Rossiyaning ko‘pchilik aholisi yagona dinga e’tiqod qiladi, ya’ni pravoslav nasroniy diniga, mazkur dinni ular Qadimgi Rus davrida qabul qilishgan. Rus yerlarining cho‘qintirilishi, ya’ni nasroniylikni qabul qilishlari 988 yilda yuz bergan va ushbu voqeani Kiyev knyazi Vladimir nomi bilan bog‘laydilar. Aynan knyaz Vladimir o‘sha davrda Qadimgi Rusda yashovchi kishilarning qaysi dinga e’tiqod qilishlarini belgilab bergan.
Nasroniylik dini Rus zaminiga o‘sha davrda o‘ta kuchli va salohiyatli davlat bo‘lgan Vizantiya orqali keldi. Qadimgi Rus turli davrlarda Vizantiya bilan savdo-sotiq aloqalarini amalga oshirgan, u bilan urushlar qilgan va o‘sha davrlarda barcha mamlakatlararo bo‘ladigan munosabatlarda bo‘lgan. Munosabatlarning yaxshilanishiga pravoslav dinining — ya’ni Vizantiyaning asosiy diniy e’tiqodining qabul qilinishi ham ta’sir etishi mumkin edi. Buning ustiga Vizantiyaga mol olib borib sotuvchi ko‘plab rus savdogarlari, turli yurishlar tufayli Konstantinopolda bo‘lgan rus jangchilari u yerda cho‘qintirilib, vataniga pravoslav nasroniylari bo‘lib qaytishgan. Yagona din kishilarni birlashtirishga xizmat qilganligi bois Vizantiya uchun ham aynan uning dini boshqa mamlakatlarga keng tarqalishi muhim edi.
Qadimgi solnomalarda rivoyat qilishlaricha, knyaz Vladimir huzuriga yahudiylar ham, katoliklar ham o‘z dinlarining afzalliklarini aytib, o‘z dinlariga kirishga da’vat qilib kelganlar. Biroq Vladimir ularning har birining fikrini qunt bilan tinglab barini ortiga qaytarib jo‘natgan ekan. Masalan, u yahudiylarga shunday savol bergan ekan: «Xo‘sh, sizning ona tuprog‘ingiz qayerda o‘zi?». — «Quddusda!» — javob berishibdi yahudiy ruhoniylari, ammo knyaz ularga unchalik ishonqiramagan ekan, ruhoniylar o‘z fikrlariga qo‘shimcha kiritibdilar: — «Xudo bizning ota-bobolarimizdan xafa bo‘lib, hammamizni dunyo bo‘ylab begona yurtlarga tarqatib yuborgan». Shunda knyaz Vladimir ularga shunday javob bergan ekan: «Hali Xudoning qarg‘ishiga uchragan sizdek bandai gumrohlar, boshqalarga ham aql o‘rgatib yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmoqqa jazm qildingizmi? Biz sizning ketingizdan ergashib vatansiz qolishni istamaymiz». U shu kabi javoblar bilan nemis katoliklarini ham qaytarib yuborgan ekan.
Biroq bir kuni knyaz Vladimir huzuriga yunonlar yuborgan noma’lum bir faylasuf tashrif buyuribdi va knyazga Injil haqida, Xudo qanday qilib Yerni yaratgani to‘g‘risida gapirib beribdi, gapining nihoyasida u Qiyomat kuni ifodalangan bir tasvirni ko‘rsatibdi, unda yaxshi odamlarning jannatga ketayotganligi va gunohkorlarning abadiy azob-uqubatlarga mahkum qilinishi tasvirlangan ekan. Bu hikoya va tasvirdan ta’sirlangan knyaz Vladimir og‘ir xo‘rsinib, debdi: «Ha, yaxshilarning baxti bor, yomonlarning uyi kuysin» — «Shu gaplaringdan so‘ng cho‘qinsang» — debdi unga faylasuf, sen ham jannatga tushuvchilarning ilk saflarida bo‘lasan!»
Vladimir shundan so‘ng faylasufni izzat-ikrom va sovg‘a-salomlar bilan kuzatib qo‘yib, o‘zi esa boyarlarni shahar qariyalarini to‘plab, ularga yahudiylarning, musulmonlarning va katoliklar ruhoniylarining takliflarini aytibdi va ularga kengash solib so‘rabdi. Xo‘sh, Rus xalqi qaysi dinni qabul qilsa ma’qul bo‘ladi, deb hisoblaysizlar. «O, oliy hukmdor, — deyishibdi boyarlar, modomiki har bir ruhoniy o‘z dinini madh etib maqtagan ekan, Sen ularning har biriga eng aqlli va fozil kishilaringni jo‘nat, ko‘raylikchi, ularning qaysi biri o‘z xudosiga kuchliroq sadoqat bilan sajda qilar ekan? Shuni bilsakkina ular orasida eng afzal dinni bilib olamiz». Shundan so‘ng buyuk knyaz 10 nafar eng dono va zukko kishilarni turli mamlakatlarga yo‘llabdi. Ular bir necha yillar o‘tib qaytib kelishib knyazga aytishibdiki: «Har qanday odam ham shirin narsani tatib ko‘rgach, achchiq narsaga uning xohishi bo‘lmaydi, bizlar ham yunonlarning dini bilan tanishganimizdan so‘ng boshqa dinlarni o‘rganishimizga hojat qolmadi». Bu voqealarni solnomalar ana shunday rivoyat qiladi, yana ularda aytilishicha dastavval Xerson shahrida knyaz Vladimir va uning yaqin boyarlari cho‘qinganlar, keyinchalik 988 yilning yozida esa uning butun xalqi Dnepr daryosida cho‘qintirilgan.
Keyinchalik Rus pravoslav cherkovi Vizantiyadan ajralib mustaqil bo‘ldi. 14—15 asrlarda ruhoniylar Moskva knyazlariga Rus yerlarini birlashtirish borasida faol yordam berdilar. Markazlashgan Rus davlati tashkil topgandan so‘ng Moskva cherkov markaziga ham aylandi.
1589 yilda Rus pravoslav cherkovining rahnamolariga Moskva va butun Rus Patriarxi unvoni berildi. Patriarxlar davlat ishlariga aralashish uchun juda katta ta’sir kuchiga ega edilar. Shu boisdan 1700 yilda Patriarxlik bekor qilindi. 1918 yilda davlatning cherkovdan ajratilishi tufayli yana Patriarxlik qayta tiklandi.