O‘zbekistondagi eng baland bino qurilishiga doir yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston va Turkiya hamkorligida bunyod etilayotgan, nafaqat mamlakat, balki mintaqadagi eng baland inshoot bo‘lishi kutilayotgan majmua “Nest One” deb nomlanadi. Bu haqda 29 avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

“Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazidagi osmono‘par inshoot O‘zbekistonning “Murad Buildings” hamda Turkiyaning “Özgüven” kompaniyalari tomonidan qurilmoqda.

Matbuot anjumanida “Murad Buildings” kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov, “Özgüven” shirkati boshqaruv raisi O‘zgur O‘zguven (Özgür Özgüven) hamda Özgüven Architecture me’morchilik byurosi rahbari Ugur O‘zguven (Uğur Özgüven) bir yarim gektar maydonni egallaydigan inshoot qurilishiga doir yangi tafsilotlarni ma’lum qildilar.

Qayd etilishicha, inshoot nomi (Nest One) “osmon barcha uchun” kontsepiyasidan kelib chiqqan bo‘lib, majmua u yerda yashovchilar va mehmonlar uchun farog‘at maskani – shinam va tinch “uya” vazifasini o‘tashi ko‘zda tutilgan.

Tadbirkor Murod Nazarov Nest One mamlakatdagi eng baland bino bo‘lib qolmay, jahon standartlariga javob beradigan mukammal infratuzilmaga ega bo‘lishini qayd etdi.

“Murad Buildings” kompaniyasi asoschisiga ko‘ra, majmua nafaqat xonadonlar, balki anjuman zallari, kinoteatr, hammom va sauna, suzish havzasi, kutubxona, mehmonlarni qabul qilish joyi kabi 33 jamoat maskanidan tarkib topadi. Deylik, 40 kvadrat metr maydonni egallagan bir xonali xonadonni sotib olgan mijoz ana shu 33  jamoat maskanidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Özgüven Architecture me’morchilik byurosi rahbari Ugur O‘zguven inshootni loyihalash jarayoni xususida so‘zlab berdi.

“Biz binoni modern stilida loyihaladik: uning dizayn va shakllari ko‘zni quvnatadigan erkonomikani va estetikani ta’minlaydi. Nest One’da hatto maydoni kichik xonadonni sotib olar ekansiz, nafaqat turarjoy makoniga, 5 yulduzli mehmonxona darajasidagi qulayliklarga ham ega bo‘lasiz”, – dedi Ugur O‘zguven.

“Özgüven” shirkati boshqaruv raisi O‘zgur O‘zguven inshootning qurilishi, xususan, xavfsizlik va zilzilabardoshlikni ta’minlash borasidagi tajriba va izlanishlar haqida so‘zlab berdi.

“Binoning barcha konstruktsiyaviy hisob-kitoblari, shuningdek, yer silkinishlarida mustahkamligini sinash ishlari tugallandi. Istanbul universitetidagi tajribalar bino 9 balgacha zilzilaga bardosh berishini ko‘rsatdi”, – dedi “Özgüven” shirkati boshqaruv raisi.

Ta’kidlanishicha, inshoot loyihasi jahon me’morchiligining ilg‘or tajribasini o‘rgangan holda ishlab chiqildi va bu jarayonda dunyoning 500 dan ortiq eksperti ishtirok etdi.

Turkiyalik aka-uka ishbilarmonlar ajdodlarining tarixiy vatani – ota yurtda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihasida qatnashayotganidan mamnun ekanini alohida ta’kidladilar.

Dastlabki loyihada bino 215 metr bo‘lishi belgilangan edi. Qayta hisob-kitoblardan keyin bino balandligi 266,5 metrga yetkazildi. 150 million dollarlik loyiha qurilishi 2021 yilning dekabrida yakunlanishi rejalashtirilgan. Osmono‘par binoda “lyuks” toifali 746 ta xonadon quriladi. Nest One majmuasida qurilayotgan ko‘chmas mulkni sotish joriy yil 14 sentyabrdan boshlanadi.

S.Salim