Mixail Svetlov (1903-1964)

Mixail Arkadevich Svetlov (haqiqiy familiyasi — Sheynkman; 4 (17) iyunya 1903, Yekaterinoslav — 28 sentyabrya 1964, Moskva) — rus shoiri, dramaturg va jurnalist, harbiy muxbir.

TIRIK QAHRAMONLAR

Shafkatni bilmagan,
Kokildor Taras,
Eshitilar menga
Kechalar, hayhot! —
Eshik orqasidan
Dahshat to‘la sas:
“Andriy! Senga men bergandim xayot!…”
Go‘zal panna turar,
Yuzida yo‘q, qon.
Shamolda o‘ynaydi o‘rim sochlari.
Uq teshgan Andriy
Qular nogahon
Bo‘ronda yiqilgan qayin singari.

Poltava ustida
Suzar yarim tun,
Mana u, bor ichra kezar rudapo.
Bu kech
Rossiyaga qarshi yashirin
Yurish o‘ylamoqda sotqin Mazepo.

Kochubey tutqunda,
Qorong‘u zindon.
Qochishni o‘tkazar mahbus ko‘ngildan.
Tong bilan Kochubey
Qatl etilgan on
Evgeniy Onegin turdi o‘rindan.

«Pechorin! O, dahshat!
Atrof zim-ziyo.
Shubha o‘rtamoqda, do‘stim, dilni ko‘p».
Qimor o‘ynar ekan Dostoyevskiy,
Kampirlarni bo‘g‘ar
Shum Raskolnikov.

Jimgina pirpirab
So‘nar yulduzlar,
Tong otib kelmoqda quyuq tumandan.
Parovoz qo‘zg‘aldi,
Titradi izlar,
Anna Karenina ayrildi jondan.

O‘rtoq klassiklar!
Endi shumi ish!
Bari qahramonlar yitib ketmoqda!
Nahot, niyatingiz
Faqat o‘ldirish —
Duel,
Poezd yo‘li
Va yo sirtmoqda!

Roman yozmoqchiman o‘zim,
Kattakon!
Kitobining birinchi betidan boshlab,
Hunar o‘rganadi
Har bir qahramon,
Men xam o‘rganaman g‘aflatni tashlab.
Ruhiy azoblarga bo‘lsayu taslim,
Qahramon zerikib qolsa biror kech.
Parovoz ostiga
Tashlayman o‘zim,
Ammo qahramonim tashlamaymav xech.

Bu yorug‘ dunyodan
Ko‘z yumsam agar,
Tobutum ortidan
Iztirob-la jim —
Meni so‘nggi yo‘lga kuzatib borar
Men qutqarib qolgan qahramonlarim.

Qabrim tepasida
To‘xtagan yo‘lchi
So‘raydi:
— O‘lgan kim? So‘yla, birodar!
Qahramonlar aytar:
— Svetlov o‘ldi!
Haqiqiy yozuvchi edi u odam!


RUMOLIK YIGIT

Tuproqda yotipti rumolik yigit,
Ko‘ksida benaqshin, oddiy qora but.
Mushtipar onaning yolg‘iz o‘g‘loni,
Musofir o‘lkada uzilgan joni.

Neapol shahrida o‘sgan azamat,
Nima izlab kelding Rossiyaga, ayt?
O‘z ona tuprog‘ing, go‘zal yurting bor,
Netardi, elingda bo‘lsang baxtiyor?!

Men seni Mozdokda o‘ldirgan odam —
Vulqonli yurtingni g‘oyat sevardim.
Bepoyon Volgada shavq ichra bir dam
Engil gondolada suzmoq istardim.

Va lekin men, axir miltiq ko‘tarib
Sening diyoringga yo‘l olganim yo‘q!
Rafael qadami tekkan yer uzra
Uchib o‘tgani yo‘q men otgan bu o‘q!

Men o‘z tuprog‘imda o‘q uzdim, bu yer
Meni ardoqlagan kutlug‘, ezgu yer!
Bu o‘lka haqida aytilgan ertak
Tarjimada shunday chiqmasa kerak.

Mening O‘rta Donim, qo‘ng‘ir tuprog‘im
O‘rgangan edimi chet ellik olim?
Munisam Rossiya, Rossiyam yerin
Yo sen haydab ekkan edingmi ekin?

