariqlari  bor –

kabi bir necha satr o‘qilar edi. Shu asnoda xotiramg‘a uning sharif so‘zlaridan sharaflanib va latif she’rlaridan ilhomlanib shu turda va shu uslubda bir necha varaq ijod qilib, hozirlarg‘a doston va g‘oyiblarg‘a armug‘on etish fikri keldi”[2]. Demak, u “… hozirlarg‘a doston va g‘oyiblarg‘a armug‘on etish” deb “Bahoriston”dek durdona asarni bitgan.

Manbalardan ma’lumki, Ilk Uyg‘onish davrining mumtoz siymosi Shayx Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston” kabi qimmatli asarlari madrasalarda darslik sifatida o‘qitilgan, o‘z davrida Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, podshoh Bobur, Qutib Xorazmiy, Ogahiy, Abdulla Avloniylar ham o‘qib-o‘rganishgan. Bu haqda Alisher Navoiy “Lison ut-tayr”da she’riy usulda[3], Bobur esa muhtasham “Boburnoma”da nasriy usulda ma’lumot bitib qoldirgan[4]. Yoki Xorazm adabiy muhitining ko‘rkamli vakillari Qutib Xorazmiy va Ogahiylar mahorat bilan o‘zbek tiliga tarjima qilgan, ma’rifatparvar Abdulla Avloniy esa undan ta’sirlanib javob sifatida 1913 yilda “Turkiy guliston yoxud axloq” darsligini yozgan.

Abdurahmon Jomiy “Bahoriston”i muqaddima va sakkiz ravza – bog‘dan tashkil topgan bo‘lib: 1) darveshlar haqida ibratli hikoyalar; 2) donolar hikmatli; 3) shohlik va adolat bobida; 4) saxovat va karam bobida; 5) do‘stlik va muhabbat bobida; 6) mutoibot; 7) she’r va shoirlik bobida; 8) masallar hamda xotima.

“Bahoriston” asarining yettinchi ravzasi tazkira xarakterida bo‘lib, unda 10-15-asrlarda yashab ijod etgan 37 nafar buyuk shoiru adablarga alohida fiqralar bitgan, xususan, ulug‘ zamondoshi Alisher Navoiyga ham. “Majolis un-nafois” tazkirasida Alisher Navoiy “Bahoriston”ning mazkur yettinchi ravzasini  “nigorxonai Chin” (Chin rasmlari xonasi) atamasi bilan  tazkira sifatida tilga olgan va “… bir ravzasini bu mavzui navoliq balobil  va matbu’ sadolig‘ anodil gul bongidin rashki nigorxonai Chin va g‘ayrati firdavsi barin qilibdur”[5] deb yuksak e’tirof etgan. O‘rganishimizga ko‘ra shuni bildikki, Alisher Navoiy Abdurahmon Jomiyga bag‘ishlab yozgan “Xamsat ul-mutahayyirin” asarida Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”da o‘zi haqida bitgan fiqrani “Va “Bahoriston”da nazm ahli asomiysi zaylida bu faqirni bu nav’ mazkur qilibturlarkim”[6], deya mamnunlik bilan izoh bitgan va mazkur fiqra matnini asarga to‘liq kiritgan.

