Osip Mandelshtam (1891-1938)

Buyuk rus shoiri Osip Mandelshtam 1891 yilda Varshava shahrida savdogar oilasida tug‘ilgan. Uning bolaligi va yoshligi Peterburgda o‘tadi. Keyinchalik bir muddat Parijda tahsil oladi,ammo so‘ng Peterburg universitetida o‘qiy boshlaydi.
Keyinchalik u Moskvaga ko‘chib keladi. Inqilobni qabul qilmagan shoir juda og‘ir hayot kechiradi. Stalinni qoralab yozilgan she’rlari uchun 1934 yilning 13-chidan 14-chi mayga o‘tar kechasi Osip Mandelshtam NKVD tomonidan qamoqqa olinadi.
Shoir 1938 yilda Vladivostok shahri yaqinidagi lagerlarning birida olamdan o‘tadi.

* * *

O‘ltiribmiz xonada yolg‘iz,
Kerosindan anqir xushbo‘y is.

O‘rtada non va o‘tkir pichoq…
Gar istasang, yondirgin o‘choq,

Yo bo‘lmasa, bu qavat-qavat
Ipni olib to‘qiylik savat –

Chiqmoq uchun yo‘lga – yiroqqa –
Bizni hech kim topolmas yoqqa…

* * *

Sening bu nozik yelkang qamchilardan qizarar,
Qamchilardan qizarar, sovuqlarda bo‘zarar.

Qo‘llaring bo‘lar ado dazmolni ko‘tarmoqdan,
Dazmollar ko‘tarmoqdan, arqonlarni o‘rmoqdan.

Tovonlaring qonaydi shishalarga tilinib,
Shishalarga tilinib, tikanlarga shilinib.

Men-chi, sen deb, seni deb, qora shamdek yonarman,
Qora shamdek yonarman, duolardan tonarman.

Rus tilidan Xurshid Davron tarjimasi

* * *

Kechqurun hovlida yuvindim: suv — muz,
Er zarang — to‘nggandek qahraton qishda.
Bolta yuzida sho‘r — bamisli yulduz,
Yax qotib qolgandi yog‘och idishda.

Darvozada qulf osig‘liq turar,
Tevarak qaxrli boqar chunonam…
Haqiqatning bundoq suvrati sira
Biron-bir asarda emas mujassam.

Tuz yanglig‘ eriydi idishda nurlar,
Yaxlagan suv esa qorayar juda.
O‘limning qo‘li naq ko‘ksingga kirar,
Borliq qat’iy hukm kabi osuda.

* * *

Hali sen tiriksan, emassan yolg‘iz,
Hali yonginangda g‘amkash do‘sting bor.
Ko‘zingni yayratar dashtdagi ang‘iz,
Hatto tasallidir zulmat, ayoz, qor.

Kabir qashshoqliqda, buyuk xorliqtsa
Yasha osoyishta, dilga ber taskin.
Bu damlar chindan-da g‘animat, zero
Mute umrda ham huzur bordir, chin.

Baxtsiz ul — qo‘liga kishanlar kiyib,
Shamol va itlardan zada bo‘lgan zot.
Sho‘rlik ul — yashashga so‘ng bor intilib,
Manfur soqchilardan tilangan najot.

* * *

Nurlar izdihomi jazb etar takror,
Mast aylar ruhimni ajib ifori.
Xalqqa havo kerak toza va zangor,
Unga non kerak va Elbrus qori.

So‘rab ko‘rmoqlikka kimsa yo‘q, zotan
Qaerdan izlayman yakto sirdoshni.
Topmaslar na Qrim, na Ural yoqdan
Bunaqangi shaffof yig‘loqi toshni.

Xalqqa ash’or kerak sirli va ezgu,
Har tong ajib ruh-la uyqudan tursin.
Undan tuyub hargiz ifor va yog‘du,
Ohanglari aro cho‘milib yursin.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi

* * *

Tun ichra yuvindim, chayindim hovlida,
Qatqoq zamin dag‘al yulduz-la yaltirar.
Bolta yuzida nur – jilva tuz holida,
Toshgancha muzlagan bochka ham qaltirar.

Mahkam zulfunlangan naqshinkor darvoza,
Zamin ham chinakam to‘ngib-da yaxlagan.
Harir mato, ana, haqiqatdek toza,
Asos o‘zga topmam o‘zini yoqlagan.

Bochkada-chi, tuzdek erib ketar yulduz,
Va muzlagan suv ham nihoyat timqora.
O‘limdan-da toza, qayg‘u achchiq, sho‘r,
Zamin ham qo‘rqinchli, rostgo‘y dilpora.

