Saydi Umirov. Adabiyot – fidoyilar bilan barhayot

Ko‘ngil xohishi, qalb amri bilan yozgan ma’qulroq, emin-erkin fikrlaysan, tabiiy, samimiy, ishonchliroq chiqadi.

* * *

Ayrim amaldor, puldorlar, o‘z xatolaridan tashqari, erkatoy, tizginsiz farzandlari, qarindoshlari qilmishlari, qing‘irliklari uchun ham aziyat chekishadi.

* * *

Oqibatsiz qarindoshdan olijanob «begona» yaxshi. Martabasi, puli, davlati oshib ketgach, ko‘p mehnati singgan, yaxshiliklar qilgan kishilarini unutgan bemehr kimsalar haqida eshit­ganman, ba’zilarini o‘zim ham bilaman.

* * *

Adabi­yot – insonni odob-axloqli, iymon-e’tiqodli, madaniyatli qilib tarbiyalaydi.

* * *

Inson umri orzular, umidlar, qayg‘u va iztiroblar maj­muidir.

* * *

Ne ajab, endilikda kitob ko‘p, imkoniyatlar katta, biroq o‘qiydigan mard kam.

* * *

Qarmoqqa kichik baliqlar ko‘proq ilinadi, yiriklarining to‘rga tushishi qiyinroq. Korruptsiyaga qarshi kurash jarayonida ham shunday holat sezilyapti chog‘i.

* * *

Ne-ne mashaqqat bilan piyodani farzinga chiqar­gani guvohi bo‘lganimda kichik dalildan katta xulosa chiqara olgan, salmoqli tadqiqot bitgan olim Begali Qosimovni tasavvur etaman.

* * *

Noshud qalamkash aravani quruq olib qochib, yarim bet, bir betda aytolmagan gapni mohir yozuv­chi kichik bir detal orqali aytishi, ishontirishi, vaqtni, qog‘ozni, qalamni tejashi mumkin.

* * *

Qiyini – g‘oya, mazmunga ishora qiluv­chi mos sarlavha, ilk jumla, xos ohang topish: yangi, maroqli sarlavha bo‘shroq narsani o‘qishga da’vat etsa, siyqa, zerikarli sarlavha yaxshi, mazmundor maqola, ocherkdan ko‘ngil sovutadi.

«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 7-son