Seni keltirdilar poyezdga ortib
O‘zgalar yerini olmoqqa tortib.
Toki sen ko‘ksingga taqqan bu salib
Mozoring ustida tursin yuksalib…

Yo‘q! Qilich ko‘tarib, hech inson hech vaqt
Mening diyorimga qo‘yolmas oyoq,
O‘q uzdim — dunyoda yo‘qdir adolat
Dushmanga men uzgan o‘qdan odilroq.

Musofir o‘lkada bukun jon berdi
Mushtipar onaning yolg‘iz o‘g‘loni.
Jonsiz ko‘zlarida aks etib turdi
Go‘zal Neapolning zangor osmoni.

Erkin Vohidov tarjimasi

GRANADA

Biz yeldik yo‘llarda,
Jangda uchdik shay,
“Olmacha” qo‘shig‘in
Tillardan qo‘ymay.
Eh, o‘sha qo‘shiqni
Bag‘rida asrar
To hanuz dashtlarda
Zilol maysalar.

Lekin o‘zga qo‘shiq –
Olis yurt dardi
Egarda oshnamga
Hamroh yurardi.
Kuylardi ufqiga
Boqib yurtining:
“Granada, Granada,
Granadam mening!”

Doim takrorlardi
Shu qo‘shiqni u…
Qaydan bu yigitda
Ispancha qayg‘u?
Ayt, Aleksandrovsk,
Xarkov, aytingiz:
Ko‘pdanmi ispancha
Kuyga o‘tdingiz?

Ayt, shunda, Ukraina,
Yotmasmi, axir,
Taras Shevchenkoning
Papog‘i sag‘ir?
Xo‘sh, qaydan, og‘ayni,
Qo‘shig‘ing sening:
“Granada, Granada,
Granadam mening!”

Xayolparast xoxol
Shoshmas javobda:
– Uka! Granadani
Topdim kitobda.
Chiroyli nom ekan –
Shonga sazovor
Ispaniyada Granada
Viloyati bor!

Uyimni tark etdim,
Kirdim maydonga,
Granada yerin deb
Beray dehqonga.
Xayr, deng, oilam,
Do‘stlar, xayr, deng!
“Granada, Granada,
Granadam mening!”

Uchardik, istakka
To‘liq dilimiz:
O‘rgansak jang ilmin,
To‘plar tilin tez.
Shafaq ko‘tarildi,
Er quchdi takror.
Toldi ham dashtma-dasht
Yugurib tulpor.

Kuylar “Olmacha”ni
Eskadron, biroq
Zamon g‘ijjagida
Kamoni – firoq.
Xo‘sh, qayda, og‘ayni,
Qo‘shig‘ing sening:
“Granada, Granada,
Granadam mening!”

O‘qqa uchgan vujud
Og‘ib yiqildi,
Ilk marta egarni
Do‘stim tark qildi.
Ko‘rdim: oy egildi
Jasadga, xira,
Shunda o‘lik lablar
Titradi sal: “Gra…”

Na-da so‘z. Na ko‘z yosh…
Osmon bo‘shlig‘i…
Ketdi mening do‘stim,
Ketdi qo‘shig‘i.
Shu-shu eshitmadi
Jon yurti uning:
“Granada, Granada,
Granadam mening!”

Safimiz sezmadi
Yo‘lga-yo‘l ulab, –
“Olmacha” qo‘shig‘in
Tugatdi kuylab.
Faqat ko‘kdan tushdi
Sirg‘alib dilgir
Shafaq barqutiga
Bir tomchi yomg‘ir…

Hayot yangi-yangi
Qo‘shiq topdi ham…
Ne kerak qo‘shiq deb,
Do‘stlar, chekmak g‘am.
Ne kerak, ne kerak,
Ne kerak. Qo‘ying…
“Granada, Granada,
Granadam mening!”
1926

KOLKA

Ekaterinoslav dashtida,
cheksiz
O‘tloqlar
poyonsiz kengliklar aro
Maxnochi Kolkani qo‘lga oldik biz,
Shahar ko‘rsin uchun,
bilsin uchun yer bilan samo,
Menga topshirildi uni qatl etish.

Yo‘lga tushdik…
U – quvnoq va mast,
Men – uning ortida qat’iy va sarkash…
Kun bo‘yi charchagan quyosh bu nafas
Go‘yo o‘ldirilgan,
bag‘ri qontalash.

