Shahnoza Nazarova. “Elimga tanitmoq istayman” (Cho‘lpon)

Abdulhamid Cho‘lpon tarjima ishlariga kirishgan vaqtda bizda garchi ko‘plab tarjima asarlar bo‘lsa-da, tarjima nazariyasi yaratilmagan edi. Ammo barcha milliy adabiyotlar yangilanishga birdek tashna, o‘zlarini adabiy tasavvurlarni yangilashga birdek haqli hisoblardilar. Chinakam tarjimon millat talabini his qilishi, o‘z o‘quvchilarini ayon bilishi kerak. Cho‘lpon shunday tarjimon edi. U milliy ko‘tarilishdagi ishtirokini besh yo‘nalishda olib bordi: she’riy asarlar, nasriy asarlar, dramatik asarlar, publitsistik asarlar tarjimasida, shu bilan birga tarjima nazariyasini yaratish yo‘lida.

She’riy asarlar tarjimasiga rag‘bat Tako‘r (Cho‘lpon tilida atalishi)ga muhabbatdan kuchlandi. Ko‘rilmagan shakl, ko‘rilmagan ruh izlagan Cho‘lpon yozadi: “…haligi ulug‘ zot menga yo‘liqdi. Shundan keyin chinakam qondim”. U tarjimaga qadar Tagorning hayoti, maorif islohiga oid intilishlari, Tagor asarlarining ruscha, inglizcha nashrlariyu tarjimalari bilan izchil tanishdi. Qadam-baqadam tarjimaga tayyorlandi. “Buyuk hindu” maqolasidan o‘qiymiz: “Qo‘lim qaltirasa ham, yuragim o‘ynasa ham, qudratim yetmasa ham o‘sha “Sharq va G‘arb o‘rtasidagi oltun ko‘pruk”ni elimga tanitmoqchi bo‘ldim. Mundan ortiq bir narsa demak, chinakam, qo‘limdan kelmaydir. Mening qo‘limdan kelgani: u muborak odamning ba’zi bir narsalarini nasr bilan ruscha orqali tarjuma qilib berish bo‘ldi. Shu ham katta gap”. Ammo she’r tarjimasida shaklni saqlash eng muhim jihatdir. Poetik shaklni parchalash mumkin emas. Shakl o‘zida ritmni, ritm o‘zida ohangni, ohang esa ruhni saqlaydi. “Tako‘rning she’rlari hammasi degunday kuyli, kuylari – xalq kuyi. Bu safar uning bir ashulasini tizma yo‘li (she’riy shaklda – Sh.N.) bilan tarjuma qilib beramiz”. Cho‘lpon shoir tarjimon edi, o‘z she’rlari, hikoyalari, safarnomalari, tarjimalari – barchasida musiqiylik bor, barchasida ohang o‘ynaydi.

Nasriy asarlar tarjimasi A.S.Pushkin, I.S.Turgenev, A.P.Chexov, M.Gorkiy, L.Andreev, I.Franko kengligida olib borildi. Cho‘lponning asosiy tarjimonlik faoliyati dramatik asarlarga qaratilgan. Tarjimachi (Cho‘lpon tilida atalishi) hikoyalar tarjimasida bayonni dialoglar bilan almashtirgan, ya’ni so‘zlarni aktyorlar nutqiga sozlagan, ijroga moslagan. Leonid Andreevning “Osilgan yetti kishining hikoyasi”ga ikki o‘rinda remarka bersa (ruscha matnda yo‘q), Gogolning “Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikiforovich oralarida bo‘lib o‘tmish nizolar hikoyati”da dialoglar (4-fasl) o‘ta jonli, ayni ijroga mo‘ljallangandek yaratilgan. Cho‘lpon tarjima vaqti aktyorlarning og‘iz harakatlarini ko‘rib turgandek ishlagan.

Cho‘lpon I.S.Turgenevning “Ovchi kundaliklari” turkum hikoyalariga mansub “Petr Petrovich Karatayev” nomli hikoyani “Cho‘ri qiz” nomi bilan o‘girgan (1929). Tarjimada mutlaq muvofiqlikka erishish mumkin emas, ammo quyma jumlalarga ega bo‘lish mumkin. “…a vot ya yee ujo, vot ya yee… Dur-to ya iz nee vыbyu”. Bu ziqna kampirning aytganlari. Cho‘lpon quyidagicha o‘giradi: “Adabkinasini beraman men uning, adabkinasini!.. Buzuq niyatlarini tortib olaman men uning”. Milliylikka to‘yingan quyma jumlalar bular. Tarjimon asl matnga estetik ta’sirni oshirish, davrga moslash, eng muhimi, nutqda ijroni ta’minlash uchun ancha erkin yondashgan. Yondashuvini, o‘z talqinini shunday tushuntirgan: “Mulkdorning ikkala kampir bilan suhbati ruschasida nasr san’atidagi povestvovaniye (qissa qilish) yo‘lining eski, o‘z zamonidagi shakli bilan yozilg‘on. Uni o‘sha shaklda tarjima qilish ham og‘ir, hamda hozirg‘i o‘quvchi yoshlarg‘a vazminlik qilgani uchun majburiyat orqasida yangi shakl bilan, yengillashtirib tarjima qildim”.

