Vladimir Sokolov (1928-1997)

Vladimir Nikolayevich Sokolov — rus shoiri, esseist va tarjimon. 1928 yili Lixoslavl shahrida tug‘ilgan.

NOYaBR

Men bunda yo‘qligimda…

Yo‘qligimda daraxtlar
Holsizlandi orig‘lab,
Ko‘p narsalar yo‘qotdi
Men bunda yo‘qligimda.

Yo‘qligimda buzildi
Ikki qavat yog‘och uy.
Ko‘chirildi odamlar
Men bunda yo‘qligimda.

Yo‘qligimda yot tushlar,
Oh-vohlar bo‘ldi paydo.
Yaxshi ketib, yot keldi,
Men bunda yo‘qligimda.

Meni nazarga ilmay,
Bilgancha turdi ular.
Olam ularga qoldi,
Men bunda yo‘qligimda.

Yo‘qligimda daraxtlar
Holsiz to‘zib ketishdi.
Ko‘p narsa yo‘qotishdi,
Men bunda yo‘qligimda.

Yo‘qotganni tiklamoq
Qo‘limdan kelmas, endi —
Yo‘qligim bilinmagay
Men bunda yo‘qligimda.

Ruschadan Ismoil Mahmud tarjimasi