Keldik…
Men tepkiga qo‘l yubordim jim,
Kolka esa so‘zsiz, ohista
Xayrlashmoq uchun menga cho‘zdi qo‘l,
Besh barmoq,
Jon-jahd-la hayotga intilgan besh yo‘l…
Kolka, Kolka… Qayda mening g‘azabim?
Yo‘q, men o‘q uzmadim,
ortga qaytdik biz:
Tug‘ilgan paytdayoq, uning chamamda,
Olchi tushgan ekan oshig‘i.
Biz ketdik olislab va tonggi damda
Bryansk zavodining naq yonidagi
Bir notanish qovoqxonada
Yangi do‘stlik bilan ikkimiz
Chin dildan qutladik bir-birovni, biz –
Unutib maxnochi ekanini u,
Unutib yahudiy ekanimni men.
1924

YuLDUZLAR

Men ham g‘ijjak “oh” tortsa, shoshib –
Izlagayman goh ro‘molchamni
Va og‘zimning tanobi qochib,
Uchratgayman ota-onamni.
Ammo bo‘lmas tanni – bo‘rondan,
Bo‘g‘ilishdan – ovozni asrab.
Men turaman, – buyruq zamondan, –
So‘yil ushlab g‘ijjakka qarab.
Ko‘rdim uni, qulog‘i og‘ir,
Yosh sirg‘alar yuz, iyagidan:
Kutardi u – Betxoven – dilgir,
Shtab oldi, qayin tagida.
Men o‘sha kun band edim chunon.
Ketdi oxir.
Ayni yarim tun
Bir musiqiy ko‘z bilan shu on
Menga boqdi yulduzlar beun.
Tong oldidan zangori tuman
Qo‘nishini kutib bir hisda,
Bor tabiat ilhom, dard bilan
Fortepyano chaldi ohista.
Barcha yulduz qilmishim yoqlab,
Boshim uzra qo‘ndi shu tunda, –
Ovoz berdi yulduzlar oqlab
Men – jangovar insonni shunda.
1927

ZAMON QIZIGA

Nog‘oraning zarblari hissiz,
Uyqu bermas tong tumaniga, –
Janna d’Ark ot qo‘yar bu kez
Qamaldagi Orleaniga.

Kesib qo‘yar minuet nogoh
Juft qadahning ahd-paymon unin,
Trianon nishonlar quvnoq
Mariya Antuanetta kunin.

Yigirma besh sham quvvati jam
Kichikkina elektr chiroq –
Egilasan, singlim, azizam,
To‘ldirilgan daftarga bu chog‘:

Mudhish yangrab, qo‘ng‘iroq, oqlar –
Shum cherkovning “muqaddas” sha’nin:
Janna d’Ark gulxanga chog‘lar
Nozikkina bokira tanin.

Jallod hatto na bir zum titrar
(Qonrang kiyim – boshdan-oyoq qon), –
Antuanetta bo‘ynin qidirar
Gilotina pichog‘i shodon.

Yulduzlardan ortga o‘tdi tun,
Charchamading – muqova aro
Sen topshirgan sinovning butun
Varaqlari bir-bir bo‘ldi jo.

Ko‘rpaga kir, tez kelgay uyqu,
Toliqtirma o‘zingni hargiz.
Boq, yulduzlar ko‘kdan tushdi-yu,
Tarqalishdi uyma-uy beiz.

Shamol ochdi darchangni, lekin
O‘zga uyga solmas nazarni,
U ko‘rmoqchi xonangga sekin
Kirib kelgan xotiralarni.

Bizning qizlar kamarni siqib,
Qo‘shiq bilan tik boqib yovga,
Quladilar goho pichoq yeb,
Tashlandilar ba’zan olovga.

O‘shanda ham mudhish qo‘ng‘iroq
Nog‘oraga berardi navbat…
Har o‘rtoqlik mozoriga boq –
Bir Jannamiz yotar bu fursat.

Chorlar uyqu – mayin bir xilqat
Og‘ushiga tortadi seni.
Kulranggina ko‘ylaging faqat
Bezar stul suyanchig‘ini.
1925

ShE’RIYaTIM

Yo‘q! Hayotim zanglardan xalos,
Kunim o‘tmas qashshoqlik aro…
Mamlakatim – she’riyat, xolos,
Men – abadiy unga fuqaro.

Olovnafas she’r bilan, bilgil,
Men davrga faqat boj bermam –
Men yozaman sevajak har dil,
Ayrilajak yo‘llar uchun ham.