Cho‘lpon U.Shekspir, K.Gotstsi, N.V.Gogol, V.N.Bill-Belotserkovskiy, K.Goldoni, Lope de Vega, F.Shiller, S.Levitina, A.Fayko, V.V.Tret’yakov, V.Ivanovning dramatik asarlarini, teatrga oid ko‘plab maqolalarni o‘zbek tiliga o‘girdi.

“Hamlet”ning Cho‘lpon tarjimasi O‘zbekiston Milliy Entsiklopediyasida o‘zbek tarjima san’atining shoh namunasi sifatida e’tirof etiladi. Bu tarjima kitob holida 1934 yil chop etildi (Veljam Sekspir HAMLET 5 pardalik faca Colpan tarcemasi Taskent 1934). Maqsud Shayxzoda 1948 yilda o‘z talqinini yaratdi. Tinimsiz tahrir va tuzatishlardan so‘ng, 1960 yilda “Hamlet” tarjimasining qayta ishlangan varianti nashr bo‘ldi. 2007 yil Jamol Kamol asarni asliyatdan o‘girdi. Qiyoslash, tarjimalarni baholash uchun qo‘limizda yuragi har xil urayotgan beshta tarjima matni bor: inglizcha, ruscha, ruschadan o‘girilgan ikkita o‘zbekcha va inglizchadan o‘girilgan bitta o‘zbekcha matn.

Cho‘lpon “Hamlet”ni deyarli nasriy yo‘lda o‘girgan. Bu “Hamlet” tarjimasining ilk tajribasi edi. Cho‘lpon aktyorlarning talaffuz imkoniyatlariga qarab ish ko‘rgan va bu tarjima Maqsud Shayxzoda tarjimasi kitob holida chop etilganda ham sahnadan tushmagan, she’riy bo‘lmagan, jonli so‘zlashuvga asoslangan ijro Cho‘lpon talqinida davom etgan.

Shekspir va Cho‘lponning ijodiy quvvati qay darajada edi? Tarjima nega Cho‘lpon tomonidan amalga oshirildi, boshqa bir taraqqiyparvar tomonidan emas? Inglizcha, ruscha, o‘zbekcha matnlar o‘rtasida qanday yutuqlar va yo‘qotishlar bor?

“Shekspir Cho‘lpondir yoxud Cho‘lpon Shekspirdir. Cho‘lpon she’rlari Shekspir jo‘shqinligi bilan to‘ladir. Cho‘lpon oqko‘ngilligi Shekspir samimiyligidan o‘tadir” (Ahmad Shukriyning “Cho‘lpon Cho‘lpondir” maqolasidan, 1923). Shekspir jo‘shqinligi, samimiyligi ruscha matn orqali Cho‘lponga qanday o‘tib borgan? Cho‘lpon talqini Maqsud Shayxzoda, Jamol Kamol tarjimalarida qanchalik davom etgan? Tarjimasi ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan Hamlet monologi misolida ayrim kuzatishlarni havola qilamiz.

To be, or not to be – that is the question:
Whether ‘tis nobler in the mind to suffer

The slings and arrows of outrageous fortune
Or to take arms against a sea of troubles,
 And by opposing end them.
(V.Farnham tahriri).

Parchaning so‘zma-so‘z tarjimasi quyidagicha: borlik yoki yo‘qlik – muammo shu. G‘azabnok taqdir nayzalari va bo‘yinturuqlarida azoblanish oliyjanoblikmi yoki ofatlar dengiziga qarshi turish, bu qarshilik bilan ularni tugatish oliyjanoblikmi?

Ruscha tarjimada:

Bыt ili ne bыt – takov vopros;
 Chto blagorodney duxom – pokoryatsya
 Praщam i strelam yarostnoy sudbы
 Il, opolchas na more smut, srazit ix
 Protivoborstvom?
(M.Lozinskiy tarjimasi).

Ruscha matnning so‘zma-so‘z tarjimasi: borlik yoki yo‘qlik – muammo shu. Oliyjanoblik nima – g‘azabnok taqdir o‘qlari va palaxmonlariga bo‘ysunishmi yoki fitna dengizida kurashib, qarshilik bilan ularni mag‘lub etishmi?

