Inson huquqlari to‘g‘risida nega buncha ko‘p gapirishadi?

Siz albatta teleekran yangiliklarida «Inson huquqlari buzilyapti», «Falon mamlakatda inson huquqlariga noto‘gri munosabatda bo‘lishmoqda», — degan gaplarni ko‘p eshitasiz.

Xo‘sh, nimaga bu masala bu qadar muhim? Nega endi faqat Qonunlarga emas, balki har bir alohida inson huquqlariga ham amal qilinishi kerak? Insonlar har doim ham o‘z huquqlarini himoya qilib kelganlar. Inson huquqi bu uning o‘z erkini o‘zi belgilash imkoniyatidir. Bu degani, ular faqat o‘z erki uchun kimlarningdir tazyiqidan xalos bo‘lish uchun kurashadilar degani emas, albatta.

Inson huquqlari uchun kurashdagi asosiy jihatlar quyidagilardan iborat. Birinchi holda bu e’tiqod erkinligi, ya’ni kishining o‘zi xohlagan xudoga ishonishi va o‘zi mansub dinga xos diniy rasm-rusmlarni bajarish erkinligidir. Bundan tashqari inson huquqlari deyilganda kishining o‘z fikrlarini keng jamoatchilik orasida, bahslarda, shuningdek matbuotda, ro‘znoma va boshqa nashrlarda bemalol erkin oshkor qila olish huquqi ham tushuniladi.

Inson huquqlariga amal qilish shuningdek, u yoki bu hukumat uchun ovoz berish huquqi yoki unga qarshi ishonchsizlik bildirish huquqini ham anglatadi.

Inson huquqlarining o‘ziga xos bir ko‘rinishi Amerikada yuz berib, unda qora tanli aholi oq tanli aholiga berilgan huquqlardan teng foydalanish huquqini talab qilib chiqdi. Bu voqea 1959 yilda yuz bergan edi.

Shunisi qiziqki, 1950 yilda BMT bolalar ham, o‘zlarining yashash joylaridan qat’i nazar o‘ziga xos huquqlarga ega ekanligini e’lon qildi. Bu huquqlar «Bola huquqlari Deklaratsiyasida» bayon etilgan. Ushbu qoida va huquqlardan quyidagilarni qayd etish mumkin: bolaga normal va sog‘lom rivojlanish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilishi lozim. U o‘z xatti-harakatlarida, xohish-istaklarida erkin bo‘lmog‘i, uni xuddi kattalardek hurmat qilish lozim. Har bir bolaning ismi va millati bo‘lishi, ularga nisbatan mehr-shafqat ko‘rsatilishi va ularni anglamoq kerak. U maktabga borish imkoniyatiga, turli o‘yinlar o‘ynash va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlariga ega bo‘lmog‘i kerak.