Qor nima?

Qor muzlagan suvdan boshqa narsa emas. Unda nega u muzga o‘xshamaydi?

Hamma gap shundaki, qor donalari muzning kichik kristallchalaridan tarkib topgan va yorug‘lik uning behisob qirralaridan qaytgani uchun ham qor donalari shaffof emas, oq bo‘lib ko‘rinadi.

Qor atmosferadagi suv bug‘larining muzlashidan hosil bo‘ladi. Dastlab mayda toza va shaffof kristallchalar paydo bo‘ladi. Havo oqimlari girdobiga tushib qolgan bunday kristallchalar havoda turli tomonga ko‘chib yuradi.

Bunday kristallchalar asta-sekin bir-biriga «yopishadi», shu tariqa yuzlab kristallchalar o‘zaro birikadi. Bir-biriga yopishgan muzchalar hajmi kattalashib, ma’lum bir nuqtaga yetgach, yerga tusha boshlaydi. Muzchalarning bunday birikuvi qor donalari deb ataladi.

Ayrim muz kristallchalari ignasimon shaklga ega, boshqalari yassi ko‘rinishda, ammo har qanday holatda ham ularning har biri 6 qirralidir. Qizig‘i shundaki, qor donalari tuzilishi hamisha bir xil bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, ikkita aynan bir xil qor donasini topish qiyin.

Qor hamisha ham oq rangda bo‘lavermasligini hech eshitganmisiz? Dunyoning ko‘pgina mintaqalarida qizil, yashil, zangori va hatto qora qor yoqqan vaqtlar ham bo‘lgan. Qorning bunday turfa rangda bo‘lishi sababi shundaki, qor donalari yerga tushayotganda, havoda mavjud mayda bakteriyalar, zamburug‘lar va changni yutadi.

Qor o‘z donalari orasida ko‘plab havo bo‘shlig‘i bo‘lgani uchun ham issiqlikni yomon o‘tkazadi. Qor ko‘rpasining o‘simliklar tomirini sovuq urishidan asrashi sababi ham shunda. Qorning bu xususiyatidan eskimoslar ham ustalik bilan foydalanishadi. Ular qordan o‘zlariga boshpana — iglu qurib olishadi.