Skripkachilar nima?

Kulgili savol, deyishingiz mumkin. Ikkiga kirgan bola ham skripkachi skripka chalayotgan odam ekanini biladi. Bu, albatta, to‘g‘ri. Biroq skripka tugul o‘yinchoq garmonni chala olmaydigan skripkachilar bo‘lar ekan: ular jimitday krablardir.

Nar skripkachilar feruza-qizg‘ish rang, urg‘ochilari anchayin oddiy: och jigarrang bo‘ladi. Narlari kalta qisgichlarining biridan faqat ovqat bo‘lagini, boshqa — kattasidan esa krabning o‘ziday keladigan ovqatni yeyishda foydalanadi. Zuryodlari suv pasayib ketgan serbalchiq joyda sayru sayron qilishni xush ko‘radi. Balchiqda sayr etarkan, krablar ulkan qisgichlarini to‘xtovsiz yuqoriga-pastga, skripka kamonini xayolda jonlantirayotganday ko‘tarib-tushiradi. Uning nomi ham shundan olingan.

Skripkachi ko‘p sonli imlab chaqiruvchi krablar oilasiga kiradi. Ularning hammasi urg‘ochilarini qisgichlarini imlab chaqiradi. Yuzaki qaraganda, krab qisgichlarini to‘xtovsiz siltayotganday tuyuladi. Aslida esa, u panjalarida tik turib, urg‘ochisini ko‘rgan zahoti imlab chorlaydi. Agar sabotli xushtor o‘zining latif harakati bilan juftini asir etsa, jufti unga jajji chiroyli qisgichlarini ochib-yopib peshvoz chiqadi.

Narining imo-ishorasi tagida ikki xil ma’no yotadi. Imlash faqat urg‘ochisiga qaratilgan bo‘ladi. Boshqalari uchun bu harakat: «Hudud band, mening uyimga yaqinlashma, yaqinlashsang o‘zingdan ko‘r», degan ma’noni anglatadi. Haqiqatan ham in atrofiga allaqanday bezbet krab yaqinlashsa, narlari o‘rtasida rosmana janjal chiqadi. Raqiblar katta qisgichlarini ishga solib, bir-birini loydan chiqarib o‘zidan yiroq otib yuborishga tirishadi. Yutib chiqqan krab quvonganidan raqsga tushib ketadi.

Bordiyu biror urg‘ochisi urushayotganlar yonidan o‘tib qolsa, u to‘xtab, jang natijasini kutib turadi va jasoratli janjalkash, raqqos bilan birga yashashga rozi bo‘ladi. Boshqacha bo‘lishi mumkinmi? G‘olibning raqsi — bu urg‘ochisiga qaratilgan uzun, otashin va ishonchli so‘zdir.