Ko‘rshapalaklarning mingdan ortiq turi mavjud va tabiiyki, ular o‘rtasida ko‘p farqlar bor. Ko‘rshapalaklarning ko‘pchiligi hasharotlarni tutib yeydi, ammo issiq mintaqalarda mevalar yoki gul changi bilan oziqlanadiganlari ham bor. O‘zidan kichikroq ko‘rshapalaklarni tutib yeydigan va hatto hayvonlar qonini ichadigan ko‘rshapalaklar ham bor. Buyuk Britaniyadagi eng katta ko‘rshapalak tanasining uzunligi 13 santimetr, yozilgan qanotlari 33 santimetrdan 36 santimetrgachadir. U o‘rmonzorlarda yashaydi va yirik hasharotlarni tutib yeydi.
Meva bilan oziqlanadigan ko‘rshapalaklar tropiklarda yashaydi. Ularning tishlari keng, yassi bulib, ular bu tishlar yordamida mevani ezib sharbatini chiqaradi. Gul changi bilan oziqlanadigan ko‘rshapalaklarning tili uzun bo‘lib, u gul ichiga kirib boradi.
Ko‘rshapalak-vampirlarga faqat qon kerak. Ular ot, sigir, it, jo‘jalar qonini so‘radi, ba’zida hatto odamlarga ham hujum qiladi. Ular o‘tkir yuqoridagi keskichlar (oldingi tishlar) bilan o‘z o‘ljalari terisini tishlaydi va yaradan oqib chiqayotgan qonni yalaydi.
Ko‘rshapalakda 20 tadan 38 tagacha tish bo‘lishi mumkin. Qizig‘i shundaki, 22 ta tishi bor ko‘rshapalakni hali hech kim uchratmagan. Hasharotxo‘r ko‘rshapalaklardan ayrimlari 38 ta tishga ega bo‘ladi. Bunday tishlar ko‘rshapalaklar uchun katta ahamiyatga ega ekanligiga ishonch hosil qilish qiyin emas.
Ko‘rshapalaklar odatda to‘p-to‘p bo‘lib yashaydi, ammo o‘zlari uchun uya qurmaydi. Ular odatda g‘orda yashaydi. Ayrim g‘orlarda mingta ko‘rshapalakdan tashkil topgan to‘da yashashi mumkin. Ammo ular birorta daraxt kovagida o‘nta, yigirmata ko‘rshapalakdan iborat kichik to‘dalar bo‘lib ham yashashi mumkin.
Bilasizmi, ko‘rshapalaklar bu dunyoda juda qadimdan yashaydi, shunday ekan, ularni sut emizuvchilarning eng qadimiysi deb hisoblash mumkin bo‘ladi.