Endi “Bahoriston”ning yozilishiga sababchi bo‘lgan Ziyoviddin Yusuf haqida qisqacha to‘xtalsak. Ziyovuddin Yusuf (1477, Hirot – 1544, Arp (Xuroson) – Abdurahmon Jomiyning uchinchi o‘g‘li hisoblanadi, u shoir, hattot, olim, shayxulislom bo‘lgan. Abdurahmon Jomiy o‘g‘lining ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor bergan. U boshlang‘ich ta’limni allomai zamon bo‘lmish otasidan olgan bo‘lsa, keyinchalik esa Hirot madrasalarida o‘qigan. Ulug‘ Jomiy “Bahoriston”dan tashqari “Favoyidi Ziyoiya” asarini ham o‘g‘liga bag‘ishlagan. Shuningdek, u “Yusuf va Zulayxo”, “Tuhfat ul-asror” asarlarida Ziyoviddin Yusuf uchun boblar ham bitgan, ularda ulug‘ shoir  o‘g‘liga ta’sirli o‘gitlarini otalarcha shafqat va shoirona mahorat bilan bayon qilishga harakat qilgan. Ziyoviddin Yusuf kelajakda Abdurahmon Jomiy istagan  insonparvar, odamiy va olijanob shaxs bo‘lib voyaga yetgan. Undan bizga she’rlaridan ayrim namunalar ham yetib kelgan. Fikrimiz isboti uchun bir ruboiysini keltiramiz:

 Namedonam kase az nav’i inson,
Ki boshad az xatovu sahv ozod.
Manam on shohbozi olami quds,
Ki dar sayram xato hargiz nayaftod.

Mazmuni: “Aybu xatodan xoli kishini odamlar orasida uchratganim yo‘q. Men ham poklik olamining lochiniman – mening yo‘limda xato sira bo‘lmasligi kerak”.

Bobur 1506 yilda yigirma kun fozil shahar Hirotda bo‘lar ekan, u Abdurahmon Jomiy maqbarasini ziyorat qilgan, u qurdirgan, masjid madrasada bo‘lgan. Demak, u Ziyoviddin Yusuf bilan ko‘rishgan[7], degan farazimiz ham yo‘q emas.

Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida yozishicha, muammo qoidalariga bag‘ishlangan “Mufradot” nomli nazariy xarakterdagi asarini yakunlab, Abdurahmon Jomiyga ko‘rsatgan, asar unga ma’qul bo‘lgan va  o‘g‘li Ziyoviddin Yusufga asarni o‘qib o‘rganishni tavsiya qilgan[8]. Yana Navoiyning e’tirof qilishicha, Ziyoviddin Yusuf uning mazkur asari asosida muammo fanini  puxta o‘rganishga harakat qilgan.

Ma’lumki, Alisher Navoiy “Xamsat ul-mutahayyirin” asarida  Abdurahmon Jomiy vafoti tafsilotlarini sohibi aza sifatida ham batafsil yoritgan va asarning ushbu vido’ lavhasida u Ziyovuddin Yusufni ikki marta, ya’ni ismi bilan hamda maxdumzoda deb tilga olgan. Chunonchi:  “Tong otquncha bir holda erdilar, chun tong namozidin xaloyiq forig‘ bo‘ldilar, alarning holi o‘zgacharak bo‘ldi. Hazrati Xoja Abdulaziz chun ko‘rdilarkim, hol unga nav’dur, o‘zlari madad berib, alarning boshini mashriq, jonibidin shimol jonibig‘a qilib, yuzlarni qibla sori qildilar. Mavlono Ziyovuddin Yusufkim, alarning arjumand farzandlaridurlar, ayog‘lari sori ko‘zlarig‘a o‘tru o‘lturub erdi, alar qachon ko‘z ochsalar anga iltifot yuzidin boqadurlar erdi. Bu faqir gustohlik qilib, iltimos qildimkim, maxdumzoda o‘trudin qo‘ptilar. Andan so‘ngra alar naqshbandiya xojalari tariqi bilan xafiy zikrig‘a mashg‘ul bo‘ldi…”[9].

Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”da bitgan “Alisher Navoiy”  fiqrasini tadqiq va talqin qilar ekanmiz, mazkur fiqraning mazmun-mohiyatiga ko‘ra, quyidagicha tasnif qilib o‘rganishimiz mumkin:

1. Navoiyning ulug‘ shaxsiyatiga taalluqli fikrlar: “Bizning zamonamiz bu sohibdavlat vujudi ila musharrafdir. U o‘z martabasi, ulug‘ligi va shohga yaqinligi va shuningdek Olloh ato etgan va o‘qish o‘rganish bilan orttirilgan ilmu donishi va aqlu zakovati bilan she’rlari husni kamoli uchun har qanday maqtovdan yuqori tursa-da, u o‘zini past tutib, she’r ahli jamoasiga qo‘shildi va boshqalarga ham pardani oradan ko‘tarib, she’riyat yo‘lini ochib berdi. Ammo haqqoniyatini aytganda, u mana shu anjumanlarning barchasiga boshliq va she’r ahli sardaftarida nomi bitik”.

2. Uning taxallusi bilan bog‘liq ma’lumot: “Uning pokiza nomini quyidagi muammodan chiqarish mumkin:

Asl nomiga kishi topmas taxallusdan imo,
Kim topolsa lablari uzra inar jonbaxsh navo.”

3. O‘zbek (turkiy) tilining rasmiy jihatdan maqomini ko‘tarishdagi jasorati, matonati va uning o‘zi bu holatga amal qilib, barcha asarlarini turkiy tilda bitganiga bergan yuksak e’tirofi hamda izohi: “Tabiati taqozosi va qobiliyatiga ko‘ra u turkiy va forsiy she’rlarida yuksalishga muyassar bo‘lgan bo‘lsa-da, turkiyga ko‘proq mayllik ko‘rsatdi va bu tildagi g‘azaliyoti o‘n ming baytdan ziyodroq bo‘ldi.

Nizomiy “Xamsa”si muqobilida yozgan masnaviylari uch ming baytga yaqin va bu tilga hech kim bunchalik ko‘p va xo‘b she’r yozmagan”.

4. Fiqrada uning forsiy merosi haqida ham alohida qimmatli fikrlar bildirgani hamda Amir Xusrav Dehlaviyning “Yaxshilar daryosi” qasidasi xususida to‘xtalgan va bir baytni tahlil qilgan: “Forsiy she’rlari orasida Amir Xusrav Dehlaviyning “Yaxshilar daryosi” qasidasiga javob tariqasida bitilgan qasidasi bor. Unda ajib mazmun va nozik xayolotga ega baytlar juda ko‘p. Uning boshlanmasi bunday:

Podshohlar tojida yolqinli la’l bo‘lsa bezak,
Boshdagi har xom xayolga tob beruvchi cho‘g‘ demak”.

Abdurahmon Jomiy ushbu fiqrada yana Alisher Navoiyning she’riy yo‘lda yozgan maktub ruboiylariga alohida to‘xtalar ekan va uning o‘ziga yuborgan uchta noma ruboiysiga diqqat qaratgan. Qizig‘i shundaki,  Alisher Navoiy ulug‘ Abdurahmon Jomiy vafotidan keyin sog‘inch fonida yozgan “Xamsat ul-mutahayyirin”ga mazkur uchta noma ruboiylarning yozilish tarixiga maxsus to‘xtalib o‘tgan hamda, birinchidan, ularning “Bahoriston”da bitilgan to‘liq  matnini fors tilida asarga kiritgan bo‘lsa, ikkinchidan esa ustozi maktubida bitilgan she’rlarni ham  bergan. Hullas, Alisher Navoiy ma’lumotlari asosida talqin  qiladigan bo‘lsak, har uchchala noma ruboiylar haj safarida bo‘lgan Abdurahmon Jomiyga shaxsan bag‘ishlangan va unga yuborilgan maktublarga tamsil sifatida ushbu noma ruboiylar bitilganini bilish mumkin. Chunonchi: “Quyidagi ruboiy esa, bir kishining Hijozdan qaytib kelishi munosabati ila yozilgan tabrik maktubidan olindi:

Falak insof bila yetkazgil payg‘om,
Qani kim yaxshiroq ayladi xirom.
Erta tongda Sharqdan chiqqan quyoshmi,
To‘lin oymi chiqqan joyi bo‘lsa Shom” ( 89-bet).