Ko‘p narsani olis yo‘l tamom
Xotiramdan badarg‘a qildi.
Allaqachon yoshlik degan nom
Marmar lavha bo‘lib qoqildi.

Ishlar uncha yomonmas, ammo,
Kitobxonga tanishman, biroq –
Men piyoda kezdim davr aro
Goh etikda, goh yalangoyoq.

Mana, ko‘ndim taqdirga, niyat:
Ishlarimni bir-bir jamlamoq.
Ammo nogoh kelib She’riyat
Naq yoqamdan oldi-da, shu choq,

Menga doim qadrdon, xushhol
Odamlarning bag‘riga otdi:
“Sen tushuntir nima istiqbol,
O‘tgan kun ne? – deya so‘z qotdi, –

Sendan o‘zin tortmasin hech kim,
Atrofingga do‘stlar yig‘ilsin.
Avtobusga o‘tir, azizim,
Ular seni safdosh deb bilsin.

Birga yashab, birga mehnat qil,
So‘ng ularning ishq, baxti va har –
Orzusini sen kelgusi yil
Shoirona cho‘qqiga ko‘tar.

Ayon bo‘lgay shunda ko‘p sirlar,
O‘rganasan kuzatmoqni ham.
Goh quyoshda dog‘ ko‘rsang agar,
Bel bog‘lagin artmoqqa shu dam.

Shundoqqina eshikdan nari –
Olisdamas, voqealar, boq,
Arslon kabi yulqinar bari,
Faqat qiyin qo‘lga o‘rgatmoq!”

Shu-shu odat menga bir orzu:
Kattaga ham, kichiklarga ham
So‘nggi gugurt cho‘pidan mangu
Osmon o‘par gulxanlar yoqsam!

Chorlar ekan shu gulxan, shu taft,
She’rga qo‘noq bo‘lay deb tunda,
Kirib kelar odamlar saf-saf –
Notanish ham, tanish ham shunda.

Tinch turmushda, yo qo‘lda miltiq,
Yo Qutbda, qayda iliq so‘z –
Bir hamdardga kim bo‘lsa intiq,
She’riyatim unga munis do‘st.

Na muhlatli, na doim bu ish:
Men zamondosh do‘stimga goho
Haq to‘layman – misralar kumush,
Hoshiyasi oltindan ammo.

Tonglar, burkang olamni zarga,
Tong nurlari quyiling mayin!..
Boqdim olis sayyoralarga,
Ko‘rolmadim biror tup qayin!

Uni faqat menga baxsh etdi –
Tabiatdan bu daraxt hadya…
Ayting – axir, sizdan ne ketdi! –
Uncha keksa emassan deya,

Seni hali bu tulpor hayot
Na yiqitdi, deya, na egdi,
She’riyating o‘q kabi bot-bot
Yangrab, aniq nishonga tegdi.
1957

SULIKO

(Rodam Amirejibiga)

Boshlagayman, Suliko, bu chog‘
Seni ajib o‘lkalar tomon.
Bu, chamamda, juda ham yiroq,
Huv, yoshligim yashagan makon.

Ortda qolgan olis yillar bu…
Ukraina… Quyosh jilmayar…
Gulyay-Polya bo‘ylab ucharu
Maxno meni mo‘ljalga olar.

Go‘l palapon edim u payt xo‘p,
Men ilk bora angladim, inon,
Jo‘n o‘yinchoq to‘pponchadan ko‘p
Nagan og‘ir ekanin u on.

Yigirma yil keyin, bir kuni, –
Shundoqqina yaqin, boq, bari! –
Men eseschi pistoletini
Ko‘kragingdan itardim nari…

Qo‘lingni ber! Eslaylik birrov
Olis kunlar tongin, o‘y surib.
Ehtiyot bo‘l! Boryapmiz ikkov
Do‘stlarimning qabridan yurib.

Bilasanmi, sen hayot yurib, –
Ne degani do‘stni yo‘qotmak?
Bil, bu: ming bor “Salom!” deb turib,
Nogahoniy “Alvido!” demak.

Men ko‘p narsa bildim hayotda,
Ishonch – qat’iy, but, silsilalik:
Loyihalanar kanal odatda
Volga-Dondek: Yoshlik-Keksalik.