QIMORXONA

Men beg‘araz quvonch muxlisi emasman,
Gohida tabiat – kulrang dog‘dir, xolos.
Qashshoq hayot rangin tatiydirman oz-moz,
Engil sarxushlikda menga bo‘lmish butan.

Shamol bulutlarning sochin to‘zg‘itar,
Dengiz tubi sari sho‘ng‘ir langar, boz,
Ham nafasi so‘nik go‘yoki tosh qog‘oz.
Tubsizlik labida salanglab ruh turar.

Suyukli maskanim qumzor – qimorxona,
Xira derazadan kenglikka, boq, ana,
G‘ijim dasturxonga mayin nur taralar.

Ko‘kimtir suv bilan atrofim o‘ranar,
Qachonki, xuddi gul – billur qadah, mana,
Sevaman chag‘alay kuzatmoqni besar!

* * *

Ranglar-da niliy, och emal bo‘yoqda,
Aprelda-chi, shunday tuyuldi.
Qayinlar butog‘in yoydi har yoqqa,
Ham nogahon oqshom quyuqlashdi.

Sayqallangan, inja sirli naqsh-da,
Nafis to‘r qatida ajoyib jilvir.
Rost, chinni tarelka – tiniq idishda,
Suvratlangan edi aniq bir tasvir, –

Kim aziz naqqoshi, bilmam kimligin,
Zarang shisha sirtin bezagan damda,
Tuyaman o‘tkinchi qudrat jimligin,
Qayg‘uli o‘lim-chi, xayol, odamda.

* * *

Mayindan mayindir
Yuzlaring sening,
Oppoqdan oppoqdir
Sening qo‘llaring.
Butkul dunyosidan
Olisdasan sen,
Ham butun borlig‘ing –
Qismating, yo‘llaring.
Qismat yo‘llaridan
Sening qayg‘ung, hasrating.
Sovumagan yillar,
Barmoqlaring ham.
To‘xtamas so‘zlarning
Sokin sasi-yu,
Ko‘zlaring ufqlari-da,
Qismat, mahbubam.

* * *

Bolalar kitobin o‘qimoq faqat,
Yakkash bolalarcha o‘ylar o‘ylamoq.
Katta narsalarni itqitib uzoq,
Qad teran qayg‘udan rostlab, nihoyat.

Hayotdan o‘lgudek charchadim ro‘y-rost,
Uning hech vaqosi kerakmas endi.
G‘arib vatanimni sevmog‘im chindi,
Zotan, ko‘rmaganman o‘zgasin, xolos.

Arg‘imchoq uchardim men ovloq bog‘da,
Shunchaki oddiy bir yog‘och arg‘imchoq.
Qora chag‘alaylar xushhad, eslamoq
Ishimdir alag‘da tumanli chog‘da.

* * *

Ding quloqqa yelkan berur kuch,
Keng nigohim bo‘shliqda yuzur.
Tun qushlarin sasida o‘kinch,
Sukunatdan o‘tadir suzib.

Men g‘aribman, oh, tabiatdek,
Osmon kabi erurman oddiy.
Va yarim tun qushlar sasidek,
Hurligim ham shaffofdir jiddiy.

Jonsiz Oyni ko‘raman mag‘rib,
Va bo‘zdan oq osmon ham tanho.
Bo‘shliq! Sening kalavang g‘arib,
Olamingni etgaydurman jo.

* * *

So‘zanaklar uchar beuyqu,
Tim ko‘lmakda jilva uyg‘onar,
Va sal halqa solib qo‘yar suv,
Qanotlari betinim titrar.
Ortlaridan kalava tortar,
O‘rgimchak to‘rini to‘qir.
Qanotlarin sekingina yopar,
Va to‘lqinlar janoza o‘qir.
Va men nechun xafaqon, g‘amgin,
Ham bo‘shliqqa tashlayman o‘zni.
His etaman nishtar sanchig‘in,
Qalb puchmoqlarida tuyaman muzni…

* * *

Ming irmoqli oqimda –
Bahoriy erkalash shildirar.
Sirg‘alib izvoshi g‘ildirar
Parvonadek yengilgina.

Men bahorga jilmaydim,
Va yashirin qadadim nigoh, –
Ayol barqut qo‘lqopda, voh,
Uyquda jilmayib borar jim.

U borar yo‘l aro,
Azaliy egnida shohi,
Nafis to‘r ro‘mol-la ey voh,
U ham edi qop-qora.

* * *

Daraxtidan tushgan meva ovozi,
Ohista-yu bag‘ri, dilgir ham hazin.
Adog‘i ko‘rinmas naqorat, sozi,
O‘rmon sukunatin teran nafasi.