Alisher Navoiy mazkur noma ruboiyning yozilish tarixi xususida “Xamsat ul-mutahayyirin”ning “Ikkinchi maqolat” qismida shunday xabar bitgan: “Alar Makka safaridan kelganda podshoh Balxda erdilar va faqir (Navoiy) bir qosidni alarni ko‘rib, salomatlik xabarlarini keltursun deb shaharga yubordim. Tahniyatomuz  ruq’a ham bitib erdim. Anda bu ruboiy mastur erdikim.

Ruboiy:

Insof bideh, eyo falaki minofom,
To z-in du kadom xubtar kard xirom.
Xurshedi jahntobi tu az matlai subh,
Yo mohi jahongardi man az jonibi Shom.

Alar bu ru’qaning muqobalasida bag‘oyat rangin ruq’a bitib yuboribdilar.

Ruboiy:

Bo kilki tu guft noma, k-ey gohi xirom,
Sad tuhfai xush ba Rum ovard zi Shom.
Gar poi tu dar miyon naboshadnarasad,
Mahjuronro az jonibi do‘st payom.”[10]

Yoki:

“Bu ruboiy esa boshqa bir maktubdan:

Bu noma maktubmas, dardim darmoni,
Hijronda ezilgan yuragim qoni.
Qaynoq dilu sovuq ohim taskini,
Yaxshi jahongashta mohim nishoni” ( 38-bet).

Alisher Navoiy ushbu noma ruboiyning yozilishi va adresatga jo‘natilishi sababining tarixini “Xamsat ul-mutahayyirin”ning “Ikkinchi maqolat” qismida shunday sharhlagan: “Alar Makka safarig‘a borg‘onda Baxdoddin bag‘oyat rangin noma bitib erdilar. Ul noma avvalida bir g‘azal bitib erdilar. Matla’ budirkim:

Bar kanori Dajla dur az yoru mahjur az diyor,
Doram az ashki shafaqgun Dajlai xun bar kanor.

Borur kishidin ul g‘azalg‘a tatabbu’ qilib, noma yuborib erdim. Matla’ budirkim:

Shomi hijron k-u mag‘rib shud nihon xurshedvor,
Yo rabash subhi visol az jonibi mashriq baror.

Ammo ruq’aning oxirida bu ruboiyni ham bitib erdim:

In noma, na noma, dofei dardi man ast,
Oromi daruni ranjparvardi man ast.
Taskini dili garmu dami sardi man ast,
Ya’ne xabar az mohi jahongardi man ast.

Alar Makkadan qaytg‘onda Halabdin bu ruq’ag‘a javob bitib erdilar va bu ruboiy anda erdikim:

In ruq’a, na ruq’a, moyai har tarab ast,
Tahsili nishotu ayshro xush sabab ast.
Z-in  son ki buvad muxtasaru purma’no,
Go‘yo zi “Javomi ul-kalim” muntaxab ast”[11].

Alisher Navoiy Maxdumgaga murojaat qilib, noma ruboiylarni bitgan va murojaat san’atidan unumli foydalangan. Shoirning duoi salomi, salomatlik kabi ko‘ngil izhorlari bayon qilingan. Noma ruboiylarida shoir hayotining Abdurahmon Jomiyga ma’lum bo‘lgan tomonlari aks etgan, ya’ni Jomiy o‘zi uchun bitgan noma ruboiylarni asarga tamsil qilgan. Jomiy keltirgan misollarda shoirning safarlarda ham Jomiy bilan bog‘liq muloqotlari yozishmalar asosida bo‘lganini ko‘rsatadi. Jomiy va Navoiy munosabatlarining boshqa noma ruboiylarida ham o‘z aksini topgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, noma ruboiylar yozish faqat Alisher Navoiy yoki Abdurahmon Jomiy uslubiga xos emas, balki bunday noma ruboiylarni yozish ulargacha ham, ulardan  keyingi ijodkorlar ijodida ham uchraydi. Akademik A.Qayumov o‘zining “Yozishmalarga oid ruboiylar”[12] nomli tadqiqotida podshoh va shoir Boburning noma ruboiylarining beshtasini talqin qilar ekan, noma ruboiylar hususida fikr bildirib o‘tgan.

