Germaniyada energiya manbalarining qimmatlashuviga qarshi navbatdagi choralar dasturi e’lon qilindi

O.Sholts koalitsion hukumat vakillari bilan. Foto: Reuters

Germaniya Federativ Respublikasi kantsleri Olaf Sholts boshchiligidagi koalitsion hukumat energiya manbalari narxining keskin oshishiga qarshi uchinchi chora-tadbirlar dasturini taqdim etdi.

Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng koalitsiya energiya inqirozi oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 65 milliard yevro mablag‘ ajratishga qaror qilgan. Mazkur mablag‘ning asosiy qismi elektr energiyasining keskin qimmatlashuvi sharoitida mamlakat aholisiga tovon puli o‘laroq ajratiladi.

Ko‘mak dasturi e’lon qilingan matbuot anjumanida kantsler Olaf Sholts Rossiya endilikda ishonchli hamkor maqomidan mahrum bo‘lganini ta’kidlagan.

“Putin rahbarligidagi Rossiya shartnomalarni buzuvchi mamlakatga aylandi. Bu boradagi majburiyatlar allaqachon bajarilmayotir. Hatto “sovuq urush” davrida amal qilingan qoidalarga rioya etilmayapti. Rossiya endilikda energiya manbalari yetkazish bo‘yicha ishonchli hamkor emas”, – dedi O.Sholts.

Olmon siyosatchisi energiya bilan bog‘liq mushkulotlar hal etilishi, vaziyatdan foydalanib mamlakat muayyan bir davlatga energiyaga qaramlikdan xalos bo‘lishini ham qayd etdi.

O‘tgan yildan dunyoda, jumladan, Yevropada energiya manbalarining narxi qimmatlasha boshladi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va Kremlning energiya manbalaridan shantaj quroli sifatida foydalanishi ortidan narx-navo osmonga sapchidi. Ko‘hna qit’a davlatlari, jumladan, Germaniya qanchalik mushkul bo‘lmasin, Rossiya energiya manbalaridan voz kechib muqobil yo‘llarni topishga urinmoqda. Ayni choqda, aholiga energiya to‘lovi borasida ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Olaf Sholts ma’muriyati ajratgan 65 milliard yevro hisobidan pensionerlar, talabalar va imtiyozga ega fuqarolarga bir martalik to‘lov beriladi. Jumladan, talabalar 200 yevro, pensionerlar 300 yevro miqdorida ko‘mak puli oladi. 2023 yil boshidan, shuningdek, bola puli miqdorini oshirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, elektr energiyasining minimal miqdori belgilanishi kutilmoqda. Unga ko‘ra, oilalar minimal me’yorga qadar ishlatilgan elektr energiyasi uchun arzonlashtirilgan narxda to‘lov qiladi, me’yordan oshgan iste’mol uchun esa yangi tarifda haq to‘lanadi. Qolaversa, 9 mingga yaqin energiya saqlovchi korxonalar 1,7 milliard yevro miqdorida soliq imtiyoziga ega bo‘ladi. O‘z navbatida, yirik energetika shirkatlari yuqori daromad uchun qo‘shimcha soliqqa tortiladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi vaqtlarda Germaniya hukumati energiya inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun qariyb 100 milliard yevro mablag‘ ajratdi.