‘‘Xitoycha hikmat – yaponcha qalb’’

(Yapon adabiyoti taraqqiyoti hamda Ayol kundaliklarida go‘zallik ifodasi)

Hamma zamonlarda ham badiiy adabiyot ijtimoiy-siyosiy hayot va mavjud etik-estetik qadriyatlarni aks ettirib kelgan. Har bir badiiy asar davr osha anglashiladi, davr esa shu asarning badiiy shakli yuzaga kelishiga imkon beradi. Adabiyot jamiyatning barcha axloqiy, estetik va hissiy fazilatlarining xazinasiga aylanadi.

Har bir xalqning adabiyoti xalqning o‘zidan va shu xalq yaratgan tarixdan ayro yashay olmaydi. Yapon adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, u o‘z yaratuvchisi, ya’ni o‘z xalqi bilan uzviy bog‘liqdir. Yapon adabiyoti yapon madaniyatida o‘rin tutgan barcha hodisalarni o‘zida mujassam etadi. Yapon jamiyati hayotidagi har bir o‘zgarish adabiyotda ham o‘z aksini topgan.

Yaponiya tarixi quyidagi davrlarga bo‘linadi: Nara davri (VII a.), Xeyan davri (IX-XII a.), Kamakura davri (XIII-XIV a.), Muramati davri (XV-XVI a.), Edo davri (XVII-XIX a.). Adabiy jarayon oqimi va uni shakllantirish nuqtai nazaridan tarixiy davrlarni badiiy so‘z yuzaga kelishi bosqichlari sifatida ham qarab chiqish to‘g‘riroq bo‘lar edi. Bu bosqichlarning har biri she’riy amaliyot, badiiy to‘qimalar, ramziylik, mazmun va mavzu ko‘lamdorligi, uslublari, so‘zlar, badiiyatning o‘ziga xosligi bilan tavsiflanadi.

Davlatni boshqarishning xitoycha namunalari, ta’lim tizimi va, albatta, Xitoy adabiyoti tarixini xitoy falsafasi ishtirokisiz tasavvur qilish mumkin emas. Yaponlar Konfutsiy, Laotszi, Chjuan-tszi kabi xitoy mutafakkirlari ilmiy ishlarini qiziqish bilan o‘rganganlar. Ammo yaponlar ulardan ilmiy madaniyatini boyitishi mumkin bo‘lgan jihatlarnigina olganlar va xitoy faylasuflari hikmatini o‘z ta’blariga ko‘ra qabul qilganlar, shu bilan yangi, o‘ziga xos davlat tuzilishiga zamin yaratganlar. Yaponiyaga tashqi axborotning katta oqimi kirib kelgan. Ammo yaponlarda “teskari bog‘liqlik qonuni” degan ibora bor, bu o‘zini va o‘zgani bir-biriga chatishtirish uquvini anglatadi. Shu bois yaponlar xitoychadan ko‘p narsani o‘zlashtirib olar ekan, “vakon kansay” qoidasini joriy qilganlar, bu “xitoycha hikmat – yaponcha qalb” degan ma’noni anglatadi. “Xitoyning badiiy an’analariga tayanar ekan, yaponlar millatni boyitishga imkon bergan hamma narsani olgan. O‘sha tarixiy davrda milliy yozuvi va estetikasi asosida o‘zlarining betakror adabiyotini yaratganlar”[1]. Milliy o‘ziga xosligini yo‘qotgan har qanday madaniyat yashashdan to‘xtashini yaponlar anglab yetgan, zero bunday madaniyatning jamiyatga keragi bo‘lmaydi.

Bu davr adabiy an’analari ham ikki asosiy g‘oya: o‘zning va o‘zganing g‘oyalari umumlashuvidan yuzaga keladi. “O‘zganing ta’siri” rolini ko‘p jihatdan Xitoy o‘ynagan. IV asrda Xitoy va Koreyadan Yaponiyaga kirib kela boshlagan buddaviylik o‘zlashtirishning asosiy oqimini tashkil etardi.

Shu tariqa asta-sekin yapon zaminida xitoy ma’rifati va ta’limoti nish ura boshlab, bora-bora yapon madaniyatiga mahkam o‘rnashib oldi. Yapon zaminida xitoy falsafiy tafakkurining singib ketishi va buddaviylikning bu qadar tez yoyilishi yapon ruhiyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmagan va yapon millati o‘zining tub dini – sintoizmga ega bo‘lishiga qaramay, buddaviylik yaponlarning kundalik hayotiga singib ketdi.

