Mirza Fatali Oxundov (1812-1878)

Oxundov Mirza Fatali (Mirzə Fətəli Axundov) [1812.30.6, Sheki (hoz. Nuxa) – 1878.26.2, Tiflis] — ozarbayjon yozuvchisi, ma’rifatparvari va faylasuf. «Pushkin o‘limiga sharq dostoni» (1837) asari A.S.Pushkinga bag‘ishlangan. «Pushkinning o‘limi Rossiyada Lermontovni, Kavkazda Oxundovni uyg‘otdi» degan ibora shu asardan keyin paydo bo‘lgan.
Oxundov, asosan, dramaturgiya sohasida katta yutuqlarga erishgan. 1851 yil «Hikoyati Mulla Ibrohim Xalil kimyogar», «Nabotot hakimi muse Jordan va sehrgar darvesh Mastali shoh hikoyati» komediyasini yozgan. «Sarguzashti vaziri xoni Lankaron» (1851), «Hikoyati xirsi quldurboson», «Xoja qora» (1852), «Murofiya vakillarining hikoyati» (1856) komediyalarida 19-asr 1-yarmi ozarbayjon xalqi hayoti aks etgan.
Sharq adabiyotlarida Oxundovni «Sharq Moleri», «Ozarbayjon geniysi» deb atashgan. «Aldangan yudduzlar» kissasi (1857) bilan ozarbayjon realistik nasriga asos solgan. Asarda ijtimoiy tuzum va hokim bilan xalq ommasi o‘rtasidagi keskin qarama-qarshiliklar tasvirlangan.
Oxundov arab alifbosini isloh qilishga bag‘ishlangan «Arab, fors, turk tillarining yozuvlari uchun yangi alifbo» (1857) asarining muallifi.
Oxundov falsafa va boshqa fanlarni dindan ajratish, tabiat sirlarini o‘rganishga, ma’rifatni egallashga chaqirgan. Uning falsafiy qarashlari «Ingliz faylasufi Yumga javob» (1870) asarida ifodalangan. Asar birmuncha o‘zgartirilib, «Hindiston shahzodasi Kamoluddavlaning Eron shahzodasi Jaloluddavlaga yozgan xati va Jaloluddavlaning javobi» falsafiy risolasiga ilova qilingan.

