Sohibqiron Amir Temur kim bo‘lgan?

Bu ulug‘ zotning asli ismi Temur bo‘lib, uni yevropaliklar Tamerlan tarzida talaffuz qilishgan. (Bu uning oyog‘i oqsoqligiga ishora).

Amir Temur O‘rta Osiyoning eng buyuk davlat arbobi va sarkardasi bo‘lgan. U 1336 yilda tug‘ilgan bo‘lib, nasabi turklashgan mo‘g‘ul urug‘laridan biri barloslarga mansub edi. Chingizxon lashkarlari tomonidan batamom vayron etilgan Samarqand shahrining qayta gullab-yashnashi aynan Amir Temur nomi bilan bog‘liqdir.

O‘z jangovar faoliyatini mahalliy ahamiyatga molik urushlaridan boshlagan Amir Temur 1370 yilda Zarafshon va Qashqadaryo vohasidagi viloyatlarning to‘la huquqli amiri (hukmdori) bo‘ldi. Tez orada u o‘z hukmi ostiga Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi Farg‘ona va Shosh (Chirchiq daryosi bo‘yidagi vodiyni)ni ham kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Eng qadimiy davlatlardan biri bo‘lmish Xorazm ham Temur davlatining tarkibiga kirdi. Amir Temur mo‘g‘ul tatarlarining Oltin O‘rdasiga, Eronga, Kichik Osiyoga va Hindistonga yurishlar qildi.

Asta-sekinlik bilan Temurning buyuk va qudratli imperiyasi barpo etildi. 15 asr boshlarida uning hududi G‘arbda Armanistondan to Sharqda Hindistongacha, shimolda Kavkaz va Orol dengizidan janubda Fors qo‘ltig‘igacha yastanib yotardi. Bu ulkan saltanatning poytaxti Samarqand edi.

Oltin O‘rdani tor-mor etish orqali Amir Temur, Yevropaga olib boradigan asosiy karvon yo‘li, Buyuk Ipak yo‘lining Oltin O‘rda hududidan emas, balki Samarqand orqali o‘tishiga erishdi. Bu esa o‘z navbatida ham mamlakatning ham davlat poytaxtining rivojlanishiga, gullab-yashnashiga katta yordam berdi.

Amir Temurning sa’y-harakatlari tufayli Samarqand beqiyos me’morchilik obidalariga ega bo‘ldi, ushbu shaharda dunyoga mashhur allomalar va shoirlar yashab ijod etdilar.

Sohibqiron Amir Temurning shon-shuhrati uning saltanati hududidan ancha olislarga ham keng tarqalib ketdi. Hatto Ispaniya qiroli Temurning saroyiga o‘z elchilarini yubordi.

Amir Temur keksaygan chog‘larida ham yangi-yangi zafarlarni qo‘lga kiritdi. 1402 yili Anqara atrofida bo‘lgan janglarda u Turk sultoni Boyazid 1 (Boyazid Yildirim)ning qo‘shinlarini tor-mor qilib, o‘zini asir oldi. Bu voqea tufayli Turklarning Konstantinopolni zabt etishlari naqd 50 yilga, yarim asrga kechiktirildi.

Sohibqiron Amir Temur 1405 yilning 18 fevralida Xitoyga uyushtirilgan navbatdagi yurishlari chog‘ida vafot etdi.

U o‘zi hayotligi chog‘idayoq saltanatini o‘g‘illari va nabiralariga taqsimlab bergan edi. Temuriylar sulolasiga mansub zotlardan biri Mirzo Ulug‘bek bo‘lib, u Samarqand amiri edi, biroq u amir sifatida emas, balki o‘rta asrlarning eng buyuk astronomi sifatida ko‘proq shuhrat topdi.