Yapon yozma adabiyoti tiklanishidan oldin badiiy so‘z uzoq muddatli rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi, bu ham so‘zsiz milliy manbalarga tayanar edi. Shubhasiz, yozuv paydo bo‘lguncha mavjud bo‘lgan yapon adabiyotini xalq (og‘zaki) adabiyoti deb atash mumkin, chunki oddiy odamlar yaratgan bu adabiyotda ularning hayoti, mehnati, urf-odatlari, qiziqishlari ifodalangan edi. Badiiy adabiyot tiklanishi davomida folklar uning eng boy manbai bo‘lib qolaverdi.

Yapon adabiyotining ilk yozma yodgorliklari o‘zida qadimgi qo‘shiqlar, afsonalar va rivoyatlarni saqlab qolgan. Yapon yozma adabiyotining yuzaga kelishini VII-VIII asrlar bilan belgilaydilar. Saqlanib qolgan yozma yodgorlik­lar quyidagilardan guvohlik beradi: “Kodziklar” (“Qadimgi ishlar bitik­lari”) – uch kitobdan iborat bo‘lib, eng qadimgi rivoyatlar, afsonalar, matallar, qo‘shiqlar, tadrijiy-tarixiy bitiklarni o‘z ichiga olar edi va yapon sultonlik sulolasining izchilligi va tabarrukligiga isbot bo‘lib xizmat qilardi. “Nixonglar” (“Yapon annalari”) – birinchi yapon tarixiy-adabiy yodgorligi; “Fudoklar” (“Er va axloq haqidagi bitiklar”) VIII asr­dagi yozma yodgorlik bo‘lib, Yaponiya viloyatlarining tarixiy va jo‘g‘rofiy tasvirlaridan tashkil topgan; “Man’yosyu” (“Milliardlab yaproqlar majlisi”) – adabiyot tarixida yapon tilidagi eng yirik she’riy bayoz bo‘lib, qadimgi muallifi noma’lum she’riyat namunalarini, VIII asrda ijod qilgan taniqli shoirlarning asarlarini, folklor asarlarni, nasrda yozilgan voqeiy hikoyalar – “monogatarlar”ni, she’riy bayozlarga yozilgan so‘zboshilar – “xasiganlar” va boshqalarni o‘z ichiga olar edi.

O‘rta asr adabiyoti rivojlanishida Xeyan davrida (794-1192 y.) yaratilgan asarlar muhim o‘rin tutadi. Ushbu davr keyinchalik madaniyat, adabiyot va san’atning gullab-yashnagan pallasi deb baholangan edi. Xeyan davrini she’riyat, qissa, kundaliklar, she’riy bitiklarni o‘z ichiga olgan milliy adabiy janrlarining shakllanish va rivojlanish davri deb hisoblash mumkin. Mana shu tarixiy davrda she’riy yozishmalar yaponlar hayotining uzviy qismi bo‘lgan edi. X asr ikkinchi yarmidan yapon adabiyotida nasrning “erkak” va “ayol” qismlariga ajralishi ro‘y berdi. Erkaklar, odatda, xitoychada, ayollar esa yapon tilida yozar edilar. Murasaki Sikibu (“Gendzi haqida qissa”), Sey Syonagon (“Yostiq yonidagi qaydlar”) kabi saroy adiblarining asarlari shu kunlarda ham jahoniy ahamiyatini yo‘qotmagan durdonalar bo‘lib qolmoqda.

Xeyan davri adabiyoti yuksak badiiyligi, nozik uslubi bilan ajralib turadi. O‘sha davr san’atida “monono avare” qobiliyatini, ya’ni narsalarning pinhoniy fusunini, atrof-olamning noyobligi va go‘zalligini idrok eta bilish uquvini yuqori baholashgani bejiz emas. Mazkur tushunchalar X-XI asrlar yapon san’ati va adabiyoti uchun poydevor bo‘lib qoldi. Ammo narsalar go‘zalligi yapon adabiyotida uning haqiqatiga, ya’ni “makoto”ga teng qo‘yiladi. Demak, o‘rta asr yapon adabiyotida go‘zallik va haqiqat bir-biriga baqamti tushunchalar bo‘lgan. Yozuvchilar “makoto” (haqiqat) talablariga asoslanib, hayajonga – “avare”ga tushishlari kerak edi. Estetik asoslarning bunday uzluksizligi ayni Xeyan davrida yuzaga kelgan va asrlar qa’riga singib ketmagan edi, aksincha, u hozirgi kunda ham yashab kelmoqda.

O‘rta asrlarda Yaponiyada badiiy asar bir tizimga solingan she’riy shakl (vazn)dagi axloqiy estetik, ruhiy-ma’naviy qonuniyatlar majmuini o‘z ichiga olar edi. Badiiy adabiyotning barcha janrlarida asosiy e’tibor bayonning hissiyotga boyligi, estetik ahamiyati, ma’naviy jihatiga qaratilar edi. Hodisalarning vo­qe­iyligi (realligi) va ushbu vo­qelikning hissiy idrok etilishi badiiy asarning o‘ziga xos mustahkam negizlaridan biri hisoblanardi. Aynan shu asosda milliy an’analar va “maishiy tutumlar” bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Ayol kundaligi adabiyoti shakllandi.