A. S. PUShKIN VAFOTIGA

Ko‘zlarimga uyqu kelmay uxlamadim kechasi,
Dilga dedim:—Ey sirlarning javohir xazinasi!
Nima bo‘ldi, gulzoringda bulbullaring sayrashmas?
Nima bo‘ldi, so‘z to‘tisi og‘iz ochmas bir nafas?
Ne sababdan to‘silgandir she’riyatning yo‘llari?
Nega endi yurmay qoldi xayolingning chopari?
Bahor keldi. Tomosha qil: ko‘kalamzor qizlari
Yasanishgab, balqib turar jamollari — yuzlari.
Binafshazor yashnamoqda irmoq bo‘yi chamanda,
Gulning olov g‘unchalari kulimsaydi gulshanda,
Bezangan cho‘l keliniga tutayin deb to‘yova,
Tog‘ to‘plabdi etagiga chechaklardan durdona.
Daraxtlarning podshohi boshga qo‘yib zumrad toj,
Bog‘ sahnida mag‘rur turar, fuqarosi gul — og‘och.
Nilufar ham savsanlarning boshliqlari ko‘targay
Shoxlarining sog‘lig‘iga lola jomda shudring — may.
Chamanlarning dasturxonin yosumanlar tuzagan,
Xumor nargis unga boqsa, ko‘zi qamashar ekan.
Bog‘ sayrida kezganlarga «Mehmon, xush kebsan!» deya,
Bulbul etar chimdimida gul bargini hadya.
Gulistonga suv sepay deb qovushtirgan bulut qo‘l,
Shabadalar gulshanlarga gulob atrin purkar mo‘l.
Tongda mayin ovoz bilan qushlar bo‘lib nag‘masoz,
Chaqirar:—Ey ko‘kat qizi, boshing ko‘tar, qil pardoz!
Bu bozorga kelganlardan hunarsizi yo‘q asti,
Har kim biron mato qo‘ygan, yo‘qsa bunga kelmasdi.
Biri dilbar husni bilan ishva qilar, noz aylar,
Biri esa o‘z ishqini olamga ovoz aylar.
Yoppasiga to‘y-tomosha, barchasi ham quvnoq, shod,
Bu chog‘ hamma «xayr» deydi qayg‘ularga umrbod…
Sen-chi, ey dil suyunishdan, shodliklardan yiroqsan,
Nahot, jimlik uyqusidan uyg‘onmabsan shu chog‘ san?
Na ko‘ngilda havasing bor, na boshingda ishq-savdo.
Nahot debsan she’riyatga, shuhratlarga «alvido»?
Sen emasmi, tirkay desang nazming aro durdona,
Tafakkurning dengiziga cho‘mar ekan mardona —
Injulardan she’rlar tizib ziynat yaratgan,
Bu sovg‘ani minglab ma’no qizlariga taratgan!
Nega hozir parishonsan, ayt-chi, nima darding bor?
Nega bugun g‘amzadasan, nega ma’lul va abgor?
Ko‘ngil menga javob berdi: «Ey yolg‘izlik sirdoshim,
Qo‘ygin meni o‘z holimga! O‘z kulfatim — o‘z boshim!
Agar men ham chamandagi kelinchaklar singari
Bilmasamki, bahordan so‘ng esar xazon yellari —
Agar uchsam jangda shuhrat topmoqlik chuvvosiga,
Til qilichin qurshatardim so‘zlar chavandoziga.
Lekin menga aniq bo‘ldi: zamona bevafodir,
Oqibati puch ekandir, ishi jabru jafodir.
Axir tuzoq xatarini ko‘ra turib bilgan qush,
Bir don uchun domga tushsa, unda bormi aqlu hush?
