Majusiylik nima degani?

Qadimgi odamlar uchun ularni qurshab turgan olam boshdan oxirigacha sir-sinoatlardan iborat bo‘lgan. Ular, masalan, nima uchun momaqaldiroq gumbirlaydi, nima uchun shamol esadi? Nega ayrim yillarda yer yaxshi hosil beradi-yu, ba’zi yillarda qurg‘oqchilik bo‘lib hamma ekinlar qovjiraydi, natijada odamlar nonsiz qoladi? Nima uchun odamlar kasal bo‘ladilar va o‘ladilar, nega podalarga qirg‘in keladi? degan ko‘plab savollarga javob izlaganlar.

Biroq qadimgi odamlar tabiatda sodir bo‘ladigan barcha voqea hodisalarning birortasiga ham ma’nili javob topa olmaganlar, natijada dunyodagi hamma narsaga allaqanday g‘ayrioddiy ilohiy kuchlar boshqaruvchilik qiladi. Ular — xudolar degan aqidaga ishonganlar. Shuni unutmaslik kerakki, qadimgi odamlar nazdida xudo bitta bo‘lmagan, ular bir nechta bo‘lib, har birining o‘z vazifasi va mavqei bo‘lgan. Xuddi mana shu kabi tushunchalarga majusiylik deb ataladi.

Qadimgi slavyanlar ham majusiylar diniga e’tiqod qilganlar, ularning ham xudolari ko‘p bo‘lib, har biriga har xilda munosabatda bo‘lganlar. Ayrim xudolarni sahovatli, bag‘ri keng deb hurmat qilishsa, ayrimlaridan, juda qo‘rqishgan, ularning ko‘nglini ovlash uchun qurbonliklar keltirishgan.

Ayniqsa, eng ko‘p qurbonliklar majusiylik xudolarining eng kattasi Perun sharafiga atalgan. Qadimgi odamlarning nazdida Perun xudosi osmonda, bulutlar ortida istiqomat qilib o‘ta badjahl va qahrli bo‘lgan. Agar u odamlardan zig‘ircha xafa bo‘lsa, shu zahotiyoq osmonni qora bulut qoplab momaqaldiroqlar gumbirlab, chaqmoqlar chaqqan.

Odamlar hatto yog‘ochdan Perun xudosining va boshqa xudolarning haykallarini o‘z tasavvurlaridagidek qilib yasab, ularni uylarining eng ulug‘ joylariga qo‘yishgan, ularga qurbonliklar keltirishib, so‘yilgan jonivor, hatto odam qonini ham o‘sha haykallarga surishgan.

Eng suyukli xudolari esa Quyosh xudosi hisoblanib, kishilar uni — Dajbog deb e’zozlashgan. Ular ushbu xudoni o‘z qo‘shiqlarida madh etishgan, uning sharafiga turli bayramlar uyushtirishgan.

Veles nomli xudo esa «chorva xudosi» hisoblanib, u chorva podalarini o‘z himoyasida saqlagan, cho‘pon va podachilarning rahnamosi bo‘lgan. Agar chorvadorlar turmushida biror noxush hodisa yuz bersa, ular darhol Velesga murojaat qilishib undan madad so‘rashgan.

Svorog nomli xudo esa slavyanlar uchun ilohiy olov ma’budi sanalgan. Hatto, aynan Svorog tomonidan yer yuziga temirchilarning sandoni, bosqoni-yu bolg‘asi keltirilgan, aynan u kishilarga temirdan turli qurollar yasashni o‘rgatgan degan rivoyatlar ham bor.

Asosiy yetakchi xudolardan tashqari, yana turli hayotiy ikir-chikirlardan, tashvishlardan xalos qiluvchi boshqa xudolar ham bo‘lgan. Ulardan tashqari, qadimgi odamlar yana alohida ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ladigan ruhlar ham mavjud bulgan. Bunday ruhlarning ayrimlarini, aytaylik uy ajinalarini, o‘rmon alvastilarini, suv parilarini va himoyachi ruhlarni ular har tomonlama e’zozlashsa, ayrimlarini yomon ko‘rishgan va ulardan qo‘rqishgan. Ularning nomini ham juda vahimali qilib qo‘yishganki, tilga olishning o‘zi yuraklarga g‘ulg‘ula solgan: masalan, vurdalaklar (ajinalar), upirlar va hokazo.

Rus kishilari nasroniylikni qabul qilgan paytlardan boshlab ular yagona xudoga ishona boshlaganlar, biroq turli ruhlarga sig‘inish hollari to hanuz uchrab turadi. Shak-shubha yo‘qki, kitobxonlarimiz orasida ham nasroniy diniga mansub qari kampirlar og‘zidan har bir uyning o‘z ajinasi borligi, har oqshom o‘rmon va ko‘llarning bo‘ylarida suv parilari bazm qilishlari haqidagi rivoyatlarni eshitgan kishilar ham topiladi.