Alisher Navoiyning yaqinlari va suhbatdoshlari bilan bog‘liq mavzuga qisman professor Sh.Sirojiddinov ham o‘zining “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik tahlili”[13] kitobida, ya’ni “Yaqinlari va suhbatdoshlari” nomli faslda siqa harakterda to‘xtalgan.

B.Ahmedov “Navoiy zamondoshlari xotirasida” kitobiga Abdurahmon Jomiy “Bahoriston”da bitilgan fiqrani kiritmagan. Ammo uning “Haft paykar” (xotimasida), “Fotihat ush-shabob”, “Layli va Majnun” kabi dostonlarida bitilgan ulug‘ Navoiy bilan bog‘liq lavhalarni fors tilidan o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilib kiritgan.

Xulosa shuki, Abdurahmon Jomiy “Bahoriston”da 37 nafar  ijodkorlar qatorida Alisher Navoiyga  ham alohida fiqra bag‘ishlagani katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ushbu zikrda u AlisherNavoiyning hayoti, ijodi bilan bog‘liq olmos qirralarini o‘g‘liga namuna sifatida  yozib qoldirgani maqtovga loyiq. Bu asar Abdurahmon Jomiyning yuqorida biz nomlari tilga olib o‘tgan asarlarida Alisher Navoiy haqida bitgan qimmatli ma’lumot va yuksak e’tiroflarini to‘ldiradi.

          Burobiya Rajabova

 O‘z FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklor instituti yetakchi ilmiy xodimi

___________________

[1] Sa’diy She’roziy. Guliston (Fors tilidan Mullo Murodxo‘ja tarjimasi). – Toshkent: Fan, 2005. 23– bet.

[2] Jomiy. Bahoriston.  Fors tilidan Sh.Shomuhamedov tarjimasi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2007.2–bet.

[3] Rajabova B.  O‘zum sori boqma, so‘zum sori boq. Toshkent: Turon zamin ziyo, 2015. 18–bet.

[4] Shodiyev E.  Bobur va tojik adabiyoti / Zahiriddin Muhammad Bobur. – Xo‘jand: Rahim Jalil nomidagi Davlat nashriyoti, 20….  45-61-betlar.

[5] Alisher Navoiy. Majolis un-nafois. MAT. 13-jild. Toshkent: Fan, 1997. 5–bet.

[6] Alisher Navoiy. Xamsat ul-mutaxayyirin. MAT. 15-jild. Toshkent: Fan, 1999. 52-54-betlar.

[7] Rajabova B. Abdurahmon Jomiy va Hirot madaniy muhiti. O‘zbek tili va adabiyoti jurnali. 2021. 3–soni, 48–bet.

[8] Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. MAT.  17-jild. Toshkent: Fan, 2001. 103–bet.

[9] Alisher Navoiy. Xamsat ul-mutaxayyirin. MAT. 15-jild. Toshkent, 1999. 77-bet.

[10]Alisher Navoiy. Xamsat ul-mutaxayyirin. MAT. 15-jild. – Toshkent, Fan, 1999. 39-bet.

[11] Alisher Navoiy. Xamsat ul-mutaxayyirin. MAT. 15-jild. – Toshkent, Fan, 1999. 39-bet.

[12] Qayumov A. Asarlar. 5 jildlik. 4-jild. Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiyoti. – Toshkent: Mumtoz so‘z,  2009. 125-127-bet.

[13] Sirojiddinov Sh. Alisher Navoiy: manbalarining qiyosiy-tipologik, testologik tahlili.  – Toshkent: “Akademnashr”,  2011. 83-84-bet..