Dunyoda o‘rgimchaklar uchramaydigan joyni topish amrimahol. Ularni dengiz sathida ham, Everest tog‘larida ham, o‘rmonu maysazorlarda, botqoqliklarda, sahroyu yerosti tuynuklarida ham ko‘rish mumkin.
Ko‘p odamlar o‘rgimchaklardan cho‘chishadi, darvoqe, o‘rgimchaklarning ba’zi turlari chindan ham zaharli. Ikki turidan boshqa hamma o‘rgimchaklarda zaharli bezlar bor. Zaharli bezi bor ekan, demak, o‘rgimchaklar odamga xavf solishi mumkin, degan xayolga bormang.
O‘rgimchaklar o‘z zaharli bezlarini boshqara oladi va undan alohida hodisalar talab etganda foydalanadi. Misol uchun, o‘ljalarini to‘rida tutib oladigan o‘rgimchaklar o‘z zahridan foydalanmaydi. Ovga chiqadiganlari yoki gulga qo‘ngan hasharotlarni pistirmada kuzatib turadiganlari o‘z o‘ljasini tishi bilan tutadi va o‘ljasini zahri yordamida o‘ldiradi.
O‘rgimchaklarning hammasi zaharlaridan o‘zlarini muhofaza etish uchun foydalanadi. Ular qopqonga tushib, qochishga iloj topolmay qolganlarida zahri so‘nggi himoya vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Barmoq bilan sanarli o‘rgimchaklarning zahri yomon bo‘lib, odamga xavf tug‘dirishi mumkin. Eng xavflisi qoraqurt yoki «qora beva»dir. Urg‘ochisining bo‘yi 2 santimetrga yetadi, qornida esa qumsoat shaklidagi qizil nishon bor.
Bu o‘rgimchak tishlaganda qattiq og‘ritadi va betob bo‘lib qolish hech gap emas. O‘rgimchaklarning insonga xavf soluvchi bir necha turi Avstraliyada yashaydi. Katta biylar va banan o‘rgimchaklari chaqsa o‘ldiradi deyishadi, ammo hozirgacha hech kimni o‘ldirgan emas. Ular chaqqan joyda shish hosil bo‘lishi va bir necha kun og‘riq berib turishi mumkin.
Aksariyat o‘rgimchaklar inson uchun ari yoki qovog‘aridek xavf sololmaydi. Aslida, ko‘pgina o‘rgimchaklarni qo‘lga ushlasangiz ham chaqmaydi. Demak, «qora beva»dan tashqari barcha o‘rgimchaklar bilan o‘zingizni to‘la xatarsiz his etasiz.
O‘rgimchaklarning hayratga soladigan o‘ziga xosligi, shubhasiz, ularning to‘r to‘qishidir. Tola ajralib chiqayotgan modda o‘rgimchakning oshqozon a’zosidagi maxsus bezlarda paydo bo‘ladi, so‘ng bu modda oshqozon uchidagi ko‘p mayda teshiklar orqali sizib chiqadi. Suyuq modda havoga chiqishi bilan qotadi.
To‘r tayyorlanadigan modda tarkibi o‘rgimchak turiga qarab turlicha bo‘ladi. O‘rgimchak uyalari ham har xil, hatto suvostida bo‘lishi mumkin!