Bu dunyoda dabdaba-yu, shuhrat degan hoy-havas
Baland gumbaz bo‘shlig‘ida nog‘oraday gap, xolos,
Qo‘ygin boshqa xayollarni, men-ku yaxshi bilaman:
Aksiy falak hunar ahlin siylamoqda ne bilan.
Nahotki, sen eshitmabsan, ey dunyodan bexabar,
Pushkin nomli u zotniki, shoirlarga bosh rahbar?!
U Pushkinki, uning so‘zga oro berish san’atin
Har burchakda yuzlab sado olqishlardi kunu tun,
U Pushkinki, qalamining ostida oq qog‘ozi
Misralarning siyohidan qoraymoqqa shod — rozi.
Tovus kabi sho‘x xayoli kezganida xiromon,
So‘zlaridan ming-ming naqsh bo‘lgan edi namoyon.
Lomonosov jilo berdi she’riyatning uyiga,
Pushkin esa o‘sha uyga bo‘lib qoldi chin ega.
Garchi kirib fath ayladi Derjavin so‘z diyorin,
Pushkin oldi o‘sha mulkka sultonlik ixtiyorin.
Ma’rifatning sharobidan Karamzin jom to‘latdi,
Bu lim to‘lgan may kosasin Pushkin ichib bo‘shatdi.
Nikolayning dong‘i ketsa Chinga, Tataristonga,
Pushkinning chin fazilati mashhur bo‘ldi jahonga.
Sharq ahliga oy o‘rog‘i bo‘lganiday xush irim,
Pushkin qo‘li Shimol ko‘kin ramzi edi bejirim.
Bunday ziyrak, aqli raso o‘g‘ilni haqiqatan
Tuqqan emas to‘rtta ona hanuz yetti otadan.
Endi eshit va ajablan: shuncha ota va ona —
Unga bag‘ritoshlik qildi uyalmay, razilona…
Uning tanin mo‘ljal qildi ular o‘lim o‘qiga,
Kesishdi jon tomirini, afsus, insof yo‘q ekan!..
Buyurdilar: yuzi qora bulutdan do‘l to‘kildi,
Uning hayot daraxtidan mevalar mo‘l to‘kildi.
Ajalning tund yeli uning ruh chirog‘in so‘ndirdi,
Vujudining yotog‘iga qora zulmat qo‘ndirdi.
Uning nihol qomatini bu guliston sahnidan
Keksa bog‘bon kesib oldi tesha bilan daf’atan.
Ma’nolarning xazinasi u boshkosa, zamona —
Gardishidan endi bo‘ldi ilonlarga in-xona.
Ta’b bulbulin sayratuvchi g‘uncha qalbi chirigan,
Endi qarang, bu tuproqdan bosh chiqardi xor-tikan.
Badanining uyasidan uchib ketdi ruh qushi,
G‘amga botdi bu vatanning xoh qarisi, xoh yoshi.
Rus tuprog‘i aza tutib marsiyada bo‘zlaydi,
«Xarob bo‘lding past qotilning dastidan!» deb so‘zlaydi.
Shum taqdirdan, shu jodugar kampir degan balodan,
Esiz, sening tilsimlaring bo‘lmadi balogardon.
Olis ketding dunyodagi yoronlardan abadiy,
Osmonda yorlaqasin seni tangri rahmati!
Boqchasaroy fontanida bir juft guling atrini
Bahordagi shabbodalar eltib o‘par qabringni.
Sening she’ring in’omiga bu mo‘ysafid Kavkaz ham
Sabuhiyning* bayti bilan tutmoqda chuqur motam!..
1837
___________
* Sabuhiy — M. F. Oxundovning she’rda qo‘llagan taxallusi.