Ayol kundaligi adabiyoti – Yaponiya saroy kiborlari madaniyatining yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, uning mohiyatini to‘la anglab yetish uchun Xeyan kibor ayolining ruhiy dunyosiga chuqur kirib borish, kiborlar madaniy hayotining butun go‘zalligini ang­lab yetish zarur, zero aynan shu narsa Ayol kundaligi adabiyotining vujudga kelishi va taraqqiy etishi uchun zamin hozirladi. Xeyan davrida “Murasaki Sikibu kundaligi” (Murasaki Sikibu), “Nikki hasrati” (Ki-no Surayuki), “O‘tkinchi hayot kundaligi” (Mititsuna-no) singari mashhur asarlar dunyoga keldi. O‘rta asr Ayol kundaligi adabiyotining barcha asarlari muayyan tarixiy davrda qabul qilingan xulq-atvor va axloq me’yorlarini ifodalaydi.

Insonning ruhiy holati tasviriga alohida urg‘u berish yapon badiiy an’analarining o‘ziga xos jihatidir. Go‘zallikka sig‘inish, go‘zallikka xizmat qilish, eng oddiy narsalarda ham go‘zallikni ko‘ra bilish – ana shular yapon kiborlar hayoti, xatti-harakatlari va tafakkurini boshqarar edi. Butun yapon adabiyoti nozik did, go‘zal xulq-atvorga chaqirar edi, aynan shu vaziyatda ko‘plab estetik unsurlar ishtirokidagi, kundalik adabiyot rivojlandi.

Yaponlar nafaqat atrofni qurshab turgan tabiat ko‘rkini, balki inson tashqi va ichki qiyofasidagi go‘zallikni ko‘ra bilish qobiliyatiga ega edilar. Ayol yelkalariga yoyilgan uzun tim qora sochlar go‘zallik ramz­laridan biri hisoblangan: “…Ularning orqaga tarab qo‘yilgan sochlariga oq tasma tang‘ilgan edi. Hazrati oliyalariga Miya-no naysi xizmat qilardi. U doim o‘zining ajoyib husni bilan ajralib turar, biroq bugun, uning oq tasma tang‘ilgan sochlari yelkalariga tushib turganida, u yanada chiroyli ko‘rinardi”[2] yoki “…va men, hazrati oliyalarining qalin sochlari boshining tepasiga uyib qo‘yilganda, bu uni yanada latofatliroq qilib ko‘rsatadi, deb o‘yladim”[3], “Uning sochlari yerga tegar edi”[4]. Yaponlar yoyilgan sochlarga ma’naviy va tashqi go‘zallik mushtarakligining ramzi sifatida qaraydilar. Tashqi go‘zallikni yaratish qiyin emas, biroq insondagi tashqi go‘zallik o‘qimishlilik, odob-axloq qoidalari, xulq-atvor chegaralari bilan belgilangan estetika me’yorlarini o‘z ichiga oluvchi ichki go‘zallik bilan uyg‘unlashgandagina tahsinga loyiq. Xeyan davrida, odatda, shoir yoki shoira eng chiroyli insonlar sirasiga kiritilganligi bejiz emas. Tabiiyki, bunday tashqi va ichki qiyofaning mutanosibligiga asoslangan go‘zallikka faqat kiborlar da’vo qilishlari mumkin edi.

Ayol kundaliklarining xarakterli jihatlaridan biri o‘z doirasidagi kishilarni o‘rta asr yapon jamiyati andozasiga muvofiq tarzda tasvirlashga intilishdir. Inson obrazi ikki unsur: ruhiy xislatlar va tashqi qiyofa asosida yaratiladi. Qahramonning muhim ijobiy fazilatlaridan biri uning tashqi jozibasidir. “Uning libosi yettita qaytarma yengli qizil yoping‘ichdan iborat edi, uning ustidan yana to‘rt qavat shunga yaqin ranglardagi har biri uch yoki besh qaytarma yengli kiyim, keyin yana qalin, guldor ipak matodan besh qaytarma yengli to‘q qizil rangdagi yopinchiq bor edi, ustki yopinchiq esa och nofarmon rangda bo‘lib, barg naqshi bilan kashtalangan edi… Bir so‘z bilan aytganda, u juda latofatli, sochlari odatdagidan ham ko‘ra did bilan turmaklangan edi”[5].