Rus tilidan Tursun Ali tarjimasi

TEMIR

Temirdan tokchalar, yillar o‘tyapti,
Hatto havo temir soqqaga to‘ldi.
Rangsiz edi asli suvdan o‘tyapti,
Xayol bilan yostiq pushtirang bo‘ldi.

Hasad uchun tirik – temir haqiqat
Dasta ham temirdan va temir tugun.
She’riyat ham bo‘ldi temirdan faqat,
Kesilgan joyidan yoshlanib bugun.

* * *

Non hamda qorlar Elbrus tog‘idek
Nur hamda sof havo zarur xalq uchun.
Men turib yorug‘lik koni bog‘ida
Nega nur qizg‘onay, ayting-chi, nechun?

O‘shandayin shaffof va mungli toshlar,
Hozir yo‘q Qrimda, O‘rolda qarang.
Maslahatchim yo‘q meni ish boshlar,
O‘zim esa toparman ularni arang.

Xalqqa aziz, sirli she’r kerak yana,
Mangulik mudroqdan uyg‘onish uchun.
She’rdagi nafosat, avji tantana
Hamda jarangida poklanish uchun.

* * *

Ko‘zimiz o‘ngida soxtagarchilik,
Noqisliklarni ham ko‘rib qolamiz.
Ularning uzluksiz bu ocharchilik
Tuhfasini endi nima qilamiz?

Va ular ustidan asta sudralgan
Xoinning ko‘zlari alangu jalang.
Illatlar qayerdan, qayerga degan
Savollar bizlarda doim ko‘ngdalang.

* * *

Yashayapmiz atrofda yurtni his qilmay,
Gaplarimiz nariga ham eshitilmay.
Ovozing chiqqudek bo‘lsa hamisha,
Kreml tog‘ligini qilishar pesha.

Unda panja yo‘g‘on, zulukday, yog‘li,
So‘zlari ham xuddi toshday zalvorli.
Kulsa suvarak ko‘z, atrof qaltirar,
Dahshat solib etik sog‘i yaltirar.

Atrofida giryon dohiyvachchalar,
Xizmat qilar yarim odamvachchalar.
Kimdir xushtak chalar, kim miyovlab qo‘yar,
G‘iring desang ikki ko‘zingni o‘yar.

Taqa tuhfa qilgan izma-iz farmon,
Nasibador chekar afsusu armon.
U qatl etmagan kun – malina hayot,
Demak osetin dilida yangragan bayot.

* * *

Kelajak shoni deb yumdilar komim,
Oliy nasabni deb olmadim duo.
Otalar bazmida oldilar jomim,
Obro‘-shodligimdan bo‘ldim mosuvo.

Ustimga tashlanar bo‘ribosar – asr,
Garchi qonim bilan emasman bo‘ri.
Menga sibir po‘stini bo‘ladi qasr,
Yashir meni shu yerga, bo‘lar ish zo‘ri.

Nomardni ko‘rmasam men baxti qaro,
Qonli suyaklarni ko‘rganim qursin.
Havorang tulkilar butun tun aro,
Qadimiy ko‘rkida porlashib yursin.

Tunda olib ket meni Yenisey tomon,
Qarag‘ay tirmashgan yulduzlar sari.
Men bo‘ri emasman, axir, men, inson
Va meni mahf etar o‘z tengim, inon!

TUXUM

Dashnom berar edi tuxum tovuqqa:
“Ilitmay qoldirding meni sovuqqa,
Ha, sen ancha meni tuqqansan yomon,
Qiyshiq ham qo‘ygansan yonboshim tomon.

Yaxshi asramading deya: “el kulsin”
Endi o‘zing uyal! Ajablar bo‘lsin.”

* * *

Zavodini yurgizgan tekin shamol, voh,
Botqoqqa yo‘l uchun yog‘och to‘shalgan,
Vanka – kalitdorga bo‘lgan sayilgoh –
Muhim qo‘rg‘onlarda menman yashagan.

Tunda dashtdagi ko‘l suvlari anqib,
Sovuq ham munchoqday suzlatar bezab.
Ranjigan xo‘jayin yurardi sanqib,
Rusning etigida bo‘lib darg‘azab.

Sahn taxtalari egilgan biram –
Tobut taxtasiga o‘xshab ko‘zimga.
Begona uyda yo‘q menga hech orom,
O‘z hayotim go‘yo yiroq ko‘zimga.

* * *

O, riyoni qancha yaxshi ko‘ramiz:
Etuklikdan ko‘ra biz yoshlik zamon.
O‘limga juda ham yaqin yurganmiz,
Yashayapmiz buni unutib oson.

