Hammaga ma’lumki, odamlar tomirida qizil qon oqadi, ko‘k qon esa faqat ertaklardagi aslzodalarda bo‘ladi. Buni qarangki, ko‘k qon faqat ertaklarda bo‘lib qolmas ekan. Tabiat o‘rgimchak, chayon va krab (dengiz qisqichbaqalari)ni ko‘k qonda yaratgan ekan. Ko‘k qon oddiy qondan nimasi bilan farqlanadi? Oddiy qonga qizil rangni tarkibida protein aralash temir moddasi bo‘lgan qizil pigment-gemoglobin beradi. Ko‘k qonni gemoglobin emas, balki tarkibida mis bo‘lgan ko‘k modda — gemotsianin ishlab chiqaradi.
Ko‘k qonning jumboqligi olimlarni anchadan beri qiziqtirib qo‘ygan. Tabiat nima sababdan gemoglobinni gemotsianinga almashtirib qo‘ygan ekan? Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, o‘rgimchaklar gemotsianinsiz yashay olmaydi. Chunki ularning tanasida odamlarning butun tanasiga kislorod yuborib turadigan qizilqon tomirlari va ko‘kqon tomirlari yo‘q.
Organizmni tomirlarsiz qanday qilib kislorod bilan ta’minlash mumkin? Bu vazifani o‘zining murakkab tuzilishiga ega bo‘lgan gemotsianin bajaradi. U harakatlarni tartibga solib turuvchi regulyator kabi zarur miqdordagi kislorodni ajratib beradi. Ayni chog‘da u tana haroratini tashqi sharoitga moslab turadi.