Odam paydo bo‘lishidan yuz minglab yil ilgari baliqlar okeanlarda suzib yurgan. O‘sha paytlarda u eng mukammal mavjudot bo‘lgan.
Shundan beri ular turli yo‘sinlarda rivojlandilar, mavjud baliqlarning ayrim turlarigina ibtidoiy okean baliqlariga sal-pal o‘xshab ketadi.
Tabiiyki, baliqlar uzunchoq va oxiriga tomon torayib boruvchi shaklga ega bo‘ladi. Odamlar kemalar va suv osti kemalarini yaratganlarida aynan uning shaklini asos qilib olganlar, chunki u suvda juda yaxshi suzadi.
Baliqlar o‘z dumidan motor sifatida foydalanadi. Ular o‘zini suzgichlari yordamida boshqaradi. Bir turini istisno etsak, baliqlarning hammasi oyqulog‘i bilan nafas oladi. Baliq og‘zi bilan suvni yutadi, suv oyqulog‘i orqali o‘tib, maxsus teshiklardan chiqib ketadi. Suv tarkibida kislorod mavjud, u odam qoniga havo o‘pkasi orqali tarqagani singari baliqning oyqulog‘i orqali qoniga tarqaydi.
Iflos suvlarda baliqlar suv sathiga yaqinroq suzib, nafas olishga harakat qiladi, ammo ularning oyqulog‘i havodan kislorod yutishga moslashmagan.
Baliqning qoni sovuq, ammo asab sistemasi boshqa hayvonlarniki singari og‘riqqa sezgirdir. Ularning sezgisi juda kuchli, ta’mni butun terisi orqali his etadi.
Baliqlar hidlay oladi. Ularning ikkita kichkina hid sezuvchi a’zosi boshidagi burun kavaklarida joylashgan. Baliqlarning qulog‘i bor, ammo ular boshining ichki tomonida joylashgan, shu sababli ular «ichki quloqlar» deb aytiladi.
Baliqlarning ust tomoni qora va quyi tomoni kulrang tusdaligi ularning dushmanlaridan qutulib qolishiga yordam beradi. Chunki dushmanlari tepadan qaraganda, okean yoki daryo suviga uyg‘unlashib ketgan qora rangni ko‘radi. Pastdan qaraganda, suvning yorqin sathi bo‘lib ko‘rinadi. Minglab turdagi baliqlar bor, ammo har birining hayoti betakror ekani xayolga sig‘maydi!