Yana boladayin chala uyqu kas,
Ranjib ham yuradi, olmayin so‘zim.
Meni arazlatar odam topilmas,
Balogardondirman har yerda o‘zim.

Ammo suvning chuqur joyida behush
Baliqday uxlagim yo‘q meni aslo.
Hatto azob bo‘lsa ham yoki tashvish –
O‘zim tanlaganim qadrli, a’lo.

ASO

Hur, erkinlik timsoliday adl
Mening asom – vujud tayanchi.
Bo‘lsa rostim xalqniki, dadil –
Yuragimning bo‘lar quvonchi.

Ekinzorda haroratdir kam,
Erimaydi ancha vaqt qor.
Zavqi yo‘qdir suvlarini ham
Bo‘lsa hamki ko‘plab uzumzor.

Men zaminga qilmadim ta’zim,
O‘ch emasman uncha irimga.
Qo‘lda asom, baralla so‘zim,
Jo‘nab qoldim men uzoq Rimga.

Haqiqat oftobi nur sochgan zamon
Qoyada ham qorning erishi naqddir.
Yo‘l olgan o‘g‘liga buyuk Rim tomon
Aso tutqazgan xalq begumon haqdir.

* * *

Qo‘y meni Voronej, bergin o‘zimga,
Yo‘qsa yo‘qotasan, yo berasan boy.
Yo tushirvorasan, kirgin so‘zimga.
Voronej – sen aysh, zog‘, pichoq hoynaxoy.

Rus tilidan Jamoliddin Muslim va Yusuf Mirzamahmudov tarjimasi

KASSANDRAGA

Yayrab yashaganda izlamay aslo,
Kassandra, labing, yuzingni sening,
Ammo dekabrda bedor onlarda,
Iztirobga solar xotiralaring.

O‘n yettining dekabrida ko‘p
Narsalarni yo‘qotdik bilib.
Kim talandi xalq xohishi deb,
Kim o‘z-o‘zin xomtalash qilib…

Vaqti kelib sho‘xchan poytaxtda
Skiflarning Neva saylida,
Baldan ko‘ngil aynigan paytda,
Ro‘molingni yulqishar shartta.

Magar hayot alahsirashdir,
Kema-o‘rmon – eng baland shahar.
Xor g‘alaba sevgi talashdir,
Qish o‘latda qolsa ham agar.

Zirxli qurol liq to‘la maydon,
Nochorlarni ko‘raman bugun.
Qo‘rqarmidi tayoqdan arslon:
Ozodlik, tenglik va qonun.

Kassandra, kasalmand, ojiz,
Ortiq chidolmayman – ne kerak.
Aleksandr quyoshi nursiz,
Yuz yil oldin porlagan demak?

* * *

Suzib chiqding – ro‘molli bir oy –
Nimqorong‘i u xonadan nogoh..
Biz hech kimni bezovta qilmay –
Qarolni ham qilmadik ogoh…

* * *

Muzlagan havoda suzar yengil dud,
Istayman, bag‘riga olsa yax hudud.
Va meni g‘amgin erk quchsa beayov,
Yo‘qlik olsa… ammo yuribman yayov.

Qorli ko‘chada, oqshom chog‘ida,
Piyoda duch kelar gohi-gohida,
Itlar hurayotir, G‘arb hali uyg‘oq,
So‘zlashmam! So‘zlar yo‘qolgan nogoh?!

* * *

Ulkan ko‘lmak tiniq va shilta,
Va sog‘inch oynasi oqarar.
Qalb-chi, negadir imirsib, asta
Va o‘jarlik bilan tosh bosar.

Goh bor vazni bilan cho‘kadi,
Qo‘msagandek yumshoq tuproqni.
Goh somondek chuqurni chetlab,
Qalqib chiqar avrab botqoqni.

Soxta mehribonlik ko‘rsat qoshida,
Bir umr o‘zingni o‘tgin allalab;
Ertakdek sog‘inch jomini sipqor,
Mag‘rur hijronni-da avragin aldab.

* * *

Yovuz va yelimdek girdobda,
O‘ndim, qamishdek qadraso.
Ehtiros, quvonch va mehrdan,
Bir umr bebahra, mosuvo.

Egildim, bir kimsa sezmadi,
Batqoq va muz qadar bandargoh…
Olqishlab, shitirlab kuyladim,
Bir lahza vaqt berdi tramoh.

Baxtliman shafqatsiz ozordan,
Ham tushga o‘xshagan hayotdan;
Va qaltis xasadgo‘y makkordan,
Va ishqqa aylangan nafratdan.

Rus tilidan Eshqobil Vali tarjimasi