Asl matnni va ruscha tarjimani qiyoslaylik. to suffer tarjimasidan bo‘lak boshqa o‘rinlarda to‘la muvofiqlikka erishilgan:

to be or not to be
that is the question
nobler in the mind
to suffer
outrageous fortune
slings and arrows
or
to take arms against
a sea of troubles
by opposing end them

bыt ili ne bыt
takov vopros
blagorodney duxom
pokoryatsya sudbe
yarostnoy sudbы
praщam i strelam
il
opolchas
more smut
srazit ix protivoborstvom

to suffer fe’li azoblanmoq, qiynalmoq, boshdan kechirmoq ma’nolariga ega. Rus tilida stradat, ispыtыvat, preterpevat fe’llari bilan muqobil keladi. Ruscha tarjimada to suffer pokoryatsya fe’li bilan ifodalangan va ifoda pokoryatsya sudbe birikmasiga yaqinlashgan. Pokoritsya – itoatda bo‘lmoq, taslim bo‘lmoq, ko‘nmoq ma’nolarini, pokoryatsya sudbe birikmasi taqdirga tan bermoq ma’nosini anglatadi. to suffer fe’lini itoat qilish, bo‘ysunish ma’nolarida qo‘llab bo‘lmaydi. Shekspir azoblanish va qarshi turish fe’llarini zid ma’noda qo‘llagan. Ruscha tarjimada bo‘ysunish va kurashmoq fe’llari zid qo‘yiladi. not to be tushunchasi o‘rnini azoblanish, to be o‘rnini kurashish egallaydi. Ya’ni borlik, mavjudlik – kurashmoqdir, yo‘qlik – azoblanish. Rus tilidagi matnda ne bыtpokoryatsya, bыtopolchas holatida. Ya’ni borlik, mavjudlik – kurashishda, yo‘qlik, abas – bo‘ysunishda. Azoblanish to‘la bo‘ysunish emas, balki nihoyasiga yetmagan chidash. Shekspir qahramonlariga o‘ta insoniy munosabatda bo‘lgan: yashab qolish uchun doimo imkon bor. Cho‘lpon tarjimasida o‘qiymiz: “Yo o‘lish, yo qolish – gap shunda! Ajabo, qaysi biri sharaflik va oliyjanob: dilozor falakning zarbalariga chidashmi, yoki balolar dengiziga qarshi bel bog‘lab, ularga qarshi qo‘zg‘olib, ularni barham berishmi?”

M.Shayxzoda tarjimasida:

Tirik qolmoq yo o‘lmoq? Shudir masala!
Qaysi biri bulardan bizga munosib?
Bu dilozor falakning tahqirlariga
Shikoyatsiz-shikvasiz chidab turmoqmi?
Yo‘qsa, unga rad-badal berib qo‘zg‘almoq,
Qurol olib yo yengmoq yo mahv bo‘lmoqmi?

J.Kamol tarjimasida:

Yo hayot, yo mamot: masala shundoq
Joizmikin ul jobiru jabbor falakning
Jafosiga har daqiqa chidasa yurak?
Yo balolar dengiziga ko‘ndalang bo‘lib,
Koyishlaru tashvishlarga chek qo‘ymoq kerak?

Ruscha matndan taslim bo‘lmoq, ko‘nmoq; inglizcha matndan qiynalmoq, azoblanmoq kabi Maqsud Shayxzoda, Jamol Kamol qalamiga monand bundan-da yuksak so‘zlarni topish mumkin edi. Ammo M.Shayxzodaga, J.Kamolga “Cho‘lpon oqko‘ngilligi Shekspir samimiyligidan o‘tadir”. O‘zbek adabiyotida Shekspirni tarjima qilish an’analarining avvali Cho‘lpondan boshlanadi.

Ushbu monolog asliyatda ham 35, ruscha matnda ham 35 satr, M.Shayxzoda tarjimasida 44, J.Kamolda 40 satr. Cho‘lponda bo‘lsa dramatik shakl saqlanmagan. Ammo replikalardagi keskinlik, lo‘nda ifodaviylikda Shekspirga juda yaqin borilgan. Cho‘lpon intuitiv ilg‘am bilan asl matnga yetib olgan.

Quyida monologning asl matni, Lozinskiy talqinidagi ruscha va Cho‘lpon talqinidagi o‘zbekcha matnlar havola qilinadi.

Cho‘lponning tarjima nazariyasini shakllantirishdagi tadqiqotlari kichik maqolalar holatida. Xususan, “Tako‘r va tako‘rshunoslik”, “Buyuk hindu”, “Jo‘rj Dandon”, “Shohnoma”ning turkcha tarjimasi”, “Tarjima to‘g‘risida jindek”, “Ko‘lagada qolganlar to‘g‘risida”, “So‘z, so‘z, so‘z” maqolalari tarjima tanqidi muammolaridan bahs yuritadi. “Nima uchun tarjimalar, ularning tili, uslublari to‘g‘risida yaxshi tekshirishlar, tanqidlar, taqrizlar yo‘q? Shekspirning “Hamlet”ini aytib ham o‘lturmaylik…” (“Ko‘lagada qolganlar to‘g‘risida” maqolasidan). Cho‘lpon adabiy tarjimonlar, sahna tarjimonlarini muallif bilan teng ko‘radi, shunga yarasha tanqidga ham munosib ko‘radi. Cho‘lponni zabtiga olgan muammolar bugun ham dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Uning tarjimalari borasida tarjimashunoslikning yangi mezonlari bilan tekshirishlar olib borilsa, Cho‘lpon tarjima tili, uslubi masalalari yanada yechimini topgan bo‘lardi.

Shahnoza Nazarova

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 11-son