Lenin va Stalin hukumatlari qachon davlat tepasiga keldi?

Bolsheviklar rahbar partiya sifatida o‘z mavqelarini juda tez egallab oldilar. Bunda ular boshqa nisbatan passivroq sotsialistik partiya vakillarini oliy ma’muriyat lavozimlariga yaqin yo‘latmaslik yo‘lidan bordilar. Keyinchalik bolsheviklar kommunistlar deb atala boshladilar (Bu nomni ular ilk bor 1848 yilda chop etilgan Karl Marks va Fridrix Engelslar qalamiga mansub «Kommunistik partiya manifesti» kitobidan olishgan edi).

Yangi hukumat alohida Dekret chiqarib pomeshchiklarga tegishli yerlarni dehqonlarga olib berdi. Bolsheviklar sanoatni, banklarni va transportni davlat nazorati ostiga oldilar. Rus pravoslav cherkovining mol-mulkini musodara qildilar. 1918 yilning martida Leninning sa’y-harakatlari bilan Brest-Litovskda Germaniya bilan tinchlik bitimi tuzildi. Rossiya urushdan chiqdi, biroq u Boltiq bo‘yi hududini va Belorussiyaning ma’lum qismini Germaniyaga berishga majbur bo‘ldi. Ukraina mustaqil davlat sifatida tan olindi, biroq u ham amalda Germaniyaning vassaliga aylandi. Hokimiyat tepasiga Rus podshosi qaytishiga bo‘lgan umid va ishonch 1918 yilning iyulida butunlay puchga chiqdi, zero bu davrga kelib bolsheviklarning buyrug‘i bilan Nikolay 2 va uning butun oilasi otib tashlangandi. Shunga qaramay Rossiyada to‘rt yil 1918 yildan to 1922 yilgacha qonli urushlar davom etdi. Bu urushlar G‘arbdagi monarxiya tarafdorlari hamda bolsheviklarni tor-mor qilishga intiluvchi kuchlarning yordamida avj oldirilgan edi.

1924 yil yanvarida Leninning o‘limidan keyin hokimiyat asta-sekin bolsheviklar partiyasi apparatining rahbari Iosif Vissarionovich Stalin qo‘liga o‘tdi. Yangi rahnamo dastlabki paytlarda kommunistlar tomonidan e’lon qilingan qonuniylik va adolat ideallarini nazar-pisand qilmay, mamlakatda shafqatsiz mustabidlik tuzumini o‘rnatdi. 1991 yili SSSRda kommunistik tuzum barham topdi.