Milliy madhiya — bu vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiq bo‘lib, u yoki bu rasmiy marosimlarda, mazkur xalq va davlatga hurmat ramzi sifatida ijro etiladi. Milliy madhiyalar va vatanparvarlik qo‘shiqlari kishilarni umumiy orzulari va maqsadlari, shuningdek, ideallari asosida birlashishlariga xizmat qiladi.
Aksariyat milliy madhiyalarning kelib chiqish tarixi noma’lum. Odatda, ko‘pincha bunday qo‘shiqlarning kuylari, unga kimdir vatanparvarlik ruhidagi she’r yozmasdan avval ham mashhur bo‘ladi. Maxsus, milliy madhiya uchun yozilgan kuylarning soni uncha ko‘p emas. Eng mashhur madhiya bu G‘arbiy Germaniyaning madhiyasi bo‘lib, uni buyuk kompozitor Frans Iosif Gaydn dastlab Avstriya uchun yozgan edi.
Nisbatan qadimiyroq bir qancha milliy madhiyalar va vatanparvarlik qo‘shiqlarining she’rlari bir-biridan farq qilsada, yagona kuy asosida ijro etiladi. Ularning ayrimlari hatto harbiy qo‘shiqlar sifatida ijro etilgan. Shunisi qiziqki, bu qo‘shiqlarni bir-biri bilan urush olib borayotgan har ikki tomon askarlari ham birdek maroq bilan kuylaganlar. Britaniyaning «Tangrim, qirolichani o‘z panohingda saqla» deb boshlanuvchi madhiyasining kuyi Daniyada, Germaniyada, Rossiyada, Shveytsariyada va dunyoning boshqa ko‘plab ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarida vatanparvarlik qo‘shiqlarining yaratilishiga sabab bo‘ldi. Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham «Amerika» so‘zi ana shu kuy jo‘rligida ijro etiladi.
«Tangrim, qirolichani o‘z panohingda saqla» kuyi ilk marotaba 1619 yilda yangragan. Uni ingliz kompozitori Jon Bull yozgan. Mazkur kuyning davlat madhiyasi sifatidagi ilk ijrosi 1745 yilning 28 sentyabrida bo‘lib o‘tgandi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining milliy madhiyasi1812 yildagi urush davrida yozilgan edi. Baltimorlik advokat Frensis Skott Key, britaniyaliklarning bir kemasida ketmoqda edi, ular Fort Mak Genriga hujum qilardilar. Key tuni bilan hujumning borishini kuzatdi. Tongda u Fort ustida hilpirab turgan Amerika bayrog‘ini ko‘rgach, u shu darajada hayajonlanib ketdiki, natijada «Yulduzli bayroq» qo‘shig‘ining she’rini yozib qo‘yganini o‘zi ham sezmay qoldi, she’rni u oddiy xatjildning orqasiga yozgandi. U she’rini biror kuyga solish haqida o‘ylayotganda uning xotirasiga «Samodagi Apokreonga» deb ataluvchi qadimiy ingliz qo‘shig‘i keldi.
«Marseleza» — frantsuz milliy madhiyasi bo‘lib, ushbu qo‘shiq Buyuk Frantsuz inqilobi davrida (1789—1815) harbiy qo‘shiq edi. Qo‘shiqning so‘zi va musiqasini Klod-Jozef Roje de Lill yozgandi. U frantsuz armiyasining kapitani edi. 1795 yilda «Marseleza» Frantsiyaning milliy madhiyasi sifatida rasman tasdiqlandi.