yoxud ulkan ramzlarni singdirolgan asar
«Cheksiz kenglik qarshisida qayiqda o‘tirgan odamning hech narsaga arzimasligini chol yaxshi bilardi. Lekin inson o‘ylari bilan Dengizga va Osmonga tenglasha oladi..».
Din insoniyatning eng katta ma’naviy tayanchi hisoblanadi. Biroq oxirzamon tushunchasini faqatgina dinga bog‘lab tushunish shart emas, fikrimcha. Yer yuzida zulm, fahsh va yovuzlik mavjud ekan, insoniyat tasavvurida do‘zax va qiyomat haqidagi qo‘rquv, qay bir ko‘rinishda bo‘lmasin, mudom yashayveradi. Faqatgina yashayveradi emas, balki dunyo tubanlashgani sayin, bashariyat tanazzuli muqarrar ekanligi haqidagi hadik ham orta boradi. Ehtimol, shuning uchundir, jahon adabiyotining asrlar osha unutilmasdan yashab kelayotgan eng sara asarlari aynan mana shu g‘oyani o‘z ichiga singdirgan. Jumladan, dunyo miqyosidagi ulug‘ adib Chingiz Aytmatov ham o‘zining «Sohil yoqalab chopayotgan Olapar» qissasida «Olamni tanazzuldan kim qutqaradi?», «Qanday qutqaradi?», «Insonning hayot oldidagi burchi nimalardan iborat?» kabi umrboqiy savollarga javob izlagan, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z xulosasini ayta olgan.
Chingiz Aytmatov ijodining o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, adib o‘zining har bitta asarida mif, afsona va rivoyatlardan unumli foydalana oladi. Adibning qaysi bir asari haqida gapirmaylik, undagi biror-bir afsona yo rivoyatni eslamaslikning iloji yo‘q. «Qiyomat» romanidagi bo‘rilar yoki monastirdagi qo‘shiq haqidagi afsona, «Asrga tatigulik kun»dagi «Ona bayit» yoki «Qora nor» rivoyati, «Qulayotgan tog‘lar»dagi qayliqlar yoki arxarlar haqidagi afsonalar bunga yetarlicha misol bo‘lishi mumkin. Adib o‘zining bu uslubi bilan, bugungi madaniyat va qadriyatlar yemirilib, tobora axloqiy tanazzul yoqasiga yaqinlashayotgan insoniyatni xalq tilidagi qadimiy afsona hamda rivoyatlar asrab qolishi mumkin, demoqchi bo‘lganday go‘yo… «Sohil yoqalab chopayotgan Olapar» asarida ham yozuvchi o‘zining mana shu uslubiga sodiq qolgan. Yanayam aniqrog‘i − Oxota dengizi bo‘yida yashovchi kam sonli Nivix xalqi og‘zaki ijodida yashab kelayotgan tyulen ovlovchilari bilan bog‘liq kichik bir afsonani asos qilib oladi. Bilishimcha, asar shuning uchun Nivix xalqi yozuvchisi Vladimir Sangenga bog‘ishlangan.
Ammo «Sohil yoqalab chopayotgan Olapar» Aytmatovning boshqa asarlaridan farq – adib o‘zining boshqa asarlarida rivoyatlardan fabula − asarning faqat ma’lum bir qismi sifatidagina foydalansa, mazkur qissasini to‘laligicha afsonaning ustiga qurgan.
Shu yerda men Aytmatovning uslubiga xos bo‘lgan ikkita muhim jihatga e’tibor qaratish zarur deb hisoblayman. Bulardan birinchisi: avvalo, dengizda ro‘y bergan voqea oddiy bir afsona edi, yozuvchi uni badiiy haqiqatga aylantirib, hayot haqiqati darajasiga ko‘taryapti. Ikkinchisi: adib ushbu afsona asosida o‘zi ham bir rivoyat to‘qib, asar mag‘ziga singdirib yuboryaptiki, bu – «Ko‘k sichqoncha» to‘g‘risidagi rivoyatdir. Menimcha, «Ko‘k sichqoncha» haqida gapirishdan oldin, asar voqealarini qisman sharhlab o‘tmoq joiz.
