Dunyodagi ilk teleskopni gollandiyalik optika mutaxassisi Dans Lippertey yasagan edi. Ammo unga qadar turli olimlar, XIII asrdan boshlab, kattalashtirib beruvchi linzalar yordamida tajribalar qilib ko‘rishgan. O‘ta qashshoq kun kechirgan Lipperteyning kashfiyoti hech kimga ma’lum bo‘lmay qolib ketdi. Oradan bir yil o‘tib o‘z teleskopini yasagan italyan olimi Galileo Galiley uning ixtirochisi degan nom oldi. U juda qo‘pol va jo‘n asbob edi: Galiley teleskoplari orasidagi eng kuchlisi narsalarni 33 marta kattalashtirish quvvatiga ega bo‘lib, osmonning faqat kichik (Oyning to‘rtdan bir qismicha) bo‘lagini kuzatish imkonini berar edi.
Shunga qaramasdan, Galiley buyuk kashfiyot yaratdi: u birinchi bo‘lib Saturn — Zuhalning halqalarini, Yupiter — Mushtariyning to‘rtta yo‘ldoshini topdi va Oydagi tog‘lar va kraterlarni ko‘rdi. Bugungi kunda Galiley o‘z kashfiyotida qo‘llagan asbobdan teatr durbinlarini ishlab chiqarishda foydalaniladi, chunki teatrda durbinlardan na narsalarni ko‘p marta kattalashtirish, na keng ko‘rish maydoni talab etilmaydi.
Ammo teleskoplar Galiley zamonidan beri keskin o‘zgarib ketdi. Elektronika asri kelishi bilan bunday asbobning mutlaqo yangi turi — radioteleskop ixtiro qilindi. Ilk radioteleskop Ikkinchi jahon urushi tugaganidan ko‘p o‘tmay yaratildi va shundan beri u tinimsiz mukammallashtirib borilmoqda. Bu asbob nimasi bilandir, bizning ko‘zlarimiz yulduzlar taratayotgan yoruglik to‘lqinlarini ko‘rganiday, yulduzlardan chiqayotgan radioto‘lqinlarni «ko‘radigan» ulkan ko‘zni eslatadi. Teleskopning katta likopchaga o‘xshaydigan, diametri bir necha metrlik oynasi radioto‘lqinlarni tutadi. Uning oddiy teleskoplarga nisbatan beqiyos afzalligi shundaki, juda zaif yorug‘lik chiqaradigan yoki, umuman, chiqarmaydigan yulduzlar va galaktikalarni ham izlab topish quvvatiga ega. Vaholanki, o‘ta zamonaviy optik asboblar ham bunga qodir emas. U bepoyon fazoni qoplab yotgan gaz to‘plamlari yoki kosmik changlarni ham yorib o‘ta oladi. Shuningdek, undan har qanday ob-havo sharoitida foydalanish mumkin, chunki radioto‘lqinlar Yer atmosferasidagi bulutlarni osonlik bilan yorib o‘ta oladi.
Kosmosdan kelayotgan radioto‘lqinlar teleko‘rsatuv va radioeshittirishda qo‘llaniladigan to‘lqinlarga nisbatan juda qisqadir. Shuning uchun ham radiomunajjimlar bunday to‘lqinlarni tutish uchun maxsus radiomoslamalar va antennalar o‘rnatishadi. Antenna — ulkan metall tarelka. Uni osmonning har qanday burchagiga burish qulay bo‘lishi uchun tepalikka o‘rnatiladi. Antenna tutadigan radioto‘lqinlar juda zaif bo‘lgani uchun signallarni kuchaytirish zarurati tug‘iladi.
Munajjimlar, odatda, radioto‘lqinlarni qog‘ozga yozib borishadi. Maxsus yozuv moslamasi signallarni to‘lqinli chiziq shaklida qog‘ozga qayd etib boradi. Olimlar shu tariqa o‘z kuzatishlarini doimiy suratda yozib borishadi.
Oddiy teleskopdan farqli o‘laroq, radioteleskop har qanday ob-havo sharoitida ham ishlay oladi va uni qit’aning istalgan nuqtasiga o‘rnatish mumkin. Buning uchun tepalik bo‘lishi shart emas.
Amerikalik bir olim diametri 300 metrlik eng katta radioteleskoplardan birini Puerto-Rikodagi so‘ngan vulqon krateriga o‘rnatdi. Yana aylanasi bo‘ylab harakatsiz elementlar joylashtirilgan, diametri 600 metrlik o‘ziga xos radioteleskop 1976 yili Shimoliy Kavkazda o‘rnatilgan.