Quloq tutgin, Suliko, bu dam
Yo‘l olgaymiz o‘lkalar tomon –
Ki uzoqmas, bilsang, rostdan ham,
Keksaligim yashovchi makon.

Men tobora ko‘raman ravshan:
Chiqib borar qo‘lida hassa,
Kelajakning zinalaridan
Soqol-murti qirilgan keksa.

Bu – menman! Ha, bildingmi, menman!
Qaynoq sevging bilan mast kimsa;
Men – do‘stlari goh havas qilgan,
Yoshligi, deb tugamas kimsa.

Jasoratga chanqoq, beminnat,
Er chizmasdan, bilmayin qo‘rquv, –
Angla meni, – shu taxlit faqat,
Faqat shunday keksaymoq orzu.

Men yashadim qo‘rqmay dahshatdan,
Zaru zevar jamg‘armay hech bir.
So‘ng dam titrab cho‘ng muhabbatdan,
Quchib olgay meni ona – Yer.

Suliko! Sen – aziz vafodor!
Yoshligimga, ey, sodiq hamroh.
Go‘yo bugun yonimga takror,
Kelgandeksan qo‘shiqdan nogoh.
1953

IQROR

Aslo yoshligimdan o‘girmadim yuz,
Ne qilsam – xush yoqar o‘zimga bu vaqt.
Hapshanba kun yoqqan yomg‘irdan tekis
Gullagandek bog‘da yaydoq dov-daraxt.

Men – tirik, demakki, yashar muhabbat!
Sen uchun, yolg‘izim, tengsiz dilrabo,
Eng yaxshi so‘zlarni topdim bu fursat
Eng a’lo lug‘atlar varag‘i aro.

Osonmas o‘xshatish topmoqlik ammo,
Ko‘zlaring naq she’rdan izlaydi maskan,
Ularni zangori buloqdek go‘yo
Qoshing obkashida tinmay tashiysan.

Ikki dunyoda ham takror etolmam –
So‘zlaring olovki – har bir sasida
Yig‘moqqa qodirdir qorbo‘ronda ham
Barcha turnalarni Rus dalasida.

Bo‘lgayman barchadan boyroq, istasam,
Qashshoqman deya arz qilishim qiyin.
Senga olib beray borliqni, desam,
Etmaydi atigi bir necha tiyin.

Ko‘p yashab, ko‘p narsa boshdan kechirdim,
Men senga, navqiron, mag‘rur – bir bog‘lam
Shox-shabba misoli – orzum keltirdim,
Gulxan yoq, isingin, sovuq juda ham…
1959

OVChILAR QO‘NALG‘ASI

She’rlar kitobimni ochganimcha men
Boqaman: odatiy, tanish barchasi.
Yoshligim! Ovchilar qo‘nalg‘asi sen,
To hanuz yorug‘dir uning darchasi.

Ko‘ngilchan ovchilik kasbiga, yana
Ishonib qalbimning shafqat hissiga
Kelishdi soddadil hayvonlar, mana.
Qo‘l ham tegizmasman birortasiga!

Yashashmas, bu – jang-ku turgan-bitgani!..
O‘tilgan yillarning tozisi, do‘stim,
Vujudi tirnalgan, ey, kuchuk, qani,
Kir mening xonamga, orom ol bir zum.

Men qancha yashadim, hayot cho‘tlaydi,
Qanday yordam kerak yana men uchun!
Ehtimol, bir kamim kapalak saydi?
Menga fil yetishmas, ehtimol, bugun.

Oson kechgani yo‘q hayotim bir dam,
Qancha chaqirimni piyoda o‘tdim!..
Hurkak quyonni ham, karkidonni ham
Yozuv stolimga men taklif etdim.

Keksalik, bu – bezak, uvada emas,
Charchagan kishining yoshligi asli, –
Bizning quvonchlaru g‘oyaning o‘lmas
Nuroniy savlati, ulug‘vor fasli.

Ehtimol, qo‘llarim endi yozolmas
Odamga eng zarur so‘zlarni hech vaqt,
Mayliga, koinot nafas olsa, bas,
Qulf urib o‘ssa, bas, maysayu daraxt.

Hayotim! Nahot, men bugun sersavlat?!
Bir o‘quvchingman-ku, bolakay go‘yo.
Salom, xilma-xillik – sirli jamiyat,
Salom, ey tuyg‘ular, rango-rang dunyo!
1962

Rus tilidan Abdulla Sher tarjimasi