Asar O‘rxon bobo, Milxun, Emrayin hamda o‘spiringa yaqinlashayotgan Kiriskning tyulen ovlash uchun dengizga chiqishi bilan boshlanadi. Oydinlashtirish lozim bo‘lsa, Emrayin Kiriskning otasi, Milxun esa amakisi. O‘rxon bobo − ovchilar jamoasining boshlig‘i hisoblanib, qarindoshlik jihatidan ularga begona. Bu yerda voqealarning aynan dengizda ro‘y berishi, ya’ni odamzotning dengiz va osmon orasidagi hayot uchun kurashi tasvirlanishi, shubhasiz, ramziy, albatta. Holbuki qissaning asosiy g‘oyasi ham, insoniyatni yo‘qlik qa’riga g‘arq bo‘lishdan nima asrab qolishi hamda buning uchun inson qanday usulda kurash olib borishi kerakligini tushuntirishdan iborat edi. Shunga qaramay, biz inson va dengiz voqeasini ramzlashtirmasdan, oddiy hayotiy voqelik sifatida qabul qilgan taqdirimizda ham, asar o‘z zimmasiga olgan yukini bemalol oqlagan bo‘lardi.
Muallif juda ko‘p o‘rinlarda O‘rxon boboning xayolot olamiga, ichki kechinmalariga murojaat etadi. Asar boshrog‘ida uning o‘zi kema yasagan daraxt bilan gaplashgani keltirib o‘tilsa, o‘rtarog‘ida Luvr o‘rdak haqida, undan sal quyiroqda Suv parisi bilan bog‘liq ilohiy xayollari haqida aytiladi. Uning bunday xayollari esa o‘z-o‘zidan yodimizga kema yasab, dunyoni halokatdan asrab qolishga uringan Nuh payg‘ambar rivoyatini eslatib yuboradi…
Aslida, O‘rxon boboni har qanday timsolning o‘rniga qo‘yib fikr yuritmoq mumkin. Diniy jihatdan olib qarasangiz, O‘rxon boboni Nuh alayhissalom, deydigan bo‘lsak g‘oyaviyligi bilan baribir mushtarak. Rost emasmi, kema bo‘ron halokatiga uchrab, yo‘lovchilar jonini asrash uchun qolgan ozgina suvdan hamma ichganida O‘rxon bobo ichmay o‘zining ulushini Kiriskka qoldiradi. U nega shunday qildi? Axir, bola unga qoni qo‘shilgan qarindosh emas ediku. O‘rxon boboni qanday mas’uliyat bunday qilishga majbur etoldi?.. E’tibor qilsak, u bu yerda faqat suvdan ichmadigina emas, balki o‘z jasorati bilan insonning kelajak avlodi oldidagi burchini esga solib, Milxun hamda Emrayinlarning ham tasavvurini butkul o‘zgartirib yuboradi. O‘shanda O‘rxon bobo o‘z rizqidan kechib Kiriskka ilinmasdan, hech bo‘lmaganda og‘iz ho‘llaganda edi, Milxun bilan Emrayin ham bu ishni qilmagan va oqibatda insoniyatning avlodlari oldidagi mangu burchi bajarilmasdan qolgan bo‘lardi. Mana shu sifatlari bilan O‘rxon bobo obrazi insoniyatni o‘zgartiradigan, bashariyat uchun o‘zini javobgar hisoblagan va oxir-oqibat dunyoni halokat asrab qolishi mumkin bo‘lgan buyuk inson timsolidir. O‘rxon boboni odam deb hisoblamasdan, o‘z farzandlari uchun hech narsasini ayamaydigan, farzandlari uchun mudom o‘zini qurbon qilib kelayotgan Ona Tabiat, Borliq ramzi deb hisoblasak ham, asar g‘oyasiga oid haqiqatlar o‘zgarmasdan qoladi.
Mana, nihoyat asarning eng kulminatsion nuqtasi, Kirisk kasal bo‘lib isitmalab qolganda onasi unga aytib bergan «Ko‘k sichqoncha» haqidagi rivoyatga ham yetib keldik. Rivoyat shunday boshlanadi: «Onasi yalinib-yolvorib, uni suv ichishdan tiyar edi. Tashnalikka chidasang, kasallik sendan qochadi, deb tushuntirardi.