Murasaki Sikibu o‘zining kundaligida inson qiyofasidagi faqat bir-ikki tafsilotni ta’kidlash bilan uning jonli timsolini yaratishga muvaffaq bo‘ladi: “U juda go‘zal, lab­larida yoqimli tabassum o‘ynaydi”. Kishining qaddi-qomati tasviriga alohida ahamiyat beriladi. Murasaki Sikibu Daynagon xonim haqida so‘zlab: “Daynagon xonimning bo‘yi uncha baland emas, jussasi kichik desa ham bo‘ladi; badani oppoq va silliq, tanasi durkun. U doim juda yaxshi kiyinadi. Sochlari bo‘yidan uch sunga1 uzun va yerga tegib turadi; u shu qadar ko‘rkam va yasanganki, hech kim unga teng kelolmaydi. Uning yuzi ham juda chiroyli; o‘zini yoqimli tutadi, u bilan so‘zlashsang, bahri-diling ochiladi”, deya qayd etadi…

XII asr oxiridan Yaponiya yangi davlat tuzumi – “syogunat”ga o‘tadi, bu mamlakatni harbiylar boshqarishini bildiradi. Mana shu tarixiy davrda Xeyan adabiyotining so‘nishi sodir bo‘ladi va yangi davlat tuzumining “gunklar” hikoya janri vujudga keladi, bu “urush haqida qaydlar” degan ma’noni anglatadi. Adabiy asarlarning ijodkorlari va talabgorlari o‘zlariga xos dunyoqarashga ega bo‘lgan samuraylar edi. Afsuski, adabiyot o‘z fusunkorligini boy beradi.

Yaponiyaning yevropalashuv yo‘liga qadam qo‘yish davrida yaponlar Yevropa yozuvchilarining asarlari bilan tanishdilar, bu siyosiy belletristika kabi yangi yo‘nalishning kurtak yozishiga olib keldi. XIX-XX asrlar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillari deb Mori Ogay, Subomti Syoyo, Ftabatey Simey, Simadzaki Toson, Natsume Soseki, Kavabata Yasunari, Abe Kobelarni tilga olish mumkin.

XX asrga kelib yapon adabiyotida naturalizm ustuvorlik qildi, mualliflar e’tiborlarini odamlarning kundalik hayotiga, ularning his-tuyg‘u va kechinmalariga qaratdilar. Adabiyot insonning ichki olami, uning fe’l-atvorining axloqiy jihatlarini birinchi o‘ringa olib chiqdi. Masalan, Fuliko Enti asarlari kitobxonni Yaponiyaga mutlaqo boshqacha ko‘z bilan qarashga undaydi, uning “Qal’a” asari ayol qalbining eng nozik tomonlarini ochib beradi, kitobxonlarga zamonaviy yapon ayoli qiyofasini ro‘y-rost namoyon qiladi.

Hozirgi zamon yapon adabiyoti o‘z sehr-jodusi bilan o‘quvchini hayron qoldiradi. Masalan, Banan Yosimoto, Masaxir Simad asarlarini olaylik. Yaponiyaning adabiy an’analarini suv qilib ichgan bu ‘‘xayolparast’’ ijodkorlar bir-biridan jozibador asarlar yozmoqdalar. Albatta, Yevropa adabiyoti ham yapon adabiyotining zamonaviy tendentsiyalariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Butun dunyoga taniqli Xaruki Murakami an’anaviy yapon adabiyoti qadriyatlarini sindirib tashlab, zamonaviy yapon yoshlari hayotidan olingan oddiy voqealarni qalamga olmoqda.

Bugungi kunda jahon o‘ziga xos yapon madaniyati bilan tobora yaqindan tanishmoqda. Aynan badiiy adabiyot inson ruhining yuksakligini ifodalaydi va ko‘p asrli ijtimoiy taraqqiyot mobaynida yuzaga kelgan maqsad va g‘oyalarni chuqurroq idrok etish imkonini beradi.

Har bir jamiyat hayotida vaqt o‘tishi bilan inkor etib bo‘lmaydigan qonuniyatlarga aylanuvchi estetik qadriyatlar vujudga keladi. San’at, madaniyat, adabiyotning vazifasi esa go‘zallik qonuniyatlarini avloddan-avlodga yetkazish va shu tariqa insonning estetik qarashlarini boyitishdan iborat. Yapon adabiyoti insonning borliqqa qarashi, hayotga munosabati, muayyan did va intilishga egaligi haqida o‘ziga xos tasavvur uyg‘otishi bilan ahamiyatlidir.

Hakima G‘afurova,

filologiya fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son

________________

[1] Inaga Keydzi. O‘rta asrlar adabiyotining rivojlanishi va tuzilmasi. – Osaka, 1995.

[2] Murasaki Sikibu. Kundalik. Peterburg sharqshunoslik markazi, 1994.

[3] O‘sha manbada.

[4] O‘sha manbada.

[5] O‘sha manbada.