Amerikaga hindular qaerdan kelishgan?

Amerikaning ilk aholisi bu zaminga juda olis zamonlarda kelgan bo‘lib, biz ular tarixini yaqinroqdan o‘rganishga qancha harakat qilmaylik, baribir aniq bir sanani ta’kidlash mushkul. Ammo aksariyat tadqiqotchilar, bu yerda kechgan voqealar quyidagicha yuz berganligini taxmin qiladilar.

Taxminan 12 000 yillar avval bir guruh piyoda ovchilar kiyik va bug‘ular podasi orqasidan shu paytgacha hech kimga noma’lum bo‘lgan yerlarga kelib qolishgan. Bu yerlar hozirgi Sharqiy Sibir hududida joylashgan edi. Chukotkaga yetib olishgach, ovchilar Osiyoni Shimoliy Amerikadan ajratib turuvchi, hozirda rus dengizchisi Bering nomi bilan ataluvchi tor bo‘g‘ozni kesib o‘tishga muvaffaq bo‘lganlar.

Keyingi ming yilliklar mobaynida ularning ortidan yana boshqa ko‘plab ko‘chmanchilar ham ergashganlar. Ular bu olis sayohatchilarga noma’lum va sirli zaminga kichik-kichik guruhlar, hatto oila-oila bo‘lib yo‘l olganlar. Shuning uchun ham, barchasidan qat’i nazar, ular aynan bir hududdan chiqishgan va qachonlardir aynan bir xalqqa mansub kishilar edilar. Ammo oradan o‘nlab asrlar o‘tgach, ular orasidagi masofa uzoqlashib bordi. Turli guruhlarning a’zolari, sekin-asta qabilalarga aylandilar, bora-bora ular til jihatidan, tashqi ko‘rinishidan, urf-odatlaridan bir-birlaridan farqlanib bordilar, zero ularning har biri har turli sharoitlarda joylashishgan edi.

Biroq, shunday bo‘lsada, tashqi tomondan ular uchun umumiy bo‘lgan jihatlar ham bor edi, masalan: tim qora g‘ayir sochlar, oldga turtib chiqib turuvchi yanoqlar, qiyiq ko‘zlar ularning hammasi uchun xos edi. Ularning barchasining tanalari qoramtir tusda bo‘lsada, bir-birlaridan farqlanib turardi. Ularning ayrim qabilalari tana rangi biroz qizg‘ishroq bo‘lganligi sababli yevropaliklar ularni ko‘pincha qizil tanlilar deb atashgan.

Bu qabilalar vakillarining jang qurollari ham mehnat qurollari ham deyarli bir xilda edi, faqat ularning yasalishi, tayyorlanadigan xom ashyosi istiqomat joylaridagi imkoniyatlariga ko‘ra farqlanardi, xolos.

Qabilalar o‘rtasidagi farqlar faqat ular yashaydigan shart-sharoitlar tufayli yuzaga kelgan edi. Umuman olganda Shimoliy Amerikaning qadimgi aholisining joylashish markazlarini asosan besh qismga ajratib ko‘rsatish mumkin: shimoli-g‘arbiy sohillar, Kaliforniya hududi, janubi-g‘arb, sharqiy o‘rmonlar va preriya — dashtliklari. Bu joylarda o‘rnashgan qabilalar bir-birlaridan keskin farq qilishgan, biroq yevropaliklar uchun ularning hammasi birdek hindular deb hisoblanavergan.