− Chidagin, jon bolam! – derdi u. – Ichingda «Ko‘k sichqoncha, menga suv ber!.». deb tinmay qaytaraver. So‘ragin jonim, ko‘k sichqonchadan suv so‘ra. U yugurib keladi va senga suv beradi… Faqat tinmasdan, chin dildan so‘ra..».
O‘shanda isitma otashida yonayotgan Kirisk onasining aytganini qilib, ko‘k sichqonchani chaqira boshlaydi. Sidqi dildan, komil ishonch bilan «Ko‘k sichqoncha, suvingdan ber, ko‘k sichqoncha, suvingdan ber..». deb tinmasdan yolvora boshlaydi. Shu usul bilan o‘z nafsini tiyib, butun bir qiynoqli kechani yengib o‘tadi. Keyinchalik dengizdagi tashnalikda ham onasi aytib bergan aynan o‘sha «Ko‘k sichqoncha»ning yugurib kelishi va unga suv berishiga bo‘lgan ishonch Kriskning bardoshiga bardosh qo‘shib, uni omon saqlaydi… O‘qirman esga olsa, shunga o‘xshagan yana bir diniy rivoyat bor. Alqissa, haj safariga otlangan taqvodor bir odam yo‘lda cho‘ponning chaylasida tunab qolibdi. U saharda ibodat qilish uchun uyg‘onsa, cho‘pon chaylaning bir burchagiga o‘tirib olib «Oq qo‘yning kallasi, qora qo‘yning kallasi… Menam Xudoning umidvor bir bandasi!» deb namoz o‘qib o‘tirgan emish. Taqvodor odamning bundan juda jahli chiqibdi. Cho‘ponni kufrda ayblab, sharta turib uning chaylasini tark etibdi… Ammo haj ziyoratiga yetib, Ka’bani tavof qilayotgan paytda «Sen nega bir mo‘minning qalbidagi ixlosini so‘ndirding?» degan ovoz eshitiladi… Xuddi o‘sha cho‘ponda bo‘lganiday, «Ko‘k sichqoncha» ham bu yerda Nivix xalqining e’tiqodi timsoli. Agar asar syujetidan kelib chiqib insoniyat Osmon bilan Dengiz, ya’ni Tiriklik bilan O‘lim o‘rtasida azaliy kurash olib boradi va uni olislarda Saodat cho‘qqisi dengiz qirg‘og‘idagi Olapar misoli chorlab turadi, deb bilsak, inson mana shu kurashga bo‘lgan kuch va bardoshni, matonatni e’tiqoddan olishi mumkin, ichida kechayotgan janglarni faqat e’tiqod bilan bostirishi mumkin, deb tushunmoq o‘rinlidir. Lekin rivoyatning ahamiyat berish shart bo‘lgan yana bir qirrasi bor. Asarda aytilayotgan sichqoncha oddiy emas, aynan Ko‘k sichqoncha. Har qalay, sichqonchaning Ko‘k ekaniga muallif alohida urg‘u beryapti. Xo‘sh, siz Ko‘k sichqoncha haqidagi rivoyatni yana qayerda o‘qigan edingiz? Balki, bu maqola boshrog‘ida ham biz eslab o‘tgan – dunyoni halokatdan qutqarmoqchi bo‘lgan Nuh payg‘ambarning kemasini teshgan o‘sha mashhur Ko‘k sichqonchadir?! Ha, menimcha shunday. Aytmatov o‘zi to‘qigan mif-rivoyat misolida o‘zi yaratgan paradoks bilan xalqlar e’tiqodi o‘rtasidagi chegarani ham buzib yuborayapti…
Shuncha ramz va simvollarni, shuncha ulkan g‘oyalarni o‘z ichiga sig‘dirolgan mazkur asar «Dunyoni kim qutqaradi?», «Qanday qutqaradi?» kabi umumbashariy savollarga xulosaviy yechim bilan yakun topadi. Bu xulosa shundan iboratki: Dunyoni o‘zgartirish uchun qirg‘inbarot urushlar olib borish yoki olamshumul inqiloblarga homiylik qilish shart emas. Odamzotda birgina O‘rxon boboning jasorati bo‘lsa, bas, dunyo o‘zgaradi, magaram har bitta insonning avlodlari oldidagi mangu burchi ham, aslida, shudir.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 11-12-son