Chirildoq qandoq sayraydi?

Bu tur hasharotlarni nemislar «sayroqi toychoqlar» deyishadi. Ularning bunday nom olishiga nar chirildoqlarning na sayrash, na chug‘urlash, na chirillashga o‘xshagan ovoz chiqarishi sabab bo‘lgan. Yunon afsonalarida aytilishicha, Evnom va Ariston degan musiqachilar musobaqa uyushtirganlarida to‘satdan Evnomning tori uzilib ketadi. Shu payt uning urniga chirildoq kelib o‘tiradi va o‘z chirillashi bilan musiqachiga g‘alaba keltiradi. Shundan buyon yunonlar arfa (chertib chalinadigan asbob)da o‘tirgan chirildoqni musiqa ramzi qilib olishgan.

Chirildoqlar qanday qilib anchayin kuchli va yoqimli ohang chiqaradi? Gap shundaki, ularning ko‘kragida hujra bo‘lib, unda joylashgan yupqa pardani kuchli mushaklari harakatga keltiradi. Mushaklarning qisqarish tezligi xayolga sig‘maydi — bir sekundda yigirma mingni tashkil etadi. Yupqa pardalar harakatga kelganda kuchli ovoz chiqaradi. Bu ovoz kuchlantiruvchi murakkab sistemadan o‘tadi va shu boisdan juda uzoqqa taraladi.

Shunisi g‘alatiki, chirildoqlar urg‘ochisi sayramaydi. Bizningcha, ularning musiqiy ehtiyojini narlarining ohangrabo sayrog‘i to‘la-to‘kis qondirsa ajab emas.

Odamlar chirildoqning musiqiy qobiliyatiga allaqachonlar e’tibor qaratishgan. Chirildoqlarning rang-barang, o‘ziga xos dilbar ovozidan zavq tuygan sharq odamlari ularni sayroqi kushlar kabi qafaslarda saqlashgan.