Midiyaliklar va forslar kimlar?

Mesopotamiya tekisligidan sharqda joylashgan Eron midiyaliklar va forslar vatani bo‘lgan. Bu zamin Dajla va Frot daryolari oralig‘idagi yerdan juda katta farq qiladi, bu yerda cho‘lu biyobon ham, tog‘lar orasida joylashgan hosildor vodiylar ham bor.

Mamlakatning janubi-g‘arbida – Mesopotamiya tekisligi qismida – Shumer shaharlari kabi jahondagi eng qadimgi bir qancha shaharlar bo‘lgan. Bu yerda asosiy markazi Suzada bo‘lgan Elam podsholigi bo‘lgan. Bu mamlakatda istiqomat qilgan odamlar dastlab hozirgacha ham o‘qilmagan piktografik belgilar bilan yozishgan. Qolaversa, bu xalqlar – tarixining o‘sha davri haqida hech narsa ma’lum emas. Biroq eramizdan avvalgi uchinchi ming yillikda Elam aholisi o‘zining chiziqli yozuvlarini yaratishgan – qo‘shni xalqlardan mixxatni o‘zlashtirib olishgan.

Eron yassi tog‘liklari va uni o‘rab olgan tog‘li tizmalari hududiga Markaziy Osiyodan o‘tish oson bo‘lganligi uchun ko‘plab ko‘chmanchilar, shu jumladan fors tilida so‘zlashuvchi midiyaliklar, forslar bu yerga kirib kelardilar. Ular cho‘lu biyobonlardan eramizdan avvalgi 1300 yillarda kelganlar hamda butun mamlakat bo‘ylab tarqalib ketganlar. G‘arbda o‘troqlashib qolganlar orasida midiyaliklar va forslar ham bo‘lganlar. Midiyaliklar ko‘p vaqtlarini ot minib o‘tkazishar, ularning kiyimi-ishtoni hamda kigizdan tayyorlangan bosh kiyimlari osiyolik boshqa ko‘chmanchilarniki singari edi.

Midiyaliklar asta-sekin qudratli bo‘la borib, eramizdan avvalgi 612 yilda bobilliklarga Ossuriya ustidan g‘alaba qozonishda yordam beradilar. Onasi midiyalik ayol bo‘lgan Buyuk Kiryovush midiyaliklar va forslarni birlashtiradi. Uning fathu zafari natijasida imperiya qadimgi dunyodagi eng yirik saltanatlardan bo‘lib qoldi. Dastlab u Onado‘lida joylashgan Lidiyani mahv etadi. Lidiyani afsonaviy tarzda badavlat bo‘lgan podsho Krez o‘z poytaxti Sardisdan turib boshqarardi. Lidiyaliklar tangalarni — bir xil vazndagi metall bo‘laklarini — birinchi bo‘lib ishlata boshlaganlar. Bu tangalarning o‘zgarmasligini davlat nazorat qilib turgan. Lidiyaliklar boyligi manbai Sardis orqali oqib o‘tuvchi Paktol daryosidan olinadigan oltin edi.