SAYID ALAMDOR SALYoNIY HAQIDA HIKOYaT
(Qisqartib olindi)

Salyonda bordi bir Sayid alamdor,
Tug‘ tutib bo‘lmishdi muhtaram, dongdor.
Muharram oyida ko‘tarib bayroq,
Kishilar ustida o‘ynatib har chog‘,
Derdi u: naziring bordir, ey odam,
O‘ynamas yo‘qsa bosh uzra bu alam.
Aytgin-chi, nazirni bermas qay inson?
Uzrga o‘rni yo‘q bunga hech qachon.
Har kimsa chiqarib yondan bir manot,
Derdi, ey Sayid, ol, bas bo‘l, ketgil bot!
Nazirni bermoqlik elga boj edi,
Lekin Sayid ko‘zi doim och edi.
Yolg‘onchi boyimas, doim ranj tortar,
Bo‘lsa-da farangi, nemis yo tatar.
Uzilmay qarz-qurzdan Sayid bechora,
Oqibat tonardi, yo‘q o‘zga chora.
Attordan qarz bo‘ldi Sayid o‘n tuman,
Muhlati yetgach u tondi daf’atan.
Attor ham chaqirdi qozi yoniga,
Na qilsin, otashlar soldi joniga.
Dedi: «Ey qozi, adl birla dod ayla,
Payg‘ambar, imomlar ruhin yod ayla!
Sayidga. yaxshilik men bisyor etdim,
Bildimki, to‘g‘ridir «Liman axsantum!»*
Olgan o‘n tumanni aylaydi inkor,
Unda na sharm bor va na hayo bor!»
Qozi dedi: «Sayid, javob ber, qani?
Aybsiz kim badnom aylar kimsani?»
Sayid dedi: «Qozi, aziz, muhtaram,
Meni fosid ishda ko‘rdingmi bir dam?»
Qozi farosatli va odil edi,
Sayidning dodini bermoqchi bo‘ldi.
Dedi: «Ko‘p ko‘rganman, savol ne hojat,
Sendan javob kutar kishi bu soat».
Sayid dedi: «Bu so‘zni aytdim men qachon?»
Qozi dedi: «Gapirgil tap tortmasdan san!
Xotiningni qo‘ygach sen mahrin bermay,
Yonimga gselmagan edingmi atay?
Gap-so‘zni qo‘yaylik, og‘oyi kirom,
Qisqa qil, bu gaplar etmasmi mulzam?»
Sayid dedi: «So‘zumni yaxshi ham kesding,
Nima ayb qilibman, sen nima sezding?»
Qozi dedi: «Aybing ko‘p, nechun unutding,
Meni sen go‘dak-la qilurmisan teng?
Bir kun mirzo Rahim seni, ey mahdum,
Bunda keltirgandi, qanday unutgum!
Janjallaring bog‘ edi, qisqa bo‘lsin gap,
Bog‘ uiga hal bo‘ldi, sen qolding qarab».
Sayid dedi: «Yana sen ko‘rding qanday hol?»
Qozi dedi: «Bas qil, jim bo‘lgil darhol!
Kelganding sen qamish da’vosi ila,
Arzi hol qilishib kemachi bila.
Kelganding bu yerga, ey besharm kishi!
Mulla Akbar bilar bu fosid ishing».
Sayid dedi: «Ey qrzi, ushbu gap yetar,
Shariat panohdir, ko‘p kelsam netar.
Umrimda dedimmi hargiz men yolg‘on?
Mana men, guvohdir o‘rtada qur’on».
Qozi dedi: «Sayid, qizishma, sabr et,
So‘zingdan yuzlaring bo‘lgusi shuvit.
O‘jarlik qilmagil, darkormi qasam?
Yolg‘onchi erursan, shohiddir olam.
Yolg‘onni so‘zlovchi so‘zlar ohista,
Yo pinhon, yashirin va yoki asta.
Yamlamay yutasan yolg‘onni har dam,
Bu xilda yolg‘onni bilmaydi kurd ham.
Degaysan, ey zolim, elga sen oshkor:
Bu bayroq har ishdan bo‘lgay xabardor.
Yolg‘ondan emasmi bu so‘z, noinsof?
Bas qil, sadoqatdan ortiq urma lof».
Sayid g‘amgin bo‘lib bosh soldi quyi,
Jim qoldi oqibat, mot bo‘lgan kuyi.
Holiga nihoyat rahm etdi qozi,
Da’vogar attorga dedi: «Bo‘l rozi,
Da’vodan voz kechgil, aylagil ehson,
Sayidga bag‘ishla, u ko‘p notavon».
Qozi so‘ein attor ayladi qabul,
Silkidi shul zamon o‘z pulidan qo‘l.
Ushbu hol Sayidni xurram etmishdi,
Xususan, muharram oyi yetmishdi.
Boshqa bir peshasi yo‘q edi zinhor,
Yolg‘onni so‘qishga tushdi u takror.
Sayid bo‘lgan odam yolg‘onchi bo‘lur,
Faqat yolg‘onchimas, tilanchi bo‘lur.
Chunki yo‘q unda hech kaobdan alomat,
Ko‘rsatur turfa xil «jashfu karomat».
Biri der, el aro sohib nafaoman,
Duoyim mustajob ko‘p zabardastman.
Biri der, qoshimga kelsa nogiron,
Topadi shifosin, bo‘lur sog‘-omon.
Yolg‘on-la kechadi doim kunlari,
Tubanlik ishlari hijratdan beri.
Sayid bo‘lma, jonim, bo‘lma tekinxo‘r,
Xalqimiz nazdida bo‘lgil sen manzur.

* * *

Axtarmoq bo‘ldim men shon-shuhrat va nom,
Jannat hurlaridan kechdim batamom.
Ne uchun har kuni o‘qursan oyat?
Jannatning huridan chiqmagay hojat.
Bu bo‘lar-bo‘lmasga bermadim ko‘ngil,
Namoz-u ro‘zadan yuz burdim butkul.
Ma’rifat olami sari odim bos!
Sen uchun hurlardan bu ming bora soz.
U bo‘lsa oqillar ruhin lazzati,
Bu bo‘lar johillar nafsin izzati.

Zohidjon Obidov tarjimasi

__________
* Liman axsantum — kimga yaxshilik qilding?