Mehmet Nuri Ersoy: “Insoniyatning eng hayratomuz drama va fojialari turk dunyosida yashirin”

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy

Istanbul Otaturk madaniyat markazida Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan uyushtirilgan “Korkut ota” turk dunyosi kinofestivalining  taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. “Mehr ortilgan qanotlar” shiori bilan boshlagan festivalning taqdirlash marosimida turk dunyosining madaniyat va san’at namoyandalari hamda atoqli arboblar ishtirok etdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy barcha mehmonlarni qutlab, turk dunyosi kinematografiya borasida ko‘p yillik tajriba va an’analarga ega ekanini qayd etdi.

Vazirga ko‘ra, Turkiya xalqi 1896 yili tarixiy Beyo‘g‘lu kinoteatrida ilk bor katta ekranga oshno bo‘lgan edi.

“Bu aytmoqqa oson, turk dunyosining katta ekran bilan tanishuvi – 1896 yildan 2021 yilgacha – haqiqatan ham boy tarixga ega. Tasavvur qiling, kino ixtirochilari hisoblangan aka-uka Lyumerlar 1895 yilning 28 dekabrida Parijda ilk marotaba ommaga ochiq kino namoyishini o‘tkazgan edi”, – dedi Mehmet Nuri Ersoy.

Kino san’ati shu tariqa Turkiyada shiddat bilan ravnaq topa boshladi. Mahalliy tadbirkorlar Cevat va Murat janoblari “Milliy” deb nomlangan kinoteatrga asos soldi. 1914 yil 14 noyabrda Fuat Uzkinayning Yeshilko‘ydagi Ayastefanos yodgorligi vayron bo‘lganini tasvirga olgan kun esa turk kinosining debochasi sifatida tarixga kirdi.

Ilk rejissyorlar 1918-1919 yillarda o‘z filmlarini suratga ola boshlaganini aytgan vazir Ersoy Turkiya kinosi an’analari Sedat Simavi, Ahmet Fehim Efendi, Muhsin Ertug‘rul, Faruk Kenj, Turgut Demirag‘, Hadi Hun, Cahide Sonku kabi nomlar bilan davom etganini qayd etdi. Millionlab muxlislar qalbiga kirib borgan ekran san’atining taraqqiyotiga Lutfi Omer Akad, Atif Yilmaz, Ertem Egilmez, Metin Erksan, Birsen Kaya, Bilge Olgaj kabi yetuk ijodkorlar katta hissa qo‘shdi. Bugun esa ijodiy an’analarni Nuri Bilge Ceylan, Semih Kaplanog‘lu, Dervish Zaim, Yeshim Ustaog‘lu, Yavuz Turgul kabi san’atkorlar munosib davom ettirmoqda.

Turkiya madaniyat vaziri o‘z nutqida Markaziy Osiyo davlatlarida kino san’ati tadrijiga ham e’tibor qaratdi.

“Bizga ma’lumki, Toshkentda birinchi kino namoyishi 1897 yilda bo‘lib o‘tgan edi. Biz uchun tamal toshi bo‘lgan 1914 yili O‘zbekistonda 25 ta, Qozog‘istonda 20 ta, Turkmanistonda 6 ta, Qirg‘izistonda 1 ta kinoteatr faoliyat yuritgan. Albatta, o‘sha yillarda kino avval Chor, keyin Stalin hukumatining targ‘ibot vositasi edi. Lekin u ham nihoyasiga yetdi. Keyin esa kino san’atining ilmiy-intellektual tamoyillarini estetik va texnik jihatdan puxta egallagan asl va ilg‘or ijodkorlar turk dunyosi kinosini kadrma-kadr, sahnama-sahna yuksaltirdilar”, – dedi Turkiya vaziri.

Bu borada u Tolomush Okeev, Xojaquli Narliyev, Shuhrat Abbosov, Tavfiq Ismoilov, Bulat Mansurov, Bulat Shemshiyev, Hurriyat Ismoilova, Ardak Amirqulov, Darejan Umurbayev kabi kinoijodkorlarning faoliyatini alohida e’tirof etdi.

Taqdirlash marosimidan oldin Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston vakillari tomonidan qo‘shma bayonot imzolandi.

Mehmet Nuri Ersoy ming yillik tarixga ega turk dunyosi san’at, jumladan, kino borasida ulkan salohiyatga ega ekanini ta’kidladi.

“Bugungi kundan boshlab kelajakni shakllantirish uchun bizda buloq kabi qaynab chiqadigan ulkan g‘oyalar dunyosi bor. Insoniyatning eng hayratomuz drama hamda fojialari bizning o‘tmishimizda yashiringan va u bugun ham biz bilan birga yashaydi. Hayajonli va fantastik syujetlar, boy va ta’sirchan qahramonlarning romanlari, hikoyalari, dostonlari va mifologiyasi ham bizda!”  – dedi Turkiya madaniyat va turizm vaziri.

Mezbon davlat vakili turkiy dunyo ijodkorlari o‘rtasida hamkorlik kengayayotganini mamnuniyat bilan qayd etar ekan, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuvlar madaniyat va san’at jabhasida ham yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirdi.

Marosimda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Davlat opera va balet teatri rahbari Murod Karaxon o‘ziga xos duet kuyladi.

Ma’lum qilinishicha, “Korkut ota” turk dunyosi kinofestivali doirasida 42 ta film namoyish etildi, badiiy va hujjatli film nominatsiyasida 17 ta asar raqobatlashdi. Marosimda g‘olib ijodkorlar taqdirlandi.

Ikkinchi “Korkut ota” turk dunyosi kinofestivali 2022 yilda “Turkiy tilli davlatlarning madaniy poytaxti” deb e’lon qilingan Bursa shahrida o‘tkazilishi kutilmoqda. Shuningdek, festivalga 2023 yilda Ozarbayjon, 2024 yilda Qozog‘iston, 2025 yilda O‘zbekiston va 2026 yilda Qirg‘iziston mezbonlik qilishi ko‘zda tutilgan.