Daraxt uchta asosiy qismdan tarkib topadi. Ildizlari uni yerda tutib turadi, suv va mineral tuzlarni tuproqdan so‘rib olishiga yordam beradi. Tanasi va shoxlari yaproqlarga sharbat eltadi va ularni Quyoshga ko‘taradi. Yaproqlar butun o‘simlik uchun ozuqa moddalari ishlab chiqaradigan «fabrika»dir.
Daraxt uchidagi novdalari va shoxlari cho‘zilishi hisobiga o‘sib va yo‘g‘onlashib boradi. Shoxlarning uchida doimiy ravishda yangi hujayralar paydo bo‘lib turadi. Shu vaqtning o‘zida daraxtning tanasi, shoxlari va shoxchalari qalinlashib boraveradi.
Aksariyat daraxtlarning po‘stlog‘i bilan qattiq yog‘och qismi o‘rtasida sharbat oqib o‘tadigan maxsus qatlam bor. Bu qatlamda hujayralar tezroq o‘sadi, shuning hisobiga tana yo‘g‘onlashib boraveradi. Bu qatlam har yili daraxt tanasiga yangi bir halqa qo‘shadi. Daraxtning kesilgan joyidagi bu halqalarni sanash yo‘li bilan ham o‘simlikning yoshini bilib olish mumkin.
Yaproqlarga suv va mineral tuzlar shu qatlam orqali o‘tadi. Po‘stloqda yaproqlardan kelayotgan ozuqa moddalar butun daraxtga tarqaydigan yo‘llar bor.
Daraxt o‘sishi bilan eski halqalar qo‘pollashib, yaproqlar bilan aloqani yo‘qotadi. Ular suv saqlanadigan joyga aylanib qoladi va nihoyat qattiq yog‘ochga do‘nadi.
Suv va mineral tuzlar tana bo‘ylab ko‘tarilishi bilan uning o‘zi ham yo‘g‘onlashib boradi, yaproqlar esa butun o‘simlik uchun ozuqa ishlab chiqara boshlaydi. Yaproqlardagi yashil modda (xlorofill) Quyosh nuri ta’sirida karbonat angidrid gazini ildizlardan kelayotgan suv va uning tarkibidagi mineral tuzlar bilan birga shimib oladi hamda qand va kraxmal hosil qiladi.